|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.04.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AYRIM KORXONALAR VA MOL-MULKNI DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH VA XUSUSIYLASHTIRISHNING BA’ZI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli “Bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Ayrim korxonalar va mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning ba’zi masalalari to‘g‘risida” 1995-yil 31-avgustdagi 119-1-son qarorini bajarish hamda davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlarini yanada tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasida davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan, xususiylashtirilmaydigan va sotib olinmaydigan korxonalar, obyektlar, davlat mol-mulki guruhlari ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan korxonalar, obyektlar, davlat mol-mulki guruhlari ro‘yxati 3-ilovaga* muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan 1996-yilda davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan korxonalar, obyektlar, davlat mol-mulki guruhlari ro‘yxati 4-ilovaga* muvofiq;
iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalar bo‘yicha obyektlarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish hamda ulardan tushadigan mablag‘lar yuzasidan 1996-yilgi topshiriqlar 5 va 6-ilovalarga* muvofiq;
respublika viloyatlari bo‘yicha kimoshdi savdolari va tanlovlarda qurilishi tugallanmagan obyektlarni sotish yuzasidan 1996-yilgi topshiriqlar 7-ilovaga* muvofiq;
1996-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi obyektlarini kimoshdi savdolari va tanlovlarda sotish bo‘yicha topshiriqlar 8-ilovaga* muvofiq.
Obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish hamda ularni kimoshdi savdosi, tanlovlar va birja savdolarida sotish chog‘ida Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-iyuldagi 273-f-son Farmoyishi bilan belgilangan mablag‘larni to‘lash, taqsimlash, hisobga olish va ularning tushumi va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilishning umumiy qabul qilingan tartiblariga qat’iy rioya etilsin. Aralash mulk obyektlarini kimoshdi savdolari, tanlovlar va birja savdolarida sotish chog‘ida davlatga qarashli bo‘lmagan mulk obyektlari uchun mablag‘larni taqsimlashning qayd etib o‘tilgan Farmoyishda nazarda tutilgan sxemasiga amal qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1996-yilda ilgari xususiylashtirilgan savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, matlubot kooperatsiyasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini ularning egalari buyurtmanomalariga binoan 9-ilovaga* muvofiq sotishni ta’minlasinlar.
3. Respublika viloyatlari bo‘yicha 1996-yilda kimoshdi savdosi asosida yer maydonlarini fuqarolarga meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun sotish topshiriqlari 10-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Yer maydonlarini kimoshdi savdosida haqini bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash yo‘li bilan sotib olishga ruxsat berilsin.
4. Mintaqalarning 1996-yilda 11-ilovaga* muvofiq kichik va xususiy korxonalar tashkil etish to‘g‘risida takliflariga rozilik berilsin.
5. Mintaqalar va xalq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha 1996-yilda aksionerlik jamiyatlariga aylantirilayotgan davlat korxonalari aksiyalarini chiqarish jadvali 12 va 13-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasiga 4 — 13-ilovalarga* muvofiq ro‘yxatlarga tuzatish kiritish huquqi berilsin.
*2 — 13-ilovalar berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Hukumat qarori qabul qilinishini talab etuvchi masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorni asos qilib olgan holda 1996-yilda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning mintaqaviy dasturlarini 20 kun muddatda ishlab chiqsinlar va Davlat mulki qo‘mitasi bilan kelishgan holda tasdiqlasinlar.
8. Belgilab qo‘yilsinki, davlatga tegishli aksiyalar bo‘yicha dividendlar 1996-yilda rivojlantirish va texnik qayta jihozlash uchun korxonalar hamda tashkilotlarga yo‘naltiriladi. Davlatga tegishli dividendlardan belgilangan maqsadda foydalanilishini nazorat qilish mulkning davlat ulushlarini boshqarish huquqi berilgan tegishli vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalarga yuklansin.
Davlat mulki qo‘mitasi mablag‘lardan noo‘rin foydalanish hollarini aniqlaganda, ular Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan qonunchilik bilan belgilangan tartibda undirib olinadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki obyektlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
9. Belgilab qo‘yilsinki, ushbu qarorning bajarilishi yilning birinchi choragi, yarim yili, 9 oyi va umuman 1996-yil yakunlari bo‘yicha Davlat mulki qo‘mitasi (V.A.Chjen) tomonidan taqdim etilgan materiallarga binoan Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 4-dekabr,
448-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH, XUSUSIYLASHTIRISH VA TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASH JARAYONLARINI CHUQURLASHTIRISHNING ASOSIY YO‘NALISHLARI
I. 1994-1995-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha ilgari qabul qilingan dasturlarning qanday amalga oshirilayotganligi natijalarining tahlili
1995-yilda 1994-1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish dasturi bilan belgilangan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni o‘tkazish ko‘lamlarini kengaytirish, monopolistik ishlab chiqarish-xo‘jalik tuzilmalarini kichiklashtirish va raqobat bozori muhitini yaratish, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida respublikaning keng aholi qatlamlarining, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning ishtirok etishlarini ta’minlashga oid maqsadlarni amalga oshirish davom ettirildi. Xususiylashtirilgan korxonalarga ish sharoitlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, nodavlat sektorlarini yanada kengaytirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor berildi.
Natijada 3800 dan ortiq davlat korxonalari negizida ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari tashkil etildi. Respublikada 17000 dan ortiq dehqon va fermer xo‘jaliklari paydo bo‘ldi, aksionerlik jamiyatlari “O‘zmaishiyxizmatuyushma”, “O‘zbeksavdo”, “O‘zmontajmaxsusqurilish” va boshqalarni kichiklashtirish, Toshkent shahar Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlari tajribasi bo‘yicha savdo va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatishdagi monopol tuzilmalarni tugatishga oid ishlar olib borildi, hozirgi vaqtda 5230 obyekt aksionerlik jamiyatlari tarkibidan chiqdi, mingdan ortiq aksionerlik jamiyatlari yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlaridan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirildi.
Ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlar bozorlari infrastrukturalarini yaratishga asos solindi. Respublika fond birjasi, ko‘chmas mulk birjasi, Milliy depozitariylar, investitsiya fondlari tashkil etildi. Axborot-telekommunikatsiya tizimlarini qurish dasturi tuzildi, brokerlik idoralari va fond do‘konlari tarmoqlari shakllantirilmoqda.
1995-yil oxirigacha Respublika fond birjasi, depozitariysi, Respublika ko‘chmas mulk birjasi va Respublika tovar-xom ashyo birjasining hududiy filiallari tashkil etiladi.
1995-yil oktabrida fond birjasi a’zo sifatida Yevro-Osiyo fond birjalari federatsiyasiga qabul qilindi, bu esa O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlarining Federatsiya a’zolari bo‘lgan mamlakatlarga chiqishiga imkon berdi.
Ko‘chmas mulk birjasida yil boshidan buyon 900 dan ortiq kimoshdi savdolari, tanlovlar va birja savdolari o‘tkazildi. Qurilishi tugallanmagan 600 obyekt, xizmat ko‘rsatish va savdo sohasi obyektlari uchun — 2 ming, yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun — 2 ming, avtomobilga yonilg‘i quyish stansiyalari uchun 152 va avtotransport vositalari uchun mingtadan ortiq yer uchastkalari sotildi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorini tashkil etishning birinchi bosqichida aholi keng qatlamlariga, yuridik shaxslarga va xorijiy investorlarga sotish nazarda tutilgan qimmatli qog‘ozlar hajmi o‘rtacha davlat korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish hisobiga yuzaga keldi.
Xorijiy investorlar tomonidan qimmatli qog‘ozlarga mablag‘lar qo‘yish amalga oshirildi, aksiyalarning to‘xtatib qo‘yilgan davlat ulushini sotish o‘tkazildi, ya’ni ular fond birjasida va fond do‘konlarida qayta sotila boshlandi. Korxonalar negizida yangidan tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlaridagi davlat va mehnat jamoasining ulushi ustav sarmoyasining jami 49 foizidan oshmaydi.
Respublikada milliy investitsiya fondi tashkil etilgan. U ta’sischilar va aholi o‘rtasida tarqatilgan 4 mln so‘mlik birinchi emissiyani chiqarishni amalga oshirib bo‘ldi. 10 mln so‘mlik ikkinchi emissiyani ro‘yxatdan o‘tkazish va uni chiqarish amalga oshirildi. Investfond huzurida tashkil etilgan fond do‘konlari orqali aholiga naqd pulga 232 ming so‘mlik 1160 aksiya sotildi.
Tashkil etilganidan buyon Milliy depozitariy tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, jumladan, ustav fondining umumiy hajmi 8 mlrd so‘m bo‘lgan 3352 aksionerlik jamiyati emissiyasi tarqatildi va ro‘yxatdan o‘tkazildi, ulardan 4 mlrd so‘mi saqlab qo‘yish uchun qabul qilib olindi. Aksiya egalari tomonidan 150 ming hisob-kitob schyotlari ochildi, ularning 145 mingi jismoniy shaxslarga tegishlidir. Aksiya egalariga aksiyalarning 965 ming sertifikati berildi. Respublika fond birjasining birja savdolari orqali jami 700 mln so‘mdan ortiq qimmatli qog‘ozlar sotildi. Fond do‘konlari orqali aholiga 22 mln so‘mlik aksiya sotildi. Aksiyani sotishning opsion (tanlov) tizimi tashkil etildi, natijada 20,5 mln so‘mlik mablag‘ olindi.
Respublikada qiymatli qog‘ozlar bozorini yanada faollashtirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar chuqur tahlil qilindi, natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat mulki bo‘lgan korxonalarni aksionerlashtirishni jadallashtirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1995-yil 12-iyundagi PF-1164-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining “Davlat korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishga oid tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1995-yil 15-iyundagi 221-son qarori qabul qilindi.
Maxsus investitsiya loyihalarini sotishga oid xorijiy sarmoyani jalb qilishga alohida e’tibor berilgan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qulay investitsiya muhiti yaratish bo‘yicha ham maqsadli siyosat boshlab yuborildi. Oldindan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida xorijiy investorlarning O‘zbekistondagi bozor islohotlari jarayonlariga ishtirok etishga qiziqishlari bir muncha oshdi. 1995-yilda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 1500 tadan oshib ketdi. Qo‘shma korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi jiddiy ravishda ko‘paydi.
“Zavod – mahalla” tamoyili rivojlanishida ishlab chiqarish va mahalla qo‘mitalari o‘zaro hamkorligining yangi-yangi shakllari paydo bo‘lmoqda.
II. Asosiy maqsadlar va ustuvorliklar
Quyidagilar davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini chuqurlashtirishga oid asosiy yo‘nalishlarning bosh maqsadlari hisoblanadi:
— xalq xo‘jaligini isloh qilish sababli bo‘shab qolgan odamlarni ish bilan ta’minlash uchun yangi ishchi o‘rinlari tashkil etish;
— bozor munosabatlarini va bozor infrastrukturasini jadal rivojlantirish, raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
— ayniqsa, bank, auditorlik, konsalting, vositachilik faoliyati bilan bog‘liq ko‘p bilim talab qiladigan xizmat ko‘rsatish hajmlarini keskin ko‘paytirish;
— xo‘jalik yuritish samaradorligini oshirishni, ichki bozorni tovar bilan to‘ldirishni, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni ta’minlovchi uncha katta bo‘lmagan ishlab chiqarishlar, kichik va xususiy korxonalarni joriy qilish;
— respublikaning barcha mintaqalarida bozor makonini shakllantirish.
