|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.01.2019
|
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSULLIK USTAVI
Mazkur Ustav O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 17-yanvardagi O‘RQ-517-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
BIRINChI BO‘LIM. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSULLIK MUASSASALARI VA ULARNING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda.
Ushbu Ustavda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
“konsullik muassasasi” — O‘zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasining konsullik bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatda ta’sis etiladigan bosh konsulxonasi, konsulxonasi, vitse-konsulxonasi va konsullik agentligi;
“konsul” — konsullik muassasasining rahbari bo‘lmish bosh konsul, konsul, vitse-konsul va konsullik agenti;
“konsullik mansabdor shaxsi” — konsullik vazifalarini bajarish ishi topshirilgan har qanday shaxs, shu jumladan konsullik muassasasining rahbari, shuningdek diplomatiya vakolatxonasi konsullik bo‘limining mudiri;
“konsullik muassasasining xodimi” — konsullik muassasasiga xizmat ko‘rsatish yuzasidan konsullik muassasasida ma’muriy yoki texnikaviy vazifalarni bajarish bilan shug‘ullanayotgan har qanday shaxs;
“konsullik okrugi” — konsullik vazifalarini bajarish uchun konsullik muassasasi ixtiyoriga berilgan hudud;
“konsullik binolari” — konsullik muassasasi ehtiyojlari uchun foydalanilayotgan binolar yoki ularning bir qismi, shuningdek ularga qarashli yer maydonlari;
“kema” — O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostida suzib yurgan har qanday kema, harbiy kema bundan mustasno;
“havo kemasi” — O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan har qanday havo kemasi, harbiy samolyot bundan mustasno.
2-modda.
O‘zbekiston Respublikasi qaysi davlatlar bilan konsullik munosabatlari o‘rnatilgan bo‘lsa, shu davlatlarda konsullik muassasalarini ta’sis etadi.
Konsullik munosabatlarini o‘rnatish haqida bitim bo‘lmagan taqdirda diplomatiya munosabatlarining o‘rnatilishi konsullik munosabatlarining ham o‘rnatilishi deb hisoblanadi. Biroq diplomatiya munosabatlarining uzilishi o‘z-o‘zidan konsullik munosabatlarining ham uzilishini va O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasasining faoliyati tugatilishini anglatmaydi.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari chet ellarda O‘zbekiston Respublikasining, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Konsullik muassasalari konsullik joylashgan davlatlar bilan O‘zbekiston Respublikasining do‘stona munosabatlari rivojlanishiga hamda ular bilan iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa aloqalarning kengayishiga ko‘maklashadi.
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi hamda konsullik joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalarga, xalqaro taomillarga, ushbu Ustavga, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga amal qiladi.
5-modda.
Konsullik muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunadi va konsulxona joylashgan davlatdagi O‘zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasi boshlig‘ining umumiy rahbarligida ish ko‘radi.
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari konsullik bo‘limlarining mudirlari tomonidan boshqariladi. Bosh konsulxonalar, konsulxonalar, vitse-konsulxonalar va konsullik agentliklari tegishincha bosh konsullar, konsullar, vitse-konsullar va konsullik agentlari tomonidan boshqariladi.
7-modda.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari bo‘lmagan davlatlarda konsulxona joylashgan davlatning roziligi bilan konsul zimmasiga diplomatlik vazifalari ham yuklatilishi mumkin.
8-modda.
Konsullik muassasasining manzili, uning darajasi va konsullik okrugi konsulxona joylashgan davlat bilan kelishilgan holda belgilanadi.
9-modda.
Konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan hamda konsullik muassasasining nomi O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
10-modda.
Konsullik muassasasi o‘zi egallab turgan binoga O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tushirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida va konsulxona joylashgan davlat tilida konsullik muassasasining nomi yozilgan peshlavha o‘rnatish huquqiga egadir.
11-modda.
Konsullik muassasasi o‘zi joylashgan bino ustida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ko‘tarishga haqlidir.
