Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 15-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3380]
1. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 14-iyul,
32-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kripto-aktiv — maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yigʻindisi boʻlgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq;
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri — maʼlumotlarni ixtisoslashtirilgan bloklarda taqsimlovchi texnologiya boʻlib, bunda har bir yangi blok oldingi blok bilan kriptografik imzo orqali bogʻlanadi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari (bundan buyon matnda xizmatlar provayderlari deb yuritiladi) — jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar;
kripto-birja — kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash uchun elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
mayning-pul — mayning jarayonini taʼminlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-doʻkon — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
oxirgi benefitsiar mulkdor — xizmatlar provayderini bevosita yoki bilvosita taʼsis etuvchi yoxud uning ustav jamgʻarmasidagi (kapitalidagi) ulushlariga (aksiyalariga) bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoxud ushbu shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
Oldingi tahrirga qarang.
asoslantirilgan mulohaza — qonunchilikda belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan qoʻllaniladigan, koʻrib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni rasmiy mazmunidan ustuvorligini nazarda tutuvchi professional baholash. Asoslantirilgan mulohaza litsenziyalovchi organ xizmatlar provayderlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish doirasida olingan axborotga, jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan, davlat organlaridan, shu jumladan chet el nazorat organlari hamda tashkilotlaridan, boshqa ochiq manbalardan olingan va asoslantirilgan mulohazani shakllantirish uchun muhim boʻlgan boshqa axborotga asoslanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 17-fevraldagi 3-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3380-2, 28.02.2026-y.) asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2026-y., 10/26/3380-2/0181-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 3-iyun)
2. Xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda litsenziyalovchi organ deb yuritiladi) tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun namunaviy litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) faqat Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslariga beriladi.
4. Xizmatlar provayderlari faoliyatining turlari quyidagilardan iborat:
kripto-birja;
mayning-pul;
kripto-depozitariy;
kripto-doʻkon.
5. Xizmatlar provayderlari faoliyatining har bir turi boʻyicha alohida litsenziya beriladi.
6. Litsenziya cheklanmagan muddatga beriladi.
7. Xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish huquqi litsenziya berilgan vaqtdan boshlab vujudga keladi.
8. Litsenziyani boshqa yuridik shaxsga berish taqiqlanadi.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
9. Quyidagilar xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan elektron platforma va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalar majmuining mavjudligi;
b) kripto-aktivlar bilan bogʻliq barcha operatsiyalar boʻyicha maʼlumotlarni, platforma ishtirokchilarining identifikatsiya maʼlumotlarini, xizmatlar provayderlarining platforma ishtirokchilari bilan munosabatlariga oid materiallarni (shu jumladan, platforma ishtirokchilari oʻrtasida), shuningdek ish yozishmalarini besh yil davomida saqlash;
v) kripto-aktivlar aylanmasi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
g) mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi reklamaga qoʻyiladigan talablarga rioya qilish;
d) yashirin mayning (maxsus dasturiy taʼminotdan foydalanish orqali uchinchi shaxslarning hisoblash quvvatlarida, ularga bildirmagan holda yoki roziligisiz mayningni amalga oshirish boʻyicha faoliyat) hamda anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni, shu jumladan anonim kripto-aktivlar mayningini (anonimlik prinsipi boʻyicha ishlayotgan kripto-aktivlar) amalga oshirmaslik;
e) platforma faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq maʼlumotlarni litsenziyalovchi organning soʻroviga binoan bepul taqdim etish;
j) qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yigʻimlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlash;
z) xizmatlar provayderlarini:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki oʻtalmagan shaxslar tomonidan boshqarishga yoʻl qoʻymaslik;
Keyingi tahrirga qarang.
i) xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasida (kapitalida) ushbu bandning “z” kichik bandida koʻrsatilgan shaxslarning hamda offshor hududlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaslik.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Quyidagilar kripto-birjalarga qoʻyiladigan qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
kripto-aktivlarni kotirovkalashni ularga boʻlgan talab va taklif asosida amalga oshirish;
ariza berilgan sanada pul mablagʻi shaklida bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh ming baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamgʻarmasi (kapitali) mavjudligi, shundan uch ming baravarini Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyish.
11. Kripto-aktivlar aylanmasi hamda xizmatlar provayderlari faoliyatiga oid reklamada:
Oldingi tahrirga qarang.
a) kripto-aktivlar Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov va toʻlovni qabul qilish vositasi emasligi (qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno), davlat tomonidan taʼminlanmaganligi, kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda tavakkalchiliklar mavjudligi, yaʼni pul mablagʻlari, kripto-aktivlar evaziga almashtirilgan boshqa fuqarolik huquqi obyektlari kripto-aktivlarning narxlari oʻzgaruvchanligi, texnik nosozlik (xato)lar, qonunga xilof harakatlar, shuningdek talon-toroj qilish holatlari natijasida butunlay yoʻqotilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish joylashtirilishi;
