Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.01.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON GOʻShT VA SUT SANOATI (“OʻZGOʻShTSUTSANOAT”) DAVLAT-AKSIONERLIK UYuShMASINING USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlarini oʻzgartirish va oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat aksionerlik uyushmasi “Oʻzgoʻshtsutsanoat”ning ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-may,
199-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 3-maydagi
199-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat-aksionerlik uyushmasi (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”)ning
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat-aksionerlik uyushmasi (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 3-apreldagi UP-588-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 6-apreldagi 172-son qaroriga muvofiq tashkil qilingan.
2. Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat-aksionerlik uyushmasining tashkil etilishi munosabati bilan, sobiq Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida boʻlgan va keyinchalik tugatilgan “Oʻzgoʻshtsutsanoat” ishlab chiqarish birlashmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat-aksionerlik uyushmasi (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”), keyingi oʻrinlarda uyushma deb ataladi, goʻshtni sanoat asosida ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan xoʻjaliklar, Chorva mollarini boʻrdoqiga boqish va tayyorlov idoralari, goʻsht va sutni qayta ishlash korxonalari, oʻziga qarashli mol-mulkdan foydalanish asosida mahsulot ishlab chiqaradigan va sotadigan yoki mahsulotni ayirboshlaydigan ishlarni bajaradigan, transport xizmati va boshqa xil xizmatlar koʻrsatadigan, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻz faoliyatini amalga oshiradigan mulkchilikning barcha shakllaridagi xoʻjaliklarni va korxonalarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.
4. Uyushma yuridik shaxs hisoblanadi, u oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Ustavga amal qiladi.
5. Uyushma tovar-pul munosabatlari rivojlanayotgan va boshqariladigan bozor sharoitida mulkchilikning barcha shakllariga mansub korxonalarni “Korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asosan barpo etish, ularning faoliyatini qayta tashkil qilish va tugatishning umumiy huquqiy iqtisodiy va ijtimoiy asoslarini belgilab beradi.
6. Uyushma faoliyati foyda olishni oʻzini-oʻzi mablagʻ bilan taʼminlagan holda ish olib boradigan korxonalarning mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, qonunlar asosida ularning huquqlarini va masʼuliyatini belgilaydi.
7. Hududiy-aksionerlik birlashmalari, korxonalari va tashkilotlari bilan uyushma oʻrtasidagi munosabatlar Taʼsis shartnomasi va mazkur Ustavga binoan, huquq hamda vakolatlarining bir qismini hududiy-aksionerlik birlashmalarining boshqaruv organlariga berish asosida koʻriladi.
8. Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tasviri tushirilgan muhrga va uyushma ramzi tasvirlangan shtampga ega boʻladi.
Uyushma Oʻzbekiston Respublikasining bank muassasalarida oʻzining hisob-kitob, valyuta va boshqa hisoblariga, oʻz mulkiga, mustaqil yigʻma balanslariga ega boʻladi.
