1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura);
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.90.00 (Кучини йукотган) Stipendiyalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalari talabalariga toʻlanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PQ-4359-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan tajriba-sinov tariqasida oliy taʼlim muassasalarida davlat granti va stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga (davlat granti asosida taʼlim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) stipendiyalar bazaviy miqdorda (400 ming soʻm), shuningdek, “aʼlo” oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ega boʻlgan talabalarga stipendiyalar bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan qoʻshimcha 15 foiz miqdorda toʻlanganligi;
toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olish uchun talabalarga ularning oʻz xohishlariga koʻra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda toʻlash tartibi joriy etilganligi, bunda stipendiyali toʻlov-kontraktlar tarkibida bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.89.00 (Кучини йукотган) Talaba va oʻquvchilarni moddiy-maishiy jihatdan taʼminlash]
2. Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash boʻyicha 2019/2020 oʻquv yilining birinchi semestrida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilgan ishlar natijasidan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning 2020-yil 1-fevraldan boshlab quyidagilarni joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
davlat granti, shuningdek, stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli (oʻqitishning kunduzgi shakli) boʻyicha taʼlim olayotgan talabalarni (2019/2020 oʻquv yilida davlat granti asosida taʼlim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) qatʼiy belgilangan miqdordagi bazaviy stipendiya bilan taʼminlash;
oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan faqat “aʼlo” oʻzlashtirish koʻrsatkichiga (reyting koʻrsatkichi — 86 ball va undan yuqori) ega boʻlgan talabalarning stipendiyasini bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshirilgan holda belgilash;
oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting koʻrsatkichi — 71 balldan kam) boʻlgan davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalarga (2019/2020 oʻquv yilida davlat granti asosida taʼlim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) navbatdagi oʻquv semestri mobaynida stipendiya tayinlamaslik;
toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan hamda toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya toʻlovlarini Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshirish;
tegishli moliya yilida oliy taʼlim muassasalarida stipendiya toʻlovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablagʻlariga nisbatan 10 foiz hamda toʻlov-kontrakt boʻyicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foiz miqdoridagi mablagʻlar hisobiga Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etish;
alohida qobiliyat va iqtidor egasi boʻlgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan barcha talabalarni belgilangan stipendiyalarga nisbatan Jamgʻarma hisobiga qoʻshimcha ravishda 50 foizgacha miqdorda ragʻbatlantirish;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga oliy taʼlim muassasasida davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy taʼlim miqyosida oʻtkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblari, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila aʼzolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda boʻlgan bir martalik ragʻbatlantirish yoki moddiy yordam toʻlovini joriy etish.
3. Quyidagilar:
Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.90.00 (Кучини йукотган) Stipendiyalar]
4. Belgilab qoʻyilsinki:
oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida taʼlim olayotgan “aʼlo” (reyting koʻrsatkichi — 86 ball va undan yuqori) hamda “yaxshi” (reyting koʻrsatkichi — 71 ball va undan yuqori) oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga ega boʻlgan talabalarga tajriba-sinov tariqasida 2019-yil 1-sentabrdan 2020-yil 1-fevralga qadar haqiqatda toʻlangan hamda Vazirlar Mahkamasining “Oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalar toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida” 2001-yil 17-avgustdagi 344-son qarori asosida toʻlanishi lozim boʻlgan miqdorlar orasidagi tafovut tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarga 2020-yil uchun ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari doirasida qoplanadi;