(11-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 17-fevraldagi 3-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3380-2, 28.02.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2026-y., 10/26/3380-2/0181-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 3-iyun)
b) oʻz ichida oferta mavjud boʻlgan reklamada shartnoma tuzishga oid barcha talablar hamda mazkur ofertani aksept qilishga qaratilgan barcha harakatlar yoritilishi;
v) agarda reklamada boʻlib oʻtgan, modellashtirilgan va kelajakda boʻlishi mumkin boʻlgan koʻrsatkichlar yoritilsa, ushbu reklamada isteʼmolchilarga mazkur koʻrsatkichlarning aniq maʼnosi tushuntirilishi hamda ular asosida qilingan xulosa ehtimolli ekanligi toʻgʻrisida tushuntirish berilishi;
g) quyidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasligi shart:
kripto-aktiv va xizmatlar provayderlari xizmatlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatning samaradorligi (daromadi) haqidagi vaʼda yoki kafolat, bundan auditorlik tashkilotining ushbu faoliyatning samaradorligini (daromadi) oʻtgan davr uchun tasdiqlovchi maʼlumotlarni reklamada yoritish mustasno;
bonus va chegirma haqidagi maʼlumotlar;
kripto-aktivlar bilan bitimlarni tuzish boyishning yengil usuli ekanligi haqidagi maʼlumotlar;
kripto-aktivlar bilan bogʻliq faoliyatning oʻrni professional yoki shaxsiy yutuqlarga erishishda muhimligi haqidagi maʼlumotlar;
voyaga yetmagan shaxslarning obrazlari;
kripto-aktiv yoki xizmatlar provayderlari xizmatlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatda qatnashmaslikni qoralovchi bildirishlar.
12. Xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasi (kapitali) faqat ular taʼsischilarining oʻz mablagʻlari va boshqa mol-mulklaridan shakllantiriladi.
Xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasini (kapitalini) shakllantirish uchun kredit yoki garov yoxud boshqa mablagʻlar jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Xizmatlar provayderlarining nomlanishi yoki ramzlarida “davlat”, “hukumatga oid”, “milliy”, “Oʻzbekiston” hamda Oʻzbekiston Respublikasi shaharlarining nomlarini toʻliq yoki qisqartirilgan holda, istalgan tilda va har qanday shaklda ishlatilishi taqiqlanadi.
3-bob. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
14. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), faoliyatni amalga oshirish joyi, elektron pochta manzili, bankning nomi va bankdagi hisobvaragʻi, litsenziyalanadigan faoliyatning turi, ariza toʻldirish sababi (yangi litsenziya olish yoki qayta rasmiylashtirish), litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishi toʻgʻrisidagi roziligi aks ettirilgan ariza;
b) litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischi haqidagi mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorgacha koʻrsatiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 9-bandi “z” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlagan tarjimasi;
(14-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 11-yanvardagi 4-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3380-1, 06.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 10/24/3380-1/0104-son — 2024-yil 8-maydan kuchga kiradi)
g) kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun ustav jamgʻarmasi (kapitali) shakllantirilganligi hamda ustav jamgʻarmasining (kapitalining) tegishli qismi zaxiraga qoʻyilganligi haqida tijorat bankining maʼlumotnomasi.
Litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlganda, litsenziyalovchi organ mazkur Nizomning 9-bandi “z” kichik bandida nazarda tutilgan holatlarni oʻzi mustaqil tarzda tekshiradi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlar litsenziya talabgorining rahbari tomonidan tasdiqlanishi (imzolanishi) kerak.
Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Qabul qilingan arizalar toʻgʻrisidagi maʼlumot litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
16. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
17. Litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi qabul qilingan kundan eʼtiboran yigirma ish kuni ichida qabul qilinadi.
18. Tarkibi litsenziyalovchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi oʻn besh ish kunidan oshmaydigan muddat ichida taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ular asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
19. Litsenziyalovchi organ ekspert komissiyasi xulosasi asosida toʻrt ish kuni ichida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
20. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari va davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yuboriladi.
21. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlangan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida rasmiylashtiriladi.
22. Litsenziya QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi hamda litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Elektron shaklda berilgan litsenziya manfaatdor shaxslar tomonidan qogʻozda chop etilishi mumkin. Bunda, qogʻozda chop etilgan litsenziyalar elektron shaklda berilgan litsenziyalarga tenglashtiriladi.
23. Agar litsenziat litsenziya berilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma olgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida davlat boji toʻlamagan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish haqida qaror qabul qilishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Litsenziyani berish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning litsenziya talabgori tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi;
litsenziya talabgori tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi;
litsenziya talabgorining mansabdor shaxslari va (yoki) taʼsischilarining mazkur Nizomning 9-bandi “z” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda ishtirok etganligi yoki ishtirok etishda gumonlanayotganligi haqida maʼlumotlar mavjudligi;
litsenziyalovchi organning asoslantirilgan mulohazasi.
