Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.07.2018
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-iyuldagi 561-sonli “Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqida tegishli bo‘lgan noturar ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur Nizomni oldi-sotdi, almashish, sug‘urta qilish, hadya etish va mulk egasining boshqa egalik qilish funksiyalari masalalarida majburiy (ixtiyoriy) sug‘urtalash maqsadida, shuningdek, savdo, xizmat ko‘rsatish obyektlariga va ko‘chmas mulk bilan amalga oshiriladigan boshqa operatsiyalarga nisbatan qo‘llash tavsiya qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1995-yil 29-dekabr,
478-son
Vazirlar Mahkamasining
1995-yil 29-dekabrdagi 478-son qaroriga
ILOVA
Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-dekabrdagi 591-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda jismoniy shaxslarning mol-mulki (turar joylar, kvartiralar, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari a’zolarining bog‘ uychalari, garajlar va boshqa imoratlar, binolar va inshootlar) ni, bundan keyin “mol-mulk” deb ataladi, ulargi soliq solish maqsadida baholash va qayta baholash tartibini belgilaydi.
2. Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan mol-mulkning ro‘yxatga olish qiymati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalarining tegishli tumanlar (shaharlar)dagi filiallari tomonidan aniqlanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
3. Soliq solish obyektlarini baholash va qayta baholash qanday o‘tkazilayotganligini nazorat qilishni Davlat soliq qo‘mitasining joylardagi organlari amalga oshiradilar. Shundan kelib chiqib zarur hollarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tumanlar)dagi filiallari soliq organlarining so‘rovlariga ko‘ra jismoniy shaxslarning mulkini baholaydilar va qayta baholaydilar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
II. Baholash obyektlari
4. Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan turar joylar, kvartiralar, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari a’zolarining bog‘ uychalari, garajlar va boshqa imoratlar, binolar va inshootlar soliq solish uchun baholash obyektlari hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
5. Imoratlar, binolar va inshootlar qurilayotgan vaqtda va ular bunyod etilgan yil davomida;
ega bo‘lmagan imoratlar, binolar va inshootlar;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
mahalliy davlat boshqaruvi organlari qarori bilan har xil sabablarga ko‘ra bundan keyin foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan imoratlar, binolar va inshootlar soliq solish maqsadida baholanmaydilar.
6. Fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan va foydalanilayotgan imoratlar ham soliq solish maqsadida baholanishi kerak. Bunda bu kabi imoratlar uchun soliq to‘lash mulkchilik bo‘yicha boshqa huquqiy kafolatlarni keltirib chiqarmaydi, bundan faqat soliqqa oid majburiyatlar mustasnodir.
7. Baholashni o‘tkazish jarayonida aniqlangan o‘zboshimchalik bilan qurilgan va egasi bo‘lmagan imoratlar ro‘yxatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tumanlar)dagi filiallari amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda ulardan bundan keyin foydalanish va ularning tegishliligi to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun hokimliklarga taqdim etadilar.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
III. Baholash va qayta baholashning asosiy prinsiplari
8. Imoratlar va inshootlarni baholash ishlab chiqiladigan jadvallar bo‘yicha 1991-yil narxlari darajasidagi bazis narxlarda tiklash qiymatini aniqlashdan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan koeffitsiyentlar bo‘yicha baholashning shu yildagi narxlari darajasida haqiqiy qiymatini aniqlashdan iboratdir.
9. Tiklash qiymati imoratlarning bazis narxlarida uni tiklashga sarflangan barcha xarajatlar summasini, ya’ni umumqurilish, pardozlash, maxsus qurilish ishlari xarajatlari summasini, shu jumladan, pudrat tashkilotlari tomonidan sarflangan limitlangan xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi.
10. Soliq solish uchun imoratlar va inshootlarning qiymatini aniqlash baholash paytida yil narxlari darajasidagi haqiqiy qiymat bo‘yicha amalga oshiriladi.
11. Uy-joylar va boshqa imoratlarning jismoniy eskirishini aniqlash imoratni ko‘zdan kechirish natijalariga ko‘ra konstruktiv elementlarning jismoniy eskirishini aniqlash usuli bilan amalga oshiriladi. Konstruktiv elementlar bo‘yicha jismoniy eskirish foizini aniqlashda baholash paytida ularning texnik holatini tekshirish asosida ushbu elementlarning eskirishi foizi belgilanadi.
Turar-joy binolarining jismoniy eskirganligi Turar-joylarning jismoniy eskirganligini baholash usuli (VSN53 – 86) ga ko‘ra aniqlanadi.
Foydalanishga topshirilgan sanasi va xizmat qilish normativ muddati ma’lum imoratlar va inshootlar (uy-joylardan tashqari) ning jismoniy eskirganligi jadvalga muvofiq xizmat qilish muddatlariga ko‘ra aniqlanadi.
12. Jismoniy shaxslarning mulki uy-joylar, kvartiralar (xususiylashtirilganlari ham), garajlar, boshqa imoratlar, binolarni baholash va qayta baholash uchun yagona funksional ko‘rsatkich – imoratlar, binolar umumiy maydonining kvadrat metrini aniqlanadi.
13. Imoratlar, binolar va inshootlarni baholash texnik qayta ro‘yxatga olish va ro‘yxatga olishning amaldagi normalariga, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq o‘tkaziladigan qayta ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida asosiy ishlab chiqarish fondlarini qayta baholash uchun belgilangan sanada amalga oshiriladi.
14. Imoratlar, binolar va inshootlarni qayta ro‘yxatga olish besh yilda kamida bir marta o‘tkaziladi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash va qayta baholashga oid normativ hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Fuqarolar o‘zlariga tegishli imoratlar, inshootlarni ro‘yxatga olishdan bosh tortganlari taqdirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiali bir oy muddatda ijro etuvchi hokimiyat organlarini va soliq solish obyekti joylashgan joydagi soliq inspeksiyasini bundan xabardor qilishi shart.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
15. Imoratlar, binolar va inshootlarning mazkur Nizomga muvofiq belgilangan haqiqiy qiymati ko‘rsatib o‘tilgan obyektlarni navbatdagi baholash va qayta baholashgacha o‘zgarishsiz qoladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy moliya, hududiy kommunal-foydalanish organlari, soliq organlarining taqdimnomasiga ko‘ra inflatsiyaning darajasini va narxlarning o‘zgarishini hisobga olgan holda har yili bo‘lajak yilda soliq solish maqsadida tuzatish koeffitsiyentlarini tasdiqlaydilar.
Fuqarolarning mol-mulkida o‘zgarishlar bo‘lgan taqdirda (rekonstruksiya qilinishi, qo‘shimcha joylarda qurilishi, obyektlarning qo‘shimcha qurilishi) ham soliq organlariga tegishli ma’lumotlar taqdim etilgan holda yangidan baholash o‘tkaziladi.
IV. Baholash natijalarini rasmiylashtirish
16. Ish yakunlari bo‘yicha ijrochi buyurtmachiga yoki tegishli soliq organiga imoratlar, binolar va inshootlarni baholashning yig‘ma vedomostini taqdim etadi. Yig‘ma vedomost ishning ijrochilari tomonidan imzolanadi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiali boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi (ilova qilinmoqda).
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
17. Yig‘ma vedomostni to‘ldirish “Mol-mulk egasi” (obyekt egalari) ustunida quyidagilar ko‘rsatiladi:
agar mulk egasi faqat jismoniy shaxsning o‘zi bo‘lsa – uning familiyasi, ismi, otasining ismi;
mulk ulushli bo‘lgan taqdirda – egalik ulushlari egalikni belgilovchi hujjatlar bilan tasdiqlangan barcha mol-mulk egalari ko‘rsatiladi.
18. Soliq organlariga ishonchli bo‘lmagan axborot taqdim etilganligi uchun imoratlar, binolar va inshootlarni baholashning yig‘ma vedomostini tuzgan ijrochilar va uni tasdiqlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiali boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
V. Nizolarni ko‘rib chiqish
19. Soliq solinadigan obyektlarni baholash masalalariga oid nizolarni ko‘rib chiqish, ular yuzasidan qarorlar qabul qilish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan binolar
va inshootlarni baholash, qayta baholash to‘g‘risidagi Nizomga
ILOVA
201__ yil 1-yanvargacha bo‘lgan holatiga ko‘ra jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan imoratlar, binolar va inshootlarni baholashning
yig‘ma vedomosti

Tartib raqami‎

Obyektning nomi va uning qayerda joylashganligi‎

Obyektning qayta ro‘yxatga olingandan keyingi qiymati, so‘m‎

Mol-mulkning egasi (egalari)‎

Umuman obyekt bo‘yicha egalik ulushi‎

Obyektning binolari, xizmat xonalari va inshootlari nomi‎

Obyektning binolari, xizmat xonalari va inshootlarining qayta ro‘yxatga olish qiymati, so‘m‎

Obyektning binolari, xizmat xonalari‎ va inshootlari egasi (egalari) / so‘m

Egalik ulushi‎




‎Ijrochilarning
imzolari‎


‎‎

‎‎

‎‎‎___________________________________________________ yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat ‎ ‎ ‎ ‎ (mintaqa nomi)

‎‎ ‎ ‎ ‎

‎‎‎korxonasining ____________ tuman (shahar) filiali boshlig‘i
‎‎
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1995-y., 12-son, 49-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 23-son, 269-modda; 2017-y., 35-son, 931-modda)