O‘zbekiston Respublikasining qonuni
MUHOFAZA ChORALARI, ANTIDEMPING VA KOMPENSATSIYA BOJLARI TO‘G‘RISIDA
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi tovar importida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari qo‘llanilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
iqtisodiyot tarmog‘i — O‘zbekiston Respublikasining o‘xshash tovar ishlab chiqaruvchilarining barchasi yoki O‘zbekistonda shunday tovar ishlab chiqarish umumiy hajmida ulushi asosiy qismni tashkil etadigan ishlab chiqaruvchilarning jami;
iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zarar — O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar importi ko‘payganligi, demping narxlaridagi tovar importi yoki subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘ining ishlab chiqarish, savdo va moliyaviy ko‘rsatkichlari sezilarli darajada pasayganligi yoxud iqtisodiyot tarmog‘i rivojlanishida sur’at sezilarli darajada susayganligi;
iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilishi xavfi — iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilishi muqarrar ekanligining dalillar bilan tasdiqlanganligi;
odatdagi savdo jarayoni — tovarning uni ishlab chiqaruvchi mamlakat yoki eksport qiluvchi mamlakatning ichki bozorida o‘rtacha olingan tannarxi va o‘rtacha foyda normasidan yoki o‘xshash sharoitdagi uchinchi mamlakatdan O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan o‘xshash tovarlarga taqqoslama narxlardan tarkib topadigan narxdagi oldi-sotdisi;
oldingi davr — tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza topshirilgan kunga qadar kechgan hamda zaruriy statistika ma’lumotlari bo‘lgan so‘nggi uch yil;
o‘xshash tovar — qanday vazifa bajara olishi va nimaga mo‘ljallanganligi, qo‘llanilishi, sifat va texnik xususiyatlariga, shuningdek boshqa asosiy xossalariga ko‘ra import qilinayotgan tovar bilan batamom bir xil bo‘lgan yoki bunday tovar bilan taqqoslab bo‘ladigan tovar.
4-modda. Muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadidagi tekshiruv
Muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadidagi tekshiruv O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar importi ko‘payganligini, demping narxlaridagi tovar importi yoki subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi mavjudligini hamda buning oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining borligini aniqlash uchun o‘tkaziladi. Tekshiruv O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan vakolatli organ tomonidan o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 19-maydagi 129-son “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
Vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa taqdim etadi.
5-modda. Muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish muddatini hisoblash
Muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish muddatini hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ularni qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran boshlanadi.
II. MUHOFAZA ChORALARI
6-modda. Muhofaza choralarining qo‘llanilishi
Tovar importi ko‘payishini cheklash bo‘yicha tovar importining miqdori va (yoki) qiymatiga (import kvotasi) nisbatan cheklov tariqasida, import bojidan tashqari undiriladigan maxsus boj tariqasida qo‘llaniladigan choralar yoki tovar importi ko‘payishini cheklashga qaratilgan boshqa choralar muhofaza choralaridir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar importi iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tug‘dirayotgan hajmda (mutlaq ifodasida yoki uni O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarishga nisbatan) va sharoitda amalga oshirilayotganligi vakolatli organning tekshiruvi natijalari asosida aniqlangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan muhofaza choralari qo‘llaniladi.
Muhofaza choralari tovar importi ko‘payganligi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan miqdorda va muddatda qo‘llaniladi.
Tovar importini miqdoriy cheklash tariqasidagi muhofaza chorasining qo‘llanilishi tovar importi hajmini oldingi davrdagi tovar importining o‘rtacha miqdor darajasidan kamaytirmasligi kerak, iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun tovar importining boshqa darajasini belgilash zarurligiga asos bo‘lgan hollar bundan mustasno.
7-modda. Tovar importi ko‘payganligi munosabati bilan iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash
Tovar importi ko‘payganligi munosabati bilan iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash dalillarga asoslanadi hamda import tovar yetkazib berilishi hajmining o‘sish sur’atini, uning ko‘payishi belgilari mavjudligini, shuningdek iqtisodiyot tarmog‘i ishlab chiqarish, savdo va moliyaviy ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada pasayishiga yoki iqtisodiyot tarmog‘i rivojlanishida sur’at sezilarli darajada susayishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan obyektiv tusdagi boshqa omillarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
8-modda. Muhofaza choralari qo‘llanilishining xususiyatlari
Alohida hollarda, agar tekshiruv tugallangunga qadar muhofaza choralarini qo‘llanishda sustkashlik qilish iqtisodiyot tarmog‘iga keyinchalik bartaraf etish qiyin bo‘lgan darajada jiddiy zarar yetkazishi mumkin ekanligi vakolatli organ tomonidan aniqlangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organning dastlabki xulosasi asosida, vakolatli organ tomonidan uzil-kesil xulosa olish maqsadida tekshiruv davom ettirilishi sharti bilan, muvaqqat muhofaza chorasini qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Muvaqqat muhofaza chorasi muvaqqat maxsus boj ko‘rinishida qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar tovar importi ko‘payganligi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilmaganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘qligi tekshiruv natijalariga ko‘ra vakolatli organ tomonidan aniqlangan bo‘lsa, to‘langan muvaqqat maxsus boj summalari to‘lovchiga qonunchilikda bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 19-maydagi 129-son qarori bilan tasdiqlangan Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadida tekshirish o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 40-bandi birinchi xatboshisi.
