Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat xizmatlarini koʻrsatishda agentlar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qarorining ijrosini taʼminlash, shuningdek, fuqarolarga va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qarorining 6-bandiga muvofiq:
tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etishga ruxsat berilganligi;
agent xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining xodimlari akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat taʼlim muassasalari tomonidan 3 yil muddatga beriladigan hamda koʻrsatilishi mumkin boʻlgan xizmatlar turlari aniq belgilangan sertifikatga (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) ega boʻlishi shartligi;
agent xizmatlarini koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining (keyingi oʻrinlarda — Davlat xizmatlari agentligi) yagona platformasi doirasida amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
agentlar tomonidan xizmat koʻrsatish qonunchilik hujjatlari, shu jumladan maʼmuriy reglamentlarda davlat xizmatlari markazlari uchun oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi;
agent tomonidan qonunchilik hujjatlari, shu jumladan maʼmuriy reglamentlarda nazarda tutilgan, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun qilingan toʻlovlar (davlat boji, yigʻim, toʻlov) ushbu hujjatlarda belgilangan tartibda taqsimlanadi, agentning pullik xizmatlari uchun qilingan alohida toʻlov toʻliq hajmda uning tasarrufida qoladi.
davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida agentning xatosi (aybi) sababli vakolatli organlar tomonidan ariza beruvchining arizasini koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi tomonidan qilingan barcha toʻlovlar miqdori agent hisobidan qoplanadi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sertifikat olishi uchun bajarilishi lozim boʻlgan talablar;
oʻquv kurslarini tashkil etish, malaka imtihonini oʻtkazish va sertifikat berish tartibi;
sertifikatni qayta rasmiylashtirish, amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibi;
sertifikat berilgan agentlar reyestrini shakllantirish va yuritish.
4. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan agent sifatida koʻrsatilishi taqiqlangan davlat xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Davlat xizmatlari agentligi:
ikki oy muddatda nodavlat taʼlim muassasalari tomonidan agentlarga QR-kod qoʻyilgan sertifikat berish, uni qayta rasmiylashtirish, amal qilishini tugatish, bekor qilish va sertifikatlarning elektron reyestrini avtomatik ravishda yuritish, shuningdek, Agentlik tomonidan sertifikat berish jarayonini toʻliq monitoring qilish imkonini beruvchi axborot tizimini joriy etsin;
sertifikatga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari va (yoki) ularning xodimlarining dxa.gov.uz davlat xizmatlari koʻrsatish axborot tizimiga ulanishini taʼminlasin;
agentlar tomonidan qonunchilik hujjatlari, shu jumladan maʼmuriy reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida agent sifatida xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish funksiyasini joriy etsin.
Belgilab qoʻyilsinki, ushbu elektron reyestrni shakllantirish va yuritish funksiyasini joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-aprel,
221-son
Vazirlar Mahkamasining
2021-yil 19-apreldagi 221-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari pochta aloqasi milliy operatoriga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
agent — akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan beriladigan sertifikatga ega boʻlgan, davlat xizmatlari koʻrsatish axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) orqali ariza beruvchilarning maʼlumot va hujjatlarini tegishli davlat organi yoki tashkilotiga yuborish hamda xizmat natijasini ariza beruvchiga taqdim etish faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor (xodimi) yoki yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining xodimi;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari;
malaka imtihoni — sertifikat olish uchun qoʻyilgan talablarga talabgorning mos kelishini aniqlashga yoʻnaltirilgan, malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan imtihon;
sertifikat — malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladigan, davlat xizmatini koʻrsatish huquqini tasdiqlovchi davlat namunasidagi hujjat;
talabgor — sertifikat olish uchun murojaat qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkor (xodimi) yoki yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektining xodimi.
3. Sertifikat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda — oʻquv markazlari) tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha oʻquv kurslari yakunlariga koʻra 3 yil muddatga beriladi.
Amal qilish muddati tugagach yangi sertifikat olish hamda amaldagi sertifikatda nazarda tutilmagan xizmatlarni koʻrsatish uchun sertifikat olish mazkur Nizomning 2-bobiga muvofiq umumiy tartibda amalga oshiriladi.
4. Tadbirkorlik subyekti uning xodimlari sertifikat olishi uchun quyidagi talablarga javob berishi lozim:
davlat xizmatini koʻrsatish uchun kamida 15 m2 maydonga ega boʻlgan bino mavjudligi;
davlat xizmatini koʻrsatuvchi har bir xodim kompyuter va boshqa zarur tashkiliy texnika bilan taʼminlanganligi;
kamida 5 kishi uchun moʻljallangan kutish oʻrindiqlari mavjudligi;
bank hisobvaragʻiga ega boʻlishi;
nazorat-kassa texnikasi va (yoki) hisob-kitob terminallari oʻrnatilganligi.
5. Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Oʻquv kurslarini tashkil etish, malaka imtihonini oʻtkazish va sertifikat berish tartibi
6. Oʻquv markazlari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgandan soʻng vakolatli organni xabardor qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomning 2-ilovasi.
7. Oʻquv markazlarining roʻyxati Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
8. Talabgorlar oʻquv kurslarida qatnashish uchun oʻziga qulay boʻlgan hududdagi oʻquv markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
9. Oʻquv kurslari davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan, talabgorlar tanlagan xizmatlar turlari boʻyicha 40 soatlik oʻquv dasturi asosida oʻquv markazining binosida tashkil etiladi.
10. Talabgorlarni oʻqitish uchun oʻquv markazlari tomonidan shartnoma asosida vakolatli organning masʼul xodimlari jalb etilishi mumkin.
11. Oʻquv kurslarida qatnashish uchun toʻlov miqdori oʻquv markazlari tomonidan mustaqil belgilanadi. Biroq, ushbu miqdor har bir talabgor uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshmasligi lozim.
12. Oʻquv kurslari yakuni boʻyicha talabgorlar sertifikat olish uchun malaka imtihoni topshiradilar.
13. Malaka imtihonini oʻtkazish uchun vakolatli organning qarori bilan besh kishidan kam boʻlmagan tarkibda malaka imtihoni komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga vakolatli organ rahbari va xodimlari, kelishuv asosida Agentlik xodimi hamda oʻquv markazlari vakillari kiritiladi.
Vakolatli organ rahbari komissiya raisi hisoblanadi.
14. Malaka imtihoni oʻquv markazida guruhlar shakllanishiga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marotaba oʻtkazilishi lozim.
15. Malaka imtihoni topshiradigan talabgorlar roʻyxati vakolatli organ tomonidan shakllantirilgandan soʻng, ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan talablarning bajarilganligi tadbirkorlik subyekti joylashgan (unga eng yaqin) hududdagi davlat xizmati markazi xodimlari tomonidan imtihon kuniga qadar joyiga chiqqan holda tekshiriladi hamda natijasi boʻyicha markaz direktori tomonidan vakolatli organga maʼlumot beriladi.
Mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan talablarning barchasini bajargan tadbirkorlik subyektining xodimlari (talabgorlar) malaka imtihoniga kirishiga ruxsat beriladi. Ushbu talablar toʻliq bajarilmagan taqdirda, talabgorlar talablarning barchasi bajarilgandan soʻng navbatdagi malaka imtihoniga kiritilishi mumkin.
16. Malaka imtihonini topshirishda talabgorlar pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni koʻrsatadi.
17. Malaka imtihoniga kelmagan yoki kechikkan talabgor navbatdagi malaka imtihonidagi talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi va bu haqda pochta xizmati orqali yoki elektron ravishda uch ish kuni ichida xabardor qilinadi.
18. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida imtihon jarayoni uzluksiz ravishda ovozli videoyozuvga tushiriladi.
19. Malaka imtihoni test koʻrinishida elektron shaklda vakolatli organ binosida topshiriladi.
20. Test savollari Agentlik tomonidan oʻquv dasturi doirasida oʻtilgan mavzular boʻyicha ishlab chiqiladi.
Test savollarini tuzish jarayonida foydalanilgan mavzular Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Test savollari sohadagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilishini hisobga olgan holda yangilab boriladi.
21. Test sinovi 50 ta savoldan iborat boʻladi.
Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun ikki akademik soat vaqt beriladi.
22. Test sinovi oʻtkaziladigan xonaga uyali telefon, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish, boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish taqiqlanadi.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar test sinovidan chetlashtiriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Malaka imtihonidan chetlashtirilgan talabgorlar boʻyicha dalolatnoma tuzilib, komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
23. Malaka imtihoni natijalari test sinovi yakunlanishi bilan eʼlon qilinadi, shu kunning oʻzida komissiyaning bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
24. Test savollarining kamida 35 tasiga (70%) toʻgʻri javob bergan talabgor malaka imtihonidan oʻtgan hisoblanadi.
25. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgorlar bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim toʻlab, navbatdagi malaka imtihonidagi talabgorlar roʻyxatiga kiritilgan holda takroran imtihon topshirish huquqiga ega.
Yigʻim summasi Agentlikning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Komissiyaning qaroridan norozi boʻlgan talabgorlar belgilangan tartibda tegishli yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.
26. Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarga komissiyaning bayonnomasi rasmiylashtirilgandan boshlab uch ish kuni ichida mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan sertifikat beriladi.
Sertifikatga agent tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati ilova qilinadi hamda agentga davlat xizmatlari koʻrsatish axborot tizimida ushbu roʻyxatdagi xizmatlarni koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
3-bob. Sertifikatni qayta rasmiylashtirish, amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibi
27. Agentning familiyasi, ismi yoki otasining ismi oʻzgargan taqdirda, u tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan boshlab oʻn kun ichida oʻquv markaziga sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun ariza bilan murojaat qiladi.
Yangi sertifikat agent tomonidan ariza berilgan paytdan boshlab ikki ish kuni ichida bepul beriladi hamda unda qayta rasmiylashtirilayotgan sertifikatning raqami qayd qilinadi.
28. Sertifikatning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish vakolatli organning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
29. Quyidagilar sertifikatning amal qilishini tugatish uchun asos hisoblanadi:
sertifikatning amal qilish muddati tugaganligi;
sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sertifikat egasining arizasi taqdim etilganligi;
faoliyatini tugatgan yoki toʻxtatgan tadbirkorlik subyektining arizasi taqdim etilganligi;
tadbirkorlik subyektini tugatish yoki uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida sud, nazorat yoki roʻyxatga olish organlaridan axborot olinganligi;
agent tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan maʼmuriy reglamentlar va mazkur Nizom talablari buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisida vakolatli organ taqdimnomasining bajarilmaganligi;
sertifikat egasining vafoti, shuningdek, uni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi sudning qarori yoxud ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi sudning hukmi kuchga kirganligi;
agent va tadbirkorlik subyekti oʻrtasidagi mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi bekor qilinganligi.
30. Sertifikatning amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan boshlab tugatiladi va agentning davlat xizmatini koʻrsatish tizimiga kirish imkoniyati toʻxtatiladi.
31. Sertifikat agent tomonidan mazkur Nizom talablarini buzgan holda olinganligi aniqlangan taqdirda, u vakolatli organ tomonidan bekor qilinadi hamda agentning davlat xizmatini koʻrsatish tizimiga kirish imkoniyati toʻxtatiladi.
32. Sertifikatning amal qilishini tugatish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorning nusxasi qaror qabul qilingan kunning oʻzida agentga yuboriladi.
Sertifikatning amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
33. Ushbu Nizomning 29-bandi oltinchi xatboshisiga asosan sertifikatning amal qilishi tugatilgan, shuningdek, sertifikat bekor qilingan agentga, uning amal qilishi tugatilgan yoki bekor qilingan sanadan boshlab olti oy mobaynida sertifikat berilmaydi. Bunda agentga yangi sertifikat berish olti oydan soʻng mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Sertifikat berilgan agentlar reyestri va uni yuritish
34. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan shaklda agentlarning elektron reyestri yuritiladi.
Reyestrda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
agentning familiyasi, ismi, otasining ismi, faoliyat yuritish joyining pochta manzili, elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa), telefon raqami;
agent faoliyat yuritadigan yuridik shaxsning nomi, pochta manzili;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR);
sertifikat raqami, berilgan sana, uning amal qilish muddati;
sertifikatning amal qilishi tugatilganligi, bekor qilinganligi hamda qayta rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
35. Reyestrni yuritish tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
36. Reyestr Agentlikning rasmiy veb-saytiga ham joylashtiriladi.
37. Tadbirkorlik subyektlari ushbu Nizomning 34-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan maʼlumotlarning oʻzgarganligi toʻgʻrisida vakolatli organga uch kun ichida xabar berishlari lozim.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Agentlar oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini hamda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga rioya etilishini taʼminlashi shart.
39. Agentlik va vakolatli organlar agentlar tomonidan davlat xizmatlari sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan maʼmuriy reglamentlar va ushbu Nizom talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali monitoring qilib boradi.
40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik
subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun
sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Davlat xizmatlari koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Oʻquv markazlari

