Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.05.2019
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
buyrug‘i
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI IIV TERGOV hIBSXONALARI VA JAZONI IJRO ETISh MUASSASALARIDA SAQLANAYOTGAN ShAXSLAR TIBBIY TA’MINOTI BO‘YIChA QOIDALARNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 24-oktabrda 1182-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 23-martdagi 67-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3159, 20.05.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. “O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalar” tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar IIBB va viloyatlar IIBlari boshliqlariga:
a) Qoidalarni tegishli xizmatlar va mutasaddi xodimlar bilan o‘rganib chiqilishi va bajarilishini ta’minlasinlar;
b) Tergov hibsxonasi va jazoni ijro etish muassasalari tibbiyot xodimlariga bemorlarni qabul qilish va davolash uchun xonalar ajratilishi, ularni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi o‘rnatilgan tartibda amalga oshirilsin;
v) Tergov hibsxonasi va jazoni ijro etish muassasalarida ro‘y bergan har bir o‘lim, yuqumli kasalliklar, ovqatdan zaharlanish va boshqa holatlar haqida belgilangan tartib bo‘yicha axborot berilishi nazoratga olinsin;
g) Maxsus kontingentga o‘z vaqtida va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari tibbiyot xodimlarini davolash-profilaktika ishlaridan boshqa ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlansin.
3. IIV Tibbiyot boshqarmasiga (S.Tolipov) tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridagi tibbiy ta’minotga umumiy rahbarlik qilish, amaliy yordam berish va nazorat ishlarini olib borish, tibbiyot xodimlarini shahodatdan o‘tkazish, ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, yuqumli kasalliklarni oldini olish va o‘limni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni olib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligining 1989-yil 17-noyabrdagi 285-sonli va O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2000-yil 6-apreldagi 81-sonli buyruqlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Ichki ishlar vaziri Z. ALMATOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-sentabr,
231-son

O‘zbekiston Respublikasi Ichki
ishlar vazirining 2002-yil 3-sentabrdagi

231-sonli buyrug‘i bilan
TASDIQLANGAN

O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar tibbiy ta’minoti bo‘yicha
QOIDALAR
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi 87-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy ta’minotini belgilaydi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
I-bob. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari tibbiy xizmatlarining tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga davolash-profilaktika tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha asosiy vazifalari
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (bundan keyin IIV deb yuritiladi) tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari (bundan keyin JIEM deb yuritiladi) tibbiy xizmatlarining asosiy vazifasi, bu tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar (bundan keyin maxsus kontingent deb yuritiladi) sog‘lig‘ini saqlash va salomatligini tiklashdan iboratdir.
2. Tibbiy xizmatlarning asosiy vazifalari:
Maxsus kontingentga zarur bo‘lgan tibbiy yordamni ko‘rsatish va uni tashkillashtirish.
Maxsus kontingentni vaqti-vaqti bilan profilaktik tibbiy ko‘rikdan va tekshiruvdan o‘tkazish yo‘li bilan ular salomatligini nazorat qilish, davolashga va doimiy tibbiy kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ular mehnat qobiliyatini mustahkamlashga, hamda ular tomonidan kasalligi tufayli saqlash tartibini buzish va qayta jinoyat sodir etish holatlarini oldini olishga qaratilgan davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlarini olib borish.
JIEM va tergov hibsxonalari maxsus kontingentiga nisbatan sanitariya tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish.
Maxsus kontingent orasida tibbiy va gigiyena bilimlarini targ‘ib qilish, hamda ularga sog‘lom turmush tarzini singdirish.
Maxsus kontingent orasida kasallanish va mehnat qobiliyatini yo‘qotish hollarini tahlil qilish natijasida, ularga nisbatan davolash-profilaktika tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarni 10% va undan ortig‘ida yuqumli kasalliklar tarqalishi hamda ular orasida bir guruh ovqatdan zaharlanish yoki kasb kasalliklari (ular qanday og‘irlikda kechishidan qat’i nazar) qayd etilgan hollarda, shuningdek bir yoki bir necha kishi jarohatlanish yoki zaharlanish oqibatida og‘ir kasallansa yoki vafot etsa, qamoqda saqlash joyining ma’muriyati bu haqida IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasiga (bundan keyin JIEBB deb yuritiladi), Tibbiyot boshqarmasiga, uning yaqin qarindoshlariga, qonuniy vakiliga, jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga va prokurorga darhol xabar qiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
II BO‘LIM. MAXSUS KONTINGENTNI SANITARIYA VA EPIDEMIYAGA QARShI TA’MINOTINI TAShKIL QILISh
II-bob. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida sanitariya nazoratini tashkil etish bo‘yicha umumiy qoidalar
4. O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida sanitariya nazoratini olib borish, sanitariya me’yorlari va qoidalari talablariga rioya qilinishini kuzatib borish va maxsus kontingentning mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar majmuini amalga oshirish, ular orasida kasalliklarning kelib chiqishini oldini olish va kamaytirish, tashqi muhitning (suv havzalari, yer, havo atmosferasi) sog‘liqqa zararli bo‘lgan oqavalar va xo‘jalik maishiy chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish va bartaraf etishning doimiy ravishda nazorat qilish tizimidan iborat.
5. Tergov hibsxonalari va JIEM tibbiy bo‘limlari (bundan keyin tibbiy bo‘limlar deb yuritiladi) sanitariya qonunchiligi talablarini bajarilishi ustidan quyidagi sanitariya nazoratini amalga oshiradilar:
a) yashash joylari, xizmat va ishlab chiqarish xonalari, kommunal-maishiy, oziq-ovqat obyektlari, suv bilan ta’minlash manbalari va muassasa hududini saqlash va sanitariya holati bo‘yicha;
b) muassasaning barcha obyektlari sanitariya-gigiyenik holatini hamda sanitariya-texnik holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha;
v) muassasalarda maxsus kontingentni joylashtirish, ichimlik suvi bilan ta’minlash, hammom, kir yuvish va mehnat sharoitlarining sanitariya-gigiyena qoidalari va me’yorlariga rioya qilinishi bo‘yicha.
III-bob. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari obyektlari ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
Hududni tozalash ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
6. Muassasalar hududini tozalash — bu chiqindilarni yig‘ish, saqlash, olib ketish va zararsizlantirish bo‘yicha rejali ravishda o‘tkaziladigan sanitariya-texnik va xo‘jalik tadbirlaridan iboratdir. Tozalashning ikki asosiy tizimi mavjud: olib ketish tizimi — barcha chiqindilar ularni zararsizlantirish hamda utilizatsiya qilish joylariga maxsus transport bilan olib ketiladi va oqiziladigan yoki kanalizatsiya tizimi.
7. Muassasalardagi kanalizatsiya inshootlarini hisobga olish, o‘z vaqtida ta’mirlash va undan foydalanish mas’uliyati intendant va xo‘jalik ta’minoti bo‘limi (guruhi) boshlig‘i zimmasiga yuklanadi.
8. Muassasalar obyektlari va hududini tozalash hamda kanalizatsiya tarmoqlari tuzilishi va ulardan foydalanish ustidan sanitariya nazorati muassasaning tibbiy bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining me’yoriy hujjatlari asosida ogohlantirish hamda joriy sanitariya nazorati shaklida amalga oshiriladi.
9. Ogohlantiruvchi sanitariya nazorati masalalarini hal qilishda muassasa tibbiy bo‘limi IIV, Ichki ishlar Bosh boshqarmasi (bundan keyin IIBB deb yuritiladi), Ichki ishlar boshqarmasining(bundan keyin IIB deb yuritiladi) sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX)ning metodik ko‘rsatmalariga amal qiladi, ulardan va joylardagi sog‘liqni saqlash idoralari sanitariya-epidemiologiya xizmatlaridan kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlari quriladigan, chiqindilarni zararsizlantiradigan va ulardan qayta foydalaniladigan yerlarni tanlashda, shuningdek ularni foydalanish uchun qabul qilib olishda, yer osti va yer ustki suvlari va tuproqlarining zararli sanoat chiqindilari va boshqa oqavalar, xo‘jalik-maishiy chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish va bartaraf etish tadbirlarini o‘tkazish masalalarida maslahat va amaliy yordam oladilar.
10. Muassasa hududi tozaligi ustidan joriy sanitariya nazoratini o‘rnatish quyidagilarni o‘z ichiga oladi: chiqindilarni muntazam ravishda chetga olib chiqib ketish, hududning sanitariya holati, kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlaridan foydalanishda, qattiq chiqindilarni zararsizlantirishda sanitariya me’yorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy kuzatuv ishlarini olib borish. Muassasa boshqa vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlarga taalluqli bo‘lgan kanalizatsiya tizimi va qattiq chiqindilarni zararsizlantirish bo‘yicha qurilmalar bilan ta’minlanganda, tibbiy bo‘lim faqat muassasa hududida joylashgan kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlaridan foydalanish ustidan joriy sanitariya nazoratini amalga oshiradi. Agar kanalizatsiya tarmoqlarga xizmat ko‘rsatish va undan foydalanish muassasaning o‘z kuchi va mablag‘i bilan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, tibbiy bo‘lim kanalizatsiyaning barcha tarmoqlari va inshootlari ustidan, shu jumladan oqava suvlarni tozalash bo‘yicha inshootlar ustidan ham joriy sanitariya nazoratini tashkil etadi va amalga oshiradi, hamda muassasada SEX tavsiyalarini bajarilishini nazorat qiladi.
11. Muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i kanalizatsiya tarmoqlari va inshootlarining ahvoli, oqava suvlarni tozalashning samarasi, qattiq chiqindilarni to‘plash, yo‘qotish va utilizatsiya tizimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi, kamchiliklarni aniqlashi va mas’ul lavozimdagi shaxslar bilan birgalikda ularni bartaraf etish muddatlarini belgilashi lozim.
12. Muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i muntazam ravishda muassasa boshlig‘iga hududning sanitariya holati va uni yanada yaxshilash choralari to‘g‘risida ma’lumot berib turishi, suv ta’minoti manbaining ifloslanishi xavfi tug‘ilganda yoki hududda sanitariya qoidalari buzilganda esa zudlik bilan muassasa rahbariyatiga va IIV, IIBB, IIB SEXga xabar qilishi lozim.
13. Yotoqxonalar, oshxonalar va boshqa jamoat binolari joylashgan joydan kommunal, sanitariya-texnik va boshqa obyektlargacha bo‘lgan oraliq joy sanitariya-himoya mintaqasi Sanitariya qoidalari va me’yorlari (SanQvaM) hujjatlarida keltirilgan o‘lchovlardan kam bo‘lmasligi lozim.
Suv ta’minoti ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
14. Muassasalar boshqa vazirliklar va idoralarga qarashli korxona va tashkilotlarning suv quvurlaridan, shuningdek ichki ishlar idoralariga qarashli suv quvurlaridan suv bilan ta’minlanadi.
15. Muassasalarni xo‘jalik va ichimlik suvi bilan ta’minlash intendant va xo‘jalik ta’minoti bo‘limi (guruhi)ning kuchi va vositalari yordamida amalga oshiriladi. Bu bo‘lim:
— suv manbaini topish va uni qayta ishlashni amalga oshiradi;
— suv quvurlari qurilmalarining sanitariya-gigiyenik holatiga va sanitariya-himoya mintaqasida talablardagi me’yorlarga rioya qilinishiga javob beradi;
— markaziy suv ta’minoti tizimi suvining sifati ustidan ishlab chiqarish nazoratini olib boradi.
16. Suv ta’minoti qurilmalari va ulardan foydalanish ustidan sanitariya nazorati muassasalarning tibbiy bo‘limi tomonidan amaldagi Davlat standarti va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining boshqa me’yoriy-metodik hujjatlari talablariga mos holda tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
17. Ichki ishlar idoralari bo‘linmalarining suv quvurlaridagi barcha qurilma va suv tarmoqlarining sanitariya nazorati tibbiy bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Boshqa vazirliklar va idoralarga tegishli suv quvurlarini faqat muassasa hududida joylashgan suv quvurlari va suv quvuri tarmoqlarigina nazorat qilinadi.
18. Muassasalarning tibbiy bo‘limi IIV, IIBB, IIBning sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX) rahbarligi ostida suv ta’minoti bo‘yicha ogohlantiruv va joriy sanitariya nazoratini amalga oshiradi. Zarurat tug‘ilganda ular sog‘liqni saqlash idoralari hududiy sanitariya-epidemiologiya markazlaridan maslahat va amaliy yordam oladilar.
19. Muassasalarning tibbiy bo‘limi vazifasiga quyidagilar kiradi:
a) suv ta’minoti manbaini tanlash va sanitariya-himoya mintaqasini o‘rnatish;
b) suvning sifati va suv ta’minoti obyektining sanitariya holatini nazorat qilish;
v) suv ta’minoti obyektlarida ishlovchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tishini nazorat qilish;
g) muassasa tibbiy bo‘limining boshlig‘i suv ta’minoti obyektlarida ishlovchi shaxslarni dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazishni ta’minlashga majburdir.
20. Markazlashtirilgan xo‘jalik-ichimlik suv ta’minoti uchun ajratilgan manbaning iste’molga yaroqlilik masalasini hal etishda, amaldagi Davlat standarti qo‘llanilib, uning asosida qayta ishlashgacha bo‘lgan suvning sifat ko‘rsatkichlari aniqlanganidan keyingina suv manbai xo‘jalik-ichimlik suv ta’minoti uchun foydalanilishi mumkin. Iste’molchilarga yetkazib berilayotgan suvning sifati “Ichimlik suvi” 950—2000 Davlat standartiga mos kelishi kerak.
21. Suv olish joylaridagi laboratoriya nazorati “Ichimlik suvi” 950—2000 Davlat standarti talablari doirasida o‘tkaziladi. Tarmoqqa berilishidan oldingi suvning sifatini laboratoriya nazorati mikrobiologik, kimyoviy va organoleptik ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tkaziladi. Taqsimlovchi tarmoqlarning laboratoriya nazorati quyidagi ko‘rsatgichlar bo‘yicha o‘tkaziladi: koli-indeks (1 sm. kub. suvdagi mikroorganizmlarning umumiy soni); suvning loyqaligi, rangi, hidi, ta’mi va begona mazasi.
Mikroblar bilan ifloslanish yo‘l qo‘yiladigan me’yordan yuqoriligi aniqlanganida ifloslanish sababini aniqlash maqsadida qayta namuna olinadi va bakteriyalarning mavjudligi, yangi go‘ng va najas, azot saqlovchi mineral moddalar va xloridlar bilan suvning ifloslanishi qo‘shimcha tekshiriladi.
22. Yer osti suv manbaidan ta’minlanadigan suvning sanitariya nazorati suv manbaini topish, suvning miqdori va sifatini baholash, uni qayta ishlash jadvali, sanitariya-himoya mintaqasini (SXM) belgilashdan boshlanadi. Mazkur ishlar barcha suv quvurlarida tashkil etiladi. Sanitariya-himoya mintaqasining asosiy maqsadi suv manbalarini, shuningdek suv quvurlari qurilmalarini va atrof hududni ifloslanishidan saqlash hisoblanadi.
23. Sanitariya-himoya mintaqasi uchta doira (poyas) tarkibida tuziladi:
a) qattiq tartibdagi birinchi mintaqa (poyas) suv olish joylari hududida barcha suv quvurlari qurilmalarining maydonini o‘z ichiga oladi. Suv quvurlari sanitariya-himoya mintaqasi bilan ta’minlanadi;
b) sanitariya-himoya mintaqasi amaldagi qo‘riqlash va sanitariya me’yorlari va qoidalariga mos holda tashkil etiladi;
v) SXMlarni tashkil etish imkoniyati xo‘jalik — ichimlik suv ta’minoti manbaini tanlash bosqichida “Xo‘jalik — ichimlik suv ta’minoti” Davlat standarti asosida hal qilinadi.
24. SXMning birinchi mintaqa chegarasi yer osti manbalarining himoyalangan yer osti suvlaridan foydalanilganda suv olish joyidan kamida 30 metr bo‘lgan masofada, yetarlicha himoyalanmagan yer osti suvlaridan foydalanilganda esa kamida 50 metr masofada belgilanadi. Tuproqning ifloslanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan obyektlar hududidagi yakka holdagi yer osti suv olish joylaridan o‘rab olingan joygacha bo‘lgan masofani mos holda 15 va 25 metrga kamaytirish mumkin. Yer osti manbalari suvi bilan ta’minlashda joriy sanitariya nazoratini amalga oshirishda suv olish qurilmalari, suv quvurlarini va suv o‘tkazuvchi gorizontni ifloslanishdan himoyalash tadbirlari nazorat qilinadi. Shu maqsadda SXMning birinchi mintaqa hududida quyidagilar rejalashtirilishi kerak: yer ustida to‘planib qoladigan suvlarni zona chegarasidan chetlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, o‘rab olish va doimiy qo‘riqlashni ta’minlash. U yerda suv quvurlari qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga bevosita aloqasi bo‘lmagan barcha turdagi qurilishlar man etiladi. Quduqlarning (ochiq joylari, suv quyilish joyi, trubalar fazosi va boshqalar) jihozlarida sanitariya-gigiyenik talablarini bajarilishiga alohida e’tibor berilishi kerak.
25. Yer osti suv manbalarini ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida nafaqat birinchi, balki ikkinchi va uchinchi SXMdagi suvni qo‘riqlash tadbirlari inobatga olinadi. Buning uchun suv saqlovchi gorizontni ifloslantirish xavfiga ega bo‘lgan eskirgan, ishga yaroqsiz, nuqsonli yoki noto‘g‘ri foydalanilayotgan suv quduqlarini aniqlash va og‘zini berkitib tashlash (tamponlash) yoki qayta tiklash talab qilinishi kerak.
26. SXM hududida sanitariya-epidemologik xizmati bilan kelishilmagan holda yangi skvajinalar qazish va yangi qurilishlar olib borilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yer osti suvlarini kimyoviy jihatdan ifloslantiruvchi yoqilg‘i-moylash materiallari, zaharli ximikatlar va mineral o‘g‘itlar omborlarini, sanoatning chiqindi oqava suvlari yig‘iladigan va boshqa obyektlarni joylashtirish taqiqlanadi.
27. Daryo yoki suv keltiriladigan kanallardagi SXMni birinchi doirasi mahalliy sanitariya-topografik va gidrologik sharoitlarga qarab belgilanadi, lekin barcha holatlarda quyidagicha bo‘lishi kerak:
a) oqim bo‘yicha yuqoriga qarab suv olish joyidan kamida 200 metr;
b) oqim bo‘yicha pastga qarab suv olish joyidan kamida 100 metr;
v) suv olish joyiga tutash qirg‘oqdan suvning eng yuqori sathiga nisbatan suv betining ikki qarama-qarshi qirg‘og‘i orasidagi kenglikdan kamida 100 metr;
g) suv olish joyiga qirg‘oq yo‘nalishidan suv havzasiga tomon daryo yoki kanalning eni 100 metrdan kam bo‘lganda barcha akvatoriya va qarama-qarshi qirg‘oq suvi kengligidan, suvning eng yuqori sathidan 50 metr kenglikda olinadi, daryo yoki kanalning eni 100 metrdan ortiq bo‘lsa, akvatoriya mintaqasi kamida 100 metr bo‘lishi kerak.
28. Suv manbai sifatida foydalaniladigan suv ombori yoki ko‘lni SXM birinchi mintaqa chegaralari sanitariya-topografik, gidrologik sharoitlar inobatga olingan holda quyidagicha o‘rnatiladi:
a) akvatoriya bo‘yicha barcha yo‘nalishlarda suv olish joyidan kamida 100 metr masofada;
b) suv olish joyiga tutashgan qirg‘oqdan suvning eng yuqori sathidan ikki qirg‘oq orasidagi kenglikdan kamida 100 metr masofada.
Qo‘ltiq tipidagi suv olish joylaridagi birinchi mintaqa chegarasiga qo‘ltiqning barcha akvatoriyasi kiritiladi.
29. Kafolatlangan suv ta’minoti manbai bo‘lmagan joylarga suv olib borish zarurati tug‘ilganda, maxsus mashinalar va doimiy shaxslar ajratiladi. Suv tashish idish(sig‘im)lari yaroqli, yuvilgan va dezinfeksiyalangan bo‘lishi kerak. Dezinfeksiyalashdan avval idishlar sinchiklab yuviladi, suv bilan to‘ldiriladi va unga 1m kub suvga 300 gr. hisobda xlorli ohak eritmasidan qo‘shiladi va 1 soatdan so‘ng idish bo‘shatiladi hamda toza suv bilan xlorning o‘tkir hidi yo‘qolguncha chayib tashlanadi.
30. Xlorlash — suvni zararsizlantirishning keng tarqalgan usulidir. Suv normal dozalarda dastlabki ammoniylashtirish (preammonizatsiya) va yuqori dozalarda esa qayta xlorlash orqali xlorlanadi.
Suvni xlorning normal dozasida xlorlash uchun dastlab mazkur suvning xlorga bo‘lgan ehtiyoji tajribada aniqlanadi. Suvning xlorga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanganidan keyin suvning barcha miqdori uchun kerakli xlorning dozasi hisoblab chiqiladi.
O‘tkazilgan xlorlashning to‘g‘riligini xlor qoldig‘i asosida aniqlanadi, uning miqdori suvning xlor bilan 2 soatli kontaktidan keyin 0,3—0,5 mg/l. dan kam bo‘lmasligi kerak.
31. Kafolatlangan manbalar suvidan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan sharoitlarda qayta xlorlash usuli afzal hisoblanadi, chunki uning me’yordagi dozalarda xlorlashga qaraganda zararsizlantirishi juda ishonchlidir, zararlantirish vaqti ham (20-30 daqiqaga) kamayadi, loyqa va odatdan tashqari rangli suvlarni begona xlorfenol mazasini bermaydigan qilib zararsizlantiradi.
Ovqatlanishni tashkil etish ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
32. Muassasada saqlanayotgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan e’lon qilingan me’yorlar bo‘yicha oziq-ovqat bilan ta’minlanadilar.
33. Ovqatlantirishni tashkil etish intendantlik ta’minoti bo‘limi (guruhi) tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu bo‘lim zimmasiga quyidagi vazifalar kiradi:
a) ta’minotga kiritilgan turli toifadagi shaxslarning ish xususiyatlarini hisobga olgan holda ovqatlanish tartibini ishlab chiqish;
b) kunlik ta’minot uchun belgilangan me’yorlar bo‘yicha ovqat tayyorlashni tashkil etish va ta’minotdagilar ushbu me’yorlarga muvofiq ovqatlanayotganini nazorat qilish;
v) oziq-ovqat tayyorlanadigan joylarni zarur jihozlar va tegishli qurilmalar bilan ta’minlash, ularni namunali holatda saqlash, texnologik, sovitish jihozlari va oshxona anjomlarini sanitariya talablari asosida saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya qilish;
g) omborxonalarda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda, ularni oshxonaga yuborishda, tashishda, ularni oshxonada saqlash va kulinariya jihatidan qayta tayyorlashda, ovqat tayyorlash va tayyor ovqatlarni tarqatishda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish;
d) ovqat tayyorlash, ularni va oziq-ovqat mahsulotlarini jo‘natish, tashishda band bo‘lgan xodimlarning shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlari uchun shart-sharoitlarni ta’minlash;
e) texnologik va sovitish jihozlarining o‘z vaqtida ta’mirlanishini ta’minlash;
j) ovqatlanish joylarini va boshqa ovqatlanish obyektlarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan idish-tovoqlar va inventarlarni yuvish hamda dezinfeksiyalash vositalari bilan ta’minlash;
z) texnologik jihozlar, idish-tovoqlar, inventarlar, sanitariya kiyim-kechaklarni sotib olish.
34. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i:
a) ovqatlanish tartibini va ovqat tayyorlash uchun lozim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ro‘yxatini ishlab chiqishda qatnashadi, tayyorlanadigan ovqat kaloriyasini oyda bir marta nazariy hisoblab chiqadi;
b) muassasa boshlig‘iga maxsus me’yorlar bo‘yicha ovqatlanishga o‘tkazilayotgan shaxslar ro‘yxatini topshiradi;
v) muassasa oziq-ovqat mahsulotlari omborxonasi va magazinida, shuningdek mahkumlarni shaxsiy ixtiyorida mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashning talabga javob berishini, ularni ishlatilish qoidalariga va muddatlariga rioya qilinishini har kuni tekshiradi;
g) tayyorlangan ovqat sifatini barcha ta’minot me’yorlari bo‘yicha tekshirishni tashkil etadi. Tekshiruv natijalari va tayyor ovqatlarni tarqatishga ruxsat berilgani haqida ovqat tayyorlash sifatini nazorat qilish maxsus daftariga yozib qo‘yadi;
d) sifatsiz xomashyoni, yarim (chala tayyor) fabrikatlarni tarqatishni, sifatsiz oziq-ovqatlar va tayyor ovqatlarni iste’mol qilishni man etadi;
e) oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini tashkil etadi;
z) oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, tarqatish, jo‘natishda band bo‘lgan xodimlar uchun gigiyenaga doir o‘quv mashg‘ulotlarning o‘tkazilishini tashkil etadi.
35. Agar muassasaga keltirilgan oziq-ovqat mahsuloti qo‘yilgan talablarga javob bermasa yoki uning sifati shubha tug‘dirsa, uni iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muassasaga keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining tayyorlangan vaqti ko‘rsatilgan holda sifati to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lishi lozim. Sifat to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari qabul qilinmaydi.
Intendantlik ta’minoti bo‘limi (guruhi) ishlatish muddati o‘tib ketgan oziq-ovqat mahsulotlarini mol-mulk ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil etadi, iste’mol qilishga yaroqsizligi yaqqol ko‘rinib turgan tez buziluvchi mahsulotlar bundan mustasno. Shuningdek, bu bo‘lim maxsus gigiyenik tekshirishlarni talab qilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish yoki foydalanmaslik masalalarini ham hal qiladi.
Muassasa tibbiy bo‘limi tomonidan oziq-ovqat (shu jumladan tez buziluvchan) mahsulotlarining organoleptik xususiyatlari o‘zgarishini, bu o‘zgarishlarning xarakteri va darajasini, mahsulotlarning kimyoviy tarkibidagi o‘zgarishlarni, mahsulotlarning bakterial jihatidan ifloslanish darajasi va mikroflorasining xarakterini, mahsulotlarda pestitsidlarni va zararli moddalarni yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan miqdordan yoki tabiiy ravishda bo‘lishi mumkin bo‘lgan miqdordan ko‘pligini, mikroblar bilan ifloslangan mahsulotlardan infeksiya yuqishi (aniq epidemiologik ma’lumotlarga asoslangan holda) mumkinligini aniqlash maqsadida gigiyenik ekspertiza o‘tkazish tashkillashtiriladi.
36. Mahsulotlarning kunlik energetik qiymati bo‘yicha uch mahalgi ovqatlanish quyidagicha taqsimlanadi: nonushtaga — 30-35%, tushlikka — 40-45%, kechki ovqatga — 20-30%. Ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarning taqsimoti ishning og‘ir-yengilligiga qarab foizlarda o‘zgartirilishi mumkin: birinchi smenada ishlovchilar uchun — nonushtada 35%, tushlikda — 40%, kechki ovqatda — 25%; ikkinchi va uchinchi (tungi) smenada ishlovchilar uchun — nonushta va kechki ovqat 30 foizdan, tushlik — 40 foizdan iborat.
37. Agar ovqatlanish vaqti bir soatdan ortiq davom etadigan bir necha smenada amalga oshirilsa, u holda har bir smena uchun alohida ovqat tayyorlanadi. Ovqat uni tarqatishidan 20—30 minut oldin tayyor bo‘lishi va u tayyor bo‘lgan vaqtdan boshlab 2 soat ichida tarqatilishi lozim.
38. Ovqatlarni tarqatishda birinchi ovqatlar va issiq ichimliklar temperaturasi 750S dan, ikkinchilari 650S dan past bo‘lmasligi, sovuq ovqatlar va ichimliklar 70 dan 140Sgacha bo‘lishi lozim. Birinchi va ikkinchi ovqatlar tarqatilgunga qadar issiq plitada 3 soatgacha turishi mumkin. Tayyor ovqatni belgilangan muddatdan ortiq ushlab turishga istisno tariqasida ruxsat etiladi. Qolgan ovqatlarni saqlashga majbur bo‘lingan hollarda u to‘liq sovitilishi va 60Sdan yuqori bo‘lmagan temperaturada 12 soatgacha saqlanishi mumkin. Sovitilgan ovqat tarqatilishi oldidan tibbiy bo‘lim shifokori tomonidan ko‘rib chiqiladi va tekshiriladi, keyin ikkinchi marta isitiladi (qaynatiladi, qizdiriladi). Ikkinchi marta isitilgan ovqatni tarqatish muddati bir soatdan oshmasligi lozim. Ovqatni avvalgi kunda tayyorlangan ovqatlar bilan aralashtirish qat’iyan man etiladi.
39. Ovqatlarni bevosita ish joyiga yetkazib berish zarurati tug‘ilganda ovqatlar plombalangan va pechatlangan termoslarda olib boriladi. Non va idish-tovoqlar toza qutilarda yoki ular uchun alohida ajratilgan seksiyalarda yetkazib beriladi. Etkazish muddati 2 soatdan oshmasligi lozim. Ish joyida ovqat isitiladigan plitalar, ovqatlanish uchun stollar ajratiladi. Sovib qolgan ovqatni isitmasdan, suyuq ovqatni qaynatmasdan tarqatishga ruxsat etilmaydi.
40. Oshxonaga yordamchi ishlarni bajarishga tayinlanadigan shaxslar teri va shilliq pardalari yiringli kasalliklari bor-yo‘qligini aniqlash bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan oshxonada ishlashga qo‘yilmaydi.
Mehnat sharoitlari ustidan sanitariya-gigiyena nazorati
41. Muassasaning sanoat korxonalarida mehnat xavfsizligini ta’minlash vazifasi muassasa rahbari yoki ushbu vazifani bajaruvchi shaxs zimmasiga yuklanadi va ular quyidagilar ustidan nazorat qilishadi:
a) ishlab chiqarish, maishiy, omborxona va boshqa joylarda havo muhiti, yoritish, shovqin va tebranishlar, haroratning sanitariya-gigiyena me’yorlariga muvofiq bo‘lishi;
b) maxsus kontingentning maxsus kiyim-kechak, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi, shuningdek belgilangan normalarga muvofiq profilaktik oziq-ovqatlar berilishi;
v) muassasaning ishlab chiqarish korxonalarida ishlayotganlarga ish sharoitining zararliligi munosabati bilan imtiyozlar berilishi.
42. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i quyidagilarni bajarishga majbur:
a) hududiy sog‘liqni saqlash idoralari bilan birgalikda kontragent (muassasa hududidan tashqarida shartnoma asosida ish olib borilayotgan) obyektlar ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro aloqalarini amalga oshirish;
b) ishlab-chiqarish va maishiy xonalarning, korxona hududi va umumiy foydalaniladigan joylaridagi sanitariya holati ustidan nazoratni amalga oshirilishi;
v) korxonada mehnat sharoitini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqishda qatnashish;
g) ishlab chiqarish bilan bog‘liq kasalliklarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ishlayotganlarning mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash yuzasidan o‘z takliflarini berish;
d) zararli mehnat sharoitlarida ishlayotgan shaxslar o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini tashkil qilish;
e) ichimlik suvining sifati va sexlar hamda uchastkalardagi aptechkalarning dori-darmonlar bilan o‘z vaqtida to‘ldirilib turishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
j) ishchilar o‘rtasida sanitariya-oqartuv ishlarini olib borish.
43. Korxona rahbariyati ishlab chiqarishdagi ishchi o‘rinlar pasportizatsiyasini o‘tkazadi.
IIV, IIBB, IIB va hududiy sog‘liqni saqlash idoralari sanitariya-epidemiologiya xizmatlari sanoat korxonalardagi ishlab chiqarish omillarni laboratoriyaviy va boshqa turdagi tekshirishlardan o‘tkazilishini tashkillashtirishda maslahat berib amaliy yordam ko‘rsatadi.
44. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan sanoat obyektlari to‘g‘risida va kiritilayotgan yangi texnologik jarayonlar, jihozlar, mashina va mexanizmlar, yangi kimyoviy moddalar va ularning toksik-kimyoviy xususiyatlari haqida xabardor bo‘lishi lozim.
45. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i loyihadan chetga chiqish va sanitariya me’yorlari va qoidalariga rioya qilinmayotganlik holatlari aniqlanganda, qurilish va asbob-uskunalarni montaj qilish ishlarining ayrim turlarini amalga oshirishni to‘xtatish huquqiga ega bo‘lgan IIV, IIBB, IIBning sanitariya-epidemiologiya xizmati boshlig‘iga bu haqda xabar beradi.
46. Odam organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan noqulay ishlab-chiqarish omillari quyidagilardan iborat:
a) jismoniy xarakterdagi omillar (radiochastotaning elektromagnit maydoni, noqulay mikroiqlim, ionlovchi radiatsiya, shovqin, ultratovush, infratovush, tebranish, vibratsiya);
b) kimyoviy xarakterdagilar (sanoat zaharlari);
v) biologik xarakterdagilar (infeksiya, invaziyalar);
g) sanoat aerozollari;
d) mehnatning o‘ta og‘irligi va katta kuch talab qilishi.
47. Bir qator noqulay omillar ta’sirida sog‘lig‘i yomonlashishi mumkin bo‘lgan ishchilarni mehnat sharoiti og‘ir va zararli bo‘lgan ishlarga qo‘ymaslik maqsadida jazoni o‘tayotganlarni dastlabki va doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish, ularning zararli bo‘lgan sharoitlarda ishlashlari mumkin yoki mumkin emasligini aniqlash imkonini beradi.
48. Mehnat sharoiti va ish qobiliyatiga quyidagilar ta’sir ko‘rsatadi:
a) texnologik jarayon va ishlab chiqarish xususiyatlari;
b) ish joyini qanday tashkil qilinganligi va jihozlanganligi;
v) ish xonalarining maydoni va kubaturasi;
g) ish joyi va ishlash xonalaridagi mikroiqlim (temperatura, havoning harakat tezligi va namligi, nur ta’siridagi issiqlikning jadalligi), shuningdek, to‘siqlarning temperaturasi;
d) ishlash xonalari va ish joylarining tabiiy va sun’iy yoritilishining ahvoli;
e) zararli jismoniy omillar;
j) havoning kimyoviy tarkibi va aralashmalar.
49. Ish xonalaridagi mikroiqlim organizm bilan tashqi muhit o‘rtasidagi issiqlik muvozanatini ta’minlashi lozim.
Ish bajarish maydonidagi havoga bo‘lgan umumiy sanitariya-gigiyenik talablar tegishli Davlat standarti bilan belgilanadi.
50. Barcha ishlab chiqarish va yordamchi xonalar Sanitariya qoidalari va me’yorlari (SQ va M) talablariga muvofiq isitish va ventilatsiya tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
Ventilatsiya va isitish tizimlari doimiy ish joylarida va ish bajarish maydonida asosiy va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda meteorologik sharoitlarni (temperatura, nisbiy namlik, havo harakatining tezligi), shuningdek, havodagi zararli moddalar miqdorini Sanoat korxonalarini loyihalashtirish sanitariya me’yorlari talablariga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi lozim.
Texnologik chiqindilar umumiy almashish ventilatsiyasi orqali atmosferaga chiqarib tashlanadi va ularning tarqalishi hisobga olinganda aholi yashaydigan punktlarda ruxsat etilgan konsentratsiyalardan baland bo‘lishi mumkin emas.
Ishlab chiqarish xonasining hajmi bitta ishlovchiga 20 m kubdan kam bo‘lsa, har bir ishlovchi uchun kamida soatiga 30 m kub tashqi havo berib turiladi, xonaning hajmi har bir ishlovchiga 20 m kubdan ko‘p bo‘lsa, bir ishlovchiga kamida soatiga 20 m kub tashqi havo beriladi.
Agar xona hajmi bitta ishlovchiga 40 m kub to‘g‘ri kelsa, deraza va lampalar bo‘lganda va zararli moddalar ajralmasa, unda vaqti-vaqti bilan tabiiy tashkil qilingan ventilatsiyani ishlatish ko‘zda tutiladi.
Bir smenada besh martadan ortiq yoki kamida 40 minut davomida ochiladigan darvozalar oldida havoni to‘suvchi yoki havoni isituvchi parda to‘siqlar o‘rnatish ko‘zda tutiladi.
Changni va oson suyuqlikka aylanadigan bug‘larni, shuningdek aralashtirilganda xavfli aralashmaga aylanadigan moddalarni yoki kimyoviy birikmalarni yutadigan qurilmalarni umumiy tortuvchi qurilmalarga birlashtirish man etiladi.
