Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qaroriga muvofiq Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, subsidiyalar taqdim etish miqdorlarini belgilash, shuningdek, mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishiga qarab subsidiyaning qatʼiy miqdorlarini belgilash vakolati berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
eksport qiluvchilarga mahsulotlarni eksportga tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilib berish shartlari;
kompensatsiya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar, ularni qabul qilish, koʻrib chiqish, kompensatsiya berish yoki rad etish tartibi;
kompensatsiya miqdorini hisoblash va toʻlovni amalga oshirish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-oktabr,
618-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-oktabrdagi 618-son qaroriga
ILOVA
Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlariga (ularning vakolatli vakillariga) mahsulotlarni avtomobil, temir yoʻl, havo transportida hamda pochta joʻnatmalari orqali eksport qilishda tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar hisobidan kompensatsiya qilib berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi;
eksport qiluvchi — mahsulotlarni xorijiy mamlakatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalari (invoys)ga muvofiq sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga binoan yuk joʻnatuvchi tadbirkorlik subyekti, shu jumladan, uning vakolatli vakili;
subsidiya — mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini eksport qiluvchiga kompensatsiya qilib berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan vakolatli organga ajratiladigan mablagʻ;
kompensatsiya — mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish uchun ushbu Nizomda belgilangan tartibda hisoblangan, vakolatli organ tomonidan eksport qiluvchiga subsidiya hisobidan toʻlab beriladigan mablagʻ;
tashish xarajati — mahsulotlarni avtomobil, temir yoʻl va havo transporti (aralash yoki alohida transportda) orqali eksport qilishda eksport qiluvchi tomonidan tegishli shartnoma (invoys)larga muvofiq transport kompaniyasi va (yoki) transport-ekspeditorlik kompaniyasiga xizmatlari uchun toʻlangan mablagʻ, eksport qiluvchining oʻziga tegishli avtomobil transporti orqali eksport qilishda eksport qiluvchi tomonidan mahsulotlarni tashish uchun sarflangan mablagʻ, pochta joʻnatmalari orqali eksport qilishda eksport qiluvchi tomonidan pochta aloqa operatoriga xalqaro pochta joʻnatmalari uchun toʻlangan mablagʻ, bundan dengiz transportida tashish uchun sarflangan mablagʻlar mustasno;
mahsulotlar — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) qarorlari bilan tasdiqlangan, eksport qilishda tashish xarajatlari qisman kompensatsiya qilib beriladigan mahsulotlar;
vositachilik shartnomasi — bir taraf (vositachi) ikkinchi taraf (komitent)ning topshirigʻi boʻyicha oʻz nomidan, biroq komitent hisobidan eksport shartnomalari tuzish orqali komitent mahsulotlarini maʼlum bir haq evaziga eksport qilish boʻyicha tuzilgan shartnoma;
mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati — mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjat;
transport-ekspeditorlik kompaniyasi — eksport qiluvchining mahsulotlarini avtomobil, temir yoʻl yoki havo transporti orqali eksport qilishda transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyekti;
transport kompaniyasi — eksport qiluvchining mahsulotlarini avtomobil, temir yoʻl yoki havo transportida eksportga tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyekti.
2-bob. Kompensatsiya taqdim etish shartlari
3. Vakolatli organ tomonidan eksport qiluvchiga kompensatsiya taqdim etilishi uchun:
eksport qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatiga olingan;
mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan;
mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan chegaradosh boʻlmagan davlatlarga eksport qilingan, bundan Afgʻoniston Islom Respublikasiga eksport qilingan mahsulotlar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar mustasno;
mahsulotlar belgilangan tartibda eksport rejimiga joylashtirilgan, bundan 5 000 AQSH dollarigacha boʻlgan qiymatdagi mahsulotlarning pochta joʻnatmalari orqali eksporti mustasno;
eksport shartnomasi (vositachilik shartnomasi, invoys)da Inkoterms shartlari asosida mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlari eksport qiluvchi zimmasiga yuklangan va ushbu xarajatlar uchun toʻlovlar eksport qiluvchi tomonidan amalga oshirilgan boʻlishi kerak.
3-bob. Kompensatsiya taqdim etish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
4. Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Tashish xarajatlari boʻyicha kompensatsiya olish uchun eksport qiluvchi tomonidan vakolatli organga ushbu Nizomga 2-ilovadagi shaklda ariza beriladi. Bunda arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
a) transport vositasi orqali eksport qilinganda:
eksport shartnomasi (invoys) va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
transport kompaniyasi va (yoki) transport-ekspeditorlik kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma va u boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi. Eksport qiluvchi mahsulotlarni oʻziga tegishli avtomobil transportida eksportga tashigan holatlarda tashish xarajatlari uchun sarflangan mablagʻlarni tasdiqlovchi hisob-kitoblar tegishli asoslovchi hujjatlarning nusxalari bilan taqdim etiladi;
