1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.31.00 Xizmat safari;
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.04.00.00 Kafolatlar va kompensatsiyalar / 05.04.07.00 Xizmat safari vaqtida kafolatlar va kompensatsiyalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini taʼminlash va xarajatlarning samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 24-bandida xizmat safari xarajatlarini hisoblash va ularni moliyalashtirish tartibi va normativlarini qayta koʻrib chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
xodimlarni xizmat safariga yuborish tartibi;
xizmat safariga yuboriladigan xodimga xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish;
xizmat safariga yuborilgan xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
xizmat safariga ketayotgan va xizmat safaridan qaytayotgan shaxslarni roʻyxatga olish boʻyicha maxsus elektron jurnallar yuritish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, Transport vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda xizmat safari xarajatlari hisobini yuritish boʻyicha dasturiy taʼminot va uning mobil ilovasini ishlab chiqsin hamda ishga tushirsin.
Bunda:
mobil ilova orqali xizmat safarida boʻlgan xodimning transport, mehmonxona, ovqatlanish va boshqa xarajatlari xarid chekining fiskal belgisi matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida onlayn tarzda hisobga olinadi hamda xizmat safari xarajatlarini avtomatik ravishda hisoblash uchun “OʻzASBO” dasturiy majmuasiga uzatiladi;
dasturiy taʼminotda xodimni xizmat safariga yuborish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi hamda xodimlar xizmat safariga yuborilganligi tasdiqlangandan soʻng mehmonxona xarajatlari boʻyicha mehmonxonalarga toʻlanadigan toʻlovlar pul oʻtkazish yoʻli bilan avtomatik ravishda oʻtkazib beriladi.
4. Xizmat safari xarajatlari hisobini yuritish boʻyicha dasturiy taʼminot faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda budjet tashkilotlari hamda mehmonxonalar oʻrtasida respublika hududida xizmat safariga yuborilgan xodimlarni turar joydan foydalanishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha elektron modulni yaratsin hamda dasturiy taʼminotga integratsiya qilinishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi “Soliq.uz” dasturi orqali matritsali shtrix kod (QR-kod)li xarid cheklari yordamida xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlarni tasdiqlovchi maʼlumotlar “OʻzASBO” dasturiy majmuasiga uzatilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-avgust,
424-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 424-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi
1. Mazkur Nizom tashkilotlarning xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlariga yuborish, xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish, xizmat safariga ketayotgan va xizmat safaridan qaytayotgan shaxslarni roʻyxatga olish boʻyicha maxsus elektron jurnallarni yuritish hamda xizmat safariga yuborilgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash tartibini belgilaydi. Bunda davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarida xizmat safarlarini tashkil etish, xizmat safariga ketayotgan va xizmat safaridan qaytayotgan shaxslarni roʻyxatga olish boʻyicha maxsus elektron jurnallarni yuritish va tahlilini olib borish “hrm.gov.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
Mazkur Nizom qoidalari budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari, budjet tizimi budjetlaridan mablagʻ ajratiladigan belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslardan tashqari boshqa barcha tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tavsiyaviy xususiyatga ega.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tashkilot — budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari, budjet tizimi budjetlaridan mablagʻ ajratiladigan belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar;
xizmat safari — tashkilot rahbarining buyrugʻiga (qarori, farmoyishiga) asosan xodimning oʻzining doimiy ish joyidan boshqa joyga xizmat topshirigʻini bajarish uchun maʼlum bir muddatga yuborilishi;
xizmat safarida boʻlgan vaqt uchun toʻlanadigan kundalik xarajatlar (keyingi oʻrinlarda — kundalik xarajatlar) — xizmat safarida boʻlgan vaqtda kunlik ovqatlanish, xizmat safari paytidagi vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boshqa kundalik xarajatlar, (transport vositalari va turar joy bilan bogʻliq xarajatlar bundan mustasno).