Zararli manbalarga (payvandlash, qalaylash va boshqalar) yaqin joylashgan ish joylari uchun umumalmashuvchi ventilatsiyaga qo‘shimcha ravishda mahalliy so‘rib oluvchi qurilma o‘rnatish talab qilinadi.
Havo muhitiga to‘satdan ko‘p miqdorda zaharli moddalar (changdan tashqari) tushishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarishlarda avariya ventilatsiyasini o‘rnatish lozim bo‘ladi.
Derazalar oldidagi doimiy ish joylari tinimsiz kelib turadigan sovuq havo oqimidan himoya qilinadi.
Korxona binolari va inshootlarini isitish uchun qo‘shimcha ishlab chiqarishga zarari tegmaydigan cistema va issiqlik o‘tkazuvchilar ko‘zda tutiladi.
51. Shovqin manbai bo‘lgan ishlab chiqarish uskunalarini tanlash va joylashtirishda tegishli SQ va Mga amal qilish lozim.
Ish joylaridagi shovqin darajasi korxona rekonstruksiya qilingandan so‘ng, ishga tushganda va ishlab turgan korxonalarda yiliga bir marta tekshiriladi.
52. Barcha ishlab chiqarish va yordamchi xonalarda tabiiy yorug‘likdan keng foydalanish lozim.
Tabiiy yoritish me’yorlari yorug‘lik o‘tkazuvchi oynalarni muntazam tartibda tozalab turishni hisobga olgan holda quyidagi muddatlarda belgilanadi:
a) kam miqdorda chang, qurum chiqadigan xonalar yiliga kamida 2-marta tozalanadi;
b) ko‘p miqdorda chang, qurum chiqadigan xonalar yiliga kamida 4-marta tozalanadi.
Sun’iy yorug‘likni me’yorlari lyuministent va qizituvchi chiroqli yorituvchi qurilmalarga mos bo‘lishi kerak.
Yoritish tizimi umumiy hamda birlashtirilgan (umumiy va mahalliy yoritishdan tuzilib) bo‘lishi mumkin.
Faqat bitta mahalliy yoritishni qo‘llash man etiladi.
Kamida 50 kishi ishlaydigan xonalarda avariya yoritgichi bo‘lishi lozim.
Sun’iy yoritish yoritkichlarini tozalash uning qanchalik ifloslanganligiga qarab o‘tkaziladi, ammo quyidagi muddatlardan oshirilishi mumkin emas:
a) tutun, qurum va chang ko‘p chiqadigan joylarda — bir yilda 4-marta;
b) o‘rtacha chiqadigan joylarda — bir yilda 3-marta;
v) kam chiqadigan joylarda — bir yilda 2-marta.
53. Sanoat korxonalari sifatli ichimlik suv bilan ta’minlanadilar.
Xo‘jalik-ichimlik suv quvurlari tarmoqlarini texnik maqsadlarga mo‘ljallangan suv tarmoqlariga ulashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ichimlik suvidan foydalanish uchun kichik fontanchalar, suv ichadigan avtomatlar, fontan bo‘lib otilib chiqishi uchun kiydirilgan yopiq baklar va boshqa qurilmalar o‘rnatiladi.
Issiq sexlarda ishlayotganlar, bir smenada 0.5% tuzi bo‘lgan tuzlangan gazli suv bilan bir kishiga o‘n litrgacha suvni hisobga olib ta’minlanishadi.
Ish joyi bilan ichimlik suvi bilan ta’minlash qurilmasi orasidagi masofa 75 metrdan oshmasligi lozim.
54. Tozalash inshootlari, suvni nasos bilan tortib oluvchi stansiyalar va boshqa qurilmalar har doim ishga yaroqli, toza holda bo‘lishi va ular suv, tuproq va havoni ifloslantirish manbai bo‘lib qolmasligi lozim. Har bir korxonada SQ va Mga ko‘ra ishlab chiqarish jarayonlarining guruhlariga qarab sanitariya-maishiy xonalar jihozlanadi (1-ilova).
Ishlab chiqarish maqsadlarida maishiy xonalardan foydalanish man etiladi.
55. Mahkumlarni ishlab chiqarish zonasida ovqatlantirishni tashkil etish zarurati tug‘ilganda maishiy xonalarda ovqatlantirish uchun xonalar ko‘zda tutilgan bo‘lishi zarur.
Ishlab chiqarish hududida ovqatlanish shoxobchalari jamoat ovqatlantirish korxonalari uchun belgilangan sanitariya talablariga javob berishi lozim.
56. Sut va sut o‘rniga o‘tuvchi boshqa ovqatlar zararli ishlab chiqarish joylarida ishlovchilar uchun ovqatlanish shoxobchalarida yoki o‘tiradigan joylar, sovutish shkafi, qo‘l yuvadigan moslamalar va idish-tovoqlarni yuvish uchun issiq suv bo‘lgan alohida ajratilgan joylarda tarqatiladi. Sut ichiladigan idishlarni korxona beradi.
Flyagadagi sutni faqat pishirilgandan keyingina iste’molchiga berish mumkin.
57. Ishlayotganlarga maxsus va himoya kiyimlari, tegishli maxsus kiyim, oyoq kiyim va himoya moslamalari belgilangan me’yorlar bo‘yicha va o‘rnatilgan muddatlarda tarqatiladi.
Belgilangan me’yorlar bo‘yicha maxsus kiyim va himoya moslamalarisiz ishlash man etiladi.
Maxsus kiyimlarni o‘z vaqtida yuvish va ta’mirlash, hamda zaharli moddalarni ta’siri bor ishlab chiqarish joylarida esa degazatsiya qilish majburiy ravishda amalga oshiriladi.
Zaharli bug‘lar, gazlar, sanoat aerozollarni chiqishi va buyum parchalari, qirindilarni uchib tegishi xavfi mavjud bo‘lgan ishlarda ishlovchilarga shaxsiy himoya vositalari: protivogazlar, respiratorlar, himoya ko‘z oynaklari, maskalar va boshqalap amaldagi me’yorlarga binoan beriladi.
58. Har bir o‘tkir kasb kasalligi (zaharlanish) sodir bo‘lganda ushbu kasallikni aniqlagan yoki gumon qilgan shifokor tomonidan shoshilinch xabarnoma to‘ldiriladi. Xabarnoma 24 soat ichida kasallangan odam ishlayotgan obyekt sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuboriladi. O‘tkir kasb kasalligi bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq kishilarda sodir bo‘lgan hollarda (zaharlanganda) shoshilinch xabarnoma har bir kishi uchun alohida to‘ldiriladi. Shoshilinch xabarnomada o‘tkir kasb kasalligining dastlabki (yakuniy) tashxisi, faraz qilingan ishlab chiqarish omillarining nomi va kasallikning kelib chiqish sabablari ko‘rsatiladi.
Diagnoz qo‘ygan yoki uni o‘zgartirgan tibbiy bo‘lim yangi shoshilinch xabarnomani tuzadi va 24 soat ichida uni sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuboradi, bunda o‘zgartirilgan (aniq belgilangan) diagnoz, uning belgilangan sanasi, dastlabki tashxis ko‘rsatiladi.
59. Tibbiy bo‘lim shoshilinch xabarnomani jo‘natishdan tashqari quyidagi har bir holat to‘g‘risida telefon yoki telegraf orqali SEXni xabardor qiladi:
a) 2 va undan ortiq kishi o‘tkir kasb kasalligi bilan og‘rib (zaharlanib) mehnatga yaroqsiz bo‘lganligi haqida;
b) kuydirgi, brutsellez, qoqshol, qutirish kasalliklari haqida (bemorni kasb faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa).
60. O‘tkir kasb kasalligini (zaharlanishni) har bir holati tekshiriladi.
O‘tkir kasb kasalligi (zaharlanish) holatlarini tekshirish mehnat gigiyenasi bo‘yicha sanitariya shifokori yoki SEXni boshqa mutaxassisi bilan shoshilinch xabar olingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida o‘tkaziladi, ushbu qo‘llanmani 256-bandida ko‘rsatilgan holatlarda xabarnoma olingan zahoti.
Tekshirish jarayonida:
a) o‘tkir kasb kasalligi (zaharlanish)ning kelib chiqish sabablari aniqlanadi;
b) kasallik paydo bo‘lgan ish joyi (ishchi zonasi, ishlab chiqarish uchastkasi, sex) tekshiriladi;
v) zarur bo‘lganda zararli ishlab chiqarish omillarining laboratoriya va instrumental tekshiruvi tashkil etiladi;
g) kasallik (zaharlanish) paydo bo‘lgan ishlovchini mehnat sharoitining sanitariya-gigiyenik ahvoli baholanadi;
d) tekshirish natijalari asosida sanitariya-profilaktika, kasallik (zaharlanish)ning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Hammom va kir yuvish ta’minoti ustidan sanitariya-gigiyenik nazorati
61. Maxsus kontingent hammomda yuvinishini va kir yuvishini ta’minlash muassasaning intendantlik ta’minoti bo‘limi (guruhi)ning kuchi va vositalari bilan amalga oshiriladi.
62. Muassasa tibbiy bo‘limi quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
a) hammom va kir yuvish binolarining qurilishi va qayta qurilishining borishini joriy sanitariya nazorati;
b) sanitariya qoidalariga mos holda kir yuvish va hammomni joylashishi, jihozlanishi va ahvoli, sifat nazorati, o‘z vaqtida dezinfeksiya o‘tkazilishi, sanitariya ishlovi berish, ichki kiyimlar va choyshab, yostiq jildi va shu kabilarni almashtirish va yuvish, sovuq va issiq suv bilan ta’minlashning joriy sanitariya nazorati;
v) hammom va kir yuvish bilan bevosita band bo‘lganlarni, maxsus kasb egalari guruhiga mansub shaxslar sifatida, barcha zarur chora-tadbirlar asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
g) hammom va kir yuvish ta’minoti qismi bo‘yicha SEXni taklif va yozma ko‘rsatmalarini bajarilishini nazorat qilish va natijalari haqida mutasaddi shaxslarga ma’lumot berish.
621. Hammomda maxsus kontingentni sanitariya ishlovini ham amalga oshirish imkoniyati bo‘lsa, ular gigiyenik vazifadan tashqari, epidemiyaga qarshi vazifani ham bajaradi.
Quyidagi holatlarda sanitariya ishlovi o‘tkazilishi zarur:
a) rejali tadbir sifatida — oyda 1-marta;
b) epidemik ko‘rsatmalarga ko‘ra;
v) muassasaga yangi kelganlarni qabul qilishda.
(62-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) asosan 621-bandga o‘zgartirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
63. Sanitariya ishlovi quyidagilardan iborat: odamlarni hammomda sovun bilan yuvinishi, o‘rin-ko‘rpa jildlari bilan ichki kiyimni almashtirish, (pedikulezda terini tuk bilan qoplangan qismlarini tozalash), shaxsiy kiyimni va o‘rin-ko‘rpani (yostiq, to‘shak, ko‘rpa) dezinfeksiya kamerasida dezinfeksiya, dezinseksiya qilish.
64. Hammomda sanitariya ishlovi o‘tkazish vaqtida, hammomga kirayotganlar va chiqayotganlar alohida eshiklardan kirib chiqishlari lozim.
Sanitariya ishlovga mo‘ljallangan hammomlarda alohida kirish va chiqish eshigi, cho‘miladiganlar ustki va ichki kiyimlarini dezinfeksiyalash kamerasiga uzatadigan, echinish xonasi va kiyinish xonasi bo‘lib, unga cho‘milgandan keyin chiqiladi, unda darcha orqali toza bo‘limdan o‘zlarining dezinfeksiya yoki dezinseksiyadan o‘tgan narsalarini oladilar; doimiy dezinfeksiyalash kamerasi bo‘ladi.
Dezinfeksiyalash kamerasining qabul qilish imkoniyati hammomning qabul qilish imkoniyatiga mos bo‘lishi kerak.
65. Kamerada dezinfeksiyalash tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi IIVning Tibbiyot boshqarmasining buyruq va yo‘riqnomalari talablari asosida o‘tkaziladi.
66. Dezinfeksiyalash kamerasi binosini ko‘rikdan o‘tkazishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
a) dezinfeksiyalash kameralarining sanitariya-texnik holati;
b) zararsizlantirish (tartibiga) rejimiga rioya etish;
v) ko‘rpa, yostiq jildi va buyumlarni kamerada to‘liq zararsizlantirish;
g) maksimal termometrlardan foydalanib temperatura tartibini (rejimini) tekshirish;
d) xodimlarning ishlov berish tartibi (rejimi) va sanitariya qoidalariga rioya etish bo‘yicha bilimlarini tekshirish;
e) avval berilgan takliflarning bajarilishini tekshirish;
j) dezinfeksiyalash sifatini tekshirishning fizikaviy va kimyoviy usullarini ishlatish.
67. Kamerada dezinfeksiyalash holatini dezinfeksiya va dezinseksiyani qayd qilish jurnalida baholab boriladi.
68. Muassasadagi shaxslar haftasiga bir marta cho‘miladilar va ko‘rpa-yostiq jildi hamda ichki kiyimlarini bir vaqtning o‘zida almashtiradilar. Oshpazlar, terisi kuchli ifloslanadigan ishni bajaruvchi xodimlar, bundan tashqari har kuni dush qabul qiladilar. Cho‘miluvchilarning har galgi almashinishi bilan navbatchilar hammom xonalarini yaxshilab tozalaydilar va xlorli ohakning 0,2-0,5 % li tindirilgan eritmasi, xloraminning 1% li eritmasi yoki lizolning 3% li eritmasi bilan dezinfeksiya qiladilar(shuningdek o‘tirgich va yuvinish tog‘oralarini ham).
69. Sartaroshxona anjomlari 30 minut davomida xloraminning 1% li eritmasiga solib qo‘yiladi, so‘ngra vodoprovod suvida yuviladi va quritiladi.
70. Terining yiringli va zamburug‘ kasalliklari bilan kasallangan shaxslar, hammadan keyin alohida cho‘miladilar, so‘ngra hammomda 30 minutli ekspozitsiya bilan 2%li ishqorli eritma (tozalanmagan soda) yoki xlorli ohakning 3%li tindirilgan eritmasi yordamida dezinfeksiya o‘tkaziladi. Muassasaning izolatsiya qilingan joyida saqlanuvchi sil kasalligi gumon qilinayotgan mahkumlar, ular uchun ajratilgan alohida kunda cho‘miladilar, keyin hammom ham yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
71. Hammomdan chiqqan kirlangan ichki kiyimlar, shuningdek ko‘rpa va yostiq jildlari bevosita yotoqxonadan kir yuvish xonasiga uzatiladi.
72. Kir yuvish binolari va maxsus jihozlarning joylashtirilishi texnologik jarayonning uzluksizligi va ketma-ketligini ta’minlashi zarur, yuvilgan va yuvilmagan, shuningdek quruq va ho‘l buyumlar bir-biriga tegib turishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kir yuvish binosining yuvilmagan buyumlar saqlanadigan qismida kirlangan buyumlarni qabul qilish va saralash sexi joylashadi. Hammom binosining yuvilgan buyumlar saqlanadigan yarmida: yuvish, quritish-dazmollash, ta’mirlash va ichki kiyimlarni tarqatish sexlari joylashadi.
Binoning toza buyumlar va kir buyumlar saqlanadigan qismlari oralig‘ida ikkala tomondan kirish mumkin bo‘lgan sanitariya xonasi jihozlanadi va bu xonada dush, garderob va tualet bo‘ladi. Binoning ikkala yarmi kapital devor va to‘siq bilan ajratiladi. Barcha sexlarda havoning harorati 150S dan 200S gacha, yuvish sexidagi nisbiy namlik 70%dan oshmasligi, quritish-dazmollash sexida esa 60%dan oshmasligi kerak. Kir yuvish binosiga qabul qilinadigan ichki kiyimlar turlari va kirlarni darajasiga qarab saralanadi. Ifloslangan kiyimlar 4—12 soat davomida 0,5%li kalsiyli soda eritmasi yoki boshqa yuvish ashyolari (trinatrifosfat, sulfonal, OP—7 sovuni va b.) qo‘shilgan iliq suvda ivitiladi.
73. Muassasaning sil kasallar yashaydigan hududidan, tibbiy bo‘lim statsionaridan keltirilgan kiyimlar yuvilishdan avval albatta ishqoriy eritmada bir soat davomida qaynatiladi yoki dezinfeksiyalovchi eritmada ivitiladi va maxsus ajratilgan mashinada yuviladi.
74. Kir yuvish binosining ifloslangan yarmi ish tugaganidan keyin yaxshilab tozalab yuviladi va dezinfeksiya qilinadi.
75. To‘shak jildlari va odeyal yilning har choragida bir marta yuviladi.
76. Hammom va kir yuvish binosi vodoprovod suvi, kanalizatsiya, binoni isitish uskunalari, ventilatsiya va issiq suv bilan ta’minlanishi lozim.
77. Suvning sifati “Ichimlik suvi” 950—2000 Davlat standartiga qo‘yiladigan talablariga javob berishi kerak.
78. Hammom va kir yuvish binosidan chiqayotgan oqava suvlari, ular tarkibida ko‘p miqdorda yuvuvchi moddalar, tez irib qoladigan organik moddalar, mikroblar bo‘lganligi sababli epidemiologik jihatdan xavflidir.
Tozalash qurilmalariga ega bo‘lgan kanalizatsion shoxobchalarda oqava suvlar bevosita kanalizatsiya tarmog‘iga quyiladi, agar tozalash qurilmalariga oqizilayotgan barcha oqava suvlarni 25%ni hammom-kir yuvish binosidan chiqayotgan oqava suv tashkil etsa, u holda oqava suvlar so‘ndirilgan ohak eritmasi bilan koagullash usulida dastlabki tozalashdan o‘tkaziladi. Koagullash uchun SaO ning aktivligiga hisoblab, ohak suviga 400 gr/m.kub miqdorida ohak qo‘shiladi. Ohak og‘irligining 50%iga aktiv kalsiy oksidi to‘g‘ri keladi, hisoblash miqdori shu asosida topiladi. Kanalizatsiya o‘tkazilmagan punktlarda oqava suvlarni tozalash uchun mahalliy kanalizatsion tozalash qurilmasi o‘rnatiladi.
79. Oqava suvlarini tozalash usuli va tashlash joyi hududiy sog‘liqni saqlash idoralarining sanitariya-epidemiologik markazlari bilan kelishilishi kerak.
80. Hammom kir yuvish binosidan chiqayotgan oqava suvlarni suv havzalariga, jarliklarga va shunga o‘xshash joylarga dastlabki koagullash va tindirish (6—12 soat), xlorlash (5—10 mg/l aktiv xlor dozasida) yo‘li bilan tozalamasdan to‘kish man etiladi.
IV-bob. Epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etishning umumiy qoidalari
81. Epidemiyaga qarshi kurashish — muassasada saqlanayotgan shaxslar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidan iborat.
82. Muassasada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar majmuasini tashkillashtirish tibbiy bo‘limi boshlig‘i zimmasiga yuklatiladi. Bunga rejim-tartibot, siyosiy-tarbiyaviy, intendant, xo‘jalik va boshqa xizmatlar jalb etiladi.
83. Epidemiyaga qarshi tadbirlar quyidagi holatlarni oldini olishga qaratiladi:
a) muassasaga yuqumli kasalliklar olib kelinishini;
b) maxsus tarkib orasida yuqumli kasalliklar kelib chiqishi va tarqalishini;
v) muassasa tashqarisida yuqumli kasalliklar tarqalishini.
84. Epidemiyaga qarshi kurashish o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
a) muassasada va u joylashgan hududda sanitariya-epidemiologik holatni nazorat qilish;
b) maxsus kontingent muassasaga qabul qilinganda o‘tkaziladigan tadbirlar;
v) maxsus tarkib salomatligini doimiy ravishda kuzatib borish;
g) ichimlik — xo‘jalik suvi, oziq-ovqat va boshqa ta’minot bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarning doimiy tibbiy nazorat va laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish;
d) atrof muhit, yotoqxonalar, oziq-ovqat, suv ta’minoti, hammom, kirxonalar bilan ta’minlanish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilinishi ustidan doimiy tibbiy nazorat olib borishni;
e) rejali va shoshilinch emlashlarni o‘tkazilishini nazorat qilishni;
j) dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya chora-tadbirlarini o‘tkazilishini;
z) maxsus kontingentni sanitariya madaniyatini oshirib borishni;
i) epidemiyani oldini olish masalalari bo‘yicha tibbiy xodimlarni tayyorlash va malakasini doimiy ravishda oshirib borishni;
y) yuqumli kasalliklar tarqalganda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni o‘tkazish uchun kuch va vositalarni tayyorlashni (tibbiy bo‘limda qo‘shimcha o‘rinlar tashkil qilish, kerakli jihozlar bilan ta’minlash va hokazo);
k) epidemiologik holatni oldindan bashorat qilish va tezkor epidemiologik tahlillar o‘tkazish.
85. Maxsus kotingentni epidemiyadan himoya qilish chora-tadbirlarini tashkil qilish va rejalashtirishning asosini sanitariya-epidemiologiya nazorati tashkil qiladi. Sanitariya-epidemiologiya nazoratining maqsadi muassasaga yuqumli kasalliklar olib kirilishini oldini olishdir.
86. Epidemiologik nazoratning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) muassasa joylashgan hududning sanitariya-epidemiologik holatini doimiy o‘rganish;
b) muassasa joylashgan hududdagi suv manbalari va aholi punktining sanitariya holati ustidan uzluksiz tibbiy nazorat olib borish;
v) muassasa joylashgan hududda tashqi muhit obyektlarining bakteriyalardan ifloslanishi, epizotiyalar va yuqumli kasalliklar kelib chiqqanligi haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida aniqlash va to‘plash.
87. Muassasa joylashgan hududda sanitariya-epidemiologiya holatini chuqur o‘rganish va ma’lumotlarni oydinlashtirish quyidagilar orqali ta’minlanadi:
a) aholining yuqumli kasalliklar bilan kasallanish dinamikasi va tuzilishi bilan tanishish;
b) epidemik kasalliklarni mumkin bo‘lgan manbalari va tarqalish yo‘llarini va ularga maxsus kontingentning beriluvchanligini o‘rganish;
v) tibbiy hamda veterinariya davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkazilayotgan epizootiya, epidemiyaga qarshi, hamda boshqa chora-tadbirlarning hajmi va sifati bilan tanishish.
88. Muassasa joylashgan hududdagi epidemiologik vaziyat haqidagi uzluksiz ma’lumotlar quyidagilar orqali olinadi:
a) mahalliy sog‘liqni saqlash muassasalaridan odamlar va hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar bilan kasallanish haqidagi ma’lumotlarni olish;
b) yuqori tibbiy boshliqlardan respublikadagi va viloyatdagi sanitariya-epidemiologik holat haqidagi ma’lumotlarni olish;
v) sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan tashkil qilinayotgan majlislar, konferensiyalar, yig‘ilishlar va seminarlarda ishtirok etish yo‘li bilan.
89. Muassasa tibbiy bo‘lim boshliqlari sanitariya-epidemiologiya nazoratini olib borishda, quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun mahalliy sog‘liqni saqlash va veterinariya tashkilotlari bilan uzviy aloqada bo‘lishi shart:
a) muassasa joylashgan hududdagi aholi va hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasallik va epidemiya hamda epizootiyaga qarshi o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida ma’lumotlarni uzluksiz ravishda olish uchun;
b) o‘tkazilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun;
v) maxsus kontingentni epidemiyadan himoya qilish masalalarida maslahat va boshqa turdagi yordamni olish uchun.
90. Muassasaga yuqumli kasalliklar kirib kelmasligi uchun yangi kelganlar bir kun davomida to‘liq sanitariya ishlovidan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shu vaqt mobaynida o‘pka sili, teri-tanosil va boshqa yuqumli kasalliklar bilan kasallanganlarni hamda ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar aniqlanib, tibbiyot bo‘limi boshlig‘i xulosasiga ko‘ra ular ushbu kasalliklarni yashirin davri mobaynida tibbiy kuzatuvda bo‘ladilar. Jazoni ijro etish muassasasiga yangi kelganlar alohida qabul bo‘limi binosiga joylashtiriladi. Ular 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvda bo‘ladilar va so‘ngra yashash hududiga o‘tkaziladi. Mahkumlar karantin binosida bo‘lgan paytlarida, ularni karantin binosidan tashqaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Tibbiy kuzatuv paytida maxsus kontingent orasida yuqumli kasalliklar aniqlanganda, epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar o‘tkaziladi. Bunday hollarda tibbiy kuzatuv davomiyligi oxirgi bemor boshqalardan ajratilgan kundan boshlab hisoblanadi.
91. Muassasalarda profilaktik va epidemiyaga qarshi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun tibbiy bo‘limlari reja asosida yilning ma’lum bir davri (har oy,chorak, yarim yil, to‘liq yil) uchun epidemiologik tahlil o‘tkazishlari shart. Bundan tashqari epidemiologik o‘choqda epidemiologik tekshiruv o‘tkaziladi. Muassasadagi epidemiologik vaziyat tahlili muassasalar tibbiy bo‘limi boshliqlari tomonidan olib boriladi.
92. Ma’lum o‘tgan davr uchun epidemiologik tahlil o‘tkazilganda tibbiy xizmatga biriktirilgan shaxslar orasida kasalliklar darajasi, dinamikasi va turkumi o‘rganiladi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi, uni yuqish yo‘li har bir kasallik turi bo‘yicha alohida o‘rganiladi. Bundan tashqari yuqumli kasalliklar tarqalish xavfini bilish uchun kasallik epidemiya o‘chog‘ini kelib chiqish sababi tahlil qilinadi.
93. Epidemiologik kuzatuv natijalari, yilning ma’lum o‘tgan davri uchun epidemiologik tahlil va ayrim yuqumli kasalliklar epidemiologik xususiyatlari inobatga olinib, ma’lum sharoitda epidemiologik jarayonni kechish darajasi oldindan aniqlanadi. Epidemiologik vaziyatni bashorat qilish asosida tibbiy bo‘limi boshliqlari maxsus kontingent orasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadilar.
V-bob. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish
Yuqumli kasallik bilan og‘rigan bemorlar aniqlanganda o‘tkaziladigan epidemiyaga qarshi tadbirlar majmui
94. Muassasada yuqumli kasalliklar aniqlanganda tibbiy bo‘lim boshlig‘i quyidagilarni o‘z ichiga olgan epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilishini tashkillashtiradi:
a) bemorlarni aniqlash, boshqalardan ajratish, statsionarga joylashtirish, yuqumli kasalliklar shifokori ko‘rigini tashkil qilish va davolashni;
b) joriy va yakunlovchi dezinfeksiyalar o‘tkazishni;
v) epidemiologik tekshiruv o‘tkazilishini;
g) tibbiy nazorat olib borilishi, observatsiya yoki karantin e’lon qilinishi;
d) sanitariya-gigiyena tadbirlari o‘tkazilishi ustidan nazorat qilishni;
e) emlash ishlari o‘tkazilishi.
95. Tibbiy xodimlar tomonidan ambulatoriya qabuli o‘tkazilishi, biriktirilgan kontingentni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, shuningdek muassasa ma’muriyati bilan birga yotoqxonalar va kameralarni aylanish davomida yuqumli kasalliklarga chalinganlar o‘z vaqtida aniqlanadi.
96. Aniqlangan bemorlar va yuqumli kasalliklarga shubha qilinganlar zudlik bilan tibbiy bo‘lim qoshida oldindan jihozlangan izolyatorga joylashtiriladi. Epidemiologik holat o‘zgarganda (yuqumli kasallikka chalingan bemorlar soni ko‘payib ketsa) izolyator kengaytiriladi va qayta jihozlanadi (kamera, yotoqxona, muassasa maktabi binosi izolyator sifatida jihozlanishi mumkin). Tibbiy izolyatorda shifokor bemordan epidemiologik anamnez yig‘adi, uni tekshiradi, tashxis qo‘yib unga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlar va unga shubha qilinganlar, ular kasalxonaga jo‘natilguniga qadar yoki tibbiy kuzatuv olib borish uchun, yuqumli kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida tibbiy izolyatorga vaqtincha joylashtiriladi. Ular tibbiy izolyatorda bo‘lgan vaqtda epidemiyaga qarshi rejim saqlanadi.
97. Epidemiyaga qarshi rejim deganda, tibbiy izolyator ishining shunday tartibi tushuniladiki, bu tartib tibbiy xodimlarni to‘liq xavfsizligini ta’minlaydi, izolyator ichida kasallik yuqishi hamda bemorlar va ularga xizmat qiluvchi xodimlar tomonidan kasallikni atrofga yoyilishi imkoniyatini bartaraf qiladi. Epidemiyaga qarshi rejim har bir infeksiyaning alohida epidemiologik xususiyatlariga ko‘ra (uning yuqish yo‘llari inobatga olingan holda) aniqlanadi.
Epidemiyaga qarshi rejimni umumiy talablari quyidagilar hisoblanadi:
a) har xil yuqish yo‘liga ega bo‘lgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni alohida joylashtirish;
b) tibbiy izolyatorni ovqatlanish va suv ta’minoti obyektlaridan uzoqda joylashtirish;
v) tibbiy izolyatorda choyshablar, ko‘rpa-to‘shaklar, idishlar, bemorlarga qarash uchun lozim bo‘lgan narsalar, bemorlar ich kiyimlari va idishlarini dezinfeksiyalash uchun sig‘imlar, bemor ajratmalarini zararsizlantirish uchun qopqoqli idishlar, hamda dezinfeksiya va dezinseksiya vositalari bilan ta’minlanishi lozim;
g) tibbiy izolyatorga joylashtirilayotgan bemorlarni cho‘milishi va epidemiologik ko‘rsatmaga ko‘ra ularga sanitariya ishlovi o‘tkazilishi;
d) dezinfeksiya tartibiga rioya qilish.
98. Yuqumli kasalliklar bilan kasallangan bemorlar jazoni ijro etish muassasasi kasalxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yoki alohida hollarda sog‘liqni saqlash idoralarining yuqumli kasalliklar kasalxonasiga (bo‘limiga) yotqiziladi. Bunday bemorlarni sog‘lom shaxslar va yuqumli bo‘lmagan kasallar bilan birga (transport turidan qat’i nazar) tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Oziq-ovqat tashish transportlarida kasallarni olib yurish qat’iy taqiqlanadi. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni oxirgi joyigacha kuzatib borish uchun tibbiy xodim ajratiladi va tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerakli dori-darmonlar, idishlar (bemor ajratmalarini zararsizlantirish uchun chelak va boshqalar) va dezvositalar beriladi. Yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni tashigan avtoulov, bemorni qabul qilgan kasalxona tomonidan evakuatsiyadan keyingi 2 soat ichida yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
99. Yuqumli kasallik paydo bo‘lgan vaqtda epidemiyaga qarshi tadbirlar epidemik o‘choq doirasida o‘tkaziladi. Ushbu kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan hudud (kamera, otryad, brigada, muassasa) epidemik o‘choq chegarasi deb belgilanadi. Epidemik o‘choqning ta’sir etish vaqti, kasallik manbai tugatilgan va yakunlovchi dezinfeksiya o‘tkazilgan vaqtdan so‘ng kasallikni yashirin davrining maksimal muddati bilan aniqlanadi.
100. Epidemiyaga qarshi o‘tkaziladigan tadbirlarni aniqlash uchun tibbiy bo‘lim boshlig‘i epidemiologik tekshirish o‘tkazadi. Tekshirish davomida taxmin qilingan kasallik manbai, kasallik qo‘zg‘atuvchisini ma’lum sharoitlarda mumkin bo‘lgan tarqalish yo‘li va omillari, kasallanishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi aniqlanadi. Yuqumli kasallik ayrim holatlarda (shaxslarda) uchraganda, epidemiologik tekshiruv davomida tibbiy bo‘lim boshlig‘i quyidagilarni amalga oshiradi:
a) bemordan kasallanish sababini surishtirib, uni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi;
b) epidemiologik o‘choqda bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni sog‘lig‘i ahvoli bilan qiziqib, ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi;
v) tashqi muhitni tekshiradi, bunda laboratoriya usulidan ham foydalaniladi.
Kasallik manbai va uni yuqish yo‘llarini aniqlash maqsadida, ma’lum bir infeksiyani epidemiologik xususiyatlarini inobatga olib hamda laboratoriya usullaridan foydalanish orqali so‘rab-surishtirish va tibbiy tekshirish ishlari olib boriladi. Epidemiologiya tekshiruvi natijalari kasallik o‘chog‘ida o‘tkaziladigan tadbirlarni muvofiqlashtirishda foydalaniladi.
Kasallik bir guruh shaxslarda qayd etilgan (epidemik avj olgan) hollarda tibbiy bo‘lim boshlig‘i yuqoridagi tadbirlardan tashqari otryad, brigada va kameralar bo‘ylab kasallik tarqalishini, kasallikni tarqalish vaqtini, kasallanganlarning yashash sharoitlarini tahlil qiladi. Bundan maqsad har bir bemor uchun kasallik manbai va yuqish yo‘lini hamda infeksiyani tarqalish sababini aniqlashdan iborat.
101. Har bir yuqumli kasallik bilan kasallanish haqida tibbiy bo‘lim boshlig‘i muassasa boshlig‘iga va shu bilan birgalikda yuqori turuvchi tibbiy xizmat boshliqlariga xabar qiladi. Tashxis aniq bo‘lgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida IIV, IIBB, IIB sanitariya-epidemiologiya xizmatiga (SEX) qayd etilgan yuqumli kasallik, ovqatdan zaharlanish, organizmni emlashga qarshi odatdan tashqari reaksiyasi haqida tezkor xabarnoma yuboriladi. Tezkor xabarnomani o‘z vaqtida yuborilishiga muassasa tibbiy bo‘limi boshlig‘i javobgardir. Epidemiologik tekshiruv vaqtida yuqumli kasallik o‘chog‘ini epidemiologik tekshirishni belgilangan shakldagi kartasi tuziladi va keyinchalik uni IIV, IIBB, IIB SEXlariga yuboriladi.
102. Epidemik o‘choqda, infeksiyani o‘ziga xosligi va maxsus kontingentni joylashish xususiyatiga bog‘liq bo‘lgan epidemiyaga qarshi cheklash-tartibot tadbirlari o‘tkaziladi. Epidemiyaga qarshi cheklash-tartibot tadbirlari 3 toifaga bo‘linadi:
a) kuchaytirilgan tibbiy nazorat;
b) observatsiya;
v) karantin.
103. Kuchaytirilgan tibbiy nazorat yuqumli kasallik bilan og‘riganlarni faol ravishda aniqlash va ularni boshqalardan ajratish hamda kasalxonaga yuborishdan iborat. Yuqumli kasallik bilan og‘rigan bemorlarni faol aniqlash maxsus kontingent sog‘lig‘i ahvolini surishtirish, ularni tibbiy tekshirish, tana haroratini o‘lchash va laboratoriya usuli bilan tekshirish orqali amalga oshiriladi. Kuchaytirilgan tibbiy nazorat muassasa tibbiyot bo‘limi boshlig‘i ko‘rsatmasi bilan amalga oshiriladi.
104. Observatsiya — yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olishga qaratilgan tadbirlar tizimidir. Observatsiyani tibbiy bo‘lim boshlig‘i taqdimi asosida, muassasa boshlig‘ining buyrug‘i bilan kuchga kiritiladi.
Observatsiyada quyidagilar ko‘zda tutiladi:
a) kuchaytirilgan tibbiy nazorat;
b) muassasaga maxsus kontingentning kelishini cheklash;
v) observatsiya e’lon qilingan muassasaga maxsus kontingent kelgan hollarda (ularni bu muassasaga kelishi observatsiya e’lon qilinmasdan oldin hal qilingan bo‘lsa) ular boshqalardan alohida joylashtiriladi. Maxsus kontingentni muassasadan ketish masalasi har bir holat bo‘yicha alohida hal etiladi;
g) qarindoshlar bilan uchrashuv cheklanadi yoki to‘xtatiladi;
d) maxsus davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari o‘tkaziladi.
105. Karantin — bu epidemiya o‘chog‘ini to‘liq o‘rab olish va u yerdagi yuqumli kasallikni bartaraf etishga qaratilgan cheklash va epidemiyaga qarshi tadbirlar tizimidan iborat. Karantin vaqtida quyidagi tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutiladi:
a) maxsus kontingent to‘liq ajratiladi, muassasaga kelish va undan ketish, muassasa ichida maxsus kontingentni ko‘chib yurishi taqiqlanadi;
b) kuchaytirilgan tibbiy nazorat o‘rnatiladi;
v) maxsus davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga oshiriladi.
