1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.07.00.00 Standartlashtirish. Metrologiya. Sertifikatlash / 09.07.03.00 Sertifikatlashtirish / 09.07.03.04 Majburiy va ixtiyoriy sertifikatlashtirish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.17.00 Qishloq xoʻjaligidagi shartnomalar / 09.14.17.06 Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, xomashyolari va oziq-ovqatlari garovi]
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoni ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashni tashkil etish;
organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashda oʻtish davri tartib-taomillari;
muvofiqlikni baholash organi tomonidan inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
organik muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish, amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish, organik muvofiqlik sertifikatini qayta rasmiylashtirish tartibi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirish quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:
qayta ishlanmagan qishloq xoʻjaligi ekinlari;
tirik hayvonlar, parrandalar va ulardan olingan mahsulotlar (qayta ishlangan mahsulotlar bundan mustasno);
qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari;
hayvonlarning ozuqa yemi sifatida qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari;
oʻsimlik urugʻlari va ekish materiallari;
qoʻllaniladigan oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari hamda preparatlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-fevral,
96-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi 96-son qaroriga ILOVA
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — organik muvofiqlik sertifikatini olish yuzasidan muvofiqlikni baholash organiga ariza bilan murojaat qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
inspektor — muvofiqlikni baholash organi tomonidan ariza beruvchining organik ishlab chiqarish joyida inspeksiya nazoratini amalga oshirish uchun tayinlangan mutaxassis;
inspeksiya nazorati — organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barcha jarayonlarining ushbu Nizom va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish;
qayta ishlangan organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsuloti — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq yakuniy tayyor mahsulot tarkibida massa ulushi 95 foizdan kam boʻlmagan miqdorda organik xom ashyolardan iborat boʻlgan, shuningdek, tarkibida ozuqa tuzlari va suvlaridan tashqari organik boʻlmagan ingrediyentlarning massa ulushi 5 foizdan oshmagan qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari;
muvofiqlikni baholash organi — yuridik shaxs boʻlgan va muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organi;
organik muvofiqlik sertifikati — qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat;
tartib-taomil hujjatlari — muvofiqlikni baholash organi tomonidan amalga oshiriladigan jarayonlar ketma-ketlikda olib borilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar;
tirik hayvonlar, parrandalar va ulardan olingan, lekin qayta ishlanmagan mahsulotlar — organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish talablariga muvofiq yetishtirilgan va ularda olingan naslli hayvonlardan, asalarilardan, parrandalardan olinadigan mahsulotlar.
oʻtish davri — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini anʼanaviy usulda yetishtirishdan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan davr ichida organik usulda yetishtirishga oʻtish muddati.
3. Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish doirasi quyidagilardan iborat:
qayta ishlanmagan qishloq xoʻjaligi ekinlari;
tirik hayvonlar, parrandalar va ulardan olingan mahsulotlar (qayta ishlangan mahsulotlar bundan mustasno);
qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari;
hayvonlarning ozuqa yemi sifatida qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari;
oʻsimlik urugʻlari va ekish materiallari;
qoʻllaniladigan oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari hamda preparatlari.
4. Mazkur Nizom talablari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga nomuvofiq yetishtirilgan hamda qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, Global G.A.P., ISO 22000, NACCP, Nalal xalqaro standartlar talablariga asosan sertifikatlangan hamda markirovkalangan qadoqlardagi mahsulotlarga tatbiq etilmaydi.
5. Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkaziladi.
2-bob. Sertifikatlashtirishni tashkil etish
6. Organik muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muvofiqlikni baholash organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholash organi ariza beruvchi tomonidan mustaqil ravishda tanlanadi.
7. Ariza beruvchi muvofiqlikni baholash organiga mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash tizimini ixtiyoriy sertifikatlashtirish uchun arizani yozma yoki elektron shaklda taqdim etadi.
8. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ushbu Nizomga 2a-ilovaga muvofiq shakldagi ariza beruvchining faoliyati boʻyicha umumiy maʼlumot;
ushbu Nizomga 2b-ilovaga muvofiq shakldagi ishlab chiqarish binolari, omborxonalar, saqlash maydonlari va sovitkichlarning tavsiflari;
ushbu Nizomga 2v-ilovaga muvofiq shakldagi tegishli yilga ishlab chiqarish rejasi.
