Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki audit xizmati xodimlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Korporativ boshqaruvda ichki nazorat tizimini samarali tashkil qilish va ichki audit xizmatini malakali mutaxassislar bilan butlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, jumladan:
talabgorga qoʻyiladigan malaka talablari;
sertifikat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati;
malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi;
sertifikat olish uchun malaka imtihonini topshirish, sertifikatni rasmiylashtirish va berish, amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish hamda amal qilishini tugatish tartibi;
ichki auditorlar reyestirini yuritish tartibi.
2. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarori bilan tasdiqlangan Korxonalardagi ichki audit xizmati toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 5-may,
280-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-maydagi 280-son qaroriga
1-ILOVA
Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom qoidalari tijorat banklariga va budjet tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ichki auditor — ichki auditor sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
ichki auditor sertifikati (keyingi oʻrinlarda — Sertifikat) — ichki audit xizmatida faoliyat olib borish uchun ichki auditorning professional malakasini tasdiqlovchi hujjat;
malaka imtihoni — talabgorning bilim darajasi ichki auditorga qoʻyilgan talablarga mos kelishini tekshirishga yoʻnaltirilgan, malaka imtihoni komissiyasi tomonidan test sinovi shaklida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan imtihon;
talabgor — ichki auditor sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga daʼvogar jismoniy shaxs;
Oldingi tahrirga qarang.
xalqaro sertifikat — “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ASSA)”, “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (SRA)”, “Birlashgan diplomli buxgalterlar (ACA)”, “Diplomli ichki auditor (CIA)”, “Boshqaruv hisobi boʻyicha sertifikat (CIMA)”, “Moliyaviy tashkilotlar diplomli auditori (CFSA)”, “Davlat tashkilotining diplomli auditori (CGAP)”, “Sertifikatlangan professional Ichki auditor” (DipCPIA) sertifikati va “Riskni boshqarishni baholash boʻyicha diplomli mutaxassis (CRMA)” sertifikati.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
3. Sertifikat, basharti talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan beriladi.
Sertifikat ichki auditorning professional malakasini tasdiqlaydi va sertifikat egasiga tadbirkorlik subyektlarining ichki audit xizmatida faoliyat koʻrsatish huquqini beradi.
Sertifikat dastlab besh yillik muddatga beriladi, uning amal qilishi navbatdagi oʻn yillik muddatga va keyinchalik muddatsiz davrga uzaytirilishi mumkin.
4. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari (Oʻzbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston auditorlar palatasi):
malaka imtihonini oʻtkazishni tashkil qiladi, shuningdek, oʻzlarining veb-saytlariga malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi axborotni joylashtiradi;
test savollariga kiritilgan fanlar boʻyicha mavzularni veb-saytiga joylashtiradi;
malaka oshirishning namunaviy dasturini tasdiqlaydi;
talabgorlarni malaka imtihoniga qoʻyish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
5. Sertifikat egasi sertifikatini olgan yildan keyingi yilidan boshlab har yili auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish namunaviy dasturi boʻyicha 20 soatdan kam boʻlmagan hajmda malaka oshirish kurslarini oʻtishi shart.
Xalqaro sertifikat egasi boʻlgan ichki auditor oʻz tanloviga koʻra namunaviy dastur boʻyicha yoki xalqaro sertifikat dasturi doirasida malaka oshirish kurslaridan birini oʻtishi mumkin.
Ichki auditorlar malakasini oshirish buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarda akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki auditor yil yakunlari boʻyicha uning malaka oshirish kurslaridan oʻtganligini tasdiqlovchi maʼlumotni har yili 10-yanvarga qadar sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga taqdim etadi.
6. Malaka imtihonini oʻtkazuvchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tarkibiga auditorlarning respublika jamoat birlashmalari vakillari va buxgalteriya hisobi, audit, soliq va xoʻjalik huquqi sohalarining yetakchi mutaxassislari kiritiladi.
7. Komissiya auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan kamida beshta aʼzodan, shu jumladan, komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi.
8. Sertifikat olish, uning amal qilishini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish haqidagi arizani koʻrib chiqish uchun talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarda yigʻim toʻlanadi.
Yigʻim talabgor tomonidan hujjat topshirilgan auditorlarning respublika jamoat birlashmasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va malaka imtihonini tashkil qilish, sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun sarflanadi. Yigʻim toʻlash uchun bank rekvizitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar auditorlarning respublika jamoat birlashmalari veb-saytlariga joylashtiriladi.
9. Ichki auditor sertifikatini berish mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Talabgorga qoʻyiladigan malaka talablari
