Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga taʼsirini kuchaytirishga yoʻnaltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Mamlakatimizda islohotlarning faol amalga oshirilishi munosabati bilan davlat va jamiyatni rivojlantirishga oid qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning soni va koʻlami oshdi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar qonun hujjatlarini qoʻllash samaradorligini tahlil qilish va baholash faoliyati yetarlicha tashkil qilinmaganligi, ularning natijadorligini monitoring qilishning taʼsirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmi toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganligini koʻrsatmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish, notoʻgʻri yoki ziddiyatli huquqni qoʻllash amaliyotiga olib keladigan normalar paydo boʻlishining oldini olish, ularni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 42-moddasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi amalga oshirilishi lozimligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tizimini (keyingi oʻrinlarda — huquqiy monitoring) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar huquqiy monitoringning asosiy vazifalari etib belgilansin:
normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini joriy etish;
huquqni qoʻllash amaliyotining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini oʻrganish;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning toʻliqligini taʼminlash;
normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini taʼminlash;
normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalarni aniqlash va bartaraf etish;
normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
normativ-huquqiy hujjatlarni toʻlaqonli ijro etish davlat boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasidir;
normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish samaradorligi ularni amalda qoʻllash boʻyicha huquqiy monitoring oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi;
huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha amalga oshiriladi;
huquqiy monitoring Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring oʻtkazish rejasiga (keyingi oʻrinlarda — monitoring rejasi) muvofiq amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshirigʻiga asosan qoʻshimcha huquqiy monitoring oʻtkazish talab etilgan taqdirda, huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan monitoring rejasiga qoʻshimcha kiritilmasdan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring oʻtkazilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanlab olib, takroriy huquqiy monitoring oʻtkazishga haqli;
huquqiy monitoringni oʻtkazishda davlat boshqaruvi organlari advokatlar, ilmiy-taʼlim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoringni oʻtkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻtkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etish;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha oʻz vaqtida taqdim etilmagan, notoʻgʻri, ishonchsiz yoki toʻliq boʻlmagan axborot taqdim etilgan taqdirda, ularga nisbatan huquqiy monitoringni oʻtkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish.
6. Davlat boshqaruvi organlari:
a) har yili 1-fevralga qadar:
huquqiy monitoring oʻtkazilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini shakllantirishni va birinchi rahbar imzosi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
monitoring rejasiga muvofiq oʻtgan yilda oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
b) har chorakda monitoring rejasiga muvofiq tahliliy maʼlumotlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har yili 20-fevralga qadar:
a) davlat boshqaruvi organlarining takliflari asosida monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻtgan yilda oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida quyidagilarni nazarda tutuvchi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
monitoring rejasining bajarilishi natijalari;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish zarurati;
huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikdagi boʻshliq va ziddiyatlar, shuningdek, korrupsiyaga oid normalarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish boʻyicha takliflar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qoʻllash amaliyotini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organlari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har yili 20-martga qadar monitoring rejasini hamda huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni muhokama qilgan holda tasdiqlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
9. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat boshqaruvi organlari rahbarlari huquqiy monitoringni sifatli va oʻz vaqtida oʻtkazish, monitoring rejasi boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish hamda ularning oʻtkazilishi holati boʻyicha axborotni belgilangan muddatlarda kiritish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
huquqiy monitoringni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlar, shu jumladan mazkur qarorning 6-7-bandlarida nazarda tutilgan tashkiliy tadbirlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida:
huquqiy monitoring ishtirokchilari oʻrtasida tezkor elektron hujjat aylanishini taʼminlash;
monitoring rejasini shakllantirish;
oʻtkazilgan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha tayyorlangan materiallarni joylashtirish imkonini yaratuvchi maxsus elektron maydonchani joriy etish choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muntazam ravishda maxsus elektron maydonchaning toʻgʻri boshqarilishini muvofiqlashtirsin, shuningdek, oʻtkazilgan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha joylashtirilgan materiallarni tahlil qilib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-noyabr,
