Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish axborot tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda subsidiya berish jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2020 — 2022-yillarda qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligi sohalarini raqamli transformatsiya qilish dasturida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiyalar berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishishning yagona axborot tizimini joriy qilish vazifasi nazarda tutilganligi;
yuqoridagi vazifa ijrosi yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va subsidiya berish jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirishga qaratilgan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Agrosubsidiya” axborot tizimi) ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Agrosubsidiya” axborot tizimi xizmatlarini kengaytirish, ushbu tizim orqali davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan subsidiyalash xizmatlari oʻz vaqtida koʻrsatilishi yuzasidan nazorat olib boradigan, mazkur tizim boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradigan masʼul davlat organi etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ “Agrosubsidiya” axborot tizimining operatori etib belgilansin va unga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 330-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2023-y., 09/23/330/0559-son)
“Agrosubsidiya” axborot tizimiga kirish va tizimda ishlashda undan foydalanuvchilarga amaliy yordam koʻrsatish;
“Agrosubsidiya” axborot tizimida maʼlumotlar bilan almashish uchun Moliya vazirligining Davlat imtiyozlari yagona elektron platformasi (subsidiya.mf.uz) va “UzASBO” dasturiy majmuasi hamda boshqa davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarining axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiyalashuvini amalga oshirish;
“Agrosubsidiya” axborot tizimi yordamida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va subsidiya olishga talabgorlarning (keyingi oʻrinlarda — talabgorlar) subsidiya berish toʻgʻrisidagi arizalari vakolatli davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan koʻrib chiqilishi va ijroga yoʻnaltirilishini avtomatlashtirish;
“Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali qishloq xoʻjaligi sohasida berilayotgan subsidiya toʻgʻrisida ochiq va shaffof statistika maʼlumotlarini hamda ularning yagona elektron arxivini shakllantirish.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Agrosubsidiya” axborot tizimidan foydalanish tartibi, tizim operatori, tizimdan foydalanuvchi talabgorlar hamda masʼul tashkilotlarning majburiyatlari va huquqlari;
talabgorlar tomonidan subsidiya ajratilishi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha manzilli roʻyxatga kirish va subsidiya olish uchun axborot tizimi orqali ariza yuborish tartibi;
subsidiya ajratilishi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha talabgorlardan tushgan arizalarning vakolatli davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan koʻrib chiqilishi, hujjatlarni elektron shaklda yuritish hamda ariza boʻyicha xulosa berish tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston fermerlari kengashi “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali ushbu qarorga 2-ilovada keltirilgan roʻyxat boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida subsidiya berish choralarini koʻrsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son)
6. Belgilansinki, 2022-yil 20-dekabrdan boshlab:
talabgorlar tomonidan paxta, don va dukkakli, sabzavot, kartoshka, poliz, moyli va ozuqabop ekinlar, dorivor oʻsimliklar va xoʻraki uzum mahsulotlarini yetishtirishda, mevali bogʻlar barpo qilishda hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash boʻyicha subsidiya olish uchun arizalar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali yuboriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
talabgorlarning ushbu qarorga 2-ilovada keltirilgan roʻyxat boʻyicha subsidiya olish uchun taqdim etgan arizalari subsidiya berish yoʻnalishlariga muvofiq Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston fermerlari kengashining tuman, viloyat va respublika ishchi guruhlari tomonidan “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi, koʻrib chiqiladi va ijroga yoʻnaltiriladi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
“Agrosubsidiya” axborot tizimini joriy etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari hamda dehqon, fermer xoʻjaliklari va klasterlar uchun doimiy ravishda “Agrosubsidiya” axborot tizimidan foydalanish boʻyicha mavzuli seminarlar tashkil etish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Geoaxborot” tizimiga respublika boʻyicha joriy etilgan suvni tejaydigan texnologiyalar haqidagi maʼlumotlar xaritada joylashgan joyi va tegishli geoaxborot maʼlumotlari doimiy yangilangan holda kiritib borilishini taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (Quvasoy shahri) hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar 2022-yil 20-dekabrga qadar subsidiya berish jarayonlarida ishtirok etuvchi barcha tashkilotlarni “Agrosubsidiya” axborot tizimiga ulash choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-dekabr,
711-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-dekabrdagi 711-son qaroriga
1-ILOVA
“Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimidan (keyingi oʻrinlarda — “Agrosubsidiya” axborot tizimi) foydalanish, shuningdek, “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va subsidiya olishga talabgorlarning (keyingi oʻrinlarda — talabgorlar) arizalarini koʻrib chiqish va ularga subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza — talabgorlar tomonidan manzilli roʻyxatga kirish va sarflangan xarajatlar bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish toʻgʻrisida taqdim etilgan elektron ariza;