10. Sertifikat olishga talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) oliy maʼlumotga hamda oliy taʼlim muassasasini bitirganidan keyin oxirgi oʻn yildan kamida ikki yil buxgalteriya hisobi va audit, soliq maslahati va moliya sohasida yoki oliy taʼlim muassasalarida “Buxgalteriya hisobi” yoxud “Audit” fanidan taʼlim berish sohasida amaliy ish stajiga (shu jumladan, oʻrindoshlik asosida);
b) xalqaro sertifikat doirasida “Moliyaviy hisob” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlish.
Iqtisodiy ixtisosliklar boʻyicha ilmiy darajasi boʻlgan yoki “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” ixtisosliklari boʻyicha magistr diplomiga ega boʻlgan talabgor uchun amaliy ish staji talab etilmaydi.
11. Talabgor quyidagilardan biriga ega boʻlgan taqdirda sertifikatni berish va uning amal qilish muddatini uzaytirish malaka imtihoni topshirilmasdan amalga oshiriladi:
auditor malaka sertifikati (ariza berilgan sanada auditor malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashiga kamida 6 oy vaqt qolgan boʻlsa) mavjud boʻlsa;
xalqaro sertifikati (bunda olingan yildan keyingi yildan boshlab, belgilangan davriylikda xalqaro sertifikat doirasida malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjat) mavjud boʻlsa;
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) boʻyicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlsa;
kamida oʻn yil uzluksiz ichki auditor ish staji mavjud boʻlsa.
3-bob. Sertifikat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati
12. Sertifikat olish uchun talabgor auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilingan holda taqdim etadi:
pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi nusxasi;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning yoki ilmiy darajasi toʻgʻrisidagi hujjatning yoxud xorijiy mamlakatlarda olingan oliy maʼlumot yoki ilmiy darajasi toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish haqidagi vakolatli davlat organi tomonidan berilgan guvohnoma nusxasi;
mehnat daftarchasi nusxasi (oʻrindoshlik asosida ish staji mavjud boʻlgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan boʻlishi lozim) yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma;
xalqaro sertifikat doirasida “Moliyaviy hisob” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (bundan mazkur Nizomning 11-bandida qayd etilgan talabgorlar mustasno);
ikki dona fotosurat (3 x 4 sm oʻlchamda);
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, xalqaro sertifikat yoki auditor malaka sertifikati nusxasi yoxud buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash dasturi doirasida “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (mavjud boʻlgan taqdirda);
arizani koʻrib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi.
13. Talabgordan mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Mazkur Nizomning 12-bandida koʻrsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali taqdim etiladi.
4-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi
15. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari ariza kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunida talabgorning malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.
16. Quyidagi hollarda talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilmaydi:
mazkur Nizomning 10-bandida belgilangan malaka talablariga javob bermasa;
mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq holda taqdim etilmaganda.
17. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisida rad etish sabablari koʻrsatilgan holda uch ish kuni ichida talabgor yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
Rad etish uchun asos boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun talabgorga oʻn kun muddat beriladi.
Talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish uchun asos boʻlgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan hujjatlar uch kun ichida koʻrib chiqiladi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilgan holda taqdim etilgan arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Rad etish uchun asos boʻlgan kamchiliklar oʻn kun ichida bartaraf etilmagan taqdirda, talabgorning arizasi yangidan taqdim etilgan deb hisoblanadi.
18. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlarning tasdiqlangan roʻyxati auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan imtihon komissiyasiga topshiriladi.
19. Guruhlar talabgorlarning arizalarini roʻyxatga olish ketma-ketligida shakllantiriladi (bir guruhda kamida 10 kishi va koʻpi bilan 20 kishi). Malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, lekin har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
20. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar roʻyxatini guruhlar kesimida shakllantirib, malaka imtihoni oʻtkaziladigan sanadan kamida oʻn besh kun oldin imtihon oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi xabarnomani auditorlarning respublika jamoat birlashmalari veb-saytlariga joylashtiradi hamda har bir talabgorni elektron aloqa vositalari orqali xabardor qiladi.
5-bob. Sertifikat olish uchun malaka imtihonini topshirish tartibi
21. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari malaka imtihonini oʻtkazish maqsadida:
talabgorlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
malaka imtihonini oʻtkazish uchun jihozlangan xonani zaruriy texnika vositalari bilan taʼminlaydi;
malaka imtihonini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar va materiallar saqlanishini taʼminlaydi;
malaka imtihonini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
22. Talabgorlar malaka imtihoniga pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat asosida kiritiladi. Shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan yoki malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar imtihonga kelmagan deb hisoblanadi va ular navbatdagi imtihon topshirishga ruxsat beriladigan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi.
23. Agarda talabgor respublika jamoat birlashmalariga hujjatlarni topshirgan sanadan keyin ikki marotaba malaka imtihonini topshirishga kelmasa, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Bunda arizani koʻrib chiqish uchun toʻlangan yigʻim qaytarib berilmaydi.
24. Malaka imtihoni test sinovi usulida axborot-texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladi.
Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun uch soat vaqt beriladi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga tushiriladi.
25. Test sinovi quyidagi boʻlimlar boʻyicha 60 ta savoldan iborat boʻladi:
korporativ moliya;
boshqaruv hisobi;
ichki audit;
soliqqa tortish va tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish.
26. Test savollarini shakllantirish tartibi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Malaka imtihoni oʻtkazilayotgan paytda qonunchilik hujjatlari, yoʻriqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan, uyali telefondan yoki boshqa axborot texnologiya vositalaridan (shu jumladan, kalkulyator sifatida) foydalanish, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish taqiqlanadi.
(27-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan deb hisoblanadi.
Oʻzi bilan birga ichimlik suvi, dori va malaka imtihonini topshirish uchun zarur boʻlgan boshqa vositalar (koʻzoynak, linzalar) boʻlishiga ruxsat etiladi. Talabgorning barcha shaxsiy buyumlari, shu jumladan, uyali telefon yoki boshqa axborot texnologiya vositalari (oʻchirilgan holatda) maxsus ajratilgan joyda saqlanadi.
28. Malaka imtihoni natijalari imtihon oʻtkazilgan kuni malaka imtihoni komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
29. Malaka imtihon natijalari auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining veb-saytiga imtihon oʻtkazilganidan keyin ikki ish kunida eʼlon qilinadi.
30. Talabgorning toʻgʻri javoblari malaka imtihonidagi test savollari sonining kamida 75 foizini tashkil qilsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
31. Begona shaxslarning malaka imtihonida qatnashishiga ruxsat etilmaydi.
32. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yigʻim qaytarib berilmaydi.
33. Malaka imtihonini topshirish natijalari salbiy baholangan talabgorning hujjatlari unga qaytarilmaydi.
34. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlar malaka imtihonini topshirish uchun hujjatlarni mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan tartibda qayta taqdim etishga haqlidir.
35. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan berilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar hamda komissiyaning yigʻilish bayonnomalari besh yil mobaynida auditorlarning respublika jamoat birlashmalarida saqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
51-bob. Malaka imtihoni natijalari yuzasidan apellyatsiya berish va uni koʻrib chiqish tartibi
351. Malaka imtihoni natijasi boʻyicha ularga nisbatan salbiy qaror chiqarilgan talabgorlar malaka imtihoni natijalari eʼlon qilingan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kun mobaynida apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi berilgan apellyatsiyani oʻn kalendar kun ichida koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish jarayonida apellyatsiya bergan nomzod bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin. Bunda apellyatsiya bergan nomzod apellyatsiyani koʻrib chiqish jarayoni oʻtkaziladigan sana va shakli toʻgʻrisida uch kun oldin elektron pochta yoki SMS-xabarnoma orqali xabardor qilinadi.
352. Apellyatsiya komissiyasi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi besh nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi hamda uning tarkibiga Iqtisodiyot va moliya vazirligidan bir nafar hamda auditorlarning respublika jamoat birlashmalaridan vakillar kiritiladi.
Apellyatsiya komissiyasi raisi hamda kotibi auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining vakillaridan tayinlanadi.
Apellyatsiya komissiyasi hujjatlarini yuritish va bayonnomalarni rasmiylashtirish apellyatsiya komissiyasi kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi har ikki yilda belgilangan tartibda yangilanadi.
Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida apellyatsiya komissiyasi raisi hamda komissiya qolgan aʼzolarining kamida ikki nafari ishtirok etgan taqdirda, yigʻilish vakolatli hisoblanadi.
353. Apellyatsiya komissiyasi malaka imtihoni natijalarini auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining maʼlumotlari asosida bayonnoma tuzish orqali rasmiylashtiradi.
Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishi videoyozuvga tushiriladi va ushbu videoyozuvlar apellyatsiya komissiyasi bayonnomasiga ilova qilinadi.
Bayonnoma apellyatsiya komissiyasi raisi tomonidan (rais qatnashmagan taqdirda, rais oʻrinbosari tomonidan) tasdiqlanadi va yigʻilishda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
354. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
talabgorning eʼtirozlari oʻz tasdigʻini topib, savollar yoki javoblar notoʻgʻri ekani aniqlanganda hamda ballarni qayta hisoblash natijasida daʼvogarning balli belgilangan oʻtish balliga yetgan yoki undan oshgan taqdirda, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish hamda imtihon natijalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
talabgorning eʼtirozlari oʻz tasdigʻini topmagan yoki talabgorning eʼtirozlari oʻz tasdigʻini topib, ballarni qayta hisoblash natijasida daʼvogarning balli belgilangan oʻtish balliga yetmagan taqdirda, komissiya qarorini oʻzgarishsiz qoldirish;
malaka imtihonini oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, malaka imtihonini qaytadan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
355. Malaka imtihonini qaytadan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bunday qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki hafta mobaynida auditorlarning respublika jamoat birlashmalari malaka imtihonini topshira olmagan deb hisoblangan daʼvogar uchun qaytadan imtihon topshirish kunini belgilaydi.
356. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida ariza beruvchi yozma ravishda (elektron pochta orqali) xabardor qilinadi.
357. Takroriy apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi. Talabgor Apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlsa, belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
(51-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
6-bob. Sertifikatni rasmiylashtirish va berish tartibi
36. Malaka imtihoni natijalari komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga topshiriladi.
37. Sertifikat malaka imtihonida qatnashish uchun ariza topshirilgan auditorlarning respublika jamoat birlashmasi tomonidan beriladi.
38. Sertifikat mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi. Sertifikat auditorlarning respublika jamoat birlashmasining rasmiy qisqartirilgan nomidan keyin oraliq boʻshliqlarsiz (X...X 000000 koʻrinishida) ketma-ketlikda raqamlanadi.
39. Sertifikat auditorlar respublika jamoat birlashmasining QR — kodi (matrik shtrixli kodi) qoʻyilgan holda rasmiylashtiriladi va u ichki auditorlar reyestriga kiritiladi.
40. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari belgilangan tartibda berilgan va qayta rasmiylashtirilgan sertifikatlar hisobini yuritadi.
41. Sertifikat malaka imtihoni komissiyasining bayonnomalari olinganidan keyin uch kun ichida rasmiylashtiriladi va sertifikat egasiga beriladi.
42. Sertifikat dastlab besh yillik muddatga talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoxud mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarning birortasiga javob beradigan talabgorlarga malaka imtihoni topshirilmasdan beriladi.
7-bob. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish tartibi
43. Sertifikatning amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin, biroq sertifikatning amal qilish muddati tugashidan olti oydan koʻp boʻlmagan muddatda, auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
sertifikatning asl nusxasi;
har yili malaka oshirish kurslaridan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;
belgilangan davriylik bilan malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda, xalqaro sertifikat yoki auditor malaka sertifikati nusxasi yoxud buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (mavjud boʻlgan taqdirda);
mehnat daftarchasi nusxasi (oʻrindoshlik asosida ichki auditor ish staji mavjud boʻlgan taqdirda bu haqda mehnat daftarchasiga yozuv kiritilgan boʻlishi lozim) yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma;
arizani koʻrib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi.
44. Dastlabki besh yillik muddat tugagandan soʻng sertifikatning amal qilish muddatini navbatdagi oʻn yilga uzaytirish malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoxud talabgor mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarning birortasiga javob berganda malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshiriladi.
Sertifikatni keyingi muddatsiz davrga uzaytirish talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoxud u mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarning birortasiga mos boʻlganda malaka imtihonini topshirmasdan amalga oshiriladi.
45. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun hujjatlar mazkur Nizomning 43-bandiga muvofiq taqdim etilganda, sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza taqdim etilgan sanadan boshlab sertifikatning amal qilish muddati tugaydigan sanagacha boʻlgan vaqt oraligʻi ichki auditor sifatida uzluksiz ish stajini hisoblashda inobatga olinadi.
Ichki auditor lavozimiga tayinlashlar oraligʻidagi vaqt bir oydan oshmagan boʻlsa, ushbu davr ichki auditor sifatidagi uzluksiz ish stajini aniqlashda uzilish deb hisoblanmaydi.
46. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish mazkur Nizomning 43 — 45-bandlaridagi meʼyorlarga rioya etilganda amalga oshiriladi.
Sertifikatning amal qilish muddati sertifikatda koʻrsatilgan amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab uzaytiriladi.
47. Talabgor sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonidan oʻta olmagan taqdirda, sertifikatni qaytadan berish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.
Agarda talabgor, mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinganidan soʻng, sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonini topshirishga kelmasa, sertifikatning amal qilish muddati tugaganidan keyin taqdim etilgan hujjatlar (sertifikatning asl nusxasidan tashqari) qaytariladi. Bunda arizani koʻrib chiqish uchun toʻlangan yigʻim qaytarib berilmaydi.
48. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish ilgari berilgan sertifikatga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.
Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun unda ajratilgan tegishli rekvizitlar toʻlgan boʻlsa, ilgari berilgan raqam bilan yangi sertifikat beriladi. Yangi sertifikatning pastki oʻng burchagiga ilgari berilgan sertifikat haqidagi axborotlar yozib qoʻyiladi.
49. Sertifikat egasining familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, u tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan soʻng bir oy ichida sertifikatni bergan auditorlarning respublika jamoat birlashmasiga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklda sertifikatni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan sertifikatning asl nusxasi bilan birga ikkita fotosurat (3 x 4 hajmdagi) va tegishli oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi.
Sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
50. Sertifikat ariza topshirilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida ilgari berilgan sertifikat raqami va amal qilish muddati bilan qayta rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
501. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish rad etilgani ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(501-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
8-bob. Sertifikatning amal qilishini tugatish
51. Sertifikatning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
sertifikat egasi tomonidan sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza taqdim etilganda;
sertifikat egasi vafot etganda;
sertifikat egasi har yilgi malaka oshirish kursidan oʻtmaganda;
sertifikat egasi sertifikat rasmiylashtirilgan sanadan eʼtiboran olti oy mobaynida sertifikatni olish uchun kelmaganda;
Oldingi tahrirga qarang.
sertifikat egasi tomonidan ichki audit xizmatidagi faoliyati mobaynida olingan konfidensial axborot xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganda, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
(51-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
sertifikat egasini belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda;
auditorlar respublika jamoat birlashmasining sertifikat berish toʻgʻrisidagi qarori qonunga xilof ekanligi holati aniqlanganda;
sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi isbotlanganda.
52. Sertifikatning amal qilishi auditorlarning respublika jamoat birlashmasi qarori bilan tugatiladi. Sertifikatning amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
53. Sertifikatning amal qilishini tugatish haqidagi qaror ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
(53-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
54. Sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror auditorlarning respublika jamoat birlashmasi veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
Sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror besh ish kuni ichida sertifikat egasiga yuboriladi.
9-bob. Ichki auditorlar reyestrini yuritish tartibi
55. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan ichki auditorlar reyestri yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
ichki auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi maʼlumotlari va yashash manzili;
ish joyi;
sertifikatning raqami, berilgan sanasi;
sertifikat olgan shaxsning familiyasi, ismi va imzosi, shuningdek, sertifikat olingan sana;
har yilgi malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
auditorning malaka sertifikati, xalqaro buxgalter sertifikatining (mavjud boʻlgan taqdirda) nomi va berilgan sanasi;
sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilganligi, amal qilishi tugatilganligi va qayta rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
56. Ichki auditorlar reyestrdagi quyidagi maʼlumotlar auditorlarning respublika jamoat birlashmasi veb-saytiga joylashtiriladi va barchaning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi:
ichki auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
sertifikatning raqami, berilgan sanasi;
sertifikatning amal qilish muddati;
ichki auditorlarning malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yil yakunlariga koʻra);
sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
57. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(57-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
58. Auditorlar respublika jamoat birlashmalarining mazkur Nizom talablariga rioya etishlari ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(58-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Ichki auditor sertifikatini berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Talabgor

Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali taqdim etadi.

Talabgorning xohishiga koʻra

2-bosqich

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari

(Oʻzbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston auditorlar palatasi)

1. Talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Ariza kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunida

2. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, talabgor qabul qilingan qaror toʻgʻrisida rad etish asoslari koʻrsatilgan holda yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.

Rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng uch ish kunida

3-bosqich

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari

Malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi xabarni veb-saytlariga joylashtiradi hamda talabgorga elektron aloqa vositalari orqali xabarnoma koʻrinishida yuboradi.

Malaka imtihoni oʻtkazilishidan kamida oʻn besh kun oldin muddatda

4-bosqich

Malaka imtihoni komissiyasi

Malaka imtihoni uch soat ichida test sinovi usulida axborot-texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkaziladi.

Malaka imtihoni natijalari malaka imtihoni komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Imtihon oʻtkazilgan kuni

5-bosqich

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari

Malaka imtihon natijalarini veb-saytida eʼlon qilinadi.

Imtihon oʻtkazilganidan soʻng ikki ish kunida

6-bosqich

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari

Ichki auditor malaka sertifikati rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga beriladi.

Imtihon komissiyasining bayonnomasi rasmiylashtirilgandan sanadan boshlab uch kun muddatda

Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
_______________________________________________________

(auditorlarning respublika jamoat birlashmasining nomi)

_______________________________________________da yashovchi

(yashash manzili)

____________________________________________________dan

(ariza beruvchi F.I.O)

_______________________________________________________

(aloqa telefoni)

_______________________________________________________

(elektron pochta manzili)

ARIZA

Menga ichki auditor sertifikatini olish/amal qilish muddatini uzaytirish uchun* malaka imtihonini topshirishga, qayta rasmiylashtirishga* ruxsat berishingizni soʻrayman.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1. _____________________________________________________________________________________________________________
2. _____________________________________________________________________________________________________________
3. _____________________________________________________________________________________________________________
4. _____________________________________________________________________________________________________________
5. _____________________________________________________________________________________________________________
20___ yil “____” __________
Shaxsiy imzo __________________
* Kerakli soʻzlarning tagiga chiziladi.
Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

(N A M U N A)‎

‎‎____________________________________________________________‎

(auditorlarning respublika jamoat birlashmasining nomi)‎

ICHKI AUDITOR SERTIFIKATI‎‎

№ X...X 000000‎‎


‎Rasm



Rasm

‎‎

Toshkent sh.‎ 20___ y. “___” _____________‎‎
___________________________________________________________ga‎

(ichki auditorning F.I.O)

ichki audit xizmatida faoliyat yuritish huquqini beruvchi ichki auditor sertifikati 20__ yil “___” _______ dan 20___ yil “___” _______ gacha muddatga berildi va har yili malaka oshirishdan oʻtishi shart.‎

Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi
‎(vakolatli shaxs) ‎

‎‎
‎‎


‎QR-kod
‎‎

Sertifikatning amal qilish muddati uzaytirildi:‎‎

20__ y. “___” ___________ dan 20__ y. “___” __________ gacha QR-kod‎‎
20__ y. “___” ___________ dan 20__ y. “___” __________ gacha QR-kod‎‎
20__ y. “___” ___________ dan 20__ y. “___” __________ gacha QR-kod‎‎
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-maydagi 280-son qaroriga
2-ILOVA
Korxonalardagi ichki audit xizmati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISHLAR
1. 4-bandning beshinchi xatboshidan “tashqi” soʻzi chiqarib tashlansin.
2. 6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Ichki audit xizmati xodimlari ichki auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlish shart”.
3. 12 va 13-bandlardagi “boshqa majburiy toʻlovlar” soʻzlari “yigʻimlar” soʻzi bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 09/21/280/0424-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)