|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.09.2000
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MOLIYAVIY NAZORATNI MUSTAHKAMLASh VA XOʻJALIK FAOLIYATIGA MOLIYAVIY NAZORATNING AUDITORLIK ShAKLLARINI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq va mustaqil moliya nazoratining taʼsirchanligini kuchaytirish, korxonalar, birlashmalar, konsernlar, uyushmalar, qoʻshma korxonalar, jamoat tashkilotlari va boshqa tuzilmalarga boshqaruv faoliyati, buxgalterlik hisob-kitobi va moliya sohalarida malakali yordam koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik hisobidagi korxonalar faoliyati ustidan moliyaviy nazoratning auditorlik shakllari joriy etilsin, bunda nazoratning asosiy prinsipi auditorilik firmalari tomonidan shartnomali toʻlov asosida taftishlar, tekshirishlar va maslahatli xizmatlar koʻrsatishdan iborat boʻladi, deb belgilansin.
2. Tarmoqlararo birlashmalar, konsernlar, uyushmalar, aksionerlik jamiyatlari hamda korxonalar, ijara va qoʻshma korxonalar, tijorat banklari hamda yuqori boshqaruv organlari boʻlmagan jamoat va boshqa tashkilotlarga xizmat koʻrsatish uchun nazoratning majburiy auditorlik shakllari oʻrnatilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli hududlardagi tarmoqlararo, aksionerlik, ijara, qoʻshma korxonalar va kooperativlar faoliyati ustidan nazorat qiluvchi xoʻjalik hisobidagi auditorlik firmalarini tashkil etishga koʻmaklashsinlar.
3. Quyidagilar tasdiqlansin:
1-ilovaga muvofiq auditor (auditorlik firmasi) toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom;
2-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublika auditorlar Palatasi haqidagi Vaqtinchalik nizom.
4. Vazirliklar, idoralar, konsernlar uyushmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1993-yil 20-maygacha ilgari oʻzlari chiqargan, mazkur qarorga zid keluvchi normativ aktlarni qayta koʻrib chiqishni va bekor qilishni taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-may,
198-son
Auditor (auditorlik firmasi) toʻgʻrisida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Audit asosan hududiy belgilar boʻyicha birinchi navbatda yuqori turuvchi vazirliklar, idoralarga yoki boshqa tarmoq boshqaruvi organlariga ega boʻlmagan tarmoqlararo, qoʻshma, ijara, aksionerlik birlashmalari, konsernlar, uyushmalar, tashkilotlar va korxonalarining faoliyati ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish uchun joriy etiladi.
2. Auditorlar (auditorlik firmalari) yuridik shaxs boʻlib, bank muassasalarida oʻz schyotiga va muhriga ega boʻladi. Auditorlik firmalarining ustavlari ularni taʼsis etuvchilar tomonidan tasdiqlanadi, Auditorlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olinadi. Raqobatni rivojlantirish maqsadida bir mintaqa hududida bir necha auditorlik firmalarini barpo etishga yoʻl qoʻyiladi.
3. Auditorlar (auditorlik firmalari) oʻz faoliyatida “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq Bosh boshqarmasining buyruqlari va yoʻriqnomalariga amal qiladi, moliya, soliq va boshqa davlat nazorati organlari bilan yaqindan aloqada ish koʻradi.
4. Auditorlar (auditorlik firmalari) tuzilgan shartnomalarga muvofiq koʻrsatilgan xizmatlarga buyurtmachilar tomonidan oʻtkazilgan mablagʻlar hisobiga, toʻla xoʻjalik hisobi va oʻzini-oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash prinsiplari asosida ishlaydi.
5. Auditorlar auditorlik firmalarining ish hajmi umuman buyurtmachilarga koʻrsatiladigan xizmatlarga tuzilgan shartnomalar summasi sifatida belgilanadi. Auditorlar (auditorlik firmalari)ning budjet bilan oʻzaro munosabatlari amaldagi qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Xoʻjalik hisobi daromadi soliqlarni chiqarib tashlangandan keyin auditor (auditorlik firmasi) ixtiyorida qoladi va u musodara qilinmaydi.
