1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.03 Gʻallachilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4973-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, respublikada sholi yetishtruvchilarni ragʻbatlantirish, ularni zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4973-son qarorida 2021-yil 31-dekabrga qadar sholi yetishtirish uchun sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari hamda koʻchatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgachasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgacha qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish uchun subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ajratiladi;
sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanishni va toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-iyun,
362-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-iyundagi 362-son qaroriga ILOVA
Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4973-son qaroriga muvofiq 2021-yil 31-dekabrga qadar sholi yetishtirish uchun zamonaviy urugʻ seyalkalari hamda koʻchatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgacha qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Vaqtinchalik nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
imtiyozli shartlar — foiz miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy foiz stavkasida va undan kam miqdorda belgilangan foizlar;
qishloq xoʻjaligi texnikalari — sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari;
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari — tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar sholi yetishtiruvchi yuridik shaxslar;
subsidiya — qishloq xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sotib olingan qishloq xoʻjaligi texnikalari qiymatining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab beriladigan qismi;
talabgorlar — qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi qishloq xoʻjaligi tashkilotlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) taqdim etgan hisob-kitoblarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiya ajratadi.
4. Qishloq xoʻjaligi texnikalari qiymatining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish uchun subsidiya ajratish ushbu Vaqtinchalik nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga asosan amalga oshiriladi.
2-bob. Talabgorlarga qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi
5. Subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ajratiladi.
6. Talabgor sholi ekadigan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalarini sotib olish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasini tuzganidan soʻng shartnoma shartlariga muvofiq olinadigan texnikaning qiymatini toʻlab beradi.
7. Talabgorlar subsidiya olish uchun tuman (Quvasoy shahri) qishloq xoʻjaligi boʻlimlariga yozma yoki elektron shaklda quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
yuridik shaxsning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), soʻralayotgan subsidiyaning summasi, xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki nomi va bankdagi hisobvaragʻi koʻrsatilgan holda subsidiya berish toʻgʻrisida ushbu Vaqtinchalik nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza;
qishloq xoʻjaligi texnikasini sotib olish boʻyicha shartnoma nusxasi;
qishloq xoʻjaligi texnikasini sotib olish uchun toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
qishloq xoʻjaligi texnikasi rusumini tasdiqlovchi texnik pasportlar borligi, talabgorning (yuridik shaxs) balans hisobotlariga kiritilganligi;
talabgor sholi yetishtirish uchun oʻz yer maydoniga egaligini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi;
qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchining tegishli uskuna boʻyicha preyskurant narxini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
8. Tuman (Quvasoy shahri) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari ushbu Vaqtinchalik nizomning 7-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlarni uch ish kunida oʻrganib chiqadi.
Oʻrganish natijasida talabgor subsidiya olish uchun taqdim etgan hujjatlar ushbu Vaqtinchalik nizomning 7-bandiga muvofiq boʻlsa barcha hujjatlar jamlanmasi qabul qilgan kunning ertasiga (bir ish kunida) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yuboriladi.
9. Quyidagi hollarda subsidiya olish uchun talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar bir ish kunida qaytariladi:
qishloq xoʻjaligi texnikalari imtiyozli shartlar asosida budjet mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar kreditlari hisobidan yoki boshqa subsidiyalarni taqdim qilish shartlari asosida sotib olingan boʻlsa;
mazkur Vaqtinchalik nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim qilinmaganda yoki maʼlumotlar asossiz boʻlganda.
Talabgor subsidiya olish uchun qayta murojaat qilishi mumkin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuman (Quvasoy shahri) qishloq xoʻjaligi boʻlimlaridan kunlik qabul qilgan hujjatlarni respublika boʻyicha jamlaydi, tahlil qiladi va ertasi kuni (bir ish kunida) Jamgʻarmaga taqdim etadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi talabgorlar bilan birgalikda Jamgʻarmaga taqdim etilayotgan buyurtmalarning ishonchliligi uchun masʼul hisoblanadi.
12. Jamgʻarma taqdim etilgan buyurtmalarni uch ish kunida oʻrganib chiqadi va ushbu buyurtmalar Vaqtinchalik nizomning 7-bandi talablariga mos kelgan taqdirda, Jamgʻarmaga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida subsidiya ajratiladi.
13. Sotib olinayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 20 foizgacha boʻlgan miqdordagi subsidiya pul mablagʻlarini talabgorning arizada koʻrsatilgan asosiy bank hisobvaragʻiga oʻtkazish orqali ajratiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Jamgʻarma tomonidan ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanishni va toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
15. Talabgorlar tayyorlanayotgan va taqdim etilayotgan hujjatlarning ishonchliligi va asoslanganligi yuzasidan qonunchilikka muvofiq masʼul hisoblanadi.
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Talabgor
(zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar)
Talabgorlar subsidiya olish uchun tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlariga yozma yoki elektron shaklda quyidagi talab etilgan hujjatlarni taqdim etadi.
Zarurat hollarda
(2021-yil
31-dekabrga qadar)
2-bosqich
Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi
Talabgorlar tomonidan subsidiya olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.
Vaqtinchalik nizom talablariga mos kelgan taqdirda, subsidiya ajratish uchun hujjatlar Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yuboradi.
3 ish kunida
Agar hujjatlarni oʻrganish natijasida Vaqtinchalik nizomning 9-bandida koʻrsatilgan talablar aniqlansa barcha hujjatlar jamlamasi talabgorga yozma ravishda qaytariladi.
1 ish kunida
3-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlaridan kunlik qabul qilgan hujjatlarni respublika boʻyicha jamlaydi, tahlil qiladi va ertasi kuni Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga taqdim etadi.
1 ish kunida
4-bosqich
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi
Vaqtinchalik nizomga muvofiq taqdim etilgan buyurtmalarni oʻrganib chiqadi va ushbu buyurtmalar Vaqtinchalik nizom talablariga mos kelgan taqdirda, Jamgʻarmaga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida subsidiya ajratiladi.
3 ish kunida
Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari uchun subsidiya olishga
(guvohnoma raqami, berilgan sanasi va uni bergan organ)
_____________________________________________________________ nomidan
(ariza beruvchi rahbarning lavozimi, F.I.O.)
Qishloq xoʻjaligi texnikasi xarid qilinganligi munosabati bilan texnika qiymatining 20 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratishni soʻraymiz.
Tashkilot pochta manzili:______________________________________________