Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 8-fevraldagi PQ-4168-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-son qaroriga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi bilan bogʻliq boʻlgan apellyatsiyalarni koʻrib chiquvchi Apellyatsiya kengashi tashkil etilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 7-son, 55-modda) 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-oktabr,
856-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”, “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida” va “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashida (keyingi oʻrinlarda — Apellyatsiya kengashi) koʻrib chiqiladigan masalalar turlari, Apellyatsiya kengashining huquq va majburiyatlari hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibi va moliyalashtirish manbalarini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Apellyatsiya kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini, seleksiya yutuqlarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlarini huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq apellyatsiyalarni sudgacha koʻrib chiquvchi kollegial organi sifatida amalga oshiradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
3. Apellyatsiya kengashi qarorlar qabul qilishda mustaqil hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulkni muhofaza qilishga doir xalqaro shartnomalariga amal qiladi.
4. Apellyatsiya kengashining faoliyati qarorlar qabul qilishda teng huquqlilik va kollegiallik prinsiplariga asoslanadi.
2-bob. Apellyatsiya kengashida koʻrib chiqiladigan masalalar turlari
5. Apellyatsiya kengashi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat muassasasi) talabnomada koʻrsatilgan:
(5-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
sanoat mulki obyektlari;
seleksiya yutuqlari;
integral mikrosxemalar topologiyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlariga nisbatan qabul qilingan qarorlari yuzasidan apellyatsiyalarni koʻrib chiqadi;
(5-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
b) manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning:
sanoat mulki obyektlariga patent berilishi;
seleksiya yutuqlariga patent berilishi;
integral mikrosxemalar topologiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilishi;
sanoat mulki obyektlariga va seleksiya yutuqlariga berilgan patentlarning haqiqiyligi;
Oldingi tahrirga qarang.
tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi, geografik koʻrsatkichdan va tovarning kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomaning haqiqiyligi;
(5-band “b” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgining xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilishining amal qilishiga yuzasidan apellyatsiyalarini koʻrib chiqadi;
v) quyidagilarning:
integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalarning;
Oldingi tahrirga qarang.
tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilariga, geografik koʻrsatkichlardan va tovar kelib chiqqan joy nomlaridan foydalanish huquqiga berilgan guvohnomalarning amal qilishi tugatilishi yuzasidan apellyatsiyalarini koʻrib chiqadi;
(5-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomi roʻyxatdan oʻtkazilishi bekor qilinishi yuzasidan apellyatsiyalarini koʻrib chiqadi;
(5-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
Apellyatsiya kengashi Oʻzbekiston Respublikasida hammaga maʼlum tovar belgilari deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqadi (keyingi oʻrinlarda ariza deb ataladi).
3-bob. Apellyatsiya kengashining huquq va majburiyatlari
6. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda quyidagi huquqlarga ega:
apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslardan, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslardan apellyatsiyani yoki arizani koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlarni soʻrab olish;
qoʻshimcha ekspertiza tayinlash, uni oʻtkazish uchun mustaqil ekspert va maslahatchilarni jalb etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlik ixtiyoridagi patent hujjatlari va ilmiy-texnika adabiyotlari davlat fondlaridan foydalanish.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida quyidagilarga majbur:
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida qonunchilikka va mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya qilish;
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish yuzasidan qabul qilingan qarorlar haqqoniyligini va asoslanganligini taʼminlash.
Oldingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi
8. Apellyatsiya kengashi Kengash raisi, uning oʻrinbosari, kengash aʼzolari va kotibidan iborat tarkibda faoliyat koʻrsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Apellyatsiya kengashi raisi hisoblanadi. Apellyatsiya kengashi tarkibiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar malakali va tajribali xodimlari, shuningdek, olimlar va mutaxassislar kiritiladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlikning Apellyatsiya kengashi tarkibidagi xodimlari soni Apellyatsiya kengashi umumiy aʼzolari sonining oʻttiz foizidan oshmasligi lozim.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-avgustdagi 535-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2024-y., 09/24/535/0679-son)
Apellyatsiya kengashi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
9. Apellyatsiya kengashi raisi yoki uning topshirigʻiga koʻra esa — uning oʻrinbosari Apellyatsiya kengashining faoliyatini tashkil etadi.
10. Apellyatsiya kengashida ishlar kengash kotibi tomonidan yuritiladi. Apellyatsiya kengashi kotibi Apellyatsiya kengashi tomonidan qarorlar qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas.