mahsulotlar avtomobil va (yoki) temir yoʻl transportida tashilganda mahsulotlar eksportga ortilgan joydan eksport shartnomasida koʻrsatilgan yetkazib berish joyigacha boʻlgan avtomobil yoʻli va (yoki) temir yoʻl masofasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (avtomobilda tashishda yukxati hujjati (CMR)ning 27 — 29-bandlaridagi maʼlumotlar, temir yoʻl transportida tashishda yukxati hujjatining 22-bandidagi maʼlumotlar asosida);
mahsulotlarni eksportga tashish yukxatlari nusxasi;
mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati nusxasi.
b) pochta joʻnatmalari orqali eksport qilinganda:
eksport qiluvchi va pochta aloqa operatori oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi;
pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
pochta idorasi tomonidan beriladigan xalqaro pochta joʻnatmalari boʻyicha hujjat nusxasi.
6. Eksport qiluvchidan ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
7. Ariza va tegishli hujjatlar vakolatli organga eksport qiluvchi tomonidan bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, vakolatli organning veb-sayti orqali taqdim etiladi.
Arizada eksport qiluvchining elektron manzili koʻrsatilganligi uning arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga boʻlgan roziligi hisoblanadi.
8. Ariza va tegishli hujjatlar vakolatli organga eksport qiluvchi tomonidan bevosita taqdim etilayotganda, ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq emasligi aniqlangan holatlarda ariza va hujjatlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
9. Ariza va tegishli hujjatlar vakolatli organga eksport qiluvchi tomonidan pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, vakolatli organning veb-sayti orqali taqdim etilganda, ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq emasligi aniqlangan taqdirda, vakolatli organ uch ish kuni ichida eksport qiluvchiga yetishmagan hujjatlar bilan birga qayta murojaat qilishi haqida yozma yoki elektron shaklda xabar yuboradi.
10. Ushbu Nizomning 5-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilgan arizalar vakolatli organ tomonidan yetti ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
11. Vakolatli organ eksport qiluvchi va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 3-bandidagi shartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganib chiqadi.
12. Vakolatli organ eksport qiluvchi va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni axborot tizimlari, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali va tegishli organlarning Internet jahon axborot tarmogʻidagi maʼlumotlar bazalari yordamida hamda soʻrovnomalar yuborib, javoblar olish orqali oʻrganib chiqishi mumkin.
13. Eksport qiluvchi arizasi boʻyicha kompensatsiya berish yuzasidan qaror (xulosa) vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi. Bunda eksport qiluvchining arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlov undirilmaydi.
4-bob. Kompensatsiya taqdim etishni rad etishning asoslari
14. Eksport qiluvchiga kompensatsiya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
eksport qiluvchi va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan shartlarga yoki ularning biriga nomuvofiqligi;
eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ushbu Nizomda belgilangan tartibda oʻrganishlar natijasida ishonchsiz va notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatish holatlari aniqlangan taqdirda;
Davlat budjeti parametrlarida tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga joriy yil uchun ajratilishi koʻzda tutilgan subsidiya tugagan boʻlsa.
15. Ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilmagan asoslarga koʻra eksport qiluvchiga kompensatsiya berish rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Eksport qiluvchi ushbu Nizomning 14-bandi toʻrtinchi xatboshisida keltirilgandan boshqa asoslarga koʻra kompensatsiya berilishini rad etish toʻgʻrisida qaror (xulosa) olganda rad etish asoslarini bartaraf etgan holda vakolatli organga ariza bilan qayta murojaat qilishga haqli.
5-bob. Kompensatsiya miqdorini aniqlash va toʻlovni amalga oshirish tartibi
17. Kompensatsiya miqdori:
a) transport vositalari orqali eksport qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qaroriga muvofiq Hukumat komissiyasi qarorlari bilan tasdiqlangan subsidiyalarning qatʼiy belgilangan miqdorlari jadvali asosida mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishidan kelib chiqib hisoblanadi.
Bunda hisoblangan kompensatsiya miqdori eksport qiluvchi amalga oshirgan haqiqiy tashish xarajatining 50 foizidan oshib ketgan taqdirda, kompensatsiya miqdori eksport qiluvchi tashish xarajatlarining 50 foiziga teng boʻladi.
Biroq qonunchilik hujjatlarida oʻzgacha miqdorlar nazarda tutilmagan boʻlsa, yuqoridagi tartibda hisoblangan kompensatsiya miqdori mahsulotlar eksport qiymatining (tashish xarajatisiz):
avtomobil transportida tashishda 5 foizidan;
