Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
LITSENZIYALAR BLANKALARINI TAYYORLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI HAMDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XUDUDIDA LITSENZIYALAR REYESTRINI SHAKLLANTIRISH VA YURITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASH HAQIDA
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Dasturlarni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 2-iyundagi PF-2612-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
litsenziyalar blankalarini tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida litsenziyalar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi Komplekslari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 20-dekabr,
488-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qaroriga
1-ILOVA
LITSENZIYALAR BLANKALARINI TAYYORLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
1. Ushbu Nizom “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Dasturlarni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 2-iyundagi PF-2612-son Farmonini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan va litsenziyalar blankalarini tayyorlash tartibini belgilaydi.
2. Litsenziyalar tegishli blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, ular hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻlishi kerak.
3. Litsenziyalarning har bir blankasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
litsenziyaning tartib raqami;
berilgan vaqti;
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyaning amal qilish muddati (amal qilishi cheklangan muddatga beriladigan litsenziyalar uchun);
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
litsenziya egasi;
litsenziya egasining joylashgan joyi (pochta manzili), uning soliq toʻlovchi sifatidagi identifikatsiyalash tartib raqami va boshqa rekvizitlari;
litsenziyani bergan organ;
litsenziyaning reyestr boʻyicha tartib raqami;
litsenziyalanayotgan faoliyat turi.
Litsenziya vakolatli shaxs tomonidan imzolanadi, litsenziyani bergan tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Litsenziyalar blankalarini tayyorlash Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalarida roʻyxatdan oʻtkazilgan, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasiga ega boʻlgan va qatʼiy hisobda turadigan blankalarni chop etish huquqiga ega boʻlgan korxonalar roʻyxatiga kiritilgan matbaa korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
5. Litsenziya beruvchi organ litsenziya namunasini ishlab chiqishda belgilangan tartibda litsenziya blankasini tasdiqlashi va unga quyidagi axborotlar mavjud boʻlgan sertifikatni ilova qilishi kerak:
dizaynning toʻliq tavsifi;
grafik va kimyoviy himoya elementlari;
qogʻozning tavsifi (qogʻozning turi, markasi va qalinligi).
6. Litsenziyalar blankalarini tayyorlashga buyurtmani rasmiylashtirish matbaa korxonasi tomonidan buyurtmachining yozma buyurtmanomasi asosida amalga oshiriladi.
Xat (buyurtmanoma)ga litsenziya blankasining belgilangan tartibda tasdiqlangan namunasi va sertifikat nusxasi ilova qilinadi.
7. Litsenziyalar blankalarini tayyorlashga barcha buyurtmanomalar tartib raqami qoʻyilgan, ip bilan tikilgan, muhr bilan tasdiqlangan, matbaa korxonasi rahbari tomonidan imzolangan alohida “Litsenziyalar blankalari buyurtmanomalari daftari”da roʻyxatdan oʻtkaziladi.
8. Litsenziyalar blankalari tayyorlangandan keyin bosma shakllar va yaroqsiz blankalar buyurtmachining vakili ishtirokida yoʻq qilinadi, bu toʻgʻrida dalolatnoma tuziladi va “Litsenziyalar blankalari buyurtmanomalari daftari”ga yozib qoʻyiladi.
9. Litsenziyalar blankalarini tayyorlash qatʼiy hisobga olib boriladigan hujjatlarni saqlash rejimi boʻyicha belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Saqlash rejimi boʻyicha masʼul shaxs matbaa korxonasi rahbarining buyrugʻi bilan tayinlanadi.
11. Litsenziyalar blankalari buyurtmachiga topshirilgandan keyin litsenziya blankasining bir nusxasi va tasdiqlangan namuna doimiy saqlash uchun matbaa korxonasida qoladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qaroriga
2-ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA LITSENZIYALAR REYESTRINI SHAKLLANTIRISH VA YURITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Dasturlarni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 2-iyundagi PF-2612-son Farmonini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan va yuridik hamda jismoniy shaxslarga beriladigan litsenziyalar reyestrining litsenziyalovchi organlar tomonidan yuritilishi tartibini belgilaydi.
2. Litsenziyalar reyestri berilgan, toʻxtatib qoʻyilgan, yangilangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan litsenziyalar toʻgʻrisidagi, shuningdek amal qilishi toʻxtatilgan litsenziyalar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan litsenziyalovchi organlarning yalpi maʼlumotlar bazasidir.
3. Litsenziyalovchi organlar reyestrni yuritish bilan bogʻliq tartibotlarni amalga oshirishda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunga, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga amal qiladilar.
4. Litsenziyalar reyestri faoliyatning muayyan turlariga litsenziya berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat tomonidan hisobga olinishini taʼminlash va ular toʻgʻrisida maʼlumotlar berish, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning litsenziyada koʻrsatilgan faoliyati ustidan davlat nazoratini oʻrnatish maqsadida yuritiladi.
5. Faoliyatning har bir turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan litsenziya yigʻimlari, shuningdek aniq litsenziatlar toʻgʻrisida litsenziyalar reyestridan koʻchirma tarzida maʼlumotlar berganlik uchun toʻlov reyestrni yuritish bilan bogʻliq tartibotlarni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari hisoblanadi.
6. Litsenziyalovchi organlar litsenziyalar reyestrini litsenziya beradigan har bir faoliyat turi uchun alohida-alohida yuritadilar. Litsenziya berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar litsenziya reyestriga xoʻjalik yurituvchi subyektga litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kuni kiritiladi. Litsenziyalar reyestridagi barcha yozuvlarning sanasi koʻrsatiladi hamda ular imzo va muhr bilan tasdiqlanadi.
7. Har bir litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
litsenziatlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
litsenziyalar berilgan sanalar va litsenziyalar tartib raqamlari;
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyalarning amal qilish muddatlari (amal qilishi cheklangan muddatga beriladigan litsenziyalar uchun);
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish ularning amal qilish muddatini uzaytirish (amal qilishi cheklangan muddatga beriladigan litsenziyalar uchun), amal qilishini toʻxtatib qoʻyish va tiklash asoslari va sanalari;
(7-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanalari;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan boshqa maʼlumotlar.
8. Reyestr litsenziyalovchi organ tomonidan yagona nusxada yuritiladi va yonmaydigan yoki maxsus jihozlangan shkafda saqlanadi.
Reyestr jurnali ip bilan tikib qoʻyiladi, raqamlanadi va uning orqa tomoniga sahifalar soni, jurnal yuritilishi boshlangan sana (yili, kuni, oyi) koʻrsatiladi, litsenziyalovchi organning muhri va uning rahbarining imzosi qoʻyiladi.
9. Litsenziyalovchi organlar litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib qoʻyish, tiklash, shuningdek litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kunda litsenziyalar reyestriga tegishli yozuvlarni yozib qoʻyadilar.
10. Litsenziyalar reyestrlaridagi axborotlar aniq litsenziatlar toʻgʻrisida litsenziyalar reyestridan koʻchirmalar tarzidagi axborot uchun litsenziyalovchi organlarda haq toʻlab olish huquqiga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning tanishishlari uchun ochiq hisoblanadi. Koʻrsatib oʻtilgan axborotlarni taqdim etish tartibi va uning uchun toʻlanadigan haq miqdori faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarda belgilanadi.
Litsenziyalovchi organlar litsenziyalar reyestridan axborotlarni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga tekin taqdim etishlari shart.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 15-16-son, 125-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)