Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish toʻgʻrisida
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish va ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlarning natijadorligini oshirish va bunda aholining maqsadli guruhini aniqlash boʻyicha vazifalar aniq bir mezon va uslubiy yondashuvlarning ishlab chiqilishini talab etadi.
Oʻz navbatida, ushbu uslubiy yondashuv va bazani shakllantirish aholining turmush sharoiti va ijtimoiy holatini bevosita oʻzida aks ettiruvchi, yaʼni ularning isteʼmol tarkibi va xususiyatlari boʻyicha real holatni ifodalovchi koʻrsatkichlarni hisoblash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xususan, mamlakatimizda aholining kambagʻal qatlamini aniqlash uslubini amaliyotga joriy etish va takomillashtirib borish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son va “Kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish hamda kambagʻallik bilan kurashish koʻlamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-son Farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan Jahon bankining texnik koʻmagi asosida minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari tayyorlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasining minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichidan kambagʻallik mezoni (yoki chegarasi) sifatida foydalanish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
oilani Ijtimoiy reyestrga kiritish jarayonida qoʻllaniladigan va jon boshiga toʻgʻri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal isteʼmol xarajatlariga tenglashtiriladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi har yili avgust oyiga qadar minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining prognoz parametrlarini inflyatsiya kutilmalaridan kelib chiqib hisoblaydi;
Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining prognoz koʻrsatkichlarini kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarini shakllantirishda inobatga oladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy statistika qoʻmitasi minimal isteʼmol xarajatlari va kambagʻallik darajasini har yilgi hisobot yilida inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20-yanvariga qadar eʼlon qilib boradi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Milliy statistika qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, minimal isteʼmol xarajatlari tarkibini respublika iqtisodiyotining rivojlanishi hamda aholi daromad va xarajatlarining oʻzgarishini inobatga olgan holda kamida har 5 yilda qayta koʻrib chiqadi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aholining minimal isteʼmol xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
minimal isteʼmol xarajatlari, kambagʻallik chegarasi va uy xoʻjaliklarining real isteʼmol qiymatlari hamda tarkibini oʻrganish;
sogʻlom hayot kechirish uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal isteʼmol xarajatlar qiymatini hisoblash tamoyillari, bosqichlari va tartibi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda uy xoʻjaliklari soʻrovi natijalaridan kelib chiqib, 2021-yilning 15-dekabriga qadar minimal isteʼmol xarajatlari hisob-kitobini yakuniga yetkazsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Jahon banki va YUNISEFning texnik koʻmagini jalb qilgan holda 2021-yil yakuniga qadar:
minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblashda har bir uy xoʻjaligi aʼzolarining yoshi, tarkibidan kelib chiqqan holda tegishli koeffitsiyentlarni qoʻllash;
uy xoʻjaliklari kuzatuvlari qamrovini 2023-yilgacha bosqichma-bosqich 2 baravar oshirish;
kambagʻallikni qisqartirishning yangi vositalarini amaliyotga joriy etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-avgust,
544-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 544-son qaroriga
ILOVA
Aholining minimal isteʼmol xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom aholining real isteʼmol xarajatlari, xususiyatlari va tarkibidan kelib chiqib, aholining minimal isteʼmol xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, FAO, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash boʻyicha berilgan tavsiyalar asosida ishlab chiqilgan.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kambagʻallik — aholi iqtisodiy imkoniyatlarining hayot kechirish uchun zarur minimal ehtiyojlarini qondirishiga yetarli darajada boʻlmasligi;
kambagʻallik chegarasi — aholining real xarajatlari tarkibidan kelib chiqib hisoblanadigan bir kishi uchun minimal isteʼmol xarajatlari qiymati;
minimal isteʼmol xarajatlari (keyingi oʻrinlarda — minimal xarajatlar) — uy xoʻjaliklarining real isteʼmol qiymatlari va tarkibini oʻrganish asosida ularning sogʻlom hayot kechirishlari uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymati;
minimal kilokaloriya — inson organizmining hayot faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan minimal energiyaviy qiymat;
protsentil — soʻrovda ishtirok etgan uy xoʻjaliklarini jon boshiga nisbatan jami xarajatlarga koʻra 1 foizlik guruhlarga ajratish;
real isteʼmol qiymati — soʻrovnomada uy xoʻjaligi tomonidan tovar va xizmatlar uchun amalga oshirilgan xarajatlarning puldagi ifodasi;
target guruhi — soʻrovnomada ishtirok etgan respondentlar orasidan isteʼmol xususiyatiga koʻra ajratib olingan kichik guruh;
uy xoʻjaligi — maʼlum bir uy-joyda birga yashovchi, daromadlarini toʻliq yoki qisman birlashtirgan holda umumiy roʻzgʻor yurituvchi kishilar guruhi. Bunda uy xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasida qarindoshlik aloqalari boʻlishi shart emas;
uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvi — uy xoʻjaligi budjetining shakllanishi va taqsimlanishini aniqlash hamda ularning hayot darajasini kuzatishga yoʻnaltirilgan tanlanma soʻrov usuli;
Engel koeffitsiyenti — uy xoʻjaligining jami xarajatlari tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari qiymatining ulushi.
4. Ushbu Nizom minimal isteʼmol xarajatlarining uy xoʻjaliklari tanlama kuzatuvi natijalari asosida aholining real isteʼmoli tarkibidan kelib chiqib, statistik usul orqali hisoblashga moʻljallangan.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida aholi minimal xarajatlari va kambagʻallik chegarasini hisoblashda bir xil uslubiy yondashuvni taʼminlaydi.
5. Aholining minimal xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Minimal xarajatlar va kambagʻallik chegarasini hisoblashning statistik bazasi
6. Minimal xarajatlar qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblashda:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy statistika qoʻmitasi) tomonidan amalga oshiriladigan uy xoʻjaligi tanlanma kuzatuvi natijalari asosida shakllanadigan aholi isteʼmoli, daromad miqdori va tarkibi;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
uy xoʻjaliklari isteʼmolining kilokaloriyadagi qiymatini aniqlash uchun oziq-ovqat mahsulotlarining energiyaviy qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalaniladi.
3-bob. Minimal xarajatlar qiymatini hisoblash tamoyillari
7. Minimal xarajatlar qiymati quyidagi tamoyillarga asoslanib hisoblanadi:
aholi tanlovi va moliyaviy imkoniyatlari kabi isteʼmol tarkibiga taʼsir koʻrsatuvchi omillarning inobatga olinganligi;
aholi oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoliga sarflagan amaldagi xarajatlarning eʼtiborga olinganligi;
aholining real talabidan kelib chiqib hamda demografik holatning oʻziga xosligini inobatga olgan holda, nooziq-ovqat mahsulotlari turlari va tarkibining inobatga olinganligi;
aholining zarur xizmatlar xarajatlari qiymatini hisoblashda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan bepul xizmatlarning eʼtiborga olinganligi;
minimal xarajatlar qiymati aholi real isteʼmoli tarkibidan kelib chiqqanligi sababli ularda boqimandalik kayfiyatini ragʻbatlantirishga yoʻl qoʻyilmasligi;
minimal xarajatlar qiymatini aholi bilan bevosita soʻrov oʻtkazish orqali aniqlanishi.
4-bob. Minimal xarajatlarni hisoblash bosqichlari
8. Minimal xarajatlarni hisoblash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
birinchi bosqichda, Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan joylarga chiqqan holda uy xoʻjaliklarining isteʼmoli, daromadi va yashash sharoitini inobatga oluvchi soʻrovnoma oʻtkaziladi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ikkinchi bosqichda, Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda uy xoʻjaliklari kesimida isteʼmol qilingan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar qiymati real isteʼmol qiymatidan kelib chiqib, target guruhi uchun respublika oʻrtacha narxlarida hisoblab chiqiladi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oldingi tahrirga qarang.
uchinchi bosqichda, Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda uy xoʻjaliklarining aholi jon boshiga isteʼmol hajmidan kelib chiqib, oʻsish tartibida detsillarga (10 foizlik guruh) boʻlinadi va eng kam isteʼmolga ega boʻlgan birinchi uch guruhdagi uy xoʻjaliklari (target guruhi) ajratib olinadi;
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
toʻrtinchi bosqichda, kambagʻal aholining oziq-ovqat mahsulotlari xarajati asosida bir kilokaloriyaga sarflangan qiymat aniqlanadi;
beshinchi bosqichda, bir kilokaloriya qiymati Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti taklif etgan energiya qiymatiga (2 200 kkal) koʻpaytirilib, minimal oziq-ovqat xarajatlari aniqlanadi;
oltinchi bosqichda, target guruhining umumiy xarajatlaridagi oziq-ovqat mahsuloti ulushi aniqlanadi;
yettinchi bosqichda, minimal oziq-ovqat xarajatlarini Engel koeffitsiyentiga boʻlish orqali bir kishi uchun minimal xarajatlar aniqlanadi.
5-bob. Minimal xarajatlarni hisoblash tartibi
9. Uy xoʻjaliklari tomonidan oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarga sarflangan isteʼmol xarajatlari qiymati real isteʼmol narxlaridan kelib chiqib, respublika oʻrtacha narxlariga oʻtkaziladi.
Mn = mn * Hn, bunda:
Mn— uy xoʻjaligi tomonidan n turdagi mahsulot isteʼmoliga sarflangan xarajatlarning target guruhi uchun oʻrtacha respublika narxlaridagi qiymati;
mn — uy xoʻjaligi tomonidan n turdagi mahsulot isteʼmoli miqdori (kg, litr, dona va boshqalar);
H — n turdagi mahsulotning real isteʼmol narxlarining oʻrtacha respublika narxi.
Misol uchun, uy xoʻjaligi bir oyda 5 kg kartoshka isteʼmol qilsa, bunda ushbu mahsulotning respublikadagi oʻrtacha yillik narxi 4500 soʻmni tashkil etsa, bu holda:
5 kg *4500 soʻm/kg =22 500 soʻm.
10. Uy xoʻjaligi tomonidan isteʼmol qilingan oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarning yigʻindisi orqali uy xoʻjaligi jami oʻrtacha oylik isteʼmol xarajatlari qiymati aniqlanadi.
JIm=OXm+HOXm+XXm, bunda:
JIm — m uy xoʻjaligining jami isteʼmol xarajatlari qiymati;
OXm — m uy xoʻjaligining oziq-ovqat mahsulotlariga sarflagan jami xarajatlari qiymati;
HOXm — m uy xoʻjaligining nooziq-ovqat mahsulotlariga sarflagan jami xarajatlari qiymati;
XXm — m uy xoʻjaligining xizmatlarga sarflagan jami xarajatlari qiymati.
Har bir uy xoʻjaligi jami isteʼmol xarajatlari qiymatini uning aʼzolari soniga boʻlish orqali aholi jon boshiga jami isteʼmol xarajatlari qiymati aniqlanadi.
Aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi jami isteʼmol xarajatlari qiymatiga koʻra uy xoʻjaliklari tartiblanadi va protsentillarga boʻlinadi.
11. Uy xoʻjaliklarining oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli miqdoridan (kg, litr, dona va boshqalar) kelib chiqib, oziq-ovqat isteʼmolining jami kilokaloriya qiymati aniqlanadi.
12. Uy xoʻjaliklari oziq-ovqat isteʼmolining bir kilokaloriya qiymati quyidagicha aniqlanadi:
1kkal— uy xoʻjaligi isteʼmol qilgan 1 kilokaloriyaning qiymati;
OXk — m uy xoʻjaligining isteʼmol qilgan oziq-ovqat xarajatlari;
IKk — m uy xoʻjaligi isteʼmol qilgan kilokaloriya miqdori;
Masalan, 5 kishidan iborat uy xoʻjaligi kunlik oziq-ovqat isteʼmoli uchun kuniga 11 750 kkal va mahsulot uchun 53 463 soʻm sarflangan boʻlsa, u holda 1 kkal narxi quyidagicha hisoblanadi:
13. Target guruhida bir kishi uchun oʻrtacha bir kilokaloriya qiymatini kunlik minimal kilokaloriyaga koʻpaytirish orqali kunlik minimal oziq-ovqat xarajatlarining qiymati aniqlanadi:
MOX = 1kkal * Nkkall, bunda
MOX — kunlik minimal oziq-ovqat xarajatlari qiymati;
Nkkal — bir kishi uchun kunlik minimal kilokaloriya.
Kunlik minimal oziq-ovqat xarajatlari qiymatini 30,41 ga (365/12) koʻpaytirish orqali mazkur koʻrsatkichning oʻrtacha oylik qiymati aniqlanadi.
Masalan, agar bir kilokaloriya narxi 4,6 soʻm va bir kishi uchun kunlik minimal kilokaloriya 2 200 ga teng boʻlsa, oʻrtacha oylik minimal oziq-ovqat xarajatlari qiymati quyidagicha aniqlanadi:
MOX=4,6*2200*30,41=304 404 soʻm.
14. Uy xoʻjaligining oʻrtacha oylik jon boshiga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlariga sarflangan xarajatlarining umumiy xarajatlardagi ulushini aniqlash orqali har bir uy xoʻjaligining Engel koeffitsiyenti hisoblanadi.
Engm— Engel koeffitsiyenti;
— m uy xoʻjaligining aholi jon boshiga jami oziq-ovqat xarajatlari qiymati;
— m uy xoʻjaligining aholi jon boshiga jami xarajatlari qiymati.
Masalan, agar uy xoʻjaligining jami isteʼmoli tarkibida oziq-ovqat xarajatlari 304 404 soʻm, jami xarajatlari 439 860 soʻm boʻlsa, u holda quyidagicha hisoblanadi:
15. Minimal oziq-ovqat xarajatlari qiymatini Engel koeffitsiyentining oʻrtacha miqdoriga boʻlish orqali bir kishi uchun oʻrtacha oylik minimal xarajatlar qiymati aniqlanadi.
Masalan, tanlangan guruh boʻyicha oʻrtacha Engel koeffitsiyenti 69 foiz, minimal oziq-ovqat xarajatlari 304 404 soʻm boʻlsa, u holda:
16. Minimal xarajatlar hisoblangan yil bazaviy yil boʻlib, kelgusi yil uchun minimal xarajatlar oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.
Bunda isteʼmol narxlari indeksi tarkibidagi oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarning narxlari oʻzgarishi va ularning minimal xarajatlardagi ulushlari koʻpaytmasining yigʻindisi orqali minimal xarajatlardagi narxlar oʻzgarishi hisoblanadi.
MXinf — minimal xarajatlardagi narxlar oʻzgarishi;
MOXind— minimal oziq-ovqat xarajatlarining minimal xarajatlardagi ulushi;
Inf00 — isteʼmol narxlari indeksi tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oʻzgarishi;
HOXind— minimal xarajatlar tarkibida nooziq-ovqat mahsulotlarining ulushi;
Infno— isteʼmol narxlari indeksi tarkibidagi nooziq-ovqat mahsulotlari narxining oʻzgarishi;
XXind— minimal xarajatlar tarkibida xizmatlarning ulushi;
Infxiz— isteʼmol narxlari indeksi tarkibidagi xizmatlar narxining oʻzgarishi.
Minimal xarajatlardagi narxlar oʻzgarishini oʻtgan davrdagi minimal xarajatlar qiymatiga koʻpaytirish orqali hisobot davrida minimal xarajatlar qiymati aniqlanadi.
MXt=MXt-1*MXinf
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Kambagʻallik darajasi — xarajati (yoki daromadi) minimal xarajatlar qiymatidan past boʻlgan aholining jami aholiga nisbati orqali aniqlanadi.
18. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Aholining minimal isteʼmol xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Aholining minimal xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Tadbirlar

Muddatlar

Masʼul organlar

1-bosqich

Minimal xarajatlar qiymatining prognoz parametrlarini inflyatsiya kutilmalaridan kelib chiqib hisoblash

Har yili avgust oyida

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

2-bosqich

Minimal xarajatlar qiymatining prognoz koʻrsatkichlarini kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarini shakllantirishda inobatga olish

Har yili dekabr oyida

Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

3-bosqich

Yillik minimal xarajatlar va kambagʻallik darajasining amaldagi qiymatini eʼlon qilish

Hisobot yilidan keyingi yilning 20-yanvariga qadar

Milliy statistika qoʻmitasi,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

4-bosqich

Minimal xarajatlar tarkibini respublika iqtisodiyotining rivojlanishi hamda aholi daromad va xarajatlarining oʻzgarishini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish

Har besh yilda

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi,

Milliy statistika qoʻmitasi,

Moliya vazirligi

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/544/0829-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)