1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.07 Chorvachilik. Qorakoʻlchilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chorvachilik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli “Agrar va oziq-ovqat sohalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Subsidiya berish yuzasidan arizani kiritish va koʻrib chiqish shartlari, qaror qabul qilish va subsidiya berish tartibini nazarda tutuvchi:
Qorakoʻlchilik subyektlariga ular tomonidan eksport qilingan qorakoʻl va qorakoʻlcha teri uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)
Qorakoʻlchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlar uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-iyul,
368-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyuldagi 368-son qaroriga 1-ILOVA
Qorakoʻlchilik subyektlariga ular tomonidan eksport qilingan qorakoʻl va qorakoʻlcha teri uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirib, eksport qiluvchi qorakoʻlchilik subyektlariga subsidiya berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
subsidiya — eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirib, eksport qiluvchi qorakoʻlchilik subyektlariga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan beriladigan moliyaviy yordam;
qorakoʻlchilik subyektlari — qorakoʻl zotli qoʻylarni parvarish qiluvchi hamda qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari;
qorakoʻl teri — qorakoʻl zotiga mansub ona (sovliq) qoʻylardan tugʻilgan qoʻzilardan olinadigan xomashyo;
qorakoʻlcha teri — asosiy podaga yaroqsiz ona (sovliq) qoʻylarni boʻrdoqiga boqib va urugʻlantirib, boʻgʻozlikning 130-135 kunligida soʻyilishi natijasida olinadigan xomashyo.
3. Subsidiya Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan beriladi.
4. Qorakoʻl va qorakoʻlcha terini oʻzi yetishtirmasdan aholi va boshqa qorakoʻlchilik subyektlaridan xarid qilgan yoki qorakoʻl va qorakoʻlcha terini eksportga yoʻnaltirmagan qorakoʻlchilik subyektlariga subsidiya berilmaydi.
5. Subsidiya ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxema asosida beriladi.
2-bob. Subsidiya berish shartlari
6. Qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirib, eksportga yoʻnaltiruvchi qorakoʻlchilik subyektlari subsidiya oluvchilar hisoblanadi.
7. Qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirib, eksport qiluvchi qorakoʻlchilik subyektlariga har moliya yilida keyingi moliya yiliga qadar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyidagi miqdorda bir martalik subsidiya beriladi:
qorakoʻlchilik subyektlarida yetishtirilib, eksport qilingan har bir dona qorakoʻl teri uchun 50 ming soʻmdan;
qorakoʻlchilik subyektlarida yetishtirilib, eksport qilingan har bir dona qorakoʻlcha teri uchun 75 ming soʻmdan.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarini shakllantirishda subsidiya oluvchilarga subsidiya berish uchun zarur mablagʻlarni hisobga oladi.
3-bob. Subsidiya berish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
9. Qorakoʻlchilik subyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) subsidiya berishni soʻrab mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza topshiradi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
qorakoʻl va qorakoʻlcha terini eksport qilish boʻyicha eksport shartnomasi nusxasi;
eksport shartnomasi boʻyicha qorakoʻlchilik subyekti hisobvaragʻiga kelib tushgan pul oʻtkazmalari haqidagi bank maʼlumotnomasi.
10. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Qoʻmitaga bevosita, elektron shaklda yoki pochta xizmati orqali taqdim etiladi.
11. Ariza beruvchi taqdim etilgan hujjatlarning toʻliq va haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
12. Qorakoʻlchilik subyektlaridan mazkur Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
13. Qoʻmita eksport qilingan mahsulotlar hisob-faktura hujjatlari nusxalarini davlat bojxona xizmati organlaridan tegishli soʻrovnomalar yuborish orqali oladi.
14. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Qoʻmitaga bevosita taqdim etilganda, ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmasa, ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
15. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Qoʻmitaga elektron shaklda yoki pochta xizmati orqali taqdim etilganda, ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmasa, Qoʻmita ariza kelib tushgan sanadan boshlab bir ish kuni ichida ariza beruvchiga tegishlicha elektron shaklda yoki pochta xizmati orqali arizani koʻrib chiqish rad etilganligi toʻgʻrisida javob xatini yuboradi.
