1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.07.00 Hisob. Hisobot. Statistika (shuningdek, 07.29.00.00 ga qarang)]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Hisobga olish, statistika va hisobot]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-sonli “Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq statistika maʼlumotlarini taqdim etish xizmatining davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatilishi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Davlat xizmatlarini koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tizimini tartibga solish;
tegishli maʼlumotlarni olish uchun davlat xizmatlari markazida yoki YIDXP orqali elektron shaklda soʻrovnoma toʻldirish, zarur maʼlumotlarning xususiyatlarini axborot tizimida belgilash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga yuborish tartibi;
talab etilgan maʼlumotlarni toʻlov amalga oshirilgandan soʻng murojaatchiga taqdim etish tartibi.
3. Davlat statistika qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
mazkur qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarining YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻimlarning davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlangan davlat bojlari va yigʻimlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron shaklda toʻlanishini taʼminlasin.
4. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha ularning faoliyati yuzasidan, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentning talablari buzilgan hollarda davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-noyabr,
672-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-noyabrdagi 672-son qaroriga ILOVA
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament davlat xizmatlari markazlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Davlat xizmatini koʻrsatish murojaatchi talabiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy holatini aks ettiruvchi rasmiy statistika sohasidagi statistika dasturlariga muvofiq tayyorlanadigan yigʻma statistika maʼlumotlarini taqdim etish shaklida amalga oshiriladi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
statistika maʼlumotlari — statistika kuzatuvlari natijasida va (yoki) maʼmuriy maʼlumotlar asosida tayyorlangan iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik xususiyatga hamda boshqa xususiyatga ega axborot;
rasmiy statistika — Oʻzbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuni qoidalariga muvofiq davlat statistika organlari va rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika maʼlumotlari;
individual maʼlumotlar — statistik birlikni tavsiflovchi, uni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini beruvchi birlamchi maʼlumotlar;
yigʻma statistika maʼlumotlari — statistik birlikni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini bermaydigan, individual va/yoki birlamchi maʼlumotlar asosida umumlashtirilgan statistika maʼlumotlari;
murojaatchi — statistika maʼlumotlarini olish uchun murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari.
4. Murojaatchi mazkur davlat xizmati doirasida statistika dasturi va statistika faoliyatida yuritiladigan statistik tasniflar asosida shakllantiriladigan statistika maʼlumotlari, shuningdek ochiq manbalarda eʼlon qilinadigan maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega.
5. Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
6. Murojaatchi davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
7. Murojaatchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazlari xodimi murojaatchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda mustaqil toʻldiradi.
8. Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng, murojaatchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Murojaatchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
9. Soʻrovnoma vakolatli organga kelib tushgandan soʻng, soʻralayotgan maʼlumotning mavjudligi va uning hisoblangan qiymati toʻgʻrisida ikki ish kunidan oshmagan muddatda murojaatchining shaxsiy kabinetiga va/yoki Davlat xizmatlari markazi uning mobil telefon raqamiga SMS xabarnoma yuboradi.
10. Murojaatchi oʻz xohishiga koʻra, soʻrovnoma asosida shakllantirilgan maʼlumotlar hajmi bilan tanishib chiqib, tegishli elektron toʻlov tizimi orqali hisoblangan yigʻim summasini toʻlaydi yoki xizmatdan foydalanishni rad etadi.
11. Davlat xizmati doirasida soʻrovnomaga asosan taqdim etiladigan har bir statistik maʼlumotni shakllantirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizi miqdorida, YIDXP orqali murojaat etganda esa — ushbu summaning 90 foizi miqdorida yigʻim undiriladi va bunda koʻrsatkichning mavjud kesimlari asosida tayyorlangan har bir birlik koʻrsatkich alohida hisoblanadi.
12. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) YIDXP orqali davlat xizmati koʻrsatishda undiriladigan yigʻim boʻyicha 50 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno).
13. Statistika maʼlumotlarini taqdim etish xizmati koʻrsatilganligi uchun toʻlangan summani tasdiqlash Yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi.
14. Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy hisobvaragʻiga;
0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi maxsus hisob raqamiga;
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
11,75 foizi — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi maxsus hisob raqamiga (shu jumladan 0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
15. Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan davlat xizmati toʻlov amalga oshirilgandan soʻng koʻrsatiladi hamda shakllantirilgan statistika maʼlumotlari davlat xizmatlari markazlariga, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda murojaatchiga besh ish kunidan oshmagan muddatda QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan holda Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shaklda taqdim etiladi.
16. Quyidagi holatlar davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos boʻlib hisoblanadi:
tarkibida davlat sirlari va qonunchilik bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir boʻlgan, shuningdek individual maʼlumotlarni soʻrash;
shakllantirilishi statistika dasturida nazarda tutilmagan yoki shakllantirish muddati hali kelmagan statistika maʼlumotlarini soʻrash.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
17. Murojaatchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Murojaatchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi. Bunda davlat xizmati koʻrsatilgani uchun toʻlov summasi qaytarilmaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa meʼyoriy hujjatlar asosida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, korxonalar, tashkilot va muassasalarga belgilangan tartibda va statistika dasturida belgilangan muddatlarda taqdim etiladigan statistika maʼlumotlariga, shuningdek vakolatli organga bevosita yoki boshqa manbalar orqali kelgan murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
19. Maʼmuriy maʼlumotlarni taqdim etuvchi davlat organlari va tashkilotlari taqdim etilayotgan statistika maʼlumotlarining ishonchliligi, haqqoniyligi va dolzarbligini taʼminlaydilar.
Olingan maʼlumotlarda nomuvofiqliklar aniqlangan hollarda, murojaatchi ularga aniqlik kiritish maqsadida Davlat statistika qoʻmitasiga belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.
Murojaatchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq shikoyat qilishlari mumkin.
20. Davlat xizmati doirasida olingan statistika maʼlumotlarini tarqatishda (qayta chop etishda) maʼlumot olingan manbaga majburiy tartibda havola berilishi shart.
21. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan davlat organining mansabdor shaxslari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Murojaatchi
(yuridik yoki jismoniy shaxs)
Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.
Oʻz xohishiga koʻra
2-bosqich
1. Davlat xizmatlari markazi
2. YIDXP
Soʻrovnomani Davlat statistika qoʻmitasiga yuboriladi.
1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng real vaqt rejimida.
2. Avtomatik tarzda
3-bosqich
Davlat statistika qoʻmitasi
Soʻrovnomaga koʻra maʼlumotning mavjudligi hamda qiymatini hisoblab chiqadi va davlat xizmatlari markaziga yoki murojaatchining shaxsiy kabinetiga maʼlum qiladi.
2 ish kunidan oshmagan muddatda
4-bosqich
Davlat xizmatlari markazi
Davlat xizmatlari markazi maʼlumotlarning mavjudligi va uning hisoblangan qiymati toʻgʻrisida murojaatchining shaxsiy kabinetiga va/yoki uning mobil telefon raqamiga SMS xabarnoma yuboradi hamda uni murojaatchi tomonidan olinganligini tasdiqlaydi.
Real vaqt rejimida
5-bosqich
Murojaatchi
Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan hisoblangan summada toʻlovni amalga oshiradi.
Oʻz xohishiga koʻra
6-bosqich
Davlat statistika qoʻmitasi
Toʻlov amalga oshirilgandan soʻng soʻralgan maʼlumotlarni shakllantiradi va YIDXP orqali tegishliligi boʻyicha davlat xizmatlari markaziga yoki murojaatchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
5 ish kunidan oshmagan muddatda
7-bosqich
Davlat xizmatlari markazi
Statistika maʼlumotlari kelib tushgandan soʻng ularni murojaatchiga elektron shaklda taqdim etadi.
Real vaqt rejimida
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish davlat xizmatidan foydalanish uchun
SOʻROVNOMA
_______________
_______________
(sanasi)
(raqami)
I. Murojaatchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:
1. Familiyasi, ismi, otasining ismi
2. Pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari (JSHSHIR maʼlumotlari):
3. Telefon raqami:
4. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):
5. Soʻralayotgan statistika maʼlumotlari boʻyicha talab (nomi, davri va boshqalar):
6. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olinganligi, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlganligi:
II. Murojaatchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:
1. Yuridik shaxsning nomi:
2. Yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli:
3. STIR:
4. Pochta manzili:
5. Bank rekvizitlari:
(bank boʻlimi nomi, MFO va hisobvaragʻi)
6. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):
7. Telefon raqami:
8. Soʻralayotgan statistika maʼlumotlari boʻyicha talab (nomi, davri va boshqalar):
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Statistika maʼlumotlarini taqdim etish davlat xizmatini koʻrsatish natijasida shakllantirilgan maʼlumotlarini taqdim etish shakli
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali logotipining tasviri
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri
Davlat statistika qoʻmitasi (manzili, aloqa nomerlari, elektron manzili)
№ AVS-123456789-DEF
Hujjat yaratilgan sana: ___________________
(yil, kun, oy)
Kimga berilgan: _____________________________________________________
Murojaatchining F.I.O. / Tashkilotning nomi (oluvchi)
Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasi hisoblanadi.
_________________________
QR-kod (matrik shtrixli kod)
Elektron hujjatning nusxasida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirish uchun edoc.gov.uz veb-saytiga oʻting va elektron hujjatning noyob raqamini kiriting yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qiling.
Diqqat! Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga muvofiq elektron hujjatlardagi maʼlumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona portalda shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etishlari qatʼiyan taqiqlangan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2022-y., 09/22/672/1038-son)