O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi va “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq, shuningdek, kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirishga, olib kirishga (olib chiqishga), qayta ishlashga, saqlashga, realizatsiya qilishga (berishga), olishga va tashishga yuridik shaxslarga mazkur faoliyat turi uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda berilgan litsenziyaga asosan ruxsat etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)
3. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan kannabis o‘simligini (Cannabis Sativa L.) (keyingi o‘rinlarda — kannabis o‘simligi) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi;
kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yerlar ajratib beriladi;
kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish uchun ekin navining uchinchi va undan keyingi reproduksiyadagi urug‘liklarini ekishga yo‘l qo‘yilmaydi;
kannabis o‘simligi va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizdan oshgan hollarda, ushbu o‘simlik, shuningdek, uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar belgilangan tartibda olib qo‘yiladi va yo‘q qilinadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish uchun ushbu o‘simlik tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi miqdorini (0,2 foizdan kam bo‘lgan) minimallashtirish bo‘yicha seleksiya va urug‘chilik ishlarini tashkil etsin;
Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanoat maqsadlari uchun foydalaniladigan kannabis o‘simligidan giyohvand vositalar va psixotrop moddalar tayyorlanishining oldini olish hamda davlat ekspert tashkilotlari mintaqaviy kimyo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zarur zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash hamda akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish va tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
770-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-oktabrdagi 725-sonli qaroriga asosan 1-bandning o‘z kuchini yo‘qotish sanasi — 2025-yil 3-fevral — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2024-y., 09/24/725/0879-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati (I ro‘yxat)ning rus tilidagi matnida 53-pozitsiyaning “Naimenovaniye narkoticheskogo sredstva” ustuniga” (za isklyucheniyem rasteniya kannabis, s soderjaniyem narkoticheskogo sredstva tetragidrokannabinola do 0,2 protsentov, ispolzuyemogo v promishlennix selyax, ne svyazannogo s proizvodstvom ili izgotovleniyem narkoticheskix sredstv i psixotropnix veshestv)” so‘zlari qo‘shilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 18-iyundagi 511-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisi hamda 3-bandning ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilaridagi “texnik kanop” so‘zlari “kannabis” so‘zi bilan almashtirilsin;
b) ilovaning 1-pozitsiyasi “Investitsiya loyihasining nomi” ustunidagi “texnik kanop” so‘zlari “kannabis” so‘zi bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 09/21/720/1109-son; 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 02.11.2024-y., 09/24/725/0879-son)