Bu holatda muassasaning moddiy-texnik ta’minoti muassasadan tashqarida alohida tashkil qilingan yuklarni qabul qilish va o‘tkazish maydoni orqali amalga oshiriladi. Muassasa ichida maxsus kontingent otryadlar bo‘yicha maksimal ravishda bir-biridan alohida joylashtiriladi va ularga ovqatlar ovqatlarni olish shoxobchalari orqali beriladi. Karantin talablari bajarilishi uchun muassasada kuchaytirilgan xizmat tartibi tashkillashtiriladi. Epidemiologik vaziyat bo‘yicha mahkumlarga uchrashuvlar berish vaqtinchalik to‘xtatiladi va bu haqda muassasa ma’muriyati jazoni ijro etish joylarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokurorga xabar beradi. Muassasada karantin Tibbiyot boshqarmasi, bo‘limi, xizmati tomonidan kiritilgan taqdimnomaga ko‘ra IIV, JIIBB, IIB rahbariyati qarori asosida o‘rnatiladi.
Ayrim yuqumli kasalliklarda epidemiyaga qarshi tadbirlar
106. Ichak infeksiyalari kelib chiqishini oldini olish bo‘yicha tadbirlar mukammal, har tomonlama va doimiy ravishda olib borilganda samarali hisoblanadi.
Asosiy sanitariya profilaktik chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
a) maxsus kontingentning yashash sharoiti, suv va ovqat ta’minotini laboratoriya usulidan foydalanilgan holda tibbiy nazorat qilishni ta’minlash;
b) mehnat faoliyati tufayli maxsus ro‘yxatda bo‘lgan (oshxona, hammom, kir yuvish, oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan va boshqa ko‘pchilikka xizmat qiladigan ishlarda ishlaydigan) shaxslarni laborator tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish;
v) profilaktik dezinfeksiya va dezinseksiyani amalga oshirish (binolar, kanalizatsiyalangan va kanalizatsiyalanmagan hojatxonalar, oqava suvlar, axlat va chiqindi to‘playdigan joylar, ichimlik hamda xo‘jalik faoliyati uchun ishlatiladigan suvlar, suv saqlanadigan va tashiydigan sig‘imlar, oshxona jihozlari va idish-tovoqlar hamda pashshalarga qarshi kurash);
g) maxsus kontingentni shaxsiy gigiyenaning asosiy qoidalariga rioya qilish hamda bajarilishi ustidan tibbiy nazorat olib borish;
d) dizenteriya(ichburug‘) va o‘tkir yuqumli ichak kasalligi (O‘YuIK) bilan oxirgi 6 oy mobaynida og‘riganlarni, hamda qachon kasallanganidan qat’i nazar, ichterlama va paratif bilan og‘rigan shaxslarni aniqlash, hisobga olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va dispanser kuzatuviga olish;
e) ichburug‘ va O‘YuIK bilan og‘riganlarni barvaqt aniqlash, boshqalardan ajratish va kasalxonaga yotqizish;
j) bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni bakteriologik tekshirish usulini qo‘llagan holda tibbiy nazorat qilish va ularga fagoprofilaktika o‘tkazish;
z) profilaktik emlash ishlarini tashkillashtirish va o‘tkazish;
i) maxsus kontingent orasida sanitariya-oqartuv ishlarini o‘tkazilishini tashkillashtirish.
107. Ovqatlanish va suv ta’minoti obyektlarida doimiy ishlovchi maxsus kontingentlar oshpazlar, non taqsimlovchilar, ombor ishchilari, oshxonaning doimiy ishchilari, oziq-ovqat mahsulotlari va suv tashuvchi avtoulov haydovchilari, chilangarlar va suv ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xodimlar (bundan keyin maxsus ro‘yxatdagilar deb yuritiladi) doimiy tibbiy nazoratda bo‘ladilar. Ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi IIV Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan muassasalar joylashgan hududdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda belgilanadi.
Maxsus ro‘yxatdagilarni tibbiy tekshirishdan o‘z muddatida o‘tishiga tegishli xizmatlarning boshliqlari javobgardir.
108. Oshxonada ishlash uchun tayinlangan maxsus kontingent ishga tushishdan oldin, tibbiy xodimlar tomonidan ko‘rikdan o‘tadi. Uning natijalari oshxona ishchilarini teri va teri osti yiringli kasalliklariga tibbiy tekshirish o‘tkazishni hisobga olish daftariga yozib qo‘yiladi (047–3–U–I shakl). O‘YuIK bilan kasallanib dispanser kuzatuvida bo‘lgan yoki ichburug‘ning surunkali shakli bilan og‘rib yurgan shaxslar oshxonada ishlash uchun tayinlanmaydilar.
109. Ovqatlanish va suv ta’minoti inshootlarida doimiy ishlovchi shaxslar o‘tkir ichburug‘, qorin tifi, A yoki B turdagi paratif, virusli gepatitning A turi hamda ichburug‘ va ichterlamaning surunkali shakllari bilan og‘riganlar, bakteriya tashuvchilik bo‘yicha sanatsiya qilinganlar avvalgi ish joylariga qaytib ishga qo‘yilmaydilar. Ular muassasa ma’muriyati tomonidan, ovqatlanish va suv bilan ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga o‘tkaziladi.
110. Tana harorati yuqori va tashxisi noaniq bo‘lgan, qorin tifi (gripp, pnevmoniya, o‘tkir bronxit) tashxisi istisno qilinmagan, tana harorati 5 kundan ortiq yuqori bo‘lib turgan bemorlar bakteriologik tekshiruvdan o‘tkiziladilar. Buning uchun qon gemokulturaga, najas kaprokulturaga tekshiriladi va serologik tashxis usullari (vidal, gemagglyutinatsiya va tsistiyenli gemagglyutinatsiya reaksiyalari)bajariladi.
111. O‘YuIK bilan og‘riganlar hisobga olinib dispanser kuzatuvida bo‘ladi. Ushbu kasallik bilan og‘rib o‘tganlar dispanser kuzatuvida bo‘lgan davrida ularning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi hamda klinik va laborator tekshirish natijalari tibbiy ambulator daftariga yoziladi. Dispanser kuzatuvi davrida laborator tekshirishlar uchun ashyo olish va uni laboratoriyaga yetkazgan muassasaning tibbiy xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
112. Tergov hibsxonalaridan jazo muddatini o‘tash uchun boshqa respublika, viloyatlardagi muassasaga yuborish oldidan, maxsus kontingent bir martalik bakteriologik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim. Boshqa holatlarda bakteriologik tekshiruv epidemiologik vaziyatga ko‘ra IIV, IIBB, IIB sanitariya-epidemiologiya xizmati qaroriga ko‘ra o‘tkaziladi. Bakteriologik tekshiruvlar natijasi bo‘yicha bakteriya tashuvchiligi tasdiqlangan shaxslar jo‘natishdan olib qolinadi, ularga nisbatan mukammal davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkaziladi.
113. Epidemiyaga qarshi tadbirlar epidemiologik o‘choqni yo‘qotishga yo‘naltirilgan va ayrim yoki bir guruh shaxslarda qayd etilgan O‘YuIKni epidemiologik tekshirish natijalari asosida o‘tkaziladi.
114. Yakka tartibda o‘tkir yuqumli ichak kasalligi (O‘YuIK) sodir bo‘lganda epidemiologik tekshiruv muassasa tibbiy bo‘limi shifokori (boshlig‘i) tomonidan o‘tkaziladi va quyidagi maqsadni ko‘zlaydi:
a) bemor kasallangan joyni aniqlashni;
b) kasallik qo‘zg‘atuvchisi qaysi yo‘l bilan yuqqanligini aniqlash (ovqat — qanday, qayerda va qachon iste’mol qilingan, ichimlik suvi — qayerdan, qaysi manbadan va qachon iste’mol qilingan);
v) kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan guruhni aniqlash.
Ushbu vazifani bajarish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
a) bemor bilan suhbatlashish va uni tekshirish;
b) kasallik o‘chog‘ida bemor bilan muloqotda bo‘lganlar bilan suhbatlashish va ularni tekshirish;
v) muassasa doirasidagi tashqi muhit obyektlarini ko‘rib chiqish va tekshirish.
Bemor bilan suhbatlashish davomida epidemiologik anamnez yig‘iladi va quyidagilar aniqlanadi:
a) kasallik boshlangan vaqt;
b) bemor ilgari ichak kasalligi bilan og‘rigan yoki og‘rimaganligi (qachon, qayerda davolangan);
v) qanday ovqatlanishi va qanday suvni iste’mol qilishi;
g) kasal bo‘lgunga qadar bemor kasallikning yashirin davrida qayerda bo‘lganligi (kasallik qayerda yuqqan bo‘lishi mumkinligini topish uchun);
d) ushbu kasallikning muhim klinik tomonlari.
Ushbu bemor bilan birga kasallangan yoki kasallik undan yuqqan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar aniqlanadi. Kasallanish muassasa ichida yuz bergan bo‘lsa oziq-ovqat ta’minoti bilan mashg‘ul bo‘lgan va kasal bo‘lib o‘tgan shaxslar bakteriologik tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Bemor va boshqa shaxslardan olingan ma’lumotlardan foydalanib, bemor kasallanishiga sabab bo‘lgan sharoitni aniqlash maqsadida, atrof muhit elementlari (ovqatlanish, suv obyektlari, hojatxonalar, bemor bo‘lgan joylar, atrofdagi hudud va boshqa joylar) tekshiriladi.
115. Kasallik bir guruh shaxslarda qayd etilganida (epidemik avj olish davrida) epidemiologik tekshirishni qoidaga ko‘ra shifokor-epidemiolog tibbiy bo‘lim boshlig‘i bilan birgalikda o‘tkazadi. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i shifokor-epidemiolog kelgunga qadar mustaqil ravishda epidemiologik tekshirishni boshlashi va uning asosida lozim bo‘lgan epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazishi shart.
Epidemiologik tekshirishning asosiy maqsadi, avj olgan yuqumli kasallikning turi va o‘ziga xos xususiyatlarini, hamda uning rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlashdan iborat.
Guruhli kasallanishda epidemiologik tekshirishning asosiy usullaridan biri bo‘lib, kasallikning avj olish davrida va uning boshlanish davrida O‘YuIK bilan kasallanish darajasi va tuzilishini maxsus kontingentning ish sharoiti, ovqatlanish va suv bilan ta’minlanish xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘rganishdan iborat. Avj olish sabablarini aniqlash maqsadida kasallik o‘chog‘ining ayrim obyektlarida sanitariya holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘planadi (ovqatlanish va suv ta’minoti obyektlari, hududni tozaligi va boshqalar). Otryadlar bo‘yicha kasallanish xususiyati, kasallanganlarning mehnat qilish hamda yashash sharoitlari va kasallikning rivojlanishiga imkon yaratuvchi boshqa omillar bilan taqqoslanadi. Bir vaqtning o‘zida suv, gumon qilingan oziq-ovqatlar, oshxonadagi jihozlardan laboratoriyada tekshirish uchun surtma olinadi, shuningdek, ovqatlanish xizmati xodimlari va kasallanib o‘tganlar bakteriologik usul bilan tekshiriladi.
116. Epidemiologik tekshirishning so‘nggi bosqichi barcha to‘plangan ma’lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilishdan iborat. Kasallik manbai, yuqish yo‘llari va UYuIK paydo bo‘lishi haqidagi ma’lumotlarni tanqidiy baholash asosida yakuniy xulosalar beriladi. Bu xulosalar maqsadli va tez natija beruvchi epidemiyaga qarshi tadbirlarni hajmi va xususiyatini aniqlash uchun foydalaniladi.
117. Muassasada biron bir yuqumli ichak kasalligi bilan kasallangan bemor aniqlanganda, darhol epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga oshiriladi.
Tibbiy bo‘lim boshlig‘i quyidagilarni amalga oshirishi shart:
a) biron bir yuqumli ichak kasalligi bilan og‘rigan bemorni zudlik bilan boshqalardan ajratish va kasalxonaga yotqizishni tashkil etish;
b) muassasa boshlig‘iga va yuqori turuvchi tibbiy boshliqqa xabar berish va shu bilan birgalikda yuqumli kasallik chiqqanligi, ish faoliyatida zaharlanish yoki ovqatdan zaharlanish, hamda emlash ta’sirida noqulay reaksiya bo‘lganligi haqida SEXga shoshilinch xabarnoma yuborish;
v) kasallik o‘chog‘ida yakuniy dezinfeksiyani o‘tkazishni tashkillashtirish;
g) epidemik o‘choqda bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni ichburug‘ kasalligi bo‘yicha 7 kun, ich terlama kasalligiga 21 kun, A turdagi virusli gepatit bo‘yicha 35 kun davomida laboratoriya tekshiruvidan foydalanib tibbiy nazoratni yo‘lga qo‘yish va bu vaqt mobaynida ularni oshxonaga ishga qo‘yishni taqiqlash;
d) yolg‘ondan kasal qilib ko‘rsatish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ish olib borish;
e) ovqatlanish va suv bilan ta’minlash hamda hududni tozalash bo‘yicha nazoratni kuchaytirish.
118. O‘tkir yuqumli ichak kasalligi epidemik avj olganda yuqorida qayd etilganlardan tashqari quyidagi qo‘shimcha tadbirlar o‘tkaziladi:
Epidemik avjga oziq-ovqat sabab bo‘lganda:
a) gumon qilingan masalliqlar, tayyor ovqat yoki uning qoldig‘idan foydalanish bekor qilinadi va ular namunasi sanitariya-epidemiologiya muassasalariga ekspertizaga yuboriladi;
b) oziq-ovqatlarda kasallik qo‘zg‘atuvchilari ko‘payishi sabablari aniqlanadi va bartaraf qilinadi;
v) oziq-ovqat obyektlari va oshxona, tozalovchi va dezinfeksion vositalar qo‘llangan holda to‘liq tozalanadi, idish-tovoqlar va oshxona jihozlari suvda qaynatilib yuviladi;
g) oziq-ovqat bilan ishlovchi xodimlar va oshxonaga vaqtinchalik ishga yuborilganlarni shaxsiy gigiyenaga rioya qilishlari ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Epidemik avjga suv sabab bo‘lganda:
a) suv tizimi yoki uning ayrim tarmoqlari ifloslanishi sabablarini aniqlash hamda bartaraf etish;
b) suv tarmog‘i, suv saqlanadigan sig‘imlar va suv manbaini dezinfeksiyalash;
v) zudlik bilan maxsus kontingentni sifatli suv bilan ta’minlash.
Ichburug‘ kasalligi bilan og‘rigan so‘nggi bemor kasalxonaga yotqizilganidan va kasallik o‘chog‘ida yakuniy dezinfeksiya o‘tkazilganidan 7 kundan (A turdagi virusli gepatit — 35 kun, qorin tifi — 21 kun) keyin biror bemor yoki kasallik qo‘zg‘atuvchisini tashib yuruvchilar aniqlanmasa, kasallikning o‘chog‘i bartaraf etilgan hisoblanadi.
119. Epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilganda, infeksiyaning quyidagi epidemiologik xususiyatlari hisobga olinadi.
Ichburug‘da o‘tkir bakterial ichburug‘ kasalligi yashirin ravishda o‘tishi sababli muassasadagi maxsus kontingent orasida qayd etilgan har bir kolit, enterokolit, enterit kasalliklarida ichburug‘ kasalligidagi kabi to‘liq epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkaziladi.
Qorin tifi va paratiflarda tif va paratif kasalligi qayd etilganda, epidemiologik tahlilni yengillashtirish uchun ushbu kasallik bakteriyalarini tashuvchi shaxs kasallik o‘chog‘i manbai deb gumon qilinib, har bir surunkali tif-paratif kasalligi tashuvchilari chiqarayotgan bakteriyalar fagotiplari aniqlanadi va bu haqda ular ambulator tibbiy daftariga yozib qo‘yiladi.
Bakteriya tashuvchi boshqa muassasaga ketganda yoki ozod etilganda bu haqda IIV, IIBB, IIB SEXlariga xabar beriladi.
Vabo kasalligi qayd etilganda quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:
a) O‘YuIK kasallanishni doimiy epidemiologik tahlili;
b) oshqozon-ichak traktida disfunksiya bo‘lgan, turar joyi aniq bo‘lmagan (shundaylar muassasaga kelgan bo‘lsa), O‘YuIK bilan og‘rigan va maxsus ro‘yxatdagi shaxslar vaboga bakteriologik usul bilan tekshiriladi;
v) muassasada O‘YuIKdan o‘lgan barcha bemorlar murdasi yorilib vaboga bakteriologik tekshiriladi, shuningdek seksiyada vabo uchun xususiyatli o‘zgarishlar aniqlangan barcha hollarda yoki o‘limi sabablari aniqlanmaganlar ham murdalari yorilib bakteriologik tekshiriladi.
O‘ta xavfli yuqumli kasalliklardan o‘lganlarni ko‘mish yoki tashish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus qoidalari bilan belgilanadi.
A turdagi virusli gepatit kasalligida, kasallikning prodromal davrida bo‘lgan bemorlar epidemiologik jihatdan xavfli hisoblanadi. Ko‘pchilik bemorlarda kasallik qo‘zg‘atuvchisini ajralib chiqishi sariqlik paydo bo‘lgandan keyin to‘xtaydi. Bemorlar sariqlik boshlangandan boshlab 3 hafta yoki kasallik boshlangandan boshlab 28 kunga alohidalanadi, virusli gepatit A kasalligi bilan og‘rigan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan hamda oziq-ovqat obyektlarida va ularga tenglashtirilgan obyektlarda ishlovchi xodimlar 35 kun davomida tibbiy nazoratga olinadi va haftada kamida bir marta shifokor ko‘rigida bo‘ladi (harorati o‘lchanadi, peshobi va terining rangi nazorat qilinadi, jigar va taloqlar haftada bir marta tekshirib turiladi).
Bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni laboratoriyada tekshirish shifokor-terapevt tomonidan, quyidagi ko‘rsatmalar bo‘lganda belgilanadi (o‘tkir respirator kasalliklarning soni ortganda, jigarning kattalashuvida, sababsiz harorat ko‘tarilishi va boshqalarda). Muassasada oxirgi bemor alohidalangan kundan boshlab 2 oy mobaynida rejali profilaktik emlash, tashxisiy sinamalar, stomatologik tekshirishlar o‘tkazilmaydi.
120. Havo-tomchi yo‘li orqali yuquvchi kasalliklarni oldini olishning asosiy chora-tadbirlari:
a) yotoqxona, kamera, ovqatlanish shoxobchasi, klub va boshqa xonalarni gigiyenik holatini saqlash (xonani harorat tartibiga rioya qilish, shamollatish, tozalash va boshqalar);
b) har qanday respirator kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni o‘z vaqtida faol aniqlab alohidalash;
v) profilaktik emlash.
Kasallanishlar ko‘payganda cheklash tartibot tadbirlari o‘tkaziladi.
121. Grippdan himoyalanish quyidagilarni hisobga olgan holda o‘tkaziladi:
a) rejali profilaktik emlash maxsus kontingentning shakllanish va joylashtirilishini, foydalaniladigan emlash vaksinasini turiga hamda ushbu joydagi aholi orasida o‘tkaziladigan grippga qarshi chora-tadbirlarni xususiyatiga bog‘liq ravishda olib boriladi;
b) immun himoya infeksiya manbaiga (kasallikni faol aniqlash, bemorni alohidalash va barvaqt etiotrop davolash), kasallikni yuqish yo‘lini uzib qo‘yishga (umumiy sanitariya-gigiyena va tartibot-cheklash tadbirlari), organizmni nomaxsus qarshilik darajasini ko‘tarishga (vitominoteropiya, ultrabinafsha nurlar, chiniqtirish, badan tarbiya va boshqalar) qaratilgan chora-tadbirlar boshqa tadbirlar majmui bilan birga o‘tkaziladi;
v) grippga qarshi o‘tkaziladigan tadbirlar samaradorligining bir sharti, bu muassasadagi 80% maxsus kontingentni qamrab olgan holda o‘tkaziladigan epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish hisoblanadi;
g) grippga qarshi emlashni yetarli darajada ta’minlanishini tashkillashtirish uchun emlash ishlari nazorat-tekshiruv xonalarida o‘tkaziladi;
d) maxsus kontingent davolanadigan kasalxona joylashgan hududdagi aholi orasida gripp epidemiyasi vaqtida, tana harorati ko‘tarilgan bemorlar uchun (grippning klinik belgilari bo‘lmasa ham) kasalxonada alohida xonalar ajratilib, holsizlangan kasallar (ayniqsa gripp bilan og‘rigan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar)ga va gripp epidemiyasi vaqtida kasalxonaga qabul qilingan bemorlarga (og‘ir kasallarga) grippga qarshi vositalar yordamida shoshilinch profilaktika o‘tkaziladi, qolgan barcha bemorlarga oksalin malhami va remantadin (jadval bo‘yicha) keng qo‘llaniladi;
e) gripp kasalligi sil kasalligini avj olishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun sil kasallari bilan kasallanganlar ham rejali, ham shoshilinch grippdan himoyalanadi;
j) sil kasalligi bilan kasallanganlarni grippga qarshi rejali emlashda faqatgina faolligi susaytirilgan vaksinalardan foydalaniladi, bunda ularni yo‘riqnomalarida qayd etilgan organizmga zararli ta’sirlari hisobga olinadi;
z) voyaga yetmaganlardan sil kasalligi bilan kasallanganlar grippga qarshi emlashga jalb etilmaydi. Ularni tezkor himoya qilishda oksalinli malham, leykotsitar interferon hamda maxsus grippga qarshi gamma globulinlardan foydalaniladi.
122. Difteriya kasalligida shu kasallikka chalingan bemor yoki bakteriya tashuvchi sog‘lom shaxslar infeksiya manbai bo‘lib hisoblanib, difteriya tayoqchasini toksigen shtammini ajratuvchi kasallar xavfli sanaladi. Shuning uchun difteriya o‘chog‘ida kasal bilan muloqotda bo‘lganlar 7 kun davomida tibbiy nazoratda bo‘ladilar va ular bir marta bakteriologik tekshirishdan o‘tkaziladi hamda emlanadi (agarda ular emlanmagan bo‘lsalar). Agarda ularda kasallik qo‘zg‘atuvchisi aniqlansa, ular boshqalardan ajratiladi va kasalxonaga yotqiziladi, hamda muloqotda bo‘lganlarda karenobakteriya toksini ajralishi to‘xtagunga qadar tibbiy nazorat davom ettiriladi.
Difteriyani erta aniqlash maqsadida angina hamda bodomsimon bezlarida patologik yuza hosil bo‘lgan (paratonzilyar absess bilan og‘riganlar ham) bemorlar, ularda kasallik boshlanganidan 3 kun ichida faol tibbiy nazoratga olinadilar. Tibbiy xizmatga ilk bor murojaat qilganda difteriyaga bir martalik bakteriologik tekshiriladi.
Muassasa joylashgan hududdagi aholi orasida difteriya kasalligi aniqlanishi, anginaning og‘ir shakli bilan og‘rigan bemorlarni kasalxonaga yotqizishga asos hisoblanadi.
Rekonvalessentlar va toksigen korinebakteriya tashuvchilarni birlamchi bakteriologik tekshiruv natijalari manfiy bo‘lgandagina sog‘lomlar orasiga joylashishiga ruxsat beriladi.
123. Meningokok infeksiyasida bemor yoki “sog‘lom” bakteriya tashuvchi kasallik manbai bo‘lib hisoblanadi. Eng ko‘p kasallanish qish va bahor oylarida qayd etiladi. Xonalardagi namlikning yuqoriligi va sanitariya-gigiyena qoidalarining buzilishi kasallik avj olishiga sabab bo‘ladi.
Meningit bilan og‘rigan bemor darhol alohidalanib, so‘ng kasalxonaga yotqiziladi.
Rekonvaletsentlar davolangandan keyin 5 kun o‘tgach bir martalik bakteriologik tekshiruv manfiy bo‘lgandagina kameraga (otryadga) qaytishiga ruxsat etiladi.
Bemor bilan muloqotda bo‘lganlar emlanadi va 10 kun davomida tibbiy kuzatuvda bo‘ladilar (burun-halqum, teri qoplamlari ko‘zdan kechiriladi, sutkada 2 marotaba harorati o‘lchanadi) va bir marotabalik bakteriologik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Burun va halqumda o‘tkir va surunkali shamollashi, terisida noma’lum etiologiyali toshmalari bo‘lgan shaxslarga katta e’tibor berilishi kerak.
Burun-tomoq va halqumda patologik o‘zgarishlar bor shaxslar muassasaning tibbiyot bo‘limi statsionariga alohidalanadi va davolanadi. Terisida noma’lum toshmalar bor shaxslar meningokoksemiyaga shubha qilinib kasalxonaga yotqiziladi.
Bakteriya tashuvchilar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar bakteriologik tekshirilmaydilar.
Sanatsiya o‘tkazilib 3 kun o‘tgandan so‘ng 1-marta bakteriologik tekshiriladi.
Bakteriya tashuvchilar sanatsiya qilingandan keyin 1-marta bakteriologik tekshiruv manfiy bo‘lgandan so‘ng, sog‘lom odamlar orasida yurishi mumkin.
Bakteriya tashuvchilik uzoq davom etganda (1 oydan ortiq) va burun-halqumda shamollash alomatlari kuzatilmagan bakteriya tashuvchilar boshqa sog‘lom kishilar bilan birga bo‘lishi mumkin.
Kasallik o‘chog‘ida yakuniy dezinfeksiya o‘tkazilmaydi. Meningokok bilan og‘rigan bemorni tashigan avtoulov dezinfeksiya qilinmaydi.
Xonada kundalik namli tozalash va tez-tez shamollatish, ultrabinafsha va bakteriotsid lampalar bilan nurlash ishlari olib boriladi.
124. Toshmali terlamani Provachek — rikketsiyalari chaqiradi, bitlar orqali yuqadi. Toshmali terlamaning 2 xili mavjud — epidemik hamda retsidiv (Brill kasalligi).
Tibbiy yordamga murojaat qilgan va toshmali terlama o‘chog‘ida faol aniqlangan, tana harorati yuqori bo‘lganlarning doimo harorati o‘lchanib tibbiy kuzatuvda bo‘ladi. Barcha harorati yuqori bo‘lgan, toshmali terlama belgilari namoyon bo‘lgan bemorlar kasalxonaga yotqiziladi, 5 kun ichida tashxisi aniq qo‘yilmagan bemorlar provizor (kuzatuv uchun) kasalxonaga yotqiziladi.
Isitmalovchi bemorlarda toshmali terlama kasalligi inkor qilinmasa (gripp, pnevmoniya, ensefalit va boshqalar), isitma 5 kundan ortiq davom etsa 6 chi kundan boshlab 3—5 kun oraliq bilan 2-marta serologik tekshiriladi.
Toshmali terlama kasalligi bilan og‘rigan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar tibbiy kuzatuvda bo‘ladi va tekshiriladi:
a) faqat kasallikning yashirin davridagi bemor bilan muloqotda bo‘lgan (yashirin davrining oxirgi kuni qo‘shilmaydi) shaxslar surishtiriladi, ko‘rsatmalar asosida komplementni bog‘lash va gemagglyutinatsiya reaksiyalari yordamida ular oxirgi uch oyda toshmali tif bilan og‘rigan yoki og‘rimaganligi aniqlanadi.
b) yashirin davrni oxirgi kunlari va kasalxonaga joylashtirilgunga qadar, bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar 25 kun davomida kuzatiladi, isitmasi o‘lchanadi, kuzatuv sanitariya ishlovi o‘tkazilgan kundan hisoblanadi;
v) yashirin davrda hamda kasallik davrida bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga nisbatan yuqoridagi qayd etilgan kompleks chora-tadbirlarni barchasi o‘tkaziladi.
Bemor bilan muloqotda bo‘lganlardan isitmalovchilar bo‘lsa, zudlik bilan aniq tashxis qo‘yish uchun tibbiy bo‘lim statsionariga yotqiziladi. Infeksiya manbaini aniqlash maqsadida muloqotda bo‘lganlarni laboratoriya (komplementni bog‘lash va gemagglyutinatsiya reaksiyalari yordamida) tekshiruvidan o‘tkaziladi. Pedikulez aniqlanmaganda ushbu tekshiruvni o‘tkazishga quyidagilar asos hisoblanadi: kasallik o‘chog‘i aniqlanmaguncha oxirgi 3 oy davomida isitmalovchi kasallar (ularning tashxisidan va isitmaning davomiyligidan qat’iy nazar), pedikulez aniqlanganda toshmali terlama kasallari bilan muloqotda bo‘lgan barcha shaxslar tekshiriladi.
Bemor bilan muloqotda bo‘lgan barcha shaxslar sanitariya ishlovi o‘tkazilgunga qadar pedikulezga tekshiriladi.
Bemor kasalxonaga yotqizilganidan so‘ng tibbiy xodim rahbarligida kasallik o‘chog‘i toshmali terlama va pedikulez kasalligi qo‘zg‘atuvchilarni to‘liq bartaraf etish maqsadida yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
Muloqotda bo‘lganlar pokizalanish joylarida yoki moslashtirilgan hammomda oqimlikka rioya qilib sanitariya ishlovidan o‘tkaziladi.
Toshmali terlamada profilaktik chora-tadbirlar maxsus kontingent orasida bitlashni to‘liq aniqlab yo‘qotishga qaratilgan.
125. Pedikulez — odamda bitlarni parazitlik qilishidir. Odamda 3 xil bit farqlanadi: kiyim biti, bosh biti va qov biti.
Bosh va kiyim bitlari toshmali va qaytalama tifni tashuvchilari hisoblanadi. Kiyim bitlar ko‘proq epidemiologik xavf tug‘diradi.
Pedikulezga qarshi chora-tadbirlar jamoada epidemiologik va sanitariya-gigiyenik tartibni saqlanishiga hamda pedikulez aniqlangan shaxslarni sanatsiya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tarkibiga kiradi.
Muassasada sanitariya-gigiyena talablari va epidemiyaga qarshi kurash uchun sharoitni (pokizalanish, hammom, kir yuvish, cho‘milish xonalari, issiq suv, choyshablar almashtirilishi va boshqalar) ta’minlash vazifasi muassasa boshlig‘i zimmasiga yuklatiladi.
Tibbiy bo‘lim boshlig‘i maxsus kontingent orasida rejali tibbiy ko‘rik o‘tkazilishini tashkillashtirishga javob beradi.
Tekshiruv davomida aniqlangan pedikulezning har qanday bosqichi hisobga olinadi (tuxum, lichinka va yetuk hashorat), har qanday pedikulez holati haqida IIV, IIBB, IIB SEXlariga xabar beriladi. Pedikulez o‘chog‘ini kuzatish har 10 kunda 1-marta 1 oy mobaynida tekshiriladi, har 10 kunlik oraliq bilan 3-marta tekshirilganda manfiy natija olinsa pedikulez o‘chog‘i tugatilgan hisoblanadi. Sanatsiya nazoratini tibbiyot bo‘limi tibbiy xodimlari olib boradi. Tanlab o‘tkaziladigan nazoratni SEX xodimlari olib boradi.
Tibbiy bo‘lim pedikulezga qarshi zararsizlantirish uchun maxsus to‘plamga ega bo‘lishi kerak. Kerakli asboblar va vositalar ro‘yxati 2-ilovada keltirilgan. Maxsus kontingent 1 yilda 4-marta pedikulezga tekshiriladi va shu bilan birgalikda muassasaga qabul qilinayotganda. Kuzatuvni tibbiy xodimlar, otryad boshliqlari, tarbiyachilar va tezkor xodimlar ishtirokida olib boradilar. Kuzatuv maxsus kontingent tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganda, dispanserizatsiya vaqtida va statsionar davolash vaqtida ham o‘tkaziladi. Davolash bo‘limiga qabul qilinayotganda hamshira tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi va uzoq davolanayotgan vaqtda 10 kunda 1-marta hamshira tomonidan pedikulezga tekshiriladi. Pedikulez aniqlanganda asosiy kasallik bo‘yicha kasalxonaga qabul qilishdan bosh tortish taqiqlanadi.
Pedikulezni aniqlash va kuzatuv o‘tkazish uchun tananing barcha qismlarini, kiyimlarini ko‘rish imkonini beruvchi keng yoritilgan xona, lupa bo‘lishi lozim. Pedikulezga qarshi tadbirlar o‘rnatilgan tartibda olib boriladi.
126. Bezgak kasalligiga chalingan bemor va bu kasallikni chaqiruvchi parazitlarni va tashuvchilarini erta aniqlash maqsadida, tibbiy bo‘lim boshlig‘i isitmalovchi bemorlardan bezgakka tekshirish uchun qon olinishini tashkil qilishi shart:
a) birinchi 5 kun davomida, tashxisi aniq bo‘lmagan har qanday kasallikda;
b) qon quyishdan so‘ng 3 oy ichida isitmalash kuzatilganda;
v) jigar, taloq o‘zgarishida, sababi aniq bo‘lmagan kamqonlikda;
g) isitma bilan davom etadigan har qanday kasallikda, agar anamnezida oxirgi 2 yil ichida bezgak bilan kasallangan bo‘lsa.
127. Tulyaremiya-kasalligining tarqatuvchisi har xil kemiruvchilar hisoblanadi (suv kalamushi, ondatra, quyonlar, uy sichqonlari va hokazolar). Zararlanish kemiruvchilar tomonidan ifloslangan oziq-ovqatlar iste’mol qilganda kelib chiqadi. Shuning bilan birgalikda ifloslangan chang orqali ham yuqishi mumkin. Tulyaremiyani oldini olish uchun tabiiy o‘choqlarda maxsus kotingent emlanadi. Kemiruvchilar orasida epizotiya kuzatilganda va shuni natijasida kasallik paydo bo‘lsa deratizatsiya tadbirlari faol olib boriladi.
128. Brutsellez — uy hayvonlari orasida uchraydigan yuqumli kasallik (qoramol, echki va cho‘chqalar). Kasallik qo‘zg‘atuvchisi ularning axlati, siydigi va suti bilan ajraladi. Odamlar yetarli ishlov berilmagan go‘shtni, sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilganda, qo‘zg‘atuvchi og‘izga ifloslangan qo‘l orqali tushadi.
Jazoni ijro etish muassasalarida brutsellezni oldini olish uchun uy hayvonlaridan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini maxsus kontingent iste’molidan oldin tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Agar yordamchi xo‘jalik mavjud bo‘lsa, tibbiy bo‘lim boshlig‘i veterinariya xizmati bilan hamkorlikda profilaktika tadbirlarini tashkil qilishi shart.
Kasal va brutsellezga shubhali hayvonlar bor bo‘lgan fermada ishlovchilar emlanadi. Brutsellez tarqalish xavfi bo‘lganda butun maxsus kontingentlar emlanadi.
129. Kuydirgi kasalligi tabiiy hollarda asosan uy hayvonlarida (qoramol, ot, echki, cho‘chqa), ayrim hollarda odamlarda uchraydi. Ommaviy ravishda havo, kiyimlar va atrof muhit predmetlari kuydirgi mikroblari bilan ifloslansa yoki oziq-ovqat mahsulotlari zararlansa kasallik odamlarni katta guruhlarini qamrab olishi mumkin.
Kasallikni oldini olish tadbirlari tibbiyot bo‘limi boshlig‘i tomonidan veterinariya xizmati va Sog‘liqni saqlash idoralarining joylardagi mahalliy tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil qilinadi.
Muassasaga kuydirgi kasalligi kirib kelishi xavfi bo‘lganda sanitariya-gigiyenik va veterinariya-sanitariya tadbirlari kuchaytiriladi (hayvonlarni so‘yish, keltirilayotgan go‘sht mahsulotlarini va ularga ishlov berish ustidan nazorat). Hayvonlar parvarishi bilan bog‘liq shaxslar emlanadi. Kuydirgidan o‘lgan odam yoki hayvon jasadini yorish taqiqlanadi.
130. Maxsus kontingent kana ensefalitini keltirib chiqaruvchi o‘choqda bo‘lgan paytda, kasallanishni oldini olish uchun kanalar hujumidan individual himoya tadbirlarini qo‘llash lozim:
a) kiyiladigan kiyim kanalarni kirishiga yo‘l qo‘ymaydigan bo‘lishi lozim;
b) kiyimga qo‘rqituvchi vositalar-repelentlar bilan ishlov beriladi;
v) ma’lum vaqt oralig‘ida (2-4 soatda) kanalar bilan zararlanmaslik uchun o‘zi yoki atrofdagilar yordamida teri qoplamlari kuzatib turiladi;
g) maxsus kontingent ko‘p bo‘ladigan joylarga insektitsidlar bilan ishlov beriladi.