3. Tashkilotning tarkibiga kiruvchi hududiy boʻlinmalar, filiallar (shoxobchalar), uchastkalar va boshqa boʻlinmalar boshqa yerda joylashgan hollarda doimiy ish joyi boʻlib mehnat shartnomasida belgilangan ish joyi ishlab chiqarish boʻlinmasi hisoblanadi.
Doimiy ishi yoʻlda yoki koʻchib yurish bilan bogʻliq boʻlgan yoxud doimiy harakatlanuvchi tusga ega boʻlgan xodimlarning xizmat yuzasidan borib kelishlari xizmat safari hisoblanmaydi.
2-bob. Xodimni xizmat safariga yuborish va uning xizmat safarida boʻlishi tartibi
4. Tashkilot xodimlarini respublika hududlariga xizmat safariga yuborish va uni rasmiylashtirish, shuningdek, xizmat safari yakuni boʻyicha hisobotlarni taqdim etish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Xizmat safariga yuboriladigan xodim tomonidan xizmat safariga chiqishdan oldin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda namunaviy ish rejasi rasmiylashtiriladi.
6. Xodimni xizmat safariga yuborish uchun tashkilot rahbari yoki tegishli vakolat berilgan shaxs tomonidan chiqariladigan xodimni xizmat safariga yuborish toʻgʻrisidagi tegishli buyruq (qaror, farmoyish) qabul qilinadi va xodimga mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda xizmat safari guvohnomasini berish orqali rasmiylashtiriladi.
Xodim xizmat safariga borilgan hududdagi tegishli tashkilot rahbariga xizmat safari maqsadlari va vazifalari toʻgʻrisida tushuntirish beradi, shuningdek, xizmat safari natijalari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
7. Xodimlarni yuqori tashkilotlarga (boʻysunish tartibida) xizmat safariga yuborish xodimni xizmat safariga yuborilayotgan tashkilot rahbariyatining topshirigʻi yoki u bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
8. Xodimning xizmat safari muddati tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Bunda xizmat safari muddati yoʻldagi vaqtni hisobga olmagan holda 30 kalendar kundan koʻp boʻlmasligi lozim, ushbu bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari bundan mustasno. Mazkur xatboshi xodimlarni nazorat tadbirlarini oʻtkazish uchun xizmat safariga yuborishga ham taalluqlidir.
Montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini bajarish uchun yuboriladigan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislarning xizmat safari muddati 12 oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining hujjatlari va topshiriqlariga muvofiq xodimlarni xizmat safariga yuborishda boshqa muddatlar belgilanishi mumkin.
Xizmat safari muddatini uzaytirish, xizmat safaridan yoki xizmat safari paytida chaqirib olish yoki xizmat safarini muddatidan avval yakunlashga xizmat safariga yuborgan tashkilot rahbari yoki tegishli vakolat berilgan shaxsning buyrugʻiga (qarori, farmoyishi) asosan ruxsat beriladi.
9. Xizmat safariga yuborilgan joyda haqiqatda oʻtkazilgan vaqt xizmat safari joyiga kelgan va xizmat safari joyidan ketgan kunlarni xizmat safari guvohnomasiga belgi qoʻyish orqali aniqlanadi.
Tashkilotda xizmat safariga ketayotgan va xizmat safaridan qaytayotgan shaxslarni roʻyxatga olish mazkur Nizomga 4 va 5-ilovalarga muvofiq maxsus jurnallarda “OʻzASBO” dasturiy majmuasida (yoki buxgalteriya hisobini yurituvchi axborot tizimida) elektron shaklda yuritiladi. Bunda davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarida xizmat safariga ketayotgan va xizmat safaridan qaytayotgan shaxslarni roʻyxatga olish mazkur Nizomga 4 va 5-ilovalarga muvofiq maxsus jurnallarda “hrm.gov.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona modulida elektron shaklda yuritiladi hamda bu haqidagi maʼlumotlar “OʻzASBO” dasturiy majmuasiga integratsiya qilish orqali yuboriladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
Maxsus jurnallarni yuritish va xizmat safari guvohnomasiga belgi qoʻyish tashkilotlarning kadrlar bilan ishlash boʻlinmalari (yoki ushbu vazifa yuklatilgan masʼul shaxs) tomonidan amalga oshiriladi.
