Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 13-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 12-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2021-yil 12-martda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish va yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Dehqon xoʻjaligi
Dehqon xoʻjaligi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida dehqon xoʻjaligi boshligʻiga berilgan yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni va realizatsiya qilishni dehqon xoʻjaligi aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida amalga oshiruvchi xoʻjalikdir.
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyatini bogʻdorchilik va uzumchilikka yoki sabzavot va poliz ekinlarini yoxud boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashish asosida amalga oshiradi.
Dehqon xoʻjaligining faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va dehqon xoʻjaligi aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil etgan holda ham, yuridik shaxs tashkil etmasdan ham amalga oshirilishi mumkin.
4-modda. Dehqon xoʻjaligi boshligʻi
Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, muomalaga layoqatli boʻlgan, oʻziga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxs dehqon xoʻjaligi boshligʻi boʻlishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi dehqon xoʻjaligi nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan dehqon xoʻjaligining manfaatlarini yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarda ifodalaydi va dehqon xoʻjaligi nomidan shartnomalar tuzadi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotgan yoki uzoq vaqt yoʻq boʻlgan (harbiy xizmatga chaqirilish, kunduzgi oʻquv shaklida taʼlim olish uchun oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirish, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanish va boshqalar) taqdirda, u oʻz majburiyatlarini bajarish vakolatini ushbu xoʻjalikning aʼzolaridan biriga berishga haqlidir.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi belgilanadi. Bunda yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻiga oʻtadi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijaraga (ikkilamchi ijaraga) berilgan yer uchastkalariga nisbatan esa ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasiga tegishli oʻzgartishlar kiritiladi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi pensiya yoshiga toʻlganda yoki mehnat qobiliyatini toʻliq yoʻqotganda, shuningdek harbiy xizmatga chaqirilgan, kunduzgi oʻquv shaklida taʼlim olish uchun oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirgan, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan taqdirda, dehqon xoʻjaligi boshligʻining taklifi va dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi belgilanishi mumkin, unga yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi oʻtadi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijaraga (ikkilamchi ijaraga) berilgan yer uchastkalariga nisbatan esa ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasiga dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi toʻgʻrisidagi tegishli oʻzgartishlar kiritiladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi toʻgʻrisidagi qaror qonunchilikda belgilangan tartibda dehqon xoʻjaligi aʼzolari yigʻilishining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasida dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi haqida oʻzaro kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, yer uchastkasini ijaraga (ikkilamchi ijaraga) olish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi nomiga rasmiylashtiriladi, shuningdek Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestriga tegishli oʻzgartishlar kiritiladi.
5-modda. Dehqon xoʻjaligining aʼzolari
Oila boshligʻi, uning xotini (eri), ota-onasi, farzandlari, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobosi, buvisi va nabiralari, mehnatga qobiliyatli yoshga toʻlgan boshqa qarindoshlari (farzandlari va nabiralarining eri (xotini), tugʻishgan hamda oʻgay aka-uka va opa-singillari, ularning eri (xotini)) dehqon xoʻjaligining aʼzolari boʻlishi mumkin.
2-bob. Dehqon xoʻjaligini tashkil etish va hisobga qoʻyish yoki dehqon xoʻjaligini yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish. Yer uchastkasidan foydalanish shartlari va suv isteʼmoli
6-modda. Dehqon xoʻjaligini tashkil etish
Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi hisobga qoʻyilganidan keyin, yuridik shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xoʻjaligi esa — dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 55-moddasi.
Dehqon xoʻjaligi:
dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida, shuningdek dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasiga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros boʻyicha yoxud ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha oʻtgan shaxslarga berilgan yer uchastkalarida;
zaxira yerlarning, shu jumladan qayta tiklangan va foydalanishga kiritilgan yerlarning tarkibidan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;
foydalanilmayotgan oʻrmon fondi yerlari hamda boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yerlari tarkibidan xavfsizlik talablariga va texnik talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash sharti bilan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;
suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻyidagi yerlar tarkibidan xavfsizlik talablariga va texnik talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash sharti bilan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning asosiy ekindan boʻshagan qismini oraliq ekin ekish uchun bir mavsumga ikkilamchi ijaraga berilgan yer uchastkalarida oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan yerlar oʻttiz yil muddatga ijaraga beriladi.