II. Uyushmaning maqsadi va vazifalari
9. Samarali va ijtimoiy yoʻnalishga ega boʻlgan bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini oʻzgartirishning tashkiliy-huquqiy asoslarida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshira borib, respublika xalq xoʻjaligini, aholining goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, standartlar talabiga javob beradigan goʻsht mahsulotlarini sanoat asosida yetishtirish hamda goʻsht va sutni qayta ishlashni taʼminlash uyushmaning asosiy maqsadi hisoblanadi:
chorva mollarini sanoat asosida boʻrdoqiga boqish, chorva mahsulotlarini davlat tomonidan xarid qilish, goʻsht va sutni qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni saqlash, sotish, kam xarajatli, sifatli mahsulot ishlab chiqaradigan qayta ishlashning ilgʻor texnologiyalarini ishlab chiqish va ularni ilmiy asosda ishlab chiqarishga joriy etish;
respublika Hukumati tasdiqlagan tartibga muvofiq, davlatlararo kelishuvga asosan hamda xoʻjaliklar va boshqa korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha goʻsht va sut tayyorlashni amalga oshirish;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan respublika boʻyicha goʻsht va sut mahsulotlari yetishtirish davlat buyurtmalarining bajarilishini nazorat qilish, isteʼmolchilarga goʻsht va sut mahsulotlarini yetkazib berishni taʼminlash;
davlatlararo tashqi-iqtisodiy aloqalar shartnomalari asosida buyurtmalarni bajarish, toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha ikkilamchi chorva mahsulotlarini kelishilgan baholarda sotish va boshqa zarur oziq-ovqatlarga mahsulot ayirboshlashni mustaqil amalga oshirish;
bozor infrastrukturasini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlar firmalari bilan qoʻshma korxonalar va kichik korxonalar tuzish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
asosiy fondlar, xomashyo, moddiy va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish, xoʻjaliklar va korxonalarning zararsiz ishlashini, ularning oʻzini-oʻzi mablagʻ bilan taʼminlay olishni boshqarib borish;
sanoat korxonalari, xoʻjaliklar va tashkilotlarni oʻrash, qadoqlash, qurilish, yonilgʻi va moylash materiallari hamda davlat resurslaridan ajratiladigan ozuqalar bilan taʼminlash;
ijtimoiy sohani kompleks rivojlantirish, mehnat jamoalariga tashabbus va tadbirkorlik koʻrsatishlari uchun sharoit yaratish, xoʻjalik yuritishning mustaqilligini rivojlantirish, mehnatga qarab haq toʻlashni, ijtimoiy adolat prinsiplarini izchil amalga oshirish.
III. Uyushmaning huquqlari
10. Uyushma oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
uyushma iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbol yoʻnalishlarini ishlab chiqadi, ishlab chiqarishning joriy rejalarini belgilaydi va umumlashtiradi hamda ularning bajarilish natijalarini tahlil qiladi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yuritishda teng huquqlarni va iqtisodiy sharoitlarni taʼminlaydi;
davlat bozorini rivojlantirishga koʻmaklashadi, yakka hokimlikka qarshi tadbirlarni amalga oshiradi, barcha mehnatkashlarning ijtimoiy kafolatlarini taʼminlaydi;
raqobatchilarning obroʻsini tushirishga qaratilgan xatti-harakatlarga ishlab chiqarish kvotalari, sotish va taʼminot bozorlarini boʻlib olish, erkin raqobatni cheklash maqsadida korxonalar oʻrtasida tanho narx-navoni tutib turishga doir har qanday til biriktirishlarga yoʻl qoʻymaydi;
goʻsht va sut mahsulotlari sifatini yaxshilashga qaratilgan tarmoq davlat namunaviy andozalari va texnik shartlarining joriy etilishini va ularga rioya etishni nazorat qilishni taʼminlaydi, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini takomillashtirish ishlarini tashkil etadi va olib boradi;
kapital mablagʻlardan samarali foydalanishni va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini loyihalashtirishga buyurtmalar berishni hamda ularning moliyaviy taʼminotini, smeta qiymatiga muvofiq korxonalar, binolar va inshoatlarni qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik qayta jihozlash, tayyor smeta hujjatlari va sarvaraq roʻyxatlarining ekspertizadan oʻtkazilishini, tasdiqlanishini va qayta tasdiqlanishini taʼminlaydi;
