Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida

[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 2 martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3351]

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 858-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida oʻqishni tashkil qilish choralari toʻgʻrisida”gi va 2021-yil 10-iyundagi 359-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 9-yanvardagi 9-mh-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlari oʻquvchilarining bilimini baholash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3117, 2019-yil 9-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 10/19/3117/2445-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-mart,
3-mh-son
Kelishildi:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. TOSHKULOV
2022-yil 23-fevral

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 1-martdagi 3-mh-son buyrugʻiga

ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida (bundan buyon matnda yuridik texnikum deb yuritiladi) taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
kredit — taʼlim olish natijalariga koʻra oʻquvchi tomonidan muayyan fan boʻyicha oʻzlashtirilgan oʻquv yuklamasining oʻlchov birligi;
taʼlim moduli (bundan buyon matnda modul deb yuritiladi) — bu oʻzida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladigan, oʻquvchida bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan taʼlim dasturining tarkibiy elementi sifatida nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadigan alohida oʻquv fani (uning qismi yoki oʻzaro bir sohaga doir fanlar majmui);
modullarning oʻquv dasturi (sillabus) (bundan buyon matnda oʻquv dasturi deb yuritiladi) — har bir oʻquv fanining mazmuni va oʻqitish tartibini, oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan bilim hamda koʻnikmalar hajmini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat;
GPA (Grade Point Average) — taʼlim oluvchining dastur boʻyicha oʻzlashtirgan ballari oʻrtacha qiymati boʻlib, u quyidagi formula yordamida hisoblanadi:

GPA =

K1 * U1 + K2 * U2 + K3 * U3 ... + Kn * Un

, bunda:

K1 + K2 + K3 ... + Kn

K — har bir fan/modulga ajratilgan kreditlar miqdori;
U — har bir fan/modul boʻyicha talaba toʻplagan ball.
Bunda, oʻquvchi faqat fan/modulni muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirda, ushbu fan/modul boʻyicha kredit beriladi.
2. Yuridik texnikum oʻquvchilari bilimini nazorat qilish va baholashning maqsadi — yuqori malakali, raqobatbardosh, zamonaviy xalqaro standartlarga javob bera oladigan yuridik kadrlarni tayyorlash hamda oʻquvchilarning mustaqil taʼlim olishini taʼminlash, shuningdek modullarni oʻzlashtirishida boʻshliqlar hosil boʻlishining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.
3. Oʻquvchilar bilimini nazorat qilish va baholashning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
oʻquvchilarda davlat taʼlim standartlariga muvofiq tegishli bilim, koʻnikma va malakalar shakllanganligi darajasini nazorat qilish va tahlil qilib borish;
oʻquvchilar bilimi, koʻnikma va malakalarini yoki kompetensiyalarini baholashning asosiy tamoyillari boʻlgan davlat taʼlim standartlariga asoslanganlik, xolislik, aniqlik, haqqoniylik, ishonchlilik, bilimlarni baholashda shaffoflikni taʼminlash;