Konsul o‘z qarorgohida, shuningdek o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z transport vositalarida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini ko‘tarishga haqlidir.
Ushbu moddada nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish chog‘ida konsulxona joylashgan davlatning qonunlari, qoidalari va taomillari e’tiborga olinmog‘i lozim.
12-modda.
Konsullik muassasalarining mansabdor shaxslari va xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida davlat xizmatida bo‘ladilar.
13-modda.
Faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarosigina konsullik mansabdor shaxsi bo‘lishi mumkin.
14-modda.
Konsul lavozimga tayinlanayotganida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan uning konsullik okrugi belgilab berilgan konsullik patentini oladi.
15-modda.
Konsul konsulxona joylashgan davlatning roziligini (ekzekvaturasini) olganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi. Uning bu vazifaga tayinlanganligi to‘g‘risida konsulxona joylashgan davlat ma’murlari xabardor qilinadi.
16-modda.
Agar konsul biron sababga ko‘ra o‘z vazifalarini bajara olmaydigan bo‘lsa yoki uning lavozimi vaqtincha bo‘sh bo‘lsa, konsul vazifalarini bajarish ushbu konsullik muassasasining yoki O‘zbekiston Respublikasining konsulxona joylashgan davlatdagi boshqa konsullik muassasasining boshqa mansabdor shaxsi zimmasiga yoxud shu davlatdagi O‘zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasining diplomatiya xodimlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
17-modda.
Konsul ushbu Ustavda hamda O‘zbekiston Respublikasi hamda konsulxona joylashgan davlat imzolagan xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan vazifalarni bajaradi.
Konsul ushbu Ustavda nazarda tutilmagan boshqa vazifalarni, agar ular O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlariga zid bo‘lmasa, bajarishi mumkin.
18-modda.
Konsul o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni shaxsan o‘zi bajaradi yoki ularni bajarishni boshqa konsullik mansabdor shaxsiga topshiradi.
19-modda.
Konsul boshqa davlatning konsullik vazifalarini faqat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmasiga binoan va konsulxona joylashgan davlat roziligi bilan bajarishi mumkin.
20-modda.
Konsul o‘zining konsullik okrugi doirasida konsullik muassasasining faoliyati bilan bog‘liq barcha masalalar yuzasidan konsulxona joylashgan davlat ma’murlariga murojaat etishi mumkin.
21-modda.
Konsul har yili kamida bir marta o‘z konsullik okrugini aylanib chiqishi shart.
22-modda.
Konsullik mansabdor shaxslari hamda konsullik muassasalari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qilingan shikoyatlar bo‘ysunish tartibida ko‘rib chiqiladi.
IKKINChI BO‘LIM. KONSULLIK VAZIFALARI VA ULARNI BAJARISh TARTIBI
II bob. KONSULNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI YuRIDIK ShAXSLARI VA FUQAROLARIGA TAALLUQLI VAZIFALARI
23-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlariga ko‘ra va O‘zbekiston Respublikasi hamda konsulxona joylashgan davlat ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek xalqaro taomillarga ko‘ra ularga berilgan barcha huquqlardan foydalana olishlari uchun chora-tadbirlar ko‘rishi shart.
Konsul yozma arizalarni ham, og‘zaki arizalarni ham qabul qilishi shart.
24-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining buzilgan huquqlari tiklanishi uchun chora-tadbirlar ko‘rishi shart.
25-modda.
Konsul uning konsullik okrugida doimiy yashayotgan hamda vaqtincha turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi.
26-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining konsullik okrugi doirasida turgan vakillariga o‘z xizmat vazifalarini bajarishlarida ko‘maklashadi.
27-modda.
Konsul uning konsullik okrugida vaqtincha turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini konsulxona joylashgan davlatning qonunlari va boshqa normativ hujjatlaridan, shuningdek mahalliy urf-odatlardan xabardor qiladi.