bitkazilgan qurilish obyektlarini foydalanishga topshirish boʻyicha davlat qabul qilish komissiyalarini belgilangan tartibda tayinlaydi;
belgilangan tartibda oʻz tarkibiy boʻlinmalarini, hududiy birlashmalarni tashkil etadi, tugatadi va ularning faoliyatini nazorat qiladi;
respublika Hukumati tasdiqlangan tartibga muvofiq, mustaqil sotish uchun xoʻjaliklar, korxonalar va tashkilotlar ixtiyorida qoldiriladigan chorvachilik mahsulotlari hajmini belgilaydi va ularni sanoat korxonalari uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarga mustaqil ayirboshlaydi;
tashqi iqtisodiy faoliyatni valyuta bilan oʻzini-oʻzi taʼminlash prinsipi asosida tashkil etadi va amalga oshiradi,
kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning yagona tizimini tashkil qiladi, mutaxassislikka oʻqitishning iqtisodiy oʻquv bilan birga olib borilishini taʼminlaydi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa davlatlarning taʼminot-sotish, tijorat-vositachi tashkilotlari, birlashmalari korxonalari, firmalari bilan bevosita aloqa oʻrnatadi va bitimlar tuzadi,
shartnoma asosida mulkchilikning har qanday shaklidan birlashmalar uyushmalar xoʻjaliklar va tashkilotlarni oʻz tarkibiga kiritadi, turli yoʻnalishdagi birjalar va aksionerlik jamiyatlarining muassisi, hammuassisi va aʼzosi boʻladi, boshqa davlatlarda firmalar, qoʻshma korxonalar, vakolatxonalar tashkil qiladi;
ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xoʻjalik hisobini shartnoma, moliya va hisob-kitob intizomini mustahkamlash, asosiy fondlar, mehnat, moddiy va moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilash, mehnatni va boshqaruvni ilmiy asosda tashkil etishni joriy etadi;
zamonaviy hisoblash texnikasini qoʻllagan holda moliyaviy markaz boshqaruv tizimini yaratadi;
belgilangan tartibda kelishilgan holda markazlashtirilgan moddiy, moliyaviy jamgʻarmalarni tashkil etadi hamda ulardan samarali foydalanishni taʼminlaydi;
pul va moddiy boyliklarning saqlanishini yetkazilgan zarar oʻrnining qoplanishini, tejamkorlik rejimiga rioya qilinishini taʼminlaydi;
buyurtmalar va uzoq muddatli shartnomalar asosida toʻgʻridan toʻgʻri mahsulot yetkazib beruvchilar bilan isteʼmolchilar oʻrtasidagi mavjud aloqalarni takomillashtiradi hamda samarali xoʻjalik aloqalarini tashkil etish maqsadida aholi zich joylashgan shahar markazlarida maxsus savdo shoxobchalarini koʻpaytirishni taʼminlaydi;
birlashmalar, xoʻjaliklar va tashkilotlar bajarishi shart boʻlgan qoʻllanmalar, yoʻriqnomalar, meʼyoriy hujjatlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
mahsulot ishlab chiqaruvchilarga va isteʼmolchilarga mahsulot joʻnatish uchun ruxsatnoma va qoʻshimcha ravishda litsenziya berishni talab qilmaydigan naryadlar beradi.
IV. Aksiya va aksiyalashtirish
11. Uyushma xoʻjaliklar, korxonalar va tashkilotlarning aksiyalashtirish mumkin boʻlgan mulklarini qayta baholash Nizomiga asosan qayta baholaydi va aksiyalashtiradi;
har bir aksiyaning qiymati xoʻjalik korxona va tashkilotlarning faoliyatiga qarab mehnat jamoalari bilan kelishilgan holda uyushma tomonidan belgilanadi;
aksioner tomonidan sotib olingan har bir aksiya unga bir ovoz beruvchining huquqini beradi;
aksioner xoʻjalik korxonalar va tashkilotlar aksiyalarining 51 foizi Oʻzbekiston Respublikasining davlat mulki hisoblanadi va nazorat qilish paketi davlat aksionerlik uyushmasida saqlanadi, ular tijorat xodimlariga va shaxslarga sotilmaydi;
aksioner xoʻjaliklar, korxonalar va tashkilotlarning har bir aʼzosi ixtiyorida davlat-aksionerlik uyushmasi tomonidan chiqarilgan aksiyalardan tashqari, barcha aksiyalarning 10 foizidan ortigʻi jamlanishi mumkin emas;
har bir korxona, xoʻjalik va tashkilot uchun chiqarilgan aksiyalar faqat shu korxona va tashkilot mehnat jamoasining jamoa qaroriga muvofiq yopiq yoki ochiq holda sotiladi.
