O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 30-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3322]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi hamda “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-sentabr,
20/5-son
Kelishildi:
Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘i D. RAXIMOV
2021-yil 31-avgust
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
2021-yil 6-sentabr
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 6-sentabrdagi 20/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq banklar, mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va to‘lov tashkilotlari (bundan buyon matnda kredit va to‘lov tashkilotlari deb yuritiladi) tomonidan jismoniy shaxslarni (bundan buyon matnda mijoz deb yuritiladi) raqamli identifikatsiya qilish tartibi va shartlarini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 8-iyuldagi 14/8-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3377, 01.08.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ichki nazorat qoidalari — kredit va to‘lov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari;
raqamli identifikatsiya — axborot tizimlaridan foydalangan holda mazkur Nizomda belgilangan talablar asosida mijozning shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;
raqamli autentifikatsiya — avval identifikatsiya qilingan mijozdan real vaqt rejimida olingan fotosurat yoki videotasvirni dastlabki identifikatsiya ma’lumotlari bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtirish orqali mijozning shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;
Ro‘yxat — terrorizmga, ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlaridan taqdim etilayotgan ma’lumotlar, shuningdek chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlaridan rasmiy kanallar orqali taqdim etilayotgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxati.
2. Kredit va to‘lov tashkilotlari mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yishdan oldin:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishning ehtimoliy tavakkalchilik darajasini o‘rganish, tahlil qilish, aniqlash, baholash, monitoring qilish, boshqarish, hujjatlashtirish va uni kamaytirish choralarini ko‘rishi;
o‘z ichki qoidalarida mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibini belgilashi shart.
3. Kredit va to‘lov tashkilotlari:
mijozning identifikatsiya ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha zarur bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi;
identifikatsiya ma’lumotlarining ishonchliligi va to‘g‘riligini ta’minlashi;
identifikatsiya ma’lumotlarining soxtalashtirilishiga, ruxsatsiz o‘zgartirilishiga va oshkor qilinishiga qarshi choralarni ko‘rishi;
identifikatsiya ma’lumotlarini saqlash va ulardan foydalanish ustidan nazoratni ta’minlashi;
to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishda axborot xavfsizligi bilan bog‘liq operatsion xatarlarni kamaytirish va ularni nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini, shu jumladan mijozni raqamli identifikatsiya qilish paytida xavfsizlikni ta’minlashi;
aloqa kanallari orqali kredit va to‘lov tashkilotlari xizmatlaridan foydalanishda mijoz uchun ko‘p faktorli autentifikatsiya (mobil telefonga bog‘lanish yoki SMS xabar yuborish yoxud elektron pochta, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar orqali mijozning shaxsini qo‘shimcha ravishda tekshirish va tasdiqlash) tartib-qoidalarini qo‘llashi;
sohaga doir boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot xavfsizligi bo‘yicha zaruriy talablarni qo‘llashi kerak.
2-bob. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish
4. Raqamli identifikatsiya O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
5. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishda kredit va to‘lov tashkiloti tomonidan quyidagi usullardan foydalaniladi:
mijoz tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga tayangan holda kredit va to‘lov tashkilotining xodimi tomonidan mijoz shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish;
kredit va to‘lov tashkilotining axborot tizimlari tomonidan real vaqt rejimida inson omilisiz mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish.
6. Kredit va to‘lov tashkilotlari mazkur Nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisida qayd etilgan usul bo‘yicha mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilishda:
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasining) ichki nazorat qoidalari talablariga muvofiq tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan qismlari fotosuratlarini mijozdan qabul qiladi;
mazkur Nizom talablariga muvofiq mijozning fotosurati va (yoki) videotasvirini qabul qiladi;
“Elektron hukumat” tizimining jismoniy va yuridik shaxslar markaziy ma’lumotlar bazalariga (bundan buyon matnda markaziy ma’lumotlar bazasi deb yuritiladi) so‘rov yuborish orqali undagi ma’lumotlar bilan solishtiradi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatda joylashgan fotosuratni mazkur Nizomga muvofiq qabul qilingan fotosurat va (yoki) videotasvir bilan, shuningdek markaziy ma’lumotlar bazasida joylashtirilgan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) solishtiradi;
mijoz bilan bog‘lanishda foydalaniladigan mobil telefon raqamini aynan ushbu mijoz tomonidan foydalanilayotganligini aniqlash imkonini beruvchi usul (mobil telefonga bog‘lanish, SMS xabar yuborish) yordamida tekshiradi;
ichki nazorat qoidalariga muvofiq mijozning yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kirishi yoki kirmasligi nuqtai nazaridan tekshiruvni amalga oshiradi.
