1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.01.00 Umumiy masalalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2024-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Soʻnggi yillarda tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining 46 mingdan ziyod loyihalariga 15 trillion soʻmdan ortiq miqdorda moliyaviy yordam koʻrsatildi.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. Quyidagilar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) faoliyatining kichik tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali joylarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish;
eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash orqali respublikada eksport hajmini oshirishga koʻmaklashish;
tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish;
mamlakatda kichik tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish, jumladan hududlarda iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim drayver sohalarni rivojlantirish borasida moliyaviy koʻmaklashish;
tijorat banklarining kreditlari orqali ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuqori samara beruvchi yoʻnalishlar, jumladan axborot tizimlari va dasturlarini yaratish loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash.
a) Jamgʻarma tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kredit (lizing)lari boʻyicha:
1 — 3 toifadagi tuman (shahar)larda joylashgan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalari boʻyicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini;
4-5 toifadagi tuman (shahar)larda joylashgan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalari boʻyicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.
Fargʻona viloyati Soʻx tumanida roʻyxatga olingan va faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 10 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kredit (lizing)lari boʻyicha foiz stavkasining 10 foizlik punktidan yuqori qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.
Bunda, kompensatsiya “2+1” tamoyili asosida avval kredit (lizing)ning dastlabki ikki yiliga taqdim etiladi, tadbirkorlar tomonidan biznes-rejada koʻzda tutilgan mahsulot (xizmat)larni sotish hamda ish oʻrinlari yaratish koʻrsatkichlari toʻliq bajarilgan taqdirda, qoʻshimcha bir yilga uzaytiriladi;
b) Jamgʻarma tomonidan tijorat banklari kredit (lizing)lariga kafillik:
1 — 3 toifadagi tuman (shahar)larda joylashgan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga ajratiladigan kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda;
4-5 toifadagi tuman (shahar)larda joylashgan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga ajratiladigan kredit summasining 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi.
Bunda, “aʼlo” kredit tarixiga ega boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlariga, ular avval olgan kreditlari boʻyicha Jamgʻarma kafilligidan foydalanayotgan boʻlishidan qatʼi nazar qoʻshimcha kreditlar boʻyicha belgilangan umumiy miqdor va shartlar doirasida kafilliklar taqdim etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-martdagi PF-43-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2023-y., 06/23/43/0167-son)
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda Jamgʻarma tomonidan 2022-yil 1-iyulga qadar kompensatsiya yordamlari koʻrsatilishi orqali ajratilgan kredit (lizing) biznes-rejasida koʻrsatilgan ish oʻrinlarini yaratish va mahsulot (xizmat)lar aylanmasi kabi koʻrsatkichlar toʻliq bajarilmagan hollarda 2024-yil 1-oktabrdan boshlab kompensatsiya toʻlovlarini toʻxtatish choralarini koʻrsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-martdagi PF-43-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2023-y., 06/23/43/0167-son)
4. Belgilansinki, tijorat banklarining kredit va lizinglari boʻyicha kompensatsiyalar hamda kafilliklar Jamgʻarmaning mavjud moliyaviy resurslari va tavakkalchiliklarini hisobga olgan holda, kichik tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladi, quyidagilarni nazarda tutuvchi kreditlar bundan mustasno:
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va (yoki) ularning ulgurji savdo faoliyatini tashkil etish;
savdo (bundan eksportoldi moliyalashtirish mustasno), umumiy ovqatlanish hamda avtomobillarga yonilgʻi quyish hamda elektr quvvatlantirish shoxobchalari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish;
yengil va ilgari foydalanishda boʻlgan yuk avtotransport vositalari sotib olish va ularni taʼmirlash (chet eldan olib kelinadigan yuk avtotransport vositalaridan tashqari);
bino-inshootlarni sotib olish;
aylanma mablagʻlarni shakllantirish (eksportoldi moliyalashtirish bundan mustasno);
ilgari olingan kredit va lizinglarni yoki boshqa har qanday qarzni qaytarish;
nobank kredit tashkilotlari, lizing va sugʻurta kompaniyalari resurs bazasini shakllantirish.
5. Quyidagilar:
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini boshqarish boʻyicha Kengash tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2023-yil 1-yanvardan boshlab Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻ miqdoridan kelib chiqib, Jamgʻarma tomonidan bir moliya yilida qabul qilinadigan moliyaviy yordam miqdorlari Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan belgilanadi.
Bunda, bir moliya yilida qabul qilinadigan moliyaviy yordam miqdorlari choraklar boʻyicha taqsimlanadi;
Jamgʻarma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklarning maksimal umumiy miqdori Jamgʻarma mablagʻlarining 20 barobari miqdoridan oshmasligi kerak;
Kengash loyihalarning tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda, taqdim etilgan kafillik summasining ikki foizi miqdorigacha bir martalik vositachilik haqi olinishi tartibini belgilaydi;
Jamgʻarmaning moliyaviy yordamlaridan foydalanish yuzasidan maʼqullangan loyihalar boʻyicha shartnomalar 5 ish kuni ichida elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiylashtiriladi.
7. Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengashga:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlarining Jamgʻarma moliyaviy yordamlaridan foydalanish natijadorligi haqidagi hisobotlarini muntazam eshitib borish;
moliyaviy yordamlarning samaradorlik koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, Farmonning 2-bandida koʻzda tutilgan moliyaviy yordam miqdorlarining yuqori chegarasi saqlangan holda uning miqdorini kamaytirish yoki moliyaviy yordam koʻrsatishni toʻxtatish yuzasidan qaror qabul qilish;
Jamgʻarmaning moliyaviy yordamlaridan foydalanish uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan bazaviy meʼyorlar va shartlarni belgilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
Jamgʻarma faoliyatini rivojlantirish va uni jahon standartlari talablariga muvofiqlashtirish uchun uning tashkiliy tuzilmasi va xodimlar soniga oʻzgartirish kiritish;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish, tegishli loyihalarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va zarur tavsiyalar tayyorlanishini taʼminlash maqsadida ekspert tahlil guruhini tashkil etish;
Jamgʻarma tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi xizmat turlarini joriy etish hamda ularning tartib va qoidalarini belgilash;
Jamgʻarma hisobidan kompensatsiya taqdim etilishi orqali ajratilgan kredit (lizing) biznes-rejasida koʻrsatilgan ish oʻrinlarini yaratish va mahsulot (xizmat)lar aylanmasi koʻrsatkichlari bajarilmagan hollarda kompensatsiya toʻlovlarini toʻxtatish yuzasidan qarorlar qabul qilish;
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-martdagi PF-43-sonli Farmoniga asosan yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2023-y., 06/23/43/0167-son)
tadbirkorlik subyektlari muammolarini tezkorlik bilan hal qilishni taʼminlash maqsadida Jamgʻarmaning moliyaviy yordam koʻrsatish parametr va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
8. Jamgʻarmaning “Tadbirkor” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxoʻjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
uch oy muddatda moliyaviy yordam taqdim etilayotgan loyihalar boʻyicha oʻrnatilgan bazaviy meʼyor va shartlar bajarilishining masofaviy monitoringini amalga oshirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi, shuningdek, Davlat soliq qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va tijorat banklarining axborot tizimlarini Jamgʻarma tomonidan maʼlumotlardan bepul foydalanilishini koʻzda tutgan holda, axborot tizimi bilan integratsiyalashtirsin;
2023-yil 1-maydan boshlab tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga taqdim etiladigan moliyaviy yordamlar Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha Kengash tomonidan belgilangan tavakkalchilik darajasidan kelib chiqib, skoring tahlil asosida axborot tizimi orqali amalga oshirilishini taʼminlasin;
tadbirkorlik subyektlariga qulaylik yaratish, toʻlanayotgan kompensatsiya mablagʻlarining ularga manzilli yetib borishini taʼminlash maqsadida axborot tizimini takomillashtirib borsin.
10. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxoʻjayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxabov) bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Jamgʻarma tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashning yangi turlarini joriy etish, xususan, biznes-treninglar tashkil etish, konsultativ xizmatlar koʻrsatish va yangi tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi takliflarni;
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga Jamgʻarma oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga arizalar, daʼvolar va shikoyatlar bilan murojaat qilganda, uni davlat bojidan ozod qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari S.M. Xolxoʻjayev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-iyun,
PF-150-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-150-son Farmoniga 1-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladigan olis va borish qiyin boʻlgan, shuningdek, mehnat resurslari ortiqcha hududlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-150-son Farmoniga 2-ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini boshqarish boʻyicha Kengash
TARKIBI
J.A. Qoʻchqorov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Kengash raisi
Sh.D. Kudbiyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, Kengash raisi oʻrinbosari
I.I. Norqulov
—
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari
J.R. Oʻroqov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari
Lavozimi boʻyicha
—
uch nafar mustaqil aʼzo
A.M. Maxamatov
—
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi direktori, Kengash kotibi
Izoh: Kengash raisiga Kengash aʼzolari tarkibi va ularning cheklangan soniga oʻzgartirish kiritish hamda mustaqil aʼzolarni belgilash vakolati beriladi.