oʻquv materialining oʻquvchilar tomonidan tizimli ravishda va belgilangan muddatlarda oʻzlashtirilishini tashkil etish hamda tahlil qilish;
oʻquvchilarda mustaqil va ijodiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, fikrlarni yozma va ogʻzaki, jumladan xorijiy tilda ravon bayon etish, axborot resurslari manbalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
oʻquvchilarning oʻquv rejasi doirasida kompleks hamda uzluksiz tayyorgarligini taʼminlash.
4. Oʻquv dasturini oʻzlashtirish oʻquv yuklama hajmini aniqlashning shartli birligi (kredit)ni qoʻllagan holda belgilanadi.
Bir kredit tarkibi, har bir modul boʻyicha kreditlar miqdori, shuningdek har bir kursni va umuman oʻqish davrini tamomlash uchun oʻquvchi tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlarning umumiy miqdori Toshkent davlat yuridik universiteti (bundan buyon matnda TDYU deb yuritiladi) Kengashi tomonidan belgilanadi.
5. Oʻquvchi oʻquv dasturini oʻzlashtirgan (GPA koʻrsatkichini toʻplay olgan) taqdirda, u tegishli modul boʻyicha kreditlarning zarur miqdorini toʻplagan deb hisoblanadi.
6. Kafedra mudiri har bir modul boʻyicha alohida modul rahbarini, yaʼni modulni oʻqitishning sifati, oʻquv materialini shakllantirish, shuningdek barcha turdagi nazorat savollarini tuzish, oʻquvchilar bilimining belgilangan mezonlar asosida baholanishini taʼminlashga masʼul boʻlgan pedagog xodimni belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻquvchilar oʻquv yilining birinchi haftasi mobaynida yuridik texnikumning Oʻquv-metodik boʻlimi tomonidan mazkur Nizom talablari bilan toʻliq tanishtirilishi shart.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
8. Yuridik texnikum tomonidan oʻquvchilar bilimini nazorat qilish va baholash boshqa mahalliy yoki xorijiy oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari bilan tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida hamda qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻquv mashgʻulotlarida kasalligi yoki hujjat bilan tasdiqlangan boshqa uzrli sabablar tufayli (yoʻl-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, yaqin qarindoshining yoki oʻquvchining nikoh tuzishi, farzand tugʻilishi, fan, madaniyat va sport sohalaridagi xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida ishtirok etganlik, elektron taʼlim platformasida yuzaga kelgan texnik nosozlik) ishtirok etmagan va shu sababli oraliq yoki yakuniy nazoratni belgilangan muddatda topshirmagan oʻquvchiga uning arizasi hamda ilova qilingan asoslantiruvchi hujjatlarga muvofiq yuridik texnikum direktorining oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (bundan buyon matnda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari deb yuritiladi) tomonidan oraliq yoki yakuniy nazorat turlarini (bundan buyon matnda nazorat turi deb yuritiladi) topshirishga ruxsat beriladi.
Bunda, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari nomiga oraliq yoki yakuniy nazoratni topshirishga ruxsat berishni soʻrab, uzrli sabablar (holatlar) bartaraf etilgan vaqtdan boshlab 15 ish kuni ichida ariza bilan murojaat qilishi lozim.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
10. Nazorat turini oʻtish reyting ballini koʻtarish maqsadida qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.