Konsulning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elda bo‘lishlariga doir masalalar bo‘yicha farmoyishlari ular uchun majburiy kuchga egadir.
28-modda.
Konsul uning konsullik okrugida turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishiga ko‘maklashadi.
29-modda.
Agar O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari hozir bo‘lmasalar va ish yuritishni biror-bir shaxsga topshirmagan bo‘lsalar yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z manfaatlarini himoya qilishga qodir bo‘lmasalar, konsulxona joylashgan davlat muassasalarida konsul ularning nomidan ishonchnomasiz vakillik qilish huquqiga egadir. Ushbu vakillik ular o‘z vakillarini tayinlagunga qadar yoki o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmalariga olgunga qadar davom etadi.
III bob. KONSULNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINI HARBIY HISOBGA OLIShGA DOIR VAZIFALARI
30-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq konsulxona joylashgan davlatda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy hisobini yuritadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-martdagi 119-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi nizom.
31-modda.
Konsul muddatli harbiy (muqobil) xizmatga chaqiriladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasidagi tegishli mudofaa ishlari bo‘limlariga borishlarini ta’minlaydi.
IV bob. KONSULNING FARZANDLIKKA OLISh, VASIYLIK VA HOMIYLIKKA DOIR VAZIFALARI
32-modda.
Konsul chet elda doimiy yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan bolani farzandlikka olish uchun ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizalarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga belgilangan tartibda yuborish chora-tadbirlarini ko‘radi.
(32-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi O‘RQ-411-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)
33-modda.
Ota-onasining homiyligidan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolari ustidan konsul o‘z konsullik okrugida vasiylik va homiylik o‘rnatilishi chora-tadbirlarini ko‘radi.
34-modda.
Konsul salomatligining yomonligi tufayli o‘z huquqlarini mustaqil amalga oshirishga hamda o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetgan fuqarolari ustidan o‘z konsullik okrugida vasiylik va homiylik o‘rnatilishi chora-tadbirlarini ko‘radi.
V bob. KONSULNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING MOL-MULKIGA DOIR VAZIFALARI
35-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining vafotidan so‘ng undan qolgan mol-mulk qo‘riqlanishi chora-tadbirlarini ko‘radi.
Agar qolgan mol-mulkning hammasi yoki uning bir qismi buziladigan narsalardan iborat bo‘lsa, shuningdek ularni saqlash o‘ta qimmatga tushadigan bo‘lsa, konsul bu mol-mulkni sotish huquqiga ega va tushgan pulni tegishliligiga qarab jo‘natishi shart.
36-modda.
Konsul meros qilib qoldirilgan mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan merosxo‘rlarga topshirish uchun qabul qilib olish huquqiga egadir.
37-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli pullar, boyliklar, qimmatli qog‘ozlar va hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib olishi mumkin.
Saqlash uchun topshirilgan mol-mulk egasi bo‘lgan shaxs vafot etgan taqdirda bunday mol-mulkka nisbatan ushbu Ustavning 35-moddasi qoidalari qo‘llanadi.
VI bob. KONSULNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TERGOV ORGANLARI VA SUDLARINING TOPShIRIQLARINI BAJARIShGA, ShUNINGDEK HIBSGA OLINGAN, UShLAB TURILGAN YOKI BOShQAChA TARZDA OZODLIKDAN MAHRUM ETILGAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARIGA TAALLUQLI VAZIFALARI
38-modda.
Konsul, agar konsulxona joylashgan davlat qonunlarida man etilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi tergov organlari va sudlarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga taalluqli topshiriqlarini bajaradi. Mazkur topshiriqlar xalqaro shartnomalarga rioya etgan holda bajariladi.
39-modda.
Konsul jinoyat sodir etishda gumon qilinib hibsga olingan (qamalgan) yoki ushlab turilgan yoxud O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining erkinligini cheklovchi boshqa choralarga tortilgan yoki ozodlikdan mahrum etish tarzida jazoni o‘tayotgan, shuningdek sudlov yoki ma’muriy ta’sir choralarining boshqa turlariga tortilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan konsulxona joylashgan davlat qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalar qoidalari tatbiq etilishini kuzatib borishi shart.