9. Ariza beruvchining sertifikatlashtirish doirasini inobatga olgan holda arizaga quyidagilar ham ilova qilinadi:
qayta ishlanmagan qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun — mazkur Nizomga 2g-ilovaga muvofiq shakldagi almashlab ekish va oʻgʻitlash rejasi;
tirik hayvonlar, parrandalar va ulardan olingan lekin qayta ishlanmagan mahsulotlar uchun — ushbu Nizomga 2d-ilovaga muvofiq shakldagi qishloq xoʻjaligi chorva mollari hamda rejalashtirilgan chorva mahsulotlari haqida maʼlumot;
asalarichilik sohasida organik ishlab chiqarish uchun — mazkur Nizomga 2e-ilovaga muvofiq shakldagi asalarichilik faoliyati boʻyicha maʼlumot.
10. Muvofiqlikni baholash organi ariza beruvchining talabiga muvofiq quyidagilarni ariza qabul qilingunga qadar taqdim etishi lozim:
organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish boʻyicha shartnoma (keyingi oʻrinlarda — shartnoma);
organik ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, muvofiqlikni baholash usullari va tartib-taomil hujjatlari;
muvofiqlikni baholash organi tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yoki nomuvofiqlik toʻgʻrisida xulosa chiqarishda asos boʻluvchi hujjatlar roʻyxati;
muvofiqlikni baholash organining organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomasi nusxasi.
11. Muvofiqlikni baholash organi ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlarni tegishli vakolatli davlat organlaridan oʻz tashabbusi bilan soʻrab olishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha davlat komissiyasidan — ariza beruvchi tomonidan foydalanilgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasidan — ariza beruvchi tomonidan foydalanilgan mahalliy hamda import qilinadigan veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi.
12. Muvofiqlikni baholash organi besh ish kunida ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunaga muvofiqligi hamda ariza beruvchining arizada talab etilgan sertifikatlashtirish doirasidagi xizmatni koʻrsata olishi yuzasidan tahlil qiladi hamda shartnoma tuzish yoki shartnoma tuzishni rad etish haqida qaror qabul qilib, ariza beruvchini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Muvofiqlikni baholash organining qarori bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Ariza beruvchining faoliyat turi hamda taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar muvofiqlikni baholash organi tomonidan mazkur Nizom talablariga muvofiq emas deb topilsa, ariza beruvchi bilan shartnoma tuzish rad etiladi.
13. Shartnoma tuzishni rad etish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgandan keyin ariza beruvchi umumiy tartibda ariza bilan muvofiqlikni baholash organiga yangidan murojaat etishga haqli.
14. Muvofiqlikni baholash organi shartnoma tuzish haqidagi qarorga asosan ariza beruvchi bilan shartnomani rasmiylashtiradi.
Shartnomada quyidagi qoidalar nazarda tutilishi kerak:
ariza beruvchi ushbu Nizom, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi, sertifikatlanadigan ishlab chiqarishni baholash uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotni taqdim etish;
oʻtish davri muddati;
muvofiqlikni baholash organiga barcha tegishli hujjatlar bilan tanishish, inspeksiya nazoratini amalga oshirish huquqini berish;
muvofiqlikni baholash organiga ariza beruvchining organik va organik boʻlmagan qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish obyektiga yaqin joylashgan (ariza beruvchiga mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan) yer maydonlari va ular bilan bogʻliq ishlab chiqarish jarayonini oʻrganish va inspeksiya nazoratini amalga oshirish huquqini berish;
organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tomonidan organik muvofiqlik sertifikatidan foydalanishni suiistyemol qilganlik boʻyicha asosli maʼlumotga ega boʻlganda, muvofiqlikni baholash organiga rejadan tashqari inspeksiya nazoratini amalga oshirish huquqini berish.
Oʻtish davri muddati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
3-bob. Oʻtish davri tartib-taomillari
15. Ariza beruvchi oʻtish davrida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni bajaradi.
Ariza beruvchi yovvoyi holda oʻsuvchi yovvoyi oʻsimliklarni yigʻib olishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni bajargan taqdirda oʻtish davri talab etilmaydi.
