O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2014-yil 21-iyuldagi 199-son qaroriga qo‘shimcha kiritish haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-yil uchun vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida” 2019-yil 27-fevraldagi F-5445-son farmoyishiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2014-yil 21-iyuldagi 199-son qarorining 2-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Respublikaga tovarlarni olib kirish bo‘yicha tuzilgan kontraktlarga qo‘shimcha kelishuvlar kiritilib, ularga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar, xorijiy hamkorlar va ularning rekvizitlari o‘zgargan taqdirda, tijorat banklariga ushbu kontraktlar bo‘yicha pul mablag‘lari (moliyaviy tranzaksiyalar) o‘tkazishni bojxona yuk deklaratsiyalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng amalga oshirish tavsiya etilsin”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bir oy muddatda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga ushbu qarorning 1-bandidan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartirishlarni kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. Ganiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-avgust,
717-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.08.2019-y., 09/19/717/3651-son)