II. Asosiy vazifalari va funksiyalari
1. Auditor (auditorlik firmasi) faoliyatining maqsadi moliya-xoʻjalik faoliyatini mustaqil ravishda ekspertiza va tahlil qilishdan, buxgalterlik hisob-kitoblari, shuningdek, nazorat-taftish ishlariga qoʻyiladigan talablarga toʻliq, real boʻlishi, mos kelishini tekshirishdan, korxonalar faoliyatini yaxshilash boʻyicha takliflar va xulosalar ishlab chiqishdan, korxonalar va tashkilotlarga shartnoma (pulli) asosida moliya, hisob-kitob va nazorat masalalari boʻyicha maslahatlar berishdan iboratdir.
2. Auditor (auditorlik firmasi)ning faoliyati ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, jamgʻarmalarni koʻpaytirishga, oʻzaro hisob-kitoblarni yaxshilash, moddiy va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish va uning yaxshi saqlanishiga, respublika xalq xoʻjaligining tegishli tarmoqlarida korxonalar va tashkilotlarni moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirishga koʻmaklashishi kerak.
III. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazish
1. Auditorlik tekshiruvi auditor (auditorlik firmasi) va xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻrtasida shartnoma asosida olib boriladi, unda tekshiruv oʻtkazish predmeti, muddatlari va oʻrni, toʻlanadigan haq miqdori va tartibi, tomonlarning masʼuliyati nazarda tutiladi.
2. Shartnomalarda ham kompleks, ham turli xil tematik taftishlar va tekshirishlar, tahlillar, tadqiqotlar, balans va moliyaviy ahvolning aniqligi haqida mustaqil xulosalar tayyorlash nazarda tutilishi mumkin.
3. Auditorlar (auditorlik firmalari) va ularning xizmatlariga buyurtmachilar oʻrtasida auditorlik xizmati toʻgʻrisida uzoq muddatli shartnomalar imzolanishi mumkin. Bunday hollarda auditor (auditorlik firmasi) oʻz zimmasiga xizmat koʻrsatiladigan korxonaning hisobot davridagi xoʻjalik operatsiyalarining sunʼiyligi va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, uning toʻlov qobiliyati va balans maʼlumotlarining haqqoniyligi haqida xulosa ishlab chiqish majburiyatini oladi.
4. Shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda auditor (auditorlik firmasi) va ularning xizmatlariga buyurtmachi moddiy javobgar boʻladilar. Bunda ishlar sifatsiz bajarilgan va oʻz vaqtida bajarilmagan hollarda auditor (auditorlik firmasi) olgan mablagʻlarini buyurtmachiga qaytaradi va shartnomada nazarda tutilgan miqdorda jarima sanksiyalarini toʻlaydi.
5. Xizmatlarga bevosita buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalarni bajarish bilan bir qatorda auditorlar (auditorlik firmalari) davlat huquqni muhofaza qilish va tarmoq boshqaruv organlarining buyurtmalari boʻyicha taftish va tekshiruvlar oʻtkazadilar. Bunday hollarda xarajatlarni toʻlash haqidagi masalalar auditorlik firmalari xizmatlariga davlat buyurtmachilari tomonidan hal etiladi.
IV. Auditorlik faoliyatini litsenziyalash
1. Auditor (auditorlik firmalarida) boʻlib ishlash huquqi buxgalteriya hisob-kitobi va moliya nazorati sohasida kamida besh yillik amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan, auditorlik faoliyati bilan shugʻullanishga huquq beradigan litsenziyaga ega boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga beriladi.
2. Auditorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasi boʻlmagan shaxslarga auditorlik faoliyati bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
V. Auditorlar (auditorlik firmalari)ning huquqlari va burchlari
Auditorlar (auditorlik firmalari)ning huquqlari va burchlari “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan tartibga solinadi.
VI. Auditorlik firmasiga rahbarlik
Auditorlik firmasiga taʼsis etuvchilar tomonidan tanlov asosida tayinlanadigan rahbar boshchilik qiladi.