Endemik o‘choqlarda maxsus kontingentlar emlanadi.
Yapon ensefaliti kasalligining manbai bo‘lib qushlar, ba’zi issiqqonli (cho‘chqalar, otlar, ko‘rshapalaklar) va sovuq qonli (ilonlar) hayvonlar hisoblanadilar. Kasallik qo‘zg‘atuvchilarni bemordan sog‘lom odamga o‘tishi pashshalar orqali amalga oshadi. Avgust-sentyabr oylari ular uchun mavsumiy hisoblanadi. Yapon ensefalitini oldini olish va unga qarshi kurashish pashshalarga qarshi kurashdan iborat.
131. Gemorragik lixoradka — buyrak sindromi bilan kechuvchi tabiiy o‘choqli kasallik hisoblanadi. Kasallikni manbai bo‘lib kemiruvchilar (sariq, qizil sharqiy dala sichqonlari) hisoblanadi, kasallik qo‘zg‘atuvchilar ularni axlati va siydigi bilan ajraladi. Odamlar nafas yo‘llari orqali va alimentar yo‘llar bilan zararlanadi. Shuningdek, zararlangan atrof muhit buyumlari yoki kemiruvchilar jasadi bilan duch kelganda ham zararlanishi mumkin.
Buyrak sindromi bo‘lgan gemorragik isitma — yakka ko‘rinishida ko‘p uchraydi. Kam hollarda kichikroq ko‘tarilishlar holida (10—20 kishilik) uchraydi. Kasallanishga mavsumiylik xos bo‘lib, yanvardan maygacha kasallanish hollari kam uchraydi. Bu kemiruvchilarning sonini qish oyida keskin kamayishi bilan bog‘liq. May oxirlaridan kasallanish ko‘payib borib, iyun-oktyabr oylarida yuqori darajaga yetadi. Buyrak sindromi bo‘lgan gemorragik isitmaning oldini olishda deratizatsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, kemiruvchilarni oziq-ovqat omborlariga, yotoqxonalarga kirishini va mahsulotlarni ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
132. Ku — isitma kasalligi o‘choqlarida profilaktik tadbirlar: sut va sut mahsulotlariga termik ishlov berishdan, hayvonlar ustidan veterinariya-sanitariya nazoratini olib borishdan va qoramollar saqlanadigan binolarni vaqti-vaqti bilan dezinfeksiya qilishdan iborat.
Vaksinatsiya kasb faoliyati tufayli kasallik yuqish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etiladi.
133. Leptospiroz — ko‘proq sporadik ko‘rinishda uchraydigan kasallik. Ba’zi vaqtlarda epidemik avj olishlar kuzatilishi mumkin. Sariq va sariqsiz leptospirozlar ko‘proq ahamiyatga ega. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, sariq ko‘p hollarda kuzatilmasligi mumkin.
Odam uchun kasallik manbai bo‘lib peshobidan leptospiroz qo‘zg‘atuvchilarini uzoq vaqt ajratib chiqaruvchi yovvoyi va uy hayvonlari hisoblanadi.
Odamlar zararlangan suvda cho‘milganda, undan iste’mol qilganda yoki zararlangan mahsulotlarni ovqatga ishlatganda zararlanish kuzatiladi. Cho‘milayotganda suv yutib yuborishi yoki ko‘z, burun, og‘iz shilliq qavatlari orqali leptospiralar kirishi natijasida zararlanishi mumkin.
Leptospiralarni oldini olish-deratizatsion, veterinariya-sanitariya tadbirlari, shuningdek, suv olish va cho‘milish joylarini uy hayvonlari chiqindilari bilan ifloslanishidan himoya qilishdan iborat. Bundan tashqari xo‘jalik uchun ishlatiladigan suvlar zararsizlantiriladi. Agarda ommaviy kasallanish xavfi bo‘lgan vaqtda maxsus kontingent to‘liq emlanadi.
134. Qoqshol (stolbnyak) — yarali yuqumli kasallik hisoblanadi. Qoqsholning samarali oldini olish tadbiri — qoqshol anatoksini bilan faol emlashdir. Shikastlanish hollarida qoqshol bilan og‘rib qolishni oldini olishda tezkor profilaktik tadbirlar olib boriladi (xirurgik tozalash va immun himoyalash).
135. Botulizm — ko‘plab o‘lim hollarini keltirib chiqaruvchi, og‘ir kechadigan o‘tkir yuqumli kasallik. Botulizm tabiatda keng tarqalgan bo‘lib, uning sporalari tuproq, hayvonlar axlati, sabzavot va mevalar tarkibida uchraydi.
Botulizmdan zaharlanish — botulizm qo‘zg‘atuvchilarini ko‘payishi va toksin hosil qilishi uchun qulay bo‘lgan turli usullar bilan konservatsiya qilingan baliq va qoramol go‘shti hamda o‘simlik mahsulotlarini iste’mol qilganda kelib chiqadi. Botulizmga shubha qilinganda chuqur epidemiologik tekshiruv o‘tkaziladi.
Botulizm toksikoinfeksiyalari bilan zaharlangan mahsulotlarni bemor bilan birga iste’mol qilgan hamda botulizmga shubha qilingan shaxslarga botulizmga qarshi zardob yuboriladi.
136. “V” turdagi virusli gepatit kasalligini manbai bo‘lib surunkali HBsAg antigenini tashuvchilar, hamda shu kasallik bilan surunkali og‘riganlar va o‘tkir bosqichdagi kasallar hisoblanadi. Surunkali HBsAg antigenini tashuvchilar epidemiologik jihatdan xavfli hisoblanadi.
Virus o‘zining yuqumliligini qonda va qon preparatlari (plazma, eritrotsitar massa, fibrinogen va protrombinda) yillab saqlaydi. Virusli gepatitning o‘tkir shakllaridagi barcha kasallar, shuningdek, surunkali shakldagi kasallikning qaytalanish bosqichidagilar zudlik bilan kasalxonaga joylashtirilishi shart.
Virusli gepatit bilan og‘rigan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan statsionarlarda tegishli epidemiyaga qarshi tartib ta’minlanishi zarur. Bemorlarning kiyimi, idishlar, tibbiy jihozlar, bemor uchun ishlatilgan narsalar zararsizlantiriladi.
Virusli gepatit bilan og‘rigan bemor umumiy bog‘lov, muolaja va maxsus kabinetlarga (stomotologik, ginekologik, urologik, rentgenologik) boshqa bemorlar bilan birga qo‘yilmaydi, bunday kasallar uchun alohida qabul vaqti belgilanadi. Ushbu kabinetlarda tegishli tartib o‘rnatiladi.
137. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) — odam immuniteti tizimini (ko‘proq immunitetni T—tizimi) zararlanishini simptomokompleksi bo‘lib, klinikada yuqumli kasalliklarni va xavfli o‘sma kasalliklarini tez rivojlanishida namoyon bo‘ladi.
138. Kasallikni yuqishiga virus bilan zararlangan odam sabab bo‘ladi. Bu kasallikning turli klinik kechishidagi yoki yashirin davridagi virus tashuvchi bo‘lishi mumkin. Virusning asosiy o‘rnashgan joyi limfotsit hisoblanadi. Virus ko‘p miqdorda kasalning qon va spermasi tarkibida uchraydi. OITSning yuqish yo‘llari: jinsiy, parenteral, transplansentar. Kasallik yuqqandan 1 oy o‘tib, virusga antitela hosil bo‘ladi.
139. Infeksiya manbaini yoki bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni hamda ularni zararlangan bo‘lishi mumkinligini aniqlash maqsadida, har bir aniqlangan OITS bilan og‘riganlar va odam immuniteti tanqisligi virusi (OITV) bilan zararlangan shaxslar bo‘yicha, tibbiy bo‘lim boshlig‘i va sanitariya-epidemiologiya xizmatini mutaxassisi tomonidan epidemiologik tekshirish o‘tkaziladi. Asosiy e’tiborni ular bilan jinsiy aloqada bo‘lganlarga, narkomanlarga, kasallik manbaini donorlikka aloqadorligiga va ularga o‘tkazilgan jarrohlik muolajalariga qaratiladi. Buning uchun asosiy epidemiologik baholash mezoni bo‘lib, aniq bir shaxs qonining serologik va maxsus klinik kuzatuvi natijalari hisoblanadi.
140. OITSga tekshirish maqsadida olingan namunalarni laboratoriyaga olib borish uchun muassasa rahbariyati avtoulov bilan ta’minlaydi.
141. OITVga antitela borligi bo‘yicha musbat natija olingandan so‘ng (IFA ga) seropozitiv shaxs tibbiy bo‘limda dispanser nazoratiga olinadi.
142. IFA (immunoferment tahlili)ga musbat reaksiya bo‘lganda immunblotin usuli bilan OITV alohida oqsillarga antitelalarni aniqlash uchun tekshiruvlar o‘tkaziladi va immun status chuqur tekshiriladi.
143. Klinik o‘zgarishlar namoyon bo‘lgan va immunoblotin natijalari musbat bo‘lgan shaxslar tekshirishni davom ettirish uchun jazoni ijro etish muassasalari qoshidagi kasalxonalarga yotqiziladi. Immunoblotin natijalari musbat bo‘lgan, lekin klinik o‘zgarishlar namoyon bo‘lmagan shaxslar dispanser nazoratiga olinadi, ularga kengaytirilgan immunologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Immunologik tekshiruvlarda musbat natija olinsa, bunday shaxslar kengaytirilgan klinik tekshiruvlar o‘tkazilishi va tashxisni aniqlash uchun kasalxonaga joylashtiriladi.
144. Laboratoriya-klinik tahlillarni o‘tkazish ishlari III patogen guruhga mansub yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchilariga belgilangan epidemiyaga qarshi tartiblarga rioya qilingan holda o‘tkaziladi.
145. OITS bilan og‘rigan bemorlar yoki unga shubha qilinganlar yotqizilishiga mo‘ljallangan bo‘limlar xodimlari, hamda OITS bilan og‘rigan bemorlardan olingan namunalarni tekshiruvchi laboratoriya xodimlari, OITS virusiga antitela bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun yiliga bir marta tekshirilib turadilar.
Kasallikni oldini olish maqsadida emlashlar
146. Muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i virus va bakterial preparatlarning tashilishi va saqlanishi talabga javob beradigan darajada bo‘lishiga javob beradi. Quyidagi holatlarda ulardan foydalanishga ruxsat berilmaydi:
a) emlash vositasining fizik xususiyati yaqqol o‘zgargan bo‘lsa (hatto ishlatish muddati o‘tmagan bo‘lsa ham);
b) saqlash muddati o‘tganda (fizik xususiyati o‘zgarmagan bo‘lsa ham;.
v) saqlash sharoiti buzilganda.
Muassasa tibbiy bo‘limida bakteriya va virus preparatlarini saqlash muddati hamda saqlash qoidalari buzilgan mahalda ushbu vositalar o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinadi.
147. Muassasada bakteriya va virus preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliy qo‘llanmasi asosida muassasa joylashgan hududdagi epidemiologik sharoitini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Spetsifik immunizatsiya qilish uchun zarur bo‘ladigan preparatlarning hisob-kitobi maxsus kontingent va rejalashtirilayotgan yilda emlanishi lozim bo‘lganlar soni e’tiborga olingan holda hisoblanadi. Preparatlarni hisoblashda ularni 10% quyish paytida to‘kilishi mumkinligi inobatga olinadi. Turli preparatlar bo‘yicha talab qilinayotgan miqdorni aniqlash uchun buyurtma-talabnomani tuzish vaqtida quyidagilarga e’tibor qilinadi:
a) o‘tgan davrda sarflangan preparatlar soni;
b) o‘tgan yildan qolgan preparatlar soni;
v) o‘tayotgan yil oxiriga kelib qancha preparatlar qolishi mumkinligi;
g) preparatlarni o‘zgarmas zaxirasini o‘z vaqtida yangilab turish zarurati.
Buyurtma talabnoma biriktirilgan dorixonalarga belgilangan muddatlarda berilishi lozim.
148. Yuqumli kasalliklar paydo bo‘lganda yoki ularning kelib chiqish xavfi tug‘ilganda profilaktik emlashlar muntazam va epidemik ko‘rsatma (epizodik) asosida o‘tkazilishi mumkin. Difteriya, qorin tifi, vabo, o‘lat, tulyaremiya, brutsellez, kuydirgi, leptospiroz, kana ensefaliti, Ku — lixoradka va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi muntazam profilaktik emlash, muassasa shu kasalliklar bo‘yicha epidemiologik noxush hududda joylashgan bo‘lsa o‘tkazilishi mumkin. Epizodik profilaktik emlash epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha, infeksiyaning muassasaga olib kirilishi xavfi tug‘ilganda yoki kasallik paydo bo‘lganda o‘tkaziladi. Bundan tashqari emlash ishlari yuqumli kasallik qayd etilganda quyidagi hollarda o‘tkaziladi: muassasada agar ilgari reja bo‘yicha yoki yuqumli kasallik tarqalish xavfi bo‘lganda vaksinatsiya o‘tkazilmagan bo‘lsa.
149. Muassasalarda rejali profilaktik emlash ro‘yxati IIV, IIBB, IIB Tibbiyot boshqarmasi, bo‘limi (xizmati) tomonidan belgilanadi va rejali emlash muddati Tibbiyot boshqarmasi, bo‘limi (xizmati) boshlig‘ining taqdimnomasi asosan IIV, JIEBB, JIEB rahbarining buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
150. Muassasada rejali va epidemik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlashlarni o‘tkazish tartibi va muddati muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘ining taqdimiga, ayrim hollarda mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari qaroriga asosan muassasa boshlig‘ining buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
151. Muassasalarda emlash ishlarini o‘tkazilishiga IIV, IIBB, IIB Tibbiyot boshqarmasi, bo‘limi (xizmati) boshliqlari umumiy rahbarlik qiladi. Emlashni bevosita tashkillashtirish va uni bajarilishini ta’minlash muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i zimmasiga yuklatiladi.
152. Emlashni o‘tkazishdan oldin quyidagilarni bajarish lozim:
a) tibbiy xodimlar bilan ushbu preparatni ishlatish tartibini o‘rganib chiqish va uni ishlatish bo‘yicha tavsiyalarga aniq rioya qilish;
b) salomatligi tufayli vaqtinchalik yoki umuman emlash mumkin bo‘lmagan shaxslarni aniqlash uchun, emlanishi lozim bo‘lgan maxsus kontingent tana haroratini o‘lchash bilan birga to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, aniqlangan bunday shaxslarni emlash uchun boshqa muddatlar belgilanadi (emlash uchun qo‘llanilayotgan preparatga ilova qilingan, uni ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomada emlashga vaqtinchalik yoki umuman monelik-qarshilik qiluvchi kasalliklar ko‘rsatiladi);
v) emlanishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati va otryadlar bo‘yicha emlash jadvali tuziladi (emlash o‘tkazilgan kunida emlangan shaxslar og‘ir jismoniy mehnatdan ozod qilinishi tavsiya qilinadi);
g) emlashni o‘tkazish uchun alohida xona ajratiladi, xona oldindan yig‘ishtiriladi, dezinfeksiyalanadi, stollar dezinfeksiyalanib zararsizlantirilgan salfetka yoki jamoshir bilan yopib qo‘yiladi;
d) yetarli miqdorda bir marotaba ishlatiladigan shprits va ignalar, spirt, pinset tayyorlab qo‘yiladi. Pinset va boshqa tibbiy jihozlar emlashdan oldin sterillanadi. Ishlatilgan shprits hamda ignalardan qaytadan foydalanish taqiqlanadi;
e) maxsus kontingent orasida emlashni ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib boriladi;
j) emlash uchun ishlatiladigan preparatlarni yaroqliligi tekshiriladi; har bir ampula (flakon) diqqat bilan ko‘rib chiqiladi,bunda ampulaning ishlatish muddatiga, etiketkadagi barcha belgilarning borligiga, ampulaning butunligiga va preparatning fizik xususiyatlariga e’tibor beriladi.
153. Emlashni faqat shifokor, ayrim hollardagina tajribali feldsher amalga oshiradi.
154. Emlashda ishtirok etuvchi tibbiy xodimni tirnoqlari kalta qilib olinib, qo‘li sovunlab yuviladi, spirt bilan artilib, barmoq uchlariga yod surtiladi. Qo‘lni yuvish va zararsizlantirish har 10—15 marotaba vaksina yuborilgandan keyin qaytariladi.
155. Qo‘lning teri kasalliklari (yiringli yaralar, ekzema va boshqalar) yoki angina, gripp va boshqa yuqumli kasalliklar bilan og‘riyotganlar emlash o‘tkazilayotgan joyga qo‘yilmaydi.
156. Emlashdan keyin ko‘pchilikda (taxminan 5-7% emlanganlarda) emlashga odatdan tashqari reaksiya kuzatilsa, qo‘llanilayotgan vaksinaning seriyasidan foydalanish to‘xtatiladi. Vaksina yuborilgandan keyin rejali emlash varaqasiga emlash kuni, dozasi va vaksina seriyasi yoziladi. Emlash tugagandan keyin tibbiy ambulator kartaga tegishli belgi qayd etiladi. Vaksina parenteral (teri osti, mushak ichiga) yo‘l bilan yuborilganda aseptik ish sharoitiga e’tibor berilishi kerak. Xodimlarni ish tartibi, ampulani ochish, asboblarni va terining emlangan o‘rnini zararsizlantirish, preparatni ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomada ko‘rsatilganday bo‘lishi zarur. Tirik vaksinalar yuborilayotgan vaqt mobaynida terini zararsizlantirish uchun tez quriydigan vositalar bo‘lmish spirt va efirdan foydalanilsa yaxshi, chunki boshqa vositalar terida ko‘p saqlanib vaksinani o‘ldirish xususiyatiga ega.
157. Tezkor profilaktik vosita epidemiologik o‘choqlarda o‘tkaziladi. Zarur holatlarda ba’zi tezkor profilaktik vositalar va vaksinalar bir vaqtda qo‘llaniladi. Bakteriofagni qo‘llash bir vaqtda immunizatsiyani o‘tkazishga to‘siq hisoblanmaydi. Zardobli preparatlarni (qoqsholga qarshi zardob, antirabik gamma-globulin, ensefalitga qarshi gamma-globulinlar) tegishlicha vaksinalar bilan birgalikda qo‘llash mumkin. Zardob (gamma-globulin) va vaksinalar bir-biri bilan 30 minut oraliqda tananing turli qismiga yuboriladi.
158. Organizmga yot bo‘lgan zardoblar (gamma-globulinlar) organizmga yuborilishidan oldin, begona oqsilga sezuvchanligini bilish maqsadida teri ostiga sinama qo‘yiladi. Maxsus tayyorlangan, aralashtirilgan, suyultirilgan zardobli sinama teri ichiga yuboriladi.
159. Antibiotiklar, muassasani odatdagi faoliyatida, shoshilinch profilaktik vosita sifatida faqatgina cheklangan miqdorda o‘lat, kuydirgi, tulyarimiya, brutsellyoz, toshmali tif kasalliklari bilan kasallanish xavfi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ishlatiladi.
160. Bakteriya va virusga qarshi preparatlar faqat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyruqlari, yo‘riqnomalari va metodik ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilingan tartibda qo‘llaniladi.
Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya
161. Dezinfeksiya — atrof muhitdagi zararli mikroorganizmlarni yo‘qotish usulidir. Dezinfeksiya o‘z ichiga xususan dezinfeksiyani, dezinseksiya va deratizatsiyani oladi. Sanitariya va epidemiologik ahamiyatiga ko‘ra dezinfeksiya profilaktika maqsadida yoki kasallik o‘chog‘i o‘tkaziladigan turga bo‘linadi, o‘z vaqtida kasallik o‘chog‘ida o‘tkaziladigan dezinfeksiya joriy va yakuniy dezinfeksiyaga bo‘linadi.
162. Profilaktik dezinfeksiya muntazam ravishda yuqumli kasalliklarni oldini olish maqsadida, patogenli mikroorganizmlarni, bo‘g‘im oyoqlilarni va kemiruvchilarni yo‘qotish uchun ular yig‘iladigan joylarda: oshxona, yotoqxona, klublar, sartaroshxona, kir yuvish xonasi, hammom, yuvinish xonalari, xojatxonalar ichida va boshqa joylarda o‘tkaziladi.
163. Joriy dezinfeksiya jazoni ijro etish muassasasi kasalxonalarida, tibbiy bo‘lim statsionarida, sil kasallarni ambulator davolash uchun mo‘ljallangan JIEMlarda, JIEMlarini dispanser nazoratiga olingan sil bilan og‘rigan mahkumlar saqlanadigan hududlarida, shuningdek, kasallar vaqtincha yoki doimiy saqlanadigan barcha xonalarda olib boriladi. Bu yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarini kasallik o‘chog‘idan tashqariga tarqalishini oldini olishda zarur.
164. Yakuniy dezinfeksiya bir marotaba, yuqumli kasallar bo‘lgan xonada (kasalxonaga joylashtirgandan keyin, boshqa joyga ko‘chirilganda, ozod qilinganda yoki o‘lgandan keyin) kasallik o‘chog‘ini to‘liq kasallik qo‘zg‘atuvchisidan tozalash maqsadida o‘tkaziladi. Zararsizlantirishga muassasa xonalari, mebellar, jamoshirlar, kasalning shaxsiy kiyimlari va boshqalar qabul qilinadi. Yakuniy dezinfeksiya kasalni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirgandan keyingi bir soat davomida o‘tkazilishi shart.
165. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida dezinfeksiya tadbirlari dezinfektor tomonidan tibbiyot bo‘limi shifokori yoki feldsheri rahbarligi va nazorati ostida o‘tkaziladi.
166. Dezinfeksiyalovchi vositalarga bo‘lgan ehtiyojni hisoblashda, dezinfeksiyani turi, hajmi, qaysi davrda o‘tkazilishi va epidemiyaga qarshi yoki profilaktik maqsadda o‘tkazilishi inobatga olinadi.
Dezinfeksion vositalarga talabnoma tuzishda talabdagi me’yor asosida amaldagi sarfni hisobga olgan holda, shuningdek kutilayotgan epidemiologik vaziyatni hamda yangi dezinfeksion vositalar bilan ta’minlash imkoniyati inobatga olinadi.
Muassasaning dezinfeksion vositalarga bo‘lgan ehtiyojini tibbiy bo‘lim boshlig‘i, dezinfeksion vositalarni sarf qilinishi bo‘yicha me’yorlar asosida belgilaydi.
167. Turli xil yuqumli kasalliklarda dezinfeksiya tadbirlari Sog‘liqni saqlash vazirligining metodik qo‘llanmalari asosida olib boriladi. Sil va yuqumli ichak kasalliklarida alohida obyektlarni dezinfeksiya qilish ushbu kasalliklarni xususiyatiga ko‘ra olib boriladi.
III BO‘LIM. TERGOV QILINAYOTGANLARNI VA MAHKUMLARNI DAVOLASh-PROFILAKTIKA TA’MINOTI
VI-bob. Tibbiy bo‘lim ishini tashkillashtirish, uning jihozlanishi va asbob-uskunalar bilan ta’minlanishi
168. Tibbiy bo‘lim, muassasaning tarkibiy bo‘limi bo‘lib, maxsus kontingentga tibbiy yordamni tashkillashtiradi va amalga oshiradi, hamda muassasada sanitariya-gigiyena qoida va talablari bajarilishini, epidemiyaga qarshi tadbirlar va maxsus kontingentga gigiyenik tarbiya o‘tkazilishini tibbiy nazorat qiladi.
169. Tibbiy bo‘lim ishi O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash haqidagi qonunlari, IIV va SSV me’yoriy hujjatlari, buyruqlari, ko‘rsatmalari; IIV Tibbiyot boshqarmasi, JIEBB, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB, viloyatlar IIB tibbiyot bo‘limlari va xizmatlari ko‘rsatmalari va ushbu qo‘llanma asosida olib boriladi.
170. Tibbiy bo‘limda har bir tibbiyot xodimining xizmat vazifalari ishlab chiqilgan bo‘lishi shart, hamda ish rejasi, tibbiyot xodimlarini ish jadvallari, tibbiy bo‘lim ish tartibi, statsionarda yoki tibbiy izolyatorda yotgan kasallarni ichki tartib qoidalari tuzilgan bo‘lishi kerak. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i xizmat vazifalari ilovadagi (3-ilova) namunaviy xizmat vazifalari asosida tuziladi. Tibbiy bo‘lim ishi, yilning har choragiga tuzilgan ish rejasi asosida muassasaning boshqa xizmatlari bilan hamkorlikda olib boriladi.
171. Kasallarni kasalxonaga davolash uchun yuborish va ixtisoslashgan jazoni ijro etish muassasalariga ambulatoriya sharoitida davolanish uchun o‘tkazish, o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan malakali tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lgan hollarda, kasallarni mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalariga yotqizishga ruxsat etiladi.
Tibbiy bo‘limning jihozlanishi
172. Tibbiy bo‘lim tarkibida uning shtatlari, tibbiy yordam ko‘rsatish hajmiga qarab ambulatoriya, statsionar (tibbiy izolyator) va dorixona tashkil etiladi.
Ambulatoriya tarkibida quyidagilar bo‘ladi: kutish joyi, shifokorlar (terapevt, ftiziatr, dermatovenerolog, psixiatr va boshqalar) qabul xonalari, feldsher (tibbiy hamshira), tishni davolash, narkologiya, fizioterapevtik, rentgen, flyuorografiya, funksional-tashxis, muolajalar, bog‘lov xonalari va laboratoriya. Bulardan tashqari ayollar jazoni ijro etish muassasalari tibbiy bo‘limda ginekologiya kreslosi bo‘lgan ko‘ruv xonasi, statsionarda esa ayollar gigiyena xonasi bo‘lishi kerak.
Qamoqxona va tergov hibsxonasi tartibot binolarida, maxsus kontingentni ambulator qabuli uchun xonalar jihozlanadi.
Jazoni ijro etish muassasalari tibbiy bo‘lim statsionarlari tarkibida quyidagilar jihozlanadi: yuvinish xonasi (echinish xonasi, vanna), palatalar, shu jumladan yuvinish joyi va hojatxonasi bo‘lgan 1-2 o‘rin-joyga mo‘ljallangan izolyator, ovqatlanish xonasi.
Tergov hibsxonasi tibbiy bo‘lim statsionari tarkibida: yuvinish xonasi, 1-2 o‘rin-joyga mo‘ljallangan kamera-izolyator jihozlanadi. Statsionar tergov hibsxonasi tibbiy bo‘lim ambulatoriyasi bilan bir bino va bir qavatda joylashishi lozim.
Jazoni ijro etish muassasasi va tergov hibsxonasi tibbiy bo‘limlari statsionarlari palatalarida har bir o‘rin-joy uchun belgilangan me’yor 4 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
173. Tibbiy bo‘limning barcha bo‘linmalari keng, yorug‘, issiq va ozoda joylashishi lozim, xonalar devorlari va mebellari yorqin bo‘yoqlarda bo‘yalishi lozim. Imkon boricha sovuq va issiq suv ta’minoti, xonalarni isitish markazlashgan holda bo‘lishi lozim.
Tibbiy bo‘lim barcha xonalarida avariya chiroqlari va tashvish signallari bo‘lishi lozim. Tibbiy bo‘lim zarur tibbiy anjomlar, uskunalar va jihozlar bilan ta’minlanadi.
VII-bob. Tibbiy bo‘limda davolash va profilaktika ishlarini ta’minlash. Maxsus kontingentni sog‘lig‘ini tibbiy nazorat qilish
174. Tibbiy nazorat quyidagicha amalga oshiriladi:
a) yuqumli, parazitar va boshqa o‘tkir kasalliklarni aniqlash maqsadida muassasaga keltirilganlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
b) kasallarni o‘z vaqtida faol aniqlash, patologik va patologiyaga moyil holatdagi shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish maqsadida tibbiy ko‘riklar uyushtirish (muassasaga yangi keltirilganlarni, har yilgi kasallikni oldini olish tadbirlari, maqsadli, muassasadan bo‘shatilayotganlarni);
v) kasalligi bor shaxslar dispanser nazoratida bo‘ladilar;
g) maxsus kontingentni joylashishi, ovqatlanishi va ish sharoitini sanitariya nazoratiga olish;
d) mehnat qobiliyati cheklangan va nogiron shaxslar mehnatini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha tibbiy mehnat-ekspert komissiyasini tavsiyalarini bajarilishini doimiy tekshirib turish, hamda surunkali kasallik bilan og‘riganlarni davolash va xastalikni oldini olish choralari bo‘yicha tibbiy muassasalar tavsiyalarini bajarilishini tekshirish.
Ish faoliyati sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan, oshxonada, hammomda ishlovchi, kir yuvuvchi va boshqa shunday joylarda ishlovchi mahkumlar, shu toifasidagilarga belgilangan vaqtlarda davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur.
175. Tergov hibsxonasiga tushganlar (tranzit bilan kelayotganlar ham) darhol, atrofdagilarga epidemiologik xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lganlarni, kasallar va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlarni aniqlash maqsadida birinchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu ish majburiy tartibda, keltirilganlar “umumiy” kameralarga joylashtirilmasdan avval amalga oshirilishi shart.
Ko‘rikni shifokor yoki feldsher tergov hibsxonasi yig‘uv bo‘linmasining alohida jihozlangan tibbiy xonasida o‘tkazadi. Bu xonada qon bosimini o‘lchaydigan asbob, fonendoskop, tana haroratini o‘lchaydigan asbob, tomoq shilliq qavatini ko‘rish uchun shpatel, reflektor, tarozi va bo‘y uzunligini o‘lchagich bilan jihozlanadi. Bu xonada tergov hibsxonasidagi tibbiy ko‘rik natijalari yoziladigan daftar bo‘lishi kerak va bu daftarda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan shaxslarni sog‘ligi haqida asosiy ma’lumotlar va ularda topilgan kasalliklar haqida yoziladi.
O‘tkir yuqumli kasallikka chalinganlar yoki shunday kasalliklarga gumon qilingan shaxslar ko‘rikdan so‘ng darhol sog‘lom kishilardan ajratiladi. Bu shaxslarni birinchi sanitariya ishlovi oxirgi navbatda bajariladi, ularni kiyimlari va shaxsiy buyumlari albatta dezinfeksiya qilinadi, so‘ngra bu shaxslar maxsus ajratilgan kamera izolyatorlarga jo‘natiladi va u yerda ular zarur bo‘lgan tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar va davolanadilar.
176. Tergov xibsxonasiga keltirilganlarning hammasi (tranzitdagilardan tashqari) kelganidan so‘ng uch kun ichida shifokor ko‘rigidan (feldsherlik sog‘lomlashtirish punktlarida — feldsher ko‘rigidan), hamda rentgen-flyurografiya tekshiruvidan o‘tadilar. Har bir tergovdagi kishiga belgilangan shakldagi tibbiy ambulatoriya daftari to‘lg‘aziladi.
Tibbiy bo‘lim shtat birligida mutaxassis-vrachlar bo‘lgan taqdirda, ular ham barcha keltirilganlarni ko‘rikdan o‘tkazishga jalb etiladilar. Birinchi tibbiy tekshiruvni qanday hajmda o‘tkazish shu qo‘llanmaning tegishli bo‘limlarida ko‘rsatilgan. Keyinchalik tibbiy ko‘riklar faqat zaruriyat bo‘lganda o‘tkaziladi.
177. Tergov hibsxonasidan ketayotgan (tranzit bilan ketayotganlar ham) barcha shaxslar so‘ngi (shifokor yoki feldsher) tibbiy ko‘rigidan o‘tkaziladilar. Kasalligi o‘tkir kechayotgan, yuqumli kasallik va tanosil kasalligi bilan kasallanganlar, qichima, pedikulyoz bilan og‘riganlar va belgilangan davolash kurslarini olmagan kasallar, hamda transportda olib borish hayoti uchun xavfli bo‘lgan kasallarni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
Tibbiy ko‘rik tugaganidan so‘ng har bir jo‘natilayotgan shaxsni tibbiy ambulatoriya daftariga uning salomatligi ahvoli haqida xulosa yoziladi.
Tibbiy ko‘rikni o‘tkazgan tibbiy xodim xulosa ostiga va sudlangan shaxsning shaxsiy ish daftaridagi ochiq ma’lumotnomaga imzo qo‘yadi.
178. Jazoni ijro etish muassasasiga kelgan barcha mahkumlar, yuqumli va parazitar kassaliklar bilan kasallanganligini aniqlash maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
179. Mahkumlar jazo ijro etish muassasasiga kelganidan so‘ng, ikki hafta ichida ularda bor kasalliklarini aniqlash, jismoniy holatiga baho berish, mehnat qobiliyatini oldindan taxminiy aniqlash maqsadida shifokor ko‘rigidan o‘tadilar. Ko‘rik davomida shifokor mahkumni boshidan kechirgan kasalliklar, jarohatlar, operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni yig‘adi, ularni tibbiy ambulatoriya daftariga qayd etadi va zarurat bo‘lsa qo‘shimcha tekshirishlar o‘tkaziladi. Agar joriy yilda rentgen-flyurografik tekshiruvi o‘tkazilmagan bo‘lsa, u qisqa vaqt ichida o‘tkazilishi kerak. Keyinchalik mahkumlar salomatligini tibbiy tekshirish profilaktik tibbiy ko‘rik o‘tkazilganda, hamda ular tibbiy yordamga murojaat qilgan paytda amalga oshiriladi.
180. Profilaktik tibbiy ko‘rik yilda bir marta o‘tkaziladi. Maxsus tartibdagi (kameralarda saqlanadigan) jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar va tarbiya koloniyalarida saqlanayotgan voyaga yetmaganlar yilda ikki marta profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Bu ko‘riklarni o‘tkazish jadvalini JIEMni boshlig‘i tasdiqlaydi. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i jadvalga asosan tibbiy bo‘lim shifokorlari kuchi bilan va JIEBB, JIEB kasalxonasidan kerakli mutaxassis vrachlarni jalb etgan holda maxsus kontingentni ko‘rikdan o‘tishini tashkil etadi. Ko‘rikda terapevt, psixiatr, stomatolog ishtirok etadilar. Zarurat tug‘ilganda IIV, IIB poliklinikalari yoki mahalliy sog‘liqni saqlash idoralaridan shifokorlar jalb etiladi.
Mahkumlarni tibbiy ko‘rikka kelishini turkum boshliqlari ta’minlaydi. Ko‘rik davomida qilinadigan ishlar:
a) antropometrik tekshiruv o‘tkazish (bo‘yi, og‘irligi);
b) ayollarni ginekologik ko‘rikdan o‘tkazish va tsitologik tekshirish uchun surtma olish, qizlarni esa yo‘g‘on ichak orqali barmoq bilan tekshirish (bunga tibbiy ko‘rsatma bo‘lsa);
v) eshituv va ko‘rish holatini tekshirish;
g) qon tahlilini o‘tkazish (eritrotsitlarni cho‘kish tezligini tekshirish, gemoglobin, leykotsitlar, lozim topilganda qon tarkibidagi qand moddasini aniqlash);
d) umumiy siydik tahlilini o‘tkazish;
e) EKG tekshiruvidan o‘tkazish (15 yoshdan boshlab — 3 yilda bir marta, 30 yoshdan boshlab — har yili);
j) ko‘krak qafasini flyurografiya (rentgenografiya) tekshiruvi — 1 yilda ikki marta;
z) ayollarda ko‘krak bezlarini paypaslab tekshirish;
i) to‘g‘ri ichakni barmoq bilan tekshirish;
k) pnevmotaxometriya tekshiruvini o‘tkazish;
l) vrach-terapevt, psixiatr, stomatolog ko‘rigidan o‘tkazish;
m) lozim topilganda qolgan shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazish.
Profilaktik ko‘rik natijasi tibbiy ambulatoriya daftariga yozib qo‘yiladi.
181. Mahkumlar intizom bo‘limlariga, kamera tipidagi xonalarga, karserga yoki bir kishili kameralarga joylashtirishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokor (feldsher)ning ko‘rsatib o‘tilgan joylarda mahkumlarni saqlanishi mumkinligi haqida yozma xulosasi olinadi. Bunday tibbiy ko‘rikni o‘tkazish imkoni bo‘lmaganda va mahkumlarda xavfli kasalliklar belgisi bo‘lmagan holda (zaharlanish, jarohat), ularni qayd etilgan intizomiy bo‘limlarga joylashtirilib, keyinchalik ular albatta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladilar.
182. Mahkumlar jazoni ijro etish muassasalaridan olib ketilayotganda (ko‘chirib o‘tkazish, ozod bo‘lishi va hokazo) oxirgi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ambulator qabul qilishni tashkillashtirish
183. Maxsus kontingentga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatish tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari tibbiy bo‘limlari tomonidan olib boriladi.