7-modda. Dehqon xoʻjaligini hisobga qoʻyish yoki dehqon xoʻjaligini yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligi boshligʻining davlat xizmatlari markazlariga shaxsan tashrifi vositasida yoki Oʻzbekiston Respublikasi davlat xizmatlarining Yagona interaktiv portali orqali hisobga qoʻyiladi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Dehqon xoʻjaligini hisobga qoʻyish uchun dehqon xoʻjaligining boshligʻi dehqon xoʻjaligi aʼzolarining tarkibi toʻgʻrisidagi axborotni (qarindoshlik darajasini koʻrsatgan holda) va dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, dehqon xoʻjaligi yuridik shaxs tashkil etgan holda tuzilgan taqdirda esa — dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjatni va taʼsis hujjatlarini taqdim etadi.
Hisobga qoʻyilganidan yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin dehqon xoʻjaligi boshligʻiga Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirma beriladi.
Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirmada dehqon xoʻjaligining boshligʻi va aʼzolari, dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuvi, dehqon xoʻjaligi hisobga qoʻyilgan yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, dehqon xoʻjaligining tashkiliy-huquqiy (yuridik shaxs tashkil etgan holdagi yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi) shakli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasining ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasi muddati koʻrsatiladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan (meros boʻyicha oʻtgan) yer uchastkalariga nisbatan Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirmada yer uchastkasiga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi hujjatda mavjud boʻlgan axborot koʻrsatiladi.
Dehqon xoʻjaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik, dehqon xoʻjaliklarini hisobga qoʻyganlik yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik hamda Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirmalar berganlik uchun davlat boji va yigʻim undirilmaydi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
8-modda. Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijaraga (ikkilamchi ijaraga) beriladigan yer uchastkalari maydonining oʻlchami
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha boʻlgan oʻlchamda yer uchastkalari beriladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 9-noyabrdagi OʻRQ-876-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2023-y., 03/23/876/0839-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilangan ayrim hududlarda 0,06 gektardan 5 gektargacha boʻlgan oʻlchamda yer uchastkalari beriladi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 9-noyabrdagi OʻRQ-876-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2023-y., 03/23/876/0839-son)
Fermer xoʻjaliklari yoki boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning asosiy ekindan boʻshagan qismi oraliq qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish uchun 0,06 gektardan 10 gektargacha boʻlgan oʻlchamda bir yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 55-moddasi.
9-modda. Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan foydalanish shartlari
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuvi asosida faqat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanilishi kerak.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan bir vaqtning oʻzida dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuvida nazarda tutilmagan boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuviga muvofiq asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlarining qator oralariga ekish (oʻtqazish) yoki asosiy va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini navbatlab ekish yoʻli bilan yetishtirish uchun ham foydalanilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan foydalanish shartlari yer uchastkasiga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatiladi.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida binolar va inshootlarni, shu jumladan yer osti inshootlarini qurish taqiqlanadi, bundan yengil konstruksiyali issiqxonalarni va boshqa imoratlarni, shuningdek sugʻorish inshootlarini qurish mustasno.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bir vaqtda shartli 10 boshgacha chorva molni oʻtlatishga yoʻl qoʻyiladi.
Dehqon xoʻjaligi oʻz tasarrufidagi yer uchastkasini muhofaza qilishi (yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanishga yoki ularning yaroqsiz holga kelib qolishiga yoʻl qoʻymasligi), uning mahsuldorligini saqlashi va oshirishi shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 39, 40-moddalari.
