O‘zbekiston Respublikasining qonuni
QON VA UNING TARKIBIY QISMLARI DONORLIGI TO‘G‘RISIDA
Ushbu Qonunning ishlab chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son Farmoni bilan tasdiqlangan 1998—2005-yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning asosiy chora-tadbirlarida nazarda tutilgan edi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
donor — o‘z qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs;
donor qoni banki — qon bilan ishlash xizmati tomonidan vujudga keltiriladigan va yangilab boriladigan, uzoq muddat saqlashga mo‘ljallangan donor qoni tarkibiy qismlarining zaxiralari;
donor qoni preparatlari — donor qoni tarkibiy qismlarini qayta ishlashda olingan davolash vositalari;
donor qoni tarkibiy qismlari — qonning qon plazmasi va hujayralari shaklidagi tarkibiy qismlari.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunchilik
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligining asosiy prinsiplari
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning ixtiyoriyligi;
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararligi;
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligi.
5-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning ixtiyoriyligi
Qon va uning tarkibiy qismlarini tibbiyot ehtiyojlari uchun topshirish donor tomonidan ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
Shaxsni qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishga biron-bir tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
6-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararliligini ta’minlash
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararliligi qon bilan ishlash xizmati tomonidan donor bo‘lishga rozilik bildirgan shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, qon va uning tarkibiy qismlarini olishda tibbiyot xodimlarining sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga rioya etishi, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning davriyligi va hajmiga rioya etilishi orqali ta’minlanadi.
7-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligini ta’minlash
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligini ta’minlash sog‘liqni saqlash tizimi davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiyot xodimlari donor qoni va uning tarkibiy qismlari sifati hamda xavfsizligini kafolatlovchi belgilangan standartlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishlari shart.
8-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish shartlari
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish bepul va pulli asosda amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Donor qonining tarkibiy qismlarini keyinchalik, zarurat bo‘lganda, donorning o‘ziga ishlatilishini ko‘zlab topshirish (autodonorlik) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish yoshi o‘n sakkizga to‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish oldidan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ularning salomatligi to‘g‘risida hujjat berish bepul amalga oshiriladi.
10-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va ishlatish
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash va saqlashni qon bilan ishlash xizmati amalga oshiradi.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalarida amalga oshiriladi.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash hamda ishlatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Qarang: mazkur Qonunning 19-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 22-noyabrdagi O‘RQ-879-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2023-y., 03/23/879/0873-son)
11-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlariga bo‘lgan ehtiyojlar
Donor qoni va uning tarkibiy qismlariga, shuningdek donor qoni preparatlariga bo‘lgan ehtiyojlar, donor qoni bankini vujudga keltirish va yangilab borish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-son qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
12-modda. Qon bilan ishlash xizmati
Oldingi tahrirga qarang.
Qon bilan ishlash xizmati donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plashga, tayyorlashga, qayta ishlashga va saqlashga ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari hamda donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlari majmuidan iboratdir.
(12-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 22-noyabrdagi O‘RQ-879-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2023-y., 03/23/879/0873-son)
Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirib borish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-sonli qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
13-modda. Qon bilan ishlash xizmati vakolatlari
Qon bilan ishlash xizmati qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etishni quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiradi:
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash;
aholini qon va uning tarkibiy qismlarini ixtiyoriy ravishda topshirishga jalb etish;
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish xavfsizligi sharoitlarini ta’minlash;
donor qoni va uning tarkibiy qismlari, shuningdek donor qoni preparatlarining tashilishini tashkil etish;
donor qoni bankini vujudga keltirish va yangilab borish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qon bilan ishlash xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi vakolatlari
(14-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida:
(9-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘radilar;
(14-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 28-fevraldagi O‘RQ-1041-sonli Qonuniga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 03/25/1041/0209-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunchilik ijro etilishini ta’minlaydilar;
(14-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
o‘z hududlarida qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etadilar;
qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishga mahalliy budjetdan mablag‘lar ajratadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-son qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning III bobi.
15-modda. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi majburiyatlari
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar ma’muriyati, harbiy qism komandirlari (boshliqlari):
shaxslarni donorlar safiga jalb qilishda qon bilan ishlash xizmatiga ko‘maklashadilar;
tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni va qon topshiradigan kuni donorni uning murojaatiga binoan ish, xizmat yoki o‘qish joyidan sog‘liqni saqlash muassasalariga borishiga moneliksiz ruxsat beradilar, donorning shu kunlari ish yoki xizmat joyida bo‘lmasligi odamlar hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishiga, davlat mudofaasi, xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar bajarilmasligiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno;
qon topshirish tashkil etilishi uchun zarur bo‘lgan binolarni berib turadilar;
Oldingi tahrirga qarang.
donorga qonunchilikda belgilangan kafolatlarni beradilar hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llaydilar.
