1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.13.00.00 Jinoyat-ijroiya qonunchiligi / 16.13.12.00 Jazoni oʻtashdan ozod qilish. Jazoni oʻtashdan ozod qilingan shaxslarga yordam koʻrsatish va ularni nazorat qilib borish]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Ijro ish yurituvi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida probatsiya xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish, probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarning (keyingi oʻrinlarda nazorat ostidagilar deb ataladi) xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Natijada, nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, probatsiya xizmati faoliyatining mexanizmlarini takomillashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish tartibini joriy etish, ayniqsa, ularning “ijtimoiy-psixologik portreti”ni tuzgan holda oʻrganish, shuningdek, bu jarayonlarda mutaxassis-psixologlarni tayyorlash, probatsiya boʻlinmalariga mutaxassis-psixologlarni jalb etish tizimini yoʻlga qoʻyish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonini hamda “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining 2020-yil 1-martdan boshlab nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
2. Quyidagilar:
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq;
probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati mexanizmi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Probatsiya xizmati xodimlari malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan birgalikda probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilasin;
v) ikki oy muddatda probatsiya boʻlinmalari xodimlarini Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligining murojaatiga asosan belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobiga probatsiya boʻlinmalarining yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda yuridik yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlariga nazorat ostidagilarning ijtimoiy-psixologik portretini oʻrganish boʻyicha maxsus mavzular kiritilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli oliy taʼlim muassasalarida psixologiya yoʻnalish boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning probatsiya boʻlinmalarida amaliyot oʻtashini yoʻlga qoʻysin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2020-yil 1-dekabrga qadar Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura bilan birgalikda nazorat ostidagilar jazodan boʻyin tovlash maqsadida yashash joyini oʻzboshimchalik bilan tark etgan hollarda ularning respublika hududidan chiqishini cheklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ommaviy axborot vositalarida probatsiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan keng tushuntirish va targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazilishini taʼminlasin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-fevral,
84-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 84-son qaroriga 1-ILOVA
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish
CHORA-TADBIRLARI REJASI
T/r
Tadbirlar nomi
Amalga oshirish mexanizmi
Ijro muddati
Masʼul ijrochilar
I. Probatsiya faoliyatiga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish
Nazorat ostidagilar maʼmuriy nazoratdan boʻyin tovlash maqsadida yashash joyini oʻzboshimchalik bilan tark etgan hollarda ularning respublika hududidan chiqishini cheklashni nazarda tutuvchi tartibni joriy qilish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi
2020-yil
dekabr
Ichki ishlar vazirligi,
Davlat xavfsizlik xizmati,
Bosh prokuratura
II. Probatsiya faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar
Probatsiya boʻlinma (guruh)larining xodimlarini Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasi manbalari hisobiga ragʻbatlantirish tartibini joriy etish.
Ichki ishlar vazirining buyrugʻi
2020-yil
aprel
Ichki ishlar vazirligi
Tegishli oliy taʼlim muassasalarida psixologiya yoʻnalish boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning probatsiya boʻlinma (guruh)larida amaliyot oʻtash tartibini joriy etish.
Chora-tadbirlar
2020-yil
iyun
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi,
Ichki ishlar vazirligi
Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Probatsiya xizmati xodimlarining malakasini oshirish tizimini joriy etish.
Chora-tadbirlar
2020-yil
iyul
IIV Malaka oshirish instituti, Probatsiya xizmati
Yuridik yoʻnalishlaridagi oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlariga nazorat ostidagilarning ijtimoiy-psixologik portretini oʻrganish boʻyicha maxsus mavzularni kiritish.
Taʼlim dasturi
2020-yil
iyul
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Probatsiya xizmati xodimlarining stajirovkani oʻtash, chet el qonunchiligini oʻrganish maqsadida rivojlangan xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlarini tashkil etish.
Kompleks chora-tadbirlar
Doimiy ravishda
Ichki ishlar vazirligi
Probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish.
Chora-tadbirlar
Doimiy ravishda
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi
Probatsiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikkayetkazish yuzasidan tok-shoular, ijtimoiy roliklar, maxsus koʻrsatuvlar, maqolalar, chiqishlar va eshittirishlar tashkil etish.
Chora-tadbirlar
Har chorakda
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,
Ichki ishlar vazirligi,
Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi,
Xalqaro press-klub,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 84-son qaroriga 2-ILOVA
Probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati
MEXANIZMI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2020-y., 09/20/84/0167-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)