40-modda.
Konsul ozodlikdan mahrum etish joylaridagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan hamda o‘z tashabbusi bilan borib ko‘rishi hamda ularni saqlab turish shart-sharoitlarini aniqlashi shart. Konsul bunday fuqarolar gigiyena va sanitariya talablariga javob beradigan sharoitlarda saqlanishini hamda ularga nisbatan shafqatsiz va inson qadr-qimmatini tahqirlovchi muomala qilinmasligini kuzatib turishi shart.
VII bob. KONSULNING FUQAROLIK, PASPORT, VIZA MASALALARIGA HAMDA FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARINI YoZISh MASALALARIGA DOIR VAZIFALARI
41-modda.
Konsul uning konsullik okrugida istiqomat qilib turgan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga doir arizalarini qabul qilishi shart.
42-modda.
Konsul chet elda doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berish hamda uni almashtirib berish huquqiga ega.
43-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasiga kirish, O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketish va O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tish uchun vizalar berish, ularning muddatini uzaytirish, ularni bekor qilish, shuningdek berilgan vizalarga o‘zgartishlar kiritish huquqiga ega.
44-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini yozadi.
Konsul chet elda doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holatini qayd etish yozuvlariga o‘zgartishlar, tuzatishlar, qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi, yo‘qotib qo‘yilgan yozuvlarni qayta tiklash, shuningdek familiyasi, ismi va otasining ismini o‘zgartirish haqidagi iltimosnomalarini qabul qilib oladi hamda ularni qarab chiqish uchun vakolatli organlarga yuboradi.
45-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasining havo, dengiz, daryo kemasida biron shaxsning tug‘ilganligi yoki vafot etganligi to‘g‘risida ma’lumot olgach, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tug‘ilganlik yoki vafot etganlik to‘g‘risidagi holatni ro‘yxatga oladi.
46-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Konsul tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”.
(46-modda O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son 20-modda)
VIII bob. KONSULNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HAVO KEMALARIGA, DENGIZ VA DARYo FLOTI KEMALARIGA DOIR VAZIFALARI
47-modda.
Konsul o‘z konsullik okrugi doirasida konsulxona joylashgan davlatning aeroportlarida O‘zbekiston Respublikasi havo kemasining komandiri, ekipaji va yo‘lovchilariga konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq huquqlar va immunitetlar berilishini kuzatib boradi.
48-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasining fuqaro havo kemasi komandiri, ekipaji va yo‘lovchilarining konsulxona joylashgan davlat ma’murlari bilan munosabatlarida yordam berishi, shuningdek, zarur hollarda, havo kemasi, uning ekipaji va yo‘lovchilari O‘zbekiston Respublikasiga qaytishi yoki parvozni davom ettirishi uchun chora-tadbirlar ko‘rishi kerak.
49-modda.
Konsul quyidagi huquqlarga ega:
a) havo kemasining aeroportga uchib kelishi, undan uchib ketishi va aeroportda turishiga ko‘maklashish;
b) havo kemasida yuz bergan hodisalarning tafsilotlarini aniqlash, havo kemasining komandiri, ekipaj a’zolari va yo‘lovchilaridan so‘rab-surishtirish;
v) havo kemasi, undagi yuk va reys xususida ma’lumotlar olish;
g) zarur hollarda havo kemasi ekipaji a’zolari va yo‘lovchilarning davolanishi hamda O‘zbekiston Respublikasiga jo‘natilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish;
d) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, pochta va yuklarni O‘zbekiston Respublikasining aeroportlariga boradigan O‘zbekiston Respublikasi havo kemalarida jo‘natib yuborish;
e) havo kemalariga taalluqli, O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda yoki O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan deklaratsiya yoki boshqa hujjatni olish, tuzish yoki tasdiqlash.