axborot tizimi (AT) — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan axborot resurslari jamlanmasi, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari;
axborot tizimi ishtirokchisi — talabgorlardan tushgan arizalarni koʻrib chiquvchi hamda ular boʻyicha xulosa beruvchi davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar, ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlari;
axborot tizimi foydalanuvchisi — manzilli roʻyxatga kirish yoki subsidiya olish uchun ariza taqdim etgan talabgorlar;
vakolatli organlar — subsidiyalash xizmatlarini koʻrsatuvchi hamda subsidiya berish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
manzilli roʻyxat — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiyalarni olish uchun qoʻyilgan talablar va ishlarni bajaruvchi talabgorlar roʻyxati;
ommaviy oferta — subsidiyalash xizmatlari orqali tizimdan foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatish shartnomasini tuzish yuzasidan talabgorlarga bildirilgan rasmiy taklif;
subsidiya — tovarlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning oʻrnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablagʻlari;
talabgorlar — subsidiya olish uchun murojaat qilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar;
talabgorni autentifikatsiyalash — avval identifikatsiya qilingan foydalanuvchidan real vaqt rejimida olingan dastlabki identifikatsiya maʼlumotlari bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtirish orqali foydalanuvchining shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;
tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhi — subsidiya ajratish yoʻnalishi boʻyicha vakolatli organlarga subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatga muvofiq tuman davlat boshqaruvi hamda xoʻjalik birlashmalari vakillaridan iborat ishchi guruh;
foydalanuvchilarni identifikatsiyalash — shaxsiy maʼlumotlar yordamida foydalanuvchining shaxsini tasdiqlab, masofadan turib subsidiyalash xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratuvchi mexanizm;
hududiy ishchi guruh — subsidiya ajratish yoʻnalishi boʻyicha vakolatli organlarga subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatga muvofiq mahalliy davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh;
xulosa — vakolatli organlar tomonidan subsidiya ajratilishi maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi haqida talabgorlarga yuboriladigan elektron (QR-kod biriktirilgan) hujjat;
elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi axborotni elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus oʻzgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiyalash imkonini beradigan imzo;
“Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (id.egov.uz) — jismoniy va yuridik shaxslarning haqiqiy identifikatsiyalash, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikda mansabdor shaxslarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalaridan ruxsat olib foydalanishini taʼminlovchi davlat axborot tizimi;
QR-kod — (matrik shtrixli kod) takrorlanmas boʻlib, uning ichiga ariza vakolatli organlar tomonidan koʻrib chiqilishi natijalari toʻgʻrisidagi elektron xulosalarga internet tarmogʻi orqali havola joylashtiriladi;
“UzASBO” DM — budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va hisoboti yuritilishini kompleks avtomatlashtirish uchun moʻljallangan dasturiy majmua.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ “Agrosubsidiya” ATning operatori hisoblanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 330-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2023-y., 09/23/330/0559-son)
4. “Agrosubsidiya” ATning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
talabgorlar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar elektron shaklda yuborilishini hamda ushbu xizmatdan xavfsiz va kafolatli foydalanishni taʼminlash;
talabgorlarga ularning manzilli roʻyxatga kirishi yoki subsidiya olish uchun yuborilgan arizalarni koʻrib chiqishning holatini va bosqichlarni koʻrib borish imkoniyatini yaratish;
talabgorlarga ular tomonidan yuborilgan arizalar vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilishi natijalarini (xulosalar) kuzatib borishni taʼminlash;
vakolatli organlar tomonidan talabgorlar yuborgan arizalarni koʻrib chiqish va ularga elektron shaklda xulosa berish.
5. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun subsidiyalar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali beriladi.
6. “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali beriladigan subsidiya turlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun beriladigan subsidiyalarni ajratish bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlari qabul qilinishi munosabati bilan qoʻshimchalar kiritib borilishi mumkin.
7. Yangi turdagi subsidiyalarni “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali berish Qishloq xoʻjaligi vazirligi, axborot tizimi operatori hamda vakolatli davlat organlari oʻrtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi.
2-bob. “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali arizani yuborish tartibi
8. Talabgorlarni “Agrosubsidiya” axborot tizimida foydalanuvchi sifatida roʻyxatga olish, identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (id.egov.uz) orqali amalga oshiriladi.
9. Manzilli roʻyxatga kirish uchun ariza yuborishda:
talabgorlar “Agrosubsidiya” axborot tizimida koʻrsatilgan ommaviy oferta bilan tanishgan holda shaxsiga doir maʼlumotlarni qayta ishlash orqali subsidiyalash xizmatlaridan foydalanishga rozilik bildiradi yoki rad etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
talabgorlar arizani Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi (keyingi oʻrinlarda — Agroportal) yoxud bevosita “Agrosubsidiya” axborot tizimiga kirish orqali yuboradi. Talabgorlar arizani qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan va axborot tizimida joylashtirilgan shaklga muvofiq toʻldirgan holda elektron shaklda yuboradi. Bunda ariza bilan murojaat qilganlik hamda arizaning vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilganligi uchun toʻlov undirilmaydi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
talabgor ariza bilan birga taqdim etilgan hujjatlar va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi hamda arizani elektron raqamli imzosi orqali tasdiqlaydi;
“Agrosubsidiya” axborot tizimiga kelib tushgan har bir arizaga noyob raqam (identifikatsiya raqami) raqami biriktiriladi;
talabgorlarga ular tomonidan yuborilgan arizaning holati haqidagi maʼlumot “Agrosubsidiya” axborot tizimiga arizaning noyob raqami kiritilishi orqali yoki talabgorlarning axborot tizimidagi shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi;
talabgorlar yuborgan ariza vakolatli organlar tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari va muddatlariga muvofiq koʻrib chiqiladi;
arizalarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosa subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlarga muvofiq rasmiylashtiriladi;
ariza oʻz vaqtida koʻrib chiqilmaganda, muddatidan oʻtgan ariza haqidagi xabarnomalar “Agrosubsidiya” axborot tizimida subsidiyalash xizmatlari joriy qilingan vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar shaxsiy kabinetlarida aks ettiriladi va monitoringi olib boriladi.
10. Subsidiya olish uchun ariza yuborishda:
talabgorlar “Agrosubsidiya” ATda koʻrsatilgan ommaviy oferta bilan tanishgan holda shaxsiga doir maʼlumotlarni qayta ishlash orqali subsidiyalash xizmatlaridan foydalanishga rozilik bildiradi yoki rad etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
talabgorlar normativ-huquqiy hujjatlar talabidan kelib chiqib subsidiya ajratish uchun arizani qonunchilik hujjatlarida keltirilgan va “Agrosubsidiya” ATda joylashtirilgan shakl asosida toʻldirgan holda YIDXP yoki Agroportal yoxud bevosita “Agrosubsidiya” ATga kirish orqali elektron shaklda yuboradi. Bunda talabgorlar tomonidan ariza yuborish hamda vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ariza koʻrib chiqilishi uchun toʻlov undirilmaydi;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
talabgorlar ariza yuborish jarayonida taqdim etilgan hujjatlar va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi hamda arizani elektron raqamli imzosi orqali tasdiqlaydi;
tizimga kelib tushgan har bir arizaga noyob raqam (identifikatsiya raqami) biriktiriladi;
talabgorlarga ular tomonidan yuborilgan arizaning holati haqidagi maʼlumot “Agrosubsidiya” ATga arizaning noyob raqami kiritilishi orqali yoki talabgorlarning axborot tizimidagi shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi;
talabgorlar yuborgan ariza vakolatli organlar tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq va ularda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqiladi;
talabgorlar arizasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosa subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasmiylashtiriladi;
subsidiya berish toʻgʻrisidagi xulosa shakli subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan shaklda maxsus QR-kod bilan tasdiqlangan holda rasmiylashtiriladi;
talabgorning arizasi oʻz vaqtida koʻrib chiqilmagan taqdirda, muddatidan oʻtgan arizalar haqidagi xabarnomalar “Agrosubsidiya” ATda subsidiyalash xizmatlari joriy qilingan vakolatli organlarning shaxsiy kabinetlarida aks ettiriladi va monitoringi olib boriladi.
3-bob. “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali tushgan arizalarni koʻrib chiqish va xulosa berish tartibi
11. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning tuman (Quvasoy shahri) hududiy ishchi guruhlari aʼzolariga “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (id.egov.uz)da roʻyxatga olingan maʼlumotlari (login) asosida tizim operatori tomonidan axborot tizimidagi tegishli vakolatlari belgilanadi.
12. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlari aʼzolariga “Agrosubsidiya” axborot tizimidagi tegishli vakolatlarni belgilash uchun tizim operatoriga ishchi guruhlar aʼzolarining “id.egov.uz” tizimidagi maʼlumotlari (loginni) ilova qilingan holda rasmiy ravishda murojaat etiladi.
13. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlari aʼzolari talabgorlar tomonidan yuborilgan arizani “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali qabul qiladi, subsidiya turidan kelib chiqib amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan talab, muddat va bosqichlarga muvofiq koʻrib chiqadi.
14. Talabgorlar tomonidan yuborilgan arizaga xulosa vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlari aʼzolari tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda taqdim etiladi. Subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosa shakli subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlarida belgilangan shakldagi maxsus QR-kod bilan tasdiqlangan holda rasmiylashtiriladi.
15. Talabgorlarning arizasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosa subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlarida belgilangan tarkibdagi ishchi guruhlarning qaror qabul qiluvchi asosiy aʼzolari tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda rasmiylashtiriladi.
