Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 243-sonli “Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 5-sentabrdagi PF-5538-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarni budjetdan tashqari mablagʻ bilan taʼminlash mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-sentabrdagi 414-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 9-son, 51-modda) bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlarini xarajatlarini moliyalashtirish (toʻlash) tartibiga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-aprel,
344-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 344-son qaroriga
1-ILOVA
Xalq taʼlimi muassasalarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xalq taʼlimi muassasalarining budjetdan tashqari jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Ushbu Nizom xalq taʼlimi tizimidagi davlat taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
xalq taʼlimi muassasalarining koʻchmas mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organlari huzuridagi Davlat mulkini ijara berish markazi davlat unitar korxonalariga 1 foizi va elektron savdo maydonchasi operatoriga toʻlangan toʻlovdan tashqari);
oʻquv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat taʼlim standartlaridan tashqari) mashgʻulotlar boʻyicha qoʻshimcha taʼlim berishdan olingan daromadlar;
xalq taʼlimi muassasalari faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
4. Jamgʻarma mablagʻlari tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadlar uchun moliyalashtiriladi.
Bunda xalq taʼlimi muassasasi rahbarini moddiy ragʻbatlantirish va Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hisobga olinishi lozim.
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar faqat xalq taʼlimi muassasasi rahbarining asosli yozma murojaati asosida umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashi roziligi bilan amalga kiritiladi.
5. Jamgʻarmaga tushgan mablagʻlarning yil natijasi boʻyicha (maqsadli homiylik xayriyalaridan tashqari) jami summasidan 10 foizgacha boʻlgan miqdori mazkur muassasa rahbarini moddiy ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
6. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jamgʻarmaga koʻrsatilgan homiylik xayriyalari, agar homiy bilan aniq maqsadlar uchun yoʻnaltirilishi kelishilmagan boʻlsa, muassasa rahbari va hisobchisi tomonidan xarajatlar smetasiga oʻzgartirish tayyorlanib, umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashi roziligi bilan xalq taʼlimi muassasasi xarajatlariga sarflanadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini hisobga olish va hisob-kitobini yuritish
7. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobini markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati yoki muassasaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi hisobchi tomonidan yuritiladi. Bunda muassasaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi hisobchi shtatini saqlash boʻyicha barcha xarajatlar budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
8. Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi muassasa rahbari va hisobchisi tomonidan tayyorlanib, umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashiga kelishish uchun kiritiladi.
Umumtaʼlim muassasasining Kuzatuv kengashining roziligi olingandan soʻng daromadlar va xarajatlar smetasi muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
9. Jamgʻarma tushumlarining 5 foizi (homiylik xayriyalaridan tashqari) Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga belgilangan tartibda yoʻnaltiriladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarning xarajatlari ijrosini nazorat qilish
10. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi hamda tegishli hududiy boʻlimlar tomonidan nazorat qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanish yuzasidan dastlabki va joriy nazoratni amalga oshiradi.
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan faqat taʼlim muassasasi rahbari tomonidan berilgan yozma murojaatga asosan, barcha zarur hujjatlar taqdim etilgandan soʻng tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati yoki muassasaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini yurituvchi hisobchi tomonidan foydalaniladi.
Bunda shartnomalarni imzolash, mahsulotlar (ish, xizmatlar) turlarini tanlash, mahsulotlarni (ish, xizmatlarni) sifatli qabul qilib olish taʼlim muassasasi rahbari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Amalga oshirilgan ishlar uchun taʼlim muassasasi rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari:
tegishliligi boʻyicha xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarning jamgʻarmalariga mablagʻlarning tushumlari (pullik xizmatlar, ijara, homiylik xayriyalari, grantlar va boshqalar) toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni olishga;
xalq taʼlimi tizimidagi muassasalar tomonidan mablagʻlar gʻayriqonuniy sarflanganda, budjet va smeta-shtat intizomining buzilish hollari aniqlangan taqdirda, shuningdek, moliyaviy hisobotlar va boshqa belgilangan hisobot taqdim etilmaganda, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasini yoki ushbu vazirlik rahbariyatini xabardor qilgan holda, budjetdan tashqari mablagʻlar xarajatlarini moliyalashtirishni (toʻlashni) cheklash va zarur hollarda toʻxtatib qoʻyishga haqli.
Jinoyat alomatlari boʻlgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tekshirish materiallarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga topshirishi lozim.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etish yoki boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish (ishlatish) bilan bogʻliq har qanday koʻrinishdagi aralashish taqiqlanadi.
14. Xalq taʼlimi muassasalarining rahbarlari va hisobchilari Jamgʻarma mablagʻlari toʻgʻri shakllantirilganligi, ulardan samarali, oqilona va toʻgʻri foydalanish, mazkur mablagʻlarning hisob-kitobining toʻgʻri yuritilishi boʻyicha shaxsan javob beradilar.
Xalq taʼlimi muassasalarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Xalq taʼlimi muassasalarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
SXEMASI
Izoh. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tarkibiga kirmagan muassasalar (alohida budjet mablagʻlari hisobidan hisobchi lavozimi kiritilgan) daromadlar va xarajatlar smetalari ijrosini mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 344-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-sentabrdagi 414-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlarini xarajatlarini moliyalashtirish (toʻlash) tartibiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
a) uchinchi xatboshiga “taqsimlanadi” soʻzidan keyin “(xalq taʼlimi muassasalaridan tashqari)” soʻzlari qoʻshilsin;
b) quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Xalq taʼlimi muassasalarining mol-mulkini, jumladan asosiy vositalarini sotishdan tushgan mablagʻlarning 100 foizi Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi”;
2. 29-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Ushbu band xalq taʼlimi muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi”;
3. 35-bandning birinchi xatboshidagi “moliya organlari” soʻzlaridan keyin, “shuningdek vazirlik va idoralarning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari hamda uning hududiy boʻlimlari” soʻzlari qoʻshilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2019-y., 09/19/344/3005-son)