Quyidagilar davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini chuqurlashtirishga oid asosiy yo‘nalishlarni yanada amalga oshirishning asosiy ustuvorliklari hisoblanadi:
— yirik va o‘rtacha korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirishni yanada rivojlantirish;
— tadbirkorlik va uni davlat tomonidan butun choralar bilan qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish;
— xalq xo‘jaligi tarmoqlarini boshqarish tuzilmasini yanada isloh qilish va uni bozor iqtisodi sharoitlariga muvofiqlashtirish;
— iqtisodiy islohotlarni rivojlantirish jarayonlarini amalga oshirishda hududlarning rolini oshirish;
— qishloq xo‘jaligida iqtisodiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirish;
— xorijiy investorlar ishtirokidagi ishlab chiqarishni rivojlantirish loyihalarini shakllantirish, eksport imkoniyatlarini oshirish;
— davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarida xorijiy investorlarning bevosita ishtirok etishlarini ta’minlash;
— davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida aholini ijtimoiy kafolatlashni va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash;
— kichik biznes va xususiy tadbirkorlik infrastrukturalarini tashkil etishda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘maklashish: ulgurji-vositachilik tuzilmalarini va tovar-xom ashyo birjasi filiallarini rivojlantirish, agroxizmatlar bozorini rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy xizmatlar bozorini rivojlantirish, qishloqda tadbirkorlar savdo palatalarini, biznes-markazlarni tashkil etish;
— axborot va konsalting firmalari tarmoqlarini tashkil etish;
— lizing korxonalar tashkil etishda ko‘maklashish va ularni ham o‘zimizdagi, ham xorijdagi texnika hamda uskunalar, shuningdek, texnologiyalar to‘g‘risidagi axborotlar bilan ta’minlash;
— ko‘chmas mulk, qimmatli qog‘ozlar va depozitar tarmoqlar va uning infrastrukturalarini quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yanada shakllantirish va rivojlantirish: investitsiya institutlari, investitsiya kompaniyalari, investitsiya fondlari, trast kompaniyalari, fond do‘konlari tashkil etish va brokerlik idoralari tarmoqlarini kengaytirish, respublika hududida xorijiy emitentlar qimmatli qog‘ozlari bozorini tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi emitentlari aksiyalarini xorijiy investorlarga sotish, qimmatli qog‘ozlar ikkilamchi bozorini tashkil etish, qimmatli qog‘ozlar bilan qilinadigan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitob-kliring markazini tuzish;
— O‘zbekiston Respublikasi hududida yer kadastrini, ma’lumotlar bazalarini tuzish va davlat va nodavlat mulki mavjudligi va uning harakatini hisobga olishni tashkil etish.
III. Davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini chuqurlashtirishga oid asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish usullari va mexanizmlari
III. 1. O‘zbekiston Respublikasidagi xususiylashtirish jarayonining ilgari qabul qilingan modelini takomillashtirish
O‘zbekistondagi islohotlarning eng muhim o‘ziga xos xususiyatlaridan biri xususiylashtirishga sektor bo‘yicha yondashishni qo‘llash hisoblanadi.
Xususiylashtirishni sektor bo‘yicha amalga oshirish va takomillashtirish uchun Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan har bir tarmoqdagi ishlab turgan tuzilmalarni tahlil qilish o‘tkaziladi, ya’ni xususiylashtirilayotgan davrda alohida korxonalarning, yangidan tashkil etilgan bozor tuzilmalarining moliya-xo‘jalik faoliyatlari, ularning moliyaviy ahvollari, tarmoqdagi va bozordagi o‘rinlari va rollari o‘rganiladi. To‘plangan axborotlar negizida xususiylashtirishning ilgari qabul qilingan tarmoq tamoyili takomillashtiriladi, bu tarmoqni yanada qayta qurish, ya’ni uning ichki bozor infrastrukturasini yanada rivojlantirish, tarmoqning bozor sharoitlarida faoliyat ko‘rsatishini prognozlash, nodavlat asosida boshqaruvning tarmoq tuzilmalarini tashkil etish (masalan, xolding kompaniyalari yoki moliya-sanoat guruhlari va boshqalar), respublika iqtisodini yanada qayta o‘zgartirishni jadallashtirish maqsadida aholi o‘rtasida normativ-huquqiy bazalarni takomillashtirish ishlarini olib borish, mafkuraviy ishlarni o‘tkazish imkonini beradi.
Xususiylashtirishning mintaqaviy jarayonlari respublika tuman-shaharlari darajasida chuqurlashtiriladi.