10. Xizmat safariga chiqish kuni boʻlib transport vositasida 24 soat ichidagi vaqt, soat 00:00 va undan kechroq vaqt — keyingi sutka hisoblanadi, kelish kuni esa — transport vositasida doimiy ish joyiga kelish kuni hisoblanadi.
3-bob. Xizmat safariga yuborilgan xodimning huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari
11. Xizmat safarida boʻlgan xodimga u yuborilgan tashkilotdagi ish vaqti rejimi va dam olish vaqtlari taalluqli boʻladi. Xizmat safari vaqtida foydalanilmagan dam olish kunlari xizmat safaridan qaytganda tiklanmaydi.
Agar xodim xizmat safari davomida dam olish yoki bayram kunlarida xizmat safariga yuborilgan joyda ishlagan boʻlsa, ushbu kunlarda ishlagani uchun amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq kompensatsiya toʻlanadi.
Agar xodim tashkilot rahbarining tegishli hujjatiga binoan xizmat majburiyatini bajarish uchun dam olish kunida xizmat safariga yuborilsa, unga xizmat safaridan qaytgach belgilangan tartibda boshqa dam olish kuni beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 147, 195 va 196-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Xizmat safariga ketish va xizmat safaridan qaytish kunlarida xodimning ishga chiqish masalasi tashkilot rahbari bilan kelishilgan holda hal qilinadi.
(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)
12. Xizmat safariga yuborilgan xodimni xizmat safarida boʻlgan muddatida va yoʻlda boʻlgan muddatda ish joyi (lavozimi), mehnatga haq toʻlash shartlari, mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimdagi xodimlar uchun oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Oʻrindoshlik asosida ishlayotgan shaxs xizmat safariga ish beruvchilarning oʻzaro kelishuvi asosida yuboriladi va uning oʻrtacha ish haqi uni xizmat safariga yuborgan tashkilotda saqlanadi. Xizmat safariga bir vaqtning oʻzida ham asosiy, ham oʻrindoshlik asosidagi ishi boʻyicha xizmat safariga yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ichki oʻrindoshlik asosida ishlayotgan shaxs xizmat safariga yuborilganda esa oʻrtacha ish haqi asosiy va oʻrindoshlik asosidagi lavozim boʻyicha saqlanadi.
Xodimning xizmat safari davrida tarif stavkalari, lavozim maoshlari miqdorlari oshgan hollarda tashkilotning ish kunlari mehnatga haq toʻlashning yangi shartlarida haqiqatda ishlagan kunlariga toʻgʻri keladigan soni uchun mehnatga haq toʻlovlari qayta hisoblanadi.
Xizmat safari davridagi ish vaqtida, shu jumladan, xizmat safariga yuborilgan joyga borish va doimiy ish joyiga qaytishda yoʻlda boʻlgan davrlarda xodimning mehnatga layoqatliligini yoʻqotishi yoki vafot etganligi munosabati bilan kompensatsiya toʻlovlari qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 17-bobining 2-paragrafi va 19-bobi, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun.
4-bob. Xizmat safarlariga oid kompensatsiya toʻlovlari miqdori va toʻlash tartibi
13. Xizmat safariga yuborilgan xodimga turar joy bilan bogʻliq xarajatlar (mehmonxona yoki turar joy ijarasi), xizmat safari joyiga borish, shu jumladan, xizmat safari doirasida shaharlararo va tumanlararo harakatlanish hamda doimiy ish joyiga qaytish uchun yoʻl xarajatlari qoplanadi, shuningdek, kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi.