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-martdagi PF-43-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2023-y., 06/23/43/0167-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-150-son Farmoniga 3-ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi
TAShKILIY TUZILMASI
Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha kengash
Audit qoʻmitasi
Ichki audit xizmati
Ijrochi direktor
Tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi
Direktor oʻrinbosari
Direktor oʻrinbosari
Tavakkalchiliklarni tahlil va monitoring qilish boshqarmasi
9 birlik
Kafilliklar taqdim etish va yangi xizmatlarni joriy qilish boshqarmasi
6 birlik
Kompensatsiyalar taqdim etish boshqarmasi
6 birlik
Yuridik boʻlim
4 birlik
Axborot texnologiyalari va xavfsizligi boʻlimi
4 birlik
Iqtisodiy tahlil va aktivlar bilan ishlash boshqarmasi
4 birlik
Ijro intizomi va nazorati shuʼbasi
1 birlik
NR menejer
Buxgalteriya boʻlimi
3 birlik
Komplayens-nazorat boʻyicha yetakchi mutaxassis
Jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassis
1 birlik
Ishlarni boshqarish (xoʻjalik) boʻyicha bosh mutaxassis
1 birlik
Boshqaruv xodimlarning cheklangan soni — 44 nafar.
Yordamchi va texnik xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-150-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi PF-5780-son Farmonida:
“a) kichik tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarma tomonidan bosh bitimlar asosida vakolatli tijorat banklari orqali milliy valyutada amalga oshiriladi”;
“b) kichik tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash asosan kafilliklar shaklida, boshqa hollarda esa tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar shaklida amalga oshiriladi”;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6002-son Farmoni 4-bandining “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan joylashtirish vositalarini yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun turizm sohasi subyektlariga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yilgacha muddatga kompensatsiya taqdim etish”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6017-son Farmoni 6-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyihalarni kreditlash bozor tamoyillari asosida toʻgʻridan-toʻgʻri tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan yosh tadbirkorlar biznes loyihalari uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6059-son Farmoni 1-bandining yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) aʼzolari — klaster ishtirokchilariga kavrak plantatsiyalarini tashkil qilish va uni qayta ishlash, mayda shoxli nasldor mol xarid qilish va koʻpaytirish, shuningdek, mol soʻyish, ozuqa bazasini yaratish, yarim tayyor va tayyor, shu jumladan goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish, teri va junni qayta ishlash hamda binolarni rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash loyihalarini moliyalashtirish uchun 2020 — 2023-yillarda umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6074-son Farmoni 6-bandining “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kichik tadbirkorlik subyektlariga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilish uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-oktabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6091-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi eksport qiluvchilarga, shu jumladan asosiy faoliyat turi savdo-vositachilik boʻlgan eksport qiluvchilarga hamda “reeksport” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarini olib chiquvchilarga:
a) eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan aylanma mablagʻlar uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kreditlari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etadi;
b) tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan aylanma mablagʻlar uchun ajratiladigan kreditlarining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq summasi 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik beradi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4337-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilsin”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6244-son Farmonining 2-bandida:
“a) investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 2,5 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda kafilliklar;
b) qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”;
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-iyuldagi “Respublikada oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6262-son Farmoni 4-bandining “a” va “b” kichik bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi;
b) ajratiladigan kredit taʼminotining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 2,5 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kafillik taqdim etadi”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-6263-son Farmoniga ilovaning 3-bandi va 8-bandining “b” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-95-son Farmoniga 1-ilovaning 12-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3225-son qarorida:
“31. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Jamgʻarma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklarning maksimal umumiy qiymati 10 trillion soʻmdan, biroq Jamgʻarma mablagʻlarining 20 barobaridan ortiq boʻlmagan miqdorda oʻrnatiladi”;
b) 4-band va qarorga 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4005-son qarorining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Baliqchilik loyihalari uchun (akvakultura yoʻnalishidagi) 2019 — 2022-yillarda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdish etish tartibi oʻrnatilsin”.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4047-son qarori 5-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning tutzorlar barpo qilish, ipak qurti urugʻini sotib olish, pilla yetishtirish, shu jumladan pilla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va kasanachilarga boʻnak berish, ular bilan yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish, qurilish va rekonstruksiya ishlarini bajarish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2019 — 2022-yillarda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etish tartibi oʻrnatilsin”.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4406-son qarori 7-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi;
kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi”.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4549-son qarorining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Belgilansinki, qishloq xoʻjaligi birlashmalari aʼzolari va meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirish ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi, bunda yangi bogʻ, tokzor va issiqxonalar barpo etish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash obyektlarini yaratish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan miqdordagi kreditlar boʻyicha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan asosiy stavkadan oshgan, lekin asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya va qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdordagi kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi) miqdorda kafillik taqdim etiladi”.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4576-son qarorining 2-bandida:
“a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik boʻyicha, shu jumladan chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan miqdordagi kreditlar boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, lekin asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya va kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etish”;
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4634-son qarori 6-bandining “b” kichik bandida:
“tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”;
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4701-son qarori 10-bandining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi;
foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kreditning butun davri, biroq kredit olingan kundan boshlab 24 oydan ortiq boʻlmagan muddat davomida kompensatsiya taqdim etiladi. Bunda:
kompensatsiya bitta uy-joy uchun kreditning 5 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan qismi boʻyicha toʻlanadi”.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4767-son qarori 3-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2023-yil 1-yanvarga qadar “Tomorqa xizmati” MChJ hamda qishloq xoʻjaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik berilishi belgilansin;
fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MChJ va qishloq xoʻjaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etish tizimi joriy etilsin”.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4798-son qarorining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya taqdim etish tartibi joriy etilsin”.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4829-son qarori 17-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi “2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4889-son qarori 3-bandi “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“biznes-loyihalarni amalga oshirish maqsadida umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi”.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4899-son qarori 14-bandining “a” kichik bandida:
“biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 2,5 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda kafillik beriladi;
umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”;
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi “Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4941-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sertifikatlangan sabzavot, poliz, dukkakli va moyli ekinlar urugʻlarini hamda mevali daraxt va tok koʻchatlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaligi va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari, shuningdek, klasterlar va kooperatsiyalarning urugʻlik va koʻchat xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi”.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5009-son qarori 1-bandi 4-kichik bandining “a” kichik bandida:
“umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi;
kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi”;
26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5011-son qarorining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun elektrotexnika tarmogʻi korxonalariga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya taqdim etish tartibi oʻrnatilsin”.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5017-son qarori 8-bandi “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-apreldagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5071-son qarori 3-bandining beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya taqdim etiladi”.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi “Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5087-son qarori 1-bandining “a” kichik bandida:
“kichik tadbirkorlik subyektlariga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”;
30. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-iyundagi “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5146-son qarori 2-bandi “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) tijorat banklari tomonidan 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit boʻyicha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan:
omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha;
parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”.
31. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5200-son qarori 11-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi”.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5212-son qarorining 9-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xususiy sherikka (investorga) Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalarini tashkil etish uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-oktabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarining xorijiy valyutadagi kredit majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq yukini kamaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5268-son qarori 2-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilansinki, tijorat banklaridan xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga oʻtkazilganda amaldagi kompensatsiya taqdim etish toʻgʻrisidagi shartnomalari mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining ekvivalenti 1 million AQSh dollaridan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan kreditlarning asosiy stavkadan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismi boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tomonidan uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi”.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-121-son qarori 4-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan chorvachilik boʻyicha, shu jumladan chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari boʻyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi”.
35. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-204-son qaroriga 1-ilovaning 9-pozitsiyasi “Bajarish muddati” ustunidagi “iyun” soʻzi “sentyabr” soʻzi bilan almashtirilsin.
36. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 330-son qarori 7-ilovasining rus tilidagi matnidagi izoh qismi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Proizvodstvo i izgotovleniye prekursorov, ukazannix v pozitsiyax 16 i 17, poluchayemix v kachestve dopolnitelnogo produkta ot proizvodstva (pererabotki) pervichnoy produksii, osuщestvlyayutsya yuridicheskimi litsami pri nalichii u nix litsenziy na proizvodstvo i izgotovleniye konkretnix prekursorov”.
Izoh: mazkur ilovaning 1 — 9, 12 — 34-bandlari 2022-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 06/22/150/0516-son; 25.03.2023-y., 06/23/43/0167-son)