Agar maxsus boj tariqasidagi muhofaza chorasi muvaqqat maxsus bojdan kam miqdorda qo‘llanilgan bo‘lsa, oradagi farq to‘lovchiga qonunchilikda bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
(8-moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar maxsus boj tariqasidagi muhofaza chorasi muvaqqat maxsus bojdan ko‘p miqdorda qo‘llanilgan bo‘lsa, oradagi farq to‘lovchidan undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikda belgilangan hollarda vakolatli organning iltimosnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhofaza choralarining miqdorini kamaytirishi mumkin.
(8-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining 2007-yil 15-iyundagi 01-02/8-3, EG-01/10-3339, 20, 58-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus, antidemping va kompensatsiya bojlarini hisoblash, undirish va qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 1718, 20.09.2007-y.)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Maxsus, antidemping va kompensatsiya bojlarini hisoblash, undirish va qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 1718, 20.09.2007-y.)
9-modda. Muhofaza choralarining amal qilish muddati
Muhofaza choralarining amal qilish muddati to‘rt yildan oshmasligi lozim.
Agar iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun muhofaza chorasi zaruriyati saqlanib qolayotganligi qayta tekshiruv natijasida vakolatli organ tomonidan aniqlangan bo‘lsa, muhofaza chorasining amal qilish muddati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan uzaytirilishi mumkin. Bunda muhofaza chorasi amal qilishining umumiy muddati sakkiz yildan oshmasligi kerak.
Muvaqqat muhofaza chorasining amal qilish muddati ikki yuz kundan oshmasligi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan muvaqqat muhofaza chorasini qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, bunday choraning amal qilish muddati muhofaza chorasining umumiy amal qilish muddatiga qo‘shiladi.
III. ANTIDEMPING BOJLARI
10-modda. Antidemping bojining qo‘llanilishi
Demping narxlaridagi tovar importi uchun import bojidan tashqari undiriladigan boj antidemping bojidir.
Agar demping narxlaridagi tovar importi iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tug‘dirayotganligi vakolatli organning tekshiruvi natijalari asosida aniqlangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan antidemping boji qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga eksport narxi o‘zining normal qiymatidan past bo‘lgan tovar importi demping narxlaridagi tovar importidir.
O‘zbekiston Respublikasiga eksport qilish uchun sotilgan tovarga amalda to‘langan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan narx tovarning eksport narxidir.
Eksport qiluvchi mamlakatning ichki bozorida iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan o‘xshash tovarning odatdagi savdo jarayonidagi narxi yohud o‘xshash tovar eksport qiluvchi mamlakat bozorida sotilmayotgan bo‘lsa yoki boshqa sabablarga ko‘ra lozim darajada taqqoslashni o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, tovar kelib chiqqan mamlakatdagi ishlab chiqarish xarajatlari asosida oqilona chiqimlarni va foydani qo‘shgan holda yoxud O‘zbekiston Respublikasi bilan bir xil sharoitdagi uchinchi mamlakatga eksport qilinadigan o‘xshash tovarlarning narxlari asosida odatdagi savdo jarayonida aniqlanadigan narxi tovarning normal qiymatidir.
Antidemping boji demping narxlaridagi tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan miqdorda va muddatda qo‘llaniladi.
Antidemping boji va muvaqqat antidemping bojining stavkalari demping marjasi miqdoridan oshmasligi lozim.
Antidemping boji tovar yetkazib beruvchilarning biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
11-modda. Demping marjasi
Eksport narxi chegirib tashlangan tovar normal qiymatining tovarning eksport narxiga foizlarda ifodalangan nisbati demping marjasidir. Demping marjasi tovarning o‘rtacha olingan normal qiymatini barcha taqqoslanadigan eksport bitimlari bilan solishtirish asosida yoki tovarning normal qiymatini muayyan bitimlar bo‘yicha eksport narxlari bilan solishtirish orqali aniqlanadi.