Kredit va to‘lov tashkilotining mas’ul xodimi mijoz bilan onlayn videokonferensaloqa seansini o‘rnatib, qabul qilingan hujjatlarning aynan unga tegishliligini tekshiradi.
7. Kredit va to‘lov tashkilotlarining axborot tizimi mazkur Nizomning 5-bandi uchinchi xatboshisida qayd etilgan usul bo‘yicha mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilishda:
a) mijozdan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi) seriyasi va raqamini yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va tug‘ilgan sanasini yoxud ushbu ma’lumotlardan barchasini hamda mazkur Nizomga muvofiq fotosuratini yoki videotasvirini real vaqt rejimida oladi;
b) markaziy ma’lumotlar bazasiga so‘rov yuboradi va mijozning quyidagi shaxsiy ma’lumotlarini oladi:
raqamli fotosurati (agar mavjud bo‘lsa);
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasining berilgan sanasi, uning amal qilish muddati hamda berilgan joyi;
davlat tilida familiyasi, ismi, otasining ismi (lotin yozuvida);
Oldingi tahrirga qarang.
jinsi, tug‘ilgan mamlakati, tug‘ilgan joyi, millati, fuqaroligi hamda yashash joyi yoki turgan joyi haqidagi ma’lumotlar;
(7-band “b” kichik bandining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 14-noyabrdagi 27/10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3709, 21.11.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.11.2025-y., 10/25/3709/1082-son)
v) mijozdan real vaqt rejimida olingan fotosuratni yoki videotasvirdagi fotosuratni markaziy ma’lumotlar bazasidan olingan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtiradi;
g) mijoz bilan bog‘lanishda foydalaniladigan mobil telefon raqamini aynan ushbu mijoz tomonidan foydalanilayotganligini aniqlash imkonini beruvchi usul (mobil telefonga bog‘lanish, SMS xabar yuborish) yordamida tekshiradi;
d) qabul qilingan ma’lumotlarni ichki nazorat qoidalariga muvofiq Ro‘yxat bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtiradi.
8. Kredit va to‘lov tashkilotlari mijozni raqamli identifikatsiya qilishda o‘z axborot tizimlaridan yoki shartnoma asosida uchinchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan axborot tizimlaridan foydalanadi.
9. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish uchun foydalaniladigan axborot tizimlari:
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan bo‘lishi;
axborotni uzatishda o‘zaro shifrlashni ta’minlashi;
faqat real vaqt rejimida yaratilgan fotosurat va (yoki) videotasvirdan foydalanishni ta’minlashi;
fotosurat va (yoki) videotasvirni almashtirish hamda buzishdan, ilgari yaratilgan fotosurat va (yoki) videotasvirdan foydalanishdan himoyalangan bo‘lishi;
identifikatsiya qilishda mijozlar tomonidan boshqa mijozlarning fotosurati va (yoki) videotasviridan foydalanishga bo‘lgan urinishlarni aniqlash imkonini berishi kerak.
10. Mijozni raqamli identifikatsiya yoki raqamli autentifikatsiya qilishda:
fotosurat va (yoki) videotasvir rangli bo‘lishi;
videotasvir tovushli bo‘lishi;
fotosurat va (yoki) videotasvirda mijozning o‘zidan boshqa shaxslar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi;
mijozning yuzi qisman yoki to‘liq yashirilmagan bo‘lishi, mijozning yuziga soya tushmasligi, shuningdek mijoz yuzni qoplaydigan ko‘zoynakda (shaffof oynali ko‘zoynakdan tashqari) bo‘lmasligi;
fotosurat va (yoki) videotasvirda mijozning yuzi yaqqol ko‘rinishi kerak.
3-bob. Raqamli identifikatsiyani qo‘llash
11. Raqamli identifikatsiya qilish mazkur Nizomda belgilangan talablarni inobatga olgan holda quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishda qo‘llanilishi mumkin:
elektron hamyonlarni ochish va ularni boshqarish;
bank hisobvarag‘ini, shuningdek bank kartasini ochish va ularni boshqarish;
bank kartalari yoki elektron pullar tizimlaridan foydalanilgan holda transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirish;
onlayn-mikroqarz olish.
12. Kredit va to‘lov tashkilotlari raqamli identifikatsiyadan o‘tgan mijozlar bilan amalga oshiriladigan quyidagi operatsiyalarga nisbatan ichki nazorat qoidalariga muvofiq tavakkalchilik darajasini baholagan holda cheklovlarni o‘z ichki qoidalarida o‘rnatishlari shart:
elektron pullar egasi tomonidan amalga oshiriladigan bir operatsiyaning maksimal summasi;
elektron pullar egasining bitta elektron qurilmasida saqlanayotgan elektron pullarning maksimal summasi;
elektron pullar egasi tomonidan kalendar oy davomida amalga oshirilgan tranzaksiyalar summasining yig‘indisi;
bank hisobvarag‘ining (kartasining) egasi tomonidan kalendar oy mobaynida amalga oshiriladigan tranzaksiyalar summasining yig‘indisi;
onlayn-mikroqarz miqdori.
Kredit va to‘lov tashkilotlari mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish, avval identifikatsiya qilingan mijozlarni esa raqamli autentifikatsiya qilish yuzasidan har bir mijoz tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarga tavakkalchilik darajasini baholagan holda cheklovlar o‘rnatishi mumkin.
Bunda, kredit va to‘lov tashkilotlari mijozlarni ichki nazorat qoidalariga muvofiq lozim darajada tekshirishlari va skoring tahlilini amalga oshirishlari kerak.
13. Kredit yoki to‘lov tashkilotlari mijozni axborot tizimlari orqali raqamli identifikatsiya yoki raqamli autentifikatsiya qilgan holda unga tegishli bank kartalarini masofadan turib blokdan chiqarishi mumkin, bunda bu haqida darhol mijozning shaxsan o‘ziga boshqa aloqa kanallari orqali xabar berilishi lozim.
14. Kredit va to‘lov tashkilotlari mijozlarning belgilangan cheklovlarni chetlab o‘tishga qaratilgan urinishlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan choralar ko‘rishlari kerak.
15. Quyidagi holatlarda mijozlar raqamli identifikatsiya qilinmaydi:
mijoz va (yoki) mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiya ichki nazorat qoidalariga muvofiq yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kirgan taqdirda;
mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning haqiqiyligiga shubha tug‘ilganda;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi fotosuratning ushbu Nizomga muvofiq olingan fotosurat va (yoki) videotasvir hamda markaziy ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) mosligiga shubha mavjud bo‘lganda;
mijozdan olingan ma’lumotlar markaziy ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan ma’lumotlarga mos kelmaganda yoki mos kelishini tekshirishning iloji bo‘lmaganda;
fotosurat va (yoki) videotasvir ushbu Nizom talablariga mos kelmaganda;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bo‘yicha shubhalar mavjud bo‘lganda.
16. Raqamli identifikatsiya qilishda mijozning barcha identifikatsiya ma’lumotlari Ro‘yxatga kiritilgan shaxsning ma’lumotlari bilan qisman yoki to‘liq mos kelgan taqdirda kredit va to‘lov tashkilotlari ichki nazorat qoidalarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishi shart.
17. Mijozni raqamli identifikatsiya qilish natijasi bo‘yicha mijoz anketasini to‘ldirish va yuritish ichki nazorat qoidalarida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
18. Kredit va to‘lov tashkilotlari mijozni raqamli identifikatsiya va raqamli autentifikatsiya qilishning sifati uchun javobgardirlar.
19. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan kredit va to‘lov tashkilotlari o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobotni taqdim etadi:
mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish sanasi;
mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish jarayonlarining to‘liq tavsifi;
kredit va to‘lov tashkilotlari tomonidan mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning ro‘yxati.
20. Kredit va to‘lov tashkilotlari raqamli identifikatsiya qilingan mijozlar bo‘yicha ichki nazorat qoidalarida ko‘zda tutilgan ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda, mijozlardan olingan fotosuratlar va (yoki) videotasvirlarni, mijoz shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish amalga oshirilgan aniq sana va vaqti qayd etilgan hujjatlarni, shuningdek markaziy ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda ma’lumotlarni tekshirish natijalarini mijozlar anketalari bilan birgalikda ichki nazorat qoidalariga muvofiq besh yil davomida saqlashlari shart.
21. Kredit va to‘lov tashkilotlarining axborot tizimlari raqamli identifikatsiya va raqamli autentifikatsiya qilingan mijozlar va ularning soni haqida tezkor ma’lumot olish imkoniyatini ta’minlashi lozim.
22. Kredit va to‘lov tashkilotlari mijozni raqamli identifikatsiya qilish natijasida olingan ma’lumotlarga o‘zgartirishlar kiritishda ushbu Nizom talablariga amal qilishlari kerak.
23. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan kelishilgan.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 10/21/3322/0923-son; 01.08.2022-y., 10/22/3377/0696-son; 24.11.2025-y., 10/25/3709/1082-son)