14. Xizmat safariga yuborilgan shaxsga xizmat safariga yuborilgan joyga borish va doimiy ish joyiga qaytish bilan bogʻliq boʻlgan quyidagi yoʻl xarajatlari qoplanadi:
a) umumiy foydalaniladigan transportning barcha turlarida yurish (taksidan tashqari) qiymati:
umumiy foydalaniladigan transportning xizmat safariga yuborilgan shaxsga tegishli tasdiqlovchi hujjatlari asosida.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining rahbariyati va xodimlari, respublika darajasidagi tashkilotlarning rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari, tuman (shahar) hokimlariga barcha tariflar boʻyicha chipta qiymati toʻliq budjet mablagʻlari hisobidan;
(14-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
boshqa toifadagi xodimlar uchun “biznes” (havo yoʻllari transporti) va “VIP” (temir yoʻl transporti) tarifidan arzon boʻlgan barcha turlari boʻyicha chipta qiymati toʻliq budjet mablagʻlari hisobidan hamda “biznes” (havo yoʻllari transporti) va “VIP” (temir yoʻl transporti) tarifi boʻyicha chipta qiymatining 70 foizi miqdorida budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari (yoki ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslarning mablagʻlari), qolgan qismi xodimning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
b) transportda yoʻlovchilarni majburiy davlat sugʻurtalash boʻyicha toʻlovlar;
v) tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, yoʻlda yurish hujjatlarini oldindan sotish, samolyot va poyezdlarda joylarni bronlash xizmatlari boʻyicha toʻlovlar;
g) tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda, tashkilot rahbarining ruxsati bilan havo, temir yoʻl, suv va umumiy foydalanishdagi avtomobil transportida bagajni olib oʻtish bilan bogʻliq xarajatlar;
d) umumiy foydalanishdagi transport bilan (taksidan tashqari) stansiyagacha, aeroportgacha yetib olish xarajatlari, agar ular aholi yashaydigan hududdan tashqarida joylashgan boʻlsa. Bunda kechki vaqtda yoki umumiy foydalanishdagi transport mavjud boʻlmagan taqdirda, tashkilot rahbariga xodimlar uchun yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati litsenziya varaqasiga ega taksida yurganlik uchun haq toʻlash huquqi beriladi;
e) yoʻlda koʻrpa-toʻshak buyumlaridan foydalanganlik uchun xarajatlar (tasdiqlovchi hujjatlarsiz haq toʻlashga qabul qilinadi);
j) xizmat safari bekor qilinishi munosabati bilan xarid qilingan (yoki bron qilingan) yoʻl chiptalari qaytarib topshirilishi munosabati bilan olib qolinadigan mablagʻlar va xizmat koʻrsatuvchilar tomonidan qaytarib berilmaydigan boshqa xarajatlar;
z) yoʻl hujjatlari mavjud boʻlmaganda:
budjet tashkilotlari xodimlari uchun xizmat safari yoʻlkirasiga haq toʻlash har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 foizi miqdorida;
boshqa tashkilotlar xodimlari uchun jamoa kelishuvi (shartnomalari), mehnat shartnomasida koʻzda tutilgan, biroq har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 foizidan kam boʻlmagan miqdorlarda.
Bunda transport xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmaganda, Internet jahon axborot tarmogʻidagi elektron xaritalardan foydalangan holda masofalarni aniqlashga ruxsat etiladi.
15. Xizmat safarining har 30 kalendar kunidan soʻng dam olish kunlari xodimning doimiy yashash joyiga kelish va xizmat safariga yuborilgan joyiga qaytish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻl xarajatlari mazkur Nizomning 14-bandi “a” va “z” kichik bandlarida belgilangan miqdorlarda qoplanadi.
Shuningdek, xizmat safari davridagi dam olish kunlari xodimning doimiy yashash joyiga kelish va xizmat safariga qaytib borish uchun yoʻl xarajatlari miqdori uning mazkur dam olish kunlari uchun toʻlanadigan yotoqxona va kunlik xarajatlaridan koʻp boʻlmagan hollarda dam olish kunlari xodimning ixtiyoriga koʻra doimiy yashash joyiga kelish va xizmat safariga yuborilgan joyga qaytish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻl xarajatlari mazkur Nizomning 14-bandining “a” va “z” kichik bandlarida belgilangan miqdorlarda qoplanadi.
