O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoni hamda “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini (keyingi o‘rinlarda — Kitobni) yuritish shakllari;
Kitobga kiritiladigan tekshiruvlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ularni kiritish tartibi;
Kitobni to‘ldirish tartibiga rioya qilishni monitoring qilish va uning hisobini yuritish;
b) Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq:
attestatsiya komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish;
attestatsiyadan o‘tkaziladigan xodimlar ro‘yxatini shakllantirish;
xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish va uning natijasi bo‘yicha attestatsiya komissiyasi qarorini qabul qilish;
attestatsiyadan o‘tgan xodimga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma berish;
v) Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qo‘yiladigan minimal talablar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar;
xavf darajasining tahlili davomida o‘rganiladigan ma’lumotlar toifalari;
xavf darajalarining tasnifi va ularni mezonlashga doir talablar;
tasniflangan xavf darajalari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar.
2. Nazorat qiluvchi organlar bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning elektron reyestrini shakllantirish uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilgan va tadbirkorlik subyektlarini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Manfaatdor vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-oktabr,
611-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga
1-ILOVA
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish qonuniyligini nazorat qilish vakolati berilgan tashkilot;
Davlat nazorati tizimi — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi;
nazorat qiluvchi organ — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi bo‘linmalar va boshqa tashkilotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tadbirkorlik subyekti faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etuvchi hamda ma’muriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi — o‘tkazilgan tekshiruvlar to‘g‘risidagi axborot yozib qo‘yiladigan elektron shaklidagi maxsus kitob;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir ma’lumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali o‘tkaziladigan nazorat qilish tadbiri.
3. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining yuritilishidan maqsad:
nazorat qiluvchi organ faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralikni ta’minlash;
tadbirkorlik subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
tadbirkorlik subyektining faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga chek quyish;
davlat tomonidan nazorat qilish tizimining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlash.
4. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshirishlar Davlat nazorati tizimiga kiritiladi.
5. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi tadbirkorlik subyekti tomonidan elektron shaklida yuritiladi.
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakli Davlat nazorati tizimida tadbirkorlik subyekti tomonidan ro‘yxatdan o‘tish orqali yuritiladi.
6. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakli majburiy tartibda to‘ldiriladi.
7. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakli bevosita tadbirkorlik subyektida to‘ldiriladi.
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga Davlat nazorati tizimining veb-sahifasi yoki maxsus mobil ilova orqali kiritiladi.
8. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobida tadbirkorlik subyektining to‘liq nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), unga berilgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
9. Belgilangan tartibda davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlar Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga kiritilmaydi.
10. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq to‘ldiriladi.
2-bob. Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga tekshirishlar haqidagi yozuvlarni kiritish
11. Tekshirish boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekti rahbari bo‘lmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish uchun elektron shaklini taqdim etadi.
12. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshirish boshlanishidan oldin qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik subyektining rahbarini (tadbirkorlik subyekti rahbari bo‘lmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshirish maqsadi va shartlari bilan tanishtirishi, qonunchilikda belgilangan hujjatlarni taqdim etishi, Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining tegishli bo‘linmalariga yozuvlar kiritishi lozim.
13. Tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekti rahbari bo‘lmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga kiritilgan ma’lumotlarni tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar bilan taqqoslashga haqli.
14. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshirish boshlanishiga kadar Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga quyidagi ma’lumotlarni kiritishi lozim:
Davlat nazorati tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tekshirish raqami;
tekshiruv o‘tkazayotgan nazorat qiluvchi organ nomi;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, agar tekshiruvchi mansabdor shaxslar bir nechta bo‘lganda, ular to‘g‘risida ham ma’lumotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining maxsus guvohnomasi raqami, agar kiritilgan maxsus guvohnoma raqami Davlat nazorati tizimidagi ma’lumotlar bilan to‘g‘ri kelmagan taqdirda, tadbirkorlik subyektida ushbu mansabdor shaxs tomonidan tekshiruv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
tekshiruv o‘tkazilayotgan tadbirkorlik subyektining manzili;
tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan buyruq raqami va sanasi;
tekshiruv turi, bunda Davlat nazorati tizimida mavjud bo‘lgan tekshirish turi va uning maxsus kodi;
tekshiruv muddati;
tekshiruvga auditor va ekspertlar jalb qilingan taqdirda, jalb qilingan auditor va ekspertlarning ismi, familiyasi, otasining ismi, ish joyi, faoliyat yo‘nalishi, uni jalb qilishga asos bo‘lgan shartnoma raqami va sanasi.
Tekshiruv bir nechta nazorat qiluvchi organ tomonidan o‘tkazilganda, boshqa nazorat qiluvchi organ tomonidan ham ushbu bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlar kiritilishi lozim.
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga kiritilgan ma’lumotlar tegishli ravishda tasdiqlangandan so‘ng ularni o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas, tekshiruvga jalb qilingan auditor va ekspertlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bundan mustasno.
15. Tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekti rahbari bo‘lmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruv yakunlangandan so‘ng Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga quyidagi ma’lumotlarni kiritadi:
tekshiruv boshlangan sana;
tekshiruv tugagan sana;
o‘tkazilgan tekshiruvning davomiyligi;
tekshiruv jarayonida talab qilib olingan hujjatlar;
tekshiruv jarayonida qo‘llanilgan ta’sir choralar (yozma ko‘rsatma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risida qarorlar va sud qarorlari);
tekshiruvda uchinchi shaxslar qatnashganligi to‘g‘risida ma’lumot (tadbirkorlik subyektining so‘rovi asosida jalb etilgan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyekti a’zo bo‘lgan birlashmalarning vakillari, shartnoma asosida jalb qilingan soliq maslahatchilari, tarjimon va advokatlar).
Tadbirkorlik subyekti Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga faoliyatida o‘tkazilgan tekshirish bo‘yicha baho berishi hamda tekshiruv jarayonida korrupsiya holatlari haqida xabar berishi mumkin.
16. Tekshiruvchi mansabdor shaxs Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirishdan bosh tortsa yoki mazkur Nizomda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni taqqoslash natijasida tafovutlar aniqlangan taqdirda, tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshirishga qo‘yilmaydi. Bunda tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekt rahbari bo‘lmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) Vakolatli organga murojaat etishga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga haqli.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Tadbirkorlik subyektining faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish maqsadida nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibiga rioya qilinayotganligi bo‘yicha monitoring vakolatli organ hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
18. Vakolatli organ Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobini Davlat nazorati tizimida yuritadi.
19. Nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya etmaslik holati tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish tartibini buzish deb baholanadi.
20. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining XVI1 bobi, Jinoyat kodeksining XIII1 bobi.
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari bo‘lmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)

Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish uchun elektron shaklini taqdim etadi.

Tekshirish boshlanishidan oldin

2-bosqich

Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi

Qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik subyektining rahbarini (tadbirkorlik subyekti rahbari bo‘lmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshiruv maqsadi va shartlari bilan tanishtiradi, qonunchilikda belgilangan hujjatlarni taqdim etadi, Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining tegishli bo‘linmalariga yozuvlar kiritadi.

Tekshiruv bir nechta nazorat qiluvchi organ tomonidan o‘tkazilganda, barcha nazorat qiluvchi organlar Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining tegishli bo‘linmalariga yozuvlar kiritadi.

Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga kiritilgan ma’lumotlar tegishli ravishda tasdiqlangandan so‘ng ularni o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas, tekshiruvga jalb qilingan auditor va ekspertlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bundan mustasno.

Tekshirish boshlanishidan oldin

3-bosqich

Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari bo‘lmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)

Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga kiritilgan ma’lumotlarni tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar bilan taqqoslashga haqli.

Tekshirish boshlanishidan oldin

4-bosqich

Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari bo‘lmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)

Tekshiruvchi mansabdor shaxs Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirishdan bosh tortsa yoki mazkur Nizomda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni taqqoslash natijasida tafovutlar aniqlangan taqdirda, tekshiruvchi mansabdor shaxsni tekshirishga qo‘ymaydi.

Vakolatli organga murojaat etishga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga haqli.

Tekshirish boshlanishidan oldin

5-bosqich

Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari bo‘lmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)

Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga tegishli ma’lumotlarni kiritadi.

Tadbirkorlik subyekti Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron shakliga faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishga baho berishi va tekshiruv jarayonida korrupsiya holatlari haqida xabar berishi mumkin.