Agar tovarlar O‘zbekiston Respublikasiga tovar kelib chiqqan mamlakatdan bevosita import qilinmay, balki uchinchi mamlakatdan eksport qilinayotgan bo‘lsa, tovar eksport qilinayotgan mamlakatdan O‘zbekiston Respublikasiga sotilayotgan tovarlar narxi tovar eksporti mamlakatidagi solishtirma narx bilan taqqoslanadi. Agar tovarlar tovar eksport qilinayotgan mamlakat orqali faqat olib o‘tilayotgan bo‘lsa yoki bunday tovarlar tovar eksport qilinayotgan mamlakatda ishlab chiqarilmasa yoxud tovar eksport qilinayotgan mamlakatda ularga solishtirma narx bo‘lmasa, taqqoslash tovar kelib chiqqan mamlakatdagi narxga qiyosan o‘tkazilishi mumkin.
Tovarning eksport narxi bo‘lmagan yoki bunday narx tekshiruv o‘tkazayotgan vakolatli organda shubha uyg‘otgan hollarda, yetkazib berilayotgan tovarlarning eksport narxi yetkazib beruvchidan yoki sotuvchidan mustaqil xaridorga birinchi marta qayta sotilayotgan narx asosida yoki vakolatli organ belgilaydigan boshqa asosda hisoblab chiqilishi mumkin.
Agar vakolatli organ tomonidan tekshiruv natijasida demping marjasi eksport narxining ikki foizidan ortiqrog‘ini tashkil etishi yoki demping narxlaridagi tovar importida uni yetkazib berish hajmi ancha miqdorda ekanligi aniqlangan bo‘lsa, demping narxlaridagi tovar importiga nisbatan antidemping boji qo‘llaniladi.
Agar demping narxlaridagi tovar importida yetkazib berish hajmi barcha o‘xshash tovarlarni O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish umumiy hajmining uch foizidan ortiqrog‘ini tashkil etsa yoki demping narxlaridagi tovar importida shunday tovarni O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berishda har birining ulushi yetkazib berish umumiy hajmining kamida uch foizini tashkil etadigan mamlakatlardan demping narxlarida import qilishda yetkazib berish hajmi o‘xshash tovarni O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berishning umumiy hajmida jami yetti foizdan ortiqroqni tashkil etsa, yetkazib berish hajmi, tovarni yetkazib beruvchi qaysi mamlakat xususida tekshirish o‘tkazilayotgan bo‘lsa, shu mamlakatga nisbatan olganda ancha miqdorda deb topiladi.
12-modda. Demping narxlaridagi tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash
Demping narxlaridagi tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash dalillarga asoslanadi va tovar demping narxlarida import qilinayotgandagi uning yetkazib berish hajmini, bu tovarning sifatini, O‘zbekiston Respublikasining ichki bozoridagi o‘xshash tovarlar narxlariga ta’sirini hamda bunday yetkazib berishning iqtisodiyot tarmog‘i uchun oqibatlarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Vakolatli organ tovar demping narxlarida import qilinayotgan paytda uning yetkazib berish hajmini tekshirayotganda bunga taalluqli, iqtisodiyot tarmog‘ining holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillar va ko‘rsatkichlarni o‘rganib chiqadi.
13-modda. Antidemping bojlari qo‘llanilishining xususiyatlari
Alohida hollarda, lekin tekshiruv boshlanganidan keyin kamida oltmish kun o‘tgach, agar tekshiruv tugallangunga qadar olingan ma’lumot tovar demping narxlarida import qilinayotganligidan va bunday tovar importidan iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilayotganligidan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi borligidan dalolat bersa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organning dastlabki xulosasi asosida muvaqqat antidemping bojini qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar demping narxlaridagi tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘qligi tekshiruv natijalariga ko‘ra vakolatli organ tomonidan aniqlangan bo‘lsa, to‘langan muvaqqat antidemping boji summalari to‘lovchiga qonunchilikda bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
Agar antidemping boji muvaqqat antidemping bojidan kam miqdorda qo‘llanilgan bo‘lsa, oradagi farq to‘lovchiga qonunchilikda bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
(13-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar antidemping boji muvaqqat antidemping bojidan ko‘p miqdorda qo‘llanilgan bo‘lsa, oradagi farq to‘lovchidan undirilmaydi.
Tekshiruv boshlangan sanadan avvalroq erkin muomalaga chiqarilgan tovarga nisbatan antidemping boji qo‘llanilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Antidemping boji qonunchilikda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar undirilishidan qat’i nazar qo‘llaniladi.
(13-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Maxsus, antidemping va kompensatsiya bojlarini hisoblash, undirish va qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 1718, 20.09.2007-y.)