50-modda.
Havo kemasi halokatga uchragan, qo‘nishga majbur bo‘lgan yoki boshqa hodisa sodir bo‘lgan taqdirda konsul o‘zining konsullik okrugi doirasida ekipaj va yo‘lovchilarga zarur yordam ko‘rsatadi.
51-modda.
Konsul halokatga uchragan yoki qo‘nishga majbur bo‘lgan havo kemasini, hodisa xususiyatidan shohidlik beruvchi undagi yuklarni va ashyoviy dalillarni qo‘riqlash choralarini ko‘radi hamda uchish vaqtida yuz bergan hodisaning sabablarini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi mutaxassislariga ko‘maklashadi.
52-modda.
Havo kemasining bortida jinoyat sodir etilgan taqdirda konsul O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalardan va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishda havo kemasining komandiriga ko‘maklashadi.
53-modda.
Agar konsullik mansabdor shaxsida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi havo kemasining muayyan aeroportga kirishi bexatar bo‘lmasa, nomaqbul bo‘lsa yoki mumkin bo‘lmasa, konsullik mansabdor shaxsi havo kemasi kapitanini bundan ogohlantirishi shart.
54-modda.
Dengiz va daryo floti kemalariga taalluqli konsullik vazifalarini bajarish chog‘ida konsul ushbu Ustavning 47—53-moddalari qoidalariga amal qiladi.
55-modda.
Chet elda kema sotib olingan taqdirda konsul unga O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ostida suzib yurish huquqini beradigan muvaqqat guvohnoma beradi.
IX bob. KONSULNING SANITARIYA, FITOSANITARIYA VA VETERINARIYA MUHOFAZASIGA DOIR VAZIFALARI
56-modda.
Konsulxona joylashgan davlatning hududida karantinli kasalliklar paydo bo‘lgan taqdirda konsul bu xususda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga darhol xabar beradi va kasallik tarqalgan joy, kasallanish hollarining miqdori va mahalliy ma’murlarning epidemiyaga qarshi ko‘rgan chora-tadbirlarini ma’lum qiladi. Konsul bu haqda O‘zbekiston Respublikasining boshqa manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillarini ham xabardor qiladi.
Konsul O‘zbekiston Respublikasiga kirish uchun ruxsatnoma olgan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasiga kirishda emlanganlik to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatlarni topshirish zarurligidan xabardor qiladi.
57-modda.
Konsullik okrugi doirasida qishloq xo‘jalik o‘simliklarining xavfli kasalliklari yoki zararkunandalari paydo bo‘lgan taqdirda, shuningdek chorva va parranda yoppasiga kasallangan yoki inson va hayvonot uchun umumiy kasalliklarning tarqalishi xavfi tahdid solgan hollarda, konsul bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga darhol xabar beradi.
58-modda.
Konsul O‘zbekiston Respublikasiga kirish uchun ruxsatnoma olgan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasiga kirishda hayvonlar, chorva mahsulotlari uchun beriladigan veterinariya sertifikatlarini taqdim etish zarurligidan hamda O‘zbekiston Respublikasiga urug‘lar, o‘simliklar, ko‘chatlar, yangi meva va sabzavotlar olib kirish qoidalaridan xabardor qiladi.
UChINChI BO‘LIM. NOTARIAL HARAKATLAR, KONSULNING HUJJATLARNI QONUNLAShTIRIShI, KONSULLIK YIG‘IMLARI
X bob. NOTARIAL HARAKATLAR
59-modda.
Notarial harakatlar O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasida bajariladi. Ayrim hollarda notarial harakatlar mazkur muassasadan boshqa joyda bajarilishi mumkin.
60-modda.