10-modda. Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan foydalanilishi ustidan davlat nazorati.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishi ustidan nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Dehqon xoʻjaligi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish ixtisoslashuvga koʻra amalga oshirilmagan taqdirda, yer soligʻi uch baravar miqdorda undiriladi, bundan ushbu Qonun 9-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Dehqon xoʻjaligi tomonidan tuproq unumdorligini pasaytirish, tuproqni kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslantirish, shuningdek ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullarni qoʻllash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida yengil konstruksiyali issiqxonalar va boshqa imoratlardan, shuningdek sugʻorish inshootlaridan tashqari inshootlar va imoratlar, shu jumladan yer osti inshootlari aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasiga koʻra dehqon xoʻjaligi boshligʻi mazkur inshootlar va imoratlarni vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasini olgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida ixtiyoriy ravishda oʻz hisobidan buzib tashlashi hamda yer uchastkasini oldingi holatiga keltirishi shart.
Vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasi dehqon xoʻjaligi boshligʻi tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, imoratlar va inshootlarni, shu jumladan yer osti inshootlarini buzib tashlash hamda yer uchastkasini oldingi holatiga keltirish toʻgʻrisidagi masala sud tartibida hal etiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollardan biri ketma-ket uch yil davomida takrorlangan taqdirda, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkasini olib qoʻyish yoki ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish toʻgʻrisidagi masala sud tartibida hal etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36 — 38-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari ijarachilari va mulkdorlarining koʻrgan zararlarini, shuningdek qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligining hamda uning aʼzolarining yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq va samarali foydalanmaganlik uchun javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.
(10-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
11-modda. Suv isteʼmoli
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligining suv isteʼmoli tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladigan hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan suv obyektlaridan suv olish limitlari asosida amalga oshiriladi.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-981-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 03/24/981/0841-son)
Dehqon xoʻjaligiga beriladigan sugʻorish suvining sarfini hisobga olish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.
Dehqon xoʻjaligi suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanishi shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Suv kodeksining 26-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVII boʻlimi (“Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq”) shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
3-bob. Dehqon xoʻjaligi faoliyatining asoslari
12-modda. Dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyati
Dehqon xoʻjaligi oʻz ixtisoslashuvini, shu jumladan qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi.
Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan urugʻlik, mineral oʻgʻitlar hamda yoqilgʻi-moylash materiallarini sotib olishda, shuningdek boshqa moddiy resurslar hamda xizmatlardan foydalanishda boshqa qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bilan teng huquqlarga egadir. Shu maqsadda dehqon xoʻjaligi boshligʻi tegishli tashkilotlar bilan belgilangan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishi, birja savdolarida ishtirok etishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligi oʻzi ishlab chiqarayotgan va realizatsiya qilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifatiga taalluqli boʻlgan, milliy standartlarda, sanitariya qoidalari va normalarida, gigiyena normativlarida, veterinariya, yongʻinga qarshi qoidalarda va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan talablarga rioya etishi kerak.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi OʻRQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
Dehqon xoʻjaliklarining xoʻjalik faoliyatiga, shu jumladan ular tomonidan yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini tanlashga, ishlab chiqariladigan hamda realizatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga narx belgilashga davlat organlari va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
13-modda. Dehqon xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish
Dehqon xoʻjaligi oʻzi ishlab chiqarayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda narxlar belgilaydi.
Dehqon xoʻjaligi Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirma asosida oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qoʻshimcha hujjatlarsiz (ruxsatnomalarsiz) Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin tashish va realizatsiya qilish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini dalasida, dehqon bozorlarida va savdo markazlarida, shuningdek aholi punktlarida sayyor savdo tashkil etish yoʻli bilan qoʻshimcha ruxsatnomalarsiz (litsenziyalarsiz) realizatsiya qilish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini naqd pulga yoki bank kartalari boʻyicha naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali cheklovlarsiz realizatsiya qilish huquqiga ega. Bunda dehqon xoʻjaligi xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun kassa operatsiyalari qoidalarida nazarda tutilgan hisob yuritishi shart emas.
Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi tomonidan oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmaydi.