V. Uyushmaning mulki va mablagʻi
12. Uyushma oʻziga korxonalar tomonidan ixtiyoriy ravishda berilgan mulkka egalik qilish, ulardan foydalanish huquqini oʻz faoliyatining maqsadi va vazifalariga qarab amalga oshiradi:
uyushma faoliyatini amalga oshirish uchun, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, oʻz mablagʻlari, uyushma Kengashi belgilagan miqdordagi va ulushlardagi pay badallari hisobiga ustav jamgʻarmasi tashkil etiladi;
uyushma Kengashi ustav jamgʻarmasini koʻpaytiradi va kamaytiradi;
uyushmaning mulki va mablagʻi toʻliq oʻz ixtiyorida boʻladi, ularning boshqalar tomonidan tasarruf qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
uyushma oʻz mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan taqiqlanmagan har qanday xoʻjalik va boshqa xil faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi mumkin;
ishtirokchi aksioner-korxonalar mulkining 49 foizi uyushmaning mulki hisoblanmaydi, korxonalar ixtiyoriy ravishda hududiy aksioner birlashmalar va uyushmaga bergan mulklar bundan mustasno;
uyushma va hududiy aksioner birlashmalarning ishchi boshqaruv apparati ularning ishtirokchilari daromadidan ajratilgan mablagʻlar hisobiga taʼminlanadi;
ajratmalardan hosil boʻlgan jamgʻarmalarni va zaxiralarni yoʻnaltirish hamda ulardan foydalanish tartibini uyushma Kengashi belgilaydi.
VI. Uyushmaning daromadini taqsimlash
13. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiy soliqlar va toʻlovlar toʻlangandan keyin daromadning qolgan qismi:
markazlashtirilgan zaxira va sugʻurta fondlariga ajratmalar uchun birlashma tasarrufidagi korxonalarga, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun shartnoma asosida yoʻnaltiriladigan jamgʻarma fondiga;
kam xarajatli yangi texnologiyalarni ilmiy asoslab ishlab chiqarishga joriy qilish, xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqariladigan dastgohlarni xarid qilish va oʻrnatish uchun jamgʻarma fondiga;
uyushma va hududiy birlashma ishchi apparati taʼminoti jamgʻarma fondiga taqsimlanadi.
14. Aksionyerlarga dividendlar, uyushma balanslari boʻyicha taftish komissiyalarining xulosasidan va hisobot eʼlon qilingandan keyin yil yakuni boʻyicha belgilanadi va toʻlanadi.
VII . Uyushma ishtirokchilari, ularning huquq va vazifalari
15. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ustav jamgʻarmasiga oʻz hissalarini moddiy yoki pul shaklida qoʻshgan, uyushma Ustavini tan olgan va uyushma vazifalariga muvofiq ishlab chiqarish, xoʻjalik va boshqa faoliyatlarni amalga oshirish majburiyatlarini oʻz zimmalariga olgan hududiy birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, shu jumladan, boshqa davlatlarning korxonalari va firmalari uyushmaning ishtirokchilari boʻlishlari mumkin.
16. Uyushmaning ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
uyushmaning rahbar organlariga oʻzlarining faoliyatlariga doir masalalar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun kiritish va bu masalalar uyushmaning rahbar organlari majlislarida muhokama qilinayotganda ishtirok etish;
yuqori natijalarga erishish hamda uyushmaning hududiy aksionerlik birlashmasi va korxonalarning iqtisodiy foyda olishlari maqsadida uyushma kengashining roziligiga koʻra oʻz imkoniyatlari va mulkning bir qismi bilan boshqa xoʻjalik hamda birlashmalarda ishtirok etish;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlarni savdo birjasida sotish yoki uyushma bilan kelishilgan holda zarur asbob-uskunalar xomashyo va moddiy resurslarga shartnomaviy narxlarda ayirboshlash;
xomashyo va materiallar yetkazib beruvchi hamda ulgurji va savdo tashkilotlari bilan hisob-kitob qilishda chek daftarchalaridan foydalanish;
uyushma Kengashlarida koʻrib chiqish uchun kiritilgan masalalarni muhokama qilishda teng huquq bilan ishtirok etish;
oʻz korxonasini rivojlantirish uchun uyushmaning ilmiy-texnik ishlanmalaridan, mahsulotlaridan, korxonalari va tashkilotlari xizmatlaridan birinchi navbatda foydalanish;
oʻz firma belgisida uyushma ramzidan foydalanish, oʻzining firma blanklarida va muhrlarida uyushma tizimiga mansubligini koʻrsatish;
mehnat jamoasining qaroriga asosan, tuzilgan shartnomalarga muvofiq, uyushmaning boshqa ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarini saqlagan holda, uyushma tarkibidan chiqish.