PQ-4505-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-noyabrdagi PQ-4505-son qaroriga
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat boshqaruvi organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini (keyingi oʻrinlarda — huquqiy monitoring) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar huquqiy monitoringning asosiy vazifalari hisoblanadi:
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllashning yagona amaliyotini joriy etish;
huquqni qoʻllash amaliyotining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini oʻrganish;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning toʻliqligini taʼminlash;
normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini taʼminlash;
normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalarni aniqlash va bartaraf etish;
normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish.
3. Huquqiy monitoring obyektiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari kiradi.
4. Huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Huquqiy monitoring oʻtkazishni tashkil etish va muvofiqlashtirish davlat boshqaruvi organlarining yuridik xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — yuridik xizmatlar) tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqiy monitoringni oʻtkazishda davlat boshqaruvi organlari advokatlar, ilmiy-taʼlim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat organining tarkibiy boʻlinmalari yuridik xizmatga axborotning oʻz vaqtida, toʻliq, ishonchli va sifatli topshirilishi uchun javobgardir.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Adliya vazirligi) huquqiy monitoringni oʻtkazish boʻyicha davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Adliya vazirligi:
normativ-huquqiy hujjatlar huquqiy monitoringini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻtkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etishga haqli.
6. Huquqiy monitoringni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimidagi maxsus elektron maydonchada Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakllar asosida amalga oshiriladi.
7. Huquqiy monitoring ushbu Nizom ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshirigʻiga asosan qoʻshimcha huquqiy monitoring oʻtkazish talab etilgan taqdirda, huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan monitoring rejasiga qoʻshimcha kiritilmasdan amalga oshiriladi.
2-bob. Monitoring rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
8. Huquqiy monitoring oʻtkazish rejasi (keyingi oʻrinlarda — monitoring rejasi) davlat boshqaruvi organlari takliflari hamda ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan koʻrsatkichlar asosida har yili Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Monitoring rejasida quyidagilar aks ettiriladi:
huquqiy monitoring oʻtkazilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar nomi;
huquqiy monitoring oʻtkazilishi uchun asoslar;
huquqiy monitoring oʻtkazish uchun masʼul davlat organi;
huquqiy monitoring oʻtkazish muddati.
10. Huquqiy monitoring oʻtkazilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar quyidagi koʻrsatkichlarni tahlil qilish yakunlari boʻyicha belgilanadi:
normativ-huquqiy hujjatni tushuntirish masalalari boʻyicha murojaatlar soni (takliflar, arizalar, shikoyatlar);
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash bilan bogʻliq, shu jumladan, huquqiy tartibga solishdagi mavjud nizolar va kamchiliklar, normativ-huquqiy hujjat qoidalari maʼnolarining buzilishi va ularni bir xilda qoʻllashning buzilishi bilan bogʻliq qanoatlantirilgan murojaatlar (takliflar, arizalar, shikoyatlar) soni va mazmuni;
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllashda davlat boshqaruvi organlarining noqonuniy yoki asossiz qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) mavjudligi;
normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilish sohasidagi qayd etilgan qoidabuzarliklarning soni va xarakteri, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish holatlari soni;
arizachilarning normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan munosabatlardan kelib chiqadigan talablarini qanoatlantirish (qanoatlantirishni rad etish) toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari soni va ularni qabul qilish uchun asoslar;
normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar mavjudligini koʻrsatuvchi boshqa koʻrsatkichlar.
11. Davlat boshqaruvi organlari har yili 1-fevralga qadar ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan koʻrsatkichlar asosida monitoring rejasi loyihasini shakllantirish boʻyicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi va birinchi rahbar imzosi bilan Adliya vazirligiga taqdim etadi.
Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining takliflari asosida har yili 20-fevralga qadar monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Monitoring rejasi loyihasi har yili 20-martga qadar Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
3-bob. Huquqiy monitoringni oʻtkazish tartibi
12. Davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:
huquqiy monitoring obyektiga oid maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish;
tahliliy maʼlumotnoma tayyorlash;
normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha tayyorlangan tahliliy maʼlumotnoma va takliflarni Adliya vazirligiga taqdim qilish.
13. Huquqiy monitoringni amalga oshirishda maʼlumotlar quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha tahlil qilinadi va baholanadi:
qabul qilinishi yuqori yuridik kuchga ega hujjatlarda nazarda tutilgan qonunosti hujjatlarning mavjudligi;
qonunosti hujjatlari qabul qilinishida qonun hujjatlari normalarining maʼnolari buzilishi;
normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga nomuvofiqligi;
umumiy xarakterdagi normativ-huquqiy hujjatlar va maxsus normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida qarama-qarshiliklar mavjudligi;