184. Maxsus kontingentning tibbiy bo‘limda ambulator qabul qilinishi muassasalarda qabul qilingan tartib asosida o‘tkaziladi. Jazoni ijro etish muassasalarida har bir turkum uchun ambulator qabul qilish vaqti belgilanadi. Tergov hibsxonasida va turmada ambulator qabul qilish vrach (feldsher) tomonidan tartibot binosining maxsus jihozlangan xonalarida olib boriladi. Bemorlar ambulator qabulga feldsher tomonidan (alohida hollarda turkum katta navbatchisi tomonidan) oldindan yozib qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Tez tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno.
185. Har bir jazoni ijro etish muassasalarida ambulator qabul qilish uchun dastlabki jurnalga yozilish lozim, bu ishni turkum boshlig‘i olib boradi, tergov hibsxonalarida esa feldsher olib boradi. Jurnal ambulator qabuldan oldin tibbiy bo‘limga beriladi. Qabul tugagandan so‘ng jurnal javobgar shaxslarga qaytariladi. Jurnalga yozilmaganlar tibbiy ko‘rsatmaga asosan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lsa qabul qilinadi.
186. Tergov hibsxonalarida, turmalarda feldsher korpus boshliqlari bilan tergov qilinayotganlarni sayr joylariga yoki cho‘milish uchun chiqarilgandan so‘ng kameralarni sanitariya ahvolini tekshirib chiqadi. Maxsus kontingentga shoshilinch tibbiy yordam lozim topilganda korpus ambulatoriyasiga olib boriladi. Zarur bo‘lganda feldsher kerakli yordam beradi yoki vrach qabuliga yozib qo‘yadi.
Shoshilinch yordam kerak bo‘lgan bemorlar haqida tibbiy bo‘limga navbatchi nazoratchi xabar qiladi.
187. Intizom bo‘limlarida, kamera tipidagi xonalarda, tergov hibsxonasi va turma karsyerlarida tibbiy yordam ko‘rsatish joylarda tibbiyot xodimlari tomonidan har kungi xonalarning sanitariya ahvolini tekshirish paytida olib boriladi.
Agarda qayd etilgan joylarda saqlanayotganlarni hayotiga xatar soladigan kasalligi bo‘lsa, tibbiyot xodimi ularni shoshilinch ravishda tibbiy bo‘limga o‘tkazish chorasini ko‘radi.
188. Shifokorlar, feldshyerlar, tibbiyot hamshiralarning yolg‘iz o‘zi tergov hibsxonasi, turma, maxsus rejimdagi jazoni ijro etish muassasasi kameralariga, intizom bo‘limlariga, kamera tipidagi xonalarga navbatchi nazoratchilarsiz kirishi taqiqlanadi.
189. Tergov hibsxonalarida, maxsus rejimdagi JIEMlarda va turmalarda vrach (feldsher) qabuliga yoki muolaja olishga bemorlar kameralar bo‘yicha alohida-alohida yoki 3—5 kishidan iborat guruh bo‘lib, hibsxona qoidasiga rioya qilgan holda va qorovullar nazoratida olib boriladi. JIEMlarda mahkumlar ambulator qabulga otryad boshliqlari kuzatuvida boradilar.
190. Tibbiy bo‘limda vrachlar ambulator qabul qilishni belgilangan vaqtda zamonaviy tekshirish usullari va davolash bilan olib boradilar. Muassasalarda shtat bo‘yicha vrach ajratilmagan bo‘lsa ambulator qabul qilishni feldsher olib boradi. Feldsher vrach maslahatiga muhtoj bo‘lgan bemorlarni ajratadi. Ambulator qabul vaqtida, lozim bo‘lsa vrach (feldsher) xonasida navbatchi nazoratchi bo‘lishi shart.
191. Feldsher (hamshira) ambulator qabul qilishdan oldin qabul qilinadiganlar jurnalida dastlabki yozilganlarni tibbiy ambulator daftarlarini olib, bemorlardan qisqacha shikoyatlarini eshitadi, haroratlarini o‘lchab, ularni vrachga navbat bilan yuboradi.
192. Vrach bemorni tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng uning tibbiy ambulator varaqasiga qisqa va tushunarli qilib murojaat qilgan kunini, shikoyatini, tashxisini, muolajasini yozib, kasallik tufayli vaqtinchalik ishdan ozod qilish to‘g‘risidagi xulosani yozib qo‘l qo‘yadi.
193. Ambulator qabulda vrach yoki feldsher dastlabki yozuv jurnaliga aniq qilib tashxis, ishdan ozod qilish xulosasi, vrach qabuliga qayta kelish kunini yozib qo‘yadi.
Har bir ishdan ozod qilinish holati bo‘yicha vaqtinchalik ishga layoqatsizligi to‘g‘risida talon to‘ldiriladi.
194. Ishdan va naryaddan vaqtinchalik yoki to‘liq ozod qilinishi to‘g‘risidagi xulosa vrach tomonidan beriladi, vrach bo‘lmagan paytda feldsher tomonidan bir yo‘la 3 kungacha beriladi. Bemorni ahvoliga qarab ishdan ozod qilish kuni cho‘ziladi.
195. Ambulator davolanish tufayli ishdan ozod qilinganlar ro‘yxati tibbiy bo‘lim tomonidan muassasa boshlig‘ining navbatchi yordamchisiga taqdim qilinadi.
196. Ishdan ozod qilinganligi haqidagi ma’lumotnoma, retseptlar mahkumlar qo‘liga berilmaydi.
197. Ambulator daftarga qayerda (intizom bo‘limlarida, kamera tipidagi xonalarda, karser, kamera va boshqalar) va kim tomonidan (vrach, feldsher, hamshira) qilinishidan qat’iy nazar hamma muolajalar yozib qo‘yiladi.
198. Tibbiy ambulator daftar qat’iy turdagi hisobot hujjati bo‘lib, maxsus kontingentni qo‘liga berilmaydi. Ular alfavit bo‘yicha yoki turkumlar bo‘yicha tibbiy bo‘limning qulflanadigan xonasida shkaflarda saqlanadi. Ularning hisobi va saqlanishiga tibbiy bo‘lim boshlig‘i tomonidan tayinlangan xodim javob beradi. Tibbiy ambulator daftar bilan birgalikda ambulator bemorlarni qayd etish jurnali saqlanadi.
199. Dori-darmonlar maxsus kontingent qo‘liga berilmaydi, dori-darmonlarni qabul qilish tibbiyot xodimlari nazoratida olib boriladi (yurak ishemiya kasalligi bilan kasallangan bemorlarga nitroglitserin tabletkasidan tashqari). Ambulator davolanishga yozilgan bemorlar dori-darmon qabul qilishga va boshqa davolash muolajalarini qabul qilish uchun belgilangan vaqtda tibbiy bo‘limga keladilar. Shifokor tomonidan tayinlangan muolajalarni feldsher (hamshira) bajaradi va muolajalar hisob-kitob jurnaliga yozib qo‘yadi.
200. Bemorni rentgenologik tekshiruv, laboratoriya va boshqa tekshiruvlarga, mutaxassis qabuliga, shuningdek, tibbiy bo‘limda qilib bo‘lmaydigan muolajalarga yuborishda ambulator tibbiy daftar bemorni kuzatib boradigan shaxs qo‘liga beriladi.
Tibbiy daftarda bemorga tibbiy bo‘limda o‘tkazilgan tekshiruvlar,birlamchi tashxis va bemorni tekshirishga jo‘natish sababi ko‘rsatilishi lozim. Bemorga tibbiy bo‘limda tashxis qo‘yish qiyin bo‘lganda yoki tushunarsiz hollarda, tibbiy bo‘limda yoki boshqa davolash muassasalarida tegishli mutaxassislar maslahati tashkil qilinadi. Shuningdek bemorga aniq tashxis qo‘yish uchun JIEBB kasalxonasi, IIV, IIBB, IIB, davolash-profilaktika muassasalari va sog‘liqni saqlash idoralari davolash muassasalari mutaxassislari jalb qilinadi. Sog‘liqni saqlash idoralari mutaxassislari jalb qilingan holda ularga o‘rnatilgan tartibda haq to‘lanadi.
Shoshilinch tibbiy yordamni tashkillashtirish
201. Tibbiy bo‘limning asosiy vazifalaridan biri, bu o‘tkir kechuvchi kasalliklarda, zaharlanish va jarohatlanishda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish va uni tashkil qilish. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi tibbiy bo‘limning boshlig‘i tomonidan, muassasa va tibbiy bo‘lim ish tartibi; tibbiy bo‘limda bor bo‘lgan shtatlar, kuch va vositalarni; muassasa joylashgan hududda qanday davolash muassasalari borligini; hududdagi boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda belgilanadi va muassasa boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi, hamda barcha mas’ul shaxslarga tanishtiriladi.
Muassasa ish tartibi bo‘yicha muassasa tibbiy xodimlari muassasada bo‘lmaydigan vaqtlarda, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiy xodimlarni va tibbiy tez yordam mashinasini chaqirish, hamda bemorni zudlik bilan evakuatsiya qilish uchun transport va konvoy bilan ta’minlashga muassasa boshlig‘ining navbatchi yordamchisi javobgar hisoblanadi.
202. Muassasa tibbiy bo‘lim ambulatoriya shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga kunning xohlagan vaqtida tayyor bo‘lishi lozim. Shu maqsadda muolaja va bog‘lov (operatsiya) xonalarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sindromlar bo‘yicha to‘plam va quyidagilar tayyor bo‘lishi shart: steril jarrohlik instrumentlari, shpritslar, inyeksiya ignalari, qo‘shimcha kislorod ballonchalari, steril bog‘lov materiallari, turli kasalliklarni asosiy simptomlari hamda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tadbirlari, kerakli vositalar ro‘yxati va bemorni nazorat qilish taktikasi qayd etilgan jadval, har bir kasallik holati tartib raqami bilan belgilanishi kerak, tegishlicha kerakli dori-darmonlar jamlamasi saqlanadigan maxsus shkaf qutisi ham shu tartib raqami bilan belgilanadi.
Tibbiy bo‘limdan tashqarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerakli dori-darmonlar to‘plami solingan sumka, chemodan doimiy ravishda tayyor bo‘lishi kerak.
203. Kundalik ishlatishga zarur bo‘lgan dori-darmonlar maxsus shkaflarda qulflangan holda saqlanadi. Ambulatoriyalarda saqlanadigan dori-darmonlar 5 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, bemorlarga berilayotgan vaqtda dorilarni yaroqlik muddatiga qaralishi kerak. Narkotik moddalar maxsus jihozlangan, tashvish signalli, muassasaning ma’muriy binosida temirli shkaflarda qulflangan holda saqlanadi. Narkotik moddalar qat’iy tibbiy ko‘rsatma asosida beriladi va bemorni tibbiy ambulator daftariga va zaharli, narkotik, o‘ta kamyob bo‘lgan dorilarni hamda dorixonadagi etil spirtini qayd etish daftariga yozib boriladi.
Tibbiy bo‘limda tibbiy yordam ko‘rsatish hajmi
204. Bemorlarga tashxis qo‘yishda vrach kasallik to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlardan, tibbiy hujjatlaridan, ko‘rik natijasidan, laboratoriya tekshiruvi ko‘rsatkichlaridan, rentgen va funksional tekshiruvi natijalaridan foydalanadi.
205. Tibbiy yordam ko‘rsatish hajmi muassasaning qayerda joylashganligiga, tibbiy bo‘limi quvvati va boshqa sharoitlarga bog‘liq.
Lekin barcha muassasalarda tibbiy yordam ko‘rsatish hajmi ushbu Qo‘llanmada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmasligi kerak.
206. Tibbiy bo‘lim vrachi xirurgiya borasida quyidagilarni bilishi shart:
a) qon guruhini aniqlash;
b) vena qon tomiriga tomchi va to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborish yo‘li bilan shokka qarshi suyuqliklar va qon ivishini oshiruvchi boshqa moddalarni yuborish, kerak bo‘lgan taqdirda konservatsiya qilingan yoki yangi olingan qon qo‘yishni bilish, novokain bilan mahalliy anesteziya, blokada, yumshoq to‘qimaning yaralarini birlamchi xirurgik ishlovini o‘tkazish, transportda immobilizatsiya qilishni, tashqi qon oqishni tomponada qilish, qon tomirni bog‘lash yoki qon oqayotgan tomirlarga qisqich qo‘yish yo‘li bilan to‘xtatish; kateterizatsiya qilish va siydik pufagini teshish; traxeostomiya qilishni; plevra bo‘shlig‘ini teshishni yoki pnevmotoraks holatida drenaj qilishni; yurakni ko‘krak qafasi ustidan massaj qilishni va sun’iy nafas oldirish usullarini bilishi shart;
v) kuygan, sovuq olganda va elektr jarohatlarida yordam ko‘rsatishni, cheklangan miqdorda kuyishlarda va 1-2 darajali sovuq olganda davolashni bilishi kerak.
207. Xirurgiya sohasida feldsher quyidagilarni bilishi kerak:
a) vrachgacha bo‘lgan tibbiy yordamni o‘z vaqtida to‘g‘ri o‘tkazishni va vrach yordamiga muhtoj bemorlarni tezlikda vrachga yuborishni;
b) qon guruhini aniqlashni;
v) qon oqishni vaqtinchalik to‘xtatishni;
g) transportda immobilizatsiya qilishni, turlicha kuyish, jarohatlanish, sovuq urishi va elektr jarohatlarda qoqsholga qarshi emlashni bilishi, yurakni ko‘krak qafasi ustidan massaj qilishni va har xil sun’iy nafas berish usullarini, kislorod apparatidan nafas berishni;
d) teri ostiga, mushaklarga va vena qon tomirlariga dori yuborish usullarini, shokka qarshi suyuqliklarni vena qon tomirlariga tomchilab va jadal yuborish usullarni bilishi;
e) ko‘p uchrab turadigan va o‘tkir xirurgik kasalliklar belgilarini bilish kontingent ichidan yolg‘ondan o‘zini kasal qilib ko‘rsatayotganlarni aniqlay olishi;
j) tibbiy asboblarni, idishlarni va boshqa anjomlarni sterilizatsiya qilishni bilishi kerak.
208. Bemorni tezda kasalxonaga yuborish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
a) qon oqish yoki qon oqmasdan kechadigan qon tomirlar jarohatlanishi, ichdan qon ketishi, teshib o‘tuvchi jarohatlar, suyaklar, bo‘g‘imlar va nerv tolalarini shikastlanishi bilan kechadigan jarohatlanishlar, suyaklar sinishi, bosh miya chayqalishi va lat yeyishi;
b) shok bilan kechadigan katta jarohatlanishlar; gemotoraks va pnevmotoraksga gumon qilingan ko‘krak qafasini shikastlanishi, ichki a’zolar shikastlangan deb gumon qilingan qorindagi va chanoqdagi jarohatlanishlar, “o‘tkir qorin” belgilari bilan kechadigan qorin bo‘shlig‘i a’zolari kasalliklari; tananing qayerida joylashganligidan qat’iy nazar, suyak va tog‘ayni panaritsiy kasalligi, yiringlash chuqur joylashgan abssesslar, flegmonalar, karbunkullar, yuzda joylashgan furunkullar, o‘tkir kechayotgan osteomiyelitlar va artritlar, 2 va 3-darajali kuyish va sovuq urushi;
v) birinchi bor aniqlangan xavfli o‘smalar yoki xavfli o‘sma deb gumon qilingan o‘sma kasalliklari.
209. Bemorni transportda olib yurish ahvoliga qarab kasalligi bo‘yicha tegishli ixtisosdagi yaqinroq kasalxonaga yotqiziladi. Kasalxonaga ketish yo‘lida tibbiy tadbirlarni o‘tkazish zaruriyati tug‘ilgan taqdirda uni o‘tkazish uchun bemorni tibbiy xodim kuzatib borishi, o‘zi bilan dori-darmon va tibbiy asboblar qutichasi bo‘lishi kerak. Zudlik bilan kasalxonaga yotqizish kerakligi to‘g‘risidagi yo‘llanmada bemorni ahvoli va ko‘rsatilgan yordam haqida qisqacha axborot bo‘lishi kerak. Bemorni transportda olib yurishda quyidagi tadbirlarni ko‘rish kerak:
a) bosh miya jarohatlarida jabrlanuvchini nafas olishini qiyinlashtirmaydigan va qusish massalari bilan nafas yo‘llari bekilib qolmaydigan holatida ushlash kerak;
b) umurtqa yoki orqa miyani jarohatlanishida, bo‘yin sohasi jarohatida boshni qimirlamaydigan qilib bog‘lab, shokka qarshi choralar o‘tkaziladi, taxtaga yotqizib olib boriladi;
v) ko‘krak va bel sohasi jarohatida-jabrlanuvchini davolash muassasalariga taxtaga yotqizilgan holatda jo‘natiladi, shokka qarshi tadbirlar o‘tkaziladi va kerak bo‘lsa siydik pufagiga katetr qo‘yiladi, isitgich vositalarini ishlatish taqiqlanadi.
210. Murakkab tekshirish va davolash usullari kerak bo‘lmagan va kasalligi (jarohati)14-15 kun davomida davolanishi mumkin bo‘lgan bemorlar (jarohat, lat yeyish, bosh va yuz sohasidan tashqarida yuzaki joylashgan abssseslar va hokazolar) ambulator sharoitda davolanadilar. Xirurgik kasalliklar bo‘yicha tashxis qo‘yish va davolash choralarini o‘tkazish tibbiy bo‘lim laboratoriyasi, rentgenxonasi va boshqa mutaxassisliklar tekshiruvlarini o‘tkazish imkoniyatlariga qarab belgilanadi.
211. Tibbiy bo‘lim vrachi quyidagilarni qila bilishi kerak:
a) o‘tkir zaharlanishlarda, xushdan ketish holatlarida, issiq urganda, cho‘kishda, elektr tokidan zararlanganda, o‘pka, oshqozon va ichakdan qon ketganda, bronxial astma xurujida, to‘satdan bo‘lgan pnevmotoraksda, o‘tkir yurak va qon tomirlar yetishmovchiligida, jigar va yurak sanchganda, o‘pka infarkti va boshqa o‘tkir, og‘ir holatlarda kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsata olishi kerak;
b) yuqori nafas yo‘llarini o‘tkir va virusli yallig‘lanishi, o‘tkir va surunkali bronxit, angina, yurak-qon tomir tizimini funksional buzilishlari, bezgak, gelmintozlar, oshqozonni surunkali yallig‘lanishi, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasini asoratsiz ko‘rinishlari, o‘t pufagini yallig‘lanishi va vitaminlar yetishmovchiligini davolay olishi kerak;
v) kasalxonadan kelgan rekonvolissentlarga dinamik kuzatuv o‘tkazish;
g) o‘tkir jarohatlanish (shu hisobda nurlanish, zaharli moddalar va bakteriologik vositalar bilan) belgilarini bilishi va shu jarohatlanishlarda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsata olish;
d) EKG qilishni va stenokardiya, o‘tkir miokard infarkti, yurak urishining xavfli o‘zgarishlarini EKGda aniqlay bilishi kerak.
212. Ichki a’zolar kasalliklarida feldsher quyidagilarni bilishi kerak:
a) tez uchrab turadigan kasalliklarni aniqlash va ularni davolash, tezlik bilan kechadigan kasalliklarda va zaharlanishlarda kechiktirib bo‘lmaydigan yordam ko‘rsatishni;
b) bemorlarga qarovni tashkillashtirishni va o‘tkazishni;
v) oshqozonni yuvishni bilishi, davolovchi va tozalovchi xuqna (klizma)qilishni bilishi;
g) EKG tekshiruvini o‘tkazishni;
d) oddiy laboratoriya tekshiruvlari natijalarini tahlil qila bilishi (qondagi leykotsitlar soni, gemoglobin, eritrotsitlar cho‘kish tezligi, siydikni umumiy tekshirish natijalari, siydikdagi qandni va oqsillarni aniqlash va hokazolar).
213. Kechiktirib bo‘lmaydigan malakali va statsionar sharoitda davolanishga muhtoj bo‘lgan quyidagi bemorlar zudlik bilan kasalxonaga yotqiziladilar:
a) yurak va qon tomirlarda o‘tkir buzilish bo‘lgan bemorlar (miokard infarkti, stenokardiya xurujining cho‘zilib ketgan hollari), to‘satdan qon bosimini oshib ketishi, o‘tkir revmatizm;
b) o‘tkir zaharlanish, o‘pkaning krupoz zotiljami, o‘tkir nefrit, piolonefrit;
v) yuqumli kasalliklar;
g) miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, yurak ritmining va o‘tkazuvchanligini o‘tkir buzilishi qon aylanishi yetishmovchiligi belgilari bilan, koma holatlari, gemolitik krizlar;
d) elektrolit o‘zgarishlari va suvsizlanish asoratlari bo‘lgan o‘tkir diarreya, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan isitmalar;
e) OITS bilan og‘riganlar;
j) qandli diabetda insulin bilan davolanishga o‘zgartish kiritish hollarida, bronxial astma xurujida va shuningdek, boshqa o‘tkir va og‘ir kechadigan kasalliklarda.
214. Ko‘z va ko‘z atrofi kasalliklarida hamda jarohatlanishlarida tibbiyot bo‘limi vrachi quyidagilarni bilishi kerak:
a) Sivsev jadvali yordamida ko‘rish o‘tkirligini va Rabkin jadvali yordamida rang bilish qobiliyatini aniqlash;
b) ko‘zning mexanik jarohatlanishlarini, termik va ximiyaviy kuyishini aniqlay olishi va bu holatda birlamchi vrachlik yordamini bera olishi kerak;
v) ko‘z qovog‘i govmuchasini va meybomitlarni, ko‘z qovog‘i chetlarini shamollashi va kon’yuktivitlarni, kechki shapko‘rlikni aniqlay bilishi, bu bemorlarni davolashni bilishi, boshqa ko‘z kasalliklarida kerakli tibbiy maslahatlarni uyushtirish va bemorni ko‘z kasalxonasiga (bo‘limiga) yotqazish masalalarini hal qilish.
215. Ko‘z kasalliklarida feldsher (tibbiy hamshira) quyidagilarni bilishi lozim:
a) vrach buyurgan muolajalarni (ko‘zga tomchi dorilarni tomizish, ko‘z qovog‘iga malham dori qo‘yish, ko‘z yuqori qovog‘ini ichini ag‘darish, kon’yuktiva bo‘shliqlarini yuvish, bir yoki ikkala ko‘zga bog‘lov qo‘yish) bajarishni;
b) ko‘z va uning bo‘shliqlarini jarohatlarini aniqlash va vrachgacha bo‘lgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
v) kon’yuktiva va shoxparda qavatlariga tushgan yot jismlarni olib tashlashi;
g) kon’yuktiva va qovoqni shamollash kasalliklarini bilishi va vrachgacha bo‘lgan yordamni ko‘rsata bilishi kerak.
216. Kasalxonaning ko‘z kasalliklari bo‘limiga quyidagi bemorlar yuborilishi mumkin:
a) joylashishi kon’yuktiva va shoxpardani yuqori qavatlarida bo‘lgan holatlardan tashqari ko‘zga begona zarrachalar tushish hollari;
b) ko‘zning mexanik, kimyoviy, nur ta’sirida jarohatlanishi hollari;
v) ko‘z bo‘shliqlarini o‘tkir va davolanishi qiyin bo‘layotgan surunkali kasalliklari, ko‘z olmasi kasalliklari bilan og‘rigan hamma bemorlar, glaukomaga shubha qilinayotgan shaxslar;
g) ko‘rish qobiliyatini asta-sekin pasayib borayotgan yoki birdan ko‘r bo‘lib qolgan shaxslar.
217. Quloq, burun va tomoq kasalliklarida tibbiy bo‘lim vrachi quyidagilarni bilishi lozim:
a) asoratlar bilan kechadigan, hayot uchun xavfli bo‘lgan (xiqildoq stenozi oqibatida bo‘g‘ilish, LOR a’zolardan qon oqishi va hokazolar) LOR a’zolari jarohatlanishi va kasalliklarida shoshilinch tibbiy yordam berishni bilish;
b) quloqni tashqi kasalliklari, dermatitlar, furunkulezlarni davolashni, tashqi eshitish yo‘liga yot jismlar tushishi, tashqi eshitish yo‘li kirish qismida ko‘rinib turgan va yengil yuvish bilan tez chiqib ketishi mumkin bo‘lgan begona narsalarni olib tashlashni, burundan qon oqishni, tashqi burun kasalliklarini, o‘tkir rinitlarni aniqlay olishi va tibbiyot bo‘lim sharoitida davolashni;
v) jarrohlik davolanish usuliga muhtoj bo‘lmagan surunkali faringit, laringit va tonzilitlarni, surunkali yiringli va o‘tkir yallig‘langan o‘rta quloq shamollashlarini (mutaxassis otolaringolog maslahatiga ko‘ra), quloq va buruning I-II darajali kuyishi va sovuq olishlarni davolashni, burun bo‘shlig‘idan qon oqishni to‘xtatishni bilishi kerak.
218. Quloq, burun va tomoq kasalliklarida feldsher (tibbiy hamshira) tezlikda vrach yordamiga muhtoj bo‘lgan quloq, burun, tomoqni o‘tkir kasalliklarini aniqlay olishi, quloq, burun, tomoq kasalliklarida va jarohatlanishlarida vrachgacha bo‘lgan yordamni ko‘rsata olishi, quloq kasalliklarida eshituv yo‘llarini tozalashni, yuvishni bilishi va mutaxassis-vrach ko‘rsatmalarini bajarishi kerak.
219. Burundan tez-tez va qaytalanib qon ketadigan bemorlarni, quloq oldi flegmonalarida, burun jarohatlanganda (mutaxassis vrach xulosasiga ko‘ra), o‘rta quloqni o‘tkir yiringli va surunkali shamollashlarida quloq tog‘ayini shamollashlarida, tashqi quloq ekzemasida, burun bo‘shliqlarini o‘tkir, yiringli, surunkali shamollashlarida, tomoq flegmanoz shamollashlarida, bo‘yin limfa tugunchalari shamollashlarida, ovoz bo‘g‘ilishi yoki yutishni qiyinlashuvi bilan kechadigan laringitlarda, sil, qizilcha, skleroma va yuqumli kasalliklarga o‘xshash holatlarida bemorlarni kasalxonaga yuborish kerak bo‘ladi.
220. Siydik ajratish va jinsiy a’zolar kasalliklarida tibbiyot bo‘limi vrachi quyidagilarni bilishi kerak:
a) siydik ajratish va jinsiy a’zolar jarohatlanganda, buyrak sanchiqlarida, siydik to‘xtab qolganda, parafimozda tez qoldirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsata bilishi kerak;
b) shu a’zolarda bo‘ladigan kasalliklarni (moyakga suv yig‘ilib shishishi, moyak urug‘ yo‘llari kistasi, urug‘ yo‘llari vena qon tomiri kengayib ketishi, fimoz va boshqalar) aniqlay olishi.
221. Feldsher (tibbiy hamshira) siydik ajratish va jinsiy a’zolar jarohatlanganda vrachgacha bo‘lgan shoshilinch yordamni ko‘rsatishni bilishi lozim.
Siydigida qon va yiring bo‘lgan bemorlar (siydik yo‘llarida toshi bor bemorlar, buyrak va siydik yo‘llari o‘smalari va sili, o‘tkir va surunkali uretritlar,siydik pufagi shamollashi, piyelonefrit, orxit, epididemit, prostatit va boshqalar) kasalxonaga davolanishga yuboriladilar.
Siydik ajratish va jinsiy a’zolarni ochiq yoki yopiq jarohatlarida bemorlar tezda kasalxonaga yotqiziladi.
222. Vrach stomatolog yo‘q bo‘lganda stomatologiya kasalliklarini qoldirib bo‘lmaydigan holatlarida tibbiy yordamni tibbiy bo‘lim vrachi ko‘rsatadi. Bu holatlarda vrach quyidagilarni bilishi shart:
a) o‘tkir pulpitni, tish kasallanishidan kelib chiqqan suyak osteomiyeliti va flegmonasi, hamda og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatini aftoz va yarali shamollashini aniqlay olishi va kerakli yordam ko‘rsata bilishi kerak;
b) pastki (yuqori) jag‘ sinishini (chiqishni) aniqlay olishi va yuz sohasi va jag‘ jarohatlanganda unga birinchi yordamni ko‘rsatishi.
223. Stomatologiya kasalliklarida feldsher (tibbiyot hamshirasi) o‘tkir pulpitni, periodontitni, pastki jag‘ni sinishi va chiqqanligini aniqlay bilishi va shu holatlarda yuz-jag‘ sohasi jarohatlarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni bilishi kerak.
224. Ruhiy va asab kasalliklarida vrach quyidagilarni bilishi lozim:
a) asab kasalliklarining asosiy ko‘rinishlarini aniqlash va miya qon aylanishini o‘tkir buzilishlari, meningitlar, ensefalitlar, bosh va orqa miya jarohatlari, epileptik va isterik tutqanoqlarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni;
b) ruhiy kasalliklarni asosiy ko‘rinishlarini aniqlay bilishi, o‘tkir psixologik reaktiv holatlarda tez tibbiy yordam ko‘rsata bilishi, ularni boshqalardan ajratishi va ruhiy kasallar kasalxonasi (bo‘limi)ga jo‘natish, bezovta bo‘layotgan bemorlarni bog‘lab qo‘yish usullarini bilishi kerak;
v) pereferik nerv tizimi kasalliklarini (bel-dumg‘aza o‘tkir radikulitlari, lyumbago, ayrim nervlar nevralgiyasi, nevrologik va astenik holatlarini aniqlay bilishi va tibbiy bo‘lim sharoitida davolashi kerak. Asab-ruhiy kasalliklarida davolash profilaktika tadbirlarini o‘tkazishni tibbiyot bo‘limi shtatidagi yoki shtatsiz mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda olib borishi kerak.
225. Ruhiy va asab kasalliklarida feldsher quyidagilarni bilishi lozim:
a) miya qon aylanishi o‘tkir buzilishlarini, markaziy nerv tizimi jarohatlarini, meningit va ensefalitlarni aniqlay olishi va kerakli tibbiy yordam ko‘rsata bilishi kerak;
b) ruhiy kasalliklarning asosiy simptomlarini bilishi, shunday belgilar aniqlanganda tezda vrachga bildirishi, shu bemorlarni boshqalardan ajratish, o‘tkir ruhiy hayajonlanishlarini to‘xtatish, bemorlarni ruhiy kasalxonalarga jo‘natishni tashkillashtirish, bezovta bemorlarni bog‘lash usullarini bilishi kerak.
226. Teri va tanosil kasalliklarida tibbiyot bo‘limi vrachi quyidagilarni bilishi lozim:
a) asosiy teri va tanosil kasalliklarini bilishi, shu kasalliklarda davolash tadbirlarini o‘tkaza bilishi va kerakli profilaktik choralarini olib borishi kerak;
b) uretrani yuvish uslubini, autogemoterapiya, qon olish va uni serologik tekshiruvga jo‘natishni, uretradan, siydik yo‘lidan va prostata bezidan ajratilayotgan suyuqlikda gonokkoklar borligini tekshirishga surtma olishni bilishi kerak.
227. Teri va tanosil kasalliklarida feldsher (tibbiy hamshira) quyidagilarni bilishi lozim:
a) tez uchrab turadigan teri va tanosil kasalliklarini o‘zi aniqlay olishi;
b) asosiy dori-darmonlarni ishlata bilishi. Teri yuzasiga surkalgan va yopishtirilgan dorilarni teri yuzasidan olib tashlashni;
v) autogemoterapiya uslubini qo‘llashni;
g) uretraga yumshoq katetr yuborishini, Vasserman sinoviga qon olishni bilishi, zamburug‘ va gonokokklarni laboratoriya sharoitida aniqlash uchun materiallarni olish va jo‘natishni bilishi, uretrani yuvishni o‘tkaza olishi kerak.
228. Yuqorida sanab o‘tilgan tadbirlarni o‘tkaza oladigan tibbiyot xodimlarini tayyorlashga muassasa tibbiyot bo‘limi boshlig‘i shaxsan javob beradi.
Statsionar tibbiy yordamni tashkillashtirish
229. Tibbiy bo‘lim statsionariga quyidagilar yotqiziladi:
a) statsionar sharoitda 14—15 kundan ortiq davolanishi shart bo‘lmagan bemorlar;
b) kasalxonadan qaytgan bemorlar davolanishini oxiriga yetkazish uchun;
v) yuqumli kasalliklarga chalingan yoki unga gumon qilingan shaxslarni kasalxonaga jo‘natilgunga qadar boshqalardan ajratib saqlab turish uchun;
g) ahvoli og‘irligi uchun transportda jo‘natib bo‘lmaydigan bemorlarni ahvoli yengillashguniga qadar davolash uchun;
d) dispanser nazorati rejasiga ko‘ra dispanser nazorat guruhidagilarni yoki sog‘lomlashtirish guruhiga kiritilgan bemorlar;
e) og‘ir kasalligi tufayli muddatidan ilgari jazoni ijro etishdan ozod qilinishi lozim bo‘lgan mahkumlarni yotoqxonalarda saqlash mumkin bo‘lmasa va ularni JIEBB kasalxonasiga yuborish uchun zarurat bo‘lmasa, ularni statsionar sharoitda saqlash uchun.
230. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i ushbu muassasadagi kasallarni davolash uchun shtat bo‘yicha belgilangan miqdorda o‘rin-joylarni joylashtirish va ularni unumli ishlatishni ta’minlaydi.
231. Bemorlar statsionarga tibbiy bo‘lim vrachi tomonidan tibbiy ambulator daftarga yozilgan shunday tibbiy tekshiruv va davolash o‘tkazish haqidagi xulosa asosida qabul qilinadi. Statsionarga yotqizilgan bemorlar haqidagi ma’lumotlar “Qabul qilingan, davolanib chiqqan va kasalxonaga qabul qilish rad etilgan bemorlarni qayd etish daftari”ga yozib qo‘yiladi.
Statsionarga yotqizilgan bemorlarga o‘rnatilgan tartibdagi tibbiy hujjatlar rasmiylashtiriladi. Statsionarga bemor reja asosida yoki shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yotqizilganda, bu haqda turkum boshlig‘i xabardor qilinadi.
232. Statsionarda bir necha xona bor bo‘lganda, yuqumli va teri kasalliklari, ruhiy bemorlar boshqalardan alohida saqlanadilar.
233. Statsionarga tushgan barcha bemorlar, ular ahvoliga qarab to‘liq yoki qisman sanitariya tozalanishidan o‘tishi shart. Zarur hollarda bemorning ichki kiyimlari dezinfeksiya qilinadi. Bemorning poyabzali va kiyimlari statsionar binosida saqlanadi. Kiyimlari yuvishga topshiriladi va statsionardan ketayotganda qaytarib beriladi.
Bemor statsionarda bo‘lgan vaqt ichida tibbiy bo‘limda qo‘llanilayotgan kerakli hamma tekshiruv uslublaridan o‘tishi kerak, zarur hollarda maslahat yordami berish uchun ichki ishlar tibbiyot maskanlari yoki sog‘liqni saqlash idoralari mutaxassislari jalb etiladi. Rejalashtirilgan tibbiy maslahat ko‘rigi jadval asosida, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati bo‘lganda kunning istalgan vaqtida o‘tkaziladi. Tibbiy bo‘lim vrachlari bemorlarni har kuni ko‘radilar. Bemorni ahvoli yengilroq hollarda tibbiyot daftariga ko‘ruv natijalari 3 kunda bir marta, agar bemorning ahvoli o‘rta og‘irlikda va og‘ir bo‘lsa har kuni yoziladi. Statsionardagi bemorlarni tibbiy bo‘lim boshlig‘i majburiy ravishda haftada bir marta statsionarga kelgan kuni va ketishi oldidan ko‘rishi kerak. Vrachning belgilangan davolash tadbirlarini, tana haroratini o‘lchash, antropometrik o‘lchamlarni o‘tkazishlar feldsher (hamshira) zimmasiga yuklatiladi, unga yana bemorlar tomonidan ichki tartib qoidalariga rioya qilishni kuzatish topshiriladi. O‘rnatilgan kun tartibi ko‘rinarli joyga ilib qo‘yiladi.
