Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish hamda undan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun kulay sharoitlar yaratish, zamonaviy infratuzilmani jadal rivojlantirishni taʼminlash, koʻrsatilayotgan turizm, mehmonxona va transport xizmatlarini kengaytirish va ularning sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashki savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Fargʻona viloyati hokimligining Fargʻona viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Shoximardon” turizmni rivojlantirish direksiyasini (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Shoximardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan sopi 5 nafar boʻlgan tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Fargʻona viloyati hokimligiga, zarur hollarda, Direksiya tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, Direksiyasining moddiy texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarining ish haqi, transport va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish manbalari tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq Fargʻona viloyati mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
Fargʻona viloyati Fargʻona tumanidagi “Shoximardon” mahalla fuqarolar yigini va “Yordon” mahalla fuqarolar yigʻinida (keyingi oʻrinlarda mahalla fuqarolari yigʻinlari deb ataladi) turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash;
mahalla fuqarolari yigʻinlarida zamonaviy turizm infratuzilmasi obyektlarini yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan boʻsh turgan obyektlar negizida turizm xizmatlarini tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb etish;
mahalla fuqarolari yigʻinlarining ekoturizm salohiyatini inobatga olgan holda yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
mahalla fuqarolari yigʻinlariga tashrif buyuruvchi turistlarning ehtiyojlari va talablarini inobatga olgan holda turizm xizmatlarini diversifikatsiyalash;
turistlar xavfsizligini taʼminlash, favqulodda holatlarda tez tibbiy yordam xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
mahalla fuqarolari yigʻinlarida turizm namoyishi obyektlari va turizm infratuzilmasining yagona roʻyxatini shakllantirish va pasportlashtirish.
5. Fargʻona viloyati hokimligi:
“Shoximardon” turizmni rivojlantirish direksiyasining ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Direksiyani belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin va turizmni rivojlantirish sohasida yetarli tajriba va malakaga ega boʻlgan kadrlar bilan toʻldirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashki savdo vazirligi bilan birgalikda mahalla fuqarolari yigʻinlari hududidagi boʻsh turgan obyektlarni xatlovdan oʻtkazsin va aniqlangan obyektlarning faoliyatini tiklash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
6. Fargʻona viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda mahalla fuqarolari yigʻinlari hududida quyidagilarni nazarda tutuvchi:
turistlar hamda doimiy yashovchi fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, transport vositalarining yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qilishi choralarini koʻrish hamda turli xil koʻngilsizlik va qonunbuzilishi holatlarining oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;
sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, kunlik tartibda ob-havo maʼlumotlarini tahlil qilish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tabiiy ofatlardan turistlar va mahalliy fuqarolarni xabardor qilish, Direksiya hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarini ogohlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-oktabr,
843-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktabrdagi 843-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Shoximardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi apparatining
TUZILMASI
|
Direktor |
|||||||
|
|
|||||||
|
Mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish, loyihalarni ishlab chiqish va turizmni rivojlantirish guruhi 2 |
Yuriskonsult |
Buxgalter | |||||
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 5 nafar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 09/19/843/3858-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)