Qo‘yilgan vazifalarni bajarish maqsadida tahlil qilish va bozor jarayonlarini prognozlashtirish hamda bozor konyunkturasini tartibga solish usullari to‘g‘risida takliflar tayyorlash uchun Davlat mulki qo‘mitasi tuzilmasida tahlil qilish boshqaruvini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
III. 2. Yirik va o‘rtacha davlat korxonalarini qayta o‘zgartirish
O‘zbekiston Respublikasida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish dasturi bilan qo‘yilgan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish miqyoslarini kengaytirish, monopol ishlab chiqarish-xo‘jalik tuzilmalarini kichiklashtirish va raqobat bozor muhitini yaratish, davlat tasarrufidan chiqarishda respublika aholisining keng qatlamlari, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning ishtirok etishlarini ta’minlovchi xususiylashtirish mexanizmini takomillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligiga ko‘proq erishish maqsadlarini amalga oshirish davom ettiriladi. Xususiylashtirishdan keyingi davrda ish sharoitlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, nodavlat sektorini yanada kengaytirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi faoliyati asosan yirik va o‘rtacha korxonalarni ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish asosida iqtisodiyotda yanada tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni ta’minlashga qaratiladi. Yirik korxonalarni ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishga, xorijiy investorlarga aksiyalar paketini sotish yo‘li bilan bu aksionerlik jamiyatlariga xorijiy sarmoyani jalb qilishga katta e’tibor beriladi. Xorijiy investorlarga taklif qilinadigan mulkchilik shakli o‘zgartirilgan korxonalar ma’lumotlarining maxsus bazasi shakllantiriladi va chet ellarda reklama qilish tashkil etiladi. Chet ellarda O‘zbekiston Respublikasining bozor tuzilmalariga ularning chet ellardagi ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlar bozorlarida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda yordam berishga, shuningdek, xorijiy investorlarni O‘zbekiston iqtisodiga jalb qilish uchun ko‘maklashishga da’vat etilgan vakolatxonalari ochiladi. Qurilish, transport va sanoatdagi ayrim korxonalarni ulardan chiqarish yo‘li bilan monopol aksionerlik jamiyatlarini bosqichma-bosqich kichiklashtirish amalga oshiriladi.
Aksionerlik jamiyatlarining normal faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash uchun trast kompaniyalariga boshqarish huquqini berish amaliyoti qo‘llaniladi va normativ-huquqiy baza, namunaviy nizomlar yaratiladi, mavjud organlardan trastlarga boshqaruv mexanizmini berish tashkil etiladi. Trast kompaniyalari ishida, trast kompaniyalarini amaliy tashkil etishda qatnasha oladigan va ularda qatnashishni xohlaydigan mutaxassislar to‘g‘risidagi bank va bazalar tashkil etishga ko‘maklashiladi. Trast kompaniyalari ishida qatnashish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish rag‘batlantiriladi, shuningdek, trast boshqarmasidagi korxonalarni tanlov asosida tanlov g‘oliblari bo‘lgan xorijiy kompaniyalarga berish mumkinligi nazarda tutiladi.
III. 3. Moliya-sanoat guruhlarini rivojlantirish
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ilgari uzilib qolgan samarali xo‘jalik aloqalarini yangi iqtisodiy asoslarda tiklash maqsadida bir-biriga yaqin korxonalarni, ularga xorijiy korxonalarni ham qo‘shib, kooperatsiyalash yo‘li bilan ko‘plab ilm va mehnat talab qiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun moliya-sanoat guruhlari tashkil etish rag‘batlantiriladi. Shu maqsadda xomashyo, materiallar va tannarx narxlari bo‘yicha alohida komponentli buyumlar almashish va foydani moliya-sanoat guruhlari o‘rtasida taqsimlash masalalarini hal etish uchun normativ-huquqiy baza ishlab chiqiladi. Iqtisodiyotning samolyot va avtomobilsozlik, elektronika vositalari ishlab chiqarish, energiyaning noan’anaviy manbalarini tayyorlash kabi ustuvor tarmoqlarida moliya-sanoat guruhlari tashkil etishga ko‘maklashiladi.
Xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish maqsadida va jismoniy shaxslarning MDH mamlakatlarining fond bozorlariga va ko‘chmas mulk bozorlariga erkin kirib chiqishlarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar majmui amalga oshiriladi. MDH mamlakatlari bo‘lgan sheriklarning nuqtai-nazarlarini yaqinlashtirish maqsadida boj, soliq, moliya qonunchiligini soddalashtirish siyosati davom ettiriladi.
III. 4. Xolding kompaniyalari tashkil etish
Moliya resurslarini markazlashtirishning yuqori darajasiga erishish va ulardan foydalanishdan ko‘p foyda olish, xolding qatnashchilarining boshqaruv, fan-texnika va tijoratchilik xizmati ko‘rsatishlarining samaradorligini oshirish maqsadida ularning nazorat aksiyalari paketlarini sotib olish yo‘li bilan tashkil qilinadigan aksionerlik jamiyatlari birlashmasi hisoblanadigan xolding kompaniyalarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Mulkchilikning har xil: davlat, jamoa va xususiy, shuningdek, aralash sarmoya shakllari uyg‘unlashishi xolding faoliyat ko‘rsatishining iqtisodiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Mulkchilikning turli xil shakllaridagi xo‘jalik subyektlarini xolding doirasida birlashtirish xo‘jalik, tijorat va yuridik mustaqillikni saqlashda xolding tomonidan olinadigan foyda (daromad)ni maksimallashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Respublika hududida yoki uning tashqarisida faoliyat ko‘rsatadigan mulkchilikning har qanday shaklidagi tashkilotlar va korxonalar, transmilliy kompaniyalar, ixtiyoriylik asosida birlashadigan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar xolding qatnashchilari bo‘lishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan faoliyatning moliyaviy, ishlab chiqarish, ta’sis, investitsiya, innovatsiya va tijorat turlari, shuningdek, faoliyatning boshqa turlari xolding faoliyatining asosiy shakllari bo‘lishi mumkin.
