|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.08.2008
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON — TURKIYA LITSEYLARINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh VA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgust 173-sonli “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan
Oʻzbekiston Respublikasi yosh fuqarolarining taʼlimi sifatini oshirishga muhim ahamiyat berib hamda isteʼdodli yoshlarni oʻqitishning ilgʻor shakllarini ustuvor rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining respublikada litseylar faoliyatini tashkil etish va boshqarishning yagona yondashuvlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Litsey toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda 1992-yilda Turkiya Respublikasi (“SILM” firmasi) bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Buxoro, Samarqand, Namangan, Fargʻona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston — Turkiya litseylarini rasmiylashtirsin, litsenziyalar bersin va akkreditatsiyadan oʻtkazsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda:
1993-1994 oʻquv yili boshlangunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida, har bir viloyat markazida va Toshkent shahrida yigitlar va qizlarni oʻqitish boʻyicha 2-ilovaga muvofiq bir-ikkita Oʻzbekiston—Turkiya litseyni tashkil etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar kompleksi bajarilishini nazarda tutsinlar;
litseylar ishini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan oʻquv rejalari va dasturlar boʻyicha tashkil etsinlar, ularning mazmuni rivojlangan mamlakatlar talablari darajasiga javob berishi kerak;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston — Turkiya litseylarida ishlayotgan turkiyalik mutaxassislar uchun tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar talablariga muvofiq zarur uy-joy-maishiy sharoitlar yaratsinlar;
litseylarda qoʻllanilayotgan salomlashish rasm-rusumlari hamda oʻqituvchilarning oʻquvchilar bilan muomala qilishi shakllari oʻzbek xalqining qaror topgan milliy odatlariga va anʼanalariga muvofiqlashtirilsin.
4. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi, “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tanlov asosida litseylarning oʻquvchilari uchun milliy ramzli kiyim-bosh modelini ishlab chiqsinlar hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha 1993-1994 oʻquv yili boshlanishiga qadar tikilishini taʼminlasinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, “Oʻzbekbirlashuv”, “Oʻzshartnomasavdo” xalq taʼlimi mahalliy organlarining buyurtmanomalari boʻyicha litseylarga oziq-ovqat mahsulotlari, asbob-uskunalar va inventar maqsadli ajratilishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga Oʻzbekiston — Turkiya litseylarida ishlash uchun taklif etilayotgan turkiyalik mutaxassislar va ularning oila aʼzolariga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi iltimosnomalariga asosan kirish-chiqish vizalarini belgilangan tartibda konsullik yigʻimlari olmasdan rasmiylashtirib berish yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston — Turkiya litseylarida ishlayotgan turkiyalik fuqarolar, ularning oila aʼzolarini davlat bojlarini toʻlashdan ozod qilib, chiqish-kirish viza muddatlarini uzaytirish, turar joylardan roʻyxatdan oʻtkazish hamda boʻlish muddatlarini uzaytirish bilan bogʻliq masalalarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi iltimosnomalariga asosan amalga oshirilishini taʼminlasin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 8-maydagi 196-son qarori tahririda)
7. “Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Oʻzbekiston — Turkiya litseylarini jihozlash uchun oʻqitishning texnika vositalari, asbob-uskunalar, oʻquv anjomlari va kitoblarni keltirish qiymatiga soʻmlarda haq toʻlab, bojxona bojlaridan ozod qilgan holda ularni Turkiyadan keltirishni taʼminlasinlar.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston — Turkiya litseylarida ishlovchi turkiyalik mutaxassislar:
oliy oʻquv yurtlarining tayyorlov kurslariga;
oliy oʻquv yurtlarining kunduzgi, kechki va sirtqi boʻlimlariga;
aspirantura va doktoranturaga oʻqish uchun haq toʻlamasdan qabul qilinadilar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Turkiya taʼlim organlari bilan kelishgan holda 2 oy muddatda:
Oʻzbekiston — Turkiya litseylari bitiruvchilarini Turkiya oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish shartlari va tartibini belgilasinlar;
tashabbus koʻrsatib, Oʻzbekiston — Turkiya litseylari faoliyatini yaxshilashga oʻz koʻmak va yordamlarini taklif etayotgan Turkiya oliy oʻquv yurtlari bilan oʻzaro foydali uzoq muddatli bitimlar tuzsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha litseylar faoliyatini tashkil etishga va ularni rivojlantirishga zarur mablagʻlar ajratsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi, gazeta va jurnallar tahririyatlari Oʻzbekiston — Turkiya litseylarida oʻquv jarayonining ahvoli va tashkil etilishini muntazam yoritsinlar.
12. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-may,
255-son
Litsey toʻgʻrisida
nizom
1. Litsey — taʼlimning uzluksizligi prinsipini roʻyobga chiqaruvchi va oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiruvchi oʻrta umumiy taʼlim oʻquv yurtidir.
2. Litsey yoshlar taʼlimining, ularning maʼnaviy, estetik va jismoniy rivojlanishining yuqori darajada boʻlishini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi. Litsey mazmun bilan boyitilgan yangi umumiy taʼlimning izlanishini, ishlab chiqilishini, joriy etilishini taʼminlaydi.
Litseylar ochish, litsenziyalar berish, ularni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar hokimligi xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Litsey uning faoliyatini tartibga soluvchi Ustavga ega boʻladi.
Litseyga rahbarlik qilishni direktor amalga oshiradi.
Umumiy taʼlim maktabining Kengashi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatadigan Kengash litseyning maslahat organi hisoblanadi.