Tekshiruv yakunlangandan so‘ng

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga
2-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan (keyingi o‘rinlarda — Attestatsiya) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish qonuniyligini nazorat qilish vakolati berilgan tashkilot;
davlat nazorati tizimi — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi;
nazorat qiluvchi organ — tadbirkorlik subyekti faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi bo‘linmalar va boshqa tashkilotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tadbirkorlik subyekti faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etuvchi hamda ma’muriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar.
3. Attestatsiya nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshiruvchi mansabdor shaxslarining (keyingi o‘rinlarda — mansabdor shaxs) malakasi va professionallik darajasini baholash, shuningdek, ularning nazorat organi faoliyatiga hamda tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishga taalluqli qonunchilik talablariga rioya etilishi uchun mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali markirovkalangan tovarlar harakatini kuzatish asosida aniqlangan huquqbuzarlik bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-maydagi PQ-190-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.05.2025-y., 07/25/190/0464-son)
4. Qonuniylik, majburiylik, oshkoralik, xolislik va kollegiallik Attestatsiyani o‘tkazishning asosiy tamoyillari hisoblanadi.
5. Attestatsiyadan o‘tishi kerak bo‘lgan mansabdor shaxslar soni qonunchilik bilan nazorat qiluvchi organ hamda uning mansabdor shaxslariga qo‘yilgan talablardan kelib chiqib, har bir nazorat qiluvchi organ tomonidan aniqlanadi.
6. Mansabdor shaxslar Attestatsiyadan nazorat qiluvchi organ tomonidan uch yilda kamida bir marta ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha o‘tkaziladi.
7. Quyidagilar Attestatsiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yuqori malakaga ega va mas’uliyatli mansabdor shaxslar toifasini aniqlash;
mansabdor shaxslarning kasb tayyorgarligini, ularni qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish zarurligini aniqlash;
tadbirkorlik subyekti faoliyatida profilaktika tadbirlarini amalga oshirishni tashkil etish va tekshiruvlar qonunchilik talablari asosida o‘tkazilishini ta’minlash;
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish jarayonida korrupsiya holatlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va qonuniylikni ta’minlash.
2-bob. Attestatsiya komissiyasining faoliyatini tashkil etish
8. Attestatsiya nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrug‘i asosida tashkil etiladigan va besh kishidan iborat bo‘lgan Attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
Attestatsiya komissiyasi rais, kotib va komissiya a’zolaridan tashkil topadi. Bunda Attestatsiya komissiyasining raisi ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq belgilanadi. Komissiya tarkibi nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish majburiyatiga kirmaydigan shaxslardan shakllantiriladi.
Nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrug‘i bilan uning hududiy bo‘linmalarida hududiy yoki hududlararo Attestatsiya komissiyalari tashkil etiladi. Bunda nazorat qiluvchi organning hududiy bo‘linmasi boshlig‘i hududiy yoki hududlararo Attestatsiya komissiyalari raisi hisoblanadi.
Nazorat qiluvchi organning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hududiy bo‘linmalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, Attestatsiya respublika komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
9. Attestatsiya komissiyasi tarkibi komissiya raisi va 4 nafar komissiya a’zolaridan iborat bo‘lishi lozim. Komissiya tarkibi 2 nafar nazorat qiluvchi organ va 1 nafardan vakolatli organ, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyekti vakillaridan shakllantiriladi.
Nazorat qiluvchi organ yoki uning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tegishli hududiy bo‘linmasi rahbari (rahbari o‘rinbosari) Attestatsiya komissiyasi raisi hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nazorat qiluvchi organning rasmiy veb-sahifasida joylashtirilishi lozim.
10. Hududiy yoki hududlararo Attestatsiya komissiya tarkiblari ushbu Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan idoralarning hududiy bo‘linmalari vakillaridan shakllantiriladi.
11. Attestatsiya komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy ravishda amalga oshiradi, uning faoliyatini tashkil etish Attestatsiya komissiyasining ishchi organi tomonidan ta’minlanadi.
Nazorat qiluvchi organning kadrlar bilan ishlovchi tarkibiy bo‘linmasi ishchi organ funksiyasini bajaradi va uning vakili Attestatsiya komissiyasining kotibi hisoblanadi.
Ishchi organ quyidagi funksiyalarni bajaradi:
nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi bilan birgalikda Attestatsiyani o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
Attestatsiyani o‘tkazish uchun mansabdor shaxslar ro‘yxatini tuzadi va Attestatsiya komissiyasiga taqdim etadi;
Attestatsiyani o‘tkazish uchun savollar ro‘yxatini tayyorlaydi hamda kelishish uchun Komissiya a’zolariga yuborilishini ta’minlaydi;
Attestatsiya o‘tkaziladigan sana va joy to‘g‘risida Komissiya a’zolari bilan kelishadi hamda bu haqda mansabdor shaxslarga xabar qiladi;
manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni ta’minlaydi;
Attestatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni veb-sahifaga joylashtirish choralarini ko‘radi;
ushbu Nizomga muvofiq Attestatsiya komissiyasining ishi hamda qarorlari ijrosi bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etadi.
12. Attestatsiya komissiyasi Attestatsiyani o‘tkazishda:
Attestatsiyadan o‘tayotgan mansabdor shaxs haqida qisqacha axborotni eshitadi;
Attestatsiyadan o‘tayotgan mansabdor shaxsga savollar beradi;
Attestatsiya yakunlari bo‘yicha ochiq ovoz berishni o‘tkazadi;
Attestatsiyadan o‘tayotgan mansabdor shaxs faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beradi;
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
mansabdor shaxsga avval berilgan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani bekor qilish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi;
Attestatsiyani o‘tkazishga tegishli boshqa vazifalarni hal etadi.
13. Attestatsiya komissiyasi Attestatsiya oshkora, xolisona va adolatli o‘tkazilishi uchun javob beradi.
3-bob. Attestatsiyani o‘tkazish
14. Nazorat qiluvchi organ rahbari vakolatli organ bilan kelishilgan, Attestatsiyadan o‘tishi kerak bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxatini tasdiqlaydi va Attestatsiyani o‘tkazish haqida buyruq chiqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Attestatsiyadan o‘tishi kerak bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxatiga:
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar (bundan soliq organlarining masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari mustasno);
maxsus guvohnomasining amal qilish muddati tugagan yoki shu oy mobaynida tugaydigan mansabdor shaxslar;
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini olishga tavsiya qilingan, kamida ikki yillik (sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha kamida uch oylik) mehnat stajiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar kiritiladi.
Ushbu ro‘yxatga oldin tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini olgan, biroq tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimga tayinlangan mansabdor shaxslar, shuningdek, tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish sohasida qonunchilik buzilishi munosabati bilan bunday huquqdan mahrum etilgan mansabdor shaxslar kiritilmaydi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-maydagi PQ-190-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.05.2025-y., 07/25/190/0464-son)
16. Attestatsiyani o‘tkazish muddati bo‘yicha nazorat qiluvchi organning rahbari tomonidan mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqining amal qilishi muddati tugashi, nazorat qiluvchi organning tuzilmasi, shtat birligi o‘zgarishi, kadrlar qo‘nimsizligi va boshqa omillar inobatga olingan holda tashabbus ko‘rsatiladi.
17. Nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi rahbari tomonidan ishchi organga Attestatsiyadan o‘tishi kerak bo‘lgan har bir mansabdor shaxs to‘g‘risida xizmat tavsifnomasi taqdim etiladi.
Attestatsiyadan o‘tkaziladigan mansabdor shaxs Attestatsiyadan kamida ikki hafta oldin Attestatsiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq bilan imzo qo‘ydirilgan holda tanishtirilishi kerak.
18. Attestatsiya komissiyasining yig‘ilishi Attestatsiya komissiyasi tasdiqlagan tarkibning to‘rtdan uch qismi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi.
19. Attestatsiya Attestatsiyadan o‘tayotgan mansabdor shaxs bilan savol-javob shaklida o‘tkaziladi.
20. Attestatsiyadan o‘tishda Attestatsiyadan o‘tkaziluvchilarga elektron moslamalardan, ma’lumotnoma, maxsus yoki boshqa adabiyotlardan, shuningdek, har qanday yozuvlardan foydalanish man etiladi. Ko‘rsatilgan talablar buzilgan hollarda, Attestatsiyadan o‘tkaziluvchilar Attestatsiyadan chetlatiladi va Attestatsiyadan o‘tmagan deb hisoblanadi.
21. Komissiya yig‘ilishida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
22. Attestatsiya qoida tariqasida nazorat qiluvchi organ belgilagan joyda o‘tkaziladi. Nazorat qiluvchi organ Attestatsiya jarayoni real vaqt rejimida (onlayn) kuzatib borilishini ta’minlashi lozim. Komissiya a’zolari Attestatsiyada zarurat vujudga kelgan taqdirda video-konferensiya aloqa vositalari orqali ishtirok etishi mumkin.
23. Attestatsiya komissiyasi kotibi har bir Attestatsiyadan o‘tkaziluvchi mansabdor shaxs haqidagi ma’lumotnomani Attestatsiya o‘tkazish sanasidan kamida bir hafta oldin komissiyaga taqdim etadi.
24. Attestatsiya o‘tkazilishidan kamida 15 kun oldin Attestatsiya komissiyasi bilan kelishilgan holda, ishchi organ tomonidan savollar ro‘yxati tuziladi, ushbu ro‘yxat Attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Ro‘yxatga majburiy ravishda tadbirkorlik subyekti faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga bog‘liq savollar va vaziyatli vazifalar — tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish vaqtida sodir bo‘ladigan va/yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar hamda tegishli tadbirkorlik subyekti tomonidan qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshirish tashabbusi bilan chiqishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimiga oid savollar kiritilishi shart.
25. Har bir Attestatsiyadan o‘tuvchi mansabdor shaxsga ikki nusxada ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq Attestatsiya varaqasi tuziladi.
26. Attestatsiya komissiyasi tomonidan Attestatsiyadan o‘tuvchi mansabdor shaxs haqidagi tavsifnoma va savollarga berilgan javoblarni inobatga olgan holda, har bir Attestatsiyadan o‘tuvchi mansabdor shaxsga nisbatan ochiq ovoz berish yo‘li bilan alohida qaror qabul qilinadi. Qaror Attestatsiyada ishtirok etgan Attestatsiya komissiyasi a’zolarining ko‘pchiligi ovoz berganda, qabul qilingan deb hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasi a’zolarining ovozlari teng bo‘lgan taqdirda, Attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
27. Attestatsiya natijasi bo‘yicha Attestatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
mansabdor shaxs Attestatsiyadan o‘tdi;
mansabdor shaxs Attestatsiyadan o‘tmadi.
Attestatsiya komissiyasi a’zolari ovoz berish jarayonida betaraf qolishi mumkin emas.
28. Attestatsiya komissiyasining qarori ovoz berish jarayoni tugashi bilan e’lon qilinadi va Attestatsiya qatnashchilari Attestatsiya varaqalariga imzo chekishadi.
29. Attestatsiya yakuni bo‘yicha Attestatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror Attestatsiya komissiyasi raisi, kotibi hamda a’zolari tomonidan imzolanadigan Attestatsiya varaqasiga kiritiladi.
Agar Attestatsiyadan o‘tkaziluvchi o‘zining Attestatsiya varaqasini imzolashga rozi bo‘lmasa, bu haqda tegishli belgi qo‘yiladi.
Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasi Attestatsiya o‘tkazilgandan keyin bir kun muddatda Attestatsiyadan o‘tgan mansabdor shaxsga imzo qo‘ydirilgan holda taqdim etiladi.