2019/2020 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarining davlat granti asosida taʼlim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari uchun 2020-yil 1-fevraldan boshlab stipendiyalar, istisno tariqasida, talabalarning oʻzlashtirish baholaridan kelib chiqqan holda 3-ilovaga muvofiq toʻlanadi;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab toʻlov-kontrakt asosida taʼlim oluvchi nomli davlat stipendiyalari sohiblari, 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan, toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishini inobatga olib, ularga tegishli oʻquv yili uchun kontrakt qiymati miqdorini stipendiyasiz shaklda toʻlash imkoniyati yaratiladi;
stipendiyalar 2027-yil 1-yanvarga qadar naqd pul shaklida yoki bank kartalari, shu jumladan, ijtimoiy karta orqali, 2027-yil 1-yanvardan boshlab esa faqat ijtimoiy karta orqali toʻlanadi;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
respublika oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud investitsiya vizasiga ega boʻlgan xorijiy investorlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya olishga haqlidirlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Abdulla Avloniy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlashda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan belgilangan tartiblar saqlab qolinsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Bunda, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotganidan qatʼi nazar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanishi inobatga olinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarida stipendiyalar tayinlashni yanada takomillashtirish yuzasidan, jumladan ijtimoiy adolat tamoyillariga rioya qilgan holda talabalarga “ijtimoiy” va “akademik” stipendiyalarni joriy etish mexanizmlarini nazarda tutuvchi asoslangan takliflarni 2020-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 11-son, 267-modda) 1-ilovaning 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga koʻchirishga ruxsat beriladi”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-yanvar,
59-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga 1-ILOVA
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.90.00 (Кучини йукотган) Stipendiyalar]
Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat oliy taʼlim muassasalarining talabalariga (xorijiy talabalardan tashqari) stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom respublikada faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ularning filiallari va xususiy oliy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
stipendiya — oliy taʼlim muassasalarida oʻqitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holda (keyingi oʻrinlarda oʻqitishning kunduzgi shakli deb ataladi) davlat granti hamda stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga (xorijiy talabalardan tashqari) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar oyma-oy toʻlanadigan pul taʼminoti;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
stipendiyaning bazaviy miqdori — davlat granti hamda stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga toʻlanadigan stipendiyaning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻrnatiladigan eng kam miqdori;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
stipendiya komissiyasi — oliy taʼlim muassasalarida talabalarga stipendiyalar tayinlash uchun har bir oʻquv yilida oʻquv ishlari boʻyicha prorektor (filial direktori oʻrinbosari) raisligida, fakultetlarning dekanlari (bakalavriat darajasida fakultet dekanati mavjud boʻlmagan oliy taʼlim muassasalarida — oʻquv-uslubiy boʻlim yoki boshqarma boshligʻi), kasaba uyushmasi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti, akademik guruhlar, buxgalteriya vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladigan hamda oliy taʼlim muassasasining rektori (filial direktori) yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan tasdiqlanadigan komissiya;
oʻzlashtirish (reyting nazorati) koʻrsatkichi — oliy taʼlim muassasasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) oʻquv rejalari asosida oʻtilgan fanlar (mashgʻulotlar) boʻyicha talabalar bilim va mahoratining sinovi natijalari;
oʻzlashtirayotgan talaba — bundan avvalgi oʻquv semestri uchun oʻzlashtirish (reyting nazorati) koʻrsatkichlari boʻyicha akademik qarzi mavjud boʻlmagan talaba;
Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi — oliy taʼlim muassasalarida oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlarni oʻzlashtirayotgan, alohida qobiliyat va iqtidor egasi boʻlgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish jamgʻarmasi.
3. Oliy taʼlim muassasalari talabalariga oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, alohida qobiliyat va iqtidorga egaligi, jamoat ishlarida faolligi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtojligi kabi mezonlardan kelib chiqib stipendiya komissiyasi xulosasiga koʻra, oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan miqdorlari asosida stipendiya tayinlanadi va boshqa ragʻbatlantirish choralari koʻriladi.