14-modda. Dehqon xoʻjaligining moliyaviy xizmatlardan foydalanishi
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar olishi, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda pul mablagʻlarini ixtiyoriylik va shartnoma shartlari asosida garov, kafolat, sugʻurta, shuningdek kredit va qarz majburiyatlarining bajarilishini taʼminlashning boshqa turlarini qoʻllagan holda jalb etishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan jihozlar, texnika vositalari hamda asbob-uskunalarni lizing shartnomasi asosida oʻz egaligiga olish va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi ishlab chiqarish obyektlarini (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari hududidan tashqarida) qurish, asosiy vositalarni xarid qilish uchun uzoq muddatli va qisqa muddatli kreditlar olish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaligi kredit olish uchun oʻz tasarrufidagi yer uchastkasiga boʻlgan mulkiy huquqlarni (egalik qilish, foydalanish), dehqon xoʻjaligi aʼzolarining xususiy mulkini, kelgusida olinadigan hosilni garovga qoʻyishga haqli.
Dehqon xoʻjaligi oʻziga qarashli yoki ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining (koʻchatzorlarining), koʻp yillik dov-daraxtlarning, ishlab chiqarilgan mahsulotning, xom ashyoning, materiallarning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kamomadi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun oʻz javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sugʻurta qilishni amalga oshiradi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurta tovoni oladi.
Kreditlash, sugʻurta va lizing boʻyicha kichik biznes hamda qishloq xoʻjaligi korxonalariga beriladigan imtiyozlarning barcha turlari dehqon xoʻjaliklariga ham tatbiq etiladi.
15-modda. Dehqon xoʻjaligida mehnat munosabatlari
Dehqon xoʻjaligining faoliyati xoʻjalik aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuviga qarab, muayyan ishni bajarish uchun mehnat shartnomasi shartlari asosida boshqa shaxslar vaqtinchalik (mavsumiy) asosda jalb etilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari, shuningdek dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar ijtimoiy soliq toʻlaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi boshligʻi ijtimoiy soliqni majburiy tartibda, boshqa aʼzolari va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxslar ixtiyoriy asosda toʻlaydi. Ijtimoiy soliqni toʻlash dehqon xoʻjaligi aʼzosining va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan jismoniy shaxsning mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir kalendar yil deb hisobga olinadi. Ijtimoiy soliqni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.
Dehqon xoʻjaliklari aʼzolariga ijtimoiy sugʻurta (taʼminot) boʻyicha davlat pensiyalari va nafaqalarini tayinlash hamda toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi 327-son “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi dehqon xoʻjaligida mehnat shartnomasi shartlariga koʻra vaqtinchalik (mavsumiy) asosda ishlayotgan jismoniy shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga ular mehnat majburiyatlarini bajarayotganda yetkazilgan zarar uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
16-modda. Dehqon xoʻjaliklarining birgalikdagi faoliyati
Dehqon xoʻjaliklari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish, oʻz faoliyati uchun materiallar va uskunalarni xarid qilish, texnika taʼminoti, suv resurslaridan foydalanish, oʻsimliklarni (daraxtlarni) zararkunandalar hamda kasalliklardan himoya qilish, dehqon xoʻjaliklari faoliyati uchun zarur boʻlgan maslahat berish va boshqa xizmatlar koʻrsatish boʻyicha birgalikdagi faoliyatni, shu jumladan ishlab chiqarish kooperativini ixtiyoriylik asosida tashkil etish orqali amalga oshirish huquqiga ega.
17-modda. Dehqon xoʻjaligi faoliyatining natijalarini hisobga olish
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyati natijalarining hisobini yuritadi.
Dehqon xoʻjaligi yil davomida yer uchastkasida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hajmlari, shuningdek issiqxonalar soni toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan belgilangan shakldagi maʼlumotnomani dehqon xoʻjaligi joylashgan yerdagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga hisobot davridan kelgusi yilning 15-martiga qadar taqdim etadi.
4-bob. Dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
18-modda. Dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari
Davlat dehqon xoʻjaliklarining huquqlariga va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Dehqon xoʻjaliklari tasarrufida boʻlgan yer uchastkalari maydonlarini ularning roziligisiz maqbullashtirishga (qisqartirishga, oʻzgartirishga va boshqalarga) yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organlari dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirishga va ularning faoliyatini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
dehqon xoʻjaliklarini imtiyozli kreditlash mexanizmlarini yaratish, shuningdek ularga lizing va sugʻurta xizmatlari koʻrsatish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun zarur boʻladigan organik va mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjaligi ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish vositalari, yonilgʻi-moylash materiallari, suv va boshqa zarur resurslar, navli urugʻlik va koʻchatlarni uzluksiz yetkazib berish tizimini joriy etish;
dehqon xoʻjaligi faoliyati uchun zarur boʻlgan yoʻllardan, elektr, suv taʼminotidan hamda melioratsiya inshootlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;
dehqon xoʻjaliklari ishlab chiqaradigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlardagi talab hamda taklif toʻgʻrisida ishonchli axborot, shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishga doir ilmiy-amaliy tavsiyalar hamda qoʻllanmalar taqdim etish;
dehqon xoʻjaliklarida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun dehqon bozorlarida maxsus savdo rastalarini va savdo markazlarida savdo joylarini ajratish, shuningdek aholi punktlarida koʻchma savdo tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
dehqon xoʻjaliklari ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun imtiyozlar tizimini joriy etish;
dehqon xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, shuningdek ularning hajmlarini koʻpaytirishni hamda ilgʻor ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini koʻrish.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining dehqon xoʻjaliklari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
dehqon xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasida oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasida dehqon xoʻjaliklariga imtiyozlar, subsidiyalar hamda boshqa preferensiyalar joriy etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
20-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalari maydonini, tuproq-iqlim sharoitlari va suv taʼminotini hisobga olgan holda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi hamda ulardan bepul foydalanilishini taʼminlaydi;
dehqon xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash uchun resurslarni tejovchi agrotexnologiyalarni, muqobil energiya manbalarini joriy etishda koʻmaklashadi;
dehqon xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkalaridan samarali foydalanishga hamda dehqonchilik madaniyatini oshirishga doir tushuntirish ishlarini olib boradi;
manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda ichki va tashqi bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan taklif va talab masalalari boʻyicha marketing tadqiqotlari oʻtkazadi;
kelgusi yilda talab yuqori boʻladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari roʻyxati va hajmi boʻyicha takliflar hamda tavsiyalarni marketing tadqiqotlari natijalari asosida ishlab chiqadi va ularning joylarga yetkazilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
21-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(21-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(21-modda ikkinchi qismning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etishga koʻmaklashadi hamda zarur shart-sharoitlar yaratadi;
dehqon xoʻjaliklari bilan hamkorlik qilish uchun eksport qiluvchilarni jalb etadi, ularga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda har tomonlama koʻmaklashadi;
dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarining amalga oshirilishida ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi va amalga oshiradi;
(21-modda ikkinchi qismning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
dehqon xoʻjaliklarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash, ularni suv resurslari bilan taʼminlash, ularga zarur urugʻliklar, koʻchatlar, mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish borasida amaliy yordam koʻrsatadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining oʻzaro munosabatlari
22-modda. Dehqon xoʻjaligi boshligʻining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi quyidagi huquqlarga ega:
dehqon xoʻjaligi nomidan ishonchnomasiz ish yuritish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
oʻziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkasini yoki shu yer uchastkasining bir qismini dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuviga muvofiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida, mazkur yer uchastkasiga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini saqlab qolgan holda, yuridik va jismoniy shaxslarga vaqtincha foydalanishga berish;
ishonchnomalar berish;
bankda hisobvaraqlar ochish;
Oldingi tahrirga qarang.
dehqon xoʻjaligiga ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni yer uchastkasining asosiy moʻljallangan maqsadini saqlab qolgan holda, belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish).
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 9-oktabrdagi OʻRQ-973-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son)
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi dehqon xoʻjaligining hamda uning aʼzolarining manfaatlari himoya qilinishini va huquqlari amalga oshirilishini taʼminlashi shart.
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlar va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
23-modda. Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
dehqon xoʻjaligi tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan hamda uni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan oʻz ulushini olish;
dehqon xoʻjaligi boshligʻining topshirigʻiga koʻra dehqon xoʻjaligi nomidan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etish;
ushbu Qonun 15-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda ijtimoiy soliqni toʻlagan taqdirda qonunchilikka muvofiq davlat ijtimoiy sugʻurtasiga ega boʻlish va ijtimoiy taʼminot olish, shuningdek dehqon xoʻjaligida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish uchun sarflangan ish vaqtining mehnat stajiga qoʻshilishi (boshqa doimiy ishi mavjud boʻlmagan taqdirda).
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari dehqon xoʻjaligining faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlar va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
24-modda. Dehqon xoʻjaligidagi mulkiy munosabatlar
Dehqon xoʻjaligiga tegishli mol-mulk, dehqon xoʻjaligi aʼzolarining birgalikdagi faoliyati natijasida olingan mahsulotlar va ularni realizatsiya qilishdan tushgan daromad, agar ular oʻrtasidagi kelishuvga binoan umumiy ulushli mulk tashkil etish nazarda tutilgan boʻlmasa, ularning umumiy birgalikdagi mulkidir.
Dehqon xoʻjaligining va uning aʼzolarining mulkiy huquqlari davlat himoyasida boʻladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25-modda. Dehqon xoʻjaligini tugatish (faoliyatini tugatish) asoslari
Dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligini yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq tugaganda yoki ijara (ikkilamchi ijara) muddati tugaganda tugatiladi (faoliyati tugatiladi).
Dehqon xoʻjaligini tugatish (faoliyatini tugatish) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligi tasarrufidagi yer uchastkasiga boʻlgan huquq tugatilganda koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bu haqda Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kunning oʻzida davlat xizmatlari markaziga elektron xabarnoma yuboradi. Dehqon xoʻjaligining faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisida Dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53 — 56-moddalari.
26-modda. Nizolarni hal etish
Dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish va yuritish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
27-modda. Majburiyatlar boʻyicha javobgarlik
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari dehqon xoʻjaligini yuritish jarayonida yuzaga keladigan majburiyatlari boʻyicha oʻzlarining birgalikdagi faoliyati natijasida vujudga kelgan umumiy mol-mulk bilan javob beradi.
Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining umumiy mol-mulki yetarli boʻlmaganda ular majburiyatlar boʻyicha oʻzlariga tegishli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
28-modda. Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60, 65, 67 — 69-moddalariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-moddasi.
29-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 604-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 88-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 605-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 89-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 175-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 23-modda) 23-bandi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 220-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 5, 89-modda) XVII boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 535-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 149-modda) XXI boʻlimi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 568-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 18-modda) XXI boʻlimi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 714-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) 42-bandi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 23-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-2-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda) 6-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-138-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda) 10-moddasi;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-197-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 22-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-199-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 1, 1-modda) 7-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-240-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 472-modda) 9-moddasi;
13) Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 9-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-254-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 9, 334-modda) 5-moddasi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-355-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 263-modda) 20-moddasi;
15) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-391-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 18-moddasi;
16) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-416-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 12, 383-modda) 15-moddasi;
17) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-506-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 12, 781-modda) 4-moddasi;
18) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-533-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 4, 199-modda) 3-moddasi;
19) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 29-sentabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-639-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 9, 540-modda) 4-moddasi.
30-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
31-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
32-modda. Ushbu Qonun normalarining qoʻllanilishi
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalarini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berish tartibi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran bekor qilinadi.
Bunda ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklariga nisbatan ularga berilgan yer uchastkalariga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi saqlanib qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarining faoliyati 2021-yil 1-dekabrga qadar ushbu Qonun talablariga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 1-aprel,
OʻRQ-680-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 03/21/680/0263-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 09.11.2023-y., 03/23/876/0839-son; 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son; 24.10.2024-y., 03/24/981/0841-son; 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)