14-modda. Antidemping bojining amal qilish muddati
Antidemping bojining amal qilish muddati uni qo‘llanish boshlangan yoki demping narxlaridagi tovar importi nuqtai nazaridan ham, iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan ham oxirgi marta qayta ko‘rib chiqilgan paytdan e’tiboran besh yildan oshmasligi lozim, antidemping bojining amal qilish muddati tugagunga qadar boshlangan qayta ko‘rib chiqish jarayonida antidemping bojining amal qilishini tugatish demping narxlaridagi tovar importining va iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining davom etishiga yoki tiklanishiga olib kelishi vakolatli organ tomonidan aniqlangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda antidemping boji qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lgan takroriy tekshiruv natijalari olingunga qadar qo‘llanilaveradi.
Antidemping bojini qayta ko‘rib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv vakolatli organning tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning so‘roviga ko‘ra ular antidemping bojini qayta ko‘rib chiqish zarurligini tasdiqlovchi axborotni taqdim etganlaridan keyin amalga oshiriladi. Antidemping bojini qayta ko‘rib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv shu tekshiruvni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida tugallanishi kerak.
Antidemping bojini qo‘llanishni davom ettirish yoki bunday bojning stavkasini qayta ko‘rib chiqish zarurligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan takroriy tekshiruv natijalariga binoan vakolatli organning xulosasi asosida aniqlanadi.
Muvaqqat antidemping boji olti oygacha bo‘lgan muddatga belgilanadi. Mazkur muhlat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan to‘qqiz oygacha bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
15-modda. Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar
Tekshiruv obyekti bo‘lgan tovarni eksport qiluvchining narxni qayta ko‘rib chiqish yoki tovarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga uning normal qiymatidan past narxda eksport qilishni tugatish to‘g‘risidagi ixtiyoriy majburiyatlari demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlardir.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar eksport qiluvchidan olingan taqdirda, agar vakolatli organ bunday majburiyatlarning qabul qilinishi iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etishini aniqlagan bo‘lsa, tekshiruv antidemping bojlari yoki muvaqqat antidemping bojlari qo‘llanilmasdan to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi mumkin.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlarga muvofiq tovar narxlari darajasi demping marjasini bartaraf etish uchun zarur bo‘lganidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Tovar narxlarining oshirilishi, agar bunday oshirish iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun kifoya qilsa, demping marjasidan kam bo‘lishi mumkin.
Tovar demping narxlarida import qilinayotganligi va bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yo‘qligi to‘g‘risida vakolatli organ tomonidan dastlabki xulosa chiqarilgunga qadar demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan qabul qilinmaydi.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan qabul qilingan taqdirda, tekshiruv uning iltimosnomasiga yoki vakolatli organning qaroriga binoan davom ettirilishi mumkin. Agar tekshiruv natijalariga ko‘ra tovar demping narxlarida import qilinmayotganligi yoki bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘qligi to‘g‘risida xulosa chiqarilgan bo‘lsa, demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar o‘z kuchini yo‘qotadi, chiqarilgan xulosa ko‘p jihatdan narxlar bo‘yicha majburiyatlar mavjudligining natijasi bo‘lgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda mazkur majburiyatlar iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan muddat mobaynida o‘z kuchini saqlab turadi.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan buzilgan yoki qaytarib olingan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi antidemping bojini yoki muvaqqat antidemping bojini qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
IV. KOMPENSATSIYA BOJLARI
16-modda. Kompensatsiya bojlarining qo‘llanilishi
Subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi uchun import bojidan tashqari undiriladigan boj kompensatsiya bojidir.
Agar subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tug‘dirayotganligi vakolatli organning tekshiruvi natijalari asosida aniqlangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan kompensatsiya boji qo‘llaniladi.
Ishlab chiqarish, eksport qilish yoki tashish paytida chet davlatning subsidiyasidan foydalanilgan tovarning O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga importi subsidiya bilan ta’minlangan tovar importidir.
Kompensatsiya boji subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur miqdorda va muddatda qo‘llaniladi.
Kompensatsiya bojining stavkasi subsidiya bilan ta’minlangan tovarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilishda shu tovarning birligi hisobiga chet davlat subsidiyasining tekshiruvda aniqlangan miqdoridan oshmasligi lozim.
Bitta tovarga nisbatan bir vaqtning o‘zida kompensatsiya va antidemping boji qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
17-modda. Chet davlat subsidiyasi
Chet davlat hukumatining yoki boshqa organining yoxud chet davlatlar ittifoqining (bundan buyon matnda chet davlat deb yuritiladi) subsidiya oluvchiga qo‘shimcha afzalliklar beradigan va bevosita chet davlat tomonidan yoxud uning topshirig‘iga binoan amalga oshiriladigan moliyaviy ko‘magi chet davlat subsidiyasi (bundan buyon matnda subsidiya deb yuritiladi) hisoblanadi.