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.87.00 (Кучини йукотган) Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarning taʼlim olishi]
2-bob. Davlat granti asosida taʼlim oluvchi talabalarga stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi
4. Oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida oʻqitishning kunduzgi shaklida taʼlim oluvchi talabalarga stipendiya toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Birinchi kurs talabalariga oʻquv yilining 1-semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari (baholari) maʼlum boʻlgunga qadar stipendiyaning bazaviy miqdorida stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
6. Avvalgi oʻquv semestri natijalariga koʻra stipendiyalar:
a) quyidagi tartibda tayinlanadi va toʻlanadi:
barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho (reyting koʻrsatkichi — 86 ball va undan yuqori) boʻlgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori 20 foizga oshirilgan holda;
b) fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlarining 30 foizi va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting koʻrsatkichi — 71 balldan kam) boʻlgan talabalarga (toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi hamda 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan talabalar bundan mustasno) navbatdagi oʻquv semestri mobaynida stipendiya tayinlanmaydi.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.88.00 (Кучини йукотган) Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olish]
3-bob. Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim oluvchi talabalarga stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi
7. Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga oʻz xohishlariga koʻra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda toʻlash huquqi beriladi.
Stipendiyali toʻlov-kontrakt tarkibiga bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi kiritiladi hamda stipendiya yil mobaynida oyma-oy toʻlab boriladi.
8. Oliy taʼlim muassasalarida stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlaridan qatʼi nazar bazaviy miqdordagi stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
9. Oliy taʼlim muassasalarida stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga stipendiyalar belgilangan tartibda ular tomonidan toʻlov-kontrakt summasi toʻlanganidan keyin beriladi.
4-bob. Nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Abdulla Avloniy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartiblar asosida amalga oshiriladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Ushbu Nizom Kamoliddin Behzod nomidagi, Botir Zokirov nomidagi va “Oliy Bosh qoʻmondon” davlat stipendiyalarini oluvchi talaba va kursantlarga stipendiyalar tayinlash tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 690-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 09/25/690/1011-son)
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda nomli davlat stipendiyalari sohiblariga talabalar uchun belgilanadigan stipendiyalar tayinlanmaydi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)
101. Davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning 200 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantiga daʼvogar boʻladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan ushbu toifadagi talabalarga ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi tayinlanadi va toʻlanadi.
102. “Aʼlo” baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan, oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning talaba-qizlari (keyingi oʻrinlarda — talaba-qizlar) oliy taʼlim muassasalarining Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Qizlar uchun maxsus stipendiya (keyingi oʻrinlarda – Maxsus stipendiya) beriladi.
(102-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Maxsus stipendiya oʻquv semestri yakuni natijalariga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlgan hamda Ijtimoiy reyestriga kiritilgan oilalarning talaba-qizlariga (keyingi oʻrinlarda — talaba-qizlar) tayinlanadi va toʻlanadi.
(102-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Maxsus stipendiyani toʻlash toʻgʻrisidagi qaror Ijtimoiy reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan tasdiqlanadi va oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) buyrugʻi asosida rasmiylashtiriladi.
(102-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Maxsus stipendiya talaba-qizlarga oliy taʼlim muassasalarida umumiy shartlarda beriladigan stipendiya saqlab qolingan holda quyidagi miqdorlarga qoʻshimcha tarzda oyma-oy tayinlanadi va toʻlanadi:
Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlgan talaba-qizlarga maxsus stipendiya bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdorida;
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlgan talaba-qizlarga maxsus stipendiya bazaviy stipendiya miqdorida;
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlgan talaba-qizlarga maxsus stipendiya Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilaning talaba-qizlari uchun belgilangan miqdorlarda.
(102-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Talaba-qizlarga maxsus stipendiya mazkur bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan miqdordagi pul mablagʻlarini naqd pulsiz shaklda ularning ijtimoiy kartalariga oʻtkazish yoʻli bilan toʻlanadi.
(102-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
Maxsus stipendiyani toʻlash oʻquv semestri natijalariga koʻra barcha fanlar boʻyicha uning oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlgandagina davom ettiriladi.
Maxsus stipendiyani toʻlash quyidagi hollarda kelgusi oʻquv semestridan boshlab toʻxtatiladi:
talaba-qizlarning oʻquv semestri natijalari boʻyicha barcha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʼlo” boʻlmaganda;
maxsus stipendiya toʻlanayotgan talaba-qizning oilasi Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganda.
