Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada (keyingi oʻrinlarda — mahalla) yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar mahalladagi yoshlar yetakchisining (keyingi oʻrinlarda — Yetakchi) asosiy vazifalari etib belgilansin:
yoshlarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyat uchun foydali va umummilliy manfaatlarga xizmat qilishga qaratilgan loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish;
yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga, ularning iqtidori va isteʼdodini roʻyobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, “Besh tashabbus olimpiadasi”ni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;
mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik koʻnikmalari va oʻz taqdiri uchun masʼuliyat hissini kuchaytirish orqali bandligiga koʻmaklashish;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga koʻrsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini taʼminlash.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-sentabrdagi PF-163-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2025-y., 06/25/163/0820-son)
3. Yetakchilar oʻziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini quyidagi asosiy yoʻnalishlarda amalga oshiradi:
madaniyat va sanʼatni targʻib qilish borasida — “Sanʼat gʻunchalari” koʻrik tanlovi, maqom, baxshichilik va estrada boʻyicha “Yoshlar ovozi”, “Yosh musavvirlar” tanlovlari hamda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalini oʻtkazadi, shuningdek, yoshlar va bolalar teatr jamoalarini tashkil etadi;
sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida — mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish boʻyicha musobaqalarni tashkil etadi, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog” aksiyasini oʻtkazadi;
axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish borasida — “Bir million dasturchi”, “Dasturlashga birinchi qadam” loyihalarini amalga oshiradi, kibersport chempionati va “Axborot texnologiyalari bilimdoni” tanlovini oʻtkazadi;
maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish borasida — “Zakovat” musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni” va “Yosh poliglot” tanlovlari hamda “Munozara” intellektual va milliy xalq oʻyinlarini tashkil etadi;
vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish borasida — “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “Toʻmaris malikalari”, “Shunqorlar”, “Yosh huquqshunos”, “Yosh saylovchi”, “Yosh deputat” tanlovlari hamda “Men ham askar boʻlaman” aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlarni tashkil etadi;
tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash borasida — “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” va “Mahallaning ishbilarmon tadbirkori” tanlovlari, “Biznesga birinchi qadam” grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarni tashkil etadi.
4. Yetakchilar ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan tadbirlar mahalladagi yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda har kuni oʻtkazilishini taʼminlab borsin.
5. Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi (Turdiyev) va Yoshlar ishlari agentligi (Saʼdullayev):
har bir mahallada “Bir nuroniyga oʻn nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalarini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda “Yoshlar nuroniylar eʼtiborida” rukni ostida turkum koʻrsatuvlar tayyorlanishi va efirga uzatilishini taʼminlasin;
mahallalarda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
har chorakda hududlar kesimida kamida bir marotaba havaskor yoshlar orasida musobaqalar oʻtkazilishi boʻyicha yillik reja-grafiklarini tasdiqlab, amalga oshirilishini taʼminlasin;
musobaqalarda ijobiy natijalarga erishgan yoshlar sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishi va professional sportchi boʻlib yetishishi uchun ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrsin.
Madaniyat vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar Yetakchilar tomonidan mahallalarda tadbirlar oʻtkazilishida amaliy yordam koʻrsatib borsin.
7. Belgilansinki:
har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat boʻyicha eng ilgʻor 100 nafar Yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
faoliyatini samarali tashkil etayotgan, oʻzining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna boʻlayotgan va ularga yetakchilik qilayotgan Yetakchilar “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-martdan boshlab:
1-ilovada koʻrsatilgan yordam turlari Yetakchining tavsiyasi asosida beriladi;
Yetakchi yoshlarning tadbirkorlik gʻoyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish boʻyicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi;
Yetakchi yuqorida koʻrsatiladigan yordam turlarini berishni koʻzda tutilgan har bir murojaatning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini chuqur oʻrgangan holda ularni berish uchun masʼul idora va tashkilotlarga oʻz tavsiyasini taqdim etadi;
Yetakchi beriladigan tavsiyalarning asosliligi, haqqoniyligi va adolatliligi uchun masʼul hisoblanadi.
Yoshlar ishlari agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan yordam turlarini berishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi mexanizmlarni ixchamlashtirish va soddalashtirish yuzasidan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
10. Davlat oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektorga (direktor oʻrinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi oʻrinbosari) maqomi berilsin.
Davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablarida direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari yoshlar masalalarida idoralararo hamkorlik va Yetakchilar faoliyatiga koʻmaklashish uchun masʼul deb hisoblansin.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
Yoshlar masalalari bilan shugʻullanish va hududlarda ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish shaxsan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan amalga oshiriladi;
Yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining mahalla va taʼlim muassasalarida yoshlar bilan ishlash boʻlinmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi 10 008 nafar yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;
Yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;
Yetakchi lavozimiga yoshlar bilan ishlash tajribasiga ega, yoshlarni ergashtira oladigan, shaxsiy fazilatlari bilan namuna koʻrsatgan, fidoyi, sadoqatli va vatanparvar nomzodlar tayinlanadi.
12. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarning ish bilan taʼminlanishi choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
ikki yillik mehnat faoliyati natijalariga koʻra Yetakchilarning lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar Yetakchilar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha oʻquv seminarlarini tashkil etsin.
Oʻquv seminarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Davlat xizmatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga oʻquv seminarlarini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish vazifasi yuklansin.
14. Yetakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilansin:
xonadonlar soni 500 tagacha boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida.
Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, Yetakchilarni har chorak yakuni boʻyicha oylik ish haqining 50 foizigacha miqdorda mukofotlash huquqi berilsin.
15. Belgilansinki:
boshqa hududlardan kelib oʻz faoliyatini olib borayotgan Yetakchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha boʻlgan miqdorda turar joy ijara toʻlovi qoplab beriladi;
yil yakuni boʻyicha oʻziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga muvofiq belgilanadigan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya beriladi;
ushbu qarorning 7-bandi ikkinchi xatboshisi, 14-bandi va ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tadbirlarning moliyalashtirilishi belgilangan tartibda Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi, Yetakchi lavozimidagi ish staji navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olishda hisobga olinadi, shuningdek, ularga oldingi ish joyiga qaytganida qonunchilikda belgilangan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq kadrlarning amaldagi zaxirasini shakllantirish vakolatiga ega boʻlgan vazirlik va idoralar Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan xodimlarini kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritib safarbar qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Yetakchining mehnatiga toʻlanadigan haq va boshqa toʻlovlar, unga nisbatan tatbiq etiladigan imtiyozlar ushbu qaror bilan belgilanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
16. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan har bir Yetakchining ish faoliyatini toʻliq raqamlashtirsin hamda quyidagi yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi elektron reyting tizimini (KPI) joriy etsin:
mahallada yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarini kunlik amalga oshirish holati;
tadbirlarda mahalladagi yoshlarni toʻliq qamrab olinganlik darajasi;
“Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalarini raqamlashtirish darajasi;
xorijda yurgan mahalla yoshlari bilan yaqindan aloqaning yoʻlga qoʻyilganligi.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022-yil 1-martga qadar:
Yetakchilar uchun qulay sharoitga ega boʻlgan xizmat xonalarini ajratsin va ularni moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter toʻplami, aloqa, Internet va boshqalar) bilan taʼminlasin;
mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Yetakchilarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga ulangan, masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda videokonferensaloqa shaklida yigʻilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar bilan taʼminlasin.
Yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda planshetlarda foydalaniladigan dasturiy taʼminotni ishlab chiqsin va Yetakchilarga taqdim etsin.
18. Moliya vazirligi ushbu qaror bilan ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha daromad va iqtisod qilinadigan mablagʻlari doirasida ajratilishini taʼminlasin.
19. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Yetakchilarning faoliyatini samarali tashkil etish, ularga oʻz vazifalarini lozim darajada amalga oshirishi uchun uslubiy koʻmaklashish;
mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal “mahalla — tuman — viloyat — respublika” boshqaruv tizimini yaratish boʻyicha ishlar samaradorligini nazorat qilish;
Yetakchilar faoliyatida vujudga keladigan muammolarni hal qilish yuzasidan idoralararo hamkorlikni taʼminlash.
20. Yoshlar ishlari agentligi:
ikki hafta muddatda Yetakchining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, vakolatlari va javobgarligini belgilash boʻyicha namunaviy nizomni tasdiqlasin;
har haftada hokimlar va Yetakchilar ishtirokida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borsin;
Yetakchilar faoliyatining samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida har haftada hududlarga chiqib, mahallabay ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlarni joyida oʻrganib borsin;
har oyda amalga oshirilgan ishlar natijalari toʻgʻrisida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasiga axborot kiritib borsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Yetakchilarni ularning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash taqiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hududiy boʻlinmalarining talabnomasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahrining shahar budjeti, shuningdek, tuman (shahar) budjetlarida shakllangan qoʻshimcha manbalar hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga mablagʻ ajratish yuzasidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublika Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) Kengashlariga har chorakda taklif kiritilishini taʼminlasin.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
24. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi raisi K.K. Kuranbayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har olti oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-yanvar,
PQ-92-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qaroriga
1-ILOVA
Mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga beriladigan yordam turlarining
ROʻYXATI