17. Uyushma ishtirokchilarining majburiyatlari:
uyushmaning Ustaviga rioya qilish, uning rahbar organlari qarorlarini bajarish;
oʻz moliya-xoʻjalik va boshqa faoliyatlarini, uyushma vazifalariga muvofiq, uyushmani rivojlantirish bilan iqtisodiy manfaatdorlikni uygʻunlashtirishni taʼminlangan holda amalga oshirish;
uyushma Kengashi tomonidan belgilangan moliya fondlariga badallarni belgilangan muddatlarda toʻlash.
VIII Uyushma ishtirokchilarining javobgarligi
18. Uyushma ishtirokchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar uchun javob beradilar:
oʻz zimmalariga olgan shartnoma majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun;
umuman uyushmaga zarar keltirilgan faoliyat uchun;
Kengash qarorlarini bajarmaganliklari natijasida sheriklariga yetkazilgan zarar uchun;
Isteʼmolchilarga shartnoma asosida yetkazib beriladigan mahsulotlarini yetkazib bermaganlik uchun.
19. Uyushmaning hududiy aksionerlik birlashmasi rahbarlari Kengash aʼzolari moddiy zarar koʻrishga olib keluvchi oʻz qarorlari uchun intizomiy va moddiy zarar koʻrishga olib keluvchi oʻz qarorlari uchun intizomiy va moddiy javobgarlikka tortiladilar.
IX. Uyushmani boshqarish
20. Uyushma demokratik asosda boshqariladi. Uyushmaning Kengashi va boshqaruvi uning rahbar organi hisoblanadi:
boshqaruvning yuqori organi uyushma Kengashidir. Kengash tarkibiga hal qiluvchi ovoz berish huquqi bilan hududiy aksionerlik birlashmalari, yirik korxonalar rahbarlari kiradilar;
uyushma Kengashining majlislari uning raisi tomonidan zaruriyatga koʻra, lekin yilda kamida bir marotaba chaqiriladi;
uyushma Kengashining qarorlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va rasmiylashtiriladi. Kengashning har bir aʼzosi bir ovoz berish huquqiga ega. Ovozlar teng boʻlganda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi;
uyushma Kengashida quyidagi masalalar koʻrib chiqiladi:
uyushma fondlari va zaxiralarini takomillashtirish hamda ulardan foydalanish tartibi;
uyushma xarajatlari va daromadlari smetalarini, ish haqini lavozim maoshlari fondini, xoʻjalik faoliyati natijalari uchun mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish tizimini tasdiqlash;
yangi aʼzolarini qabul qilish va uyushma aʼzolarining uning tarkibidan chiqarish;
uyushma aʼzolarining qoʻshimcha badallarini maqsadli ishlab chiqarish, moddiy texnika, investitsiya, ijtimoiy taʼminot va tabiatni muhofaza qilish dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun jalb qilish;
hududiy boshqaruv apparatini va xodimlarni mablagʻ bilan taʼminlash fondini, lavozim maoshlarini, xoʻjalik natijalariga koʻra mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish xarajatlarini tasdiqlash;
boshqaruv qarorlari yuzasidan tushgan shikoyatlar va uning faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni muhokama qilish.
Uyushma Kengashi boshqaruv raisini, uning oʻrinbosarini va Kengash aʼzolarini saylaydi. Kengash raisi ayni bir vaqtda boshqaruv raisi hisoblanadi. Uyushma raisi va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar.
21.Uyushma faoliyatiga boshqaruv rahbarlik qiladi va u oʻz zimmasidagi vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi. Boshqaruv Kengashi rais tomonidan zaruriyatga koʻra, lekin oyida kamida bir marta chaqiriladi. Boshqaruv Kengashi qarorlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi, ularni bajarish uyushma aʼzolari uchun majburiydir.
Uyushma Boshqaruvi:
Kengash qarorlarini bajarilishini taʼminlaydi;
Kengashda koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan barcha masalalarni oldindan ishlab chiqadi;
uyushma faoliyatini istiqbolli rivojlantirish dasturlarini va rejalarini ishlab chiqishni tashkil qiladi va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻradi;
uyushma nomidan bankdan kredit olish uchun qarorlar qabul qiladi;
uyushmani boshqarish va uning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi va ularni Kengashga tasdiqlash uchun kiritadi.
uyushma tarkibiga kiruvchi hududiy birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning xoʻjalik faoliyati masalalarini koʻrib chiqadi;
ilmiy-texnika hamda konstruktorlik byurosini tashkil etadi va unda ishlaydigan xodimlarni sonini hamda uning shaxsiy tarkibini belgilaydi.
Boshqaruv raisi:
oʻz vakolat doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan buyruqlar, farmoyishlar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlar chiqaradi;
respublika qonunlari va normativ hujjatlarining, uyushma Kengashi va qarorlarining bajarilishini nazorat qilishni taʼminlaydi;
istalgan davlatlarning yuridik shaxslari bilan munosabatlarda uyushma nomidan ish tutadi va uning nomidan bitimlar, shartnomalar tuzadi hamda shartnomalar tuzish uchun ishonchnomalar beradi;
uyushma apparatining shtat jadvalini, uning tarkibiy boʻlinmalari haqidagi nizomlarni, hududiy birlashmalar rahbarlarini mukofotlash tizimini tasdiqlaydi;
uyushma apparati xodimlarini lavozimiga tayinlaydi va ularni lavozimidan boʻshatadi, lavozim maoshlarini va ularga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllaydi;
Hududiy birlashma va korxonalarning rahbarlarini tayinlaydi va ularni egallab turgan lavozimlaridan boʻshatadi:
Korxonalar va uyushma huzurida tashkil etiladigan tuzilmalarning ustavlarini tasdiqlaydi, ularga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritadi;
Ishonchnomalar beradi, pul mablagʻlari va moddiy boyliklar olish uchun hisob-kitob schyotlarini va toʻlov xarajatlarini imzolaydi;
Oʻzi zimmasiga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
X. Hisobga olish, hisobot va nazorat
22. Uyushma buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisobotini yuritadi.
Belgilangan tartibda moliya-xoʻjalik faoliyatining barcha turlari boʻyicha hisobotni taqdim etadi, hisobot va balanslarning ishonchligini taʼminlaydi.
23. Uyushma amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, oʻz tarkibidagi hududiy birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning moliyaviy-iqtisodiy va xoʻjalik faoliyatini kompleks taftish qiladi.
24. Uyushma taftish komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari, ushbu Ustav, materiallar va shartnoma intizomi, uyushma aʼzolarining takliflari, mehnatkashlarning ariza va shikoyatlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Uyushmaning taftish komissiyasiga raisi rahbarlik qiladi;
Taftish komissiyasining raisi Kengash tomonidan saylanadi;
Taftish komissiyasi Kengash oldida hisob beradi va oʻz ishining natijalari haqida boshqaruvga axborot berib turadi.
25. Uyushmaning mansabdor shaxslari davlat hisobotlarini buzib koʻrsatganliklari uchun respublika qonuni bilan belgilangan tartibda javob beradilar.
XI. Uyushma faoliyatini tugatish
26. Uyushmani tugatish Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.