(102-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda nomli davlat stipendiyalarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotganidan qatʼi nazar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi va stipendiya sohiblariga belgilangan miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.87.00 (Кучини йукотган) Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarning taʼlim olishi]
5-bob. 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan talabalarga stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi
12. 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan, jumladan, toʻlov-kontrakt asosida taʼlim oluvchi talabalarga stipendiya toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
13. Avvalgi oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlaridan qatʼi nazar 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan oʻzlashtirayotgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
6-bob. Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya tayinlash va toʻlash tartibi
14. Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi, jumladan, toʻlov-kontrakt asosida taʼlim oluvchi talabalarga stipendiya toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
15. Avvalgi oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlaridan qatʼi nazar toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan oʻzlashtirayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga bazaviy stipendiya miqdorida stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
Bunda oliy taʼlim muassasalaridagi bakalavriat va magistratura bosqichida taʼlim olayotgan toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga, ularning taʼlim olish turi (grant yoki toʻlov-kontrakt asosida) va oʻzlashtirish koʻrsatkichidan qatʼi nazar, Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
7-bob. Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va jamgʻarma mablagʻlari hisobiga talabalarga moddiy ragʻbatlantirishlarni tayinlash va toʻlash tartibi
16. Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlaridan foydalanish, Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash oliy taʼlim muassasasining kengashi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Jamgʻarma mablagʻlaridan davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga toʻlov qaysi shaklda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirilishidan qatʼi nazar, belgilangan mezonlar asosida ragʻbatlantirish toʻlovlari tayinlanadi.
17. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
tegishli moliya yilida oliy taʼlim muassasalarida stipendiya toʻlovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablagʻlariga nisbatan 10 foiz miqdoridagi mablagʻlar;
tegishli moliya yilida toʻlov-kontrakt boʻyicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablagʻlar.
171. Jamgʻarma uchun shakllantirilgan mablagʻlar oliy taʼlim tashkilotining xarajatlar smetasida budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy tasnifi boʻyicha alohida xarajat moddasida bir satrda, yilning choraklari va oylari kesimida rejalashtirilgan holda aks ettiriladi.
(171-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
18. Oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan (stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda ekanligidan qatʼi nazar), oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʼlo” baho (reyting koʻrsatkichi 86 ball va undan yuqori) boʻlgan talabalar stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 20 foiz miqdorida Jamgʻarma hisobiga ragʻbatlantiriladi.
19. Oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlarni oʻzlashtirayotgan, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy jurnallarda yakka mualliflikda maqolalar chop etganligi, yaratgan innovatsion yechimlari va ishlanmalari turli grantlarga nomzod sifatida taqdim etilganligi va unga loyiq topilganligi, intellektual mulk obyektlari, jumladan, sanoat mulki obyektlarini yaratishdagi ishtiroki va taklif qilayotgan (ishtirok etayotgan) startap loyihalari uchun, jamoat ishlarida faol (xalqaro va respublika miqyosidagi yakka va jamoaviy tartibda oʻtkazilgan sport musobaqalari, koʻrik-tanlovlar, fan olimpiadalaridagi ishtiroki va sovrinli oʻrinlardan birini egallaganligi uchun), shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan barcha talabalar belgilangan stipendiyalarga nisbatan qoʻshimcha ravishda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 50 foizgacha miqdorda ragʻbatlantirilishi mumkin.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Bunda, oliy taʼlim muassasalarida stipendiyasiz toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan va oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlarni oʻzlashtirayotgan talabalar qoʻshimcha ravishda Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga bazaviy stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda ragʻbatlantirilishi mumkin.
(191-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
20. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan oliy taʼlim muassasasida davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan xalqaro, respublika va oliy taʼlim miqyosida oʻtkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblari, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq (ogʻir kasalligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma yoki yaqin qarindoshlarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda boʻlgan bir martalik ragʻbatlantirish yoki moddiy yordam toʻlovi berilishi mumkin.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Bunda, stipendiya toʻlovlariga ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlarining hisobot davri yakuni boʻyicha boʻshab qolgan qismini talabalarni qoʻshimcha ravishda moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.
201. Oliy taʼlim muassasalaridagi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilot yetakchisi boʻlgan bakalavr va magistratura bosqichida taʼlim olayotgan talabalarga, ularning taʼlim olish turi (grant yoki toʻlov-shartnoma asosida) va oʻzlashtirish koʻrsatkichidan qatʼi nazar, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy stipendiyaning besh baravari miqdorida har oylik qoʻshimcha haq toʻlanadi.
(201-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)
202. Jamgʻarma mablagʻlari mazkur Nizomning 15-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan maqsadlar uchun ham sarflanadi.
(202-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
8-bob. Talabalarga stipendiya tayinlash va toʻlashni amalga oshiruvchi stipendiya komissiyalari ishini tashkil etish
21. Stipendiya toʻlash uchun stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning roʻyxatlari oliy taʼlim muassasasi rektorining (filial direktorining) yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
22. Oʻzlashtirayotgan talabalarga stipendiya tayinlash oʻquv yilida ikki marotaba oʻtkaziladi va stipendiya avvalgi semestrlar yakuniy nazorat natijalari eʼlon qilinganidan soʻng, har bir oʻquv semestri oyining birinchi kunidan boshlab tayinlanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
23. Davlat granti asosida taʼlim olayotgan, oʻquv semestri uchun oʻzlashtirish natijalari boʻyicha uzrsiz sabablarga koʻra akademik qarzi (bir yoki undan ortiq fanlar boʻyicha 55 foizdan kam reytingga) boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining talabalari keyingi oʻquv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum qilinadi.
24. Belgilangan tartibda akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar boʻyicha 55 va undan ortiq foiz toʻplagan) va fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlarining 30 foizdan kam qismi “qoniqarli” baho (reyting koʻrsatkichi 71 balldan kam) boʻlgan davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalarga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab, stipendiyaning bazaviy miqdorida keyingi oʻquv semestriga qadar tayinlanadi.
25. Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga koʻra, akademik qarzi boʻlgan talabalar akademik qarzlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stipendiyadan mahrum etilmaydilar.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Oʻquv rejasi asosida amalga oshirilgan malaka amaliyotlari va taʼtillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.
27. Pensiya oladigan talabalarga stipendiya umumiy asoslarda tayinlanadi.
28. Talabalarga akademik taʼtil davrida stipendiya toʻlanmaydi.
Talaba akademik taʼtildan qaytganidan keyin unga stipendiya toʻlash stipendiyaning bazaviy miqdorida joriy oʻquv semestrining oxiriga qadar tiklanadi (stipendiyasiz toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalar bundan mustasno).
29. Oʻz xohishiga koʻra, oʻqishi boshqa oliy taʼlim muassasasiga koʻchirilishi, salomatligi (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida), oʻquv intizomi va oliy taʼlim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzganligi, bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi, oʻqish uchun belgilangan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi, talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan oliy taʼlim muassasasidan chetlatilgan talabalar oʻqishga tiklanganda mazkur oʻquv semestri uchun stipendiya bazaviy miqdorda tayinlanadi (stipendiyasiz toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalar bundan mustasno).
30. Homiladorlik va tugʻish taʼtili davri uchun talabalarga stipendiya qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida umumiy asoslarda toʻliq miqdorda toʻlanadi.
(30-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2 yoshgacha bolasi boʻlgan va oʻqishni taʼlimning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya umumiy asoslarda toʻliq miqdorda toʻlanadi. Bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash taʼtilida boʻlish davrida stipendiya toʻlanmaydi.