Subsidiya oluvchiga qo‘shimcha afzalliklar beradigan moliyaviy ko‘makning quyidagi turlari subsidiyalar deb tan olinadi:
chet davlat tomonidan moliyaviy mablag‘larni (shu jumladan grantlar, zayomlar, aksiyalarni sotib olish tariqasidagi moliyaviy mablag‘larni) to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazish yoki shunday mablag‘larni (shu jumladan zayomlar bo‘yicha kafolatlar tariqasidagi mablag‘larni) o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlar;
chet davlatning davlat daromadiga tushishi lozim bo‘lgan to‘lovlarni undirishdan voz kechishi yoki undirmasligi (shu jumladan soliq kreditlari berish yo‘li bilan), eksport qilinayotgan tovarni ichki iste’mol uchun mo‘ljallangan o‘xshash tovardan undiriladigan soliqlar va bojlardan ozod qilish yoki bunday soliqlar va bojlarni haqiqatda hisoblab chiqarilgan summalardan oshmaydigan miqdorda kamaytirish hollari bundan mustasno;
chet davlat tomonidan tovarlarni taqdim etish va xizmatlar ko‘rsatish (umumiy infratuzilmani saqlab turish va rivojlantirish uchun mo‘ljallangan tovarlar va xizmatlar bundan mustasno) yoki tovarlarni xarid qilib olish;
chet davlat tomonidan moliyalashtirish fondlariga to‘lovlar to‘lash yoki o‘z vakolatlarini ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan, odatda chet davlat tomonidan chet davlatning odatdagi amaliyotidan haqiqatda farq qilmaydigan shartlarda amalga oshiriladigan moliyaviy yordam turlarini amalga oshirish uchun xususiy tashkilotga berish.
Moliyaviy ko‘makning subsidiya oluvchiga qo‘shimcha afzalliklar beradigan boshqa turlari ham subsidiyalar deb tan olinishi mumkin.
Subsidiyalarning vakolatli organ tomonidan tekshiruv jarayonida aniqlangan summasi, agar u subsidiya bilan ta’minlangan tovar qiymatining bir foizdan ortiqrog‘ini tashkil etsa, kompensatsiya bojlarini qo‘llanish yo‘li bilan qoplanishi kerak.
Subsidiyalar, agar ular o‘ziga xos bo‘lsa, kompensatsiya bojining predmetidir. Foydalanilishi cheklangan va muayyan korxonaga yoki iqtisodiyot tarmog‘iga, korxonalar yoxud iqtisodiyot tarmog‘lari guruhiga, shuningdek belgilangan jug‘rofiy mintaqada joylashgan muayyan korxonalarga beriladigan yoxud tovar eksportini rag‘batlantirishga yoki tovar importining o‘rnini bosishga qaratilgan subsidiya o‘ziga xos subsidiya hisoblanadi.
Kompensatsiya bojlarining predmeti bo‘lgan subsidiyani hisob-kitob qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 19-maydagi 129-son qarori bilan tasdiqlangan Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadida tekshirish o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 91 – 93-bandilari.
18-modda. Subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash
Subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash dalillarga asoslanadi va subsidiya bilan ta’minlangan tovar import qilinayotgandagi uning yetkazib berish hajmini, bu tovarning sifatini, O‘zbekiston Respublikasining ichki bozoridagi o‘xshash tovarlar narxiga ta’sirini hamda bunday yetkazib berishning iqtisodiyot tarmog‘i uchun oqibatlarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Vakolatli organ subsidiya bilan ta’minlangan tovar import qilinayotgan paytda uning yetkazib berish hajmini tekshirayotganda bunga taalluqli, iqtisodiyot tarmog‘ining holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillar va ko‘rsatkichlarni o‘rganib chiqadi.
19-modda. Kompensatsiya bojlari qo‘llanilishining xususiyatlari
Alohida hollarda, lekin tekshiruv boshlanganidan keyin kamida oltmish kun o‘tgach, agar tekshiruv tugallangunga qadar olingan ma’lumot subsidiya bilan ta’minlangan tovar import qilinayotganligidan va bunday tovar importidan iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilayotganligidan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi borligidan dalolat bersa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organning dastlabki xulosasi asosida muvaqqat kompensatsiya bojini qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘qligi tekshiruv natijalariga ko‘ra vakolatli organ tomonidan aniqlangan bo‘lsa, to‘langan muvaqqat kompensatsiya boji summalari to‘lovchiga qonunchilikda bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
Agar kompensatsiya boji muvaqqat kompensatsiya bojidan kam miqdorda qo‘llanilgan bo‘lsa, oradagi farq to‘lovchiga qonunchilikda bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
(19-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 49-bobi, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 19-maydagi 129-son qarori bilan tasdiqlangan Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadida tekshirish o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 131-bandi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining 2007-yil 15-iyundagi 01-02/8-3, EG-01/10-3339, 20, 58-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus, antidemping va kompensatsiya bojlarini hisoblash, undirish va qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 32-bandi (ro‘yxat raqami 1718, 20.09.2007-y.)
Agar kompensatsiya boji muvaqqat kompensatsiya bojidan ko‘p miqdorda qo‘llanilgan bo‘lsa, oradagi farq to‘lovchidan undirilmaydi.
Tekshiruv boshlangan sanadan avvalroq erkin muomalaga chiqarilgan tovarga nisbatan kompensatsiya boji qo‘llanilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Kompensatsiya boji qonunchilikda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar undirilishidan qat’i nazar qo‘llaniladi.
(19-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Maxsus, antidemping va kompensatsiya bojlarini hisoblash, undirish va qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 1718, 20.09.2007-y.)
20-modda. Kompensatsiya bojining amal qilish muddati
Kompensatsiya bojining amal qilish muddati uni qo‘llanish boshlangan yoki subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi nuqtai nazaridan ham, iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan ham oxirgi marta qayta ko‘rib chiqish boshlangan paytdan e’tiboran besh yildan oshmasligi lozim, kompensatsiya bojining amal qilish muddati tugagunga qadar boshlangan qayta ko‘rib chiqish jarayonida kompensatsiya bojining amal qilishini tugatish subsidiya bilan ta’minlangan tovar importining hamda iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining davom etishiga yoki tiklanishiga olib kelishi vakolatli organ tomonidan aniqlangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda kompensatsiya boji qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lgan takroriy tekshiruv natijalari olingunga qadar qo‘llanilaveradi.
Kompensatsiya bojini qayta ko‘rib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv vakolatli organning tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning so‘roviga ko‘ra ular kompensatsiya bojini qayta ko‘rib chiqish zarurligini tasdiqlovchi axborotni taqdim etganlaridan keyin amalga oshiriladi. Kompensatsiya bojini qayta ko‘rib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv shu tekshiruvni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida tugallanishi kerak.
Kompensatsiya bojini qo‘llanishni davom ettirish yoki bunday bojning stavkasini qayta ko‘rib chiqish zarurligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan takroriy tekshiruv natijalariga binoan vakolatli organning xulosasi asosida belgilanadi.
Muvaqqat kompensatsiya boji to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga belgilanadi.
21-modda. Subsidiya bilan ta’minlangan tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar
Tekshiruv quyidagi hollarda kompensatsiya bojlari yoki muvaqqat kompensatsiya bojlari qo‘llanilmasdan to‘xtatib turilishi yoxud tugatilishi mumkin:
agar narxlar bo‘yicha ixtiyoriy majburiyatlar subsidiyani bekor qilish yoki qisqartirish yoxud subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatlarini bartaraf etish maqsadida aynan o‘xshash boshqa choralarni ko‘rish yuzasidan tekshiruv obyekti bo‘lgan tovar eksport qilinayotgan chet davlatdan olingan bo‘lsa;
agar narxlar bo‘yicha ixtiyoriy majburiyatlar bunday majburiyatlarning qabul qilinishini vakolatli organ iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etadi deb belgilaydigan tarzda tovar narxlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida tekshiruv obyekti bo‘lgan tovarni eksport qiluvchidan olingan bo‘lsa. Narxlar bo‘yicha shunday majburiyatlarga muvofiq tovar narxlari darajasi subsidiyaning iqtisodiyot tarmog‘iga ta’sirini kompensatsiya qilish uchun zarur bo‘lganidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Tovar narxlarining oshirilishi, agar bunday oshirish iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun kifoya qilsa, subsidiya miqdoridan kam bo‘lishi mumkin.
Subsidiya bilan ta’minlangan tovar import qilinayotganligi va bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yo‘qligi to‘g‘risida vakolatli organ tomonidan dastlabki xulosa chiqarilgunga qadar subsidiya bilan ta’minlangan tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar chet davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan qabul qilinmaydi.
Subsidiya bilan ta’minlangan tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar chet davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan qabul qilingan taqdirda, tekshiruv tovar eksport qilinayotgan chet davlatning iltimosnomasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan davom ettirilishi mumkin. Agar tekshiruv natijalariga ko‘ra subsidiya bilan ta’minlangan tovar import qilinmayotganligi yoki bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘qligi to‘g‘risida xulosa chiqarilgan bo‘lsa, subsidiya bilan ta’minlangan tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar o‘z kuchini yo‘qotadi, chiqarilgan xulosa ko‘p jihatdan narxlar bo‘yicha majburiyatlar mavjudligining natijasi bo‘lgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda mazkur majburiyatlar iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan muddat mobaynida o‘z kuchini saqlab turadi.