16. Mazkur Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilganda, Qoʻmita ariza kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlar asosida qorakoʻlchilik subyektlari tomonidan yetishtirilgan hamda eksport qilingan qorakoʻl va qorakoʻlcha teri sonini oʻrganadi hamda natijasi boʻyicha subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qilib, bir ish kunida ariza beruvchiga bu haqda xabar yuboradi.
17. Subsidiya berish toʻgʻrisidagi xabarda subsidiya summasi koʻrsatilishi zarur.
18. Qorakoʻlchilik subyektiga subsidiya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
qorakoʻlchilik subyektining mazkur Nizomda belgilangan talablarga mos kelmasligi;
qorakoʻlchilik subyekti tomonidan soxta hujjatlar taqdim etilganligi yoki hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganligi.
19. Mazkur Nizomning 14-bandida qayd etilganidan boshqa asoslarda subsidiya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Subsidiya berish rad etilgan qorakoʻlchilik subyekti xabarda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan taqdirda subsidiya olish uchun Qoʻmitaga ariza bilan qayta murojaat qilishi mumkin.
Bunda arizalar Qoʻmita tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
21. Subsidiya oluvchining arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlov undirilmaydi.
4-bob. Subsidiyani berish tartibi
22. Qoʻmita subsidiya berish toʻgʻrisida xulosa qabul qilingandan soʻng bir ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga subsidiya berish toʻgʻrisida buyurtmanomani taqdim etadi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir ish kuni ichida buyurtmanomada koʻrsatilgan mablagʻlarni Qoʻmitaning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
24. Qoʻmitaning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar bir ish kuni ichida subsidiya oluvchilarning tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
25. Moliya yili yakuni boʻyicha Qoʻmitaning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Qoʻmita tomonidan subsidiya berilgan qorakoʻlchilik subyektlari reyestri yuritib boriladi.
27. Reyestrdagi maʼlumotlar oʻzgargan hollarda, Qoʻmita tomonidan uch ish kuni ichida unga tegishli yozuvlar kiritilishi lozim.
28. Qoʻmita maʼlumotlarning reyestrga toʻgʻri, oʻz vaqtida kiritilishi va yangilab borilishiga masʼul hisoblanadi.
281. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzuridagi Agrar va oziq-ovqat sohalarini subsidiyalash boʻyicha Texnik ishchi guruh tomonidan 2025-yil 1-yanvarga qadar ushbu subsidiyaning samaradorlik koʻrsatkichi baholanadi. Bunda:
subsidiyani ajratish natijasida subsidiya ajratilgan subyektlarning qorakoʻl va qorakoʻlcha terilarini yetishtirish hamda eksport qilish hajmi oshganda, subsidiyaning samaradorlik koʻrsatkichi “ijobiy”;
subsidiya oluvchi subyekt tomonidan olingan subsidiyadan foydalanilmayotganligi yoki undan samarasiz foydalanayotganligi, shuningdek, subsidiyalardan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi aniqlanganda, subsidiyaning samaradorlik koʻrsatkichi “salbiy” deb baholanadi.
(281-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 331-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2023-y., 09/23/331/0560-son)
29. Subsidiya oluvchilarga beriladigan subsidiyaning Qoʻmita tomonidan yetkazilishi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
30. Qorakoʻlchilik subyekti subsidiya berilishini rad etish toʻgʻrisidagi xulosadan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Qorakoʻlchilik subyektlariga ular tomonidan eksport qilingan qorakoʻl va qorakoʻlcha teri uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qorakoʻlchilik subyektlariga ular tomonidan eksport qilingan qorakoʻl va qorakoʻlcha teri uchun subsidiya berish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Ariza beruvchi
(qorakoʻlchilik subyektlari)
Subsidiya olishda talab etiladigan barcha zarur hujjatlarni ariza bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga topshirish.
Yil davomida
2-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi
1. Qorakoʻlchilik subyekti tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa, ularni javob xati bilan qaytarish.
1 ish kuni ichida
2. Qorakoʻlchilik subyekti tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilganda, ularni oʻrganib chiqish.
5 ish kuni ichida
3-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi
1. Oʻrganish natijasida subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosa haqida ariza beruvchiga xabar yuborish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga subsidiya olish toʻgʻrisida buyurtmanoma berish.
Xulosa qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni ichida
4-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Respublika budjetidan tegishli subsidiya summasini Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazish.
Buyurtmanoma qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni ichida
5-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi
Qorakoʻlchilik subyektining hisobvaragʻiga tegishli subsidiya summasini oʻtkazish.
Maxsus gʻazna hisobvaragʻiga mablagʻ kelib tushgandan boshlab 1 ish kuni ichida
Qorakoʻlchilik subyektlariga ular tomonidan eksport qilingan qorakoʻl va qorakoʻlcha teri uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga _______________________dan (qorakoʻlchilik subyektning nomi)
Ariza
_______________________________________________ (qorakoʻlchilik subyektning nomi) tomonidan yetishtirilib, ______________________ga (mamlakat nomi) umumiy qiymati _______________________ (valyuta)ga teng, TIF TN kodi ____________________ boʻlgan _____________________ (mahsulotning nomi) mahsulot(lar) eksport qilindi.
___________________________________________ tomonidan (qorakoʻlchilik subyektning nomi) yetishtirilib, eksport qilingan ____ dona ___________________ terisi (mahsulotning nomi) uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan subsidiya berilishini koʻrib chiqishingizni va tegishli mablagʻlarni ______________________________ (tijorat bankining nomi) tijorat bankining ______________________________ (hududning nomi) filialidagi _____________________________ hisobvaragʻiga oʻtkazib berishingizni soʻrayman.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilindi:
qorakoʻl va qorakoʻlcha terini eksport qilish boʻyicha eksport shartnomasi nusxasi;
eksport shartnomasi boʻyicha qorakoʻlchilik subyekti hisob varagʻiga kelib tushgan pul oʻtkazmalari haqidagi bank maʼlumotnomasi;
_______________________ rahbari _________________________ (F.I.O.)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyuldagi 368-son qaroriga 3-ILOVA
Qorakoʻlchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlar uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qorakoʻlchilik klasterlariga yaylov yerlarida shaxtali va tik quduqlar hamda suv tortish uchun nasos stansiyalarini (keyingi oʻrinlarda — suv inshootlari) yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlar uchun subsidiya berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
subsidiya — yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga qorakoʻlchilik klasteriga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan beriladigan moliyaviy yordam;
suv koʻtarish lentasi — shaxtali quduqdan suv chiqaruvchi yassi tasma;
tik quduq — yer osti chuqur qatlamidagi suv manbasidan elektr nasosi orqali yer ustiga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduq;
shaxtali quduq — yer osti birinchi qatlamidagi suv manbasidan suv koʻtarish lentasi orqali yer ustiga suv chiqarish uchun qazilgan quduq;
qorakoʻlchilik klasteri — respublikaning yaylovlarga ega boʻlgan barcha hududlarida oziqa bazasini yaratgan holda, mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirish, shuningdek, mol soʻyish, teri va junni qayta ishlash, goʻsht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishga ixtisoslashgan klaster.
3. Subsidiya Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan ajratiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tegishli boʻlmagan yer maydonlarida qazilgan suv chiqarish quduqlariga subsidiya ajratilmaydi.
5. Subsidiya ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxema asosida beriladi.
2-bob. Subsidiya berish shartlari
6. Yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishni amalga oshirgan qorakoʻlchilik klasterlari subsidiya oluvchilar hisoblanadi.
7. Yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishni amalga oshirgan qorakoʻlchilik klasterlariga har moliya yilida keyingi moliya yiliga qadar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 120 mln soʻmgacha bir martalik subsidiya beriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarini shakllantirishda subsidiya oluvchilarga subsidiya berish uchun zarur mablagʻlarni hisobga oladi.