2-bob. Oʻquvchilar bilimini nazorat qilish

1-§. Oʻquvchilar bilimini nazorat qilish turlari
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻquvchilarning bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasini davlat taʼlim standartlariga muvofiqligini taʼminlash uchun yuridik texnikumda nazorat turlari oʻtkaziladi.
Oʻquv dasturlarida belgilangan hollarda faqat yakuniy nazorat turi oʻtkazilishi mumkin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
12. Modulning nazorat turlari va shakllari, nazoratlar soni hamda tegishli nazorat turi uchun maksimal va saralash ballari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻquv dasturida belgilanadi.
Oʻquv dasturi taʼlim jarayonini boshqarishning axborot tizimiga (bundan buyon matnda elektron taʼlim platformasi deb yuritiladi) oʻquv semestri boshlanishidan oldin kiritiladi.
Nazorat turlarini oʻtkazish jadvallari har semestrning ikkinchi haftasidan kechiktirmay Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan ishlab chiqiladi va direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Nazorat turlarini oʻtkazish jadvallari tasdiqlangandan soʻng bir ish kuni ichida Oʻquv-metodik boʻlimi tomonidan elektron taʼlim platformasiga joylashtirilishi hamda oʻquvchilar eʼtiboriga yetkazilishi taʼminlanadi.
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
13. Oraliq nazorat semestr davomida modul oʻquv dasturining tegishli (modulning bir necha mavzularini oʻz ichiga olgan) boʻlimi tugaganidan keyin oʻquvchining oʻzlashtirgan bilim va amaliy koʻnikmasi darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oraliq nazoratni oʻtkazish tartibi (oraliq nazoratni oʻtkazish shakli, oraliq nazorat savollariga qoʻyiladigan talablar, baholash mezonlari) oʻquv fanining xususiyatlari va unga ajratilgan soatlardan kelib chiqqan holda oʻquv yili boshlanishidan kamida ikki hafta avval oʻquv dasturlarida belgilanadi va TDYU Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
14. Yakuniy nazorat muayyan modul boʻyicha oʻquvchining nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirganlik darajasini, ularda modullar boʻyicha egallashi zarur boʻlgan kompetensiyalar shakllanganligini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi.
15. Nazorat turlari oʻquvchining oʻquv adabiyotlari, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, protsessual hujjatlar loyihalarini tuzish boʻyicha amaliy koʻnikmalari, muammoli vaziyatlarni hal etish (case-study), mantiqiy fikrlash, oʻz fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini baholashga qaratilgan.
16. Nazorat turlari boʻyicha savollar va topshiriqlar modul rahbari hamda dars mashgʻulotlarini olib boruvchi pedagog xodim tomonidan birgalikda ishlab chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kafedra mudiri nazorat turlari boʻyicha savollarning sifatli tayyorlanishi va har semestrning birinchi haftasida Oʻquv-metodik boʻlimiga taqdim qilinishini taʼminlaydi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Oʻquv-metodik boʻlimi nazorat turlari boʻyicha savollarni qabul qilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida uning oʻquv dasturida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish ishlarini amalga oshiradi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Nazorat turlari boʻyicha savollar, qoida tariqasida, mantiqiy savollar va muammoli vaziyatlarni yoki faqat muammoli vaziyatni (kazus, case-study) oʻz ichiga oladi. Shuningdek, yakuniy nazorat test shaklida oʻtkazilishi mumkin. Modullar boʻyicha yakuniy nazorat savollarining mazmuni kafedralar tomonidan belgilanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
2-§. Nazorat turlarini oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
19. Agar TDYU Kengashi qarorida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, nazorat turlari oʻquv rejada belgilangan har bir modul boʻyicha, uning xususiyatidan kelib chiqqan holda, semestrda kamida bir marotaba, auditoriyada yozma shaklda yoki elektron taʼlim platformasi orqali kompyuterda, auditoriya rahbari va kuzatuvchisi nazorati ostida oʻtkaziladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