Talabgorlarni oʻqitish uchun Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalariga murojaat qilish

Akkreditatsiyadan oʻtgandan soʻng

2-bosqich

Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari

Oʻquv markazlarining murojaatiga koʻra ularning roʻyxatini shakllantirish

1 kun ichida

3-bosqich

Talabgorlar

Oʻquv markazlariga belgilangan toʻlovni amalga oshirgan holda oʻquv kurslarida ishtirok etish

Xohishiga koʻra

4-bosqich

Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari

Oʻquv kurslarida qatnashgan talabgorlar uchun malaka imtihonini oʻtkazish

Oʻquv kurslari tugagandan soʻng

5-bosqich

Oʻquv markazlari

Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarga QR-kod qoʻyilgan sertifikat berish

Malaka imtihoni oʻtkazilgandan boshlab 3 kun ichida

6-bosqich

Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari

Agentni davlat xizmatini koʻrsatish axborot tizimiga ulash

Sertifikat berilgandan boshlab 1 ish kuni ichida

7-bosqich

Davlat xizmatlari agentligi

Sertifikat berilgan agentlarni elektron reyestrga kiritish

Sertifikat berilgandan boshlab 1 ish kuni ichida

Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik
subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun
sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

NAMUNA‎‎

Nodavlat taʼlim muassasasining belgisi (logotipi)‎‎

________________________________________________‎‎

(Nodavlat taʼlim muassasasining nomi)‎‎

AGENT SERTIFIKATI‎‎

_________-son‎‎

‎‎
20__ yil “___” ___________‎

Davlat xizmatini koʻrsatish uchun agent sertifikati

________________________________________________________________________ga‎‎

(sertifikat olgan shaxsning F.I.O.)‎‎‎

‎‎‎
Malaka imtihon komissiyasining 20___ yil “____”__________dagi qaroriga asosan berildi.‎‎

Sertifikatning amal qilish muddati __.__.20__ gacha.‎‎‎



‎QR-kod oʻrni

‎‎
‎‎
‎‎
Izoh. Mazkur sertifikat agent tadbirkorlik subyekti yoki uning xodimi boʻlgan taqdirda
haqiqiy hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining
2021-yil 19-apreldagi 221-son qaroriga
2-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan agent sifatida koʻrsatilishi taqiqlangan davlat xizmatlari
ROʻYXATI

T/r

Davlat xizmatining turi

1.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻxtatish va tugatish

2.

Tugʻilganlikni qayd etish

3.

Otalikni belgilash

4.

Farzandlikka olish

5.

Nikoh tuzilganligini qayd etish

6.

Nikohdan ajratishni qayd etish (er yoki xotindan birining arizasi asosida)

7.

Nikohdan ajratishni qayd etish (er va xotinning birgalikdagi arizasi asosida)

8.

Nikohdan ajratishni qayd etish (sud qarori bilan)

9.

Oʻlimni qayd etish

10.

Dalolatnoma yozuvlarini tiklash

11.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini oʻzgartirish, toʻldirish

12.

Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish

13.

Takroriy guvohnomalar va boshqa maʼlumotnomalar berish

Vazirlar Mahkamasining
2021-yil 19-apreldagi 221-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatining IV boʻlimiga quyidagi mazmundagi 87-band qoʻshilsin:

87.

Davlat xizmatlari koʻrsatishda agent sifatida ishtirok etish

.

Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/707/1088-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2021-y., 09/21/221/0350-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/707/1088-son)