Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“KOʻMIR” AKSIYADORLIK BIRLASHMASI TUZILMASINI TAKOMILLASHTIRISH VA 2002—2010-YILLARDA RESPUBLIKA KOʻMIR SANOATINI RIVOJLANTIRISH DASTURINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Koʻmir ishlab chiqarishni barqaror ravishda koʻpaytirishni taʼminlash va uning energiya manbalari tarkibidagi ulushini oshirish, koʻmir sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, aksiyalashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, koʻmir tarmogʻi korxonalarini rivojlantirish, texnika bilan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-martdagi 112-f-son farmoyishi bilan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqilgan 2002—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻmir sanoatini rivojlantirish Dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Koʻmir sanoatini texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiya qilishga doir tadbirlar 2-ilovaga* muvofiq;
*2-ilova berilmaydi.
2002—2010-yillarda Yangi Angren IESini va Angren IESini rekonstruksiya qilishga doir tadbirlar 3-ilovaga* muvofiq;
*3-ilova berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-iyundagi 290-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 288-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-iyundagi 290-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 288-modda)
4. “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi va uning korxonalari rahbar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun 7-ilovaga* muvofiq tarkibda komissiya tuzilsin.
*7-ilova berilmaydi.
Komissiya bir oy muddatda “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi va uning korxonalari rahbar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazsin va u tugallangach Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
5. Vositachilar sonini qisqartirish, tarmoqni boshqarish mexanizmini takomillashtirish maqsadida “Oʻzbekkoʻmir” sotish firmasi tugatilsin va uning hududiy boʻlinmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasarrufiga berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-iyundagi 290-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 288-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
8. “Krupp Ferdertexnik Gmbx” kompaniyasi (Germaniya) tomonidan “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi bilan birgalikda “Angren” konini texnika bilan qayta jihozlash loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilgani, unda Germaniyaning “MAN Takraf” firmasi bilan konsorsiumda zamonaviy import texnologik asbob-uskunalar yetkazib berilishi nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Mazkur loyihani mablagʻ bilan taʼminlash “Germes” jamiyati (Germaniya)ning sugʻurta qoplamasi ostida Germaniya banklari kreditlari hisobiga, shu jumladan koʻmir tarmogʻini texnika bilan qayta jihozlashning birinchi bosqichi boʻyicha (42 mln. Germaniya marksasi miqdorida) — “Bank Gezelshaft Berlin AG” (Germaniya) kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.
9. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi:
Yangi Angren IESining beshta energobloki 11-ilovaga* muvofiq 2010-yilgacha koʻmirdan yil davomida foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtkazilishini;
*11-ilova berilmaydi.
ishlab chiqariladigan issiqlik energiyasi hajmini saqlab qolgan va 2010-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishni yiliga 1,37 mlrd kVt. soatgacha koʻpaytirgan holda Angren IESi toʻliq taʼmirlanishini;
Yangi Angren IESi uchun qoʻshimcha kul-shlak tashlash joylari qurishning dastlabki bosqichini, ularning 8,3 mln tonna sigʻimli birinchi navbatini 2004-yilda tugallagan holda 2002-yilda boshlanishini;
koʻmir sanoati korxonalarini texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish boʻyicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturida 2002—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻmir sanoatini rivojlantirish Dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishini har yili nazarda tutsinlar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 4-son, 42-modda)
11. “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda budjet tashkilotlariga koʻmir yetkazib berish mexanizmini bir oy muddatda ishlab chiqsin, unda:
ular tomonidan yilning I choragida yillik koʻmir xaridlari uchun avans toʻlash;
ularga koʻmirni yil mobaynida, toʻlov vaqtida amalda boʻlgan narx boʻyicha (koʻmirni kelishilgan joydagi isteʼmolchigacha yetkazib berish qiymatini hisobga olgan holda) tuzilgan shartnomalarga muvofiq “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi korxonalari tomonidan koʻmirni yetkazib berish muddatlari va sifati boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish yuzasidan masʼuliyati bilan yetkazib berish imkoniyatini nazarda tutsin.
15. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga va budjet tashkilotlariga koʻmir sotishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 20-oktabrdagi 516-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari V. Yu. Atayev va R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-iyun,
196-son
2002—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻmir sanoatini rivojlantirish
DASTURI
I. Kirish
Tarmoqning mavjud salohiyatidan eng samarali foydalanish yoʻllarini aniqlash va shart-sharoitlarni shakllantirish 2002—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻmir sanoatini rivojlantirish dasturining maqsadi hisoblanadi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
respublikaning yoqilgʻi mustaqilligini mustahkamlash va yanada rivojlantirish, Oʻzbekistonning sifatli yonilgʻiga boʻlgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirish;
elektr energiyasi ishlab chiqarishda yoqilgʻi resurslari tarkibida koʻmirning ulushini 2010-yilda 15 foizgacha yetkazgan holda Angren konini qazishning ochiq usulini rivojlantirish hisobiga koʻmir qazib olishni bosqichma-bosqich koʻpaytirish;
koʻmir sanoati korxonalarini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash;
koʻmir qazib oluvchi korxonalarning ishonchli va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlovchi ustuvor yoʻnalishlarni tanlash;
yuqori unumli asbob-uskunalardan foydalangan holda zamonaviy texnologiyani joriy etish asosida kon ochish ishlarida kon ishlarini va texnologik transportni takomillashtirish.
II. Koʻmir sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari
1. Zamonaviy texnologiyani va yuqori unumli asbob-uskunalarni joriy etgan holda “Angren” konini texnika bilan qayta jihozlash.
2. “Angren” konidan boʻshaydigan kon-transport asbob-uskunalaridan foydalangan holda “Apartak” konini rekonstruksiya qilish.
3. 2010-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishda energiya resurslari isteʼmoli tarkibida koʻmirning ulushini 15 foizgacha koʻpaytirish.
4. Qoʻshimcha ravishda qazib olinadigan foydali qazilmalarni oqilona qazib olish va sotish.
5. Konlarning barqaror energiya taʼminotini rivojlantirish va taʼminlash.
6. Temir yoʻl transportining yuk tashish quvvatini oshirish.
7. Importning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, mashina va asbob-uskunalarning mavjud parkini taʼmirlash va tiklash.
8. “Angren” konida koʻchkilarni barqarorlashtirish.
1. “Angren” konini texnika bilan qayta jihozlash
“Angren” konini texnika bilan qayta jihozlashni 2002—2010-yillarda olti bosqichda (1-jadval)* amalga oshirish moʻljallanmoqda va quyidagilarni joriy etish nazarda tutilmoqda:
*1-jadval berilmaydi.
koʻmir qatlamlari va bevosita koʻmir qatlamlari ustida yotgan kon yuzasini ochishda (ikkilamchi kaolinlar) rotor ekskavator, qayta yuklagich, konveyer, togʻ jinslari hosil qiluvchini oʻz ichiga oluvchi uzluksiz texnologiya;
kon jinslarini koʻchma maydalagichlar yoki avtoyukagʻdargichlarga yuklagan, bir choʻmichli ekskavatorlardan foydalangan holda siklli-uzluksiz texnologiya. Maydalagichlar yoki avtoyukagʻdargichlar kon jinsini maydalash qurilmalarigacha yetkazib beradi, soʻngra kon jinslari konveyerlar bilan uyumlargacha tashiladi, u yerda qattiq jinsli kon yuzasini ochish ishlarida togʻ jinslari hosil qilish qoʻllanilgan holda joylashtiriladi.
“Angren” konini texnika bilan qayta jihozlashni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun:
birinchi bosqichni 2003-yil 1-martgacha foydalanishga topshirish;
ishlarni 2003-yil 1-dekabrgacha tugallagan holda 2002-yilning ikkinchi yarim yilligida ikkinchi bosqichga kirishish;
qolgan bosqichlarni tadbirlarga muvofiq bajarish (1-jadval) nazarda tutiladi.
“Angren” konini texnika bilan qayta jihozlash:
konda kon yuzasini ochish ishlari hajmini 2001-yildagi 11,2 mln kub metrdan 2010-yilda 62,7 mln kub metrgacha koʻpaytirish;
zamonaviy texnologiyani va yuqori unumli asbob-uskunalarni (qoʻllash hisobiga oʻtgan yillarda yoʻl qoʻyilgan 54 mln kub metr hajmdagi kon yuzasini ochishdagi qoloqlikning oʻrnini 2007-yilda toʻldirish. 2010-yilda kon yuzasini ochish ishlari umumiy hajmining 64 foizini konveyer transporti bilan bajarish moʻljallangan;
kon bortlarini talab etiladigan parametrlarga (16 gradusdan 12 gradusgacha) toʻgʻrilash tufayli kondagi ishlab chiqarish vaziyatini barqarorlashtirish, bu amalda mahalliy koʻchki hodisalarini bartaraf etadi;
2004-yildan boshlab oʻsishga erishgan holda koʻmir qazib olishni 2001-yildagi 2,1 mln tonnadan 2010-yilda 7,8 mln tonnagacha koʻpaytirish;
bir tonna koʻmir tannarxini 2001-yildagi 10,38 AQSH dollardan 2010-yilda 7,85 AQSH dollarigacha pasaytirish.
2. “Apartak” konini rekonstruksiya qilish
Tarmoq boʻyicha koʻmir qazib olish hajmlari yillik oʻsishini taʼminlash uchun “Angren” konini texnika bilan qayta jihozlash davrida Dasturda “Apartak” konini rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Bu 2010-yilga borib koʻmir qazib olishning 1,5 mln tonna hajmida oʻsishini taʼminlaydi (2-jadval*).
*2-jadval berilmaydi.
“Apartak” konini rekonstruksiya qilish:
“Angren” konidan boʻshagan kon-transport asbob-uskunalaridan taʼmirlangandan va tiklangandan keyin foydalanishni;
2004-yilda Angren shahrida ishlab turgan 6,9 km uzunlikdagi oraligʻi keng birlashtiruvchi shoxobcha qurgan holda temir yoʻl transportini rivojlantirishni;
koʻmirni zaboylardan koʻmir omborigacha avtomobilda tashish oʻrniga konveyerda va temir yoʻl transportida tashishga oʻtishni;
2005-yilda “Apartak” yuk ortish temir yoʻl stansiyasi qurishni oʻz ichiga oladi.
“Apartak” konini rekonstruksiya qilish dasturining bajarilishi:
kon yuzasini ochishni 2001-yildagi 1,9 mln kub metrdan 2010-yilda 15,0 mln kub metrgacha yoki 7,9 baravar, shu jumladan temir yoʻl transporti bilan 0,4 mln kub metrdan 11,5 mln kub metrgacha yoki 28,7 baravar koʻpaytirishni;
koʻmir qazib olishning 2001-yildagi 214 ming tonnadan 2010-yilda 1,5 mln tonnagacha oʻsishini;
koʻmir qazib olish tannarxining 2001-yildagi 10,47 AQSH dollaridan yilda 6,66 AQSH dollarigacha pasaytirilishini taʼminlaydi.
3. Elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida koʻmir isteʼmoli oʻsishini koʻpaytirish
Yetakchi mamlakatlarning koʻmir tarmogʻini ustuvor rivojlantirishga asoslangan energetika va xom ashyo strategiyasiga muvofiq Dasturda yoqilgʻi-energetika balansida elektr energiyasi ishlab chiqarishda koʻmirning ulushini 2001-yildagi 4,7 foizdan 2010-yilda 15 foizgacha koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.
Ushbu vazifani bajarish uchun koʻmir qazib olishni 2001-yildagi 2,7 mln tonnadan 2010-yilda 9,4 mln tonnagacha koʻpaytirish nazarda tutilmoqda (3 va 3a-jadvallar*). Bunda:
*3 va 3a-jadvallar berilmaydi.
Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining beshta energiya bloki koʻmirdan yil davomida foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtkaziladi (4-jadval*);
*4-jadval berilmaydi.
Angren issiqlik elektr stansiyasida koʻmirni uzatish va yoqish uchun ishlab turgan asbob-uskunalar zamonaviylashtiriladi.
4. Qoʻshimcha ravishda qazib olinadigan foydali qazilmalardan oqilona foydalanish
Olib borilgan tadqiqotlar, sanoat sinovlari natijasida kon yuzasini ochishda qoʻshimcha ishlov beriladigan foydali qazilmalarni qoʻllashning keng koʻlami tasdiqlandi. Qazish ishlari hajmi kon yuzasini ochish ishlari koʻpaygani sari oʻsib boradi (5-jadval*).
*5-jadval berilmaydi.
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda qurilish materiallari ishlab chiqarishda qoʻshimcha xom ashyo materiallarini keng qoʻllash imkoniyati ishlab chiqildi. Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
Ohangaron va Bekobod zavodlarida sement ishlab chiqarishda “Angren” koni ohaktoshidan foydalanish (yiliga 1 mln tonnagacha);
yuqori sortli sement va oʻrta chidamli materiallar ishlab chiqarishda rang-barang va ikkilamchi kaolinlardan foydalanish (yiliga 900 ming tonnagacha).
Bundan tashqari konning maydalash-sortlarga ajratish qurilmalarida oʻz ehtiyojlari uchun, shuningdek qurilish va pul tashkilotlariga sotish uchun shagʻal ishlab chiqarish uchun toshqotishmani qayta ishlash nazarda tutilmoqda (yiliga 3 mln kub metrgacha).
5. Konlarning elektr energiyasi taʼminotini rivojlantirish va barqarorlashtirish
Konlardagi elektr energiyasi uzatish liniyalarining uzunligi va ularning katta quvvat bilan ishlashi va “Angren” konida uning texnika bilan qayta jihozlanishi, koʻmir qazib olish va kon yuzasini ochishning koʻpayishi munosabati bilan elektr energiyasiga ehtiyojning ortishini hisobga olib Dasturda 2002—2010-yillarda konlarning elektr energiyasi taʼminotini rivojlantirish boʻyicha 6-jadvalga* muvofiq tadbirlar nazarda tutilmoqda.
*6-jadval berilmaydi.
6. Stansiyalar va temir yoʻl transporti yoʻllarini rivojlantirish hamda rekonstruksiya qilish
Kon yuzasini ochish ishlari hajmining ortishi tufayli temir yoʻl transportida tashishlarni rivojlantirish uchun 7-jadvalga* muvofiq yuklash stansiyalari, stansiya va yoʻllarning oʻtkazish quvvatini oshirish boʻyicha tadbirlarni bajarish nazarda tutilmoqda.
*7-jadval berilmaydi.
7. Koʻmir qazib olishning yer osti usuli
a) 9-shaxtani yopish
Angren Koʻmir konida kon-geologiya sharoitlariga koʻra 1852 mln tonna sanoat zaxiralaridan 795 mln tonnasi yer osti usulida qazib olinadi.
9-shaxtada Angren konidagi Koʻmir qatlamlari ham xuddi “Angren” va “Apartak” konlaridagi kabi texnika bilan qazib olishga yaroqsiz qatlamlar ochiq usulda qazib olinadi.
2002-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra shaxta balansidagi mavjud 49,5 mln tonna sanoat koʻmir zaxiralaridan 6,0 mln tonnasi qazib olishga tayyorlangan.
9-shaxtadagi koʻmirni qazib olish ochiq usuldagiga nisbatan iqtisodiy jihatdan kam samarali ekanligining yuqori darajadagi xavfsizlik bilan bogʻliqligini hisobga olib yer osti sharoitlarida ishlaydigan shaxtyorlar uchun quyidagilar nazarda tutilmoqda:
2002-yildan boshlab koʻmirning yangi zaxiralarini tayyorlamaslik;
2004-yilda 9-shaxtani qazib olishga tayyor koʻmir zaxiralarini qazib chiqarish, asbob-uskunalar va materiallarni belgilangan tartibda demontaj qilish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini bajargan holda maxsus loyiha boʻyicha yopish.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 9-shaxtadan boʻshab qoladigan xodimlarni, keyinchalik ularni “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi korxonalarida ishga joylashtirish uchun, yangi ixtisoslarga qayta oʻqitish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish.
b) Toshkoʻmir qazib olish
Surxondaryo viloyatidagi “Shargʻun” va “Boysun” shaxtalarida issiqlik hosil qiluvchanligi Angren qoʻngʻir koʻmiriga nisbatan 3 baravar yuqori boʻlgan toshkoʻmir qazib olinadi. Surxondaryo viloyatining budjet tashkilotlari, korxonalari va aholisi toshkoʻmirning asosiy isteʼmolchilari hisoblanadi.
Dasturda yaqin yillarda ularni qazib olishning mavjud darajasini saqlab qolish nazarda tutilmoqda.
Koʻrsatib oʻtilgan shaxtalarning mahsulotiga faqat energetika yonilgʻisi sifatidagina emas, balki koksobriketlar, kalsiy karbidi, koʻmir elektrodlari va shu kabi import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qimmatli kimyoviy xom ashyo sifatida qarash lozim.
8. Import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, mavjud mashina va asbob-uskunalar parkini taʼmirlash va tiklash
Cheklangan imkoniyatli, eskirgan mashina va asbob-uskunalar parkini yangilash, ularning avariyaga uchrashi darajasi yuqori boʻlgan sharoitlarda kon yuzasini ochish va koʻmir qazib olish hajmlarini koʻpaytirish uchun kon-texnika asbob-uskunalarini taʼmirlash zavodining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalangan holda texnika bilan qayta jihozlash loyihasi qiymatini arzonlashtirish maqsadida Dasturda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
Kon-texnika asbob-uskunalarini taʼmirlash zavodi quvvati bilan tiklanadigan mashina va asbob-uskunalar sonini koʻpaytirish, ulardan foydalanishning ishonchliligi va samaradorligini oshirish;
kon-texnika asbob-uskunalarini taʼmirlash zavodida metall prokatidan “Angren” konini texnika bilan qayta jihozlash boʻyicha asbob-uskunalar va metall konstruksiyalar tayyorlash (8-jadval*).
*8-jadval berilmaydi.
Ushbu tadbirlarni hal etish uchun quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
metall quyish asbob-uskunasi sotib olish va uni kon-texnika asbob-uskunalarini taʼmirlash zavodida mavjud loyiha boʻyicha oʻrnatish;
kon-texnika asbob-uskunalarini taʼmirlash zavodini dastgohlar va asbob-uskunalar bilan qoʻshimcha ravishda jihozlash;
taʼmirlanadigan va tiklanadigan mashina va asbob-uskunalar sonini koʻpaytirish imkonini beradigan import oʻrnini bosuvchi ehtiyot qismlar, uzellar, detallar turlarini kengaytirish va ishlab chiqarish;
koʻmir qazib olish korxonalariga ham zavod sharoitlarida, ham korxonalarda asbob-uskunalarni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish sohasini kengaytirish.
Dasturni amalga oshirish:
uzluksiz texnologiya uchun texnika bilan qayta jihozlash boʻyicha yangi turdagi mahsulotlar — detallar, uzellar va asbob-uskunalar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish;
ehtiyot qismlar, uzellar, detallar turlarini kengaytirish va ishlab chiqarishni koʻpaytirish;
koʻmir qazib chiqaruvchi korxonalarga ham zavod sharoitlarida, ham korxonalarda asbob-uskunalarni taʼmirlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish sohasini kengaytirish;
import boʻyicha ehtiyot qismlar va asbob-uskunalar sotib olishga sarflanadigan valyuta mablagʻlarini tejash imkonini beradi.
9. “Angren” konida koʻchkilarni barqarorlashtirish
“Angren” konida sodir boʻladigan oʻnta koʻchki korxonaning ishlab chiqarish faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, ularning kommunikatsiyalar va texnologik liniyalarga koʻrsatadigan taʼsiri oqibatlarini tugatishga koʻplab moddiy xarajatlarni talab qiladi. Shu narsa aniqlanganki, koʻchkilar tektonik buzilishlar zonalarida vujudga keladi. Ularni aniqlash va prognoz qilish uchun geologik-geofizik ishlarning maxsus metodlari bilan, koʻplab mablagʻlar sarflagan holda puxta oʻrganish ishlari talab qilinadi.
Sodir boʻlishi mumkin boʻlgan koʻchki hodisalarini prognoz qilish, ularning oldini olish va barqarorlashtirish tadbirlari 9-jadvalda* nazarda tutilgan.
*9-jadval berilmaydi.
III. Dasturni amalga oshirishdan kutiladigan natijalar
2002—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻmir sanoatini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish:
koʻmir qazib olishni 2001-yildagi 2,7 mln tonnadan 2010-yilda 9,4 mln tonnagacha koʻpaytirish;
respublikaning qattiq yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish;
kon yuzasini ochish ishlarini koʻpaytirish, kon yuzasini ochish ishlari boʻyicha qoloqlikning oʻrnini toʻldirish hisobiga korxonalarda ishlab chiqarishning ahvolini barqarorlashtirish;
kon-transport asbob-uskunalari, texnologik boʻgʻinlar ishlarining ishonchliligini oshirish;
koʻchkilarni barqarorlashtirish;
qazib olinayotgan va isteʼmolchilarga joʻnatilayotgan koʻmir sifatini oshirish;
koʻmir qazib olish tannarxini pasaytirish;
elektr energiyasi ishlab chiqarishda koʻmirning yoqilgʻi resurslari tarkibidagi ulushini 2010-yilda 15 foizgacha yetkazish imkoniyatini beradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 4-son, 42-modda, 7-8-son, 61-modda; 2004-y., 25-son, 288-modda, 43-son, 456-modda)