Oldingi tahrirga qarang.
101. Apellyatsiya va ariza Vazirlikning “Intellektual mulk muhofazasi portali” (keyingi oʻrinlarda — Portal) orqali topshiriladi.
(101-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Vazirlikning Intellektual mulk departamenti Apellyatsiya kengashining ishchi organi hisoblanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Vazirlikning Intellektual mulk departamenti:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
apellyatsiya va arizalarni qabul qiladi, Apellyatsiya kengashi majlislarini tashkiliy taʼminlaydi;
Apellyatsiya kengashi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha zarur materiallarni tayyorlaydi;
manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga ishni koʻrish natijalari boʻyicha Apellyatsiya kengashining qarorlarini yuborish choralarini koʻradi;
Oldingi tahrirga qarang.
(12-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
13. Apellyatsiya kengashi faoliyati majlislar oʻtkazish yoʻli bilan tashkil etiladi.
Majlislar zaruriyatga koʻra Apellyatsiya kengashi raisi tomonidan, u boʻlmagan taqdirda esa uning oʻrinbosari tomonidan chaqiriladi.
Apellyatsiya kengashining majlislari, agar ularning ishida Apellyatsiya kengashi aʼzolarining umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashining majlislari jarayonlari videoyozuvda qayd etib boriladi va protokoli yuritilmaydi.
(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Apellyatsiya kengashi majlislarida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs yoki uning vakili, boshqa manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslar qatnashishga haqlidir. Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs va koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha tomonlar hisoblangan boshqa shaxslar majlis boʻlishidan kamida oʻn kun oldin majlis oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt toʻgʻrisida yozma ravishda Vazirlik tomonidan Portal orqali xabardor qilinishi kerak.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs, boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasiga binoan Apellyatsiya kengashi majlisi kengash qaroriga koʻra kechroq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga koʻchirilishi mumkin. Bunda apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqishning belgilangan muddati oʻtishi Apellyatsiya kengashi majlisining yangi sanasigacha toʻxtatib turiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs, boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasi asosida Apellyatsiya kengashi majlisini fototasvirga tushirish, audio- va videoyozuvini amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilinishiga taraflarning roziligi va Apellyatsiya kengashi majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
16. Intellektual mulk obyektiga huquqiy muhofaza berish toʻgʻrisidagi talabnomani koʻrib chiqishda va uning boʻyicha ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etgan Apellyatsiya kengashi aʼzolari xulosa berish yoki Apellyatsiya kengashining mazkur intellektual mulk obyekti bilan bogʻliq apellyatsiyalar koʻrib chiqilayotgan majlisida qatnashish huquqiga ega emas.
17. Qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlar zarur boʻlgan taqdirda ular Apellyatsiya kengashi belgilagan muddatlarda manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilishi kerak.
Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs va boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasiga koʻra qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlarni taqdim etish muddati Apellyatsiya kengashi tomonidan uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Bunda apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqish belgilangan muddatining oʻtishi uzaytirish muddatigacha toʻxtatib turiladi.
18. Ishni koʻrib chiqish quyidagi hollarda Apellyatsiya kengashining navbatdagi majlisi sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda Apellyatsiya kengashi tomonidan boshqa kunga koʻchirilishi mumkin:
vakilning majlisda qatnasha olmasligi sababli ishni koʻrib chiqish boshqa kunga koʻchirilishi toʻgʻrisida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxsning asoslangan iltimosnomasi munosabati bilan;
qoʻshimcha dalillar olish zaruriyati munosabati bilan;
ishni koʻrib chiqish qatnashchilaridan birortasining hozir boʻlmaganligi yoki tomonning vakilida ishonchnoma yoʻqligi munosabati bilan;
Apellyatsiya kengashi fikriga koʻra ishni koʻrib chiqishga ekspertlarni jalb etish yoki boshqa shaxslarning ishtiroki zarurligi munosabati bilan;
ishni ushbu majlisda hal etish mumkin boʻlmaganda.
19. Ishni koʻrib chiqish quyidagi hollarda toʻxtatilishi mumkin:
Apellyatsiya kengashi tomonidan xulosalari ishni koʻrib chiqish natijalari uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa ish koʻrilayotganda;
ekspertizadan oʻtkazish yoki tegishli ekspertning yoki mutaxassisning xulosasi zarur boʻlganda;
materiallarni qoʻshimcha oʻrganish va soʻrash talab qilinadigan holatlar vujudga kelganda.