20. Nazorat turlari, qoida tariqasida, 2 soat (120 daqiqa) mobaynida oʻtkaziladi.
Tegishli nazorat turining boshlanish va tugash vaqti auditoriya kuzatuvchisi tomonidan auditoriya doskasida aks ettirilishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Nazorat turlarida ishtirok etadigan auditoriya rahbari va kuzatuvchilari tarkibi har bir nazorat turi oʻtkazilishidan uch ish kuni oldin Oʻquv-metodik boʻlimi tavsiyasiga koʻra pedagog va oʻquv-yordamchi xodimlar orasidan yuridik texnikum direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Oʻquv-metodik boʻlimi auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarning roʻyxatini tasdiqlangan kundan boshlab bir ish kuni ichida yuridik texnikum tarkibiy tuzilmalari eʼtiboriga yetkazadi.
Kelmagan auditoriya rahbari va (yoki) kuzatuvchini almashtirish majburiyati Oʻquv-metodik boʻlimi zimmasiga yuklatiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
22. Nazorat turlarini olib borish jarayoni videoyozuvda qayd qilinadi.
23. Oʻquvchilar nazorat turlari oʻtkazilayotgan auditoriyaga faqat oʻquvchilik guvohnomasi yoki biometrik pasportini (identifikatsiya ID-kartasini) koʻrsatgan holda kiritiladi.
24. Nazorat turlarini oʻtkazish vaqti boshlangandan soʻng kelgan oʻquvchilar tegishli nazoratda ishtirok etishga qoʻyilmaydi.
Nazorat turlarini oʻtkazish jarayonida oʻquvchilarning auditoriyadan chiqishi, bir-biri bilan gaplashishi, oʻzga oʻquvchining ishini koʻchirishi, oʻzi bilan darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar va boshqa adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar, konspektlar, elektron va qogʻoz shakldagi shpargalkalar, kalkulyatorlar, aloqa vositalari (shu jumladan uyali aloqa vositasi), audio-, foto- va video-yozuv qurilmalari hamda boshqa axborot-kommunikatsiya vositalarini olib kirishi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Shaxsiy buyumlar auditoriyadagi alohida stolga qoʻyilishi kerak.
Modulning xususiyatidan kelib chiqib, tegishli modul boʻyicha masʼul pedagog tomonidan nazorat turini oʻtkazishda kalkulyatordan foydalanishga nisbatan istisnolar belgilanishi mumkin.
Nazorat turlari boʻyicha belgilangan vaqt tugagach oʻquvchi auditoriyani darhol tark etishi lozim.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida koʻrsatilgan talablarni buzgan oʻquvchilar nazorat turidan chetlashtiriladi va dalolatnoma tuziladi hamda oʻquvchilarning nazorat ishi bekor qilinib, unga nol reyting balli qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Nazorat oʻtkazilayotgan auditoriyaga auditoriya rahbari va kuzatuvchilardan boshqa shaxslarning (yuridik texnikum direktori, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimining boshligʻi va xodimlari bundan mustasno) kirishi qatʼiyan taqiqlanadi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
26. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilari nazorat turlarini oʻtkazishda quyidagi huquqlarga ega:
nazorat turlari boshlanganidan keyin oʻquvchilarni auditoriyaga kiritmaslik;
nazorat turlari oʻtkazilayotgan vaqtda oʻquvchilarning oʻrnini almashtirish.
27. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilari nazorat turlarini oʻtkazishda quyidagilarga majbur:
oʻquvchilarni nazorat turlari boshlanishidan avval uni oʻtkazish tartibi va davom etish vaqti haqida xabardor qilish;
oʻquvchilarga nazorat turlari boshlanishidan oldin foydalanish taqiqlangan barcha predmetlarni kuzatuvchilarga topshirishlari zarurligini tushuntirish;
oʻquvchilarni auditoriyada bir-birlaridan koʻchirishlari uchun imkon boʻlmaydigan holda joylashtirish;
nazorat turlari oʻtkazilayotgan vaqt davomida oʻquvchilar tomonidan tartibga rioya qilinishini taʼminlash;
nazorat turlarini oʻtkazishda mazkur Nizomda belgilangan qoidalarni buzgan oʻquvchilarni dalolatnoma tuzgan holda nazorat turidan chetlashtirish.
28. I guruh nogironligi boʻlgan, shu jumladan koʻzi ojiz oʻquvchilar mazkur Nizomda nazarda tutilgan nazorat turlarini yozma shaklda bajarish imkoniyati mavjud boʻlmaganda, u nazorat turi boshlanishidan kamida ikki hafta oldin direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosariga murojaat qiladi.
Bunda, mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan oʻquvchi tegishli nazorat turini ogʻzaki imtihon shaklida yuridik texnikum direktorining buyrugʻi bilan tuziladigan yuridik texnikumning 5 nafar pedagog xodimlari tarkibidan iborat komissiyaga topshiradi.
Komissiya tarkibi har oʻquv yili uchun bir marotaba tasdiqlanadi. Komissiya uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Komissiya tomonidan qoʻyilgan ball bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
29. Nazorat turlarini oʻtkazish davomida oʻquvchilarning savollar mazmuni bilan bogʻliq eʼtirozlari koʻrib chiqilmaydi.
30. Nazorat turlari uchun ajratilgan vaqt tugaganidan soʻng, oʻquvchi oʻz nazorat ishini auditoriya kuzatuvchisiga topshiradi. Nazorat ishlari soni auditoriya kuzatuvchisi tomonidan qayta sanaladi, nazorat ishi varaqlari uning imzosi bilan tasdiqlanadi va nazoratda qatnashgan oʻquvchilar roʻyxati hamda auditoriyadan chetlashtirish toʻgʻrisidagi dalolatnomalar (agar mavjud boʻlsa) bilan birgalikda Oʻquv-metodik boʻlimga topshiriladi.
3-bob. Nazoratning xolisligi va shaffofligini taʼminlash
31. Nazorat turlari boʻyicha oʻquvchilar tomonidan yozilgan nazorat ishlarining xolisligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida uning belgilangan qismiga Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi tomonidan tegishli belgi va raqamlar yoki elektron taʼlim platformasi tomonidan avtomatik ravishda identifikatsiya kodlari berish yoʻli bilan shifrlanadi.
32. Oʻquv-metodik boʻlim pedagoglarning yillik shaxsiy ish rejasida belgilangan oʻquv yuklamasidan kelib chiqib, modullar boʻyicha shifrlangan nazorat ishlarini tekshirish uchun taqsimlaydi.
Nazorat ishlarini tekshirish muddatlari Oʻquv-metodik boʻlim tavsiyasi asosida direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Nazorat ishlarini tekshirish pedagog xodimlar tomonidan yuridik texnikum binosining ichki qismida, maxsus ajratilgan xonada amalga oshiriladi. Nazorat ishini maxsus ajratilgan xona tashqarisiga olib chiqish taqiqlanadi. Maxsus ajratilgan xona ichkarisiga yuridik texnikum direktori, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimining boshligʻi va tekshiruvchi pedagog xodimlardan tashqari boshqa shaxslarning kirishi man etiladi.
(33-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
Pedagog xodim tomonidan nazorat ishlari baholash mezonlari asosida tekshiriladi va nazorat ishining birinchi varagʻi ustiga ball qoʻyiladi. Ball aniq ifodalangan shaklda pedagog xodimning imzosi bilan tasdiqlangan holda qoʻyilishi kerak.
Pedagog xodim tomonidan har bir tekshirilgan nazorat ishiga taqriz beriladi hamda unda ish mazmunining ijobiy jihatlari va yoʻl qoʻyilgan xatoliklar aks ettirilishi lozim.
Shifrlangan nazorat ishini baholashning xolisligi va shaffofligiga taʼsir koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganda, shu jumladan soʻzning ustiga yoki tagiga chizish yoxud atrofini chizib qoʻyish, ishda tekshiruvchi shaxs nomiga murojaatning mavjud boʻlishi, matnning turli qismlariga (shu jumladan, ochiq qoldirilgan joylariga) grafik belgilar qoʻyish, ish matnida oʻquvchining familiyasi, ismi, otasining ismini koʻrsatish holatlari mavjud boʻlganda, nazorat ishi uchun nol reyting ball qoʻyiladi.
34. Oʻquvchi tomonidan nazorat ishini bajarishda akademik halollik talablarining buzilishiga, jumladan mualliflikni oʻzlashtirish (plagiat)ga yoʻl qoʻyilmaydi. Nazorat ishida qogʻoz yoki elektron koʻrinishda nashr qilingan oʻzga matndan olingan manbaga hech qanday havola qilmagan holda ishlatish yoki olingan manbaga havola qilingan boʻlsada, lekin oʻzlashtirishlarning hajmi va xarakteri oʻquvchining nazorat ishini yoki uning asosiy qismini mustaqil yozilganligiga shubha uygʻotadigan darajada oʻzlashtirilgan boʻlsa, plagiat deb topiladi.
Plagiat ikki xil koʻrinishda boʻlishi mumkin:
oʻzga matnni soʻzma-soʻz bayon qilish;
parafraza — oʻzlashtirilgan oʻzga matnning mazmunini oʻzgartirmasdan soʻz va iboralarni almashtirib bayon qilish.
Nazorat ishi matnidagi oʻzganing mualliflik ishidan olingan har qanday matnda muallif, ishning nomi va ishning boshqa rekvizitlarini koʻrsatgan holda havolalar keltirilishi shart. Nazorat ishini tekshirishda mualliflikni oʻzlashtirish (plagiat) holatlari aniqlanishi, shuningdek ikki yoki undan ortiq yozma ishning mustaqil yozilganligiga shubha uygʻotadigan darajada oʻxshash boʻlishi ushbu barcha oʻxshash nazorat ishlariga, shu jumladan baholangan oʻxshash nazorat ishiga (ishlariga) ham nol reyting ball qoʻyishga asos boʻladi.
35. Nazorat ishlarini tekshirish natijalari boʻyicha tegishli ballar ishni tekshirgan pedagog xodim tomonidan darhol elektron taʼlim platformasiga kiritiladi va nazorat ishlari Oʻquv-metodik boʻlimga topshiriladi.
36. Oʻquv-metodik boʻlim tomonidan nazorat ishlari natijalari asosida reyting qaydnomasi yoki elektron taʼlim platformasida oʻquvchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi identifikatsiya qilingan holda jamlovchi elektron reyting qaydnomasi shakllantiriladi.
Reyting qaydnomasiga tegishli maʼlumotlarning toʻgʻri kiritilishi uchun elektron taʼlim platformasiga nazorat ishlarini tekshirish va ballarni kiritishga masʼul boʻlgan pedagog xodim javobgar boʻladi.
Jamlovchi reyting qaydnomasida tegishli maʼlumotlarning toʻgʻri aks ettirilishi uchun Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi javobgar boʻladi.
37. Nazorat ishlarini baholashning xolisligini oʻrganish maqsadida TDYU tomonidan nazorat ishlari tasodifiy tanlangan holda qayta tekshirilishi mumkin. Bunda, TDYU rektori buyrugʻi bilan TDYU professor-oʻqituvchilari jalb qilinadi va ular baholash mezonlari asosida oʻquvchilarga qoʻyilgan reyting ballarining xolisligini aniqlaydi.
Bunda, nazorat ishlari TDYU professor-oʻqituvchilari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda qayta tekshiriladi yoki TDYUning soʻrov xatiga asosan TDYUga qayta tekshirish uchun yuborilishi mumkin.
Tanlangan nazorat ishlarini qayta tekshirish natijasida ularga qoʻyilgan ballar oʻzgartirilgan taqdirda qolgan barcha nazorat ishlari qaytadan tekshirib chiqilishi shart.
38. Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi nazorat turlari natijalari boʻyicha reyting qaydnomalarini koʻrib chiqib, ballarning haqqoniyligiga shubha uygʻotuvchi holatlarni (aksariyat ballar maksimal yoki minimal ballar bilan baholangan) aniqlasa, bu haqda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosarini darhol xabardor qilishi lozim. Direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari yuridik texnikum direktori buyrugʻi asosida tashkil etiladigan ekspertlar guruhi tomonidan nazorat ishlarini qayta tekshirtirish huquqiga ega.
Ekspertlar guruhi ishiga rahbarlikni, qoida tariqasida, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari amalga oshiradi. Ekspertlar sifatida kelishuv asosida boshqa taʼlim muassasalarining pedagog xodimlari yoki amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etishi mumkin. Ekspertlarning shaxsi oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ekspertlarning asosiy vazifasi nazorat ishlarini mazkur Nizomda belgilangan baholash mezonlari asosida qayta tekshirib, qoʻyilgan ballarning nazorat ishiga muvofiq yoki nomuvofiq ekanligini aniqlash hisoblanadi.
Qayta tekshirish natijalariga koʻra, ekspertlar guruhi aʼzolari tomonidan imzolangan xulosa tegishli ballarni oʻzgartirish uchun asos hisoblanadi. Xulosa Oʻquv-metodik boʻlimga jamlovchi qaydnomani tayyorlash uchun taqdim etiladi.
Ekspertlar guruhining xulosasi rasmiylashtirilgunga qadar nazorat ishlari natijalari yakuniy emas deb hisoblanadi va oʻquvchilarga eʼlon qilinishi mumkin emas. Xulosa rasmiylashtirilgunga qadar natijalar maxfiyligi uchun Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi javobgar hisoblanadi.