T/r

Yordam turi

Tavsiya mazmuni

Xulosa kimga taqdim etilishi

1.

Moddiy ahvoli qiyin yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam koʻrsatish.

Moddiy yordam berish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

“Yoshlar daftari” jamgʻarmasi Vasiylik kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Vasiylik kengashi)

2.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy ijarasi kompensatsiyasini qoplash uchun — har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

3.

Psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat koʻrsatilishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

4.

Mamlakatdagi professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning toʻlov-kontrakt summasining 50 foizigacha qismini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

5.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtash badalini toʻliq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

6.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash oʻquv kursi xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

7.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yangi turmush qurayotgan yosh oilalarga oʻz xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurishi uchun tijorat banklari tomonidan 33 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratishga kafillik berish.

Kafillik berish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

8.

Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya toʻlashda alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligi boʻyicha tavsiya berish.

Alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligi boʻyicha tavsiya

Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimiga

9.

Sport toʻgaraklarini tashkil etish uchun mahallada boʻsh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar oʻtkazmagan holda, ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara toʻlovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga berish.

Ijaraga berish yuzasidan tavsiya

Yoshlar ishlari agentligiga

10.

Ahvoli ogʻir boʻlgan 30 yoshdan oshmagan bemor fuqarolarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Vasiylik kengashiga

11.

Yoshlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha boʻlgan qismi hamda ular boʻyicha milliy sertifikatlar olish uchun oʻtkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish.

Xarajatlarni qoplash yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Yoshlar ishlari agentligiga

12.

Nogironligi boʻlgan yoshlarga nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga oʻrgatish, ularda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumtaʼlim fanlari va xorijiy tillarni oʻrgatish, shuningdek, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha boʻlgan miqdorda subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Yoshlar ishlari agentligiga

13.

Nogironligi boʻlgan yoshlarga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻrgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan hamda maxsus sertifikatni olgan, shuningdek, tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha boʻlgan miqdorda subsidiya ajratish.

Subsidiya ajratish yoki rad etish boʻyicha tavsiya

Yoshlar ishlari agentligiga

Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qaroriga
2-ILOVA
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

K.K. Kuranbayev

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi, Komissiya raisi

2.

J.T. Joʻrayev

Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

A.Z. Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori, Komissiya raisi oʻrinbosari

4.

O.M. Kozixonova

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi

5.

Sh.B. Joldasova

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi raisi

6.

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari

7.

S.B. Abdullayev

Prezident Administratsiyasining shoʻba mudiri

8.

F.S. Qosimov

Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va maʼnaviyat masalalari departamenti rahbari

9.

E.G. Karimova

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri

10.

K.A. Sharipov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri

11.

A.I. Ikramov

sport vaziri

12.

O.A. Nazarbekov

madaniyat vaziri

13.

Sh.J. Toʻxtaboyev

Bosh prokuror oʻrinbosari

14.

S.D. Mamayusupov

Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari

15.

H.A. Karshiyev

mudofaa vaziri oʻrinbosari

16.

Lavozimiga koʻra

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari

17.

R.O. Karimjonov

raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari

18.

S.S. Boboqulov

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari

19.

A.A. Kamalov

Markaziy bank raisi oʻrinbosari

20.

Sh.M. Rabiyev

adliya vaziri oʻrinbosari

21.

N.B. Kadirov

favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari

22.

M.A. Safarov

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi oʻrinbosari

23.

S.S. Sayidov

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi

24.

O.A. Xasanov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

25.

S. Turdiyev

Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi boshqaruvi raisi

26.

A.A. Xaitov

Oʻzbekiston fermerlari kengashi raisi

27.

A.M. Muminov

Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari, Komissiya masʼul kotibi

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3394-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matni 7-bandida:
“Naimenovaniye meropriyatiya” ustunidagi “pervichnimi organizatsiyami Soyuza molodeji Uzbekistana” soʻzlari “territorialnimi podrazdeleniyami Agentstva po delam molodeji” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Otvetstvennie ispolniteli” ustunidagi “Soyuz molodeji Uzbekistana (K. Kuranbayev)” soʻzlari “Agentstvo po delam molodeji (A. Saʼdullayev)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3402-son qarorida:
5-banddagi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-ilova 3-bandining birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi” va “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashlari raislari” soʻzlari tegishincha “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi” va “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari boshliqlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4231-son qarori 8-bandining birinchi xatboshisidagi “, 2018-yil 27-iyundagi ““Yoshlar — Kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-5466-son Farmonlari” soʻzlari “Farmoni” soʻzi bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4306-son qarori 7-bandining “b” kichik bandidagi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4391-son qarori 7-bandi “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor (filial direktorining birinchi oʻrinbosari) lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi;”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-oktabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4498-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshisidan “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4602-son qarori 9-bandining uchinchi xatboshisidan “, “Yoshlar — kelajagimiz” dasturi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4768-son qarorida:
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
b) 4-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasasining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori (filial direktorining birinchi oʻrinbosari) lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;”;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son; 11.09.2025-y., 06/25/163/0820-son; 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)