|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.04.2022
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari huzurida Tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-apreldagi 195-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida” 2019-yil 13-avgustdagi PF-5780-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hamda har bir tuman va shaharlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari (keyingi oʻrinlarda Bosh vazir qabulxonalari deb ataladi) huzurida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillaridan iborat tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari (keyingi oʻrinlarda Tadbirkorlar kengashlari deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari huzuridagi Tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari toʻgʻrisida namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Tadbirkorlar kengashlari oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi;
Tadbirkorlar kengashlari oʻz faoliyatini mazkur qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va tegishlicha Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari mudiri va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimi bilan birgalikda tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi;
Tadbirkorlar kengashi aʼzoligiga, qoida tariqasida, faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari qabul qilinadi.
4. Quyidagilar Tadbirkorlar kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq va gʻov boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etish;
Agentlik, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish;
tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha Agentlik, jamoatchilik kengashlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tizimli aloqalarni yoʻlga qoʻyish;
tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimlari bir hafta muddatda:
Bosh vazirning qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasining Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari bilan birgalikda joylardagi faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazilishini hamda faol ishbilarmonlar va obroʻ-eʼtiborga ega tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillaridan Tadbirkorlar kengashi aʼzolari va raisini saylab olinishini;
Tadbirkorlar kengashi faoliyatini tashkil etishga doir masalalar hal etilishini taʼminlasin.
6. Bosh vazir qabulxonalari mudirlari oʻn kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimlari bilan birgalikda belgilangan tartibda:
faol ishbilarmonlar va obroʻ-eʼtiborga ega tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillaridan iborat Tadbirkorlar kengashlari tarkibini;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari huzuridagi tadbirkorlarning jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom asosida tadbirkorlarning jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.
7. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari, ularning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari Tadbirkorlar kengashlari faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan javobgar hisoblanadi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-oktabr,
848-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-oktabrdagi 848-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari huzuridagi tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom (keyingi oʻrinlarda Nizom deb ataladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hamda har bir tuman (shahar)lardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari (keyingi oʻrinlarda Bosh vazir qabulxonalari deb ataladi) huzurida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va tadbirkorlarning boshqa vakillaridan tashkil etilgan Tadbirkorlar jamoatchilik kengashlarining (keyingi oʻrinlarda Tadbirkorlar kengashlari deb ataladi) vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Tadbirkorlar kengashlari oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.
3. Tadbirkorlar kengashlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hamda har bir tuman (shahar)lardagi Bosh vazir qabulxonalari huzurida tashkil etiladi.
4. Tadbirkorlar kengashlari tarkibi faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillaridan iborat fuqarolar orasidan saylab olinadi.
5. Tadbirkorlar kengashlarining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
6. Tadbirkorlar kengashlari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
7. Tadbirkorlar kengashilari tarkibi va Tadbirkorlar kengashlari toʻgʻrisidagi nizom Bosh vazir qabulxonalari mudirlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimlari bilan birgalikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
2-bob Tadbirkorlar kengashlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari
8. Quyidagilar Tadbirkorlar kengashlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq va gʻov boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etish;
Agentlik, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish;
tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha Agentlik, jamoatchilik kengashlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tizimli aloqalarni yoʻlga qoʻyish;
tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish.
9. Tadbirkorlar kengashi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
doimiy ravishda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq va gʻov boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
har oyda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq va gʻov boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni Agentlikka taqdim etib boradi. Bunda, tuman (shahar)lardagi Bosh vazir qabulxonalari huzurida tashkil etilgan Tadbirkorlar kengashi muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni umumlashtirib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Bosh vazir qabulxonalari huzurida tashkil etilgan Tadbirkorlar kengashiga taqdim etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Bosh vazir qabulxonalari huzurida tashkil etilgan Tadbirkorlar kengashlari tarkibidagi Agentlik vakili ushbu muammolarni umumlashtirib, doimiy ravishda Agentlikka taqdim etib boradi;
sohaga aloqador boʻlgan islohotlarni tadbirkorlarga doimiy ravishda yetkazib boradi;
Agentlik, jamoatchilik kengashlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha tizimli aloqalarni yoʻlga qoʻyadi;
tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilib boradi;
tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazadi;
Bosh vazir qabulxonalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;
10. Tadbirkorlar kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:
Bosh vazir qabulxonalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etish;
Bosh vazir qabulxonalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlariga Tadbirkorlar kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish boʻyicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur boʻlgan davlat organining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;
davlat organlari tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini taʼminlashda ishtirok etish;
tadbirkorlik subyektlarining murojaatlariga davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan berilgan javoblarni tahlil qilish;
Tadbirkorlar kengashlari majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish boʻyicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
Tadbirkorlar kengashlari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.
Tadbirkorlar kengashlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Tadbirkorlar kengashlari oʻz faoliyatini amalga oshirishda:
jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi hamda qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;
fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻymasligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan boʻlsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.
Tadbirkorlar kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
3-bob. Tadbirkorlar kengashlarining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi
12. Tadbirkorlar kengashlarining tarkibiga uning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolari kiradi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimlari Bosh vazir qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasining Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari bilan birgalikda Tadbirkorlar kengashlarining aʼzolarini saylash toʻgʻrisida joylarda oʻtkaziladigan yigʻilish ishtirokchilariga taklif kiritadi.
