Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.05.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETIGA TALABALAR QABUL QILISh HAMDA OʻQISh UChUN HAQ TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 225-sonli “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish hamda oʻqish uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 26-martdagi 165-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 20-iyun,
231-son
Vazirlar Mahkamasining
1995-yil 20-iyundagi 231-son qaroriga
ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish hamda oʻqish uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida
nizom
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi PF-474-son Farmonini ijro etish yuzasidan hamda tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan ixtisosliklar boʻyicha oʻqitish uchun iqtidorli yoshlarni tanlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalarni qabul qilishning quyidagi tartibi belgilanadi;
I. Umumiy qoidalar
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga 1995/96 oʻquv yillari va keyingi oʻquv yillarida qabul qilinadigan talabalar soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-maydagi 195-son qaroriga muvofiq 150 nafar miqdorida belgilangan, shu jumladan, quyidagi ixtisosliklar boʻyicha:
xalqaro munosabatlar va xalqaro jurnalistika — 25 kishi
xalqaro huquq — 50 kishi
xalqaro iqtisodiy munosabatlar — 75 kishi
Qabul komissiyasi tarkibini, test sinovlarini oʻtkazish tartibini, testlarni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori tasdiqlaydi.
Abituriyentlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
— qabul imtihonlarida qatnashish toʻgʻrisida ariza;
— aʼlo va yaxshi baholi, oʻrtacha bali 4,6 dan kam boʻlmagan oʻrta (oʻrta maxsus) maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning asl nusxasi;
— 086—V shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma va turar joydagi tibbiy muassasadan olingan vrachlar maslahati komissiyasi xulosasi;
— uchta fotosurat.
Abituriyentlar pasport va harbiy hisobda turganlik guvohnomasi (yoki harbiy bilet)ni ham shaxsan koʻrsatadilar.
Imtihon sinovlari koʻp balli reyting tizimi boʻyicha kompyuter texnikasidan foydalangan holda, haq toʻlash asosida, maxsus test sinovlari yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Imtihon sinovlariga jadvalda belgilangan vaqtda yetib kelmaganlar abituriyentlar safidan chiqariladilar.
Test sinovlari tugallanishi bilan mandat komissiyasi tanlov natijalarini viloyatlarning tashqi aloqalar mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojlarini teng darajada hisobga olgan holda uzil-kesil qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oʻquv yurtlariga qabul qilish davlat komissiyasiga taqdim etadi.
Oʻquv yurtlariga qabul qilish davlat komissiyasining qarori, shuningdek, abituriyent va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻrtasida tuzilgan shartnoma, pul mablagʻlarini 20-avgustgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hisob-kitob schyotiga kelib tushganligini tasdiqlovchi moliyaviy hujjat asosida abituriyentni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “chet til” (ingliz, nemis, fransuz tili) fani boʻyicha xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblari Oʻquv yurtlariga qabul qilish davlat komissiyasi qarori bilan tanlovsiz qabul qilinadilar.
II. Hujjatlarni qabul qilish va test sinovlaridan oʻtish tartibi
Hujjatlar abituriyentlardan 20-iyun — 7-iyul kunlari mobaynida qabul qilinadi.
Imtihon sinovlari 8-iyul — 14-iyul kunlari mobaynida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻtkaziladi hamda u oʻzbek, rus tillari va chet tillardan biri boʻyicha (ingliz, nemis, fransuz tili), koʻrsatib oʻtilgan tillarda quyidagi ixtisosliklar boʻyicha kompyuterda test sinovini oʻz ichiga oladi:
xalqaro munosabatlar va xalqaro jurnalistika — ijtimoiy-siyosiy va xalqaro mavzu;
xalqaro huquq — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va huquqshunoslik;
xalqaro iqtisodiy munosabatlar — matematika va geografiya.
Mandat komissiyasi abituriyentlarning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqish va keyinchalik tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohalarida ishlash imkoniyatlarini koʻrsatuvchi bilimlari, qobiliyatlari va maqsadlarini qoʻshimcha tarzda aniqlashga qaratilgan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazishga haqlidir.
