Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Respublika iqtisodiyoti va sanoat tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar asosida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda oliy maʼlumotli malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi hamda “Korea International University in Fergana” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda Muassis deb ataladi) Fargʻona shahrida Koreya xalqaro universitetini (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
2. Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
respublikaning iqtisodiyoti va sanoat tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlash;
mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini taʼlim va ilm-fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon taʼlim hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;
kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan yangi taʼlim dasturlari hamda oʻqitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va oʻqitish uslublarini faol takomillashtirish;
taʼlim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.
3. Belgilansinki:
Universitet alohida mulk va mustaqil balansiga ega boʻlgan yuridik shaxs maqomidagi nodavlat oliy taʼlim tashkiloti sifatida tashkil etilib, tasarrufidagi pul mablagʻlari va mulklari boʻyicha oʻzining majburiyatlari yuzasidan javobgar hisoblanadi;
Universitet kadrlarga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda, Muassis bilan kelishilgan asosiy bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Universitetda Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini hisobga olgan holda, Universitet tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha oʻzbek, koreys, rus va ingliz tillarida kunduzgi va kechki taʼlim shakllarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
talabalikka qabul qilish va Universitet bitiruvchilarining attestatsiyasi Universitet tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi;
Universitet faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetida birinchi oʻquv yilida kadrlar tayyorlanadigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetida 2021/2022 oʻquv yili va undan keyingi oʻquv yillarida kadrlar tayyorlanadigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) roʻyxati 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
5. Muassis:
oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga;
Universitet mutaxassislarining malakasini oshirish va professor-oʻqituvchilari tarkibini qayta tayyorlashga;
kutubxona fondini zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan toʻldirishga koʻmaklashishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Universitet Fargʻona shahar, Nurafshon koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan Fargʻona viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasining bino va inshootlarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Fargʻona viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi respublika oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali oʻqituvchilari va mutaxassislari tarkibidan Universitetni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirishga koʻmaklashsin xamda keyinchalikda ularning stajirovkasini tashkil etsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
8. Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetining Vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda Vasiylik kengashi deb ataladi) tarkibi 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Universitet faoliyatining tashkil etilishini taʼminlash, uning toʻlaqonli faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy, moliyaviy, huquqiy, iqtisodiy, oʻquv-metodik, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etish;
zarur loyiha, qurilish-montaj va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, Universitetni jihozlash, uning infratuzilmasini yaratish, moddiy-texnik taʼminlashga doir grafiklarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Universitet faoliyatini tashkil etish boʻyicha tasdiqlangan grafiklarda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat va monitoring olib borish;
taʼlim jarayonini, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, bakalavr tayyorlash sifatini tizimli ravishda oshirish, Universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirish, mehnat bozorining keyingi rivojini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashda koʻmaklashish;
ijtimoiy-iqtisodiy sohaning yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2020/2021 oʻquv yilida va keyingi yillarda Universitetga qabul qilish parametrlarini va oʻqish uchun kontrakt summasini belgilash;
Universitet faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash uchun homiylik xayriyalarini, texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarni) va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish;
Universitetning moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash, Universitet infratuzilmasini yaxshilashga koʻmaklashish;
talabalar ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash, iqtidorli talabalarni oʻqitish uchun stipendiyalar ajratish yoki ragʻbatlantirish choralarini koʻrish, talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va ularning yashash joylarida boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, shuningdek, talabalarning dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
taʼlim dasturi asosida Koreya Respublikasidagi yetakchi universitetlarda talabalarning oʻqishini davom ettirishini, shuningdek maxsus stipendiyalar berish orqali xorijdagi boshqa yetakchi taʼlim muassasalariga malakaviy amaliyot oʻtashga yuborish uchun iqtidorli talabalarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish.
9. Vasiylik kengashi uch oy muddatda Koreyaning hamkor oliy taʼlim muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash boʻyicha kelishuv (shartnoma) imzolasin.
10. Belgilansinki:
a) Muassis Fargʻona viloyati hokimligiga akademik hamkor hisoblanadi hamda Universitet bitiruvchilariga belgilangan namunadagi diplomni topshirish majburiyatini oladi;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Universitetga qabul parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan asoslantirilgan takliflar boʻyicha Muassis tomonidan tasdiqlanadi;
(10-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
v) Universitetning faoliyatini moliyalashtirish:
Universitetning oʻz mablagʻlari;
talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalaridan Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
(10-bandning “v” kichik bandi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
g) Universitetni tashkil qilish, uning moddiy-texnik va oʻquv bazasini shakllantirish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni, shu jumladan taʼmirlash-tiklash ishlarini olib borish, anjomlar, zamonaviy oʻquv hamda laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan taʼminlash, shuningdek, Universitetdagi mahalliy pedagog kadrlarning stajirovkasi va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish Universitet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
d) Universitetga jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilarning xizmat safari xarajatlarini toʻlash:
Oldingi tahrirga qarang.
7 kungacha boʻlgan qisqa muddatli xizmat safarlari boʻyicha — Koreya Respublikasining qonunchilik hujjatlari bilan oliy taʼlim muassasalari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;
(10-bandning “d” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
uzoq muddatli xizmat safarlari boʻyicha — oʻquv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Universitetga oʻqituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijiy pedagog kadrlarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlashga ruxsat etilsin.
12. Vasiylik kengashi Muassis bilan kelishgan holda:
a) bir oy muddatda:
Universitet Ustavini tasdiqlasin, shuningdek, uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Universitetning tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda Universitetni Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatuvchi oliy taʼlim muassasalarida foydalaniladigan zarur oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlasin.
13. Universitetga bino va inshootlarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilinishini, shuningdek, Universitet talabalari va oʻqituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlanishini 2020/2021 oʻquv yili boshlanishiga qadar taʼminlash tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun davlat boji undirilmasdan, belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Universitet buyurtmanomalariga koʻra, Universitet faoliyatini tashkil qilishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berish (uzaytirish), shuningdek xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berishni (uzaytirishni) taʼminlasin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
17. Universitetni jihozlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy oʻquv jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyot, anjomlar va moddiy-texnika resurslari, shuningdek, avtotransport vositalari 2022-yil 1-avgustga qadar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-son qarori bilan tasiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxati.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-avgust,
714-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 714-son qaroriga
1-ILOVA
Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetining vasiylik kengashi
TARKIBI