Tadbirkorlar kengashlarining aʼzolari mazkur yigʻilish ishtirokchilarining uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda saylangan hisoblanadi.
14. Tadbirkorlar kengashlarining raisi, rais oʻrinbosari va kotibi Tadbirkorlar kengashlari aʼzoligiga saylanganlar orasidan yigʻilish ishtirokchilarining uchdan ikki qismi ovozi bilan saylab olinadi.
Bunda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahridagi Bosh vazir qabulxonalari huzurida tashkil etiladigan Tadbirkorlar kengashlari tarkibiga Agentlik hamda Savdo-sanoat palatasining vakillari kiritiladi.
Tadbirkorlar kengashlari aʼzolarining soni cheklanmagan.
15. Tadbirkorlar kengashlari tarkibi har 3 yilda tasdiqlanadi.
16. Quyidagi holatlarda Tadbirkorlar kengashlarining raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:
ular tomonidan Tadbirkorlar kengashlari tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berilganda;
ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb topilganda.
17. Tadbirkorlar kengashlarining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va unga kiritilgan oʻzgartirishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
18. Tadbirkorlar kengashlarining raisi:
Tadbirkorlar kengashlarining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Tadbirkorlar kengashlarining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;
Tadbirkorlar kengashlarining majlislarida raislik qiladi;
Tadbirkorlar kengashlarining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;
Tadbirkorlar kengashlari qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;
Tadbirkorlar kengashlari aʼzolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;
Tadbirkorlar kengashlari qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Bosh vazir qabulxonalari mudirlari bilan hamkorlik qiladi;
Tadbirkorlar kengashlarining samarali ishini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
19. Tadbirkorlar kengashlarining raisi boʻlmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais oʻrinbosari bajaradi.
20. Tadbirkorlar kengashlari raisining oʻrinbosari:
rais yoʻqligida tadbirkorlar kengashlarining majlislarida raislik qiladi;
Tadbirkorlar kengashlari qarorlarining ijrosini nazorat qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
Tadbirkorlar va ularning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Tadbirkorlar kengashlari faoliyatiga taalluqli murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
Tadbirkorlar kengashlarining samarali ishlarini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
21. Tadbirkorlar kengashlarining kotibi:
Tadbirkorlar kengashlarining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
Tadbirkorlar kengashlarining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibiga muvofiq Tadbirkorlar kengashlari majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Tadbirkorlar kengashlari oʻtkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar roʻyxatini Tadbirkorlar kengashlarining raisi bilan kelishadi;
Tadbirkorlar kengashlarining aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni Tadbirkorlar kengashlari majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;
Tadbirkorlar kengashlari qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini tadbirkorlar kengashlari majlisida koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritadi;
Tadbirkorlar kengashlari majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning Tadbirkorlar kengashlari aʼzolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga joʻnatilishini taʼminlaydi;
Tadbirkorlar kengashlarining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
22. Tadbirkorlar kengashlarining aʼzolari oʻz majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda oʻz vakolatini boshqalarga oʻtkazish huquqiga ega emas.
Tadbirkorlar kengashlarining majlisida ishtirok etish imkoni boʻlmagan holatlarda, uning aʼzosi majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda koʻrib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.
Tadbirkorlar kengashlarining aʼzolari:
Tadbirkorlar kengashlari ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni Tadbirkorlar kengashlarida koʻrib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini taʼminlaydi;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari hamda chet ellik investorlarning yoʻliga toʻsiq va gʻov boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;
Tadbirkorlar kengashlarining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Tadbirkorlar kengashlarining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bogʻliq murojaatlarni koʻrib chiqadi va natijalari boʻyicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
Tadbirkorlar kengashlarining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
23. Tadbirkorlar kengashlari faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida koʻrib chiqiladi. Tadbirkorlar kengashlarining majlisi uning ish rejalari asosida har oyda kamida bir marta chaqiriladi.
Tadbirkorlar kengashlarining raisi kengash aʼzolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.
24. Tadbirkorlar kengashlari majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan Tadbirkorlar kengashlari aʼzolarining takliflari va Tadbirkorlar kengashlari raisining topshirigʻi asosida shakllantiriladi.
25. Tadbirkorlar kengashlarining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning oʻrinbosari olib boradi.
26. Tadbirkorlar kengashlarining majlisi, agar unda Tadbirkorlar kengashlari aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Tadbirkorlar kengashlarining yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.
27. Tadbirkorlar kengashlarining qarori majlisda ishtirok etayotgan Tadbirkorlar kengashlari aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
28. Tadbirkorlar kengashlarining har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri Tadbirkorlar kengashlari majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qoʻshib qoʻyiladi.
29. Tadbirkorlar kengashlarining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Tadbirkorlar kengashlari majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga, Tadbirkorlar kengashlari aʼzolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
30. Tadbirkorlar kengashlarining kotibi kengash aʼzolari koʻmagida Tadbirkorlar kengashlari qarorlari ijrosining borishini oʻrganadi va koʻrib chiqadi, zarur boʻlgan hollarda, Tadbirkorlar kengashlarining raisiga tegishli takliflar kiritadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Tadbirkorlar kengashlarining faoliyati uning nizomiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekanligi Bosh vazir qabulxonalari mudirlari tomonidan nazorat qilinadi.
32. Tadbirkorlar kengashlarining qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 09/19/848/3874-son)