Auditorlik firmasining rahbari:
barcha ishlarni rejalashtiradi va tashkil etadi, firma ishining natijalari uchun shaxsan javob beradi;
firma nomidan ish koʻradi, barcha davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlarida, muassasalarda hamda korxonalarda uning manfaatlarini ifodalaydi. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mulkka va moliya mablagʻlariga egalik qiladi, bank muassasalarida hisob-kitob schyotlarini va boshqa schyotlarni ochadi;
oʻz huquqlari doirasida firmaning barcha xodimlari uchun bajarish majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, mehnat qonunlariga muvofiq xodimlarni ishga qabul qiladi, ishdan boʻshatadi va ularga tegishli jazolar beradi;
buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi majburiyatlarning bajarilishini tashkil etadi, xodimlarning yuksak unum bilan ishlashlari uchun sharoit yaratadi, mehnat intizomiga rioya etilishini taʼminlaydi;
rejaning va shartnoma majburiyatlarining qanday bajarilayotganligi va moliya-xoʻjalik faoliyatining natijalari haqida taʼsis etuvchilar oldida hisobot beradi.
VII. Auditorning masʼuliyati
Auditor (auditorlik firmasi) auditorlik tekshiruvlarni oʻtkazishda “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik aktlari qoidalarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
VIII. Buxgalterlik hisob-kitobi va nazorat
1. Auditor firmasi buxgalteriya hisob-kitobini olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va boshqa organlarga belgilangan tartibda statistika va buxgalteriya hisobotini topshiradi.
2. Auditorlik firmasining moliya-xoʻjalik faoliyati uni taʼsis etuvchilar tomonidan taftish qilinadi.
3. Auditorlik firmasining qayta tuzish va tugatish qonun bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Auditorlar Palatasi haqida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Auditorlar Palatasi (bundan keyin matinda Palata deb ataladi) moliya, iqtisodiyot va xoʻjalik yuritish sohasidagi yetakchi mutaxassislar tomonidan ixtiyoriylik asosida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida auditorlik faoliyatini rivojlantirish, takomillashtirish, unifikatsiyalashga koʻmaklashish uchun daʼvat etilgan auditorlarning mustaqil jamoat tashkiloti hisoblanadi.
2. Palata yuridik shaxs boʻlib, bank muassasalarida oʻz schyotiga va muhriga ega boʻladi, Palataning Ustavi taʼsis etuvchilar tomonidan tasdiqlanadi. Palata Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida Davlat roʻyxatiga olinadi.
3. Palata oʻz faoliyatida “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Palata auditorlik firmalari va auditorlarning bir-birlarini tushunib ish olib borishlarini, hamkorlik qilishlarini va oʻzaro aloqada ish koʻrishlarni taʼminlaydi.
5. Palata oʻz aʼzolarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishga, kasb tayyorgarligi darajasini oshirishga koʻmaklashadi.
II. Palataning asosiy vazifalari va funksiyalari
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona uslubiyat asosida auditni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqishga koʻmaklashish.
2. Auditorlik faoliyatini muvofiqlashtirish, auditorlarning kasb faoliyati masalalari boʻyicha doimiy qoʻmitalar, vaqtinchalik komissiyalar va ishchi guruhlarini tuzish.
3. Auditorlik xizmatlari bozorini tadqiq qilishni amalga oshirish, bu xizmatlarga boʻlgan talablarni qondirishga koʻmaklashish.
4. Auditorlik faoliyatining ilgʻor tajribasini oʻrganish, umumlashtirish va keng yoyish, axborot va oʻquv-uslubiy materiallarni chiqarish, konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish.
5. Burchlarni bajarish masalalari yuzasidan auditorlik firmalari va auditorlarga maslahatlar berish.
6. Ham jismoniy auditorlar, ham auditorlik firmalarining kasb tavakkalchiligini sugʻurta qilish.
7. Auditni rivojlantirish masalalari boʻyicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash va bu yoʻnalishda qonunchilik tashabbusini koʻrsatish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda auditor litsenziyasini olish huquqiga ega boʻlish uchun malakali imtihonlar dasturini va tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
9. Boshqa davlat organlari, auditorlar va buxgalterlarning vatanimizdagi va chet ellardagi tashkilotlari bilan hamkorlik va oʻzaro aloqalarni amalga oshirish.
10. Auditorlarning kasb etikasi Kodeksini tasdiqlash hamda ularning faoliyati yuzasidan daʼvolarni koʻrib chiqish, buzilishlarga yoʻl qoʻygan auditorlarni intizomiy javobgarlikka tortish haqida Palata zarur hollarda auditorlik firmasiga takliflar kiritadi.
11. Xalqaro andazalar asosida auditorlik xulosasi shakllarini va audit oʻtkazish andazalarini ishlab chiqadi.
III. Auditorlar Palatasining aʼzolari
1. Belgilangan tartibi auditorlik faoliyati kasbi bilan shugʻullanish huquqiga litsenziya olgan auditorlar Palataning yakka tartibdagi aʼzolari boʻlishlari mumkin.
2. Palata aʼzoligiga qabul qilish Palataga kiruvchining yozma arizasiga binoan amalga oshiriladi va Palata hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
3. Palata aʼzolari kirish va aʼzolik badallarini toʻlaydilar. Kirish va aʼzolik badallarining miqdori, toʻlash tartibi va muddatlari Palata hayʼati tomonidan belgilanadi.
IV. Palata aʼzolarining burchlari
1. Oʻzbekiston Respublikasining auditorlar Palatasi haqidagi Nizomga rioya qilish.
2. Palata oldida turgan vazifalarni bajarishga faol yordam berish.
3. Buxgalteriya va auditorlik faoliyati masalalari boʻyicha Palataning uslubiy tavsiyalarini keng yoyish va qoʻllanishga koʻmaklashish.
V. Palata aʼzolarining huquqlari
1. Doimiy qoʻmitalar, komissiyalar va ishchi guruhlari ishida qatnashish.
2. Auditorlar Palatasi faoliyatini yaxshilash masalalari yuzasidan takliflar kiritish.
3. Palataning huquq doirasiga kiradigan masalalarni hal etishda zarur yordam olish.
4. Palata xizmatlaridan birinchi navbatda foydalanish.
5. Palataning rejalari va tadbirlari haqida axborot olish.
6. Berilgan arizaga asosan Palata tarkibidan chiqish.
VI. Palataning rahbar organlari
1. Palata faoliyatini taʼsis etuvchilar yigʻilishida har yili saylanadigan hayʼat boshqaradi.
2. Hayʼat raisi Palataning butun ishlarini rejalashtiradi va uyushtiradi, Palata nomidan harakat qiladi, barcha davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlarida, muassasalarda hamda korxonalarda uning manfaatlarini ifodalaydi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq mulk va moliyaviy mablagʻlarga egalik qiladi, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlar ochadi. Oʻz huquqlari doirasida buyruqlar chiqaradi va mehnat qonunchiligiga muvofiq xodimlarni ishga qabul qiladi, ishdan boʻshatadi, ragʻbatlantiradi hamda ularni jazolaydi.
3. Rais oʻz faoliyati haqida, hayʼatning ishi haqida va Palata faoliyatining yakunlari toʻgʻrisida taʼsis etuvchilarniig umumiy yigʻilishi oldida hisob beradi.
4. Palataning ishini taʼsis etuvchilarning umumiy yigʻilishida saylanadigan taftish Komissiyasi taftish qiladi, uning natijalari esa hayʼat raisining oʻz ishi haqidagi hisoboti bilan bir vaqtda umumiy majlisda eʼlon qilinadi.
VIII. Pul mablagʻlari va xarajatlar smetasi
1. Auditorlar Palatasini saqlash kirish va aʼzolik badallari tushumlari hisobiga amalga oshiriladi.
2. Palataning xarajatlar smetasi, shtat jadvali, xodimlar soni va mansab okladlari hayʼat tomonidan tasdiqlanadi.