16. Muvofiqlikni baholash organining inspektori oʻtish davrida mazkur Nizomning 4-bobida belgilangan tartibda inspeksiya nazoratini amalga oshiradi.
17. Muvofiqlikni baholash organining inspektori, qoida tariqasida, yakuniy inspeksiya nazoratini oʻtish davrining oxirgi oʻn besh kunida amalga oshiriladi.
18. Oʻtkazilgan inspeksiya nazorati natijasiga koʻra, muvofiqlikni baholash organi mazkur Nizomning 26-bandida belgilangan qarorlardan birini qabul qiladi.
4-bob. Muvofiqlikni baholash organi tomonidan inspeksiya nazoratini amalga oshirish
19. Inspeksiya nazorati muvofiqlikni baholash organining inspektori tomonidan amalga oshiriladi.
Inspektor belgilangan obyektga chiqib, inspeksiya nazoratini amalga oshirishda organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq toʻliq jarayonlarning mazkur Nizom va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshiradi.
20. Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonini inspeksiya nazoratidan oʻtkazish organik muvofiqlik sertifikati ariza beruvchiga taqdim etilgunga qadar hamda sertifikat berilgandan keyin rejali va rejadan tashqari tartibda amalga oshiriladi.
Ariza beruvchining ishlab chiqarish jarayonini tekshirish boʻyicha yiliga koʻpi bilan bir marta rejali va rejadan tashqari inspeksiya nazorati amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholash organi rejali inspeksiya nazoratini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga hamda ariza beruvchi bilan kelishilgan rejaga asosan amalga oshiradi.
21. Rejadan tashqari inspeksiya nazoratini amalga oshirishda muvofiqlikni baholash organi inspektorining ishlab chiqarish joyiga tashrif buyurishi haqida ariza beruvchi ikki kun oldin ogohlantiriladi.
22. Muvofiqlikni baholash organi vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda inpeksiya nazoratini autsorsing asosida amalga oshirishi mumkin.
23. Inspeksiya nazoratini amalga oshirishda muvofiqlikni baholash organining inspektori, ariza beruvchi yoki uning vakili ishtirok etadi.
Baholash organi inspektori inspeksiya nazorati davomida aniqlangan nomuvofiqliklar boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiradi va uning bir nusxasini ariza beruvchiga taqdim etadi.
Ariza beruvchi bayonnomada koʻrsatilgan nomuvofiqliklarni bartaraf etadi va bu haqda inspeksiya nazorati amalga oshirilgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida inspektorga maʼlumot taqdim etadi.
Inspektor taqdim etilgan maʼlumotni ishonchsiz deb hisoblasa, rejadan tashqari inspeksiya nazoratini amalga oshirish mumkin.
Inspeksiya nazoratini amalga oshirgan ayni bir inspektor tomonidan takroran rejadan tashqari inspeksiya nazoratining amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Inspeksiya nazoratini tashkil etish va inspektorlarni tayinlash vakolati organik mahsulot muvofiqligini baholash organi rahbariga yuklanadi.
Dastlabki inspeksiya nazorati uchun inspektor organik mahsulot muvofiqligini baholash organi rahbari tomonidan inspektorlar reyestridan tanlab olinadi. Bunda malakali, manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlmagan va ushbu obyekt bilan oxirgi uch yil davomida xizmat munosabatlariga ega boʻlmagan inspektor tanlanishi shart.
Takroran, rejadan tashqari inspeksiya nazoratini amalga oshirish uchun dastlabki inspeksiyani oʻtkazgan inspektor tayinlanmaydi. Ushbu holda organik mahsulot muvofiqligini baholash organi rahbari reyestrdan boshqa mustaqil inspektorni tayinlaydi.
Inspektorni tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq elektron shaklda rasmiylashtiriladi va unda inspektorning shaxsiy maʼlumotlari, malakasi, tekshiruv turi va obyekti, tekshiruv asosi, muddati va vazifalari koʻrsatiladi. Buyruq nusxasi inspektor hamda tekshirilayotgan subyektga yuboriladi.