(15-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: mazkur Qonunning 20, 21-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomning 31-bandi, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-son qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 9-bandi.
16-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishdagi ishtiroki
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari aholini qon va uning tarkibiy qismlari bepul donorligiga jalb qilishda, donorlarga turli shakldagi rag‘batlantirishlar belgilashda, ommaviy axborot vositalari orqali aholining keng xabardor qilinishini tashkil etishda hamda qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishga doir boshqa tadbirlarda ishtirok etishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Aholini qon va uning tarkibiy qismlari bepul donorligiga jalb etish maqsadida qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish jamoat fondlari tashkil etilishi mumkin, bunday fondlarni tashkil etish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
17-modda. Donorning huquqlari
Oldingi tahrirga qarang.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish chog‘ida donor qonunchilikda belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
(17-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
sog‘lig‘i saqlanishi kafolatining tibbiyot xodimlari tomonidan ta’minlanishi;
sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi;
bepul ovqat bilan ta’minlanish.
Oldingi tahrirga qarang.
Donor qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 369-moddasi birinchi qismining 2-bandi.
18-modda. Donor bo‘lishga rozilik bildirgan shaxsning majburiyatlari
Donor bo‘lishga rozilik bildirgan shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tish paytida o‘zi bilgan ilgarigi va hozirgi kasalliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qilishi shart.
19-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Qon topshirish davriyligi bir martalik qon olish besh yuz millilitrdan, shuningdek laboratoriya tekshiruvlari uchun qirq millilitrdan ortiq bo‘lmagan normada yiliga besh marotabadan oshmasligi kerak.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
(19-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Qarang: mazkur Qonun 10-moddasining uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2013-yil 16-dekabrdagi 423-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2556, 15.01.2014-y.).
20-modda. Donorga beriladigan kafolatlar va kompensatsiyalar
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni donor ana shu kunlar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari, oliy ta’lim tashkilotlarining talabalari, ta’lim oluvchilarning boshqa toifalari qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni mashg‘ulotlardan, harbiy xizmatchilar esa naryadlarni bajarishdan, xizmatni o‘tashning vaxta va boshqa shakllaridan ozod qilinadilar.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Donorga har safar qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan kunning bevosita ertasiga dam olish uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bir kun beriladi. Donorning xohishiga ko‘ra mazkur dam olish kuni har yilgi mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
21-modda. Donorni rag‘batlantirish
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda hamda bepul topshiruvchi donor “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi va bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida bir yo‘la beriladigan pul mukofoti oladi.
(21-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 28-fevraldagi O‘RQ-1041-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 03/25/1041/0209-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(21-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 28-fevraldagi O‘RQ-1041-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 03/25/1041/0209-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga:
o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish;
shahar yo‘lovchilar transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi beriladi.
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 28-fevraldagi O‘RQ-1041-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 03/25/1041/0209-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Donor qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham rag‘batlantirilishi mumkin.
(21-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom.
22-modda. Qon bilan ishlash xizmati tibbiyot xodimlarini ijtimoiy himoyalash
Oldingi tahrirga qarang.
Qon bilan ishlash xizmatining qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish, ularni to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash va saqlash jarayonida qon bilan aloqada bo‘luvchi tibbiyot xodimlariga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar beriladi.
(22-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 369-moddasi birinchi qismining 2-bandi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 369-moddasi birinchi qismining 2-bandi.
23-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini olib kirish va olib chiqish
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-sonli qarori bilan tasdiqlangan Donor qoni, uning tarkibiy qismlari va preparatlarini tashish, olib kirish va olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
24-modda. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini tashish
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini tashish tegishli transport turlarida ayrim toifadagi maxsus yuklarni tashish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini tashish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(24-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-sonli qarori bilan tasdiqlangan Donor qoni, uning tarkibiy qismlari va preparatlarini tashish, olib kirish va olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
25-modda. Favqulodda vaziyatlarda qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tabiiy ofatlar, avariyalar va falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar ro‘y bergan hollarda va boshqa favqulodda vaziyatlarda qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tashkil etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(25-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-son qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 10, 11-bandlari.
26-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda man etilmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(26-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(28-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-avgust,
402-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y.,9-son, 162-modda; 2016-y., 17-son, 173-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 22.11.2023-y., 03/23/879/0873-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son; 03.03.2025-y., 03/25/1041/0209-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)