234. Tibbiy bo‘lim statsionarida tibbiy yordam ko‘rsatish hajmi undagi bor bo‘lgan mutaxassislar bilan aniqlanadi.
235. Tibbiy bo‘lim statsionarida 1—2 yuqumli kasalga mo‘ljallangan alohida xona (izolyator) ajratiladi. U yerdagi o‘rinlar soni statsionarning imkoniyatiga qarab belgilanadi. Yuqumli kasalliklar uchun alohida xona shu kasallikka chalingan bemorlar (shu hisobda sil kasalliklari) va yuqumli kasallikka chalingan bo‘lishi mumkinligi xavfi tug‘ilganda, ularni boshqalardan ajratgan holda saqlash uchun mo‘ljallanadi, shu yerda ularga birlamchi vrachlik yordami, uni kuzatuvi va parvarish o‘tkaziladi, kasalini aniqlash uchun tahlillar o‘tkaziladi. Izolyatorda har kungi va umumlashtiruvchi dezinfeksiya o‘z vaqtida o‘tkazilishi kerak. Izolyatorda tibbiy xodimlar shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilgan holda, alohida maxsus ish kiyimlarda ishlashlari shart. Tibbiy bo‘lim statsionarida kechayu-kunduz sanitar navbatchilik qilishi kerak. Statsionarda navbatchi xodimlar sonini tibbiy bo‘lim boshlig‘i belgilaydi.
236. Statsionarda yotgan bemorlarni, ularga jo‘natilgan narsalarni olishi yoki qarindoshlari bilan uchrashuvga chiqishi jazoni ijro etish muassasalarida ichki tartibot qoidalari yoki tergov hibsxonalarida tergov qilinayotganlarni saqlash qoidalari asosida bemorning kasalligini va sog‘lig‘i ahvolini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
237. JIEM, TXda o‘lgan maxsus kontingent o‘limi sababi IIV Tibbiyot boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tahlil qilinishi va tegishli tavsiyalar berilishi uchun, o‘lgan shaxsning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixi o‘tkazilgan barcha tibbiy tekshiruvlar natijalari bilan, ambulator tibbiy daftar, vrach-patalogoanatom yoki sud-tibbiy ekspert tekshiruvi xulosasi) o‘lim holati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgandan va hujjatlar prokuraturadan qaytib kelganidan so‘ng 10 kun muddat ichida IIV Tibbiyot boshqarmasiga yuboriladi. Tibbiy hujjatlarni o‘z vaqtida yuborilishiga muassasa boshlig‘i javob beradi.
238. Barcha taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib tahlil qilinganidan so‘ng IIV Tibbiyot boshqarmasi mutaxassislari xulosasi bilan birga bir oy muddat ichida, o‘lgan mahkumni shaxsiy yig‘ma jildiga tikib qo‘yish uchun muassasaga qaytarib yuboriladi.
VIII-bob. Kasalxona sharoitida statsionar yordamni tashkil qilish
239. Mahkumlarni davolashga mo‘ljallangan kasalxonalar (bundan keyin kasalxonalar deb yuritiladi) maxsus kontingentni saqlash va davolashga xizmat qiladigan davolash-profilaktik muassasalari hisoblanadi. Bu maqsadlar uchun kasalxona malakali va ixtisoslashgan tibbiy statsionar, ambulator-maslahat hamda JIEM va TX tibbiy bo‘limlariga tashkiliy metodik yordamlarini ko‘rsatadi. Tergov qilinayotgan shaxslar kasalxonaga yuborilganda bu haqda jinoyat ishini olib borayotgan shaxs yoki organga xabar beriladi. Alohida hollarda, istisno tariqasida IIV JIEBB bilan kelishilgan holda tarbiya koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan voyaga yetmaganlar katta yoshdagi mahkumlar kasalxonasiga yotqiziladi.
240. Manzil-koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar, muassasa joylashgan hududdagi sog‘liqni saqlash idoralariga qarashli davolash-profilaktika muassasalarida davolanadilar.
241. Kasalxona o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-ijroiya kodeksi, hamda jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda tashkil qiladi. Davolash-profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, epidemiyaga qarshi va sanitariya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunlari asosida va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining me’yoriy hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi IIVning buyruqlari, ko‘rsatmalari, O‘zbekiston Respublikasi IIV Tibbiyot boshqarmasi, JIEBB, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, viloyatlar IIB tibbiyot bo‘lim (xizmat)lari ko‘rsatmalari, hamda ushbu Qoidalar talablariga mos holda tashkil etiladi.
242. Kasalxonalar quvvati, alohida joylashish va faoliyat ko‘rsatish imkoniyatiga qarab jazoni o‘tash joylarining mustaqil davolash muassasasi holida yoki jazoni ijro etish muassasasi tarkibida tashkil etilishi mumkin. Jazoni ijro etish muassasasi qoshida faoliyat ko‘rsatuvchi kasalxonalar muassasaning alohida hududida joylashadi. Kasalxona tegishli tibbiy uskuna va jihozlar, xo‘jalik buyumlari, transport va boshqa jihozlar bilan muassasa hisobidan ta’minlanadi. Jazoni ijro etish muassasasi qoshidagi kasalxonada tartibni saqlash, maxsus hisob yurgizish, tarbiyaviy ishlarni va moddiy ta’minot tadbirlarini muassasa ma’muriyati ta’minlaydi. Mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatuvchi kasalxonalarda tegishli xizmatlar jazoni ijro etish muassasalari uchun belgilangan me’yorlar asosida tashkil etiladi.
Ma’muriy-xo‘jalik, tezkor-tartibot, tarbiyaviy faoliyatlar va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi IIVning tegishli me’yoriy hujjatlari asosida olib boriladi.
243. Belgilanayotgan vazifasi, xizmat ko‘rsatish hududi, mahkumlar soniga qarab, markaziy, viloyat, viloyatlararo, respublika, maxsus turdagi yoki ko‘p tarmoqli 50 va undan ortiq o‘rin-joyli kasalxonalar tashkil etiladi va faoliyat ko‘rsatadi. Viloyatlarda tashkil etilgan kasalxonalar Ichki ishlar vazirligining buyrug‘i bilan boshqa viloyatlarda joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarga maxsus turdagi tibbiy yordamni ko‘rsatadilar.
244. Sil, ruhiy, tanosil va yuqumli kasalliklar bilan kasallangan mahkumlarni davolash va saqlash uchun maxsus turdagi kasalxonalar yoki umumsomatik kasalxonalarda maxsus bo‘linmalar (palatalar) tashkil etiladi.
245. Mahkumlar kasalxonalari quvvatiga ko‘ra quyidagi bo‘limlardan iborat bo‘ladi:
a) qabul bo‘limi (tashxisot uchun o‘rin-joy yoki izolyator bilan, yuvinish xonasi bilan);
b) o‘rin-joylar asosiy ixtisosiga ko‘ra davolash bo‘limlari, reanimatsiya va jadal intensiv terapiya xonalari;
v) davolash-tashxisot xonalari;
g) tashkiliy metodik xona;
d) klinik, bioximik, bakteriologik laboratoriyalar;
e) prozektor xonasi;
j) tibbiy arxiv;
z) ma’muriy xo‘jalik qismi (oshxona, kir yuvish-yuvinish bo‘limi, omborxonalar va boshqalar);
i) dorixona.
Kasalxonada xodimlarning xizmat vazifalari, kasallar uchun ichki tartib qoidalari, xodimlar uchun mehnat tartibi qoidalari hamda ish rejalari ishlab chiqilishi kerak.
246. Kasalxonada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizomlar asosida faoliyat ko‘rsatuvchi kasalxona kengashi, davolash-tekshirish komissiyasi, tibbiy hamshiralar kengashi, hamda dastlabki tibbiy komissiya tashkil etiladi.
247. Kasalxona faoliyatiga kasalxona boshlig‘i rahbarlik qiladi. U belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan bo‘shatiladi. Mustaqil muassasa bo‘lib hisoblanuvchi kasalxonalarda kasalxona boshlig‘i jazoni ijro etish muassasalari ichki tartib qoidalarini qo‘llanishi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalari boshliqlariga belgilangan huquqlardan foydalanadi, ma’muriy va tartibot talablari bo‘yicha IIV JIEBB rahbariyatiga, tibbiy ta’minot masalalari bo‘yicha IIV Tibbiyot boshqarmasi boshlig‘iga bo‘ysunadi. Jazoni ijro etish muassasasi qoshida faoliyat ko‘rsatuvchi kasalxona boshlig‘i ma’muriy masalalar bo‘yicha ushbu muassasa boshlig‘iga va JIEBB rahbariyatiga, tibbiy-sanitariya ta’minoti masalalari bo‘yicha O‘zR IIV Tibbiyot boshqarmasi boshlig‘iga bo‘ysunadi.
248. Mustaqil muassasa bo‘lib hisoblangan kasalxonalar O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan va o‘z nomi yozilgan dumaloq muhrga, shuningdek, xo‘jalik va pul hujjatlari uchun muhrga ega bo‘ladi. Kasalxona IIV buyruqlari bilan belgilangan shakllarda tibbiy hisobotlarni yurgizadi va belgilangan muddatlarda hisobotlarni taqdim etadi.
249. Kasalxona quyidagilarni amalga oshiradi:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlardagi va biriktirilgan ma’muriy hududlardagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarga kerakli hajmda yuqori malakali, ixtisoslashgan statsionar tibbiy yordamni ko‘rsatish. Bunda, bemorlarni davolashda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridagi tibbiy bo‘limlar bilan uzviylik bo‘lishi lozim;
b) kasalxonada davolash-tashxisot ishlarini takomillashtirish, o‘rin-joy fondidan unumli foydalanish va o‘limni kamaytirishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish. Kompleks davolashda parhez taomlaridan, davolashning fizioterapevtik, davolash badan tarbiyasi, mehnat terapiyasi va sog‘liqni qayta tiklashni boshqa usullaridan keng foydalanish, davolash tartibini unumli qo‘llash;
v) tibbiyot fani va amaliyotida erishilgan yutuqlar asosida kasalliklarni oldini olish, tashxisi va davolash bo‘yicha zamonaviy usul va manbalarni o‘zlashtirish, ularni kasalxona va muassasalar tibbiy bo‘limlari ishiga joriy etish, hamda IIV, IIBB, IIB va sog‘liqni saqlash idoralari davolash-profilaktika muassasalarini ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish, umumlashtirish va amaliyotga keng yoyish;
g) mahkumlarning mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yoki doimiy yo‘qotganligini aniqlash va nogironlik guruhlarini belgilash uchun o‘rnatilgan tartibda Tibbiy mehnat ekspert komissiyalari ( bundan keyin TMEK deb yuritiladi) ko‘rigidan o‘tkazish. Kasalligi tufayli jazoni o‘tash joylaridan muddatidan ilgari ozod etish mumkin bo‘lgan mahkumlarni kerakli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish va ularni tibbiy hujjatlarini tayyorlash hamda IIV Maxsus tibbiy komissiyasiga taqdim etish;
(249-bandning “g” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
d) jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari tibbiy bo‘limlariga tashkiliy-metodik va maslahat yordami berish;
e) kasalliklarni boshlanish davrida aniqlash, kasallarni rejali davolashga ajratish maqsadida, mahkumlarni reja asosida profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarida qatnashish;
j) jazoni ijro etish muassasalarida, lozim bo‘lganda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish institutlari, hamda sog‘liqni saqlash idoralarining malakali mutaxassislarini taklif etib, shifokorlarni klinik va patalogo-anatomik konferensiyalarini, majlislarini o‘tkazish yo‘li bilan kasalxona, jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari shifokorlari va o‘rta tibbiy xodimlari kasb mahoratini oshirish;
z) kasalxona hududida sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazish. Kasalxonada davolanayotgan va xo‘jalik xizmatlarida band bo‘lgan mahkumlar bilan sanitariya-gigiyena tarbiya ishlarini olib borish;
i) kasalxonada mahkumlarni saqlash qoidalariga amal qilish, ular orasida tartib va intizomni saqlash, o‘rnatilgan tartib talablari buzilishini oldini olish.
Bemorlarni qabul qilish tartibi
250. O‘tkir kasalliklar bilan og‘rigan yoki surunkali kechuvchi kasalligi xuruj qilgan, muassasa tibbiy bo‘limi sharoitida davolash imkoniyati bo‘lmagan va davolash samarasiz yoki bu yerda davolash hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan, tibbiy bo‘lim statsionarida davolash davrida ahvoli og‘irlashgan, chuqur diagnostik tekshiruv va klinik kuzatuvni talab qiladigan hollarda bemor mahkumlar muassasa ma’muriyati tomonidan yo‘llangan vrach (feldsher) xulosasi asosida kasalxonaga yotqiziladilar.
251. Statsionar sharoitida rejali davolashi kasalxona tomonidan o‘rnatilgan muddatlarda tavsiya etilgan, ariza (shikoyat, ko‘rsatma) bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilangan, nogironlik guruhini olish, tasdiqlash zarurati bo‘lgan mahkumlarni kasalxonaga yuborish uchun naryad so‘raladi. Naryad vazirlik tomonidan qabul qilingan me’yoriy hujjatlar asosida o‘rnatilgan tartibda beriladi.
252. Qolgan barcha holatlarda, shuningdek, shoshilinch holatlarda bemorlarni kasalxonaga yuborish va qabul qilish, naryadsiz, ushbu Qoidalarni 250-bandi talablari asosida amalga oshiriladi.
253. Kasalxona tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlarni qabul qilishga doimiy ravishda tayyor bo‘lishi shart. Buning uchun kasalxonada ushbu Qoidalarni 2-ilovasida qayd etilgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda zarur bo‘ladigan dori-darmonlar, bog‘lov vositalari va tibbiyot jihozlari zaxirasi mavjud bo‘lishi kerak.
Kasalxona yana mavjud qoidalar asosida yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni qabul qilish, saqlash va davolashni ta’minlaydi. O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar, ular nazorati ta’minlangan holda, sog‘liqni saqlash idoralarining yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi.
254. Bemorlarni kasalxonaga qabul qilish paytida navbatchi shifokor ular to‘g‘risidagi kerakli ma’lumotlarni “Qabul qilingan, davolanib chiqqan va kasalxonaga yotqizish rad etilganini qayd qilish daftari”ga yozib qo‘yadi, statsionardagi kasallar tibbiy varaqasiga esa bemorning anamnezi, tashqi ko‘rik, obyektiv tekshiruv, epidemiologik ma’lumotlari, kasallikni dastlabki tashxisini yozib, kerakli tibbiy muolajalar qiladi va tegishli bo‘limga yuboradi.
Kasalxonaga qabul qilish vaqtida bemorni sinchiklab tintuv qilinadi (uni sog‘lig‘ining holatiga qarab), unga qarashli kiyimi va oyoq kiyimini dezinfeksiya qilinadi, tartibga solinadi va navbatchi shifokor, tibbiy hamshira, kuzatuvchi shaxs tasdiqlagan ro‘yxat asosida bemor kasalxonadan ketgunga qadar saqlashga beriladi.
Kasalxonaga kelgan hamma bemorlar albatta yuvinishlari va kiyimlari almashtirilishi shart.
Bo‘lim shifokorlari ish soati vaqtida kelgan bemorlar, kasalxonaning qabul qilish bo‘limi shifokori yoki navbatchi shifokordan tashqari tegishli bo‘lim shifokorlari tomonidan ham ko‘riladi.
Kasalxonaga kelgan har bir bemor haqida, shu kuni tegishli bo‘lim boshlig‘iga va kasalxona boshlig‘iga ma’lum qilinadi.
255. Bemorlarni qabul qilish rad qilinganda navbatchi shifokor unga lozim bo‘lgan tibbiy yordamni ko‘rsatadi va ambulator tibbiy varaqasiga, hamda “Qabul qilingan, davolanib chiqqan va kasalxonaga yotqizish rad etilganini qayd qilish daftari”ga bu haqda yozib qo‘yadi.
Bemorni kasalxonaga qabul qilish rad qilinganligi sababi va o‘tkazilgan tadbirlar haqida navbatchi shifokor kasalxona boshlig‘iga yoki uning o‘rinbosariga ma’lum qiladi.
256. Bemorlarga kechki va tungi vaqtdagi shifokorlar yordamini, odatdagidek kasalxona shtatidagi shifokorlar ularning bir oyga belgilangan ish vaqti hajmiga binoan olib boradilar.
Shifokorlarning kechki va tungi vaqtdagi navbatchilik tartiblari kasalxonaning ichki mehnat tartibi qoidalari bo‘yicha belgilanadi.
Shifokorlarni davolash-profilaktika ishlariga aloqasi bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Bemorlarni davolash va saqlash
257. Kasalxonaga kelgan bemor kerakli klinik laboratoriya, funksional, rentgenologik, bakteriologik tekshiruvlardan o‘tadi, hamda qo‘yilgan tashxisiga qarab unga tegishli davolash tadbirlari belgilanadi va olib boriladi.
Kasalxonada bemorlarni davolash Sog‘liqni saqlash vazirligining buyruq, qo‘llanma va ko‘rsatmalari, hamda IIV Tibbiyot boshqarmasi ko‘rsatmalari bilan belgilangan zamonaviy tibbiyot fani talablari asosida olib boriladi. Bunda davolash jarayoniga samarali yordam beradigan parhez taomlar, fizioterapevtik davo usuli, davolash badan tarbiyasi, mehnat terapiyasi va boshqa sog‘liqni qayta tiklash davo usullari ham qo‘llaniladi.
258. Kasalxonada yangi dorilarni klinik sinab ko‘rish maqsadida qo‘llash qat’iyan taqiqlanadi.
259. Davolashda, kasallikni tashxisini va qanday kechishini aniqlash davomida uchragan qiyin savollarni va boshqa echilmayotgan savollarni hal etish maqsadida kasalxona shifokor-mutaxassislari bilan IIV Tibbiyot boshqarmasi mutaxassislari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy klinik institutlari va hududiy sog‘liqni saqlash idoralari mutaxassislari ishtirokidagi maslahat yordamlari, hamda konsiliumlar uyushtiriladi.
260. Maxsuslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun bemor bir bo‘limdan ikkinchi bo‘limga mutaxassis-shifokorni xulosasi va tegishli bo‘lim rahbarlarining kelishuvi, hamda kasalxona boshlig‘ini (yoki uning tibbiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari) yozma ravishdagi ruxsati asosida o‘tkaziladi. Shoshilinch paytlarda bemorlarni boshqa bo‘limiga ko‘chirish navbatchi shifokor ko‘rsatmasiga asosan amalga oshiriladi va bu haqda statsionar bemorning tibbiy varaqasiga uning bir bo‘limdan boshqasiga o‘tkazilishi sababi ko‘rsatilib tegishli yozuv qilinadi, hamda bu haqda kasalxona boshlig‘i yoki uning tibbiy masalalar bo‘yicha muoviniga xabar qilinadi.
261. Ayrim hollarda, kasalxonada ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati bo‘lmaganda bemorlar sog‘liqni saqlash idoralari davolash muassasalariga ularning qo‘riqlanishi ta’minlanib yuboriladi.
262. Kasalxona davolash bo‘limlarida har xil turdagi JIEMlaridan kelgan mahkumlarni birga saqlashga ruxsat etiladi. Quyidagilar boshqalardan ajratilgan holda, hamda boshqa mahkumlar kirishiga yo‘l qo‘yilmaydigan maxsus ajratilgan va jihozlangan palatalarda saqlanadilar: o‘ta xavfli retsidivistlar, o‘lim jazosi avf etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan mahkumlar, sud va huquq-tartibotni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlariga mansub mahkumlar, turma rejimida jazo o‘tayotgan mahkumlar.
263. Kasalxonalardagi palatalar maydoni somatik bemorlar uchun bir o‘rin-joy uchun 4 metr kvadratdan kam bo‘lmasligi kerak.
264. O‘zining tizimida psixiatrik va yuqumli kasalliklar bo‘limlari (palatalari) bo‘lgan kasalxonalarda, shu turkum bemorlarni alohida tegishli holda saqlanishi va ularni xatti-harakatini doimiy nazorat qilishni ta’minlaydigan rejim bo‘lishi lozim.
265. Kasalxona tartibini ashaddiy buzuvchi mahkumlar faqat o‘zi va atrofidagilar hayoti, hamda sog‘lig‘iga xavf solmagan taqdirdagina kasalxonadan chiqariladi va o‘zi saqlanayotgan joyga yuboriladi. Bemorni kasalxonadan chiqazish kasalxona boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari ruxsati va mutaxassis-shifokorning xulosasi asosida amalga oshiriladi, hamda bu haqda kasallik tarixiga va bemorning “Ambulator tibbiy daftari”ga yozib qo‘yiladi.
266. Bemorlarni ovqatlanishini tegishli ovqatlanish me’yoriga va diyetologiya talablariga binoan tashkil qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlari shifokor-diyetolog (diyethamshira) yoki kasalxona boshlig‘i tomonidan biriktirilgan javobgar shaxs ishtirokida ajratiladi.
Navbatchi shifokor tayyor taomlarni sinab ko‘rganidan so‘ng ovqatni tarqatishga ruxsat beradi, sinab ko‘rilgandan so‘nggi natijalari daftarga yoziladi. Har bir taom oshxonada muassasa boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan taomnoma bo‘yicha tayyorlanadi.
267. Kasalxonada saqlanayotgan bemorlarga kasalxonaning o‘zida oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj mollari sotish uchun mo‘ljallangan do‘konlar tashkil etiladi.
268. Bemorlarni hammomda yuvinishi va kiyimlari hamda o‘rin-ko‘rpa jildlarini, choyshablarini almashtirish haftada bir marta amalga oshiriladi. Zaif bemorlarni kiyimlari zaruriyatga ko‘ra tez-tez almashtiriladi.
Bemorlarni tungi uyqu davomiyligi 8 soatdan kam bo‘lmasligi, tushlikdan so‘nggi dam olish 1 soatdan kam bo‘lmasligi zarur.
Bemorlarni har kungi ochiq havoda sayr qilishi, ob-havoni hisobga olgan holda o‘tkaziladi va uni o‘tkazish shartligi shifokor tomonidan belgilanadi.
269. Bemorning tibbiy tekshiruv natijalari bo‘yicha barcha ma’lumotlar kasallik tarixiga yoziladi. Ular albatta to‘liq, tartib bilan va aniq bayon qilinishi kerak. “Statsionardagi kasallar tibbiy varaqasi” kasalxonada bemorga tuzilgan asosiy hujjat hisoblanadi.
270. Davolash-tashxisot va shifokorlar xonalarida, hamda navbatchi hamshiralar ish joyida tashvishli xabar berish moslamalari va halokatli (avariya) holatlarda qo‘llaniladigan yoritgichlar o‘rnatiladi.
Bemorlarni kasalxonadan chiqarish
271. Bemor statsionarda davolanib bo‘lgandan so‘ng, qoida bo‘yicha uni davolashga yuborgan JIEMga qaytarib yuboriladi.
Sil bilan kasallangan va I, II, Ya, Yb dispanser hisob guruhi (DXG) bilan nazoratda bo‘lgan mahkumlar ambulator davolanish uchun davolash huquqiga ega bo‘lgan ixtisoslashgan JIEMlarga jo‘natiladi. Tanosil kasalligiga chalingan, hamda surunkali alkogolizm va narkomaniya kasalligiga chalingan mahkumlar, bunday bemorlarni saqlash va davolashga mo‘ljallangan muassasalarga yuboriladilar (7-ilova).
272. Statsionardagi kasallar tibbiy varaqasi arxivga topshirishdan oldin to‘liq rasmiylashtiriladi. Chiqaruv epikrizida anamnezi, kasallikni rivojlanishi, tashxisni asoslash, olib borilgan davo va uning samarasi, kasallik natijasi va tavsiyalari haqida qisqacha ma’lumotlar beriladi. Chiqaruv epikrizida davolovchi shifokor, bo‘lim boshlig‘i va kasalxona boshlig‘i (u bo‘lmaganda uning o‘rinbosarlaridan biri) imzolari va to‘ldirilgan vaqti qo‘yiladi. Epikriz nusxasi tibbiy ambulator daftarga tikiladi. Tibbiy ambulator daftar muassasa maxsus bo‘limiga berish uchun o‘sha kuniyoq tibbiy statistik xonasiga topshiriladi.
273. Bemor kasalxonada bo‘lgan davrda jazo muddati tugagan bo‘lsa va yana davolanishga muhtoj bo‘lsa, statsionardagi kasallar tibbiy varaqasidan ko‘chirma berilib, u yashash joyida tanlagan yoki kelishilgan holda yaqin oradagi sog‘liqni saqlash idoralari davolash muassasasiga davoni davom ettirishga yuboriladi.
274. Bemorni kasalxonadagi o‘lim holati davolovchi shifokor tomonidan, u yo‘qligida navbatchi shifokor tomonidan tasdiqlanadi.
Kasalxonada o‘lganlar murdasini patalogoanatom tomonidan yorib ko‘rish o‘rnatilgan tartibda olib boriladi. Kasalxonada vrach-patalogoanatom yo‘qligida murdani yorib ko‘rish sog‘liqni saqlash muassasalari kuchi bilan amalga oshiriladi.
Agar shaxs kuch ishlatib o‘ldirilgan bo‘lsa, jarohat tufayli, zaharlanish yoki uning asoratidan o‘lgan bo‘lsa va yana tiriklik vaqtida kasallik belgilari bo‘lmagan bo‘lsa murdani sud-tibbiy eksperti yorib ko‘radi.
Kasalxonada o‘lgan mahkumning barcha tibbiy hujjatlari (kasallik tarixi o‘tkazilgan barcha tibbiy tekshiruvlar natijalari bilan qo‘shib, ambulator tibbiy daftar, vrach-patalogoanatom yoki sud-tibbiy ekspert tekshiruvi xulosasi) IIV Tibbiyot boshqarmasiga o‘lim sababini tahlil qilish uchun yuborilishi shart. Tibbiy hujjatlarni o‘z vaqtida yuborilishiga kasalxona joylashgan jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘i(mustaqil kasalxonalarda kasalxona boshlig‘i) javob beradi.
275. Kasalxona o‘rnatilgan tartibda kasalxonada sodir bo‘lgan favqulodda holatlar, baxtsiz hodisalar, kasalxonada qayd etilgan yuqumli kasalliklar va har bir o‘lim hollarini IIV JIEBB, IIV Tibbiyot boshqarmasiga xabar beradi.
276. Kasalxona bo‘limlarida epidemik kasalliklar avj olganda, kasalxona bo‘limlarida chegaralangan tartib chora-tadbirlari, hamda epidemiya o‘chog‘ini chegaralash va yo‘q qilish kompleks tadbirlari o‘tkaziladi.
Kasalxona tarkibiy bo‘limlari ish xususiyati
277. Jarrohlik bo‘limida quyidagilar bo‘lishi lozim: operatsiya va operatsiyaga tayyorlash xonalaridan tuzilgan operatsion blok (alohida rejali va shoshilinch operatsiyalar uchun) sterilizatsiya, materiallar va anesteziologik xonalar, toza va yiringli bog‘lamlar uchun xonalar, gips, endoskopiya xonalari, imkoniyat bo‘lganda fizioterapevtik xonalar va bog‘lov xonasi yonida rentgen xonasi.
278. Og‘ir bemorlar va operatsiyadan keyingi bemorlar uchun intensiv terapiya palatalarida bemor ahvolini uzluksiz nazorat qilish, quvvat beruvchi terapiya, reanimatsiya va diqqat bilan parvarish qilish uchun sharoit ta’minlanishi kerak. Har bir operatsiya blokida anesteziologik xonalar jihozlanishi lozim va bu yerda anesteziya uchun narkoz, nafas olish, nazorat-o‘lchov va boshqa anesteziyaga tegishli apparatlar bo‘lishi, bundan tashqari material va tibbiy-uskunalar shkaflari, steril stoli, bikslar uchun stol, sterilizator jihozlanadi. Shu xonaning o‘zida anesteziologiya hamshirasi intubatsion naychalarni, bronxoskoplarni, laringoskoplar, nafas qoplari va boshqalarni ishga tayyorlaydi.
279. Operatsiya xonasida operatsiya stollari soniga mos ravishda narkoz apparatlari, respiratorlar, defibrillyator, elektrso‘rgich, anesteziya uchun zarur bo‘lgan farmakologik moddalar va tibbiy anjomlar bilan jihozlangan ko‘chma narkoz stoli bo‘lishi lozim.
280. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida siqilgan gaz ballonlarini operatsiya xonasida emas, balki maxsus jihozlangan xonada saqlash lozim.
281. Terapiya bo‘limida shoshilinch holatlarda (kollaps, o‘tkir yurak yetishmovchiligi va reanimatsiya tadbirlari uchun) tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun palata bo‘lishi kerak.
Terapiya bo‘limida steril va odatdagi tibbiy muolajalar uchun kamida ikkita muolaja xonasi jihozlanadi. Endoskopiya tekshiruvlari (gastroskopiya, bronxoskopiya), hamda oshqozon-ichakni zond bilan tekshirish uchun alohida xonalar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Palatalar mumkin qadar ixtisosligi bo‘yicha (kardiologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya) jihozlanishi tavsiya etiladi.
282. Sil kasallar bo‘limida: yuvinish joyi bo‘lgan bemorlarni qabul qilish xonasi, bemorlar jarrohlik muolajalaridan keyin yotadigan palatalar, bog‘lov xonasi hamda mehnat terapiyasi uchun maxsus ajratilgan xonalar bo‘lishi lozim.
Sil kasallar bo‘limining maxsus xonalari hisobiga quyidagilar kiradi:
a) rentgen xonasi fotolaboratoriyasi bilan;
b) nafas olish funksiyasini tekshirish xonasi;
v) ingalyator bor bo‘lgan laringologik va bronxologik xonalar;
g) stomatologiya (tish vrachi) xonasi;
d) fizioterapevtik xona;
e) sil kasalligiga qarshi ishlatiladigan dorilar va qonni o‘rnini bosuvchi eritmalarni venaga tomchi usulda quyish uchun xona;
j) “yiringli” yaralarni bog‘lov xonasi;
z) balg‘am yig‘ish idishlarini dezinfeksiya qilish va balg‘amni zararsizlantirish xonasi.
283. Teri-tanosil kasalliklari bo‘limida quyidagilar bo‘lishi lozim:
a) teri kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun bog‘lov xonasi va tanosil kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun alohida muolaja xonasi;
b) urologiya xonasi (agar so‘zak kasalligi bilan og‘rigan bemorlar soni ko‘p bo‘lsa);
v) teri kasalligi, zaxm, so‘zak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun palatalar va kasallik tashxisi aniq bo‘lmagan bemorlar uchun alohida palatalar;
g) yordamchi xonalar: zaxm kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun alohida ajratilgan idish-tovoqlar bo‘lgan oshxona, ovqatni tarqatish xonasi, idish yuvish xonasi (zaxm kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun ajratilgan idishlar boshqa idishlardan alohida yuviladi);
d) tanosil kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun alohida hojatxona.
284. Quloq, burun va tomoq kasalliklari bo‘limida imkoniyat darajasida quyidagi xonalar bo‘lishi lozim: ko‘ruv, muolaja, bog‘lov, operatsiya, operatsiyadan keyin yotish xonalari, endoskopiya, audiometriya va vestibulometriya xonalari, 30 va undan ortiq o‘rin-joyli bo‘limlarda bulardan tashqari ingalyator va fizioterapevtik xonalar jihozlanadi.
285. Ko‘z kasalliklari bo‘limida quyidagilar bo‘lishi lozim: deraza oynalari qora parda bilan to‘silgan ko‘ruv xonasi, tibbiy uskunalar va oftalmoskopiya uchun xona, alohida operatsiya xonasi, bog‘lov xonasi, derazalari qoraytirilgan operatsiyadan keyin yotish mo‘ljallangan palata. Virusli epidemik keratokon’yuktivit kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash yuqumli kasalliklar bo‘limida amalga oshiriladi.
286. Ruhiy kasalliklar bo‘limi alohida binoda joylashadi, alohida binoda joylashtirish imkoniyati bo‘lmaganda umumiy davolash binosining pastki qavatida joylashtiriladi. Bo‘limda mahkumlarni alohida saqlash, barcha turdagi ruhiy kasallarni xatti-harakatlarini nazorat qilish, hamda tibbiy xodimlarni xavfsiz ish sharoitini ta’minlovchi tegishli rejim o‘rnatiladi. Bo‘lim tarkibida o‘tkir ruhiy kasal va ruhiy holati xuruj olgan bemorlarni tekshirish va davolash uchun palatalar, hamda 2 ta o‘rin-joyga mo‘ljallangan alohida palata ko‘zda tutiladi.
287. Asab kasalliklari bo‘limini imkoni boricha binoning 1-qavatida va fizioterapiya xonasi bilan yonma-yon joylashtiriladi. Kasalxonada ruhiy kasalliklar bo‘limi bo‘lmasa, asab kasalliklari bo‘limida ruhiy kasal bemorlarni vaqtinchalik saqlash uchun maxsus alohida palata jihozlanadi.
288. Yuqumli kasalliklar bo‘limida quyidagilar bo‘lishi lozim: yuvinish joyi bo‘lgan bemorlarni ko‘rib, qabul qilish xonasi, tashxisi aniq bo‘lmagan bemorlar uchun alohida palata va turli yuqumli kasalliklar uchun palatalar, eng kamida ikkita hojatxona. Yuqumli kasalliklarga chalinganlarni laboratoriya tekshiruvlari kasalxonaning bakteriologik va boshqa laboratoriyalarida amalga oshiriladi. Bo‘limda, kasalxonada yuqumli kasalliklar tarqalishini, tibbiy xodimlarni yuqumli kasallik bilan zararlanishini va yuqumli kasalliklarni kasalxonadan tashqariga tarqalishini oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda kerakli tadbirlar olib boriladi.
289. Ginekologiya bo‘limida, bog‘lov xonalari, maxsus ko‘rik xonasi va ayollar uchun hojatxonani (issiq suv bilan) ko‘zda tutish lozim bo‘ladi.
290. Tug‘ishdan keyingi sektor tarkibida: bog‘lov xonasi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun xona, tuqqan ayollar uchun palatalar, izolyator va sanitariya yuvinish (vanna) xonasi jihozlanishi lozim.
291. Bemorlar kasalxonadan chiqmasdan davolanishlari uchun, fizioterapiya xonasi shu kasalxonani binosida joylashgan bo‘lishi kerak. O‘zi yura olmaydigan kasallarni fizioterapiya yordami bilan ta’minlash uchun olib yuradigan apparatlar bo‘lishi lozim.
292. Funksional diagnostika xonasi elektrokuchli qurilmalari bor binolardan uzoq bo‘lishi shart. Xona elektrokardiograf, fonokardiograf, reograf, asosiy almashish, tashqi nafas funksiyasini aniqlaydigan va audiometriya apparatlari bilan jihozlanadi. Fotolaboratoriya va xo‘jalik xonasi bo‘lishi kerak.
293. Rentgenxonasini boshqa bo‘limlar bilan, ayniqsa jarrohlik, terapevtik va sil kasali bo‘limlari bilan yaxshi aloqa bo‘lishini mo‘ljallab joylashtirish zarur.
Yirik kasalxonalarda fotolaboratoriyali statsionar rentgenxonalar filiallari bo‘lishi lozim, ayniqsa jarrohlik va sil kasali bo‘limlarida, imkoniyat bo‘lsa qabul bo‘limida xam. Hamma payt nurga, elektrik va yong‘inga qarshi xavfsizlik tartibi qo‘llanishi kerak. Xonani minimal jihozlari ikkita ish joylik (rentgenoskopiya va rentgenografiya) rentgendiagnostika statsionar uskunasi, tomograf qo‘shimchasi, himoya asboblari (pardalar, qo‘lqop, etaklar) shaxsiy dozimetrlar, negatoskop va fotolaboratoriya buyumlari. Yirik kasalxonalarni rentgenlogik bo‘limlarida (kabinetlarda) nurli terapiya apparatini o‘rnatish mumkin, radiatsiyadan himoya qilish choralarini qabul qilib.
294. Kasalxona laboratoriyasida quyidagi kabinetlar bo‘lishi kerak: umumiy klinik, bioximik, bakteriologik tekshirishlarni o‘tkazish uchun (sterilizatsiya, boks va to‘yimli muhidlarni pishirish uchun xonalar), kerak bo‘lsa serologik tekshirishlarni o‘tqazish uchun xam; proba va materiallarni qabul qilish, analizlarni olish va tekshiruv natijalarini berish (registratura) xonalari; reaktiv, idishlarni va jihozlarni saqlash uchun xonalar. Bioximik tekshirish va najas, siydik, balg‘am analizlarini o‘tqazish xonalaridagi tekshiruv materiallari turadigan shkaflar ichidagi havo almashib turishi uchun, ular maxsus moslamalar bilan tashqari havoga chiqarilgan bo‘lishi kerak.
295. Prozektor bo‘limi davolash bo‘limlaridan, yashash seksiyalardan, oziqa bloklaridan uzoq va alohida binoda joylashgan bo‘lishi kerak. Binoda shifokorga alohida xona ajratiladi va gistologik laboratoriya kerakli uskunalar bilan ta’minlanadi.