Inspektorni tayinlashda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, xolislik va mustaqillik mezonlari majburiy tarzda tekshiriladi. Manfaatlar toʻqnashuvi aniqlangan shaxsning inspektor sifatida tayinlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Organik mahsulot muvofiqligini baholash organi inspektorni tayinlashga oid barcha maʼlumotlarni elektron reyestrda saqlaydi va zarurat boʻlganda nazorat qiluvchi organlarga taqdim etadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qaroriga asosan beshinchi — oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
231. Quyidagi hollarda taqdim etilgan maʼlumot ishonchsiz deb topiladi:
soxtalashtirilgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa;
boshqa manbalardan tekshirib koʻrilgan maʼlumotlar bilan solishtirilganda, shuningdek, sanalar va koʻrsatkichlarda nomuvofiqliklar aniqlansa;
taqdim etilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar (guvohnomalar, sertifikatlar va xulosalar) boʻlmasa.
Ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa asoslarga koʻra taqdim etilgan maʼlumotni ishonchsiz deb topishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(231-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
24. Inspeksiya nazorati boʻyicha muvofiqlikni baholash organi inspektori tomonidan hisobot rasmiylashtiriladi.
hisobotda quyidagilar aks ettiriladi:
inspeksiya nazoratini oʻtkazish sanasi va muddati;
inspeksiya nazoratini amalga oshirgan muvofiqlikni baholash organi inspektorining familiyasi, ismi, otasining ismi;
tanlab olingan yer maydonlari va ishlab chiqarish obyektlari toʻgʻrisida maʼlumot;
ariza beruvchi aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etganligi haqida maʼlumot;
ilgari aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilishini tekshirish natijalari boʻyicha maʼlumotlar;
organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish doirasiga kiruvchi mahsulotdan olingan namunalar boʻyicha oʻtkazilgan laboratoriya tahlillari natijalari;
inspeksiya nazorati jarayonida oʻrganilgan hujjatlar (mahsulotlarni topshirish, qabul qilish, daromad va xarajatlar boʻyicha hisobotlar, organik ishlab chiqarish jarayonini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar), shu jumladan, tekshirish tafsilotlari, hisobotning qisqacha mazmuni va xulosalar.
Inspektor inspeksiya nazorati boʻyicha tayyorlangan hisobot texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va mazkur Nizom talablari asosida rasmiylashtirilishi uchun javobgar hisoblanadi.
25. Muvofiqlikni baholash organi organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish doirasiga kiruvchi mahsulot tarkibida geni oʻzgartirilgan mahsulot mavjudligini aniqlash va boshqa turdagi sinovlarni oʻtkazish uchun namuna tanlash hamda sinovlarni oʻtkazish yuzasidan inspeksiya nazoratini oʻtkazishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilishi kerak.
5-bob. Organik muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish
26. Inspektor tomonidan taqdim etilgan inspeksiya nazorati hisoboti muvofiqlikni baholash organi tomonidan xolislikni taʼminlagan holda oʻrganib chiqiladi hamda natijasiga koʻra ariza beruvchiga organik muvofiqlik sertifikatini berish yoki organik muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
27. Quyidagi hollarda ariza beruvchiga organik muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va besh ish kunida ariza beruvchiga taqdim etiladi:
ariza beruvchi inspeksiya nazoratini amalga oshirishdan bosh tortganda yoki inspeksiya nazoratini talab etiladigan muddatda amalga oshirilishiga ruxsat bermasa;
shartnoma shartlarining ariza beruvchi tomonidan bajarilmaganligi aniqlanganda;
ariza beruvchi tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganligi aniqlanganda.
Mazkur bandda nazarda tutilmagan asoslarga koʻra ariza beruvchiga organik muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Inspektor taqdim etgan hisobot asosida ariza beruvchining ishlab chiqarish jarayoni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari va shartnoma shartlariga muvofiq deb topilganda, unga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi organik muvofiqlik sertifikati beriladi.
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish xarajatlari ariza beruvchi tomonidan qoplanadi.
29. Organik muvofiqlik sertifikatini olgan ariza beruvchi organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi maqomiga ega boʻladi.