30. Attestatsiya yakunlari bo‘yicha ikki kun muddatda bayonnoma tuziladi. Bayonnomada Attestatsiya o‘tkazilgan sana va joy, Attestatsiya komissiyasining qarori ko‘rsatiladi hamda Attestatsiya varaqalari ilova qilinadi. Bayonnoma Attestatsiya komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
31. Attestatsiyadan o‘tgan mansabdor shaxsga Attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilanadigan Attestatsiyani o‘tkazish davriyligi muddatiga tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqi beriladi.
32. Attestatsiyaga uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, xizmat safarida bo‘lganligi va boshqa sabablar tufayli) kelmagan mansabdor shaxslar Attestatsiya komissiyasining keyingi yig‘ilishiga qo‘yiladigan xodimlar ro‘yxatiga kiritiladi.
33. Attestatsiya komissiyasi tomonidan Attestatsiyadan o‘tmagan deb hisoblangan mansabdor shaxs takroriy Attestatsiyaga kamida olti oydan keyin qo‘yilishi mumkin.
34. Attestatsiyadan o‘tmagan mansabdor shaxsga tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish man etiladi. Nazorat qiluvchi organ rahbari mazkur mansabdor shaxsni uning roziligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimga o‘tkazishi mumkin.
35. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish davrida mansabdor shaxs tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan va/yoki qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga berilgan huquq Attestatsiya komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.
Attestatsiya komissiyasi tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqi bekor qilingan mansabdor shaxs qayta Attestatsiyaga kamida bir yildan keyin qo‘yilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining XVI1 bobi, Jinoyat kodeksining XIII1 bobi.
4-bob. Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish
36. Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining elektron reyestri Davlat nazorati tizimida nazorat qiluvchi organ tomonidan shakllantiriladi va vakolatli organ tomonidan yuritiladi.
37. Attestatsiya natijalariga asosan ishchi organ nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining quyidagi ma’lumotlarini Davlat nazorati tizimiga kiritadi:
nazorat qiluvchi organ nomi;
nazorat qiluvchi organning Attestatsiya o‘tkazilgan bo‘linmasi nomi;
Attestatsiyani o‘tkazish sanasi;
Attestatsiya komissiyasining bayonnoma nusxasi;
Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimi, maxsus guvohnomasining amal qilish muddati, pasporti seriyasi, raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
Attestatsiyadan o‘ta olmagan xodimlarning ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimi, pasporti seriyasi, raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami.
38. Attestatsiya yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng ushbu Nizomning 37-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar Davlat nazorati tizimiga bir ish kunida kiritilishi lozim.
39. Vakolatli organ nazorat qiluvchi organ tomonidan Davlat nazorati tizimiga kiritilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘liqliligini uch ish kunida tekshiradi.
Davlat nazorati tizimiga kiritilgan ma’lumotlar to‘liq bo‘lmagan yoki Attestatsiya natijalariga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, vakolatli organ tomonidan ushbu ma’lumotlar qayta ko‘rib chiqish uchun nazorat qiluvchi organga qaytariladi.
40. Nazorat qiluvchi organ tomonidan Davlat nazorati tizimiga kiritilgan ma’lumotlar vakolatli organ tomonidan tasdiqlangandan so‘ng Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan mansabdor shaxslarga avtomatlashtirilgan tarzda tartib raqami beriladi.
Davlat nazorati tizimida har bir mansabdor shaxsga berilgan tartib raqam ularga beriladigan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaning raqami hisoblanadi.
5-bob. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma
41. Attestatsiya komissiyasi tomonidan Attestatsiyadan o‘tgan mansabdor shaxsga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq maxsus guvohnoma beriladi.
42. Maxsus guvohnoma blankalarini tayyorlash, berish, saqlash va hisobini olib borish nazorat qiluvchi organning mablag‘lari hisobidan, mansabdor shaxslarning xizmat guvohnomalari uchun belgilangan tartib hamda ushbu Nizomning 40-bandi talablari bo‘yicha amalga oshiriladi.
43. Maxsus guvohnoma yo‘qotilgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan hollarda, mansabdor shaxsning murojaati asosida nazorat qiluvchi organ yoki uning hududiy bo‘linmasining buyrug‘i bilan unga dublikat berilishi mumkin.
Mansabdor shaxsga yangi maxsus guvohnoma berishda unga “Dublikat” belgisi qo‘yiladi. Qayta rasmiylashtirish va maxsus guvohnoma dublikatini berish uchun Attestatsiyadan o‘tish talab etilmaydi.
44. Nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan, ushbu nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq boshqa lavozimiga o‘tgan mansabdor shaxsiga dastlab berilgan maxsus guvohnomaning amal qilishi muddatiga yangi lavozimi ko‘rsatilgan holda yangi maxsus guvohnoma beriladi.
45. Mansabdor shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yoki u tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimga o‘tganda, maxsus guvohnoma ishchi organga qaytarilishi shart.
Ishchi organ maxsus guvohnomani qaytarib olgan kundan e’tiboran bir ish kuni mobaynida bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi lozim. Bunda vakolatli organ Davlat nazorati tizimidagi nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining elektron reyestrida mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimga o‘tgan mansabdor shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirish kiritadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Attestatsiyani tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli nazorat qiluvchi organ mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
47. Attestatsiya o‘tkazish bilan bog‘lik ushbu Nizomda belgilanmagan masalalar Attestatsiya komissiyasi tomonidan ovoz berish orqali hal etilishi mumkin.
48. Attestatsiya komissiyasining qarori yuzasidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
49. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining XVI1 bobi, Jinoyat kodeksining XIII1 bobi
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Nazorat qiluvchi organ

Vakolatli organ bilan kelishilgan — Attestatsiyadan o‘tish kerak bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxatini tasdiqlaydi, Attestatsiya o‘tkazish haqida buyruq chiqaradi.

Doimiy ravishda

2-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiya komissiyasi bilan kelishilgan holda ishchi organ tomonidan savollar ro‘yxati tuziladi va ushbu ro‘yxat nazorat qiluvchi organning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Attestatsiya o‘tkazilishidan kamida 15 kun oldin

3-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiyadan o‘tkaziladigan mansabdor shaxslarni Attestatsiya o‘tkazilishi haqida buyruq bilan unga imzo qo‘ydirgan holda tanishtiradi.

Attestatsiya o‘tkazilishidan kamida 2 hafta oldin

4-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiyadan o‘tkaziladigan mansabdor shaxslarga xizmat tavsifnomasi hamda ma’lumotnomalarni tayyorlaydi.

Attestatsiya o‘tkazilishidan kamida 2 hafta oldin

5-bosqich

Attestatsiya komissiyasi

Komissiya a’zolari orasidan yashirin ovoz berish orqali Attestatsiya komissiyasi raisini saylaydi.

Attestatsiya boshlanishidan oldin

6-bosqich

Attestatsiya komissiyasi

Attestatsiya mansabdor shaxs bilan savol-javob tarzida o‘tkaziladi.

Attestatsiya davomida

7-bosqich

Attestatsiya komissiyasi

1. Ovoz berish yo‘li bilan qaror qabul qiladi;

2. Komissiya qarorini e’lon qiladi;

3. Attestatsiya varaqalarini imzolaydi.

Attestatsiya yakunlari bo‘yicha

8-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasini Attestatsiyadan o‘tgan mansabdor shaxsga taqdim qiladi.

Attestatsiya o‘tkazilgandan so‘ng 1 kun mobaynida

9-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiya o‘tkazilgan sana va joy, Attestatsiya komissiyasi qarori ko‘rsatilgan hamda Attestatsiya varaqalari ilova qilingan holda Attestatsiya yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi.

Attestatsiya yakunlari bo‘yicha 2 kun mobaynida

10-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiyada qatnashgan mansabdor shaxslar haqida ma’lumotlarni nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining elektron reyestri Davlat nazorati tizimiga kiritadi.

Attestatsiya yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida

11-bosqich

Vakolatli organi

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan Davlat nazorati tizimiga kiritilgan ma’lumotlarning ishonchligi hamda to‘liqligini tekshiradi va tasdiqlaydi.

Ma’lumotlar Davlat nazorati tizimiga kiritilgandan so‘ng 3 ish kuni mobaynida

12-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Attestatsiyadan o‘tgan mansabdor shaxslarga nazorat organi mansabdor shaxslarining elektron reyestri Davlat nazorati tizimi orqali berilgan maxsus tartib raqamni ko‘rsatgan holda tadbirkorlik subyektlarini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani beradi.

Attestatsiya yakunlari bo‘yicha

13-bosqich

Attestatsiya komissiyasi ishchi organi

Nazorat organining rasmiy veb-sahifasida Attestatsiya komissiyasi a’zolari to‘g‘risidagi hamda o‘tkazilgan Attestatsiya natijalari haqidagi ma’lumotlarni joylaydi.

Attestatsiya yakunlari bo‘yicha

Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

‎‎Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish bo‘yicha
‎ATTESTATSIYA VARAQASI


‎ ____________________________________________________________________
‎(egallab turgan lavozimi)

‎____________________________________________________________________
‎(mansabdor shaxsning F.I.O.)


‎Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini
‎tekshirish huquqini berish to‘g‘risida

‎____________________________________________________________________
‎ (nazorat qiluvchi organ nomi)



‎Attestatsiya komissiyasi qarori:

‎‎_________________________________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________________________________
‎‎Attestatsiya komissiyasi raisi:

____________
‎(imzo) ‎‎

__________________________________
‎ (F.I.O.) ‎‎

‎‎Attestatsiya komissiyasi a’zolari:

____________
‎‎(imzo)‎‎

‎____________
‎ ‎‎(imzo)‎‎

‎____________
‎‎‎(imzo)‎‎

‎____________
‎ ‎‎(imzo)‎‎

__________________________________ ‎
‎(F.I.O.)

‎__________________________________ ‎ ‎
‎(F.I.O.) ‎‎

‎__________________________________ ‎ ‎
‎(F.I.O.) ‎‎

‎__________________________________ ‎ ‎
‎(F.I.O.) ‎‎ ‎‎

‎‎Attestatsiya komissiyasi kotibi:

‎‎____________ ‎
‎‎‎(imzo)‎‎

‎__________________________________ ‎ ‎
‎‎(F.I.O.) ‎‎ ‎‎

‎‎20___ y. ____ _____________

‎‎Attestatsiya komissiyasining qarori bilan tanishdim,
‎ushbu Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasini oldim.

‎‎______________________________________
‎(sana, imzo, mansabdor shaxsning F.I.O.)

‎‎20___ y. ____ _____________

Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

‎‎__________________________________
‎ (nazorat qiluvchi organning nomi)

‎‎

‎Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi
‎MAXSUS GUVOHNOMA № ______


‎ __________________________________
‎(mansabdor shaxsning F.I.O.)
‎__________________________________
‎ (egallab turgan lavozimi)

‎Attestatsiya komissiyasining 20____ yil _____ _________________dagi ______-son qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini 20____ yil _____ _________________gacha tekshirish huquqi berildi.

‎‎

‎Xizmat guvohnomasi bilan birgalikda ko‘rsatiladi.

Muhr o‘rni ‎

___________________________________________________________________________
‎ (nazorat qiluvchi organ rahbarining imzosi F.I.O.) ‎‎