Faoliyat shakllariga qarab xolding quyidagi funksiyalarni amalga oshirishi mumkin:
— sarmoyaning bir tarmoqdan ikkinchi tarmoqqa o‘tishini yengillashtirish;
— ishlab chiqarish qatnashchilarining barqaror daromad olishlarini ta’minlovchi sharoit yaratish;
— qatnashchilarning ustav fondidagi badallari miqdorida ularning moliyaviy resurslarini bir joyga to‘plash, ulardan samarali foydalanish strategiyasini va eng maqbul shartlarini belgilash;
— ishlab chiqarish dasturlarini o‘zgartirishda, bozorlarni diversifikatsiyalashda va investitsiya siyosatini o‘tkazishda xizmatlar ko‘rsatish;
— shartnomalar loyihalarini ishlab chiqish va tayyorlash, ularni qatnashchilar bilan kelishib olish va shartnomalar tuzilishini va bajarilishini nazorat qilish;
— aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar chiqarish hamda ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish;
— boshqa aksionerlik jamiyatlarining aksiyalarini va boshqa qimmatli qog‘ozlarini almashtirish va oldi-sotdisini amalga oshirish;
— aksiyalarning davlat ulushiga ega bo‘lgan aksionerlik jamiyatlaridagi aksiyalarning davlat paketlarini boshqarishda davlat organlarining vositachisi yoki ishonchli shaxsi bo‘lish;
— ishlab chiqarish, tijorat va ilmiy-texnika faoliyatida investitsiyalashni o‘tkazish;
— qatnashuvchi korxonalarni sanatsiya qilish zaruriyati bo‘lganda moliya yordami ko‘rsatish;
— xolding korxonalari ishlab chiqarish dasturining, bozor konyunkturasining balansliligini o‘rganish va tahlil qilish, marketing faoliyatini amalga oshirish;
— ilmiy-texnik ishlanmalar, standartlashtirish, mahsulotni bir xil qilish, ishlab chiqarish ekologiyasi va xolding qatnashchilari bo‘lgan mehnat jamoalarining ijtimoiy dasturlar sohasidagi strategiya va taktikani shakllantirish;
— ishlab chiqarish rentabelligini, ichki va tashqi bozorlarda mahsulot va xizmatlarning raqobatbardoshliligini oshirishni ta’minlash;
— yangi ishlab chiqarish, tovar, injiring, moliya-kreditga oid tashkiliy tuzilmalar va ularning uyg‘unlashuvini shakllantirish;
— korxonalarni texnik rivojlantirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash yo‘nalishlarini tanlash yuzasidan kafolat berish;
— majburiy sug‘urta faoliyatini joriy qilish;
— tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
— qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa xil faoliyatni bajarish.
III. 5. Monopoliyadan chiqarish va qulay raqobat muhitini shakllantirish
Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida xususiylashtirish jarayonida monopoliyaga qarshi prinsiplardan keng foydalanish. Obyektlarni yirik korxonalar tarkibidan ajratish imkoniyatlaridan foydalanish. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik zanjirini buzmasdan yirik korxonalarni bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan raqobatlashuvchi yonma-yon korxonalarga aylantirish imkoniyatlarini aniqlagan holda ularni xususiylashtirishga alohida-alohida holda aniq yondashish. Yirik obyektlarni xususiylashtirish davomida mol-mulkni sotib olish huquqi bilan yoki bunday huquqsiz alohida sexlar, uchastkalarga ijaraga berish va korxonaning boshqa tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda iqtisodiy munosabatlar tizimini shakllantirishni amaliyotda qo‘llash.
Xususiylashtirish raqobat muhitini keltirib chiqarishi kerak. Buning uchun xususiylashtirish jarayonida tadbirkor uchun hayotiy muhim bo‘lgan moddiy resurslarni olish, bozor infrastrukturasini barpo etish, mahsulotlar sotiladigan bozorlarni shakllantirish vazifalari hal etilishi zarurdir. Mana shu maqsadda omborxonalar, saqlash joylari va sovutgichlar, yuk avtotransporti birinchi navbatda xususiylashtirilishi kerak. Eksportni rivojlantirish, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari eksport qilinishini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslar tomonidan chet ellarda va MDH mamlakatlarida ombor xo‘jaligi obyektlari va do‘konlar mulk sifatida olinishiga ko‘maklashish.
III. 6. Bankrot bo‘lgan korxonalarni xususiylashtirish
Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun zarar ko‘rib ishlovchi korxonalarni sanatsiya qilishni, shuningdek xo‘jalik sudining qaroriga ko‘ra ularni tugatishni amalga oshira oladigan kompaniyalar tashkil etishga ko‘maklashish zarur. Korxonalarni sun’iy ravishda bankrotlik holatiga keltirish hisobiga foyda olish imkoniyatini istisno qilish maqsadida bankrotlikni baholash mezonlarini belgilash, qasddan qilingan bankrotlik uchun javobgarlikning qonuniy chora-tadbirlarini ishlab chiqish zarurdir.
III. 7. Ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlar bozorlarini shakllantirish
Ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish davom ettiriladi. Asosiy e’tibor ikkilamchi bozorlar tashkil etishga qaratiladi. Ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozorlarini barpo etishda sifat jihatidan yangi jarayonlarning rivojlantirilishi kutilmoqda. Ko‘chmas mulkni birjalar, kimoshdi savdolari, tanlovlar orqali sotish hajmi oshadi. Brokerlik idoralari tarmog‘i kengayadi. Tugatilgan va tugatiladigan korxonalarning, shu jumladan, bankrotga uchragan korxonalarning mol-mulki (aktivlari) kimoshdi savdolarida sotiladi. Qarzdor korxonalar tanlov asosida sotiladi. Qurilishi tugallanmagan obyektlarni sotadigan tanlovlar rivojlantiriladi. Ko‘chmas mulkni baholaydigan mutaxassislarni tayyorlash tizimi takomillashtiriladi.
Ko‘chmas mulk bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni belgilangan tartibda ko‘chmas mulk yagona davlat reyestrida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini amaliyotga joriy etish mo‘ljallanmoqda.