39. Oʻquvchilar nazorat turlari boʻyicha olgan ballarini elektron taʼlim platformasi orqali kuzatib boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
40. Nazorat turlari boʻyicha qoʻyilgan balldan norozi boʻlgan oʻquvchilar natijalar eʼlon qilingandan boshlab 72 soat davomida Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi nomiga apellyatsiya berishlari mumkin.
(40-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Apellyatsiyani koʻrib chiqish uchun Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻining bildirgisiga asosan direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadigan yuridik texnikumning nazorat ishlarini tekshirish va baholashda ishtirok etmagan pedagog xodimlari tarkibidan kamida beshta aʼzodan iborat apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
(40-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351-1, 08.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)
Nazorat turlari natijalari yuzasidan berilgan apellyatsiya apellyatsiya komissiyasi tomonidan barcha modullar boʻyicha nazorat turlari natijalari eʼlon qilingandan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyalari aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellyatsiya komissiyalarining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va unda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Oʻquvchining apellyatsiyasi apellyatsiya komissiyalarida oraliq va yakuniy nazorat turi boʻyicha ballar qoʻygan pedagog xodimning hamda apellyatsiya bergan oʻquvchining ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiyani koʻrib chiqishda apellyatsiya komissiyalari nazorat ishlarini har tomonlama oʻrganadi.
Oʻquvchining apellyatsiyasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha apellyatsiya komissiyalari quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
eʼtiroz asossiz boʻlsa, apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish va qoʻyilgan ballarni oʻzgarishsiz qoldirish;
eʼtiroz asosli boʻlsa, qoʻyilgan ballarni oʻzgartirish boʻyicha yuridik texnikum direktoriga taklif kiritish.
Oʻquvchining apellyatsiyasini koʻrishda uning ilgari olgan reyting ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
41. Tekshirilgan nazorat ishlari Oʻquv-metodik boʻlimda (elektron taʼlim platformasida) uch yil mobaynida saqlanadi.
Nazorat ishlari hujjatlar yigʻmajildlariga kiritilmaydi va alohida saqlanishi talab etiladigan hujjat hisoblanmaydi.
Nazorat ishlari uch yillik muddat oʻtganidan soʻng yoʻq qilinadi (elektron tizimdan oʻchirib tashlanadi).
4-bob. Nazorat turlarini baholash tartibi va mezonlari
42. Oʻquvchining har bir modul boʻyicha bilim, malaka va koʻnikmalarini baholash Yevropa kredit transfer tizimiga (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) asosan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
43. Oʻquvchining har bir modul boʻyicha egallagan bilim, malaka va koʻnikmalari, shuningdek oʻquv semestri mobaynidagi har bir modul boʻyicha oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi.
100 ball nazorat turlari boʻyicha quyidagicha taqsimlanadi:
oraliq nazoratga modul boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ballning — 40 foiz (40 ball)gacha;
yakuniy nazoratga modul boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal ballning — 60 foiz (60 ball)gacha, oraliq nazorati belgilanmagan taqdirda 100 foiz (100 ball)gacha ajratiladi.
TDYU Kengashi tomonidan nazorat turlari boʻyicha ballar miqdori oʻzgartirilishi mumkin.
44. Oʻquvchining modul boʻyicha oʻzlashtirishini baholash quyidagi namunaviy mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) “A”, “A-” aʼlo baho (86 — 100 %) olish uchun oʻquvchi:
oʻquv dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq, oʻz oʻrnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri ifodalashi;
muammoli savollarni aniqlashi, oʻz huquqiy pozitsiyasini asoslab bera olishi;
modulning tayanch tushunchalarini bilishi va uni qisqa vaqt ichida masalalarni yechishda samarali qoʻllay olishi;
nostandart vaziyatlarda muammolarni mustaqil ravishda hal qila olish qobiliyatini koʻrsata olishi;