Litsenziyani berishni boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 17-fevraldagi 3-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3380-2, 28.02.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2026-y., 10/26/3380-2/0181-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 3-iyun)
25. Mazkur Nizomning 24-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollar aniqlanganda, agar arizada bartaraf etish mumkin boʻlgan kamchiliklar mavjud boʻlsa, litsenziyalovchi organ ularni bartaraf etish uchun talabgorga muddat beradi. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisidagi xabarnoma litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgoriga bir ish kuni ichida yuboriladi.
26. Xabarnoma taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish usullari, shuningdek litsenziya talabgori koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takroran taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi. Xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan vaqtga mutanosib boʻlishi, lekin ushbu muddat oʻttiz ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
27. Kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan taqdirda, litsenziyani berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati toʻxtatib turiladi.
28. Hujjatlar xabarnomada koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmasdan yoki xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin takroran taqdim etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani berishni rad etish haqida qaror qabul qilishga haqli. Bunda, litsenziyani berishni kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga rad etish sabablari, qonunchilikning aniq normalari va talabgor mazkur sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi.
Litsenziya talabgori rad etish sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi xabarnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
30. Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni belgilangan muddatda bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish, litsenziyani berish yoxud uni berishni rad etish talabgorning rad etish sabablari bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan oshmaydigan muddatda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Talabgorlarning arizalarini takroran koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda litsenziyalovchi organ tomonidan talabgorga ilgari bayon qilinmagan rad etish sabablarini keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ilgari koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi hamda mazkur Nizomning 24-bandi oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 11-yanvardagi 4-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3380-1, 06.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 10/24/3380-1/0104-son — 2024-yil 8-maydan kuchga kiradi)
Keyingi tahrirga qarang.
32. Litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin talabgor tomonidan berilgan ariza yangidan topshirilgan hisoblanadi va litsenziyalovchi organ tomonidan umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish
33. Litsenziat — yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin besh ish kuni ichida litsenziyalovchi organga, koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
34. Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida ayni bir faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun litsenziyasi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlari qoʻshib yuborilgan taqdirda, litsenziyani mazkur Nizomning 33-bandida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
35. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar litsenziat tomonidan mazkur Nizomning 14-bandi birinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartibda beriladi.
36. Litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizasi asosida unda koʻrsatilgan faoliyatni amalga oshiradi.
37. Litsenziya qayta rasmiylashtirilayotganda, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyalar elektron reyestriga (bundan buyon matnda litsenziyalar reyestri deb yuritiladi) tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
38. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda berish litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilib olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
6-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va litsenziyani bekor qilish
39. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining buzilganligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini uning zimmasiga yuklovchi qarori bajarilmaganda.
40. Litsenziyaning amal qilishini oʻn kungacha muddatga toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ tomonidan, oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga esa — sud tomonidan amalga oshiriladi.
41. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilishi muddatini belgilashi shart. Bunda, koʻrsatilgan muddat litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
42. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
43. Belgilangan muddat ichida litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan sabab va kamchiliklar bartaraf qilinmasa, litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddatini uzaytirish boʻyicha yoki litsenziyani bekor qilish haqida sudga daʼvo ariza kiritadi.
44. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, litsenziat bu haqda litsenziyalovchi organga tasdiqnoma yuboradi.
Litsenziyalovchi organ tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
45. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng, bir ish kunidan oshmagan muddatda litsenziyalar reyestrida litsenziyaning amal qilishi qayta tiklanganligi haqidagi maʼlumotni joylashtiradi.
46. Agar litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash haqida yoki qayta tiklashni rad etish toʻgʻrisida uch ish kuni ichida qaror qabul qilmasa, litsenziat mazkur muddat oʻtgandan soʻng litsenziyalovchi organni xabardor qilgan holda oʻz faoliyatini davom ettirishi mumkin.