Organik muvofiqlik sertifikati berilgan sanadan boshlab oʻn besh oy davomida amal qiladi.
6-bob. Organik muvofiqlik sertifikatini qayta rasmiylashtirish
30. Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi organik muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun ariza bilan sertifikat bergan organ yoki boshqa muvofiqlikni baholash organiga murojaat qilishi mumkin.
Mazkur muddat oʻtkazib yuborilgan holda taqdim etilgan ariza muvofiqlikni baholash organi tomonidan mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
31. Mazkur Nizomning 3-bandiga muvofiq bir turdagi sertifikatlashtirish doirasi boʻyicha organik muvofiqlik sertifikatini qayta rasmiylashtirishda oʻtish davrini belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi, organik qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchining sertifikatlangan ishlab chiqarish jarayonini kengaytirish boʻyicha sertifikatlashtirish haqidagi murojaatlari bundan mustasno.
7-bob. Organik muvofiqlik sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish
32. Organik muvofiqlik sertifikatining amal qilishi muvofiqlikni baholash organi tomonidan quyidagi hollarda olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turiladi:
inspeksiya nazorati davomida bartaraf etish mumkin boʻlgan shartnoma shartlariga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqliklar aniqlanganda;
inspeksiya nazorati davomida aniqlangan nomuvofiqliklar ixtiyoriy ravishda sertifikatning amal qilishini toʻxtatib turish haqida ariza bilan murojaat qilinganda.
33. Organik muvofiqlik sertifikatining amal qilishi organik muvofiqlik sertifikatini bergan muvofiqlikni baholash organi tomonidan quyidagi hollarda tugatiladi:
organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi inspeksiya nazoratini amalga oshirishdan bosh tortganda yoki inspeksiya nazoratini talab etiladigan muddatda amalga oshirishga ruxsat bermaganda;
inspeksiya nazorati davomida organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganligi aniqlanganda;
organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tomonidan muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tugatish haqida ariza bilan murojaat qilinganda;
organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchining faoliyati tugatilganda;
organik muvofiqlik sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlar muvofiqlikni baholash organi tomonidan belgilangan muddatda ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilmaganda.
34. Muvofiqlik sertifikatining amal qilishi uni tugatish haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
35. Organik muvofiqlik sertifikati sertifikatni bergan muvofiqlikni baholash organi yoki sud tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinadi:
organik muvofiqlik sertifikatini olish jarayonida soxta hujjatlardan foydalanilganligi aniqlanganda;
muvofiqlikni baholash organining organik muvofiqlik sertifikatini berish haqidagi qarori noqonuniy deb topilganda.
36. Muvofiqlik sertifikatini bekor qilish haqida muvofiqlikni baholash organi yoki sudning qarori qabul qilinganda, organik muvofiqlik sertifikati u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan hisoblanadi.
37. Organik muvofiqlik sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish muvofiqlikni baholash organining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlikni baholash organining qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, ariza beruvchi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining shikoyatlarni koʻrib chiqish kengashiga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqlidir.
(37-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
Agar organik muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati tugagan yoki uning amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan boʻlsa, mahsulot organik qishloq xoʻjaligi mahsuloti sifatida realizatsiya qilinishi mumkin emas.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Muvofiqlikni baholash organi organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchiga organik muvofiqlik sertifikatini berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish boʻyicha qabul qilingan har bir qaror haqidagi maʼlumotni vakolatli davlat organiga har oy yakuni bilan taqdim etib boradi.
39. Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni sertifikatlashtirishdan oʻtkazish jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyekt
Amalga oshirish jarayoni
Muddati
1-bosqich
Ariza beruvchi
Tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda yozma yoki elektron shaklda ariza topshiradi.
Ariza beruvchi xohishiga koʻra
2-bosqich
Muvofiqlikni baholash organi
1. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.
2. Sertifikatlashtirish uchun shartnoma tuzadi yoki rad etadi.
Besh ish kunida
3-bosqich
Ariza beruvchi
Oʻtish davrida shartnoma shartlarini va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni bajaradi.