turli davrlarda qabul qilingan bir xil munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda ziddiyatlarning mavjudligi;
normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalar, normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va terminlar tizimining mavjudligi;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning toʻliqligi;
normativ-huquqiy hujjatlarda huquqiy-texnik xarakterdagi xatolar mavjudligi;
murojaatlar soni va mazmuni (takliflar, arizalar, shikoyatlar);
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllashning yagona amaliyoti mavjudligi (yoʻqligi);
normativ-huquqiy hujjatni qoʻllashda uning maʼnosi buzilishi;
normativ-huquqiy hujjatni qoʻllashda noqonuniy yoki asossiz qarorlar, harakat (harakatsizlik)ning mavjudligi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatini keng talqin qilish imkonini beradigan meʼyorlarning mavjudligi;
normativ-huquqiy hujjatning amal qilish sohasidagi qayd etilgan huquqbuzarliklarning soni va xarakteri, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish holatlari;
normativ-huquqiy hujjatdagi kamchiliklar mavjudligini koʻrsatuvchi boshqa koʻrsatkichlar.
14. Huquqiy monitoring oʻtkazish jarayonida davlat boshqaruvi organlari tomonidan aniqlangan normativ-huquqiy hujjatlarning noaniqligi yoki qarama-qarshiligi mavjud boʻlgan taqdirda, Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish predmetini baholaydi, oʻz xulosasini shakllantiradi va davlat boshqaruvi organlariga muayyan holatni tartibga solish boʻyicha xulosasini yuboradi.
15. Davlat boshqaruvi organlarining tarkibiy boʻlinmalari:
monitoring rejasiga muvofiq huquqiy monitoring oʻtkazadi hamda natijalarini tahlil qiladi;
yuridik xizmatlarga tahliliy maʼlumotnomalar hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni taqdim etadi.
16. Yuridik xizmatlar davlat organi tarkibiy boʻlinmalarining huquqiy monitoringni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda tarkibiy boʻlinmalar tomonidan taqdim etilgan tahliliy maʼlumotnomalar hamda takliflarni umumlashtiradi.
17. Oʻtkazilgan huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari monitoring rejasiga muvofiq tahliliy maʼlumotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritadi.
4-bob. Huquqiy monitoring oʻtkazilishini nazorat qilish
18. Normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy monitoringini oʻtkazish davrida yoki yakunida davlat boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligini tekshirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan qoʻshimcha huquqiy monitoring oʻtkazilishi mumkin.
19. Monitoring rejasida belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda, notoʻgʻri, ishonchsiz yoki toʻliq boʻlmagan, shu jumladan, ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan koʻrsatkichlarni qamrab olmasdan, axborot taqdim etilganda huquqiy monitoring yakunlari boʻyicha Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazishda qonunbuzilishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlariga ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishga haqli.
20. Adliya vazirligi har chorakda davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring oʻtkazilishi ahvolini tahlil qiladi, natijalari boʻyicha zarur hollarda, huquqiy monitoringni sifatli va toʻliq oʻtkazish boʻyicha davlat boshqaruvi organlariga tegishli maslahatlar berishi yoxud ushbu Nizomning 19-bandida belgilangan choralarni amalga oshirishi mumkin.
21. Davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring oʻtkazilishi ahvoli har chorakda davlat boshqaruvi organlari hayʼat yoki boshqa kollegial organlari majlislarida muhokama qilib boriladi.
22. Huquqiy monitoring oʻtkazilishining ahvolini muhokama qilish boʻyicha majlislarda mazkur Nizom talablarining buzilishiga yoʻl qoʻygan davlat boshqaruvi organlari masʼul shaxslariga nisbatan tegishli choralar koʻrish masalalari koʻrib chiqiladi.
5-bob. Huquqiy monitoring natijalari boʻyicha yakuniy maʼlumot
23. Davlat boshqaruvi organlari har yili 1-fevralga qadar monitoring rejasiga muvofiq oʻtgan yilda ular tomonidan oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni Adliya vazirligiga taqdim etadi.
24. Adliya vazirligi har yili 20-fevralga qadar davlat boshqaruvi organlari tomonidan oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har yili 20-martga qadar huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni muhokama qilgan holda tasdiqlaydi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
26. Hisobotda quyidagilar aks ettiriladi:
monitoring rejasining bajarilishi natijalari;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish zarurati;
huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikdagi boʻshliq va ziddiyatlar, shuningdek, korrupsiyaga oid normalarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish boʻyicha takliflar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qoʻllash amaliyotini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi organlari.
27. Huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan huquqiy monitoring natijalarini amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi;
huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisidagi hisobot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
Huquqiy monitoring natijalaridan qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tayyorlashda foydalaniladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Jamoatchilik oʻtkazilgan huquqiy monitoring yuzasidan oʻzlarining eʼtirozlarini, shuningdek, huquqiy monitoring sifatini yaxshilash yuzasidan takliflarini Adliya vazirligiga bildirishi mumkin.
29. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda javobgar boʻladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat boshqaruvi organlari