Izoh. Maxsus guvohnomaning o‘lchami, oldi va orqa tarafining rangi nazorat qiluvchi organning xizmat guvohnomasidagi singari belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga
3-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qo‘yiladigan
MINIMAL TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur minimal talablar nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimini ishlab chiqishga doir minimal talablarni belgilaydi. Ushbu minimal talablar bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratini amalga oshirishda qo‘llaniladigan xavfni boshqarish tizimiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur minimal talablarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish qonuniyligini nazorat qilish vakolati berilgan tashkilot;
nazorat qiluvchi organ — tadbirkorlik subyekti faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi bo‘linmalar va boshqa tashkilotlar;
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir ma’lumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali o‘tkaziladigan nazorat qilish tadbiri;
“xavfni tahlil etish” tizimi — nazorat qiluvchi organlar tomonidan tegishli nazorat sohasi bo‘yicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti tomonidan o‘z faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash mexanizmi.
3. Mazkur minimal talablar nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatida “xavfni tahlil etish” tizimini ishlab chiqishda inobatga olinishi majburiydir.
4. Ishlab chiqilgan “xavfni tahlil etish” tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llashga asos bo‘la olmaydi.
5. Minimal talablarga zid bo‘lgan “xavfni tahlil etish” tizimlari tadbirkorlik subyektida tekshiruv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga asos bo‘lmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
6. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini to‘xtatib turish, unga to‘sqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni o‘z ichiga olmasligi zarur.
7. Xavf darajasining tahlili quyidagi ma’lumotlarni o‘rganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
ma’muriy ma’lumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika ma’lumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma’lumotlar;
nazorat xaridi natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarning tahlili;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
8. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. Xavf darajasi tahlili nazorat qiluvchi organ tomonidan bir yilda kamida bir marotaba amalga oshirilishi lozim.
10. Xavf darajasi tahlili nazorat qiluvchi organning nazorat vakolati doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektida o‘tkaziladi.
Nazorat qiluvchi organning nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajalari tasnifi va ularni mezonlashga doir talablar
11. Xavf darajasini baholash o‘rganiladigan ma’lumotlar asosida shakllantirilgan ko‘rsatkichlar va mezonlarga tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
12. Baholash jarayoni o‘rganiladigan ma’lumotlar asosida tadbirkorlik subyekti faoliyatida huquqbuzarlik alomatlari haqida xabar beruvchi eng kamida 5 ta asosiy ko‘rsatkichni o‘z ichiga olishi shart.
13. Har bir asosiy ko‘rsatkichning bahosi ushbu ko‘rsatkich ostidagi sub-ko‘rsatkichlar bahosining yig‘indisidan kelib chiqadi. Har bir asosiy ko‘rsatkichlarning bahosi ushbu ko‘rsatkichlarning muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda bir-biridan farq qilishi mumkin.
14. Har bir asosiy ko‘rsatkich kamida 5 ta aniqlashtiruvchi sub-ko‘rsatkichni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
15. Sub-ko‘rsatkichlarni baholashda qay hollarda necha ball baho berilishini aniq ko‘rsatuvchi mezonlar belgilanishi shart. Mezonlarni belgilashda noaniq yoki ma’lum bir sonlar oralig‘ida tanlash huquqini beruvchi qoidalarni ishlatish taqiqlanadi. Baholash mezonlari aniq holat uchun aniq bahoni nazarda tutishi lozim.
16. Baholash jarayoni quyidagi tartibda amalga oshirilishi lozim:
mezonlar asosida sub-ko‘rsatkichlarni baholash, har bir sub-ko‘rsatkich bahosini belgilash;
sub-ko‘rsatkichlarning bahosini umumlashtirish orqali har bir asosiy ko‘rsatkich bahosini chiqarish;
asosiy ko‘rsatkichlar bahosini umumlashtirish orqali har bir tadbirkorlik subyekti faoliyatida huquqbuzarlik xavfi darajasining umumiy ballari aniqlanadi.
17. Amalga oshirilgan baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavfi yuqori — baholangan barcha tadbirkorlik subyekti ballari umumiy yig‘indisining 20 foiz qismini tashkil etuvchi eng yuqori xavf darajasi ballariga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari;
xavfi o‘rtacha — baholangan barcha tadbirkorlik subyekti ballari umumiy yig‘indisining xavfi yuqori bo‘lgan 20 foiz qismini istisno etgan holda, 50 foiz qismini tashkil etuvchi eng yuqori xavf darajasi ballariga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari;
xavfi past — baholangan tadbirkorlik subyektining xavf darajasi ballari past bo‘lgan qolgan tadbirkorlik subyektlari.
4-bob. Tasniflangan xavf darajalari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar
18. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va o‘rta tasnifidagi tadbirkorlik subyektida qonun buzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkazilishi lozim.
19. Tekshiruv o‘tkazishga tashabbus bilan chiqish faqat huquqbuzarlik xavfi yuqori tasnifidagi tadbirkorlik subyekti doirasida profilaktika tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng ham huquqbuzarlik sodir etish alomatlari ijobiy tomonga o‘zgarmagan holatlardagina amalga oshirilishi mumkin.
20. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori tasnifidagi tadbirkorlik subyektida profilaktika tadbirlarini o‘tkazmasdan va ularning natijasini kutmasdan quyidagi holatlar doirasida tadbirkorlik subyektida tekshiruv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish mumkin:
inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishining yuqori xavfi mavjud bo‘lganda;
jamoat xavfsizligiga zarar yetkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar;
atrof muhitga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganda;
jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarga moddiy zarar yetkazilayotganligi holatlari aniqlanganda;
tekshiruvlar o‘tkazilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari mavjud bo‘lganda;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
21. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtacha tasnifidagi tadbirkorlik subyektida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan profilaktika tadbirlarini o‘tkazish shart. Keyingi davr uchun baholash natijalariga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti faoliyatini baholash natijasida salbiy o‘zgarish kuzatilganda, tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bo‘yicha tashabbusi bilan chiqish mumkin.
22. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi past tasnifidagi tadbirkorlik subyekti faoliyatiga har qanday aralashuvlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
23. “Xavfni tahlil etish” tizimi, huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan qat’i nazar, tadbirkorlik subyekti faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organ bilan kelishilgan yoki xabardor etgan holda o‘tkazilishini nazarda tutishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoidalar
24. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan ishlab chiqilgan “xavfni tahlil etish” tizimi majburiy ravishda vakolatli organ va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
25. Nazorat qiluvchi organlarida “Xavfni tahlil etish” tizimining joriy etilishida shaxsan ushbu organning rahbari javobgar hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 7-noyabrdagi 920-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash haqida” 2019-yil 21-oktabrdagi 886-son qaroriga ilovaning 22-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2022-y., 09/22/611/0940-son; 26.05.2025-y., 07/25/190/0464-son)