4. Litseyga 9-sinf hajmida bazaviy maʼlumotga ega boʻlgan va test tanlovidan oʻtgan yigit va qizlar qabul qilinadi. Ayrim hollarda ijodiy qobiliyatlar va talabgorlarning tayyorgarligi hisobga olingan holda litseyga tugallangan bazaviy maʼlumotga ega boʻlmagan oʻquvchilar qabul qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻquvchilarni qabul qilishni tashkil etish uchun maʼmuriyat litsey Kengashi va ota-onalar jamoatchiligi vakillari bilan birgalikda zimmasiga xolis va adolatli tanlov yuklatiladigan qabul komissiyasini tuzadi.
5. Litsey Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan bazaviy oʻquv rejalari va dasturlari asosida tuzilgan oʻzining oʻquv rejasi va dasturi boʻyicha ishlaydi. Oʻrta maʼlumot litseyda beriladigan taʼlim mazmunining majburiy qismi hisoblanadi. Litseyda oʻrganiladigan boshqa maxsus fanlar oʻquvchilarning taʼlim darajasini kengaytiradi va toʻldiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 352-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Litsey oʻqitishning anʼanaviy shakllari, usullari va vositalari bilan bir qatorda oʻz ixtiyori boʻyicha oʻqitishning ilgʻor shakllari, usullari va vositalaridan keng foydalanadi.
8. Litsey oʻquvchilarining darsdan tashqari faoliyati har xil studiyalarda, ilmiy va texnika laboratoriyalarida, boshqa ijodiy birlashmalarda amalga oshiriladi.
9. Litsey oʻquvchilarining umuminsoniy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, qonunni hurmat qilish ruhida tarbiyalaydi.
10. Litsey Kengashi oʻquvchilar bilan har bir oʻquv yili oxirida oʻzlashtirishga rasman baho berishdan qatʼi nazar, oʻquvchilar maʼlumot darajasi va aql-zakovatining umumiy darajasini belgilash imkoniyatini beradigan suhbat oʻtkazadi.
11. Litseyda sinfdan-sinfga koʻchirish va bitirish imtihonlarini tashkil etish va oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining yoʻriqnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Litsey Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishiladigan shtat jadvali boʻyicha ishlaydi.
13. Litseyni mablagʻ bilan taʼminlash “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunda, Xalq taʼlimida yangi xoʻjalik mexanizmining asosiy qoidalarida, umumiy taʼlim maktabi toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Litseyni mablagʻ bilan taʼminlashda xalq taʼlimi organlari bilan birgalikda oliy oʻquv yurtlari, korxonalar, tashkilotlar va xususiy shaxslar ixtiyoriy ravishda qatnashishlari mumkin.
14. Litseyning pedagoglar jamoasi xalq taʼlimi organi tomonidan kontrakt asosida tashkil etiladi.
15. Litsey xodimlarining lavozim maoshlari umumiy taʼlim maktablaridagi ana shunday xodimlar toifasining maoshidan 20 foiz, litsey-internatlarda esa ana shu toifadagi maktab-internatlar xodimlari maoshidan 50 foiz yuqoridir.
Litsey oʻqituvchilarining ish haqi stavkalari umumiy taʼlim maktabi nagruzkasi hisob-kitobidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Ayrim hollarda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda litsey xodimlarining lavozim maoshlari oshirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.
15-bandning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga oid qismi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-avgustdagi 327-son “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
16. Akkreditatsiyadan oʻtgan litseylar oʻquvchilariga tibbiy xizmat koʻrsatish, ularni darsliklar va oʻqitishning boshqa vositalari bilan taʼminlash xalq taʼlimi tizimi uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17. “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida va xalq taʼlimi organlari tomonidan belgilangan tartiblar va talablarga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtgan litseylar litseylarning bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi uchun belgilangan shakldagi, respublikaning butun hududida tan olinishi majburiy boʻlgan maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni berish huquqiga ega boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasida yangidan ochiladigan Oʻzbekiston — Tursiya litseylari
ROʻYXATI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
1. Taxiatosh shahri, “Orolboʻyi birlashmasining maktablararo oʻquv-ishlab chiqarish kombinati negizida.
Andijon viloyati
2. Andijon shahri, 8-maktab.
Buxoro viloyati
3. Gʻijduvon tumani, “Guliston” jamoa xoʻjaligi, A. Qahhor koʻchasi, 151-uydagi qurilayotgan maktab.
4. Vobkent shahri, 1-maktab.
Jizzax viloyati
5. Jizzax shahri, yangi qurilayotgan 2-maktab.
Qashqadaryo viloyati
6. Qarshi shahri, Nodira nomidagi 34-maktab.
Navoiy viloyati
7. Navoiy shahri, Kolsevaya koʻchasi, 3-uy, 14-maktab.
Namangan viloyati
8. Toʻraqoʻrgʻon shahri, Turaqoʻrgʻon koʻchasi, 7-uy, 3-maktab.
Samarqand viloyati
9. Samarqand tumani, Gulobod shaharchasi, qurilayotgan maktab binosida.
Surxondaryo viloyati
10. Angor tumani, Tinchlik koʻchasi, 5-uy, 1-maktab.
Sirdaryo viloyati
11. Yangiyer shahri, 1-mikrorayon, Guliston universiteti.
Toshkent shahri
12. Hamza tumani, Kuybishev shox koʻchasi, Olot koʻchasi, 1-uy, maktablararo oʻquv-ishlab chiqarish kombinati negizida.
Toshkent viloyati
13. Angren shahri, 5/3-kvartal, 13-maktab.
Fargʻona viloyati
14. Qoʻqon shahri, Oʻzbekiston komsomolining 40 yilligi koʻchasi, 2-uy, bolalar uyi negizida.
15. Fargʻona shahri, A. Qodiriy koʻchasi, 104-uy, yangi qurilayotgan maktab.
Xorazm viloyati
16. Xonqa shahri, Xalqlar doʻstligi koʻchasi, 784-maktab.