Bunda xodimning doimiy yashash joyida boʻlgan vaqt uchun kunlik xarajatlar toʻlanmaydi.
16. Kundalik xarajatlar uchun haq jamoa shartnomalari, jamoa kelishuvlari va mehnat shartnomalarida koʻzda tutilgan miqdorlarda, lekin quyidagi miqdorlardan kam boʻlmagan holda belgilanadi (bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan koeffitsiyentlarda), jami 0,35 gacha:
xodimning xizmat safari davrida ovqatlanish (alkogol va tamaki mahsulotlari bundan mustasno) xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (cheklar) taqdim etilganda — 0,25 gacha;
boshqa xarajatlari uchun — 0,1.
Bunda umumiy ovqatlanish obyektlarida xaridni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (cheklarni) xizmat safari uchun ishlab chiqilgan maxsus mobil ilovada xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlmaganda, ushbu hujjatlarni (cheklarni) taqdim etishga ruxsat etiladi.
Umumiy ovqatlanish obyektlarida xarid amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (cheklar) xizmat safari davrining har bir kuni uchun alohida-alohida rasmiylashtiriladi.
17. Xodimlarning ovqatlanish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlovini amalga oshiruvchi budjet tashkilotlari ushbu xodimning xizmat safari davrida kunlik ovqatlanish xarajatlari ushbu davr uchun ovqatlanish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlovi miqdoriga kamaytirilgan holda hisoblanadi.
18. Mehmonxona xarajatlarining bir kunlik qoplash miqdori (xalqaro miqyosdagi tadbirlar davrida Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz shaharlari va Boʻstonliq tumanidagi mehmonxonalar xarajatlari bundan mustasno):
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2022-y., 07/22/455/1121-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining rahbar xodimlari, respublika darajasidagi budjet tashkilotlarining birinchi rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobaridan;
(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xodimlari, respublika darajasidagi budjet tashkilotlari rahbarlarining oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda Vazirlar Kengashi raislarining oʻrinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobaridan;
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilmagan boshqa xodimlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 barobaridan oshmasligi lozim.
Budjet tashkilotlari xizmat safariga yuborilgan xodimlarning mehmonxona xarajatlarini mehmonxonalar bilan qonunchilikda belgilangan tartibda, shu jumladan elektron platforma orqali shartnoma tuzish orqali toʻlab berishi mumkin.
Xalqaro miqyosdagi tadbirlar davrida Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz shaharlari va Boʻstonliq tumanidagi mehmonxonalar xarajatlarining mazkur bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan bir kunlik qoplash miqdoridan oshgan qismi tashkilotning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2022-y., 07/22/455/1121-son)
19. Turar joyda yashaganligi boʻyicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan hollarda har bir sutka uchun belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida qoplanadi.
Ushbu toʻlov xizmat safarida boʻlgan Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) turar joyda yashaganlik uchun haqiqatda xarajat amalga oshirganligi ularning bevosita hamda xizmat safariga borgan harbiy qism (muassasa) rahbarlari tomonidan yozma ravishda tasdiqlangan hollarda (amalga oshirgan xarajat miqdori va yashagan manzilini koʻrsatgan holda), amaldagi xarajatlar doirasida, biroq har bir sutka uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplanadi.
Xizmat safari joyida bepul yotoq joy bilan taʼminlangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) mazkur bandda koʻrsatilgan toʻlov toʻlanmaydi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 6-oktabrdagi 531-sonli qaroriga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan)
20. Xizmat safariga yuborilgan xodim oʻzining doimiy ish joyiga har kuni qaytish imkoniyatiga ega boʻlsa, u holda kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanmaydi. Xodimning xizmat safariga yuborilgan joydan oʻzining doimiy ravishda yashaydigan joyiga har kuni qaytishi mumkinligi masalasi xizmat safariga yuborgan tashkilot rahbari tomonidan masofaning uzoqligi, transport aloqasi sharoiti, bajariladigan topshiriqning tusi, xodim uchun dam olish sharoitlarini yaratish kabilarni hisobga olgan holda hal etiladi.