Davlat tasarrufidan chiqarish sur’atlarining tezlashishi, ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari tashkil etilishi korxonalar aksiyalarining fond bozoriga ommaviy ravishda tushishi uchun shart-sharoit yaratadi. Shu munosabat bilan qimmatli qog‘ozlar ikkilamchi bozorini rivojlantirish va ko‘plab investorlar bilan ishlash maqsadida fond bozori infrastrukturasi bitimlar, kliring tuzish, qimmatli qog‘ozlarni berish va ularni saqlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi yuqori ixtisoslashgan tashkilotlardan tashkil topgan bo‘lishi kerak. Shu sababli qimmatli qog‘ozlar bozori infrastrukturasini rivojlantirish depozitariy, kliring va agentlik tarmog‘ini, shu jumladan, reklama agentliklari reyestrni yuritish xizmatlarini bajaruvchi professional ro‘yxatga oluvchilar tarmog‘ini ildam rivojlantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Investitsiya muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish investitsiya jamg‘armalari, xususiylashtirilgan investitsiya fondlari (ularga xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarining 30 foizgachasi sotiladi), shuningdek, xususiy investitsiya kompaniyalari, fond do‘konlari, konsalting firmalari (investitsiya maslahatchilari) tashkil etish yo‘li bilan ta’minlanadi. Sug‘urta kompaniyalari va davlatga qarashli bo‘lmagan pensiya fondlari tashkil etish yo‘li bilan institutsional investorlar tarmog‘i rivojlantiriladi. Ushbu tuzilmalarning tuzilishi mayda investorlarga tanlash erkinligi sharoitlarini yaratishga, tavakkalchilik va ehtimol tutilgan samarasiz qo‘yilmalardan ko‘riladigan yo‘qotishlar darajasini kamaytirishga qaratilgandir.
Fond bozorida brokerlik idoralari va fond do‘konlarining faoliyatini muvofiqlashtiradigan Birja brokerlik palatasini yaratish. Ularni huquqiy muhofaza qilish, Vazirlar Mahkamasi orqali Oliy Majlisga qonunchilik tashabbusi bilan chiqish. Iqtisodiy va huquqiy tusdagi maslahat xizmatlari va boshqa zarur axborot xizmatlari ko‘rsatish.
Fond bozori bozor tuzilmalarining ishini normallashtirish va moliya ishlariga umumiy metodologik yondashish maqsadida Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagi nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash zarur:
— aksionerlik jamiyatlaridagi buxgalteriya hisob-kitobi to‘g‘risida;
— fond bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalarning buxgalteriya hisob-kitobi to‘g‘risida;
— investitsiya fondlari va birjalarda moliyaviy operatsiyalarning buxgalteriya hisob-kitobi to‘g‘risida;
— auditorlik tekshirishlarning namunaviy standartlarini ishlab chiqish.
III. 8. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik infrastrukturasini tashkil etish hamda davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari
Oldingi tahrirga qarang.
Bozor infrastrukturasini jadal tashkil etish jarayonlarini uyushtirish va boshqarish hamda uni jahon iqtisodiyoti talablariga moslashtirish maqsadida respublika mintaqalarida bozorni qayta tashkil etishlarni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashga, samarali bozor infrastrukturasi tizimini shakllantirishga, respublika ichki va tashqi iqtisodiy xo‘jalik aloqalarini muvofiqlashtirish va rivojlantirishga da’vat etilgan tadbirkorlik departamentlari tashkil etiladi. Kichik va xususiy korxonalarga tadbirkorlik tavakkalchiligidan sug‘urta qilish bilan imtiyozli shartlarda kreditlar berish, to‘lanmagan kreditlar uchun qarz beruvchilarning javobgarligini sug‘urtalash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan xorijiy investitsiyalarning sug‘urta himoyasini ta’minlash.
(8-kichik bo‘limning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 12-martdagi 121-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2004-y., 11-son, 127-modda)
O‘z manfaatlarini jamoa bo‘lib himoya qilishga da’vat etilgan faoliyat turlari bo‘yicha mayda ishlab chiqaruvchilar uyushmalari tashkil etilishiga, xo‘jalik yuritishning ilg‘or usullarini yoyishga ko‘mak beriladi. Kredit muassasalarini rivojlantirish, kichik va xususiy tadbirkorlik sohasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun ixtisoslashtirilgan tijorat banklari tarmoqlari, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi banklar tarmoqlarini kengaytirish davom ettiriladi, savdo uylari, investitsiya kompaniyalari, investitsiya vositachilari, fond do‘konlari, kliring va agentlik tarmoqlari faoliyati kengayadi. Bozor konyunkturasini o‘rganuvchi, bozor imkoniyatlariga axborot xizmati ko‘rsatishni taklif etuvchi kichik va xususiy korxonalarni, xususiy firmalar ishini axborot bilan ta’minlashga yordam beriladi. Qishloq xo‘jaligi xom ashyosini va ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish, dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yuqori navli qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlari bilan o‘z vaqtida ta’minlash uchun birja savdosi va ulgurji yarmarkalarning hududiy tarmog‘i tashkil etiladi. Qishloqda tadbirkorlarga tuzatish-tiklash, agrokimyo, zooveterinariya va xizmatlarning boshqa turlarini ko‘rsatish uchun agroservis korxonalari tashkil etiladi.
Davlat mulki qo‘mitasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan ta’minlashda, texnoparklar tarmoqlari, lizing korxonalar, biznes-inkubatorlar, ishlab chiqarish-texnologiya markazlari tashkil etishda davlat organlari orqali ko‘maklashadi, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun ishlab chiqarishni joylashtirish va ixtisoslashtirilgan asbob-uskunalar va mahsulotlarning boshqa turlarini yetkazib berish chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ularning faoliyatini, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlari sotiladigan ixtisoslashtirilgan ulgurji bozorlar, yarmarkalar tashkil etishda, shu jumladan, davlat mulki bo‘lgan binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarish va xizmat joylari, boshqa mol-mulkni berish yo‘li bilan ko‘maklashadi.