3-bob. Subsidiya berish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
9. Qorakoʻlchilik klasterlari Qoʻmitaga subsidiya berishni soʻrab mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza topshiradi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma;
resurs tejamkor uskunalar, suv koʻtarish lentasi yoki boshqa uskunalar sotib olinganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxalari;
yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilganligi toʻgʻrisida loyihalashtirish tashkilotining xulosasi (ekspertiza xulosasi) nusxasi;
kooperatsiya orqali yaylov yerlaridan foydalanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan yaylov ijara shartnoma nusxasi.
10. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Qoʻmitaga bevosita, elektron shaklda yoki pochta xizmati orqali taqdim etiladi.
11. Ariza beruvchi taqdim etilgan hujjatlarning toʻliq va haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
12. Ariza beruvchidan mazkur Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
13. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Qoʻmitaga bevosita taqdim etilganda, ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmasa, ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
14. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Qoʻmitaga elektron shaklda yoki pochta xizmati orqali taqdim etilganda, ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmasa, Qoʻmita ariza kelib tushgan sanadan boshlab bir ish kuni ichida ariza beruvchiga tegishlicha elektron shaklda yoki pochta xizmati orqali arizani koʻrib chiqish rad etilganligi toʻgʻrisida javob xatini yuboradi.
15. Mazkur Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilganda, Qoʻmita ariza kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlar asosida yaylov yerlarida suv inshootlari qurilganligini (rekonstruksiya qilinganligini) oʻrganadi hamda natijasi boʻyicha subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qilib, bir ish kunida ariza beruvchiga bu haqda xabar yuboradi.
16. Subsidiya berish toʻgʻrisidagi xabarda subsidiya summasi koʻrsatilishi zarur.
17. Qorakoʻlchilik klasteriga subsidiya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
qorakoʻlchilik klasterining mazkur Nizomda belgilangan talablarga mos kelmasligi;
qorakoʻlchilik klasteri tomonidan soxta hujjatlar taqdim etilganligi yoki hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganligi.
18. Mazkur Nizomning 18-bandida qayd etilganidan boshqa asoslarda subsidiya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Subsidiya berish rad etilgan qorakoʻlchilik klasteri xabarda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan taqdirda subsidiya olish uchun Qoʻmitaga ariza bilan qayta murojaat qilishi mumkin.
Bunda arizalar Qoʻmita tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
20. Subsidiya oluvchining arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlov undirilmaydi.
4-bob. Subsidiyani toʻlash tartibi
21. Qoʻmita subsidiya berish toʻgʻrisida xulosa qabul qilingandan soʻng bir ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga subsidiya berish toʻgʻrisida buyurtmanomani taqdim etadi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir ish kuni ichida buyurtmanomada koʻrsatilgan mablagʻlarni Qoʻmitaning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
23. Qoʻmitaning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar bir ish kuni ichida qorakoʻlchilik klasterlarining tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
24. Moliya yili yakuni boʻyicha Qoʻmitaning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Qoʻmita:
oʻziga tegishli yaylov yerlaridagi suv inshootlarini xatlovdan oʻtkazadi va ularning reyestrini yuritadi;
kelgusi yilda yaylov yerlarida suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha tumanlar, hududlar hamda qorakoʻlchilik klasterlari kesimida yaylov yer maydoni va suv manbai koʻrsatilgan holda, hududiy manzilli roʻyxatni tasdiqlaydi.
Tasdiqlangan manzilli roʻyxat har yili 1-fevralga qadar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim qilinadi.
26. Qoʻmita tomonidan subsidiya berilgan qorakoʻlchilik klasterlari reyestri yuritib boriladi.
27. Reyestrdagi maʼlumotlar oʻzgargan hollarda Qoʻmita tomonidan uch ish kuni ichida unga tegishli yozuvlar kiritilishi lozim.