47. Litsenziat oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish haqida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Agar litsenziat litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganidan keyin olti oy ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat etmagan boʻlsa, litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
48. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi axborot tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga joylashtirilishi kerak.
49. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziyalash tartibi bekor qilinganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilishini olti oygacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ariza bilan ilgari murojaat etilgan boʻlib, mazkur muddat ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qilinmagan taqdirda.
Litsenziyaning amal qilishi tugatilgan hollarda litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyaning amal qilishi tugatilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish talab etilmaydi.
50. Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinadi:
litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
litsenziya berilganligi uchun davlat boji belgilangan muddatda toʻlanmaganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziyani berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan mazkur Nizomning 54-bandida belgilangan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzilganda;
litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab litsenziatning muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 11-yanvardagi 4-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3380-1, 06.02.2024-y.) asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 10/24/3380-1/0104-son — 2024-yil 8-maydan kuchga kiradi)
51. Litsenziyani bekor qilish mazkur Nizomning 50-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda litsenziyalovchi organning qarori asosida amalga oshiriladi.
Litsenziya mazkur Nizomning 50-bandi beshinchi — sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda sud tomonidan bekor qilinadi.
Litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga litsenziyani bekor qilish haqida ariza bilan sudga murojaat qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda xabar yuboradi.
52. Litsenziya ushbu Nizomning 50-bandi sakkizinchi xatboshisida koʻrsatilgan asosga koʻra bekor qilingan taqdirda, u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
53. Litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga litsenziyani bekor qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda yetkazadi.
Litsenziyalovchi organ bekor qilingan litsenziyalar toʻgʻrisidagi axborotni bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga kiritadi.
54. Litsenziya talablari va shartlarini bir marotaba qoʻpol ravishda buzilishlariga quyidagilar kiradi:
a) yashirin mayningni hamda anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni, shu jumladan anonim kripto-aktivlar mayningini amalga oshirish;
b) xizmatlar provayderlarini:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgin qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki oʻtalmagan shaxslar tomonidan boshqarilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
v) xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasida (kapitalida) ushbu bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan shaxslarning va offshor hududlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalarning ishtirok etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
g) kredit yoki garovga olingan mablagʻlar va boshqa mablagʻlardan xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasini (kapitalini) shakllantirish uchun foydalanish;
d) kripto-birja ustav jamgʻarmasi (kapitali) miqdorini litsenziya talablari va shartlarida belgilangan miqdordan kamaytirish;
e) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi serverlarda elektron platforma va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalar majmuini joylashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur bandning “a” — “e” kichik bandlarida koʻrsatilmagan litsenziya talablari va shartlarining bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba buzilishlari muntazam ravishda buzilishlar deb hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
55. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
56. Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
xizmatlar provayderlaridan kripto-aktivlar aylanmasi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini talab qilish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish muddatlarini belgilash;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki litsenziyani bekor qilish masalasi boʻyicha qaror chiqarish va (yoki) sudga murojaat qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
litsenziyasiz xizmatlar provayderi faoliyati amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida aniqlangan faktlar haqidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda tegishli organlarga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan choralar koʻrish uchun yuborish.
57. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda litsenziyalovchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
8-bob. Litsenziyalar reyestri
58. Litsenziyalovchi organ xizmatlar provayderlari turlari boʻyicha litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
yuridik shaxs — litsenziat nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), telefoni;
taʼsischilarning ustav jamgʻarmasidagi (kapitalidagi) ulushlari haqida maʼlumot;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, amal qilishini tugatish hamda bekor qilish asoslari va sanasi.
59. Litsenziyalar reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
60. Litsenziyalovchi organning litsenziyani berishni rad etish, amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish haqidagi qarorlari, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
61. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1554-moddasi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Xizmat provayderlar faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI

Bosqich

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Litseyaziya talabgori — yuridik shaxs

1. Litsenziya olish uchun ariza va tegishli hujjatlarni tayyorlaydi.

2. Ariza va tegishli hujjatlarni litsenziyalovchi organga yuboradi.

talabgor xohishiga koʻra

2-bosqich

Litsenziyalovchi organ

Hujjatlar litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilib olinadi.

taqdim etilgan kunda

3-bosqich

Litsenziyalovchi organ

Ariza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

20 ish kuni ichida

Litsenziyalovchi organ

1. Litsenziyalovchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanadigan ekspert komissiyasi tomonidan hujjatlarni koʻrib chiqiladi hamda litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi.

15 ish kuni ichida

2. Ekspert komissiyasi xulosasi asosida litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qarorni qabul qiladi.

3 ish kuni ichida

3. Litsenziya berish yoki berishni rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi yuzasidan litsenziya talabgorini xabardor qiladi.

2 ish kuni ichida

4-bosqich

Litsenziya talabgori

Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat bojini toʻlaydi.

litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan muddatda

5-bosqich

Litsenziyalovchi organ

1. Davlat boji toʻlanganidan soʻng, litsenziyani rasmiylashtirib beradi va oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

uch kun ichida

2. Litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanmagan taqdirda, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan oʻttiz kundan soʻng

6-bosqich

Litsenziyalovchi organ

Litsenziya berish uchun zarur hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, agar ushbu kamchiliklarni bartaraf etish mumkin boʻlsa, litsenziya talabgoriga kamchiliklarni oʻttiz ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.

bir ish kuni ichida

7-bosqich

Litseyaziya talabgori

Kamchiliklarni bartaraf etgan qolda, tegishli hujjatlarni litsenziyalovchi organga taqdim etadi.

xabarnomada koʻrsatilgan muddatda

8-bosqich

Litseyaziya talabgori

Litsenziya berish rad etilgan taqdirda, rad etish sabablarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.

rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddatda

9-bosqich

Litsenziyalovchi organ

Litsenziya talabgori tomonidan takroran taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda litsenziya berish yoki berishni rad egish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

besh ish kuni ichida

10-bosqich

Litsenziat

1. Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti oʻzgartirilgan, uning nomi yeki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziyalovchi organga litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza beradi.

qayta roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, besh ish kuni ichida

2. Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida ayni bir faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun litsenziyasi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlari qoʻshib yuborilgan taqdirda. litsenziyalovchi organga litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza beradi.

litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar

3. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizasi asosida unda koʻrsatilgan faoliyatni amalga oshiradi.

11-bosqich

Litsenziyalovchi organ

1. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun ariza va tegishli hujjatlar taqdim qilinganda. litsenziyani qayta rasmiylashtiradi va beradi.

2. Litsenziya qayta rasmiylashtirilganligi haqida litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.

besh ish kuni ichida

12-bosqich

Litsenziyalovchi organ

1. Litsenziyani amal qilish muddatini toʻxtatib turish va bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda litsenziyaning amal qilishini tugatadi.

belgilangan asoslar yuzaga kelganda

2. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi.

doimiy

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Xizmatlar provayderlarining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOT

1-jadval

Xizmatlar provayderlarining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari)

Lavozimi

Familiyasi, ismi, otasining ismi

Fuqaroligi

JSHSHIR

(Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun)

Shaxsini tasdiqlovchi hujjat

Hujjat turi

Seriya va raqami

Berilgan vaqti va amal qilish muddati

Kim tomonidan berilgan

1

2

3

4

5

6

7

8

2-jadval

Xizmatlar provayderlarining taʼsischilari

Familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxs nomi

Ulush miqdori

Fuqaroligi (jismoniy shaxslar uchun) yoki davlat roʻyxatidan oʻtgan joyi (yuridik shaxslar uchun)

JSHSHIR

(Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari-jismoniy shaxslar uchun)

yoki STIR

(Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari-yuridik shaxslar uchun)

Shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki davlat roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma

Hujjat turi

Seriya va raqami

Berilgan vaqti va amal qilish muddati

Kim tomonidan berilgan

1

2

3

4

5

6

7

8

Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 21-yanvardagi 16-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127, 2019-yil 22-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 10/19/3127/2525-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 18-fevraldagi 41-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-1, 2019-yil 22-fevral) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2019-y., 10/19/3127-1/2657-son).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 19-iyundagi 111-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 8-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-2, 2019-yil 8-iyul) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 10/19/3127-2/3389-son).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2019-yil 6-dekabrdagi 172-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-3, 2019-yil 20-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 10/19/3127-3/4185-son).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2021-yil 30-apreldagi 12-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-4, 2021-yil 17-may) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi,17.05.2021-y., 10/21/3127-4/0464-son).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2021-yil 29-iyuldagi 24-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-5, 2021-yil 5-avgust) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2021-y., 10/21/3127-5/0757-son).
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2021-yil 11-noyabrdagi 34-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1a-ilovasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-6, 2021-yil 22-noyabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2021-y., 10/21/3127-6/1081-son).
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2021-yil 10-dekabrdagi 37-son “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127-7, 2021-yil 24-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2021-y., 10/21/3127-7/1197-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2022-y., 10/22/3380/0742-son; 07.02.2024-y., 10/24/3380-1/0104-son; 02.03.2026-y., 10/26/3380-2/0181-son; 30.06.2026-y., 10/26/3880-3/0650-son)