Qishloqda mahalliy aholiga tegishli bo‘lgan davlat mulki obyektlarini kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ustun darajada berish maqsadida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chog‘ida davlat mulkini sotish bo‘yicha yopiq tanlovlar o‘tkaziladi. Konservatsiya qilingan va foydalanilmayotgan asosiy fondlar va ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek, ijtimoiy infrastruktura obyektlarini kichik va xususiy tadbirkorlarga sotish tashkil etiladi.
Bozor talablarini hisobga olgan holda korxonalarning ularni moliyaviy imkoniyatlarini baholashni, texnik, texnologik va tashkiliy iqtisodiy o‘zgartirilishi rejalarini ishlab chiqishni nazarda tutuvchi xususiylashtirishdan keyingi davrda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik xo‘jalik subyektlarning barqarorligini ta’minlash uchun korxonalarni qayta tuzish va rekonstruksiya qilishni investitsiyaviy qo‘llab-quvvatlash tartiblari joriy etiladi. Keyinchalik ishlab chiqarishga joriy etish uchun asbob-uskunalar texnologiyalarning, shu jumladan, xorijiy asbob-uskunalar va kichik texnologiyalarning doimiy ishlovchi ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport-import operatsiyalarida ishtirok etishlarini kengaytirish, shuningdek, ushbu subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishlari yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususiy va kichik tadbirkorlikka investitsiya loyihalari, chet elda reklama tashkil etish asosida xorijiy sarmoya jalb etiladi. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida ochiq tender asosida va maxsus investitsiya savdolari orqali, shuningdek boshqa muassasalar va mexanizmlar vositasida xorijiy investitsiyalar talab etilgan holda texnikaviy ko‘maklashish dasturlari doirasida pilot loyihalar amalga oshiriladi, yangi ilmiy-texnikaviy infrastruktura, shu jumladan, fanga va firmalar, kompaniyalar, markazlarning ilmiy ishlab chiqarishiga xizmat ko‘rsatuvchi yordamchi, funksional, ilmiy-ishlab chiqarish infrastrukturasi tashkil etiladi.
III. 9. Xususiylashtirish jarayoniga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni tezlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi hududiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida xorijiy investorlarni faol qatnashtirish, shuning asosida xalq xo‘jaligining zamonaviy tuzilmasini tashkil etish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni, jumladan quyidagilarni amalga oshirish zarur:
—O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;
— qimmatli qog‘ozlar milliy bozorida xorijiy investorlar faoliyatini boshqarish tartibini ishlab chiqish;
— investitsiya savdolarini o‘tkazish haqidagi nizomni tasdiqlash;
— xorijiy investorlarga sotish ko‘zda tutilgan obyekt qiymatini xorijiy valyutada baholash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Mo‘ljallangan maqsadlarga erishish uchun xorijiy sarmoyani jalb etishning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
— ehtimol tutilgan xorijiy investorlarning eng yaxshilarini jalb etishga qaratilgan muzokaralar olib borish yo‘li bilan xususiy firmalarni jalb etgan holda sarmoyani joylashtirish;
— davlat korxonalari negizida xorijiy investor ishtirokida aksionerlik jamiyatlari tashkil etish. Xorijiy investor ushbu korxonani texnikaviy qayta tashkil etishi va texnika bilan qayta jihozlashi, shuningdek, boshqaruv sohasida o‘z tajribasini o‘rgatishi mumkin;
— xorijiy investorlar ham erkin sotib olishi uchun aksiyalarni ochiq tarqatish.
III. 10. Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va xususiylashtirishda yer munosabatlari
Mulkka egalik qilish huquqini beruvchi davlat orderi berilgan holda davlat xo‘jaliklari va jamoa xo‘jaliklarini xo‘jalik yuritishning boshqa shakllariga aylantirib xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish yo‘li bilan qishloq xo‘jaligini isloh qilish chuqurlashtiriladi. Mol-mulkni kimoshdi savdosi va tanlovda sotish rivojlantiriladi. Dehqonchilik sanoati majmuining qayta ishlash tarmoqlarida kichik biznes tashkil etish ustun darajada rivojlantiriladi.
Xususiylashtirilgan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlarining yer maydonlarini sotish davom ettiriladi. Shaharlarda xorijiy yuridik shaxslarga uzoq muddatga ijaraga berish uchun yer maydonlari ajratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlarini meros qilib qoldirish huquqi bilan muddatsiz foydalanishga berish bo‘yicha kimoshdi savdosi va tanlovlar tashkil etilmoqda. “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yer osti boyliklarini iqtisodiy baholash tizimi joriy etilmoqda, yer osti boyliklarini qazib olganlik uchun konsessiyalar berish masalalari ishlab chiqiladi.
Yer kadastri tizimi takomillashtiriladi, yer munosabatlari va kadastr bo‘yicha yangi boshqaruv organi tashkil etiladi, ushbu organ sotish uchun mo‘ljallangan yer maydonlarining haqiqiy bozor qiymatini aniqlash uchun zarur bo‘lgan axborot bilan ta’minlaydi.
III. 11. Xususiylashtirishning normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish
Xususiylashtirishning normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish quyidagi talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak:
— bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning xalqaro qonun hujjatlari normalari va asoslariga butun choralar bilan rioya qilish, bu xorijiy investorlarga qulay muhitni ta’minlaydi;
— bozorga bosqichma-bosqich o‘tishni, bozor iqtisodiyoti shakllanishi davri xususiyatlarini hisobga olish. Ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlari respublika aholisining onglilik darajasini, uning bo‘lajak o‘zgartirishlarga tayyorligini, uning zarur ekanligini tushunib yetishni hisobga olish zarur;
— yangi mulkdorlarning, mulkka bo‘lgan huquqlarini tasdiq hujjat berilgan paytdan boshlab, ularning huquqlarini himoya qilish.
Mulkdorning ruxsatisiz uning mulki sohasiga kirishni taqiqlovchi qonunchilik mexanizmi hamda mulkdorning huquqlarini sud himoya qilish mexanizmi puxta ishlab chiqilishi kerak. Shu bir qatorda jamiyatning boshqa a’zolari tomonidan mulkdan noto‘g‘ri foydalanish natijasida yetkazilgan zarar uchun mulkdorlarning javobgarligi normalari yaratilishi kerak.
III. 12. Aholini himoya qilish chora-tadbirlari
Ijtimoiy himoya qilish tizimidan ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy qo‘llab quvvatlash masalalarini aniq farqlashni nazarda tutuvchi — yangi tizimga o‘tish maqsadida amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bunda darajalar (korxona, hudud, respublika) bo‘yicha tabaqalashtirilgan ijtimoiy kafolatlar fuqarolarga, shu jumladan, kichik va xususiy tadbirkorlik bilan band bo‘lgan fuqarolarga zarur minimumda berilishi belgilanadi. Ijtimoiy kafolatlarning tarkibi, tuzilmasi va miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi. Darajalar bo‘yicha tabaqalashtirilgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, birinchidan, muayyan muddatga beriladi; ikkinchidan, tegishli budjetning holati bilan to‘liq bog‘liq bo‘ladi; uchinchidan, iqtisodiy islohotning u yoki bu bosqichida shakllangan sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham qonun hujjatlari bilan, ham davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlarining, mulkdorlar rahbarlarining qarorlari bilan amalga oshirilishi mumkin. “Korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlarning kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ijro etilishi ustidan samarali nazorat ta’minlanadi. Majburiy tibbiy sug‘urta masalalariga alohida e’tibor beriladi. “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqiladi va Oliy Majlisga kiritiladi. Davlat budjetida sog‘liqni saqlashga xarajatlar tarkibi sog‘liqni saqlash obyektlarini xususiylashtirishdan olingan mablag‘lar tushumi hisobga olingan holda qayta ko‘rib chiqiladi va, tegishlicha, ularni rivojlantirishga imtiyozli kreditlar ajratish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Qishloqda aholining ish bilan bandligi muammolariga alohida e’tibor beriladi. “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi va ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlisga kiritiladi. Ushbu Qonun ishlab chiqarishning tashkil etilishi natijasida bo‘shab qolgan xodimlarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlashni, aholining ish bilan ta’minlanganligi holatiga bog‘liq ravishda muayyan hududlarda qisqartirilgan ish vaqtini joriy etish imkoniyatlarini, yangi ish joylari tashkil etish bo‘yicha ish bilan ta’minlovchilarning chiqimlarini xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qisman qoplashni va ishdan bo‘shatilishi kerak bo‘lgan shaxslarni qayta o‘qitish uchun o‘quv tuzilmalari tashkil etishni ko‘zda tutadi. “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqiladi.
III. 13. Telekommunikatsiya tizimi
Ko‘chmas mulk va qimmatli qog‘ozlarning Yevropa va jahon bozorlariga chiqishini nazarda tutuvchi zamonaviy kompyuterlashtirilgan tarmoqlarni tashkil etish, shuningdek xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida telekommunikatsiya tizimi izchil joriy etilmoqda.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston umumdavlat axborot-telekommunikatsiya tizimini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Ushbu tizim elektron aloqa yordamida respublikaning barcha viloyatlarini, yirik shaharlar, tumanlarni bir-biri bilan bog‘lashi kerak. Bu tizim foydalanuvchining birinchi talabi bilan batafsil axborot beradi. Ushbu tizim qimmatli qog‘ozlarning tez o‘tadigan (sotiladigan) bozorini ta’minlashi kerak, emitentlarga qisqa muddatlarda samarali ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur mablag‘larni jalb etish, investorlarga esa o‘z mablag‘larini foydali qo‘yish imkonini beradi.
III. 14. Reklama-axborot va noshirlik faoliyati
Respublikada tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tadbirkorlarni marketing axboroti bilan ta’minlash, bozor konyukturasini va aholi talabini o‘rganish, bozor imkoniyatlarini o‘rganish masalalari bo‘yicha axborot xizmati ko‘rsatishni taklif etuvchi xususiy firmalar ishini kengaytirish va muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi mavjud ilmiy tadqiqot muassasalari va ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar ishini qayta qurish, tarmoqlararo bank ma’lumotlari tashkil etish masalalari bilan bog‘liq muammolarni tizimli kompleks hal etishga qaratilgan bir qancha tadbirlarni amalga oshirish zarur. Ularga quyidagilar ham tegishlidir:
— ixtisoslashtirilgan maslahat berish firmalari va axborot tizimlari tashkil etishga ko‘maklashish. Axborot tizimi axborotni qayta ishlash va uzatishning zamonaviy tizimidan foydalanishga asoslanuvchi, uning tezkorligi va ishonchliligini ta’minlovchi umumrespublika, mintaqalararo va mahalliy axborot tizimlarini o‘z ichiga olishi kerak. Tizim quyidagi funksiyalarni bajarishi kerak:
— bank-kredit sohasi, moliyaviy muassasalar, qimmatli qog‘ozlar va ko‘chmas mulk bozorlarining ahvoli, aksiyalar kotirovkasi, chet el valyutasi qiymati va boshqalar to‘g‘risida axborot tayyorlash va berish. Ushbu axborot tizimlariga qo‘yiladigan talablar tovar axboroti tizimiga qo‘yiladigan talablar bilan bir xildir;
— xo‘jalik yurituvchi subyektlar to‘g‘risidagi axborotni to‘plash.
Ushbu tizim tadbirkorlik faoliyatining tadrijiy o‘sishini qanday tahlil qilish va yangi korxonalarni shakllantirish imkoniyatini, shuningdek kredit kontragentlari, shu jumladan xorijiy firmalar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni berishi kerak.