1. Huquqiy monitoring oʻtkazish rejasi (keyingi oʻrinlarda — monitoring rejasi) loyihasini shakllantirish boʻyicha tegishli takliflarni ishlab chiqish.

2. Takliflarni birinchi rahbar imzosi bilan Adliya vazirligiga taqdim etish.

Har yili 1-fevralga qadar

2-bosqich

Adliya vazirligi

1. Monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqish.

2. Monitoring rejasi loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Har yili 20-fevralga qadar

3-bosqich

Vazirlar Mahkamasi

1. Monitoring rejasi loyihasini Vazirlar Mahkamasida muhokama qilish.

2. Monitoring rejasini tasdiqlash.

Har yili 20-martga qadar

4-bosqich

Davlat boshqaruvi organlari

1. Huquqiy monitoringni oʻtkazish.

Yil davomida

2. Tahliliy maʼlumotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritish

Har chorakda

5-bosqich

Adliya vazirligi

1. Davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring oʻtkazilishi ahvolini tahlil qilish.

2. Tahlil natijalari boʻyicha zarur hollarda, huquqiy monitoringni sifatli va toʻliq oʻtkazish boʻyicha davlat boshqaruvi organlariga tegishli maslahatlar berish yoxud huquqiy monitoringini oʻtkazishda qonun buzilishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish.

Har chorakda

6-bosqich

Davlat boshqaruvi organlari

Monitoring rejasiga muvofiq oʻtgan yilda ular tomonidan oʻtkazilgan huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisida hisobotni Adliya vazirligiga taqdim etish.

Har yili 1-fevralga qadar

7-bosqich

Adliya vazirligi

Huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Har yili 20-fevralga qadar

8-bosqich

Vazirlar Mahkamasi

1. Huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni Vazirlar Mahkamasida muhokama qilish hamda tasdiqlash.

Har yili 20-martga qadar

2. Huquqiy monitoring natijalarini amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash hamda huquqiy monitoring natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish choralarini koʻrish.

Belgilangan muddatlarda

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2019-y., 07/19/4505/3987-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)