Konsul quyidagi notarial harakatlarni bajaradi:
1) bitimlarni (shartnomalar, vasiyatnomalar, ishonchnomalar va hokazolarni) tasdiqlaydi. O‘zbekiston Respublikasidagi uy-joyni (joyning bir qismini), kvartira, dala hovli, bog‘ hovli, garajni, shuningdek boshqa bino, inshootni yoki imoratni boshqa shaxsga o‘tkazish va garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalar bundan mustasno;
(60-modda birinchi qismining 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-255-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 37-son, 313-modda)
2) meros qilib qoldirilgan mulkni qo‘riqlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
3) merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beradi;
4) er-xotinning umumiy mulkidagi ulushga egalik huquqi to‘g‘risida guvohnoma beradi;
5) hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini shahodatlaydi;
6) hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlaydi;
7) hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlaydi;
8) shaxs tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi;
9) fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi;
10) fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi;
11) hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;
12) pul summalari va qimmatli qog‘ozlarni depozitga qabul qiladi;
13) ijro xatlarini yozadi;
14) saqlash uchun hujjatlarni qabul qiladi;
15) qonunda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni bajaradi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga.
Konsul tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan, shuningdek ushbu Ustav bilan belgilanadi. Konsul tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
61-modda.
Notarial harakatlarni bajarayotgan konsul ushbu notarial harakatlar sirini saqlashi shart.
Bajarilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar va hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining notariat to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning 36-moddasi.
62-modda.
Notarial harakatlar buning uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar taqdim etilgan, konsullik yig‘imlari to‘langan va amaldagi xarajatlar qoplangan kuni bajariladi.
Notarial harakatlarni bajarish qo‘shimcha ma’lumotlar yoki hujjatlar talab qilinganda yoxud hujjatlarni ekspertizaga jo‘natish zarurati bo‘lganda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra kechiktirilishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasi.
63-modda.
Notarial tartibda tasdiqlanadigan bitimlar, shuningdek ariza va boshqa hujjatlar notarial harakatlarni bajarayotgan konsul huzurida imzolanadi. Agar bitim, ariza yoki boshqa hujjat konsul yo‘qligida imzolangan bo‘lsa, imzo chekkan shaxs hujjatni o‘zi imzolaganligini shaxsan tasdiqlashi lozim.
64-modda.
Konsul notarial harakatlarni bajarayotgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, bajarilayotgan notarial harakatlarning oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirishi shart.
65-modda.
Konsul o‘z nomiga va o‘z nomidan, xotini (eri) nomiga va uning nomidan, xotinining (erining) va o‘zining yaqin qarindoshlari nomiga va ularning nomidan notarial harakatlarni bajarishi mumkin emas.
66-modda.
Konsullik muassasasida notarial ish yuritishlar O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida davlat tili bo‘lib o‘zbek tili hisoblanadi.
Agar notarial harakatni bajarish iltimosi bilan murojaat qilgan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa, notarial harakatni bajarayotgan konsul yoki konsul taniydigan tarjimon rasmiylashtirilayotgan hujjatlarning matnlarini unga tarjima qilib berishi lozim.
67-modda.
Agar O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari foydasiga meros ochilganligi konsulga ma’lum bo‘lib qolsa, konsul meros va ehtimol tutilgan merosxo‘rlar to‘g‘risida o‘zi bilgan barcha ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol xabar qilishi shart.
68-modda.
Agar notarial harakatni bajarish O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lsa, konsul bunday harakatlarni bajarishni rad etadi.
Agar hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa yoki o‘z mazmuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa yoxud fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi ma’lumotlarga ega bo‘lsa, konsul bunday hujjatlarni notarial harakatlarni bajarish uchun qabul qilmaydi.
Notarial harakatni bajarish to‘g‘risidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan unga rad etishning sabablari bayon qilinishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntirib berilishi lozim.
XI bob. KONSULNING HUJJATLARNI QONUNLAShTIRIShI
69-modda.