Ishni koʻrib chiqish uni toʻxtatishga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilgandan keyin davom ettiriladi.
20. Ishni koʻrib chiqish Apellyatsiya kengashi tomonidan quyidagi hollarda toʻliq yoki qismlari boʻyicha tugatilishi mumkin:
apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs ishni koʻrib chiqishni toʻliq yoki qismlari boʻyicha tugatilishi toʻgʻrisida ariza berganda;
tomonlardan biri vafot etganda, yuridik shaxs tugatilganda, agar huquqiy vorislari bilan almashtirish imkoni boʻlmasa yoki mumkin boʻlmasa;
apellyatsiya ishi boʻyicha sud tomonidan qaror qabul qilinganda.
21. Apellyatsiyalar yoki arizalar berish va ularni Apellyatsiya kengashi tomonidan koʻrib chiqish qoidalari Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
22. Apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya kengashi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
apellyatsiyalarni yoki arizalarni qanoatlantirish;
apellyatsiyalarni yoki arizalarni qisman qanoatlantirish;
apellyatsiyalarni yoki arizalarni qanoatlantirishni rad etish.
23. Apellyatsiya kengashining qarori apellyatsiya yoki ariza mohiyatini koʻrib chiqish tugagandan soʻng kengash aʼzolarining yopiq yigʻilishi natijasi boʻyicha koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Apellyatsiya kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Apellyatsiya kengashi raisi va aʼzolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emas. Apellyatsiya kengashi raisi eng oxirida ovoz beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya kengashining qarori Apellyatsiya kengashi raisi va ishni koʻrib chiqishda qatnashgan Apellyatsiya kengashining barcha aʼzolari tomonidan Portal orqali QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish bilan tasdiqlanadi.
(23-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qaror apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs, boshqa manfaatdor shaxs yoxud ularning vakillarining Portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
(23-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Tovar belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida Davlat muassasasi qabul qilgan qarorlar yuzasidan apellyatsiyalarni koʻrib chiqishda apellyatsiya bergan shaxs tovar belgisi egasining roʻyxatdan oʻtkazishda rad etilgan belgini roʻyxatga olish uchun roziligini taqdim etish huquqiga ega.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Geografik koʻrsatkichni va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazishni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Apellyatsiya kengashi ayni paytda ushbu roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan geografik koʻrsatkichdan va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga berilgan guvohnomalarning amal qilishini muddatidan oldin toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
26. Apellyatsiya kengashi qarori yuzasidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy mobaynida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Apellyatsiya kengashi qarorlari qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslarga va boshqa manfaatdor shaxslarga Vazirlik tomonidan yuboriladi, shuningdek, uning rasmiy nashrida va veb-saytida maʼlumot tariqasida eʼlon qilinadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
5-bob. Apellyatsiya kengashi faoliyatini moliyalashtirish manbalari
Oldingi tahrirga qarang.
28. Apellyatsiya kengashida ishlar koʻrib chiqilganligi uchun patent bojlari undiriladi. Patent bojlari Vazirlikning Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga toʻlanadi.
(28-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
Patent bojlari miqdori, ularni toʻlash muddatlari, shuningdek, ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Apellyatsiya kengashi aʼzolari — jalb qilingan mustaqil olimlar va mutaxassislar xizmatlariga ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida Vazirlikning Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan haq toʻlanadi.
(29-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 324-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son)
Haq toʻlash shartlari va uning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlikning Apellyatsiya kengashi tarkibidagi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarga muvofiq ustama toʻlanishi mumkin.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)
6-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
30. Apellyatsiya kengashini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining Apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”.
2. 1-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 19-sentabrdagi OʻRQ-111-sonli Qonuni)” 2008-yil 7-maydagi 89-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 5-son, 16-modda) ilovaning 2-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2008-yil 30-iyuldagi OʻRQ-164-son Qonuni)” 2008-yil 9-sentabrdagi 204-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2011-yil 24-maydagi PQ-1536-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 8-iyundagi 166-son qarori)” 2011-yil 6-sentabrdagi 248-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 9-son, 74-modda) ilova 3-bandining “b” kichik bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 09/19/856/3890-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.06.2022-y., 09/22/324/0510-son; 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son; 04.09.2024-y., 09/24/535/0679-son; 13.07.2026-y., 09/26/375/0726-son)