296. Bemorning o‘lganini davolovchi yoki navbatchi shifokor xulosa berganidan keyin, jasadni prozektor bo‘limiga olib boriladi. Jasadga kuzatuvchi birkalar, o‘lgan vaqtini, kasalxona bo‘limini, familiyasini, ismini, otasining ismini va yoshini ko‘rsatib, biriktirib qo‘yiladi. Bog‘lov, drenajlar va hokazo jasadni yorishdan oldin olib tashlanmaydi. Jasad bilan birga prozektor bo‘limiga uning kasallik tarixi qo‘shib olib boriladi. Yorganda davolovchi shifokor va davolash bo‘limini boshlig‘i bo‘lishi kerak. Patologoanatomik tashxis va epikrizi va shu qatorda tashxislarni to‘g‘ri kelishi kerakli hisobot daftarlariga kiritiladi.
297. Barcha o‘lim hodisalari kasalxonaning davolovchi-nazorat komissiyasi, patalogoanatom ishtirokida o‘rganib chiqiladi. Komissiya kasallikni kechishini, diagnostik va davolash choralarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilganligini, aniqlangan kamchiliklarni va ularning sabablarini sinchiklab tekshirib xulosa chiqaradi. Xulosani komissiyaning raisi kasalxona boshlig‘iga o‘lgan bemor murdasi yorilgandan keyingi 15 kundan kechikmay yetkazadi.
298. Kasalxonada shifokorlarning malakasini oshirish va kasallarni diagnostika va davolash sifatini yaxshilash uchun klinik-anatomik majlislar vaqti-vaqti bilan o‘tkazilib turiladi. Klinik-anatomik majlislarda o‘lim hodisalarini har tomonlama ko‘rib chiqiladi. Zarur bo‘lganda, bu majlislarda ishtirok etish uchun JIEMlar tibbiyot bo‘limlari shifokorlari jalb qilinadi. Majlislarda davolovchi shifokor kasallikni rivojlanish va kechish xususiyatini, diagnostik va davolash choralarini asoslab, batafsil aytib o‘tadi. IIV Tibbiyot boshqarmasi bosh mutaxassislari o‘lgan mahkumni tibbiy hujjatlarini o‘rganish natijasida tayyorlagan tibbiy xulosalari asosida, o‘tkazilgan davolash-profilaktik chora-tadbirlar, ularni o‘z vaqtida o‘tkazilganligini va samaradorligi haqida ma’lumot beradilar. Majlisda patalogoanatom-shifokor quyidagilar bo‘yicha axborot berishi kerak:
a) jasadni yorilganda topilgan va a’zolarni gistologik tekshiruvida aniqlangan asosiy o‘zgarishlar;
b) topilgan o‘zgarishlar patogenezini va o‘limga olib kelgan sabablar bo‘yicha xulosani chiqarish;
v) klinik va patalogoanatomik taqqoslash;
g) davolash-profilaktika tadbirlaridagi xatoliklarni aniqlash va ularning sabablarini aytib o‘tish.
Majlis protokolini kasalxonadan ajratilgan xodim olib boradi.
Kasalxonada tibbiy-statistik ishlarni tashkil qilish
299. Kasalxonada tibbiy-statistik ishlarni amalga oshirish uchun tibbiy-statistik xonasi tashkil etiladi. Kasalxonada tibbiy-statistik ishlarni tashkil qilishga kasalxona tibbiy-statistik xonasi boshlig‘i rahbarlik qiladi.
300. Tibbiy-statistik xonasi quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
a) kasalxonada yurgizilishi lozim bo‘lgan tibbiy statistik hisobot jurnallarini yurgizish ishlarini tashkil qilish;
b) kasalxonaga kelgan, kasalxonadan davolanib ketgan bemorlarni hisobini olib borish;
v) kasalxonani o‘rin-joy fondidan foydalanish, o‘rin-joy rejasini bajarilishini tahlil qilish;
g) kasalxonada sodir bo‘lgan o‘lim holatlarini, har bir bo‘lim va kasalliklar turi bo‘yicha statistik tahlil qilish;
d) kasalxona bo‘limlari taqdim etayotgan statistik ma’lumotlarni to‘g‘riligini nazorat qilish;
e) kasalxona bo‘limlari va bo‘linmalari taqdim etgan statistik hisobot ma’lumotlarini umumlashtirish, kasalxona faoliyatini asosiy ko‘rsatkichlarini hisoblab chiqish asosida kasalxona boshlig‘iga ma’lumotnomalar tayyorlash;
j) IIV buyrug‘i bilan tasdiqlangan tibbiy hisobot shakllari bo‘yicha kasalxona faoliyati haqidagi hisobotlarni tayyorlaydi va belgilangan muddatlarda yuqori turuvchi tibbiy organlarga taqdim etilishini ta’minlaydi;
z) kasalxona yordamchi xizmatlari faoliyati natijalarini hisoblab chiqish.
Kasalxonaning JIEM, turma va TX tibbiy bo‘limlari bilan aloqasi
301. Kasalxona mutaxassis-shifokorlarining muassasalar tibbiy bo‘limlari bilan doimiy aloqasi, maxsus kontingentni davolash-profilaktika choralari bilan ta’minlashni takomillashtiradi, shuningdek, o‘rin-joy fondidan foydalanish samarasini oshiradi.
302. Mutaxassislarni muassasalarga chiqishi yuqori turgan tibbiy boshliqni ko‘rsatmasiga binoan amalga oshiriladi.
Mutaxassislarni qaysi tibbiy bo‘limga borishi kasallanish, tibbiy bo‘limlarning ish yuritish to‘g‘risidagi ma’lumotlari va tibbiy yordam ko‘rsatishdagi xatolari hisobga olingan holda IIV JIEBB bilan kelishiladi.
JIEM va TXlar tibbiy bo‘limlariga chiqilganda kasalxonaning shifokorlari quyidagilarni bajaradilar:
a) tibbiy bo‘limlarni tez yordam, boshqa yordam turlarini va ishlarini (kasalxonani o‘rin-joy fondidan va jihozlardan foydalanish bo‘yicha maslahatlar) tashkillashtirishda yordam ko‘rsatadi;
b) bemorlarni kasalxonaga rejali va shuningdek tibbiy ekspertiza maqsadida tekshirishga yotqizish uchun saralashni amalga oshirish;
v) tibbiy bo‘limlari va kasalxonalarda davolash-profilaktika choralarini o‘tkazish birligini belgilaydi, ko‘rsatma va maslahat qabullarini o‘tkazish, tibbiy bo‘limdagi bemorlarni ko‘rish, mahkumlarni tibbiy tekshiruvlarda qatnashish, tibbiy yordam ko‘rsatishdagi xatolarni shifokorlar bilan ko‘rib chiqish;
g) kasalxonada davolanib qaytganlarni ahvolini tekshirib, ularga tavsiya qilingan davolanishni o‘tkazilishini tekshirish;
d) tibbiy bo‘limlari shifokorlariga yangi diagnostik va davolash usullarini o‘rgatish;
e) tibbiy bo‘limda qilingan ishlar va maxsus kontingentni davolash-profilaktika ta’minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar haqida yuqori turgan tibbiy boshliqqa ma’lum qilish.
Kasalxonada tez tibbiy yordamni tashkillashtirish
303. Kasalxonaga kelgan bemorlarga tibbiy yordam, ular sog‘lig‘ini ahvoliga qarab, qabul bo‘limi yoki davolash bo‘limlarida ko‘rsatiladi. Kasalxona tez tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi uchun, mutaxassis-shifokorlar va o‘rta tibbiy xodimlarning kasalxonadagi navbatchiliklari tashkil qilinadi.
Kasalxona bo‘limlarida quyidagilar bo‘lishi shart:
a) tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun jadvallar, yo‘riqnomalar va ma’lumotnomalar;
b) tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun hamma kerakli narsa bilan jihozlangan shkaf;
v) zarur dori-darmonlar, eritmalar, zardoblar, shokka qarshi va qon o‘rnini bosuvchi suyuqliklar. Jarrohlik asboblari, bog‘lov materiallari, kislorod va boshqalar (jonlantirish va tez tibbiy yordam yo‘riqnoma va ko‘rsatmalariga muvofiq).
304. Shifokorlar kasalxonadan tashqariga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun chaqirilganda, qabul bo‘limida (hamshira postida) maxsus tibbiy to‘plam saqlanadi. To‘plamni tuzish, uning tarkibini nazorat qilish oldindan o‘tkaziladi. Ta’minotga yangi dori vositalari kiritilishi bilan to‘plam tarkibi shunga munosib ravishda o‘zgartiriladi va to‘ldiriladi.
305. O‘tkir kasalliklar bilan kasallangan va jarohatlangan bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun jarrohlik bo‘limida barcha zarur narsalar bo‘lishi kerak. Operatsiya xonasida kamida ikkita qorin bo‘shlig‘i yoki ko‘krak qafasi operatsiyasiga yetadigan barcha asbob-uskunalar, bog‘lov materiallari va choyshablar bo‘lishi kerak, shuningdek zaxiraga konservalangan qon, qon o‘rnini bosuvchi suyuqliklar, sterillangan eritmalar, narkoz va operatsiya uchun mos bo‘lgan tibbiy vositalar.
306. Terapiya bo‘limida tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha o‘tkir kasalliklar va har xil patologik holatlarda: o‘tkir yurak va tomir yetishmovchiligi (o‘pka shishi, shok, kollaps) miokard infarkti va stenokardiya, gipertonik kriz, paroksizmal taxikardiya, to‘liq atrioventrikulyar blokada, o‘pka va oshqozondan qon ketish, spontan pnevmotoraks, bronxial astma, har xil sababli komatoz holatlar, o‘tkir pankreatit, buyrak ustidagi bezni o‘tkir yetishmovchiligi, anafilaktik shok, o‘tkir infeksiya va zaharlanishlar, har xil sababli terminal holatlarda zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va dori-darmon vositalari shay holatda bo‘lishi kerak.
307. Bemorga malakali tez tibbiy yordam ko‘rsatayotgan shaxsning ishini yengillashtirish uchun, barcha dori vositalarni aniq tartibda joylashtirish kerak. Maxsuslashtirilgan bo‘limlarda tez tibbiy yordam bo‘limning turiga qarab amalga oshiriladi.
Tibbiy-nazorat komissiyasi
308. Tibbiy-nazorat komissiyasiga kasalxona boshlig‘i raislik qiladi(yoki uning tibbiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari), komissiya tarkibiga bo‘lim boshliqlari kiradi. Ular har oyda bemorlarni tekshirish va davolash sifatiga baho berishadi. Bunda quyidagilar hisobga olinadi:
a) bemorlarni kasalxonaga o‘z vaqtida va asosli yotqizish;
b) tibbiy bo‘limda o‘tkazilgan tekshirishlar hajmi;
v) bemordan anamnez yig‘ishni, uning ko‘rigini va kasalxonada kuzatishni sifati;
g) tashxisni o‘z vaqtida qo‘yishga va davoni to‘g‘ri tavsiya qilishga yordam beradigan usullarni to‘liq ishlatish;
d) bemorni bo‘lim boshlig‘i (shifokorlar) va maslahatchi shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilganligi, boshqa mutaxassislarni bemorlar ko‘rigida ishtiroki va ularni tavsiyalarini bajarish;
e) tashxisni o‘z vaqtida qo‘yish va uning mantiqiy asoslash;
j) konsiliumlarni o‘z vaqtida o‘tkazish va ularning tavsiyalarini bajarish;
z) davolash o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilganligi;
i) davolash choralarini (muolajalarini, operatsiyalarni va hokazo) o‘tkazayotganda jiddiy o‘zgarishlarga olib kelgan xatolar;
k) klinik-diagnostik xatolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabablar;
l) tashxis qo‘yishdagi xatolarning ahamiyati;
m) zarur davolash choralari o‘tkazilmaganligi yoki uning o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligining sabablari;
n) tibbiy hujjatlarni yuritilish sifati;
o) kasalxonada davolanish muddati va uning davomiyligi (juda qisqa va juda uzoq muddat kasalxonada saqlanish sabablarini tahlil qilish).
309. Kasalxona boshlig‘ining vazifalari ilovadagi kasalxona boshlig‘ini namunaviy xizmat vazifalariga muvofiq belgilanadi (4-ilova).
Kasalxonadagi navbatchi shifokorning vazifalari
310. Navbatchi shifokor kasalxona bo‘yicha navbatchilik ro‘yxatiga muvofiq tayinlanadi. U kasalxona boshlig‘iga bo‘ysunadi va uning ruxsatisiz navbatchilikni qoldirishga yoki boshqaga topshirishga haqqi yo‘q.
Navbatchilikka qo‘yilgan barcha tibbiy xodimlar navbatchi shifokorga bo‘ysunadi. U navbatchilikka qo‘yilgan shaxslar sonini va ularga yuklatilgan vazifalarni bajarishlarini tekshiradi.
Navbatchi shifokor qabul bo‘limida (agar bor bo‘lsa) yoki boshqa davolash-diagnostika bo‘limida bo‘lishi lozim. Navbatchi shifokor to‘satdan kasal bo‘lib qolsa shu to‘g‘risida kasalxona boshlig‘iga yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsga xabar beradi.
Agar kasalxona boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari bo‘lmasa, navbatchi shifokor juda zarur savollarni mustaqil ravishda hal qiladi.
311. Navbatchi shifokorning majburiyatlari:
a) kasalxonaga (qabul bo‘limiga) kelayotgan barcha bemorlarni ko‘rish, ularga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatish va kasalxonaga yotqizishga ko‘rsatmalar bo‘lsa, ularni kasalxonani tegishli bo‘limlariga yuborish;
b) kasalxonaga yotqizilayotgan har bir bemorga tibbiy varaqa to‘ldirish;
v) bemorni shaxsiy buyumlarini sanitariya tozalash va dezinfeksiyadan o‘tqazilishini nazorat qilish;
g) kasalxonaga shoshilinch ravishda yotqiziladigan bemorlarga joylar yetishmasa, qo‘shimcha yotoq joylarini tashkil qilish va jihozlash;
d) kasalxona boshlig‘iga og‘ir shikastlangan, zo‘ravonlik belgilari bor bo‘lgan, zaharlangan, kasalxonaga kech yotqizilganlar haqida, hamda ommaviy kasallanishlar, ruhiy va o‘tkir yuqumli kasalliklar, bemorlarni kasalxonada tibbiy va maishiy ta’minlash, tekshirish va davolashdagi aniqlangan kamchiliklar, kasalxonada davolashga ko‘rsatmasi bo‘lmagan bemorlar haqida xabar berish;
e) agar zarur bo‘lsa belgilangan tartibda kasalxonaning mutaxassis-shifokorlarini chaqirish, tez tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan tibbiy anjomlarning borligini va ularning ish holatini tekshirish;
j) alohida nazorat qilinishga muhtoj bo‘lgan bemorlar va ularning har biriga qanday tadbirlar o‘tkazish zarurligi haqida bo‘limlar boshliqlaridan ma’lumotlar olish;
z) bo‘limlarda og‘ir bemorlarni tekshirish, ularga kerakli yordam ko‘rsatish;
i) tibbiy xodimlardan bemorlar ahvoli og‘irlashgani haqida ma’lumotlar olinsa, darhol tegishli tadbirlarni o‘tkazish;
k) oshxonada berilayotgan mahsulotning sifatini aniqlash va tayyor ovqatlardan sinama olish, uning sifati va oshxona sanitariya holati haqida xulosani jurnalda qayd etish, yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarini almashtirish, tayyor ovqatlarni o‘z vaqtida berilishini nazorat qilish;
l) umumiy bo‘limda bo‘lgan bemorda infeksion yoki ruhiy kasallik aniqlansa, uni zarur tibbiy tadbirlar bilan ta’minlab ajratish yoki boshqa bo‘limga (davolash muassasasiga) o‘tkazish;
m) bemorni o‘lganini aniqlash va jasadni morgga yoki o‘liklar uchun ajratilgan joyga o‘tkazishga buyruq berish, uning tibbiy varaqasiga o‘lgan vaqtini, taxminiy sababini belgilash, o‘lgan shaxsni shaxsiy buyumlari bo‘lsa dalolatnoma tuzish;
n) yong‘in, tabiiy ofatlar va hodisalarda, bemorlar tartibni (5-ilova) buzganda zarur buyruqlarni berish va ularni bajarilishini tekshirish, bo‘lgan hodisa va o‘tkazilgan choralar haqida kasalxona boshlig‘iga, boshqa kerakli shaxslarga darhol xabar berish.
Almashuvchi va ishni boshlovchi navbatchi shifokorlar belgilangan vaqtda kasalxona boshlig‘iga navbatchilikni topshirish va qabul qilib olish haqida ma’lumot beradi.
Yuqorida aytilib o‘tilgan navbatchi shifokorni majburiyatlari kasalxona bo‘yicha navbatchilik qilayotgan shifokor uchun yo‘riqnoma o‘rnini bosa olmaydi, chunki yo‘riqnoma shu qoidalar asosida JIEM xususiyati, kasalxonaning joylashish va ishlash sharoitlarini hisobga olgan holda tuziladi.
Navbatchi shifokor bemorlarni tashish uchun ajratilgan sanitar transportining ish tartibini boshqaradi.
Kasalxonadagi davolash-diagnostika bo‘limi boshlig‘ining vazifalari
312. Davolash-diagnostika bo‘limi boshlig‘i kasalxona boshlig‘iga yoki uning tibbiy qism bo‘yicha o‘rinbosariga bo‘ysunadi. U bemorlarga tashxisni to‘g‘ri va o‘z vaqtida qo‘yilishiga, tekshirish va davolash usulini tanlashga, bemorlarni kasalxonadan chiqarishga, hamda bo‘limning sanitariya va xo‘jalik holatiga javobgardir.
313. Davolash-diagnostika bo‘limi boshlig‘ining vazifalari:
a) har oylik ekspert bahosi o‘tkazish yo‘li bilan, o‘rin-joy fondidan samarali foydalanish bo‘yicha bo‘limning faoliyat natijalarini tahlil qilish;
b) bemorlarga va shikastlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun bo‘limning shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga doimiy tayyor bo‘lishini ta’minlash;
v) bo‘lim tibbiy xodimlariga ularning xizmat vazifalarini taqsimlash va bajarilishini tekshirish;
g) bo‘limdagi bemorlarni o‘z vaqtida va to‘liq tekshirish va davolash, ularni tegishlicha ovqatlanishini ta’minlash;
d) yangi kelgan bemorlarni birinchi uch kun mobaynida shaxsan o‘zi ko‘rikdan o‘tkazish, og‘ir bemorlarni kelgan kuni va keyinchalik har kuni ko‘rikdan o‘tkazish;
e) bemorlarni konsilium, maslahat, TMEK va maxsus tibbiy komissiya ko‘rigiga taqdim etish masalasini hal qiladi;
j) bemorlarni kasalxonadan chiqarishni va boshqa bo‘limlarga o‘tkazish masalasini hal etadi;
z) kasalxona umumiy ish rejasiga va kasalxona boshlig‘ining yoki uning tibbiy qism bo‘yicha o‘rinbosarining ko‘rsatmasiga asoslanib bo‘limning ishlarini rejalashtirish;
i) bemorlarga o‘z vaqtida kerakli tekshirishlar o‘tkazilayotganini nazorat qilib borish;
k) boshqa davolash-diagnostika bo‘limlarida mutaxassisligi bo‘yicha maslahat yordamini berish;
l) jarrohlik bo‘limidagi operatsion bo‘limning ish rejasini tasdiqlash, operatsiya o‘tkazish uchun shifokor-jarrohni, uning yordamchilarini va shifokor-anestezilogni tayinlash;
m) bemorlarga boshqa bo‘limlarning shifokorlari tomonidan beriladigan maslahat yordamini tashkillashtirish, shuningdek JIEMlarga chiqqan TMEK va maxsus tibbiy komissiyalar ish faoliyatida qatnashish uchun o‘zining bo‘limidan shifokorlarni ajratish, zarur tibbiy hujjatlar taqdim etilishini ta’minlash;
n) ordinatorlar bilan muntazam ravishda bemorlarni ko‘rish va haftasiga bir marta bo‘limning barcha bemorlarini ko‘rib chiqish, ordinatorlar ishini bemorlar yotgan to‘shagi oldida tekshirish;
o) barcha tibbiy hujjatlarning to‘g‘ri va to‘liq yuritilishini nazorat qilish;
p) davolovchi shifokor bilan bo‘limda o‘lgan bemorlarning jasadini yorib ko‘rishda qatnashish;
r) ordinatorlar kasbiy bilimlarini oshirishda doim yordam berish, ular malakasini oshirish ustida ishlashini nazorat qilish;
s) dori-darmonlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida yozib berilishini nazorat qilish, shuningdek bo‘limni zarur buyumlar bilan ta’minlash;
t) har oyda kamida bir marta giyohvandlik va qattiq ta’sirchan vositalarni saqlash, hisobga olish va tarqatish tartibini tekshirish;
u) bo‘limdagi bemorlarga kasalxona oshxonasidan kelayotgan tayyor ovqat mahsulotlarini sifati va miqdorini doimiy tekshirib turish;
f) JIEMlarga davolash-profilaktika ishlari bo‘yicha yordam ko‘rsatish uchun borish;
x) bo‘limning ma’lumotlari asosida muassasalarda kasallikni kelib chiqish sababini o‘rganish va ularning oldini olish uchun aniq tavsiyanomalarni ishlab chiqish;
ts) tibbiy xodimlar ishini, shifokor tavsiyalarini to‘g‘ri bajarilishini va bemorlarni to‘g‘ri parvarish qilinayotganini tekshirish;
ch) kasalxona boshlig‘i yoki uning o‘rinbosariga quyidagi hodisalar haqida darhol izoh beradi: bemorlarda ruhiy o‘zgarishlar, zaharlanishlar, qattiq shikastlar, umumiy bo‘limlarda aniqlangan infeksion bemorlar, bo‘limlarda kutilmagan hodisalar va shu sababdan o‘tkazilgan choralar, sud-tibbiyot ekspertiza tashkilotlari ko‘rigiga muvofiq hodisalar va o‘lgan bemorlar aniqlansa;
sh) bo‘limning ishi haqida belgilangan muddatlarda hisobotlarni tayyorlash.
IX-bob. Ayrim kasalliklarda davolash-profilaktika tadbirlari
Ruhiy buzilishlar
314. Maxsus kontingent orasida ruhiy o‘zgarishlari bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni davolash va o‘zgarishlarni qaytalanmasligi tadbirlarini ko‘rish (psixoprofilaktika) bu shaxslarning ruhiy salomatligini asrashga, ularni tarbiyaviy va mehnat tadbirlari jarayoniga samarali kirishishlari uchun hamda ruhiy yetishmovchiliklari bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olishga imkoniyat yaratadi.
315. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida ruhiy yetishmovchiliklari bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha quyidagi tadbirlar olib boriladi:
a) shifokor maxsus kontingentni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishidan oldin, bu shaxs qamalishiga qadar psixonevrologik dispanser (PND) hisobida turgan-turmaganligini, sud-psixiatrik ekspertizaga yuborilayotganlarni yoki shunday tekshiruv o‘tgan shaxslarni aniqlash uchun yig‘ma jildlari materiallari va tibbiy hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqadi;
b) zarur hollarda PNDlardan dispanser hisobida turgan bemorlar ambulatoriya daftarchasidan ko‘chirma va sud-psixiatriya ekspertizasini o‘tkazgan muassasadan ekspertiza xulosalari nusxasi so‘raladi;
v) ma’lum ruhiy o‘zgarishlar borligiga gumon qilinganda muassasa shifokorlari o‘zlarining diagnostik xulosalarini taxminiy mo‘ljallab chiqaradi. Tekshirilayotgan shaxsda ruhiy o‘zgarishlar bor yoki yo‘qligini to‘liq aniqlash faqat psixiatr shifokorning huquq doirasiga kiradi. Muassasa shtatlari tarkibida psixiatr shifokori lavozimi bo‘lmasa, bu maqsadlar uchun IIV, IIBB, IIBning yoki mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari davolash-profilaktika muassasalarining psixiatr-shifokorlari jalb etiladi;
g) ruhiy ahvoli birdek bo‘lmagan shaxslar, nevrotik mazmundagi shikoyatlar bilan tez-tez murojaat qiluvchilar yoki yurish-turishida o‘zgarishlari bo‘lgan shaxslar (tez qizishib ketuvchilar, tez-tez ma’nisiz harakatlar qiluvchilar, muassasada mahkumlarni saqlash tartibini tez-tez buzuvchilar, janjalkashlar va boshqalar), hamda PND hisobida bo‘lganlar, sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra o‘z harakatlariga javob bera olgan, lekin ruhiy yetishmovchiliklari bo‘lgan shaxslar psixiatr-shifokorining chuqur tibbiy tekshiruvidan o‘tishlari kerak.
316. Ruhiy anomaliyasi bor bo‘lgan shaxslar aniqlanganda, ularga nisbatan dispanser kuzatuvi amalga oshiriladi.
317. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan ruhiy kasallarni davolash ambulator sharoitida yoki tibbiy bo‘lim statsionarida o‘tkazilishi mumkin. Sud-psixiatriya ekspertizasi belgilangan shaxslarni ruhiy kasalligi bo‘yicha davolash, faqatgina o‘tkir psixotik holatlarda, tutqanoq bo‘lganda va og‘ir ruhiy dekompensatsiya hollarida o‘tkaziladi. Shuursiz (o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va boshqara olmaydigan) deb topilgan shaxslarni (sud hukmi bilan ularning taqdiri belgilanguncha) tibbiy bo‘limning statsionarida davolash va saqlash albatta boshqalardan ajratilgan holda amalga oshiriladi. Muassasa tibbiyot bo‘limi statsionarida bo‘lgan ruhiy kasallar psixiatr shifokori tomonidan har kuni ko‘riladi. Muassasada psixiatr shifokori lavozimi bo‘lmasa ruhiy kasalliklarni davolash tadbirlari tibbiyot bo‘limi boshlig‘i yoki IIV, IIBB, IIB poliklinikalari psixiatr-shifokorlari maslahatlari asosida terapevt shifokor tomonidan olib boriladi. Tibbiy ko‘rik natijalari statsionar bemorni tibbiy hujjatlariga yozib boriladi. Bemor statsionardan chiqayotgan vaqtda batafsil epikriz tuzilib, bemorning ambulator daftarchasiga ko‘chiriladi.
318. O‘tkir psixotik holatlardagi va tez-tez dekompensatsiya bo‘lib, tibbiy bo‘lim statsionari sharoitida uzoq vaqt davolanishiga qaramay kasallik ko‘rinishlari o‘tib ketmayotgan hollarda statsionar yordam JIEBB RK psixiatriya bo‘linmalarida o‘tkaziladi. O‘tkir psixotik holatdagi bemorlar shifokor tomonidan har kuni ko‘riladi va uning ahvoli haqida tibbiy daftarchasiga har kuni yoziladi, o‘tkir holatdan chiqqach bemor uch kunda bir marta ko‘riladi va bu haqda tibbiy daftarchasiga yoziladi. Bemor statsionarda uzoq yotib qolganda har 3 oyda, shu o‘tgan vaqtga epikriz yoziladi. Bemor kasalxonadan (bo‘limdan) chiqarilayotganda to‘liq umumlashtirilgan epikriz, o‘tkaziladigan ambulator kuzatuvi, davolanishi va kasalligiga qarab ishga joylashtirish savollarini ichiga olgan tibbiy maslahatlari ko‘rsatilib tuziladi.
319. Surunkali ruhiy kasalligi tufayli jazo o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilinishi mumkin bo‘lgan bemorni statsionar sharoitda chuqur va har tomonlama tekshirilishi majburiy hisoblanadi. Statsionar sharoitda chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tganidan so‘ng, bemorga kamida ikkita vrach-psixiatr ishtirokida psixiatrik ko‘rik dalolatnomasi tuziladi va u IIVning Maxsus tibbiy komissiyasi ko‘rigiga taqdim qilinadi. Ko‘rik natijalari bo‘yicha IIV Maxsus tibbiy komissiyasi mahkumni kasalligi tufayli muddatidan ilgari jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish mumkinligi haqida tibbiy xulosa chiqarsa, bu kasallar avval saqlanayotgan joylariga qaytarilmaydi, muassasa taqdimnomasiga asosan sud idoralari tomonidan uzil kesil yechimi bo‘lmaguncha kasalxonada (bo‘limda) saqlanadi. Agar mahkumga tibbiy yo‘sindagi chora ko‘rilib majburiy davolanish qo‘llaniladigan bo‘lsa, umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yoki kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuboriladi.
Ichkilikbozlik va giyohvandlik
320. Ichkilikbozlik va giyohvandlikdan majburiy davolanish belgilangan mahkumlar faqatgina shunday davolanish uchun ixtisoslashtirilgan maxsus jazoni ijro etish muassasasiga yuboriladi. Ichkilikbozlik va giyohvandlikdan majburiy davolanish sud qarori (hukmi) asosida maxsus muassasa tibbiy bo‘limi statsionarida psixiatr-narkolog shifokori tomonidan o‘tkaziladi. Psixiatr-narkolog yo‘q bo‘lgan holatlarda shunday davolanishni tibbiy bo‘lim boshlig‘i yoki terapevt shifokori tashkil etadi.
321. Sud qarori (hukmi) bilan ichkilikbozlik va giyohvandlikdan majburiy davolanish belgilangan mahkum JIEMga kelganidan so‘ng 3 kun muddat ichida psixiatr-narkolog shifokori ko‘rigidan o‘tkazilishi shart. Psixiatr-narkolog shifokori birinchi suhbat chog‘idayoq bemor mahkumni muassasada majburiy davolanishni tashkillashtirilganligi va uni o‘tkazishni asosiy qoidalari bilan tanishtiradi. Bu mahkumlar dispanser hisobiga qo‘yiladi, bu toifadagi har bir mahkumga ruhiy kasallarga rasmiylashtiriladigan dispanser kuzatuvi nazorat varaqasi va narkologik bemorning tibbiy ambulator varaqasi tuziladi. Davolash, ichkilikbozlikka (giyohvandlikka) qarshi o‘tkaziladigan davolash jarayonining oxirigacha uzluksiz bo‘lishi kerak. Alkogolga qarshi o‘tkazilgan faol davolanish davri tugagach shu erishilgan natijani ushlab turadigan ambulator davolash uslublari qo‘llaniladi. Intizom bo‘linmalari, kamera tipidagi xonalarda saqlanayotgan mahkumlarga alkogolga qarshi rejalashtirilgan maxsus davolash tadbirlarini o‘tkazish tavsiya etilmaydi.
322. Bemorning davolanishdan bosh tortishi muassasada saqlanish tartibini jiddiy buzilishi bo‘lib, mahkumga o‘rnatilgan tartibda jazo choralari qo‘llanadi. Shunda barcha psixoterapevtik ta’sir choralari qo‘llanib bo‘lingach ham mahkum davolanishdan bosh tortsa, uni tibbiy bo‘lim boshlig‘i tavsiyasiga ko‘ra muassasa boshlig‘i huquqlari bilan jazolanadi.
323. Davolanish davrida bemor “davolanishni buzsa” ya’ni “alkogol ichimligidan ichib qo‘ysa” ularga qaytadan retsidivga qarshi davolash o‘tkaziladi. Davolanishni buzilishi deganda, bu majburiy davolanishda bo‘lgan mahkumni spirtli va o‘zlari qo‘lda tayyorlagan turli xil ichimliklar, narkotiklar, boshqa mast qiluvchi ichimliklarni qabul qilishi tushuniladi.
324. Majburiy davolanish kurslarini tugatmagan mahkumlarni maxsus jazoni ijro etish muassasalaridan boshqasiga o‘tkazish istisno tariqasida ayrim hollardagina amalga oshirilishi mumkin. Bu hollarda bemorni ahvoli to‘g‘risida va o‘tkazilgan alkogolga (giyohvandlikka) qarshi davolanish haqida batafsil epikriz tuziladi.
325. Sud qarori (hukmi) bilan majburiy davolanish belgilanmagan mahkumlarda surunkali ichkilikbozlik (giyohvandlik) kasalliklari aniqlanganda, ularga o‘z xohishlari bilan alkogolga (giyohvandlikka) qarshi davolanish o‘tishlari taklif qilinadi. O‘z xohishi bilan ichkilikbozlik (giyohvandlik)dan davolanish mahkum jazoni o‘tayotgan muassasada o‘tkaziladi. Mahkum o‘z xohishi bilan davolanishdan bosh tortganda muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i, psixiatr-narkolog shifokori va terapevt shifokoridan tashkil topgan komissiya tibbiy ko‘rik o‘tkazadi va xulosa chiqaradi. Shu xulosa asosida muassasa ma’muriyati hududiy sud idoralaridan tibbiy xarakterdagi majburiy davolash choralarini qo‘llash haqida taklif kiritadi.
326. Majburiy davolanishni to‘xtatish muassasa tibbiy komissiyasining majburiy davolanishni tugaganligi haqidagi xulosaga asosan, muassasa boshlig‘i kiritgan tavsiyasiga ko‘ra sudlar tomonidan chiqarilgan qaror bilan amalga oshiriladi. Majburiy davolanishni to‘xtatish masalasini hal qilishga tibbiy komissiyaning xulosasi asos bo‘ladi.
327. Ichkilikbozlik yoki giyohvandlikdan majburiy davolanish o‘tgan mahkum jazo o‘tashdan ozod bo‘layotgan barcha hollarda tibbiy bo‘lim, mahkum ozod bo‘lishidan 1 oy oldin u borib yashaydigan hududdagi sog‘liqni saqlash idoralariga ichkilikbozlikka (giyohvandlikka) qarshi o‘tkazilgan davolanish va uning samaralari haqida narkologik bemorni ambulator daftaridan ko‘chirma yuboradi.
328. Majburiy davolash qo‘llanilgan mahkum, shartli ozod qilish tufayli, avf etish yoki amnistiya, hamda kasalligi tufayli jazodan muddatidan ilgari ozod bo‘lganda, shuningdek, unga jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilganda, tibbiy bo‘lim mahkum ozod bo‘lgandan keyingi 3 kun ichida uning tibbiy ambulator daftaridan ko‘chirmani mahkum boradigan manzilga yuboradi.
Teri va tanosil kasalliklari
329. Tergov hibsxonasiga keltirilgan har bir shaxs tanosil va boshqa yuqumli teri kasalliklarining belgilari bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida sinchiklab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Boshning sochli qismi, og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavati, jinsiy a’zolar, anus atrofi va bo‘yin sohalari, jag‘ osti, o‘mrov usti va osti, qo‘ltiq osti, chov sohasi, limfa tugunlari paypaslab ko‘riladi. Zaxm, so‘zak va boshqa tanosil kasalliklari bor, deb gumon qilingan shaxslarni kasalligini tasdiqlash yoki istisno etish uchun albatta dermatovenerolog shifokori ko‘rishi shart.
330. Tergov hibsxonalariga keltirilgan barcha kontingent zaxmga majburiy serologik tekshiruvdan o‘tkazilishi shart. So‘zakka doir klinik-laboratoriya tekshiruvlaridan Jinoyat kodeksi 113-moddasi qo‘llanilgan shaxslar va ayollar o‘tkazilishi kerak.
331. Tug‘ma zaxmni oldini olish maqsadida tergov hibsxonalarida va JIEMlarda barcha homilador ayollarni homiladorlikning birinchi va ikkinchi yarmida majburiy serologik tekshiruvdan o‘tkaziladi (homilador ayolning hisobga turish uchun birinchi bor akusher-ginekologga murojaat qilganda) va homiladorlikning ikkinchi yarmida (homiladorlikning 6-7 oylarida). Agarda homilador ayolda zaxmga gumon bo‘lgan toshmalar aniqlansa yoki qonda seroreaksiyalar musbatligi aniqlansa akusher-ginekolog tashxisni aniqlash maqsadida darhol dermatovenerolog shifokor bilan maslahatlashishi shart.
332. Zaxm serodiagnostikasi, 3 reaksiyani o‘z ichiga olgan holda, kompleks ravishda olib borilishi kerak: Vasserman va 2 ta cho‘kindi (Kan va mikroreaksiyalar). Serodiagnostika kompleksi zaxm bilan zararlanganlikning maksimal aniqlashga imkon beradi, chunki zaxmni har xil turida serologik reaksiyalarning sezgirligi har xil bo‘ladi.
Serodiagnostika kompleksi o‘tkazishga imkoniyat bo‘lmasa, ekspress-metod bilan diagnostika, ya’ni qon plazmasi zardobi va kardiolipin antigeni bilan mikroreaksiya qilinadi.
