|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.07.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 6-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1719-3]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 13-iyundagi 12/16-sonli ““Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1719-4, 23.07.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-son “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 555-son “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmatining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2007-yil 21-iyuldagi 20/3-son qarori (roʻyxat raqami 1719, 2007-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 39-son, 405-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-avgust,
21/10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/10-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Nobank kredit tashkilotlari kassadagi naqd pul qoldigʻining belgilangan limitidan ortiqcha boʻlgan qismini bankdagi hisobvaraqlariga kiritish uchun inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda bank kassalariga topshiradilar.”.
3. 2-ilovaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Nobank kredit tashkilotlarining pul mablagʻlari va boyliklarini bank muassasalaridan olib kelish yoki ularga topshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmati tomonidan shartnoma asosida transportda kuzatib borilishi mumkin.”.
4. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni B. TASHMATOV
2019-yil 9-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. T. XUDAYBERGENOV
2019-yil 14-oktabr
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga
ILOVA
ILOVA
“Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga
1b-ILOVA
1b-ILOVA
Nobank kredit tashkilotlarining kassa xonalarini texnik jihatdan mustahkamlash va qoʻriqlash — yongʻindan ogoh etish vositalari bilan jihozlash boʻyicha
TALABLAR
1. Mazkur talablar nobank kredit tashkilotlarida kassa xonalarini texnik jihatdan mustahkamlash va qoʻriqlash — yongʻindan ogoh etish vositalari bilan jihozlash boʻyicha meʼyorlarini belgilaydi.
2. Nobank kredit tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan kassalar gʻishtli yoki temir beton devorlarga, mustahkam eshiklarga, pol va shiftlarga ega boʻlishi lozim.
3. Kassa xonalari pul va boshqa qimmatliklarni saqlash uchun yonmaydigan seyflar bilan jihozlangan, shuningdek ular devorga yoki polga qotirilgan boʻlishi lozim.
4. Nobank kredit tashkilotlari kassalarining qurilish-montaj, texnik jihatdan mustahkamligi va xavfsizligi, ularda qimmatliklarning butligi, daxlsizligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼuliyat ushbu tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
5. Kassa xonalariga nobank kredit tashkilotlari ixtiyoriga koʻra zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan, dasturiy taʼminotga asoslangan vositalar yordamida moddiy javobgar shaxslarning biometrik (“barmoq izi”, “koʻz gavhari”, “tovush diapazoni” va boshqa) belgilariga qarab identifikatsiya qilishga qodir boʻlgan eshiklar oʻrnatilishi mumkin.
6. Yongʻin yoki favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda insonlarni va moddiy boyliklarni saqlash maqsadida, binoning deraza romlariga panjaralar xonaning ichki tomonidan yengil ochiladigan qilib oʻrnatilishi lozim.
7. Kassa xonalari qoʻriqlash signalizatsiyasining ikkita himoya toʻsigʻi bilan jihozlanishi shart:
a) birinchi himoya toʻsigʻi — xonaning perimetrini himoya qiladi. Kassa xonalarida derazalar mavjud boʻlganda, ular deraza ochilishi va oyna sinishini qayd etish qurilmalari bilan jihozlanadi;
b) ikkinchi himoya toʻsigʻi — xonaning hajmini himoya qiladi. Buning uchun hajmni qoʻriqlash (ultratovush, infraqizil, optik-elektron, radiotoʻlqin rusumli) qurilmalari qoʻllaniladi.
8. Kassa xonalarida kassirlarning ish joylari tashvish tugmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
9. Kassa xonalaridagi qoʻriqlash signalizatsiyasiining ikkita himoya toʻsigʻi ishdan tashqari vaqtda qabul-nazorat uskunasi orqali texnik qoʻriqlash punktiga qoʻriqlashga topshiriladi. Kassa xonalaridagi tashvish tugmalari ish vaqti davomida texnik qoʻriqlash punktiga ulanadi.
10. Kassa xonalaridagi qoʻriqlash signalizatsiyasining ikkita himoya toʻsigʻi alohida shleyflar bilan qabul-nazorat uskunalariga ulanib, uning chiqishi bitta shleyf orqali texnik qoʻriqlash punktiga va kassaning navbatchilik xonasidagi xabar berish uskunasiga ulanadi, shuningdek elektr energiyasi boʻlmagan taqdirda qoʻriqlash signalizatsiyasining oʻn ikki soat ishlab turishini taʼminlovchi zaxira elektr manbai bilan taʼminlanishi lozim.
11. Kassa xonalari normativ hujjatlarda belgilangan tartibda yongʻindan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar (tutunli, issiqli va h. k.) bilan jihozlanadi va ular texnik qoʻriqlash punktiga yoki navbatchi xodimlar postidagi yongʻindan xabar beruvchi nazorat qilish uskunasiga ulanadi.
12. Qoʻriqlash signalizatsiyasi va yongʻindan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar tizimi va kassani yoritish tizimi alohida-alohida montaj qilinadi hamda ularning uzluksiz ishlashi taʼminlanishi lozim. Simlarning barcha turlari plastmassa quvurlarda yashirilgan holda oʻtkaziladi.
13. Kassa xonalarining yongʻindan avtomatik xabar beruvchi qurilmalari tizimi SHNQ 2.04.09-2007 “Bino va inshootlarning yongʻin avtomatikasi” talablariga muvofiq kelishi va doimo ishchi holatda boʻlishi lozim.
14. Kassa xonalarini qoʻriqlash signalizatsiya vositalari va yongʻindan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar bilan jihozlashga doir ishlar ruxsatnomaga (litsenziyaga) ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
15. Kassa xonalarida montaj qilingan qoʻriqlash va yongʻindan avtomatik xabar beruvchi qurilmalarni montaj tashkilotidan foydalanishga qabul qilish va dalolatnomani imzolash Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qoʻriqlash boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boʻlinmalari va nobank kredit tashkilotlarining vakillari bilan birgalikda tuzilgan komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Montaj tashkiloti majburiy tartibda qoʻriqlash va yongʻindan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar montajining ijro chizmasi va montaj qilingan signalizatsiya apparatlarini ishlatish yoʻriqnomasini taqdim etadi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2019-y., 10/19/1719-3/3999-son)