Normativ hujjatlarda belgilangan muddatda
4-bosqich
Muvofiqlikni baholash organining inspektori
1. Rejali va rejadan tashqari inspeksiya nazoratini amalga oshiradi.
2. Oʻtkazilgan inspeksiya nazorati yuzasidan muvofiqlikni baholash organiga hisobot taqdim etadi.
Bir yilda bir marta
5-bosqich
Muvofiqlikni baholash organi
1. Ariza beruvchiga sertifikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
2. Organik muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtiradi va elektron maʼlumotlar bazasiga kiritadi.
Besh ish kunida
6-bosqich
Muvofiqlikni baholash organi
Yetishtiruvchining organik ishlab chiqarish jarayonini inspeksiya nazoratidan oʻtkazadi.
Bir yilda bir marta
7-bosqich
Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi
Avval berilgan sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun muvofiqlikni baholash organiga murojaat qiladi.
Sertifikatning amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin
8-bosqich
Muvofiqlikni baholash organi
1. Shartnomani qayta rasmiylashtiradi.
2. Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchining organik ishlab chiqarish jarayonini inspeksiya nazoratidan oʻtkazadi.
Ikki ish kunida
9-bosqich
Muvofiqlikni baholash organi
1. Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchiga sertifikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
2. Organik muvofiqlik sertifikatni rasmiylashtiradi.
Besh ish kunida
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash tizimini ixtiyoriy sertifikatlashtirish uchun ariza namunasi
Ariza beruvchining nomi
Davlat tilida
Xorijiy tilda
(zarurat boʻlsa)
davlat roʻyxatidan oʻtgan raqami
STIR (soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami)
pochta manzili
amaldagi manzili
bank rekviziti
telefon raqami
e-mail manzil:
rahbarning F.I.O
qoʻshimcha maʼlumotlar
toʻlovni amalga oshiruvchi uchinchi shaxs haqida maʼlumotlar
toʻlovchining nomi
STIR (soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami)
pochta manzili
bank rekviziti
telefon raqami
e-mail
rahbarning F.I.O
organik talablarni belgilovchi standart belgisi
tashkilot guvohnomasi seriyasi va raqami
avvalgi sertifikat haqida maʼlumot
sertifikatlash organi nomi
sertifikat berilgan sana, sertifikatning amal qilish muddati
boshqa sertifikatlash organidan oʻtish holatida, tashkilot baholanganligini tasdiqlovchi barcha hujjatlar
Faoliyat turi (normativ hujjatlarga asosan)
Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari:
oʻsimlikshunoslik (texnik oʻsimliklar)
bogʻdorchilik
chorvachilik
sabzavotchilik
polizchilik
gʻallachilik-paxtachilik
ekinlar boʻyicha rejalashtirilgan birinchi ekishning boshlanish sanasi
chorvachilik sohasi:
sutchilikka yoʻnaltirilgan chorva
goʻshtga moʻljallangan chorva
choʻchqachilik
quyonchilik
echkichilik, qoʻy-qoʻzichilik
asalarichilik
parrandachilik
umumiy yer maydoni (ga)
uzoq muddatli ijaraga olingan yer maydoni (ga)
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yer maydoni (ga)
uzoq muddatli ijaraga olingan yer maydoni (ga)
sertifikatlangan maydon (ga)
uzoq muddatli ijaraga olingan yer maydoni (ga)
mahsulotlarni qayta ishlash boʻyicha maʼlumot
oʻsimlik mahsulotlarini qayta ishlash
chorva mahsulotlarini qayta ishlash
mahsulotlarni sotish
mahsulotlarni qadoqlash
mahsulotlarni saqlash
mahsulotlar importi
______________________
______________________________/
____________________________/
(sana)
(imzo)
(F.I.O.)
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2a-ILOVA
Ariza beruvchining faoliyati boʻyicha umumiy maʼlumot
1. Umumiy tavsif
Tashkilot nomi
Roʻyxatdan oʻtgan raqami
Tashkilot egasi yoki vakolatli shaxs F.I.O.