Konsul o‘z konsullik okrugidagi mahalliy ma’murlarning vakillari ishtirokida tuzilgan yoki ana shu ma’murlardan kelgan hujjatlar va aktlarni qonunlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasining organlari ana shunday hujjatlar va aktlarni, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki O‘zbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, konsul tomonidan qonunlashtirilganidan keyingina qarab chiqish uchun qabul qiladi.
Konsul tomonidan hujjatlarni qonunlashtirishning mohiyati ana shu hujjatlar va aktlardagi imzolarning haqiqiyligini va bu hujjatlar bilan aktlarning konsulxona joylashgan davlat qonunlariga muvofiqligini aniqlash hamda shahodatlashdan iboratdir.
Konsul tomonidan hujjatlarni qonunlashtirish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilaydi.
Qarang: “Konsul tomonidan hujjatlarni qonuniylashtirish to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma (ro‘yxat 313-son 12.03.97y.).
70-modda.
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan yoki o‘z mazmuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi ma’lumotlarga ega hujjatlar va aktlar qonunlashtirilmaydi.
XII bob. KONSULLIK YIG‘IMLARI
71-modda.
Konsullik harakatlari uchun konsullik yig‘imlari undiriladi.
Mazkur harakatlarni bajarish bilan bog‘liq holda qilingan xarajatlar ham qoplanishi lozim.
Qarang: “Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni qoplash uchun yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat. 1273-son, 18.09.2003-y.).
72-modda.
Konsullik yig‘imlari O‘zbekiston Respublikasi konsullik yig‘imlari tarifiga muvofiq, ya’ni: chet elda — konsullik joylashgan davlatning valyutasida yoki erkin ayirboshlanadigan valyutada; O‘zbekiston Respublikasida — milliy valyutada yoki erkin ayirboshlanadigan valyutada undiriladi.
Konsullik yig‘imlarining tariflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-avgustdagi 423-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi konsullik yig‘imlarining tarifi”.
73-modda.
Konsullik yig‘imlari quyidagi hollarda undirilmaydi:
a) konsullik yig‘imlarini undirishdan voz kechish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnoma mavjud bo‘lsa;
b) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini repatriatsiya qilish ishlari bo‘yicha;
v) chet el diplomatiya pasportlariga bahamlik asosida viza qo‘yganlik uchun;
g) mehnat staji, fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti to‘g‘risidagi, alimentlar undirish to‘g‘risidagi ishlarga doir hujjatlar so‘rab olinganligi va qonunlashtirilganligi uchun;
d) O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-avgustdagi 423-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi konsullik yig‘imlarining tarifi”.
74-modda.
Konsullik yig‘imlari davlat daromadiga o‘tkaziladi.
XIII bob. ShTATSIZ KONSULLAR
75-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi konsulxona joylashgan davlat bilan kelishib turib ayrim konsullik vazifalarini bajarishni shtatsiz konsullarga topshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek ajnabiy fuqarolar shtatsiz konsul bo‘lishlari mumkin.
76-modda.
Shtatsiz konsullar O‘zbekiston Respublikasining davlat xizmatida turmaydi.
Shtatsiz konsullarning vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
TO‘RTINChI BO‘LIM. IMTIYOZLAR HAMDA IMMUNITETLAR. KONSUL VAZIFASINING TUGATILIShI
77-modda.
Konsullik muassasalari, konsullik muassasalarining xodimlari hamda ularning oila a’zolari 196Z yilgi Konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi Vena Konvensiyasida, O‘zbekiston Respublikasi bilan konsulxona joylashgan davlat o‘rtasidagi shartnomalarda, shuningdek xalqaro huquqning umumiy normalirida nazarda tutilgan imtiyozlar va immunitetlardan foydalanadilar.
78-modda.
Konsulning vazifasi quyidagi hollarda tugatiladi:
— konsul chaqirib olinganda;
— ekzekvatura bekor qilinganda;
— konsullik patentining muddati tugaganda;
— konsullik muassasasi yopilganda;
— konsullik munosabatlari to‘xtatilganda.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 124-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami 2010-y., 37-son, 313-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda)