1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.04 (Кучини йукотган) Davlat oliy taʼlim muassasalari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.10.00 Tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik, musiqa]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Maqom va baxshichilik sanʼati sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, taʼlim jarayoniga oʻqitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, soha mutaxassislarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining “Oʻzbek maqom sanʼati fakulteti” hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari negizida maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi ― Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti (keyingi oʻrinlarda ― Institut) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutiga Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutidan oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Institut:
yuridik shaxs maqomiga, oʻz ustaviga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga ega boʻlgan, ushbu qarorga 1-ilovada keltirilgan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
bir qancha xalqaro taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlariga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab taʼlimning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga idoraviy jihatdan boʻysunadi.
4. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
madaniyat sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib maqom ijrochiligi va baxshichilik sanʼati boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;
maqom ijrochiligi va baxshichilik sanʼati boʻyicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga xos ijro uslublari va anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish;
milliy musiqa sanʼati va xalq ijodiyoti yoʻnalishlarida oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish, atoqli bastakorlar, hofiz va sozandalar, baxshi va oqinlarning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va qayta tiklash, shuningdek, mumtoz musiqa sanʼati namunalarini notaga koʻchirish;
milliy musiqa sanʼati va xalq ijodiyoti yoʻnalishlarida xorijiy taʼlim muassasalari va markazlari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
oʻquv jarayonining amaliyot bilan uzviyligini taʼminlash maqsadida madaniyat muassasalari va badiiy jamoalar bilan talabalar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
milliy musiqa sanʼati va xalq ijodiyoti yoʻnalishlarining ijodiy, ilmiy-metodik va ijro anʼanalarini puxta oʻzlashtirish maqsadida madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim muassasalari tegishli oʻquv dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash, taʼlim muassasalariga taniqli sanʼatkorlarni biriktirish va shu asosda “ustoz-shogird” anʼanalarini keng joriy etish;
respublikadagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan madaniyat va sanʼat maktablari, maktab-internatlar hamda musiqa va sanʼat kollejlarida taʼlim olayotgan, turli koʻrik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan iqtidorli yoshlarning seleksiyasini amalga oshirish va ularni Institutga oʻqishga jalb etish tizimini ishlab chiqish;
maqom va baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda taʼlim olayotgan oʻquvchilar, “Xalqaro maqom festivali” va “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali” doirasida tashkil etiladigan koʻrik-tanlovlarda isteʼdodli yoshlarning seleksiyasini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amaliyotga keng joriy etish, xususan, yoshlarni musiqa va sanʼatga keng jalb qilish, ularda estetik did va kasb odob-axloqini tarbiyalash maqsadida madaniyat, musiqa va sanʼat yoʻnalishida turli tanlovlar, koʻrgazmalar, ansambllar va toʻgaraklar tashkil etish.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Institutda oʻquv jarayoni 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi;
2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga ushbu qarorga 1-ilovada keltirilgan yoʻnalishlar (mutaxassisliklar) boʻyicha oʻqishga qabul qilingan, shuningdek, ushbu yoʻnalishlar (mutaxassisliklar)da tahsil olayotgan talabalar oʻqishlarini Institutda davom ettiradilar;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Institutga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Institutda maxsus sirtqi taʼlim tashkil etiladi hamda unga madaniyat va sanʼat taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga va taʼlim yoʻnalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yoʻnalishlari uchun pedagogik stajga) ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlaridan (kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar qabul qilinadi.
6. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda oʻquv rejalari va dasturlarini, bitiruvchilarga qoʻyiladigan malaka talablarini oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;
kredit-modul tizimini oʻquv jarayoniga joriy etish borasida professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasini mustaqil meʼyorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan olib borilayotgan oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishini, “ustoz-shogird” anʼanalari joriy qilinishini ragʻbatlantirib borish;
oʻquv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish.
7. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan professor-oʻqituvchilarning ijodiy faoliyati natijalari quyidagilarga tenglashtirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi”, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti”, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq hofizi” faxriy unvonlari ― professor ilmiy unvoniga;
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari ― dotsent ilmiy unvoniga;
ijodiy ishlar (sahnalashtirilgan musiqiy spektakl, musiqiy asarlar, konsertlar, badiiy, hujjatli, qisqa metrajli va animatsion filmlarga yozilgan musiqalar) muallifligi ― ilmiy, oʻquv-metodik ishlarga.
8. Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Quyidagilar Institutni moliyalashtirish manbai etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;
toʻlov-kontrakt asosida talabalar oʻqishidan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
taʼlim xizmatlari koʻrsatishdan, ilmiy-oʻquv, oʻquv-metodik, ilmiy-ijodiy va axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqishdan, konsert-tomosha va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(9-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bir oy muddatda Institut Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mustaqillik shoh koʻchasi, 31-uy manzilidagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga tegishli boʻlgan binoga belgilangan tartibda joylashtirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
a) bir oy muddatda:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani atroflicha oʻrgangan holda, Institutning oʻquv reja va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish;
b) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:
Institutning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan, shu jumladan, xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda malakasini oshirib kelgan professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohadagi salohiyatli amaliyotchi mutaxassislar orasidan shakllantirish;
oʻzbek milliy musiqa sanʼati va xalq ijodiyotining ijodiy, ilmiy-metodik va ijro anʼanalarini puxta oʻzlashtirish va munosib davom ettirish, bunda taʼlim muassasalariga maqom va baxshichilik sanʼati hamda xalq musiqasi ustalarini jalb etish;
respublikadagi mavjud bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va sanʼat kollejlarida oʻzbek milliy musiqa sanʼati va xalq ijodiyotini oʻqitish tizimining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash;
v) 2021-yildan boshlab:
respublikadagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va sanʼat kollejlariga Institutning yetakchi professor-oʻqituvchilarini biriktirish orqali “mahorat maktablari”ni yoʻlga qoʻyish;
iqtidorli talabalarning mamlakatimizda va xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan nufuzli tanlov, festival va ilmiy-ijodiy tadbirlarda muntazam ishtirok etishlarini taʼminlash yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, Institut faoliyatini moliyalashtirish hamda uni musiqa cholgʻulari, mebel jihozlari, zarur uskunalar va ovoz yozish studiyasi anjomlari bilan taʼminlash 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2021-yildan boshlab esa Institut faoliyatini moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
13. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Institutning respublikaning boshqa hududlaridan kelib taʼlim olayotgan talabalarining turar joyga boʻlgan ehtiyojini inobatga olib Institutga yaqin boʻlgan hududdan talabalar turar joyi uchun mos bino yoki yer maydoni ajratish yuzasidan bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. Institutga 3 ta, shu jumladan, 2 ta yengil va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Institut faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida Institutni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet jahon axborot tarmogʻi va boshqa texnik vositalar bilan belgilangan tartibda taʼminlash choralarini koʻrsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 2-sentabr,
536-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 536-son qaroriga 1-ILOVA
Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutiga Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutidan oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar)
ROʻYXATI
I. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidan
Bakalavriat
5111000 ― Professional taʼlim
5150602 ― Vokal sanʼati: anʼanaviy xonandalik
5150716 ― Cholgʻu ijrochiligi: anʼanaviy cholgʻular
5150201 ― Sanʼatshunoslik: musiqashunoslik
Magistratura
5A150202 ― Musiqa sanʼati
5A150601 ― Vokal sanʼati: anʼanaviy xonandalik
5A150702 ― Cholgʻu ijrochiligi: anʼanaviy cholgʻular
II. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutidan
Bakalavriat
5151606 ― Xalq ijodiyoti: baxshichilik va dostonchilik
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 536-son qaroriga 2-ILOVA
Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish
I. Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyish
1.
Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti (keyingi oʻrinlarda ― Institut) tuzilmasini ishlab chiqish va tasdiqlash.
1. Institut oldiga qoʻyilgan maqsadlar va vazifalarni, musiqa sanʼati taʼlimi borasida nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari tajribasini tahlil qilish.
2. Fakultetlar, umumkasbiy va mutaxassislik kafedralari hamda funksional boʻlimlar tarkibini qaytadan koʻrib chiqqan holda Institutning tuzilmasini tasdiqlash.
2020-yil sentyabr
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov)
2.
Institut ustavini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash.
1. Institutning ustavi loyihasini ishlab chiqish.
2. Ustav loyihasini belgilangan tartibda tasdiqlash.
2020-yil sentyabr
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
3.
Institutning shtatlar jadvali va xarajatlari smetasini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash.
1. Institutning shtatlar jadvali va xarajatlari smetasi loyihalarini ishlab chiqish.
2. Shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash.
2020-yil sentyabr
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
4.
Institut oʻquv-normativ bazasini yaratish.
Kadrlar buyurtmachilari tomonidan madaniyat sohasining tarmoq kvalifikatsiya doirasi, har bir kasb va lavozimi boʻyicha professional standartlarni ishlab chiqish va ular asosida davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv-reja va fan dasturlarini tasdiqlash.
2020 ― 2023-yillar
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov),
Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti
5.
Institutni yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida professor-oʻqituvchi va xodimlar tarkibini shakllantirish hamda ishga qabul qilish jarayonini tanlov asosida tashkil etish.
1. Yuqori malakali professor-oʻqituvchi va xodimlarni ishga jalb qilish boʻyicha Ishchi guruh tashkil etish.
2. Oʻzbek milliy musiqa sanʼatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda professor-oʻqituvchi va xodimlar tarkibini tanlov asosida shakllantirish.
2020-yil 10-sentabrga qadar
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
6.
Oʻqitishning kredit-modul tizimiga bosqichma-�osqich oʻtish.
1. Oʻqitishda kredit-modul tizimini joriy etish boʻyicha mahalliy va xalqaro tajribalarni oʻrganish.
2. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab birinchi bosqich talabalarini oʻqitishda kredit-modul tizimini joriy etish.
2021/2022 oʻquv yili
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov),
Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti
II. Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida taʼlim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish
7.
Kadrlarni tanlash va tayinlashning samarali mexanizmini joriy etish.
1. Rektorat, fakultetlar, kafedralar rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilari tarkibini shakllantirish va ularning ish samaradorligini baholashning reyting tizimini bosqichma-bosqich joriy etish.
2. Institut boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish, ularni maqsadli oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyish.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti
8.
Institutning 2021/2022 oʻquv yili va kelgusi yillar uchun oʻqishga qabul qilish kvotasini istiqbolda hududlarni rivojlantirish bilan bogʻliq dasturlarni hamda oʻzbek milliy musiqa sanʼati sohasi boʻyicha mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda shakllantirish.
1. Madaniyat sohasida mehnat resurslariga boʻlgan talabni aniqlash.
2021-yil mart
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A. Ortiqov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov)
2. Tahlil natijasi boʻyicha aniqlangan ehtiyojni oliy taʼlim muassasalariga kvota ajratish rejasiga kiritish.
har yili aprel oyida
9.
Institutda mahorat darslari va maxsus mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarning yuqori malakali olimlari va sanʼat arboblarini taklif etish.
1. Yetakchi turdosh xorijiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va tajribali mutaxassislarning mahorat darslarini tajriba almashish maqsadida tashkil etish.
2. Konferensiya va ilmiy seminarlarga hamda ilmiy ishlar muhokamalariga malakali olim va sanʼat arboblarini taklif etish.
doimo
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
10.
Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro almashinuv amaliyotini kengaytirish.
1. Professor-oʻqituvchilarni xorijiy mamlakatlardagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtkazish.
2. Turdosh hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasalari yozgi maktablarining integratsiyalashgan innovatsion taʼlim dasturlarida qatnashuvchi talabalar qamrovini kengaytirish.
2020 ― 2023-yillar
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov),
Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abdurahmonov)
11.
Ish beruvchilarning kadrlarga boʻlgan talablarini Institutning mutaxassis tayyorlash dasturlari bilan muvofiqlashtirish.
1. Talabalarda amaliy va ijodiy koʻnikmalarni shakllantirishda ish beruvchi tashkilotlarning ishtiroki va masʼuliyatini oshirish mexanizmini ishlab chiqish.
2. Institut marketing xizmati faoliyati samaradorligini oshirish.
2021-yil dekabr
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
III. Institutda taʼlim-tarbiya sifatini yanada yaxshilash va oʻqitishning ilgʻor usullarini joriy etish
12.
Iqtidorli yosh musiqashunos va sanʼatshunos olimlarni xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy-ijodiy tajriba almashish maqsadida xizmat safarlariga yuborish hamda ularning xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda ishtirokini taʼminlash.
1. Iqtidorli yosh musiqashunos va sanʼatshunos olimlar orasidan nomzodlarni saralab olish mexanizmini ishlab chiqish.
2. Musiqashunos va sanʼatshunos olimlarni xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy-ijodiy tajriba almashish maqsadida xizmat safarlariga yuborish.
3. Ularning xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlarda qatnashishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
13.
Taʼlimning zamonaviy pedagogik texnologiyalari va metodlaridan foydalanish samaradorligini oshirish.
1. Yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarining zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlardan foydalanish tajribasini oʻrganish.
2020/2021 oʻquv yili davomida
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
2. Professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquv jarayoni uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlar boʻyicha taqdimot va muhokamalar oʻtkazish tizimini joriy qilish.
2021-yil mart-aprel
3. Samarali taʼlim innovatsiyalarini ragʻbatlantirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini qoʻllaydigan oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish choralarini koʻrish.
2021-yil avgust
IV. Institutning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash
14.
Institutni tegishli darslik, oʻquv qoʻllanmalari va ilmiy-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash.
1. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha cholgʻular hamda oʻquv-metodik adabiyotlarni xatlovdan oʻtkazish.
2. Xatlov natijasiga koʻra aniqlangan talabdan kelib chiqib oʻquv-metodik adabiyotlarni xarid qilish va chop etish uchun zarur mablagʻlar ajratish.
3. Yangi avlod oʻquv adabiyotlarini yaratish va nashr etish.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab muntazam
Ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti
15.
Institutda jahon standartlariga mos keladigan zamonaviy axborot-resurs markazini tashkil etish.
1. Axborot-resurs markazini oʻquv va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash.
2. Axborot-resurs markazida kompleks elektron xizmatlar koʻrsatuvchi zamonaviy avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish.
3. Veb va bulutli texnologiyalar asosida kutubxonaning raqamli resurslari elektron katalogini yaratish.
4. RFED texnologiyasi asosida kutubxona fondini roʻyxatga olish, hisobga qoʻyish, tarqatish va himoya qilish tizimini yaratish.
2021-yil dekabr
Ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov)
16.
Institutni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash.
1. Axborot kommunikatsiya texnologiyalariga boʻlgan ehtiyojni aniqlash.
2. Ehtiyojdan kelib chiqib Institutni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash.
2020-yil
sentyabr
Ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov)
17.
Taʼlim jarayonini axborot-kommunikatsion qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish.
1. Masofaviy taʼlim va modul tizimiga oʻtishda zarur axborot texnologiyalari jihozlari bilan taʼminlash hamda vebinar xonalar tashkil etish.
2. Institutdagi maʼruza, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarini onlayn translatsiya qilishga hamda ularning sifatini monitoring qilishga moʻljallangan elektron platformani bosqichma-bosqich joriy etish.
3. Axborot-resurs markazi bazasidagi oʻquv adabiyotlarini raqamlashtirish hamda Institut platformasiga joylashtirish.
2021-2022-yillar davomida
Ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov),
Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abdurahmonov)
18.
Institutni Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mustaqillik shox koʻchasi, 31-uydagi binoga belgilangan tartibda joylashtirish.
2020-yil sentyabr
-
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Toshkent shahar hokimligi (J. Artikxodjayev)
19.
Institutni musiqa cholgʻulari, mebel jihozlari, zarur uskunalar va ovoz yozish studiyasi anjomlari bilan taʼminlash.
1. Institutga zarur boʻlgan musiqa cholgʻulari, mebel jihozlari, uskunalar hamda ovoz yozish studiyasi va boshqa anjomlar roʻyxatini shakllantirish.
2. Ehtiyojdan kelib chiqqan holda mazkur anjom�arni xarid qilish uchun Moliya vazirligiga tegishli hisob-kitoblarni taqdim etish.
2020-yil
sentyabr
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va Institut budjetdan tashqari mablagʻlari
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.09.2020-y., 09/20/536/1248-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)