28. Qoʻmita maʼlumotlarning reyestrga toʻgʻri, oʻz vaqtida kiritilishi va yangilab borilishiga masʼul hisoblanadi.
281. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzuridagi Agrar va oziq-ovqat sohalarini subsidiyalash boʻyicha Texnik ishchi guruh tomonidan 2025-yil 1-yanvarga qadar ushbu subsidiyaning samaradorlik koʻrsatkichi baholanadi. Bunda:
subsidiyani ajratish natijasida subsidiya ajratilgan subyektlarning qorakoʻl va qorakoʻlcha terilarini yetishtirish hamda eksport qilish hajmi oshganda, subsidiyaning samaradorlik koʻrsatkichi “ijobiy”;
subsidiya oluvchi subyekt tomonidan olingan subsidiyadan foydalanilmayotganligi yoki undan samarasiz foydalanayotganligi, shuningdek, subsidiyalardan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi aniqlanganda, subsidiyaning samaradorlik koʻrsatkichi “salbiy” deb baholanadi.
(281-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 331-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2023-y., 09/23/331/0560-son)
29. Subsidiya oluvchilarga beriladigan subsidiyaning Qoʻmita tomonidan yetkazilishi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
30. Qorakoʻlchilik klasteri subsidiya berilishini rad etish toʻgʻrisidagi xulosadan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Qorakoʻlchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlari uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qorakoʻlchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlari uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Ariza beruvchi
(qorakoʻlchilik klasteri)
Subsidiya olishda talab etiladigan barcha zarur hujjatlarni ariza bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga topshirish.
Yil davomida
2-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi
1. Qorakoʻlchilik klasterlari tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa, ularni javob xati bilan qaytarish.
1 ish kuni ichida
2. Qorakoʻlchilik klasterlari tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilganda, ularni oʻrganib chiqish.
5 ish kuni ichida
3-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi
1. Oʻrganish natijasida subsidiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosa haqida ariza beruvchiga xabar yuborish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga subsidiya ajratish toʻgʻrisida buyurtmanoma berish.
Xulosa qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni ichida
4-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Respublika budjetidan tegishli subsidiya summasini Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazish.
Buyurtmanoma qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni ichida
5-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi
Qorakoʻlchilik klasterlarining hisobvaragʻiga tegishli subsidiya” summasini oʻtkazish.
Maxsus gʻazna hisobvaragʻiga mablagʻ kelib tushgandan boshlab 1 ish kuni ichida
Qorakoʻlchilik klasterlariga suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflangan xarajatlari uchun subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga _______________________dan (qorakoʻlchilik klasteri nomi)
Ariza
_______________________________________________ (qorakoʻlchilik klasteri nomi) tomonidan ________ga. yaylovlarda yangidan tik va shaxtali quduqlar burgʻilandi, (qazildi) yoki rekonstruksiya qilindi, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasi qurildi yoki rekonstruksiya qilindi.
___________________________________________ tomonidan (qorakoʻlchilik klasteri nomi) burgʻilangan, qazilgan yoki rekonstruksiya qilingan quduqlar, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan nasos stansiyalari uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan subsidiya berilishini koʻrib chiqishingizni va tegishli mablagʻlarni ______________________________ (tijorat bankining nomi) tijorat bankining ______________________________ (hududning nomi) filialidagi ________________________hisobvaragʻiga oʻtkazib berishingizni soʻrayman.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha bajaruvchi korxona bilan tuzilgan shartnoma;
qurilish (rekonstruksiya) smetasi;
resurs tejamkor uskunalar, suv koʻtarish lentasi yoki boshqa uskunalar sotib olinganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxalari;
yaylov yerlarida suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilganligi toʻgʻrisida loyihalashtirish tashkilotining xulosa (ekspertiza xulosasi) nusxasi;
kooperatsiya orqali yaylov yerlaridan foydalanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan yaylov ijara shartnoma nusxasi.
_______________________ rahbari _________________________ (F.I.O.)