21. Xizmat safari davrida xizmat safariga yuborilgan xodim vaqtinchalik mehnatga layoqatliligini yoʻqotgan hollarda unga umumiy asoslarda turar joy boʻyicha xarajatlar qoplanadi (xizmat safariga yuborilgan xodim statsionar davolanishda boʻlgan hollar bundan mustasno) va unga sogʻligʻi holatiga koʻra zimmasiga yuklatilgan xizmat topshirigʻini bajarish imkoniyatiga ega boʻlmagan barcha davr mobaynida yoki oʻzining doimiy yashash joyiga qaytguniga qadar, biroq ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatga kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi.
Xizmat safariga yuborilgan xodimning vaqtinchalik mehnatga layoqatliligini yoʻqotishi, shuningdek, sogʻligʻi holati boʻyicha oʻzining doimiy yashash joyiga qaytish imkoniyati yoʻqligi belgilangan tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Vaqtinchalik mehnatga layoqatliligini yoʻqotgan davr uchun xizmat safariga yuborilgan xodimga umumiy asoslarda vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik kunlari xizmat safari muddatiga qoʻshilmaydi.
22. Xizmat safariga yuboriladigan xodimga xizmat safariga ketishdan oldin mazkur Nizomning 14, 15 va 16-bandlarida koʻzda tutilgan miqdorlarda yoʻl xarajatlari, kundalik xarajatlar va turar joy xarajatlari doirasida pul koʻrinishidagi avans toʻlanadi.
Xodim xizmat safaridan qaytgan kundan eʼtiboran uch ish kuni mobaynida avans hisobotini taqdim qilishi shart. Ushbu hisobotga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan xizmat safari guvohnomasi va xizmat safarida haqiqatda qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
23. Montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini bajarish uchun xizmat safariga yuborilgan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislarga mazkur Nizomning 16-bandida koʻzda tutilgan meʼyorlar boʻyicha ikki oy mobaynida kundalik xarajatlar uchun haq toʻlanadi.
Ikki oydan ortiq muddatda montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlari uchun kundalik xarajatlar uchun haq oʻrniga ish haqi yoki lavozim maoshiga tarif stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq sutka uchun mazkur Nizomning 16-bandida belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlmagan ustama belgilanadi.
Quyidagi xodimlar montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun xizmat safariga yuborilgan hollarda ularga kundalik xarajatlar uchun haq oʻrniga tarif stavkasini yoki lavozim maoshini mazkur bandda koʻrsatilgan miqdorlarda ustamalar toʻlanmaydi:
montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlari amalga oshiriladigan joyda ishga olingan;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan shartlar asosida boshqa joyga oʻtkazish tartibida yuborilgan;
mehnat taʼtilida boʻlgan vaqtda, shuningdek, sababsiz holda ishga chiqmagan kunlarda;
ular tomonidan montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlari amalga oshiriladigan joydan tashqarida davlat yoki jamoat ishlarini bajarish vaqtida;
montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini bajarilishi nazoratini amalga oshirish uchun xizmat safariga yuborilgan.
Kundalik xarajatlar uchun haq oʻrniga tarif stavkasi yoki lavozim maoshidan foiz miqdorida ish haqiga ustama toʻlash xodim montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarida ishtirok etgan har bir kalendar kun uchun amalga oshiriladi.
Toʻliq boʻlmagan oy uchun koʻrsatilgan ustamani hisoblashdan avval ustama toʻliq oy uchun belgilanadi, soʻngra ushbu summa mazkur oydagi kalendar kunlar soniga boʻlinadi va xodim montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarida boʻlgan kunlar soniga koʻpaytiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Tashkilotlar mazkur Nizomda belgilangan talablarga rioya qilgan holda xizmat safarlari uchun sarflanadigan mablagʻlardan samarali foydalanish va ortiqcha xarajatlarning oldini olish choralarini koʻrib borishi lozim.