III. Boshlangʻich kursga qabul qilish tartibi
Boshlangʻich kurs tinglovchilarga asosiy fanlarni chuqurroq oʻrganishlarida amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining tarkibiy boʻlinmasi sifatida tashkil etilgan.
Boshlangʻich kursga test sinovlarida ishtirok etgan, ammo Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirish uchun zarur ballarni toʻplay olmagan uzoq joylardan kelgan (shaharlar va unga yaqin joylar bundan mustasno) abituriyentlar reyting tizimiga muvofiq qabul qilinadilar.
1995-96 oʻquv yillari va keyingi oʻquv yillari uchun joylar kvotasi — 30 kishi.
Boshlangʻich kursda oʻqishlar kunduz kuni va ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.
Boshlangʻich kursga kirishni xohlovchilar shartnoma tuzilgandan keyin mandat komissiyasining taqdimnomasiga koʻra, shuningdek, pul mablagʻlarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hisob-kitob schyotiga 20-avgustgacha boʻlgan muddatda kelib tushganligini tasdiqlovchi moliyaviy hujjat asosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining rektori buyrugʻi bilan qabul qilinadilar.
Boshlangʻich kurs tinglovchilari oʻquv yili davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida test sinovlarini oʻtkazish haqidagi Nizomga muvofiq ravishda bosqichma-bosqich test sinovlaridan oʻtadilar. Test imtihonlarida umumiy hisobda 80 foizdan ortiq ball toʻplaganlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi kursiga qabul qilinadilar.
Boshlangʻich kurs tinglovchilariga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talablarining barcha huquq va majburiyatlari joriy qilinadi.
IV. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-maydagi 195-son qaroriga muvofiq abituriyentlarni boshqa mamlakatlardan, shuningdek, xorijiy kompaniyalar, firmalar, qoʻshma korxonalar buyurtmanomalariga koʻra qabul qilish va oʻqitish kontrakt-shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kontrakt-shartnoma asosida qabul qilinadigan talabalar soni ularga yuqori darajada taʼlim berishni taʼminlash, tegishli uy-joy va maishiy sharoitlarni yaratish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-maydagi 195-son qarori bilan belgilangan talabalarning umumiy soniga kirmaydi.
Kontrakt-shartnoma asosida oʻqish ishtiyoqini bildirganlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
— boshqa mamlakatlarning fuqarolari, oʻz yurtlarining quyidagi muassasalaridan birining taqdimnomasini; mamlakat Hukumati, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy taʼlim vazirligi, Tashqi savdo (tashqi iqtisodiy aloqalar) vazirligi, davlat hokimiyat organlari va viloyatlar boshqarmalari (ularga tenglashtirilgan maʼmuriy-hududiy birliklar), elchixona;
— yoki Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek, boshqa mamlakatlar fuqarolari xorijiy kompaniya, firma, qoʻshma korxona rahbariyatining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga mazkur tashkilotga tegishli mutaxassisni tayyorlab berish toʻgʻrisidagi buyurtmanoma-murojaatnomasi;
— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilish haqidagi shaxsiy ariza;
— oʻrta yoki oliy maʼlumot haqidagi hujjatlarning asl nusxasi (oʻqishga kiruvchining mamlakatidagi taʼlim tizimining xususiyatlarini hisobga olgan holda);
— buyurtmachi (xorijiy firma, kompaniya, qoʻshma korxona) va abituriyent oʻrtasida tuzilgan shartnomaning nusxasi;
— sogʻligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa yoki xalqaro tibbiy sertifikat;
— uchta fotosurat.
Abituriyentlar pasportlarini va harbiy hisobda turganlik guvohnomasi (yoki harbiy bilet)ni ham shaxsan koʻrsatadilar.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida kontrakt-shartnoma asosida oʻqishni xohlovchilar chet tilni (ingliz, nemis, fransuz tili), oʻzbek va rus tillarini va ijtimoiy-siyosiy fanlar (xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetiga kirishda matematika) sohasidagi bilimlarni aniqlash maqsadida suhbatdan oʻtadilar.
Suhbat uchun savollar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbatni tegishli fan sohalari mutaxassislarini jalb qilgan holda qabul komissiyasi oʻtkazadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kontrakt-shartnoma asosida qabul qilish zarur hujjatlar, suhbatning ijobiy natijasi, tuzilgan shartnoma, 20-avgustgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti valyuta schyotiga valyuta mablagʻlari kelib tushganligini tasdiqlovchi moliyaviy hujjat mavjud boʻlgan taqdirda rektorning buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
V. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqish uchun haq toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi PF-474-son Farmoniga muvofiq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqish — pullidir.
Toʻlov miqdori narxlar va toʻlanadigan stipendiya pulining oʻzgarib turishini hisobga olgan holda joriy sarf-xarajatlardan kelib chiqib belgilanadi va u Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish toʻgʻrisida” 1995-yil 31-maydagi 195-son qaroriga muvofiq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bir talabaning oʻqishi uchun qilinadigan barcha xarajatlarning 40 foizini qoplash bilan har oʻquv semestrining boshlanishida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Birinchi kursda oʻqish uchun haq toʻlash abituriyentlarning oʻz mablagʻlari yoki korxonalar (tashkilotlar), sponsorlar mablagʻlari hisobidan naqd pul va naqd pulsiz shaklda, shuningdek, ayrim hollarda bank kreditlari hisobidan bank muassasalari orqali mandat komissiyasining tavsiyanomasiga koʻra test sinovlari natijalari eʼlon qilingandan soʻng 20-avgustgacha amalga oshiriladi.
Barcha fanlardan 75 foizdan ortiq oʻzlashtirishga ega boʻlgan va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talab qilinadigan oʻqish va tartib intizomning asosiy talablariga toʻliq rioya qilgan talabalar bank kreditlarini olish huquqiga ega boʻladilar.
Boshlangʻich kursning birinchi semestrida bolalar uylari tarbiyalanuvchilariga, vasiysiz qolgan bolalarga, xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblariga oʻqish uchun bank kreditlari ajratiladi.
Kontrakt-shartnoma asosida oʻqish uchun toʻlovlar valyuta mablagʻlarini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining valyuta schyotiga oʻtkazish yoʻli bilan har yili 20-avgustgacha naqd pul va naqd pulsiz amalga oshiriladi.
Ular uchun oʻqish haqlari quyidagi miqdorda belgilanadi:
1. Xorijiy fuqarolar uchun til boʻyicha tayyorlov boʻlimi: bir yillik oʻqish 1—1,5 ming AQSh dollari;
2. Kontrakt-shartnoma asosida (bakalavriatda bir yillik oʻqish haqi — 5 ming AQSh dollari.
Xorijiy kompaniyalar (firmalar, qoʻshma korxonalar)ning buyurtmalariga koʻra tayyorlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ham oʻqish haqi 5 ming AQSh dollari miqdorida toʻlanadi.
3. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga 1994/95 oʻquv yili va oldingi oʻquv yillarida kontrakt-shartnoma asosida (ilgari imzolangan hujjatlarga koʻra) kirgan talabalarning oʻqish haqlari oldingi darajada saqlab qolinadi.
Qoʻshimcha dastur boʻyicha oʻqish, turar joy va stipendiya uchun haq koʻrsatib oʻtilgan pul miqdorlariga kiritilmagan va u qoʻshimcha bitim bilan belgilanadi.
Boshlangʻich kurs tinglovchilarining oʻqish haqi miqdori oʻqitishning har bir semestri uchun talabaning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqishi uchun barcha xarajatlar 30 foiz qoplanishiga asoslangan hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va tinglovchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan belgilanadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining muayyan kursida toʻliq taʼlim kursini oʻtgan, lekin test sinovlari davomida yetarli miqdorda ball toʻplay olmagan talabalar keyingi kursga oʻtkazilmaydi. Bunday hollarda oʻqish uchun ilgari toʻlangan mablagʻlar ularga qaytarilmaydi.