Subsidiya bilan ta’minlangan tovarni import qilishda narxlar bo‘yicha majburiyatlar tovar eksport qilinayotgan chet davlat tomonidan yoki eksport qiluvchi tomonidan buzilgan yoki qaytarib olingan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kompensatsiya bojini yoki muvaqqat kompensatsiya bojini qo‘llanish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
V. TEKShIRUV O‘TKAZISh
22-modda. Tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida ariza berish tartibi
Tekshiruv vakolatli organ tomonidan, iqtisodiyotning tegishli tarmog‘i manfaatlarini ifoda etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslarning yozma arizasiga binoan o‘tkaziladi.
Tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) umumiy ishlab chiqarishi O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining mazkur ariza yuzasidan o‘z fikrini yozma ravishda bildirgan qismi tomonidan ishlab chiqarilgan jami o‘xshash tovarning ellik foizidan ortiqrog‘ini tashkil etadigan O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, u berilgan deb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining arizani qo‘llab-quvvatlovchilari ulushiga O‘zbekiston Respublikasida o‘xshash tovarlarni jami ishlab chiqarishning kamida yigirma besh foizi to‘g‘ri kelishi kerak.
Arizada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
ariza beruvchining nomi, ariza beruvchi oldingi davrda o‘xshash tovarni ishlab chiqarganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirilayotgan, tekshiruv obyekti bo‘lgan tovarning tavsifi, tovar kelib chiqqan mamlakat nomi, chet davlatning ariza beruvchiga ma’lum eksport qiluvchilari va ishlab chiqaruvchilari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida o‘xshash tovar ishlab chiqaruvchilardan qaysilari unga ma’lum bo‘lsa, shu ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
tovar narxlarining, tovar importi ko‘payganligi sur’atlari va hajmlarining mutlaq va nisbiy miqdorlari to‘g‘risidagi, tovar importining ichki bozordagi o‘xshash tovarning narxlariga va iqtisodiyot tarmog‘iga ta’siri haqidagi, tovarning O‘zbekiston Respublikasining ichki bozoridagi ulushi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
demping narxlaridagi tovar import qilinayotganligi va bunday tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining borligi dalillari, shunday tovarning normal qiymati va eksport narxiga oid ma’lumotlar (ushbu Qonunning III bobida nazarda tutilgan hollar uchun);
subsidiyaning mavjudligi dalillari, imkoni bo‘lganda shunday subsidiyaning miqdorini va subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yo‘qligini ko‘rsatgan holda (ushbu Qonunning IV bobida nazarda tutilgan hollar uchun).
Ariza tekshiruv boshlangunga qadar yoki tekshiruv o‘tkazilayotgan paytda ariza beruvchi tomonidan qaytarib olinishi mumkin. Agar ariza tekshiruv boshlangunga qadar qaytarib olingan bo‘lsa, u berilmagan deb hisoblanadi. Agar ariza tekshiruv o‘tkazilayotgan paytda qaytarib olingan bo‘lsa, vakolatli organ tekshiruvni davom ettirish yoki uni tugatish huquqiga ega.
Tovar importi ko‘payganligi, demping narxlaridagi tovar importi yoki subsidiya bilan ta’minlangan tovar importi mavjudligi va bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining borligi dalillari bo‘lgan taqdirda, tekshiruv vakolatli organning o‘z tashabbusi bilan o‘tkazilishi mumkin.
23-modda. Tekshiruvni boshlash uchun majburiy shartlar
Ariza berilganidan keyin o‘ttiz kun ichida vakolatli organ arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va yetarliligini ko‘rib chiqishi hamda tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida yoki tekshiruv o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilib, bu haqda ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qilishi kerak. Tekshiruv o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda rad etish sabablaridan ariza beruvchini vakolatli organ xabardor etadi.
Tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar vakolatli organ arizaning mazmunini, uning olinganligi va ko‘rib chiqilganligi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish huquqiga ega emas.
Vakolatli organ, agar u ma’lumotlarni yetarli emas deb topsa, ariza olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda bu haqda ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qiladi va unga o‘z arizasiga o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar kiritish imkoniyatini beradi.
Agar ariza beruvchi o‘z arizasiga o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar kiritsa, arizani ko‘rib chiqish muddati ana shu o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar olingan kundan e’tiboran boshlanadi.
Agar ariza beruvchi vakolatli organ so‘rayotgan qo‘shimcha ma’lumotlarni xabar olingan sanadan e’tiboran o‘n besh kun ichida taqdim etmasa va bunday ma’lumotlarni taqdim etishni kechiktirish to‘g‘risida iltimos qilmagan bo‘lsa, vakolatli organ arizani ko‘rib chiqishni rad etishga haqli bo‘lib, bu haqda ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qiladi.
Vakolatli organ tekshiruvni boshlash uchun ariza beruvchining ariza berilishiga sabab bo‘lgan tovarni umumiy ishlab chiqarishdagi ulushini aniqlash orqali arizani ko‘rib chiqishda xolislikka rioya etilishini va ariza yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyot tegishli tarmog‘i ishlab chiqaruvchilarining fikrlari mumkin qadar ko‘proq inobatga olinishini ta’minlaydi. Buning uchun vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasining o‘xshash tovar boshqa ishlab chiqaruvchilari va iste’molchilarining ushbu ariza yuzasidan fikrlarini so‘rab olishga haqli.
24-modda. Tekshiruvni boshlash to‘g‘risidagi qaror va tekshiruv boshlanganligidan xabardor qilish
Tekshiruvni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganligidan keyin vakolatli organ o‘ttiz kun ichida:
barcha manfaatdor shaxslarni bo‘lajak tekshiruvdan xabardor qiladi;
tekshiruvning boshlanishi haqida rasmiy nashrda bildirish e’lon qiladi.
Tekshiruvning boshlanishi haqidagi bildirishda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
eksport qiluvchi mamlakatning, mamlakatlarning nomi va tekshiruv obyekti bo‘lgan tovarning nomi;
tekshiruv boshlanadigan sana;
arizaning qonuniyligini tasdiqlovchi faktlarning qisqacha bayoni;
manfaatdor shaxslar o‘z materiallarini yuborishlari lozim bo‘lgan manzil va ularni taqdim etish muddatlari.
Tekshiruv mazkur tekshiruv obyekti bo‘lgan tovarning bojxona rasmiylashtiruviga va uni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga chiqarilishiga monelik qilmasligi kerak.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tekshiruv o‘tkazilishiga ko‘maklashishlari va vakolatli organning so‘roviga binoan tovarlar namunalarini hamda zarur axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni taqdim etishlari lozim.
25-modda. Tekshiruv muddatlari
Muhofaza choralari qo‘llanilishidan oldingi tekshiruvni o‘tkazish muddati tekshiruv boshlangan sanadan e’tiboran to‘qqiz oydan oshmasligi lozim.
Antidemping va kompensatsiya bojlari qo‘llanilishidan oldingi tekshiruvni o‘tkazish muddati tekshiruv boshlangan sanadan e’tiboran o‘n ikki oydan oshmasligi lozim. Alohida hollarda, mazkur muhlat vakolatli organning qaroriga binoan olti oygacha bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Agar chet davlat yoki eksport qiluvchi iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa, tekshiruv vakolatli organ tomonidan to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi mumkin.
26-modda. Tekshiruv o‘tkazishning xususiyatlari
Agar iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazilmaganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘qligi aniqlangan bo‘lsa, vakolatli organ tekshiruv o‘tkazishni rad etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar demping marjasi eksport narxining ikki foizidan kamini tashkil etsa yoki demping narxlaridagi tovar importi hajmining yoki bunday importdan iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoxud jiddiy zarar yetkazilishi xavfining uncha katta emasligi qonunchilikka muvofiq aniqlangan bo‘lsa, antidemping bojlari qo‘llanilishidan oldingi tekshiruv darhol tugatilishi kerak.
(26-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar subsidiya miqdori tovar qiymatining bir foizidan oshmasligi aniqlangan bo‘lsa, kompensatsiya bojlari qo‘llanilishidan oldingi tekshiruv darhol tugatilishi lozim.
VI. YAKUNLOVChI QOIDALAR
27-modda. Axborotning maxfiyligi
Tekshiruv jarayonida vakolatli organga taqdim etiladigan maxfiy axborot uni taqdim etgan manfaatdor shaxsning yozma ruxsatnomasisiz oshkor qilinmasligi kerak.
28-modda. Muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini bekor qilish
Agar muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish oqibatida iqtisodiyot tarmog‘iga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bartaraf etilganligi aniqlangan bo‘lsa, vakolatli organ ularni bekor qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
29-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Muhofaza choralarini, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(29-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 19-maydagi 129-son qarori bilan tasdiqlangan Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qo‘llanish maqsadida tekshirish o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
30-modda. Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(30-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 22719-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 11-dekabr,
554-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 4-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 52-son, 513-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)