25. Tashkilotlarning komplayens-nazorat boʻlinmalari (yoki ushbu vazifa yuklatilgan masʼul shaxs) xizmat safariga yuborilgan xodimlarni manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻymasliklari ustidan doimiy nazorat olib borishga masʼul hisoblanadi.
26. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tashkilot xodimlarini respublika hududlariga xizmat safariga yuborish va uni rasmiylashtirish, shuningdek, xizmat safari yakuni boʻyicha hisobotlarni taqdim etish
SXEMASI
Bosqichlar
Ijrochilar
Chora-tadbirlar
Muddatlar
I. Xizmat safariga yuborish va uni rasmiylashtirish
1-bosqich
Tashkilot xodimi (keyingi oʻrinlarda — xodim)
1. Amalga oshiriladigan xizmat safari yuzasidan mazkur nizomga 2-ilovaga muvofiq ish rejasi tayyorlash.
2. Xizmat safari ish rejasini tashkilot rahbari yoki vakolatli shaxsga tasdiqlash uchun kiritish.
Xizmat safariga chiqishdan oldin
2-bosqich
Tashkilot rahbari yoki vakolatli shaxs
Xodimning xizmat safari ish rejasini oʻrgangan holda xizmat safariga chiqish asosli deb topilganda xizmat safari ish rejani tasdiqlash.
1 ish kunida
3-bosqich
Xodim
Xizmat safari ish rejasini kadrlar bilan ishlash boʻlinmasiga xizmat safari buyrugʻi (qarori, farmoyishi) va mazkur nizomga 3-ilovaga muvofiq guvohnomasini rasmiylashtirish uchun topshirish.
Ish rejasi tasdiqlangan kunda
4-bosqich
Kadrlar bilan ishlash boʻlinmasi
1. Xizmat safariga chiqish boʻyicha xizmat safari buyrugʻi (qarori, farmoyishi) va guvohnomasini rasmiylashtirish.
2. Xizmat safari buyrugʻi (qarori, farmoyishi) va guvohnomasini tashkilot rahbari yoki vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlanishini tashkil etish.
Ish rejasi kiritilgan kunda
3. Tasdiqlangan xizmat safari buyrugʻi (qarori, farmoyishi) va guvohnomasini roʻyxatdan oʻtkazish va xizmat safariga yuboriladigan xodimga berish.
Xizmat safari guvohnomasi tasdiqlangan kunda
4. Xizmat safariga yuborilayotgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xizmat safariga yuborilayotgan xodimlarni hisobga olish uchun mazkur nizomga 4-ilovaga muvofiq jurnalda aks ettirish.
Har kun yakuni boʻyicha
5-bosqich
Xodim
Xizmat safari xarajatlari yuzasidan avans pulini olish uchun Moliya-iqtisodiyot boʻlimiga (buxgalteriyaga) murojaat qilish.
Xizmat safari guvohnomasi olingan kunda
6-bosqich
Moliya-iqtisodiyot boʻlimi (buxgalteriya)
Xizmat safari guvohnomasida koʻrsatilgan muddatlarga muvofiq xodimga avans pulini berish.
Xizmat safari guvohnomasi olingan kunda
II. Xizmat safari davomida amalga oshiriladigan ishlar
7-bosqich
Xodim
1. Xizmat safariga borilgan hududdagi tegishli tashkilot rahbariga xizmat safari maqsadlari va vazifalari toʻgʻrisida tushuntirish berish.
2. Xizmat safarini tasdiqlangan xizmat safari ish rejasi asosida tashkil etish.
Xizmat safariga yetib borilgan kunda
8-bosqich
Xizmat safariga borilgan hududdagi tashkilot rahbari
1. Xodimning ish rejasiga muvofiq vazifalarini amalga oshirishi uchun belgilangan tartibda ish sharoitlari yaratilishiga koʻmaklashish.
2. Xodimning soʻroviga muvofiq xizmat safari maqsadlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tegishli maʼlumotlarni taqdim etish.
Xizmat safari jarayonida
9-bosqich
Xodim
1. Xizmat safari davomida xizmat safari ish rejasida belgilangan vazifalar toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash.