16. Talabgorlarning arizasini vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlari tomonidan koʻrib chiqish jarayonlari va talablarning barcha bosqichlari amalga oshirilgandan soʻng subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlariga hamda quyidagi ariza turlariga muvofiq:
manzilli roʻyxatga kirish uchun ariza — subsidiya ajratish maqsadida budjet parametrlarida inobatga olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (Quvasoy shahri) boʻyicha avtomatik tarzda shakllantirilgan holda taqdim etiladi;
subsidiya olish uchun ariza — subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlarida belgilangan moliyalashtirish manbaidan kelib chiqqan holda subsidiya mablagʻlarini ajratish uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarga kiritiladi.
17. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar talabgorlarning tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga subsidiyani “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali oʻtkazib beradi.
18. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan subsidiya berish muddati subsidiya berish tartibini belgilovchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
19. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda talabgorlar oʻrtasidagi shartnoma tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda elektron raqamli imzo orqali imzolanadi.
20. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlarining talabgorlar tomonidan yuborilgan arizalarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosasi subsidiya turiga qarab qonunchilik hujjatlarida belgilangan har bir bosqichga muvofiq talabgorlarning shaxsiy kabinetida aks ettiriladi.
21. “Agrosubsidiya” AT orqali ariza yuborish va koʻrib chiqish jarayonlari ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Subsidiya ajratilishini monitoring qilish
22. Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan talabgorlarning tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga subsidiya oʻz vaqtida oʻtkazib berilishini monitoring qilish jarayoni axborot tizimida “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali axborot almashish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
23. Subsidiya berish haqidagi xabar talabgorlarning shaxsiy kabinetida aks ettiriladi.
24. Talabgor tomonidan subsidiya ajratilishida belgilangan talablar buzilganda vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar subsidiya berish talablari buzilishi sababli qaytarilgan subsidiya mablagʻlari boʻyicha maʼlumotlar “Agrosubsidiya” axborot tizimiga kiritib borilishini taʼminlaydi.
25. Monitoring natijalariga koʻra talabgorlarning arizasi oʻz vaqtida koʻrib chiqilmagan taqdirda, subsidiyalash xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlari aʼzolariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy taʼsir choralari qoʻllaniladi.
5-bob. “Agrosubsidiya” axborot tizimi operatori hamda ishtirokchisining huquqlari va majburiyatlari
26. “Agrosubsidiya” AT operatori quyidagi huquqlarga ega:
axborot tizimiga kirish va undan foydalanish tartibini belgilash;
axborot almashish uchun belgilangan tartibda “Agrosubsidiya” axborot tizimining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvni amalga oshirish.
27. “Agrosubsidiya” axborot tizimi operatori:
qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar asosida tizimni doimiy ravishda takomillashtirib borishi;
manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda tizim modullari ularning axborot tizimlariga integratsiyalashtirishi;
tizimning uzluksiz ishlashini va axborot xavfsizligini taʼminlashi;
vakolatli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarni hamda tizim foydalanuvchilarini tizimning texnik nosozliklari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilishi;
vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy, tuman (Quvasoy shahri) ishchi guruhlarining aʼzolariga tizimdan foydalanish uchun sharoitlar yaratib berishi lozim.
“Agrosubsidiya” axborot tizimiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
28. Axborot tizimi ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
tizimdan mazkur Nizom talablari doirasida foydalanish;
tizim operatoriga subsidiya ajratish jarayonlarini maqbullashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
zarur hollarda talabgorlarga taalluqli qoʻshimcha maʼlumotlarni tuman ishchi guruhlaridan talab qilish.
29. Axborot tizimi ishtirokchisi:
shaxsga doir maʼlumotlarni tarqatmasligi va ularni muhofaza qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishi;
talabgorlar xarajatlarining bir qismini qoplash uchun ajratiladigan subsidiyalar belgilangan muddatlarda “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali talabgorlarning hisobvaragʻiga oʻtkazib berilishini taʼminlashi;
talabgorlarga subsidiya ajratilishi maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan xulosalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda taqdim etilishini taʼminlashi;
talabgorlardan tushgan savol va eʼtirozlarni koʻrib chiqish va javob yoʻllash uchun masʼul xodimlarni ajratishi shart.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali taqdim etiladigan subsidiyalar va ularni taqdim etish uchun asos boʻlgan qonunchilik hujjatlari boʻyicha maʼlumotlar axborot tizimining “Normativ-huquqiy hujjatlar” boʻlimida joylashtirib boriladi.
31. Subsidiya ajratishda yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
“Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali arizalarni yuborish, koʻrib chiqish va xulosa berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgorlar

(subsidiya olish uchun murojaat qilayotgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchisi)

Talabgorlar tomonidan sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish boʻyicha talab etilgan hujjatlar va arizani elektron shaklda taqdim etadi.

Zarur hollarda

2-bosqich

Ishchi guruh

(vakolatli davlat organlarining hududiy tuman (shahar) ishchi guruhlari aʼzolari)

Talabgorlar tomonidan subsidiya olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ariza boʻyicha xulosani tasdiqlaydi va vakolatli organga taqdim etadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlar asosida

3-bosqich

Vakolatli davlat organlari

Vakolatli davlat organlarining hududiy, tuman (shahar), ishchi guruhlari aʼzolari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni jamlaydi, tahlil qiladi va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligi boʻyicha koʻrib chiqadi.

Koʻrib chiqish natijasiga koʻra arizani subsidiya turiga qarab amaldagi normativ-huquqiy hujjatga asosan moliyalashtirish boʻyicha yakuniy xulosa beradi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlar asosida

4-bosqich

Moliyalashtiruvchi masʼul organ

(belgilangan subsidiya mablagʻlarini ajratishga vakolatli organlar)

Vakolatli davlat organlari bergan xulosaga muvofiq talabgorlarning arizasida koʻrsatilgan bank hisob raqamiga budjet mablagʻlari doirasida subsidiya oʻtkazadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlar asosida

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-dekabrdagi 711-son qaroriga
2-ILOVA
“Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali beriladigan subsidiya turlari va ularni ajratishga masʼul boʻlgan davlat organlari
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Beriladigan subsidiya turlari

Subsidiya mablagʻi ajratilishi uchun masʼul tashkilot

1.

Paxta xomashyosi yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Suv xoʻjaligi vazirligi

2.

Dukkakli ekinlar yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

3.

Paxta xomashyosi yetishtirishda diskret sugʻorish tizimini joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Suv xoʻjaligi vazirligi

4.

Texnik ekinlar yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

5.

Moyli ekinlar yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

6.

Poliz ekinlari yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

7.

Sabzavot, koʻkatlar va karam yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

8.

Kartoshka yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

9.

Ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

10.

Dorivor ekinlar yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

11.

Donli (gʻalla va yormabop) ekinlar yetishtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston Respublikasi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

12.

Katta hajmdagi quduqlarni burgʻilash uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston fermerlari kengashi

13.

Kichik hajmdagi quduqlarni burgʻilash uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston fermerlari kengashi

14.

Yaroqsiz yerlarni foydalanishga kiritish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Oʻzbekiston fermerlari kengashi

15.

Danakli mevalar yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

16.

Urugʻli mevalar yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

17.

Yongʻoqli mevalar yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

18.

Subtropik mevalar yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

19.

Uzum yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

20.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sovitkichli sigʻimlar uyushmasiga aʼzo subyektlarga, ishga tushirilgan sovitkichli sigʻimlarni qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash.

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

21.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sovitkichli sigʻimlar uyushmasiga aʼzo subyektlarga, ishga tushirgan sovitkichli sigʻimlarning qish va bahor oylarida elektr energiyasi isteʼmoli xarajatlarining bir qismini qoplash.

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi

22.

Chorvachilik xoʻjaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qoʻy va echkilar uchun subsidiya ajratish

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi

Izoh. Mazkur roʻyxatda koʻrsatilgan subsidiya turlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayoniga subsidiya ajratish tartibi bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi bilan qoʻshimcha kiritib boriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 740-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2022-y., 09/22/711/1096; 03.08.2023-y., 07/23/257/0552-son; 04.08.2023-y., 09/23/330/0559-son; 30.11.2023-y., 09/23/632/0910-son; 29.01.2024-y., 09/24/52/0073-son; 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son; 26.11.2025-y., 09/25/740/1090-son; 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)