31. Belgilangan tartibda bir oliy taʼlim muassasasidan (fakultetdan) boshqasiga, shuningdek, taʼlimning sirtqi shaklidan kunduzgi shakliga oʻtkazilgan talabalarga stipendiya ular tomonidan baholash (reyting nazorati) natijalari boʻyicha, oʻquv rejalaridagi tafovutlar bartaraf etilganidan keyin tayinlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Akademik qarz mavjud boʻlmaganida stipendiya akademik maʼlumotnomada (reyting daftarchasida) koʻrsatilgan, avvalgi oʻquv joyidagi baholash (reyting nazorati) natijalari boʻyicha tayinlanadi va yangi oʻquv joyiga qayd etilgan paytdan boshlab oliy taʼlim muassasasi rektorining (filial direktorining) yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning buyrugʻi asosida toʻlanadi.
Oʻqishni bir oliy taʼlim muassasasidan boshqasiga koʻchirayotgan talabalarga yozgi taʼtil vaqtida stipendiya toʻlash ularning oʻqishni koʻchirishdan avvalgi taʼlim olgan oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
32. Stipendiyali toʻlov-kontrakt miqdori bitiruvchi kurs talabalari tomonidan iyul va avgust oylari uchun bazaviy stipendiya summasi (qismlarga boʻlib toʻlanganda — oxirgi oʻquv semestridagi) toʻlov-kontrakt miqdoridan chegirilgan holda toʻlanadi.
Bunda, chegirib qolinayotgan stipendiya summasi talabaga toʻlanadigan bazaviy stipendiyaning joriy davrdagi belgilangan miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
33. Talabalarning stipendiyalaridan ushlab qolinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Talabalarga stipendiya toʻlovlarini toʻgʻri tayinlash va toʻlash ustidan nazorat qilish oliy taʼlim muassasasining stipendiya komissiyasiga yuklanadi.
34. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga 2-ILOVA
Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi
1811191
2.
Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Botir Zokirov, Abdulla Avloniy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari
1207461
3.
Davlat granti asosida, shuningdek, bir yillik oʻqitish qiymatining stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan, barcha fanlar boʻyicha faqat “aʼlo” oʻzlashtirish koʻrsatkichiga (reyting koʻrsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega boʻlgan talabalar uchun stipendiya
513600
4.
Davlat granti, shuningdek, stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun bazaviy stipendiya va qizlar uchun maxsus stipendiya
428000
5.
1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan talabalar uchun stipendiya
belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi
6.
Alohida qobiliyat va iqtidor egasi boʻlgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun qoʻshimcha toʻlov**
belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foizgacha yuqori miqdorda nazarda tutiladi
7.
Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar uchun stipendiya
Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) miqdorda nazarda tutiladi
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari qabul qilinishi munosabati bilan oliy taʼlim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari oʻzgargan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan oliy taʼlim muassasalari talabalari stipendiyalarining jadvalda koʻrsatilgan miqdorlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
** Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga 3-ILOVA
2019/2020 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarining davlat granti asosida taʼlim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari uchun talabalarning oʻzlashtirish baholaridan kelib chiqqan holda toʻlanadigan stipendiyalar
MIQDORI
T/r
Reyting koʻrsatkichi
Stipendiya miqdori, soʻm
1.
Reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball
804974
71 — 85 ball
603730
55 — 70 ball
402487
2.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi, reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball
873576
71 — 85 ball
655182
55 — 70 ball
436788
3.
Davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi, reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball
768134
71 — 85 ball
576101
55 — 70 ball
384067
4.
Oliy taʼlim muassasalarida matematika, amaliy — matematika va informatika, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olayotgan, reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball
876070
71 — 85 ball
657053
55 — 70 ball
438035
5.
Kar-soqov va koʻzi ojiz talabalarga stipendiya belgilanganga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalar toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida” 2001-yil 17-avgustdagi 344-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2001-yil, 15-16-son, 105-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 25-yanvardagi PQ-2744-son qarori) 2017-yil 23-iyundagi 417-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy investorlar uchun investitsiya vizasi joriy etilganligi hamda ular va ularning oila aʼzolarining respublika hududida boʻlishi uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 11-oktabrdagi 864-son qaroriga ilovaning 2-bandi.