1.

X.X. Bozarov

Fargʻona viloyati hokimi, Vasiylik kengashi raisi

2.

S.B. Radjabov

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari

3.

Edvard Kim

Koreya Respublikasidagi Koreya-Oʻzbekiston biznes markazi raisi

4.

Lavozimi boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi oʻrinbosari

5.

B.J. Aʼloyev

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

6.

Park Jun Xo

Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti taʼsischisi va rektori

7.

Park Tae Kyung

Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti boshqaruvi raisi oʻrinbosari, Vasiylik kengashi kotibi

Koreya Respublikasi oliy taʼlim muassasalari konsorsiumidan

8.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Sun moon” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

9.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Halla” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

10.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Kwangwoon” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

11.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Sunshin Womenʼs” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

12.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Gwangju” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

Izoh.
Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vasiylik kengashi tarkibiga, zarur hollarda Vasiylik kengashining taklifiga asosan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 159-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 714-son qaroriga
2-ILOVA
Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetida 2021/2022 oʻquv yili va undan keyingi oʻquv yillarida kadrlar tayyorlanadigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari)

ROʻYXATI

T/r

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishi nomi

1.

Maktabgacha taʼlim

2.

Turizm menejmenti

3.

Koreys tili

4.

Goʻzallik menejmenti

5.

Kompyuter hisob-kitobi menejmenti

6.

Internet va axborot-kommunikatsiya

7.

Avtomobilsozlik

8.

Arxitektura muhandisligi

9.

Elektrotexnika-gaz muhandisligi

10.

Ogʻiz boʻshligi gigiyenasi

11.

Hamshiralik

12.

Fizioterapiya

13.

Ijtimoiy farovonlik

14.

Kompyuter grafikasi

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 714-son qaroriga
3-ILOVA
Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetining Vasiylik kengashi
TARKIBI

1.

Sh.M. Ganiyev

Fargʻona viloyati hokimi, Vasiylik kengashi raisi

2.

K.A. Sharipov

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari

3.

Edvard Kim

Koreya Respublikasidagi Koreya-Oʻzbekiston biznes markazi raisi, Fargʻona viloyatining faxriy fuqarosi

4.

S.X. Bekenov

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari

5.

I.T. Neʼmatov

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

Koreya Respublikasi oliy taʼlim muassasalari konsorsiumidan

6.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Seojeong universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

7.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “JEI” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

8.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Shinhan” universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

9.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Seokyeong universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

10.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Kookmin universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

11.

Lavozimi boʻyicha

Koreya Respublikasi “Sunmoon universiteti prezidenti (kelishuv asosida)

Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/714/3635-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.04.2026-y., 09/26/159/0337-son)