2. Xizmat safari natijalari toʻgʻrisida xizmat safariga borilgan hududdagi tashkilot rahbarini xabardor qilish.
Xizmat safaridan qaytayotgan kunda
III. Xizmat safari yakuni boʻyicha hisobotlarni taqdim etish
10-bosqich
Xodim
1. Xizmat safaridan kelganligi yuzasidan tashkilot rahbarini va Kadrlar boʻlimini xabardor qilish.
2. Xizmat safari yakunlanganligini xizmat safari guvohnomasida qayd etilishini taʼminlash.
Xizmat safaridan qaytganidan keyin 1 ish kunida
11-bosqich
Kadrlar bilan ishlash boʻlinmasi
Xizmat safaridan kelgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mazkur nizomga 5-ilovaga muvofiq xizmat safaridan qaytib kelgan xodimlarni hisobga olish jurnalida aks ettirish.
Har kun yakuni boʻyicha
12-bosqich
Xodim
1. Xizmat safari natijalari boʻyicha yozma hisobot tayyorlash hamda tashkilot rahbariga yoki vakolatli shaxsga axborot berish.
2. Xizmat safari xarajatlari yuzasidan moliyaviy hisobotni tayyorlash va Moliya-iqtisodiyot boʻlimiga (buxgalteriyaga) topshirish.
Xizmat safaridan qaytgan kundan eʼtiboran 3 ish kunida
13-bosqich
Xodim
Xizmat safari yakunlari boʻyicha rahbariyatga berilgan hisobot va rahbariyatning tegishli rezolyutsiyasi nusxasini Kadrlar boʻlimiga topshirish.
Rezolyutsiya olingandan soʻng 1 ish kunida
14-bosqich
Kadrlar bilan ishlash boʻlinmasi
Xodim tomonidan amalga oshirilgan xizmat safarlari va berilgan hisobotlar toʻgʻrisida tashkilot rahbari yoki vakolatli shaxsga axborot taqdim etib borish.
Har oy yakuni bilan keyingi oyning 5 sanasiga kadar
15-bosqich
Moliya-iqtisodiyot boʻlimi (buxgalteriya)
1. Xodim tomonidan tayyorlangan moliyaviy hisobotlar toʻliqligini oʻrganish.
2. Kamchiliklar aniqlangan taqdirda, xodimdan qoʻshimcha hujjatlar soʻrab olish.
3. Hujjatlar asosida xodim bilan yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish.
Hisobot taqdim etilgan kunda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“TASDIQLAYMAN” ___________ tashkilot rahbari (vakolatli shaxs) _____________ __ __________ ___ yil “___” __________
(xizmat safari guvohnomasi berilgan tashkilot nomi)
__________________________________________________ xizmat safariga yuborilgan
(xizmat safari punkti)
Xizmat safari muddati “_____” kun
20 ____ y. “____” _____________ dan 20 ____ yil “____” ____________ gacha.
Asos: 20 ____ yil “____” ______________dagi ____-son buyruq
_____________ seriya _____________ raqamli pasport (identifikatsiyalovchi ID kartasi maʼlumotlari) yoki ________ raqamli guvohnoma taqdim etilgan taqdirda haqiqiy.
M.Oʻ.
_____________
F.I.O
rahbar imzosi
Orqa tomoni
Belgilangan manzilga yetib borish va u yerdan qaytish belgilari:
Joʻnadi __________________________ 20 ____ y. “_____” _________________ Muhr, imzo _______________________
Yetib keldi _________________________ 20 ____ y. “_____” __________________ Muhr, imzo ________________________
Joʻnadi __________________________ 20 ____ y. “_____” _________________ Muhr, imzo _______________________
Yetib keldi _________________________ 20 ____ y. “_____” __________________ Muhr, imzo ________________________
Joʻnadi __________________________ 20 ____ y. “_____” _________________ Muhr, imzo _______________________
Yetib keldi _________________________ 20 ____ y. “_____” __________________ Muhr, imzo ________________________
Izoh. Tadbirkorlik subyektlari uchun muhr bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA