Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Kapital bozorini yanada rivojlantirish, qimmatli qogʻozlar chiqarilishini koʻpaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning fond bozoridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida:
1. Kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023-yil yakuniga qadar 45 trln soʻmga yetkazish, bank tomonidan kreditlashga muqobil boʻlgan samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish;
xalqaro moliya bozorlari bilan faol integratsiyalashuv, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va xorijda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan ilgʻor yondashuvlarni qoʻllash orqali barcha toifadagi investorlar uchun kapital bozorining qulayligini oshirish;
kapital bozorining uygʻun faoliyati va uning barcha segmentlari rivojlanishini taʼminlash orqali 2023-yil yakuniga qadar respublika va hududiy investitsiya dasturlari doirasida loyihalarning qimmatli qogʻozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismini 5 foizga yetkazish;
sohaga ilgʻor xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha toʻsiqlar va cheklovlarni bartaraf etish orqali fond bozorida rivojlanish maqsadlariga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni faol moliyalashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
xalqaro mezonlar va tajribalarni joriy qilgan holda, kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini va tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni taʼminlovchi qonunchilik bazasini yaratish;
kapital bozorini zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish, istiqbolli, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratish;
kapital bozori uchun soha mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tizimli yoʻlga qoʻyish;
minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilimlari, koʻnikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qoʻllab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023-yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.
2. Quyidagilar:
2021 — 2023-yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
2021 — 2023-yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish natijasida erishiladigan maqsadli koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-noyabrdagi PF-200-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2024-y., 06/24/200/0981-son)
2021 — 2023-yillarda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi belgilangan korxonalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlarning umumiy hajmini yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foiziga yetkazish Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi;
2023-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy emitentlar oʻz aksiyalarini dastlab respublika fond birjasida joylashtirgandan soʻng anderrayter tavsiyasiga koʻra xorijiy fond bozorlarida joylashtirishi mumkin;
ommaviy savdolar orqali aksiyalarni IPO yoki SPO usulida joylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi.
4. Ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifini quyidagi shartlarda oʻtkazish belgilansin:
IPO yoki SPO yoʻli bilan sotiladigan aksiyalarni xarid qilish uchun arizalarni toʻplash ushbu IPO yoki SPOni oʻtkazish shartnomasi tuzilgan anderrayter yoki anderrayterlar guruhi tomonidangina amalga oshiriladi;
anderrayter aksiyadorlik jamiyatini dastlabki oʻrganish natijalari asosida aksiyalar xaridi boʻyicha arizalarni toʻplash uchun narx chegaralarini belgilaydi;
IPO va SPO yoʻli bilan aksiyalarni taqsimlash aksiyalarga boʻlgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda, anderrayter tomonidan aniqlanadigan yagona narx asosida amalga oshiriladi;
anderrayterga aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnoma asosida aksiyalar taqsimlanadigan investorlarni tanlash, shuningdek, investorlarga IPO va SPO doirasida xarid qilingan aksiyalarni sotish taqiqlanadigan muddatni belgilash huquqi beriladi.
5. Markaziy bank 2021-yil 1-noyabrga qadar “Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi” DUK hisob raqamlari Markaziy bankka oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Moliya vazirligi, Markaziy bank, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining “Moliya va investitsiya savodxonligi” dasturini quyidagi tamoyillar asosida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni moliyaviy xizmatlar va mahsulotlar, jumladan kapital bozori hamda moliyaviy instrumentlar haqida xabardor qilish bilan bogʻliq tashabbuslarni hamjihatlikda amalga oshirgan holda mutasaddi tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
ilgʻor xorijiy oʻquv muassasalari va tadqiqot institutlari, moliya tashkilotlaridan yetakchi mutaxassislarni moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga oid taʼlim tadbirlariga keng jalb qilish;
umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari hamda noiqtisodiy yoʻnalishdagi oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun “Moliyaviy savodxonlik” oʻquv kursini fan sifatida joriy etish. Ushbu fan doirasida mablagʻlarni toʻgʻri boshqarish, oqilona moliyaviy qarorlar qabul qilish, jumladan moliyaviy instrumentlar boʻyicha oʻqitish metodologiyasini ishlab chiqish hamda “Moliyaviy savodxonlik olimpiadalari”ni tashkil etish orqali oʻquv kursining samaradorligini baholash;
aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy, shu jumladan investitsiya boʻyicha savodxonligini oshirish borasidagi barcha tadbirlarni 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi doirasida amalga oshirish.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 5-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-maydan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Moliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov:
ikki hafta muddatda Dasturning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar masʼul xodimlari hamda xorijiy ekspertlardan iborat ishchi guruhlari shakllantirilishini va ularning faoliyatini samarali tashkil etilishini;
ikki oy muddatda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi mazkur Farmonga 4-ilovada belgilangan har bir korxona boʻyicha alohida “yoʻl xarita”lari tasdiqlanishini taʼminlasin.
Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-aprel,
PF-6207-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son Farmoniga
1-ILOVA
2021 — 2023-yillarda kapital bozorini rivojlantirish
DASTURI
Investitsiya muhitini tubdan takomillashtirish, davlat aksiyalar paketini sotish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk daxlsizligi, uning roli va ahamiyatini oshirish, shu jumladan davlat aktivlarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlariga oʻtish, kapital bozorini iqtisodiyotni rivojlantirishning yetakchi omillaridan biriga aylantirish mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning muhim sharti hisoblanadi.
Soʻnggi davr mobaynida qimmatli qogʻozlar bozorini isloh qilish, xususan ushbu sohadagi qonunchilik tizimini takomillashtirish, investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish, kapital bozorini samarali tartibga solish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik oʻrnatish yoʻlida ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda kapital bozorini yanada rivojlantirish, raqobat muhitini shakllantirish va fond bozori likvidligini oshirishni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq oʻz yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammolar va kamchiliklar mavjud, jumladan:
kapital bozorini rivojlantirish sohasida davlatning strategik rejalashtirish tizimi mavjud emas;
erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlarning mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmiga nisbatan ulushi past (0,3 foiz);
fond bozorida amalga oshirilayotgan bitimlarning yuqori qismi (birjadagi hajmlarning 70 foizidan ortigʻi) davlat ishtirokidagi korxonalar hissasiga toʻgʻri kelmoqda;
qimmatli qogʻozlar bozorining likvidligi past, davlat qimmatli qogʻozlari ikkilamchi bozorini rivojlantirish zaruriyati mavjud, amaliyotga joriy etilgan moliyaviy mahsulotlar turlari yetarli emas, davlat aksiya paketlari “bitta aksiya bitta lot” tamoyili asosida sotilmaydi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qimmatli qogʻozlar bozorida mablagʻ jalb qilishga boʻlgan qiziqishi past;
kapital bozoriga uzoq muddatli moliyaviy resurslarga ega yirik institutsional investorlarni jalb qilish boʻyicha ishlar sust olib borilmoqda;
bozor infratuzilmasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari bilan yetarli darajada taʼminlanmagan, shuningdek, ushbu sohada mahalliy tizimlarning imkoniyatlaridan samarasiz foydalanilmoqda;
mintaqaviy darajada kapital bozori infratuzilmasi mutlaqo rivojlanmagan;
kapital bozori sohasida bozor kapitallashuvini oshirish choralarini faol ravishda ilgari surish va amalga oshirishga imkon beradigan yuqori malakali mutaxassislar yetishmaydi;
sohani nomutanosib tartibga solishni nazarda tutuvchi hamda zamonaviy bozor talablariga va xalqaro standartlarga javob bermaydigan huquqiy hujjatlar koʻp;
korporativ munosabatlar zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilmagan.
Ushbu kamchiliklar kapital bozorining ulkan salohiyatidan foydalanishga, uning kapitallashuvi va likvidligini lozim darajada taʼminlashga, investitsiyalarni samarali jalb etishga, iqtisodiyot hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalari rivojiga toʻsqinlik qilmoqda.
Dasturning maqsadi va vazifalari
Ushbu Dasturning asosiy maqsadi erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar umumiy hajmining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi nisbatini 5 foizga yetkazishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishni chuqurlashtirishni nazarda tutuvchi davlat siyosatini tubdan takomillashtirishdan iborat boʻlib, quyidagi ustuvor strategik vazifalarni oʻziga qamrab oladi:
investorlar uchun jozibador mexanizmlarni joriy qilish hisobiga kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023-yil yakuniga qadar 45 trln soʻmga yetkazish, bank tomonidan kreditlashning samarali muqobil mexanizmini yaratish;
xalqaro moliya bozorlari bilan faol integratsiyalashuv, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va xorijda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan ilgʻor yondashuvlardan foydalanish orqali barcha toifadagi investorlar uchun kapital bozorining qulayligini oshirish;
aholi, tadbirkorlar va iqtisodiyotning investitsiyaviy talablarini maksimal darajada qanoatlantirish maqsadida kapital bozorining uygʻun faoliyati va uning barcha segmentlari rivojlanishini taʼminlash orqali 2023-yil yakuniga qadar respublika va hududiy investitsiya dasturlari doirasida loyihalarning qimmatli qogʻozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismini 5 foizga yetkazish;
ilgʻor xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha toʻsiqlar, cheklovlar va sohaning haddan tashqari tartibga solinganligini bartaraf etish orqali fond bozorida rivojlanish maqsadlariga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni faol moliyalashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
tegishli xalqaro mezonlar va tajribalarni joriy qilgan holda, kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini, tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni taʼminlovchi zarur qonunchilik bazasini ishlab chiqish;
kapital bozorini zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar bilan taʼminlashning barqaror tizimini rivojlantirish, istiqbolli, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratish;
kapital bozori uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tizimli yoʻlga qoʻyish;
minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilimlari, koʻnikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qoʻllab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023-yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.
Dasturning asosiy yoʻnalishlari
1. Emitentlar sonini koʻpaytirish, yangi moliyaviy mahsulotlar va korporativ boshqaruvni takomillashtirish orqali taklifni oshirish
Kapital bozoridagi taklifni oshirish va korporativ boshqaruvni rivojlantirishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida:
davlat ishtirokidagi korxonalarning jozibadorligini oshirish, korxonalarni transformatsiya qilish, ularda korporativ boshqaruv va moliyaviy auditni joriy etish hamda operatsion samaradorligini oshirish;
birjaviy investitsiya fondlari (Exchange traded funds) kabi moliyaviy vositalarni, shu jumladan oltinga bogʻlash orqali (Gold ETF) joriy etish;
mavjud obligatsiya turlarini ipoteka qimmatli qogʻozlari va “Sukuk” obligatsiyalari kabi yangi turlarini joriy etish orqali diversifikatsiya qilish;
islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qogʻozlar va kapital bozoriga oid boshqa moliya xizmatlarini tatbiq etish;
barcha aksiyadorlik jamiyatlarida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish va ushbu tamoyillarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish;
kraudfanding vositalarini keng joriy etish orqali mahalliy kapital bozoriga investorlarni jalb qilish;
davlat qimmatli qogʻozlarining ikkilamchi bozorini rivojlantirish hamda infratuzilmani rivojlantirishni maqsadli moliyalashtirish uchun davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish amaliyotini joriy etish;
korporativ obligatsiyalar bozorini rivojlantirish;
davlat ulushiga ega boʻlgan korxonalarni mahalliy fond birjasida ommaviy taklif orqali xususiylashtirishni ragʻbatlantirish.
2. Kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish
Kapital bozorining mavjud infratuzilmasini tubdan takomillashtirish boʻyicha quyidagi choralar koʻriladi:
“Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ va “Toshkent” Respublika fond birjasi oʻrtasida dasturiy aloqalarni oʻrnatish orqali davlat qimmatli qogʻozlari ikkilamchi savdolarida fond birjasi brokerlarining qatnashishini taʼminlash;
Oldingi tahrirga qarang.
“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga Markaziy bankda hisobvaraq ochgan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-noyabrdagi PF-200-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2024-y., 06/24/200/0981-son)
Korporativ axborot yagona portali va “Toshkent” Respublika fond birjasi veb-saytining tegishli boʻlimlari bazasida listing kompaniyalari va aksiyadorlari tomonidan axborotni oshkor qilish boʻyicha korporativ va bozor maʼlumotlarini oshkor qilishning yagona platformasini yaratish;
“Toshkent” Respublika fond birjasining rasmiy veb-saytida barcha investorlar uchun ochiq boʻlgan emitent nomi, aksiya turi, imtiyozli aksiya uchun toʻlanadigan foiz, toʻlanadigan dividend miqdori va uni toʻlash sanasini oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar bazasining elektron tablosini yaratish;
oʻz aʼzolarining manfaatlarini ifoda etuvchi kapital bozori professional ishtirokchilarining oʻzini-oʻzi boshqaruvchi nodavlat birlashmasini tashkil etish;
“Toshkent” Respublika fond birjasining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish va tashkiliy tuzilmasini qayta koʻrib chiqish yoʻli bilan uning investitsion jozibadorligini oshirish;
qimmatli qogʻozlarni saqlash, hisobini yuritish hamda boshqa depozitar operatsiyalarini rivojlantirish imkoniyatini yaratish;
kapital bozori sohasidagi milliy reyting agentliklarining faoliyatini tashkil etish uchun huquqiy asoslar yaratish.
3. Kapital bozorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish
Sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yoʻli bilan kapital bozorini rivojlantirish maqsadida quyidagilarni amalga oshirish lozim:
Yagona dasturiy texnik kompleks (YADTK) faoliyatining uzluksizligini taʼminlash, rivojlantirish hamda uning zaxira markazini tashkil etish;
fond bozorida bitimlarni onlayn tartibda amalga oshirish imkonini beruvchi mobil ilovalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari yoki norezidentlari boʻlgan mijozlar uchun ularning shaxsiy ishtirokisiz depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochish imkoniyatini yaratish;
investitsiya vositachilari bilan shartnoma tuzish paytida ularning shaxsiy maʼlumotlarini olish maqsadida “Oʻz mijozingni bil” (KYC) va “Daromadni legallashtirishga qarshi kurashish” (AML) tizimlariga muvofiq mijozlarni tekshirish usullarini joriy qilish;
Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi tomonidan Milliy raqamlash agentligi funksiyasini bajarish va xalqaro ISO standartlarini joriy qilish;
Moliya vazirligiga oʻz nazorat funksiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi YADTKning dasturiy taʼminotini ishlab chiqish va ishga tushirish.
4. Kapital bozorini huquqiy tartibga solish va nazorat qilish masalalarini takomillashtirish
Ushbu yoʻnalishning asosiy maqsadi rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda samarali huquqiy bazani yaratish va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishdir. Jumladan:
Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) tamoyillari asosida sohaga oid toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi, jumladan “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi qonun loyihacini ishlab chiqish;
kapital bozori regulyatoriga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish maqsadida uning chinakam mustaqilligini taʼminlash;
iqtisodiyot tarmoqlarida integratsiyalashuv jarayonlarini ragʻbatlantirish va moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida investitsiya jamgʻarmalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va amaldagi qonunchilikka xolding korxonalari faoliyatini tartibga solish boʻyicha tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
funksional imkoniyatlarni optimallashtirish va tegishli tartiblarni byurokratiyadan holi qilishni hisobga olgan holda savdo, kliring va hisob-kitob qoidalarini, shuningdek, investitsion maslahatchilar va vositachilar uchun qoidalarni takomillashtirish;
barcha ehtimoliy xatarlarni hamda mamlakat moliya bozorining rivojlanish darajasini hisobga olgan holda kapital harakatini samarali tartibga solish mexanizmini joriy etish;
Moliya vazirligi va Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) oʻrtasida maslahatlashuvlar, hamkorlik va axborot almashinuvi boʻyicha koʻp tomonlama anglashuv Memorandumini imzolash choralarini koʻrish;
Moliya vazirligining quyidagi vakolatlarini qonun darajasida mustahkamlash orqali nazorat funksiyasini va huquqiy tartibga solishni kuchaytirish:
kapital bozori sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan jismoniy shaxslarga jarima hamda yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni mustaqil ravishda qoʻllash;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1741-moddasi.
ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda, kapital bozori ishtirokchilari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish va uni oʻtkazish tartibini takomillashtirish;
nazorat funksiyasi doirasida taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlar haqida axborotlarni eʼlon qilib borish amaliyotini joriy etish.
5. Investorlar bazasini kengaytirish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish
Kapital bozoridagi talabni oshirish boʻyicha mavjud muammolarning kompleks yechimini taʼminlash hamda kapital bozoridagi talabni oshirishni ragʻbatlantirish maqsadida turli yoʻnalishlar boʻyicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirish alohida ahamiyatga ega:
yuridik shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochish va aksiyalarning birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy takliflariga ariza berish, davlat va korporativ obligatsiyalar hamda boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun buyurtma berish tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan mahalliy emitentlarning qimmatli qogʻozlarini sotib olish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish;
kapital bozorida sugʻurta kompaniyalarining ishtirokini ragʻbatlantirish;
xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda investitsiya fondlarini tashkil etish;
kapital bozori sohasiga oid masalalar boʻyicha aholining moliyaviy savodxonligini oshirish dasturlarini amalga oshirishda barqaror mexanizmlarni joriy etish;
Dasturning mohiyati, ahamiyati va amalga oshirilishini tushuntirishga qaratilgan xalqaro konferensiyalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish.
6. Davlat qimmatli qogʻozlari bozorini rivojlantirish
Ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda davlat qimmatli qogʻozlari bozorini, shu jumladan ularning ikkilamchi bozorini rivojlantirish, bu borada xalqaro standartlarni joriy etish hamda investorlar bazasini kengaytirish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari va rezidentlari tomonidan davlat qimmatli qogʻozlarini (Markaziy bank obligatsiyalari bundan mustasno) sotib olish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, market-meyker institutini joriy etish;
davlat qimmatli qogʻozlarining ikkilamchi bozorini rivojlantirish, jumladan inflyatsiyaga bogʻlangan davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
davlat qimmatli qogʻozlari bozorini xalqaro standartlarga moslashtirish, bu borada shaffoflikni taʼminlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash;
infratuzilmani rivojlantirishni maqsadli moliyalashtirish uchun davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish.
7. Kapital bozori ishtirokchilarining malakasini oshirish, ularni oʻqitish va qayta oʻqitish tizimini yaratish
Sohani bilimli mutaxassislar bilan taʼminlash, ularni qayta oʻqitish va malakasini muntazam ravishda oshirib borish maqsadida quyidagilarni amalga oshirish talab etiladi:
kapital bozorini tartibga solish sohasida bilim va koʻnikmalarga oʻrgatishga qaratilgan kadrlar tayyorlashning kompleks tizimini yaratish;
nufuzli xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda oʻquv dasturlarini ishlab chiqish;
kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha institutsional baza yaratish, jumladan Bank-moliya akademiyasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida kapital bozori mutaxassisligi boʻyicha alohida yoʻnalishlarni joriy etish;
Moliya vazirligi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash va kapital bozori rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ularning malakasini oshirish choralarini koʻrish;
Moliya vazirligiga yuqori malakali, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi organlarida ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son Farmoniga
2-ILOVA
2021 — 2023-yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish natijasida erishiladigan
MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR

T/r

Koʻrsatkichlar nomi

Oʻlchov birligi

2020-yil (amalda)

2021-yil

2022-yil

2023-yil

1.

Erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlarga asoslangan bozor kapitallashuvi

trln soʻm

1,9

4,9

14,5

45

2.

Erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlarning umumiy qiymati

Foizda

(YAIMga nisbatan)

0,3

0,7

1,9

5

3.

Korporativ obligatsiyalarning umumiy qiymati

trln soʻm

0,16

0,75

1,88

3,94

Foizda

(YAIMga nisbatan)

0,03

0,1

0,3

0,5

4.

“Moliya va investitsiya savodxonligi” dasturi asosida qamrab olinadigan aholi va tadbirkorlik subyektlari soni

nafar

5 000

20 000

40 000

5.

Investitsiya hisob raqamlari soni

yil davomida faol boʻlgan depo hisobvaraqlar

4 000

6 000

10 000

20 000

6.

Hududiy investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarning qimmatli qogʻozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismi

foizda

(hududiy investitsiya dasturi qiymatiga nisbatan)

1

3

5

Izoh: mazkur koʻrsatkichlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan asoslangan hisob-kitoblarga koʻra qayta tasdiqlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-noyabrdagi PF-200-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2024-y., 06/24/200/0981-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son Farmoniga
4-ILOVA
2021 — 2023-yillarda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi belgilangan korxonalar
ROʻYXATI

T/r

Korxona nomi*

1.

“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ

2.

“Oʻzbekneftgaz” AJ

3.

“Oʻzmilliy bank” AJ

4.

AT Xalq banki

5.

“Agro bank” ATB

6.

“Mikrokreditbank” ATB

7.

“Qishloq qurilish bank” ATB

8.

“Oʻzagrosugʻurta” AJ

9.

“Qurilishmashlizing” AJ

10.

“Oʻzbekinvest” AJ

11.

“Uzbekistan airways” AJ

12.

“Oʻztransgaz” AJ

13.

“Olmaliq KMK” AJ

14.

“Navoiy KMK” AJ

15.

“Oʻzavtosanoat” AJ

Izoh:
Oldingi tahrirga qarang.
*Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda mazkur roʻyxatdagi korxonalarni oʻzgartirishi mumkin.
(izoh qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son Farmoniga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-maydan oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5630-son Farmoni 1-bandining “a” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi, 3-bandining “v” kichik bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4127-son qarori.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 06/21/6207/0334-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son; 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son; 28.11.2024-y., 06/24/200/0981-son)