amaliy masalalarni qisqa, asoslangan va ratsional ravishda hal etishi;
modul oʻquv dasturida tavsiya etilgan asosiy va qoʻshimcha adabiyotlarni toʻliq va chuqur oʻzlashtirishi;
oʻrganilayotgan modul boʻyicha nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglash, ularni qoʻllay olishi;
seminar, amaliy mashgʻulotlarida butun semestr mobaynida ijodiy va mustaqil qatnashishi, guruhli muhokamalarda faol boʻlishi lozim;
b) “V+”, “V”, “V-” yaxshi baho (71 — 85 %) olish uchun oʻquvchi:
oʻquv dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq, oʻz oʻrnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri ifodalashi;
oʻz fikrini isbotlashda yuzaga kelgan noaniqliklarni mustaqil bartaraf eta olishi;
modulning tayanch tushunchalarini bilishi, qisqa vaqt ichida ilmiy va kasbiy vazifalarni qoʻyish hamda hal qilishda undan unumli foydalanishi;
standart vaziyatlarda muammolarni oʻquv dasturi doirasida mustaqil hal qila olishi;
amaliy mashgʻulotlarda normativ-huquqiy hujjatlarni yaxshi bilishini namoyish qilishi, ushbu bilimlarni yangi vaziyatlarda toʻgʻri (lekin doim ham ratsional emas) qoʻllay olishi, bunda bajarilgan ish natijalarini yetarli darajada rasmiylashtira olmasligi;
modul oʻquv dasturida tavsiya qilingan asosiy adabiyotlarni oʻzlashtirishi;
oʻrganilayotgan modul boʻyicha nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglay olishi va ularni qoʻllay olishi;
butun modulni oʻzlashtirish davomida seminar, amaliy mashgʻulotlarida ijodiy va mustaqil qatnashishi, guruhli muhokamalarda faol boʻlishi lozim;
v) “S+”, “S”, “S-” qoniqarli baho (55 — 70 %) olish uchun oʻquvchi:
davlat taʼlim standartlari doirasida yetarli bilim hajmiga ega boʻlishi;
terminologiyani ishlatishi, savollarga javoblarni toʻgʻri bayon qilishi, lekin bunda ayrim xatolarga yoʻl qoʻyishi;
javob berishga yoki ayrim maxsus koʻnikmalarni namoyish qilishda qiynalganda, modul va normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha asosiy tushunchaga ega ekanligini namoyish etishi;
modulning umumiy tushunchalari boʻyicha qisman bilimga ega boʻlishi va uni standart (namunaviy) vaziyatlarni hal etishda qoʻllay olishi;
pedagog xodim rahbarligida standart vaziyatlarni hal eta olishi;
oʻqilayotgan modul boʻyicha asosiy nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglashi, ularga baho bera olishi;
seminar, amaliy mashgʻulotlarida pedagog xodim rahbarligida qatnashishi lozim;
g) oʻquvchining bilim darajasi “D” qoniqarsiz baho bilan (50 — 55 % gacha) baholanadi, agar:
davlat taʼlim standartlari doirasida faqat ayrim fragmentar bilimlarga ega boʻlsa;
terminlarni ishlata olmasa yoki javob berishda jiddiy mantiqiy xatolarga yoʻl qoʻysa;
seminar, amaliy mashgʻulotlarda passiv qatnashgan boʻlsa;
d) oʻquvchi oʻzlashtirishi quyidagi hollarda bilim darajasi “F” (0 — 49 % gacha) baholanadi, agar:
tegishli modul boʻyicha bilimlarga ega boʻlmasa;
amaliy koʻnikmalarga ega boʻlmasa, xatolarini hatto pedagog xodim tavsiyalari yordamida ham toʻgʻrilay olmasa.
Modul xususiyatidan kelib chiqqan holda har bir modul boʻyicha baholash mezonlari tegishli oʻquv dasturida aks etadi.
45. Modullar boʻyicha semestr uchun oʻquvchi reytingi quyidagicha aniqlanadi:

Rf =

V x O1

,

100

bunda:
Rf — oʻquvchining reytingi;
V — semestrda modul uchun ajratilgan umumiy yuklama (soatlarda);
OI — modul boʻyicha oʻzlashtirish darajasi (ballarda).
5-bob. Yakuniy qoidalar
46. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
47. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻquvchining har bir modul boʻyicha oʻzlashtirish darajasini Yevropa kredit transfer tizimi (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) asosida
BAHOLASH MEZONLARI

Baho

Ballda ifodalanishi

Tavsifi

A

100 93

Aʼlo

A-

92 86

B+

85 82

Yaxshi

B

81 77

B-

76 71

C+

70 67

Qoniqarli

C

66 60

C-

59 56

D

55 50

Qoniqarsiz

F

49 0

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 10/22/3351/0178-son; 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)