Ishlab chiqarish sohasi:
Oʻsimlikshunoslik (almashlab ekish va oʻgʻitlash rejasini ilova qilish) (1.3-ilova):
Chorvachilik (qishloq xoʻjaligi chorva mollariga tegishli boʻlgan hujjatlarni ilova qilish):
Asalarichilik(asalarichilikning radiusi 3 km dan kam boʻlmagan xaritani ilova qilish)
Oʻsimlikshunoslik (texnik ekinlar)
Sut yetishtirishga moʻljallangan chorva mollari
sabzavotchilik
goʻshtga moʻljallangan chorva mollari
polizchilik
echki va qoʻy-qoʻzi
boshqalar:
mevachilik
parrandachilik
yovvoyi oʻsimlik mahsulotlarini yigʻish
choʻchqachilik
quyonchilik
Qoʻshni xoʻjaliklar tavsifi (faoliyati, usuli):
□ Organik boʻlmagan mahsulotlarni intensiv ishlab chiqarish
Ishlab chiqarish sohasi:__________________________________
□ Organik boʻlmagan mahsulotlarni ekstensiv ishlab chiqarish
Ishlab chiqarish sohasi: _________________________________
□ Organik qishloq xoʻjaligi tizimida ishlab chiqarish.
Ishlab chiqarish sohasi: ________________________________
Texnik taʼminlanganlik
Xodimlar, vazifalari
hamkorlar
2. Binolarning va boshqa ishlab chiqarish maydonlarining tavsifi
molxona
.
m2;
ombor
.
m2;
yopiq xona
.
m2;
yertoʻla
.
m2;
quritish xonasi
.
m2;
molning aylanish hududi
.
m2;
Mahalliy oʻgʻit saqlash ombori (turi, hajmi, goʻngni saqlash muddati va boshqalar)
______________________
_______________________________/
____________________________/
(sana)
(imzo)
(F.I.O.)
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2b-ILOVA
Ishlab chiqarish binolari, omborxonalar, saqlash maydonlari va sovutkichlarning tavsiflari
Ombor raqami
Mahsulot qabul qilib olinadigan maydon hajmi (m2 / m3/ tonna)
Saqlash joyining manzili
Saqlash joylaridan foydalanishga huquq(ijara yoki shaxsiyligini tasdiqlovchi hujjat)
Saqlash uchun asos (ijara shartnomasi, shaxsiy boʻlgan taqdirda, shaxsiyligini tasdiqlovchi hujjat, organik sertifikat nusxasi)
Saqlanadigan mahsulotni saqlash usullari (organik yoki oʻtish davrida, organik boʻlmagan)
Izoh (ombordan foydalanish/ijaraga berilgan /hamkorlikda foydalaniladi va boshqalar)
___________________
__________________/
_________________/
(sana)
(imzo)
(F.I.O.)
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2v-ILOVA
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2g-ILOVA
Almashlab ekish va oʻgʻitlash rejasi
T/R
Kontur (raqami)
Yer maydoni (gektar)
Ruxsat etilmagan vositalardan oxirgi foydalanish muddati
(yil va turi)
20 ___ y
20 ___ y
20 ___ y
20 ___ y
Ekin turi
Rejalashtirilgan oʻgʻitlar miqdori
(tonna)
Ekin turi
Rejalashtirilgan oʻgʻitlar miqdori
(tonna)
Ekin turi
Rejalashtirilgan oʻgʻitlar miqdori
(tonna)
Ekin turi
Rejalashtirilgan oʻgʻitlar miqdori
(tonna)
Jami
___________________
____________________
_________________________
(sana)
(imzo)
(F.I.O.)
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2d-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi chorva mollari va rejalashtirilgan chorva mahsulotlari haqida maʼlumot
Podaning roʻyxatga olingan raqami
Hayvonlarni boqish kompleksi
Hayvon turi
Nasli
Miqdori
Hayvonlarning maydonga (ga) nisbatan maksimal soni
Boqilayotgan hayvonlar miqdoriga muvofiq yer maydoni (ga)
Yaylovlatish davri
Aylantirish
uchun maydon m2
Molxona maydoni, m2
_______________________
__________________/
_________________/
(sana)
(imzo)
(F.I.O.)
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2e-ILOVA
Asalarichilik faoliyati boʻyicha maʼlumot
Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2021-y., 09/21/96/0148-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son; 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)