1.06.00.00.00 Ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.09.00.00 Imtiyozlar / 06.09.03.00 Avariyalar va tabiiy ofatlar vaqtida zararlangan shaxslarga imtiyozlar va kompensatsiyalar]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholiga tabiiy ofatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tabiiy ofat oqibatida yetkazilgan zararni aniqlash va baholashishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
tabiiy ofat oqibatida jabrlangan shaxslarga etkazilgan zararni qoplash;
tabiiy ofat oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolariga hamda tan jarohati olgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish.
2. Belgilansinki:
yuzaga kelgan tabiiy ofatlarning koʻlamiga qarab (lokal, mahalliy, respublika va transchegaraviy) aholiga yetkazilgan zarar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-iyundagi PF-5066-son Farmoni bilan tashkil etilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda shahar va tumanlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiyalarining taqdimnomalariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar (tumanlar va shaharlar) hokimlarining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida qoplanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining budjet qonunchiligiga muvofiq tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan aholiga yetkazilgan zararni qoplash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yoki Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari sugʻurtalovchi tashkilotlar bilan birgalikda aholining mol-mulk va yashash joylarini tabiiy ofatlardan sugʻurta qilish boʻyicha targʻibot ishlarini amalga oshirsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tabiiy ofatlar sodir boʻlish xavfi yuqori boʻlgan, shuningdek, texnogen xavfli hududlarda bino va inshootlar qurilishining oldini olish boʻyicha tegishli mansabdor shaxslarning masʼuliyatini kuchaytirsin hamda zarur profilaktika choralarini koʻrsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda joylarda tabiiy ofatlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hududlarda yashovchi aholi bilan profilaktika tadbirlarini muntazam oʻtkazib borsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-noyabr,
747-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-noyabrdagi 747-son qaroriga 1-ILOVA
Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga etkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) jismoniy shaxslar sogʻligʻi va mol-mulkiga tabiiy ofatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
birlamchi zaruriy vositalar — ijtimoiy yashash meʼyori doirasida hayot faoliyati uchun zarur miqdorda umumiy maydonga ega boʻlgan, sanitariya talablariga javob beradigan turar joylar va oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplami;
jabrlangan shaxs — tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyat manbai natijasida jarohat olgan yoki moddiy zarar koʻrgan shaxs;
nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplami — kundalik turmushda foydalaniladigan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tayyorlash hamda aholini xabardor qilish vositalari;
tabiiy ofat — maʼlum bir hududdagi yoki suv zonasidagi tabiiy favqulodda vaziyat manbai paydo boʻlishi natijasida yuzaga keladigan, odamlarning qurbon boʻlishiga, sogʻligʻi va atrof-muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy yoʻqotishlarga va odamlar yashash sharoitlarining buzilishiga olib kelgan tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyat;
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat.
3. Mazkur Nizom tabiiy ofat yuzaga kelgan hududda oʻzboshimchalik bilan qurilgan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulklar, shuningdek, qimmatbaho metallarga tatbiq etilmaydi.
Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan, ammo egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olish huquqiga ega boʻlgan, shuningdek, imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxslarga oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin.
4. Sugʻurta obyekti hisoblangan badiiy qiymatga ega buyumlar hamda mol-mulkka tabiiy ofat natijasida yetkazilgan zarar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligiga muvofiq sugʻurtalovchi tashkilot hisobidan qoplanadi.
5. Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — jabrlangan shaxslar) yetkazilgan zararni qoplash ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Tabiiy ofatlar oqibatida etkazilgan zararni aniqlash va baholash ishlarini tashkil etish
6. Tabiiy ofatning koʻlamiga koʻra (lokal, mahalliy, respublika va transchegaraviy) favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kunda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri (shaharlar va tumanlar) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) yoki Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) tomonidan favqulodda vaziyatni eʼtirof etish va bartaraf etish toʻgʻrisida tegishli qarorlar qabul qilinadi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi kuch va vositalarini jalb qilgan holda uning ijrosini taʼminlash yuzasidan belgilangan tadbirlar bajarilishi tashkil etiladi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi va hududiy komissiyalar Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi va hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 19-iyuldagi 525-son qaroriga muvofiq faoliyat yuritadi.
7. Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga etkazilgan zararni aniqlash va baholash ishlarini tashkil qilish favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab ikki kun muddatda uning koʻlamiga qarab (lokal, mahalliy, respublika va transchegaraviy) tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasining qaroriga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Bosh prokuratura yoxud ularning hududiy tuzilmalari vakillaridan iborat Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga etkazilgan zararni aniqlash va baholash boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tuziladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
8. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jabrlangan shaxslarning ariza va hujjatlarini qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
tabiiy ofat hududida zarar koʻrgan uy-joylar, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazish hamda dalolatnoma rasmiylashtirish;
yetkazilgan zararni baholashni tashkil etish va nazorat qilish.
3-bob. Etkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish
9. Jabrlangan shaxslar tabiiy ofat yuzaga kelgan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi arizani toʻldirgan holda tegishli Ishchi guruhga taqdim etadilar.
Jabrlangan shaxsning shaxsan murojaat qilishi imkoni boʻlmaganda, uning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillari (agar jabrlangan shaxs voyaga yetmagan boʻlsa) yetkazilgan zarar miqdorini qoplash boʻyicha ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
10. Etkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
jabrlangan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (favqulodda vaziyat oqibatida ushbu hujjat yoʻqotilganda yoxud yaroqsiz holatga kelganda — Ichki ishlar vazirligi hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi organlari tomonidan beriladigan vaqtinchalik shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki maʼlumotnoma);
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi hujjat (favqulodda vaziyat oqibatida ushbu hujjat yoʻqotilganda yoxud yaroqsiz holatga kelganda — Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tegishli tuzilmalari tomonidan elektron shaklda taqdim etiladi);
tabiiy ofat oqibatida jabrlangan shaxsning yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulkining roʻyxati;
arizani imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat, agar ariza qonuniy vakil tomonidan imzolangan boʻlsa.
11. Ishchi guruh ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi “Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish jurnali”ga kiritgan holda ariza qabul qilingan kun davomida jabrlangan shaxsga hujjatlar qabul qilinganligini tasdiqlovchi tilxat beradi.
Jabrlangan shaxs tomonidan taqdim etilgan arizaga ilova qilingan hujjatlar toʻliq boʻlmagan taqdirda, Ishchi guruh ushbu hujjatlarni ariza qabul qilingan kundan boshlab besh kun muddatda tegishli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab oladi.
4-bob. Etkazilgan zararni aniqlash va baholash
12. Ishchi guruh jabrlangan shaxs tomonidan taqdim etilgan arizani qabul qilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqadi hamda bir vaqtning oʻzida ushbu jabrlangan shaxsga tegishli boʻlgan, tabiiy ofat hududida zarar koʻrgan uy-joylar, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazib, dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda Ishchi guruh jabrlangan shaxs (uning yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakili) va baholovchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — baholovchi) ishtirokida yetkazilgan zararni baholashni tashkil etadi.
13. Etkazilgan zarar miqdorini baholash quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
jabrlangan shaxs (uning yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakili) tomonidan baholovchini tanlash, ikki tomonlama shartnoma imzolash hamda bu haqida Ishchi guruhni xabardor etish;
Ishchi guruh vakillari ishtirokida jabrlangan shaxsga tegishli uy-joylar, binolar, inshootlar hamda mol-mulkka yetkazilgan zararni baholash;
baholash yakunlari boʻyicha uch nusxada umumiy hisobot tayyorlash (umumiy hisobotning bir nusxasi jabrlangan shaxs, bir nusxasi Ishchi guruh, bir nusxasi baholovchi uchun).
14. Baholash ishlari bilan bogʻliq xarajatlar davlat tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
15. Baholashni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida shaffoflik hamda qonuniylik toʻliq taʼminlanishi lozim.
16. Baholovchi tomonidan jabrlangan shaxsga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, xulosa chiqarilgandan soʻng Ishchi guruh tomonidan uch kun muddatda toʻliq hujjatlar tegishli hududiy komissiyaga taqdim qilinadi.
17. Jabrlangan shaxslar Ishchi guruh tomonidan ularning murojaatlarini koʻrib chiqish natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasiga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Jabrlangan shaxslarning shikoyatlari tegishli hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq koʻrib chiqiladi, shikoyatni koʻrib chiqish natijalari haqida jabrlangan shaxs belgilangan tartibda xabardor qilinadi.
5-bob. Jabrlangan shaxslarga etkazilgan zararni qoplash
18. Tabiiy ofat natijasida birlamchi zaruriy vositalar, nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamining qisman yoki toʻliq yoʻqotilishi bilan bogʻliq zararni qoplash maqsadida tumanlar va shaharlar hududiy komissiyalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek, moddiy va moliyaviy resurslari yetarli boʻlmagan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy komissiyalari Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar yuzasidan taqdimnomalar kiritadi:
zarar koʻrgan, buzilgan bino yoki inshootni taʼmirlash yoxud qurish uchun zarur miqdorda pul mablagʻlarini ajratish;
turar joyning ijtimoiy normasiga asosan boshqa turar joy ajratish;
yangi turar joy qurish;
zarar koʻrgan turar joyni taʼmirlash uchun qurilish materiallari ajratish va xizmatlarni amalga oshirish;
yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalarini elektron-onlayn auksion orqali sotib olish xarajatlarini qoplab berish;
(18-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
19. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar bilan bogʻliq toʻlovlar oʻttiz kun muddatda tegishli hududiy komissiyalarning taqdimnomalariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Etkazilgan zarar bilan bogʻliq toʻlovlarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurlar yetarli boʻlmagan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan mablagʻ ajratilishi yuzasidan asoslangan buyurtma bilan Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilishlari mumkin.
20. Jabrlangan shaxslar yangi turar joy qurilishi davrida vaqtinchalik uy-joy bilan taʼminlanish yoki turar joy ijarasi uchun tovon puli olish huquqiga ega.
21. Turar joy shikastlanganda yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelganda quyidagi tartibda tovon puli toʻlanadi:
hududning xususiyatlariga koʻra sanitariya talablariga javob beradigan, zarur yashash sharoitlari bilan taʼminlagan holda turar joyni tabiiy ofat yuz bergunga qadar boʻlgan holatiga keltirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun uy-joyning egasi tomonidan taʼmirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida oʻtkazib beriladi;
(21-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
mol-mulk bilan birga yangi yashash joyiga koʻchib oʻtish xarajatlari qoplab beriladi.
22. Jabrlangan shaxsga qurilish materiallari va xizmatlari taqdim etilganda, ularning qiymati yetkazilgan zararni qoplash miqdoridan ushlab qolinadi.
23. Tovon puli jabrlangan shaxsning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
24. Toʻlangan tovon pulining hisobini yuritish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
25. Yangi turar joy qurilishi jarayonida yoki kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirilishiga qadar jabrlangan shaxs vafot etsa, uning huquq va majburiyatlari merosxoʻrlariga teng ulushda oʻtkaziladi.
Merosxoʻrlarning doirasi va ularning meros ulushlari meros huquqini tasdiqlash asosida, kelishmovchilik yuzaga kelganda esa — sud tartibida belgilanadi.
26. Etkazilgan zarar miqdori qoplangandan soʻng arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish jurnaliga zararni qoplash boʻyicha toʻlovning sanasi, miqdori va toʻlov hujjatining raqami yoziladi.
27. Quyidagi shaxslarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari hisobidan bir martalik moddiy yordam toʻlab beriladi:
tabiiy ofat oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi, bolalari, ota-onalari va qaramogʻidagi shaxslar) uchun har bir oila aʼzosiga teng ulushda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari;
tabiiy ofat oqibatida ogʻirtan jarohati olgan fuqarolarga — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati olgan fuqarolarga — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari hamda yengil tan jarohati olgan fuqarolarga — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha yigʻilgan barcha hujjatlar (ariza, dalolatnoma, baholash hisobotlari, toʻlov varaqalari va boshqalar) hamda “Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish jurnali” belgilangan tartibda tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)larning arxiviga 75 yil muddatga saqlash uchun topshiriladi.
29. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
30. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash
SXEMASI
Bosqichlar
Masʼul ijrochilar
Amalga oshiriladigan tadbirlar
Ijro muddati
Tabiiy ofatlar oqibatida etkazilgan zararni aniqlash va baholash ishlarini tashkil etish
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiya yoki Hukumat komissiyasi
1. Favqulodda vaziyatni eʼtirof etish va bartaraf etish toʻgʻrisida tegishli qarorlar qabul qiladi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olishva bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi kuch va vositalarini jalb qilgan holda uning ijrosini taʼminlash yuzasidan belgilangan tadbirlar bajarilishini tashkil etadi.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan
kun davomida
2. Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — jabrlangan shaxslar) etkazilgan zararni aniqlash va baholash boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tuzadi hamda uning vazifalarini taqsimlaydi.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab ikki kun muddatda
Etkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish
Jabrlangan shaxs (uning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili)
Tabiiy ofat oqibatida jabrlangan shaxslarga etkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisida tasdiqlangan shakldagi arizani, belgilangan hujjatlarni ilova qilgan holda tegishli Ishchi guruhga taqdim etadi.
Tabiiy ofat yuzaga kelgan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida
Ishchi guruh
1. Jabrlangan shaxslarning ariza va hujjatlarini roʻyxatdan �tkazib, jabrlangan shaxslarga hujjatlar qabul qilinganligini tasdiqlovchi tilxatlar beradi.
Ariza qabul qilingan kunda
2. Jabrlangan shaxslar tomonidan taqdim etilgan arizaga ilova qilingan hujjatlar toʻliq boʻlmagan taqdirda, ushbu hujjatlarni tegishli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab oladi.
Ariza qabul qilingan kundan boshlab besh kun muddatda
Etkazilgan zararni aniqlash va baholash
Ishchi guruh
1. Jabrlangan shaxs tomonidan taqdim etilgan arizani koʻrib chiqadi hamda bir vaqtning oʻzida ushbu jabrlangan shaxsga tegishli boʻlgan, tabiiy ofat hududida zarar koʻrgan uy-joylar, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazib, dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Ariza qabul qilingan kundan boshlab oʻn kun muddatda
2. Jabrlangan shaxs (uning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili) va baholovchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — baholovchi) ishtirokida yetkazilgan zararni baholashni tashkil etadi.
Dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab oʻn kun mu�datda
3. Baholovchi tomonidan taqdim etilgan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar miqdorlari toʻgʻrisidagi toʻliq hujjatlarni tegishli hududiy komissiyaga taqdim qiladi.
Baholash yakunlangandan soʻng uch kun muddatda
Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar bilan bogʻliq toʻlovlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Tegishli hududiy komissiya tomonidan taqdimnoma kiritilgandan soʻng oʻttiz kun muddatda
Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish
JURNALI
T/r
Tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan fuqaroning F.I.O.
Kelib tushgan sanasi, kirish raqami
Yashash manzili
Zararni qoplash uchun sabab (tabiiy ofat vaqti, joyi va turining qisqacha tavsifi)
Moddiy zarar miqdori
Berilgan moddiy yordam uchun toʻlov topshiriqnomasi raqami va sanasi (roʻyxatdan oʻtkazuvchining imzosi)
1.
2.
3.
...
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-noyabrdagi 747-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 525-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 7-son, 151-modda) bilan tasdiqlangan Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomda:
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdimnomalar kiritadilar”;
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi qoʻshilsin:
“tabiiy ofatlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha belgilangan tartibda tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdimnomalar kiritadilar”;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 543-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/543/0830-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2020-y., 09/20/747/1561-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/543/0830-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)