Misol uchun: shaftoli mahsuloti hajmi 18 500 kg, eksport qiymati — 158 360 000 soʻm (8560 soʻm/kg), import qiluvchi davlat — Rossiya Federatsiyasi, tashish xarajati — 25 680 000 soʻm, uning 50 foizi 12 840 000 soʻm, qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori 480 soʻm/kg. Kompensatsiya miqdori: qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori boʻyicha — 18500*480 = 8 880 000 soʻm, mahsulot eksport qiymatiga nisbatan (5 foizi) — 7 918 000 soʻm. Demak, toʻlab beriladigan kompensatsiya miqdori 7 918 000 soʻmga teng.
temir yoʻl transportida tashishda 7 foizidan;
Misol uchun: quritilgan sabzavotlar hajmi 36 000 kg, eksport qiymati — 1 434 600 000 soʻm (39 850 soʻm/kg), import qiluvchi davlat — Rossiya Federatsiyasi, tashish xarajati — 64 972 160 soʻm, uning 50 foizi 32 486 080 soʻm, qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori 649 soʻm/kg. Kompensatsiya miqdori: qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori boʻyicha — 36 000*649 = 23 364 000 soʻm, mahsulot eksport qiymatiga nisbatan (7 foizi) — 100 422 000 soʻm. Demak, toʻlab beriladigan kompensatsiya miqdori 23 364 000 soʻmga teng.
havo transportida tashishda meva-sabzavot mahsulotlariga 15 foizidan, boshqa mahsulotlarga 6 foizidan ortib ketgan holatlarda kompensatsiya miqdori mahsulot eksport qiymatiga (tashish xarajatisiz) nisbatan ushbu belgilangan foizlardan kelib chiqib hisoblanadi.
Misol uchun: trikotaj mahsuloti hajmi 2 461 kg, eksport qiymati — 600 484 000 soʻm (244 000 soʻm/kg), import qiluvchi davlat — Rossiya Federatsiyasi, tashish xarajati — 42 682 630 soʻm, uning 50 foizi 21 341 315 soʻm, qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori 7 250 soʻm/kg. Kompensatsiya miqdori: qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori boʻyicha — 2461*7250 = 17 842 250 soʻm, mahsulot eksport qiymatiga nisbatan (6 foizi) — 36 029 040 soʻm. Demak, toʻlab beriladigan kompensatsiya miqdori 17 842 250 soʻmga teng.
b) Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq mahsulotlar pochta joʻnatmalari orqali eksport qilinganda pochta xarajatlarining 50 foizi, biroq, mahsulot eksport qiymatining (pochta xarajatlarisiz) qonunchilik hujjatlarida va Hukumat komissiyasi qarorlarida oʻzgacha miqdorlar nazarda tutilmagan boʻlsa, 5 foizidan ortiq boʻlmagan qismi vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda kompensatsiya qilib beriladi.
18. Chet el valyutasida toʻlov amalga oshirilgan tashish xarajatlari uchun kompensatsiya milliy valyutada amalga oshiriladi. Chet el valyutasida toʻlov amalga oshirilgan tashish xarajatining milliy valyutadagi qiymati eksport qiluvchi tomonidan tashish xarajatlari uchun toʻlov amalga oshirilgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tegishli valyuta kursiga asosan hisoblanadi.
19. Eksport qiluvchilarga tashish xarajatlari boʻyicha kompensatsiya taqdim etish vakolatli organ tomonidan, uning buyurtmanomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan subsidiyalar doirasida amalga oshiriladi.
20. Vakolatli organ har hafta yakuni boʻyicha keyingi haftaning birinchi ish kunida eksport qiluvchilar tomonidan taqdim etilgan arizalarni koʻrib chiqish yakunlariga muvofiq eksport qiluvchilarga kompensatsiyalar taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan subsidiyalar ajratish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomani olgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida buyurtmanomada koʻrsatilgan subsidiyani vakolatli organning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Bunda moliya yili yakuni boʻyicha ushbu shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
22. Vakolatli organ maxsus gʻazna hisobvaragʻiga tushgan subsidiyani ikki ish kuni mobaynida vakolatli organ tomonidan kompensatsiya taqdim etilishi belgilangan tegishli eksport qiluvchilarning tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga oʻtkazib beradi.
23. Mahsulotlar konsignatsiya shartnomalari asosida eksportga chiqarilganda mazkur Nizomga muvofiq eksport qiluvchiga taqdim etilgan kompensatsiya toʻlovlari, agar:
mahsulotlar uchun toʻlovlar shartnoma va qonunchilikda belgilangan muddatlarda eksport qiluvchiga tushmasa;
mahsulotlar sotilmasdan Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarib kelinsa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qarzdorlik sifatida eʼtirof etiladi.
Bunda eksport qiluvchi shunday holat yuz bergan kundan boshlab bir oy muddat ichida unga taqdim etilgan tegishli kompensatsiya toʻlovlarini vakolatli organga qaytarishi shart. Ushbu muddatda qaytarilmagan kompensatsiya toʻlovi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiruvga qaratiladi.
24. Kompensatsiya berilgan eksport qiluvchilarning reyestri vakolatli organ tomonidan elektron shaklda yuritiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Eksport qiluvchi kompensatsiya taqdim etilishini rad etish toʻgʻrisidagi qarordan (xulosadan) norozi boʻlgan taqdirda, shuningdek, vakolatli organning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
26. Vakolatli organga subsidiyalar ajratilishi hamda ulardan foydalanilishi ustidan nazorat qilish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
27. Avtomobil, temir yoʻl va havo transportida hamda pochta joʻnatmalari orqali eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlarning yangilangan roʻyxati vakolatli organ tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
28. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼul ijrochilar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Eksport qiluvchi

Ariza va tegishli hujjatlarni tayyorlash hamda vakolatli organ (Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi)ga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, vakolatli organning veb-sayti orqali topshirish.

Eksport qiluvchiningixtiyoriga koʻra


2-bosqich

Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi)

Taqdim etilgan ariza va hujjatlarni koʻrib chiqish hamda kompensatsiya taqdim etish boʻyicha qaror (xulosa) qabul qilish:

pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, vakolatli organning veb-sayti orqali taqdim etilgan hujjatlar toʻliq emasligi aniqlanganda eksport qiluvchiga yetishmagan hujjatlar bilan birga qayta murojaat qilishi haqida yozma yoki elektron shaklda xabar yuborish;

Uch ish kuni mobaynida

toʻliq taqdim etilgan hujjatlar boʻyicha tegishli qaror (xulosa) qabul qilish va eksport qiluvchini xabardor qilish.

Yetti ish kuni mobaynida


3-bosqich

Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi)

Subsidiya ajratish boʻyicha buyurtmanoma tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etish.

Har hafta yakuni boʻyicha keyingi haftaning birinchi ish kunida


4-bosqich

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining buyurtmanomasiga muvofiq Davlat budjetidan subsidiya ajratish.

Buyurtmanoma qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida


5-bosqich

Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi)

Eksport qiluvchining arizasida koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga kompensatsiya toʻlovini oʻtkazib berish.

Subsidiya gʻazna hisobvaragʻiga tushgan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida

Mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga ____________________________________ dan

(eksport qiluvchining nomi)

Ariza

__________________________________ (eksport qiluvchining nomi) tomonidan _____________ (mamlakat nomi) davlatiga avtomobil/temir yoʻl/havo transportida /pochta joʻnatmalari orqali (tegishlisining tagiga chiziladi) eksport qilingan, umumiy qiymati AQSH dollariga teng, TIF TN kodi ______________ boʻlgan _______________ (mahsulotning nomi) mahsulot(lar)ini eksport qilish uchun sarflangan _________________ coʻm miqdoridagi transport/pochta (tegishlisining tagiga chiziladi) xarajatining 50 foizigacha qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobidan kompensatsiya qilish masalasini koʻrib chiqishingizni va tegishli kompensatsiya toʻlovini ___________________ (tijorat bankining nomi) tijorat bankining ___________________________ (hududning nomi) filialidagi bizning ______________________ hisobvaraqqa oʻtkazib berishingizni soʻrayman.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

1. Transport vositasi orqali eksport qilinganda:
‎eksport shartnomasi (invoys) va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
‎bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
‎transport kompaniyasi va (yoki) transport-ekspeditorlik kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma va u boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi. Eksport qiluvchi mahsulotlarni oʻziga tegishli avtomobil transportida eksportga tashigan holatlarda transport xarajatlari uchun sarflangan mablagʻlarni tasdiqlovchi hisob-kitoblar tegishli asoslovchi hujjatlarning nusxalari bilan taqdim etiladi.
‎mahsulotlar avtomobil va (yoki) temir yoʻl transportida tashilganda mahsulotlar eksportga ortilgan joydan eksport shartnomasida koʻrsatilgan yetkazib berish joyigacha boʻlgan avtomobil yoʻli va (yoki) temir yoʻl masofasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (avtomobilda tashishda yukxati hujjati (CMR)ning 27 — 29-bandlaridagi maʼlumotlar, temir yoʻl transportida tashishda yukxati hujjatining 22-bandidagi maʼlumotlar asosida);
‎mahsulotlarni eksportga tashish yukxatlari nusxasi;
‎mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati nusxasi.
‎2. Pochta joʻnatmalari orqali eksport qilinganda:
‎eksport qiluvchi va pochta aloqa operatori oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi;
‎pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
‎pochta idorasi tomonidan beriladigan xalqaro pochta joʻnatmalari boʻyicha hujjat nusxasi.

___________________ rahbari

_______________________

(eksport qiluvchi nomi)

(F.I.O.)

Bogʻlanish uchun telefon: +998 (___)__________
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2021-y., 09/21/618/0937-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)