Yashirin zaxmni tashxislash uchun OTIR (RIT) va IFR (RIF) usullaridan foydalaniladi. OTIR (RIT) va IFR (RIF) reaksiyalarini “musbat” natijalari zaxm tashxisini tasdiqlaydi. Buni ayniqsa, bemorlarda standart serologik reaksiyalar kuchsiz musbat yoki turg‘un bo‘lmaganda nazarga olmoq muhim ahamiyatga ega.
Qonni OTIR (RIT) va IFR (RIF)ga tekshirishni imkoni bo‘lmasa, ammo klassik serologik reaksiyalar 2 marotaba tekshirilganda ham musbat bo‘lgan bo‘lsa (10-14 kun oraliq tekshiruvda va musbat reaksiyalar kuzatiladigan kasalliklar bo‘lmagan hollarda) yashirin zaxm tashxisi qo‘yiladi va zaxmga oid davo tayinlanadi.
333. Tekshiruvdan o‘tkazilayotgan shaxsning yig‘ilgan anamnezida, u jinoiy javobgarlikka tortilishiga qadar tanosil kasalligi bo‘yicha davolash o‘tganligi yoki teri-tanosil kasalliklari dispanserida hisobda turganligi haqida axborot bo‘lsa, tergov hibsxonasining tibbiyot bo‘limi 3 kun ichida ko‘rsatilgan muassasaga kasallik tashxisi, o‘tkazilgan davolash va serologik nazorat muddatlari haqida so‘rov xati yuboradi. Bunday kasallarni davolash yoki serologik nazorati, tergov hibsxonasining tibbiy bo‘limda, olingan javoblarga muvofiqlashtirib o‘tkaziladi. Bundan tashqari, ilgari tanosil kasalligi bilan og‘riganligini da’vo qilayotgan, ammo tanosil kasalliklarining tashqi belgilari bo‘lmagan shaxs, serologik reaksiyalar kompleksiga, imkoni bo‘lsa OTIR (RIT) va IFR (RIF)ga tekshiriladi. “Musbat” natijalar olinsa bemorga yashirin zaxm tashxisi qo‘yilib, ularni davolash Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
334. Tanosil kasalligi yakuniy tashxisi qo‘yilgandan keyin va qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa bemorga tezkor ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davolash tayinlanadi. Tanosil kasalliklari tashxisi qo‘yilgan shaxs, tashxis qo‘yilgan vaqtda, davo olayotgan vaqtida, to serologik nazoratdan chiqarilguncha kasal, deb hisoblanadi.
335. Agar tanosil kasalligi tashxisi tergov hibsxonasida birinchi bor aniqlangan bo‘lsa, tibbiy bo‘lim uch kun muddat ichida bemor hibsga olingunga qadar yashagan joyidagi teri-tanosil kasalliklari dispanseriga u bilan jinsiy va maishiy aloqada bo‘lganlarni tanosil kasalligiga tekshirish zarurligi haqida xabarnoma yuboradi. Agar zaxm bilan kasallangan bemor hibsgacha yashash joyidagi teri-tanosil dispanserida spetsifik davolash olayotganida u buzilgan bo‘lsa, hamda navbatdagi davolanish kursidan keyingi uzilish 3 oydan oshgan bo‘lsa, davolanish tergov hibsxonasida qaytadan yangitdan o‘tkaziladi.
336. Bemorni tanosil kasalligidan keyingi nazoratdan chiqarish JIEBB Respublika kasalxonasi Teri-tanosil kasalliklari bo‘limida amalga oshiriladi.
337. Ayollarda so‘zakni aniqlash uchun, tekshiruvga material zararlanish o‘chog‘ini uch nuqtasidan olinadi (tservikal kanal, uretra, qin). So‘zakka tekshirilayotgan ayolda asosiy e’tibor jinsiy a’zolarda surunkali yalig‘lanishni bor yoki yo‘qligiga qaratiladi. Bunda, albatta aralash provakatsiya usullaridan foydalaniladi. Aralash provakatsiyani asosiy turlariga: biologik (gonovaksina, pirogenal yuborish); termik (diatermiya); erkaklarda-mexanik (bujlash, bujda uqalash) alimentar va ximik (protorgol, kumush nitrat eritmalari). Ayollarda fiziologik provokatsiyadan ham foydalaniladi (hayz).
Bemorda ajralmadan gonokokk topilmasa, ammo anamnezi va klinikasi shubha tug‘dirsa, bunday bemor so‘zakka “shubhali” deb hisoblanadi. Ushbu bemorlar surunkali so‘zak kasalligini davolash sxemasi bo‘yicha profilaktik davolanadilar.
50-60% holatda so‘zak bilan og‘riyotgan ayollarda gonokokk, qin trixomonadasi bilan simbiozda (endotsitoz hodisasi) bo‘lishini hisobga olib, so‘zak bilan birga trixomoniazga qarshi davolash ham qo‘llaniladi.
Besoqolbozlik (gomoseksualizm) aniqlangan shaxslarda odatiy tekshiruvlardan (yuqoridagilardan) tashqari to‘g‘ri ichagidan ham material olib tekshiriladi. Yiringli ajralmalar bo‘lsa, surtma oddiy holatda olinadi, bo‘lmasa yuvilgan suvlarni ekish usuli bilan tekshiriladi (oziq muhitga ekish). Ekish, antibakterial preparatlar va mahalliy antiseptik vositalar ishlatilgandan keyin, kamida 7-10 kun o‘tgandan keyin o‘tkaziladi.
338. “Tanosil kasalligi” tashxisi qo‘yilgandan so‘ng bemor bilan kasallik xususiyatlari, davolanishning zarurligi, o‘zini tutish qoidalari, davolanish muddatlari, kuzatuv nazorati va tanosil kasalliklari bilan kasallangan shaxs javobgarliklari, ularni gigiyenasi haqida suhbat o‘tkaziladi. Bir vaqtni o‘zida tanosil kasalligi bilan kasallangan shaxsga, ogohlantirish varaqasi to‘ldiriladi, unga bemor va shifokor imzo qo‘yadilar. Ogohlantirish varaqasi bemorni tibbiy ambulator daftarchasiga yoki bemorning statsionardagi tibbiy daftarchasiga tikib qo‘yiladi. Zaxm bilan kasallangan bemorlardan boshqalarga quyish uchun qon olish, davolanish vaqtida ham ro‘yxatdan chiqarilgandan keyin ham taqiqlanadi. Shifokor bemorni ogohlantiruvchi varaqaga imzo qo‘yishga imkoniyat yaratib berishi kerak.
339. Tanosil kasalligi tashxisi aniqlansa, TX, JIEM tibbiy bo‘limlari 24 soat ichida IIV, IIBB, IIB, sanitariya-epidemiologik xizmatiga tezkor xabar berishi shart.
340. Tanosil kasalligiga chalingan bemor tergov hibsxonasidan ixtisoslashtirilgan JIEMga o‘tkazilishidan oldin, shifokor-dermatovenerolog yoki shifokor-terapevt bemorning tibbiy ambulator daftarchasiga keyingi o‘tkaziladigan davolanish va nazorat kuzatuvi haqida tavsiyalar berilgan bosqich epikrizi shaklida yozuv yoziladi.
341. Tanosil kasalliklariga chalingan bemorlar JIEMga kelishi bilan keyingi davolanish va serologik nazoratni o‘tkazish uchun dispanser hisobiga qo‘yiladi. Agarda tibbiy bo‘limda shifokor-dermatovenerolog bo‘lmasa tanosil kasalliklariga chalingan bemorlarni davolash va serologik nazoratini olib borish terapevt yoki ginekologga (ayollar JIEMida) yuklatiladi.
342. Zaxm, so‘zak va boshqa tanosil kasalliklariga chalingan va to‘la-to‘kis maxsus davolanish kursini olgan, hamda preventiv davolangan shaxslar klinik-serologik nazoratga qo‘yiladi.
Zaxmning erta bosqichlari bilan kasallangan bemor bilan jinsiy yoki maishiy aloqada bo‘lgan shaxslarga, preventiv davolash o‘tkaziladi va bunday shaxslar 3 oy mobaynida klinik-serologik nazoratda bo‘lishadi va bir marotaba klinik-serologik nazoratdan o‘tkaziladi.
Birlamchi seronegativ zaxm bilan og‘rigan bemorlar 6 oy mobaynida serologik nazoratda bo‘ladilar.
Birlamchi seropozitiv va ikkilamchi yangi zaxm bilan og‘rigan bemorlar klinik-serologik nazoratga 1 yil muddatga qo‘yiladi, agarda davolash vaqtida yoki undan keyin qonni negativatsiyasi 3 oy mobaynida ijobiy tomonga o‘zgargan bo‘lsa. Agarda negativatsiya sust bo‘lsa (ya’ni 3 oydan 1 yilgacha) unda seronazorat yana 2 yilga uzaytirilishi mumkin.
Ikkilamchi retsidiv, uchlamchi, yashirin (ertangi, kechki, aniqlanmagan) visseral va neyrozaxm bilan og‘rigan bemorlar 3 yil muddatga serologik nazoratga olinadi. SRK 2 yil mobaynida har chorakda, 3 yili esa 6 oyda 1-marta o‘tkaziladi. Agarda qonda SRK, OTIR (RIT), IFR (RIF) negativatsiyasi 3 yildan oldin ijobiy bo‘lsa (6 oy mobaynida manfiy bo‘lsa), bemorni muddatidan oldin ham seronazoratdan chiqarish mumkin.
Dispanser hisobida turgan gomoseksullardan zaxm kasalligiga har 6 oyda SRKga qon olib turilishi kerak.
343. Jazoni ijro etish muassasalarida xavf guruhiga (besoqolbozlar) olingan va shu sababli serologik nazoratda bo‘lgan mahkumlar, hamda qayta serologik tekshiruvdan o‘tmagan shaxslar zaxm kasalligiga serologik tekshiruvdan o‘tkaziladi.
344. JIEMda zaxmni yuqumli formalari va boshqa jinsiy aloqa orqali yuquvchi kasalliklar aniqlansa bemor tezkor holda izolatsiya qilinadi. Zaxmni yuqumli formalari (birlamchi zaxm, ikkilamchi yangi retsidiv zaxm) erta yashirin zaxm (birinchi marotaba aniqlangan) bulardan tashqari, asoratlangan va surunkali so‘zak tashxisi qo‘yilsa bemor qisqa vaqt ichida mahkumlar uchun kasalxonaga yuborilishi shart.
Tanosil kasalligi aniqlangan bemorlarni JIEM kasalxonasi teri-tanosil bo‘limiga yoki boshqa bo‘limlarga (terapiya, yuqumli kasalliklar bo‘limi) alohida xona va joy ajratib joylashtiriladi. Tanosil kasalliklari bor bemorlarni kasalxonaga yuborishni imkoni bo‘lmasa JIEM tibbiy bo‘lim statsionariga alohida xona ajratib yotqiziladi. Bundan tashqari tibbiy ko‘rsatma bo‘yicha qayta davolanish kursini olishi kerak bo‘lgan va zaxm kasali bor odam bilan jinsiy aloqa qilgan bemorlar ham gospitalizatsiya qilinadi. Zaxm kasalligi oqibatida ichki a’zolari va asab tizimi zararlagan bemorlar shifokor-dermatovenerolog maslahatidan keyin mahkumlar uchun maxsus kasalxonalarda spetsifik davo oladilar, ichki a’zolar zaxmida terapiya bo‘limida, asab tizimi zaxmida-nevrologiya bo‘limida. Ko‘rsatib o‘tilgan bemorlarga spetsifik davo Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartiblar asosida o‘tkaziladi. Bemor statsionar sharoitda davolanib bo‘lganidan so‘ng, tanosil kasalligiga chalingan mahkumlarni saqlash va davolash uchun ixtisoslashgan JIEMga yuboriladi (7-ilova). Surunkali ichkilikbozlik va giyohvandlik tufayli majburiy davolash belgilangan mahkumda zaxm kasalligi aniqlansa, u statsionar sharoitda davolanganidan so‘ng, surunkali ichkilikbozlik va giyohvandlik kasalligiga chalingan mahkumlarni saqlash va davolashga ixtisoslashtirilgan JIEMga (7-ilova) yuboriladi.
345. Yuqumli teri va tanosil kasalliklari tufayli davolanayotgan va kasalligi hali yuqumli hisoblangan mahkumlar manzil koloniyasiga yuborilmaydi.
346. Yuqumli teri va tanosil kasalliklari bilan og‘rigan mahkumlarga uchrashuvlar shifokor ruxsati bilan beriladi.
347. Mahkum uzoqroq davom etadigan uchrashuv vaqtida tanosil kasalligi yuqtirgan hol aniqlanganda, JIEM tibbiy bo‘lim ehtimol etilayotgan kasallik yuqish manbaini tanosil kasalligiga tekshirish zarurligi haqida teri-tanosil kasalliklari dispanseriga xabarnoma yuboradi.
348. Jazo o‘tash muddati tugayotgan, dispanser hisobidan chiqarilmagan bemor haqida JIEM tibbiy bo‘lim ular ozod bo‘lishidan 1 oy oldin, ozod bo‘layotgan mahkum tanlagan turar joy teri-tanosil dispanseriga kasalni tashxisi, olgan davosi va qancha muddat seronazoratda bo‘lgani haqida axborotnoma yuboradi.
349. Agarda tanosil kasalligi bilan zararlanish ommaviy tus olsa, muassasada epidemiyaga qarshi kompleks choralar ko‘rilayotgan vaqtda, mahkumlar ustidan kuchaytirilgan tibbiy kuzatuv olib boriladi. Bir vaqtda kasallanganlar va ular bilan jinsiy aloqada bo‘lganlar izolatsiya qilinadi. Bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan mahkumlar mutaxassis-shifokorlar yordamida serologik reaksiyalarni qo‘llagan holda profilaktik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shifokor-dermatovenerolog xulosasi bo‘yicha maqsadli ko‘rik 3 oyda qaytariladi, badan tekshiruvlari 2 oy mobaynida har haftada o‘tkaziladi. Tanosil kasali o‘chog‘ida epidemiyaga qarshi choralar (izolatsiya, gospitalizatsiya, kasallik manbaini aniqlash, aloqada bo‘lganlarni topish) IIV, IIBB, IIB SEX nazorati ostida JIEM tibbiy bo‘limlari zimmasiga yuklatiladi.
350. Terining yiringli kasalliklari bilan kurashishda kompleks profilaktik ishlarni bajarish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun gigiyenik rejimni saqlash, ishlab chiqarish va maishiy sharoitlarni yaxshilash va piokokk infeksiyasiga olib keladigan sabablarni istisno qilish kerak. Terining gigiyenik parvarish qilish va uning normal holati yiringli kasalliklarni oldini olishda katta ahamiyatga ega. Ishdan keyin terini parvarish qilish kerak. Sanitar tozalash joylarida shaxsiy mochalkalardan foydalanish kerak. Kirni yuvgandan keyin, albatta, dazmollash zarur. Ishlab chiqarish korxonalarida jarohatlar olinganda o‘z-o‘ziga va boshqalarga yordam ko‘rsatish qoidalarini o‘rgatish kerak. Korxona ustalarida tez yordam aptechkalari saqlanishi kerak. Terining yiringli kasalliklarini oldini olish uchun ishchilar shaxsiy himoya vositalarini (himoya surtmalari, pastalar, kremlar) ishlatish kerak. Ishdan oldin pastalarni yuvilgan qo‘lni terisiga bir tekisda surtiladi. Ishdan keyin pastalar iliq suv va sovun bilan yuviladi. Organizmning infeksiyaga himoya kuchlarini ko‘tarish uchun, JIEMda yilning qishki-bahorgi paytlarida taomlarni S-vitamini bilan to‘yintirish kerak. Bu tadbirni bajarilishini doimo nazorat qilish tibbiy xodimlarga yuklatiladi.
351. Oyoq-panja mikozi bilan kurashishda kasallik epidemiologik zanjirining barcha halqalariga ta’sir qiladigan kompleks tadbirlar ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Oyoq-panja mikozlari bilan kurashishni tashkil qilishdagi asosiy formalar: aniqlash, ro‘yxatga olish, davolash, dispanser kuzatuvi, sanitariya-gigiyenik sharoitlarni yaxshilash va sanitariya oqartuv ishlarini olib borish. Muayyan guruhlarni (hammomchilar, issiq sex ishchilari, har kuni dushga kiradigan shaxslar) tekshiruvdan o‘tishlari katta ahamiyatga ega. Hamma aniqlangan bemorlar dermatovenerolog maslahatidan keyin, ular saqlanishi belgilangan muassasalarda davolanishga jalb qilinadilar. JIEM tibbiy bo‘limlarida oyoq-panja mikozi bilan og‘rigan bemorlarga dispanser varaqalari ochiladi. Oyoq-panja mikozlarini oldini olishda sanitariya tozalash joylaridan o‘tayotganda, yog‘ochli tagliklarni rezinali yoki plastmassa gilamchalar bilan almashtirilishi kerak, chunki ular gigiyenik bo‘lib oson zararsizlantiriladi, dezinfeksiya qilingan va hammom poyafzalidan foydalanilganidan so‘ng uni dezinfeksiyadan o‘tkazish katta ahamiyatga ega. Hammomda oyoqni yuvish uchun belgilangan toslar bo‘lishi kerak. Oyog‘i terlaydigan shaxslar har kuni oyog‘ini sovuq suv va sovun bilan yuvishlari, tirnoqlarni olishlari, paypoqlarini va paytavalarini tez-tez yuvib turishlari kerak. Oyog‘i terlaydigan shaxslar rezinali etiklarini va sintetik paypoqlarini kiymasliklari kerak.
352. Qo‘tirni oldini olishni asosiy choralari — bu ambulator qabullarda (JIEM va TX tibbiy bo‘limlarida) bemorlarni erta aniqlash. Agar tibbiyot xodimi qo‘tir bilan og‘rigan bemorni topsa, uni tezda alohida qilib davolashni boshlash kerak. Bir vaqtda bemorni kiyimi, o‘rin ko‘rpalarini (kamerali) dezinfeksiya qilish kerak. Kamera bo‘lmasa ustki kiyimlarni ochiq havoda shamollatish, ichki kiyimlarni esa dazmollash kerak. Qo‘tir aniqlangandan so‘ng aloqador shaxslarni puxta tekshirish kerak.
Sil kasalligi
353. Silga qarshi kurashishni tashkillashtirishda muassasa tibbiy xizmatining asosiy maqsadiga silni erta aniqlash, oldini olish va davolash choralarini ko‘rish kiradi. Buning uchun quyidagi tadbirlarni o‘tkazish zarur bo‘ladi:
a) rentgenoflyurografiya orqali sil kasalligiga chalingan bemorlarni o‘z vaqtida aniqlash;
b) qisqa vaqtda faol sil kasalligiga chalingan bemorlarni ajratish;
v) sil bilan og‘riyotgan bemorlarni statsionar va ambulator sharoitlarda zamonaviy vositalar va metodlar bilan davolash;
g) sil kasali bilan ro‘yxatda turgan bemorlarni dispanser kuzatuvini olib borish;
d) maxsus kontingent orasida sil kasali paydo bo‘lishi va tarqalishini oldini olish uchun profilaktik chora-tadbirlar (ximioprofilaktika) o‘tkazish;
e) sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar;
j) maxsus kontingentni salomatligini mustahkamlash va organizmni sil infeksiyasiga qarshilik ko‘rsatish kuchlarini oshirishga qaratilgan umumiy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari;
z) sanitariya-oqartiruv ishlari.
354. Sil kasali bor bemorlarni va boshqa o‘pka patologiyasini o‘z vaqtida aniqlash uchun ko‘krak qafasi a’zolarini flyuorografik tekshiruvdan o‘tkaziladi. TXga tushgandan so‘ng, birlamchi flyurografik tekshiruvi 10 sutkadan kechiktirilmasdan o‘tkaziladi. Agarda JIEMga kelgan shaxslar flyuorografik tekshiruvidan o‘tmagan bo‘lishsa, joylarda ular qisqa vaqt ichida ushbu tekshiruvdan o‘tkaziladi. Buning uchun IIV, IIBB, IIB, JIEBB, IQBB, QQBB bo‘linmalarining flyurografik qurilmalaridan, hamda mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari kuch vositalaridan foydalanish mumkin. Agarda flyurografik tekshiruvni o‘tkazishni imkoniyati bo‘lmasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri rentgenoskopiya tekshiruvi o‘tkaziladi (shu vaqt ichida).
Voyaga yetmaganlar faqat flyurografik tekshiruvdan o‘tkaziladi, agar buning iloji bo‘lmasa, ko‘krak qafasi rentgenografik tekshiruvidan o‘tkaziladi. Flyurografik va rentgenologik tekshiruv natijalari tibbiy varaqaga qayd qilinadi va flyuorogrammalar unga yopishtirib qo‘yiladi.
355. O‘pkasida faol sil kasalligiga gumon qilingan shaxslar sog‘lom kontingentdan zudlik bilan ajratiladi (TXda-maxsus ajratilgan hujra, JIEM tibbiyot qism statsionariga). Qo‘shimcha tekshiruvdan so‘ng ftiziatr-shifokor jalb etilishi bilan dastlabki yoki yakuniy sil tashxisi qo‘yiladi. Har bir faol va nofaol sil kasalligi bilan aniqlangan bemorlar haqida IIV, IIBB, IIB, sanitariya-epidemiologiya xizmatiga o‘rnatilgan tartibda xabar beriladi. Sog‘lom kontingent orasida faol sil kasalligi bor bemorlarni saqlash qat’iyan man etiladi.
TX, o‘ta muhim tartibli JIEM va qamoqxonalarda faol sil bilan kasallangan bemorlar alohida saqlanadi, bunda sil muassasalaridagi kabi epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazilishi kerak. Statsionar davoga muhtoj bo‘lgan bemorlar, qisqa vaqt ichida sil kasalxonalariga yoki somatik kasalxonalar sil kasalliklari bo‘limlariga yuboriladilar, ambulator davoga muhtoj bo‘lgan bemorlar faol sil kasallari saqlaniladigan davolash huquqiga ega bo‘lgan maxsus JIEMlarga yuboriladi. TX va JIEMda sil kasaliga chalingan bemorlarni davolash va dispanser kuzatuvi silga qarshi kurashish xizmatini bosqichma-bosqich yordam ko‘rsatish tizimiga qattiq rioya qilgan holda o‘tkaziladi.
356. Davolashning birinchi bosqichida, sil kasalxonasi sharoitida, asosiy antibakterial terapiya kurslari o‘tkaziladi. I-dispanser nazorat guruhiga aloqador bo‘lgan kasallar TX va JIEM da aniqlansa ularni statsionar sharoitida davolash lozim, shu bilan bir qatorda ambulator davolanish va dispanser ko‘rik davrida qaytalangan holatlar ham kiradi. TX da davolashni asosiy kursi maxsuslashtirilgan kameralarda yoki tibbiy bo‘lim alohida xonalarida IIV, IIB tibbiy muassasasi va sog‘liqni saqlash mutaxassislari ishtirokida hibsxona shifokorlari tomonidan olib boriladi. Jazo kuchga kirgandan keyin, bu bemorlar sil kasalliklari kasalxonalariga yuboriladi. Ammo kasallikning kechish jarayoni mahbusning hayotiga xavf solib rivojlansa, sud hukmi chiqqunga qadar ham bemor sil statsionariga yuborilishi zarur. Statsionarda davolanish muddati sil jarayonining kechishi, kasallikning davomiyligi, shakli va darajasiga bog‘liq. Tashxisi birinchi marta qo‘yilgan va kasalligi zo‘raygan bemorlarni kompleksli antibakterial terapiyasi 12 oygacha o‘tkaziladi. Davolash jarayonida sil kasalligini kechishi turg‘unlashsa va kasalligida salbiy dinamika bo‘lmagan bemorlar ko‘rsatilgan muddatlardan oldin ham ambulator davolanishga yuborilishi mumkin. Sil kasalligini surunkali kechish jarayoni shakllangan bemorlarni kasallik zo‘rayishini so‘nishi kuzatilgunga qadar qisqa muddatli (4 oygacha) ximioterapiya o‘tkaziladi. Davolash jarayonida dinamika ijobiy bo‘lsa, kasallik jarayoni turg‘unlashguncha davolash muddati uzaytiriladi. Kasallik jarayonini kechishi, davolashni samarasini aniqlash va tegishli tavsiyalar berish uchun bemor yilning har choragida kasalxona sil kasalligi bo‘limi davolash-nazorat komissiyasi tomonidan ko‘riladi. Statsionar davolanishdan keyin I-dispanser hisobi guruhidagi (DXG) bemorlar sil kasaliga ixtisoslashgan JIEMlarga ambulator davolanishga yuboriladi.
357. Ikkinchi bosqichda davolashning asosiy kursi bemor II-DXGga o‘tkazilgunga qadar yoki sil kasaliga ixtisoslashgan koloniya sharoitida qayta ambulator qisqa muddatli (3-4 oy) profilaktik ximioterapiya kurslari o‘tkaziladi. Ambulator davolanishga I-II DXG kuzatuvidagi sil kasaliga chalingan bemorlar yuboriladi:
a) Ia DHGdagi bemorlar — statsionar davoni olgandan so‘ng;
b) Ib DHGdagi bemorlar — qisqa muddatli statsionar davolanishdan so‘ng, sil jarayoni turg‘unlashganda va kasallik zo‘rayishi qaytganda;
v) II DHGdagi bemorlar.
Sil kasaliga ixtisoslashgan JIEMlarda saqlanayotgan mahkumlar orasida sil jarayoni zo‘raysa, antibakterial terapiya kursi shu JIEMning tibbiy bo‘limidagi statsionarda yoki sil kasalxonasi (bo‘limi)da zo‘rayish so‘nguncha olib boriladi. Bu holda bemor maxsus davolash-nazorat komissiyasi tomonidan yilda ikki marta ko‘riladi. Keyinchalik ular kasalxonadan (bo‘limdan) yana ambulator davolanishni davom ettirish uchun sil kasaliga ixtisoslashgan JIEMlarga yuboriladilar (7-ilova).
Sil kasaliga ixtisoslashgan JIEMlarda bemorlarni ushlab turish muddati sil jarayonini kechish dinamikasiga bog‘liq bo‘ladi.
358. Uchinchi bosqichda sil kasalini o‘tkazgan (III va VII DHGdagi) shaxslarning dispanser nazorati umumiy asosdagi JIEMlar sharoitida olib boriladi. Davolash-profilaktik chora-tadbirlarini o‘tkazish ushbu Qoidalarni X-bobida qayd etilgan.
359. Sil kasaliga ixtisoslashgan JIEM yotoqxonalarida har bir mahkum uchun yashash joyining me’yori 2 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Sil muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun ichki tartib-qoidalari to‘liq hajmda bo‘ladi. Intizomiy bo‘linmalar va karsyerlarda I, II, III, V, VII- DHGdagi shaxslarni va sog‘ shaxslarni birga saqlash taqiqlanadi. Bemorlar saqlangan intizomiy xonalarning joriy dezinfeksiyasi o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, yakuniy esa kameralar bemorlardan bo‘shatilgandan keyin o‘tkaziladi.
360. Bemorlarni statsionar va ambulator davolanishga yuborish o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
361. Bemorni DHGsini o‘zgartirish va davolashni keyingi bosqichiga o‘tkazish kasalxona boshlig‘i (yoki uning o‘rinbosarlari) yoki tibbiy bo‘lim boshlig‘i, bo‘linma boshlig‘i, davolovchi shifokor-ftiziatr yoki zarurati bo‘lsa shifokor-ftizioxirurg ishtirokidagi komissiyada hal qilinadi. Qabul qilingan xulosa tuzilgandan so‘ng, bemorning tibbiy ambulator varaqasiga tikib qo‘yiladi.
362. TXda faol sil kasali bor bo‘lgan va shu qatorda umrida birinchi marta sil tashxisi qo‘yilgan shaxslar aniqlansa hibsga olinishdan oldingi yashash joyidagi silga qarshi kurashish dispanseriga xabarnoma yuboriladi. Faol sil kasali bor bo‘lgan bemorlar (I, II, Va, Vb DHG) jazoni ijro etish joylaridan ozod etilayotganda, ular yashashni tanlagan joydagi silga qarshi kurashish dispansyerlariga yakuniy tashxis va dispanser hisobi guruhi haqidagi xabarnoma yuboriladi. Jazoni ijro etish muassasalarida sildan o‘lgan mahkum (mahbus)lar haqida ham yashash joyidagi silga qarshi kurashish dispansyerlariga xabarnoma yuboriladi.
363. Mehnat terapiyasi o‘tkazish uchun mehnat faoliyatining har xil turlari qo‘llanilishi mumkin, biroq bunda bemorning umumiy ahvoli, sil jarayonining faolligi va nogironlik guruhi hisobga olinadi.
364. Maxsus kontingentni sil kasalligiga moyilligini aniqlash va maxsus profilaktika uchun TXda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga 2 TBda Mantu sinamasi qo‘yiladi (6-ilova).
Mantu sinamasi salbiy natija bergan shaxslarga albatta BSJ vaksinasi bilan revaksinatsiya qilinishi shart. Tuberkulinga giperergik reaksiya bergan shaxslarda sil kasalining mahalliy turlarini inkor qilish uchun ular chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi shart. O‘pkasida spetsifik o‘zgarishlar aniqlanmagan shaxslarga JIEMning tibbiy bo‘limida 2-3 oylik ximioprofilaktika davolash kursi o‘tkaziladi, TXlarda hisobga olingan shaxslarga esa JIEMga kelishi bilan.
365. TX yoki JIEMda faol sil kasali bor bo‘lgan bemorlar aniqlansa, ular bilan bitta kamerada bo‘lgan shaxslarni IV DHGga olib, kerakli chora-tadbirlar o‘tkaziladi. Ularga bir marta 2-3 oylik ximioterapiya kursi o‘tkaziladi (6-ilova).
366. Tuberkulinodiagnostika natijalari, profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazilganligi va sil bemori bilan aloqada bo‘lganligi sababli ro‘yxatga olinganligi tibbiy ambulator varaqaga qayd etilishi lozim.
367. Silga qarshi kurashish xizmati va uning oxirgi natijalarini asosiy ko‘rsatkichlari quyidagilar:
a) sog‘ kontingent orasida I, II, Va, Vb DHG kuzatuvidagi bemorlarning yo‘qligi;
b) TX lariga tushayotgan sil kasali bor bo‘lgan bemorlar soniga nisbatan JIEMlarda birinchi bor sil kasali bilan og‘rigan bemorlar sonining kamroq aniqlanishi va shu bilan birgalikda mahkumlar orasida sil bilan kasallanishni turg‘un kamayib borishligi;
v) JIEMlardan ozod bo‘layotgan faol sil kasalligi bilan kasallangan shaxslarning sonini TXga tushgan faol sil kasalligi bor bo‘lgan shaxslar soniga nisbatan kam bo‘lishligi;
g) JIEMlardan ozod bo‘layotgan sil kasalining og‘ir bo‘lmagan formalari bilan kasallangan shaxslar sonini TXga tushayotgan shunday shaxslar soniga nisbatan ko‘proq bo‘lishligi.
Jarohatlanish va zaharlanish
368. Maxsus kontingent o‘rtasida jarohatlanish va zaharlanishni oldini olish chora-tadbirlari TX va JIEMlarni hamma bo‘limlarida tashkil etiladi. Tadbirlar aniq, maqsadli va xavfsizlikni ta’minlash shartlariga va muassasaning xo‘jalik-ishlab chiqarish faoliyatiga javob berishi kerak.
369. Quyidagilar zaharlanish va jarohatlanishga sabab bo‘ladi:
a) maxsus kontingentni saqlash qoidalarini buzilishi, operativ-tartib talablariga rioya qilmaslik; maxsus kontingentni jinoiy harakatlari, narkotik effekt olish uchun har xil (texnik, tarkibida spirt bo‘lgan va boshqa) moddalardan foydalanish, ishlab chiqarishda texnika xavfsizligi qoidasini buzilishi; muassasa ma’muriyati, ishlab chiqarish xizmati xodimlari tomonidan ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qilish, ishlab chiqarish obyektlari, texnika vositalari ustidan nazorat yetarli emasligi;
b) turli xildagi transport vositalarida maxsus kontingentni tashish qoidalarini buzilishi.
3691. Zaharlanish va jarohatlanishni oldini olishni asosiy chora-tadbirlari:
a) muassasa boshliqlari, tibbiyot xodimlari IIV buyruqlari va yo‘riqnomalariga asoslanib, maxsus kontingentni to‘g‘ri saqlanishini, ish bilan ta’minlanishini, zaharlanishlar va turli baxtsiz hodisalardan himoya qilinishini doimiy nazorat qilishlari kerak;
b) xizmat boshliqlari doimiy ravishda qo‘l ostidagilar bilan buyruq va yo‘riqnomalarni bajarish haqida mashg‘ulotlar o‘tkazishlari kerak;
v) mahkumlar sog‘lig‘i va malakasiga qarab ish bilan ta’minlanishi kerak;
g) mahkumlar bilan doimiy ravishda texnika xavfsizligi, jarohat olganda va zaharlanishda shaxsiy profilaktika, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish haqida mashg‘ulotlar o‘tkazish;
d) texnik yo‘riqnoma va ma’lum bir ishga o‘tkazishga ruxsat berish;
e) ma’lum turli ishlarga texnik yo‘riqnoma va ruxsat berishni rasmiylashtirish;
j) sanitariya-oqartuv ishlarini o‘tkazish;
z) jismonan kam rivojlangan, surunkali kasalligi bor shaxslarni doimiy nazorat qilish, ularga mehnat tavsiyalarini aniqlash va ularni ishga joylashishini nazorat qilish;
i) jarohat va zaharlanishlarning asosiy sabablarini doimiy ravishda o‘rganib borish va ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish.
(367-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) asosan 3691-bandga o‘zgartirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
3692. Muassasa tibbiy bo‘lim ish rejasi bo‘yicha quyidagilar amalga oshiriladi: mahkumlar mehnatini sanitariya-gigiyenik sharoitlarini tibbiy nazorati, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalarini amalga oshirish, aptechkalarni va sanitariya xaltachalarni borligi va ularning to‘liqligi, ishlab chiqarish joylarida ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik holati, maxsus kiyimni borligi, hovli hududini, ish joylarini sanitariya holati. Tekshiruv natijalari dalolatnomalari sexlarni ma’muriyatlariga buyruq usulida (kamchiliklarni aniq yo‘qotish vaqti ko‘rsatilib) rasmiylashtiriladi. Agar ishlab chiqarish joylarida sanitariya-gigiyenik qoidalarning qo‘pol buzilishi aniqlansa, ularni tezkor bartaraf qilish uchun bevosita muassasa rahbariyatiga axborot beriladi. Kamchiliklarni bartaraf qilish choralari qabul qilinmasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i o‘zidan yuqori turgan tibbiy boshliqqa xabar beradi.
(368-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) asosan 3692-bandga o‘zgartirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
3693. Ishlab chiqarish muassasalari tibbiy yordam bilan quyidagi tartibda ta’minlanadi:
a) ba’zi muassasalarda salomatlik punktlari tashkil etiladi, ularni tibbiy buyumlar va dori-darmon bilan ta’minlash, muassasani xo‘jalik bo‘limi yoki ishlab chiqarish hisobidan amalga oshiriladi;
b) hamma sexlar, mustaqil uchastkalar, ustaxonalar va hokazolar birinchi tibbiy yordam aptechkalari bilan ta’minlanadi. Aptechkalarni saqlanishi va vaqtida to‘ldirilishiga sexlarni, uchastkalarni boshliqlari, ustalar javob berishadi. Aptechkalarni to‘ldirilishini tibbiyot xodimi muassasaning mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi;
v) uzoq uchastkada ishlayotgan har bir ishlab chiqarish brigadasida yoki brigada guruhida, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tayyorlangan, mahkumlardan biri ajratiladi. Shu mahkumni muassasani tibbiyot bo‘limi, dori-darmon va bog‘lov vositalari bor bo‘lgan sanitariya xaltacha bilan ta’minlaydi;
g) agar ish vaqtida jarohatlangan mahkum tezkor tibbiy yordamga muhtoj bo‘lsa, uni tibbiyot bo‘limiga yoki yaqin atrofdagi davolash muassasalariga olib borish tashkil qilinadi.
(369-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) asosan 3693-bandga o‘zgartirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
370. Qamoqda saqlanayotgan shaxs qamoqda saqlash joylarida tan jarohatlari olganda qamoqda saqlash joylarining tibbiy xodimlari tomonidan yordam ko‘rsatiladi va kechiktirmasdan tibbiy guvohlantirish o‘tkaziladi. Tibbiy guvohlantirish natijalari belgilangan tartibda qayd etiladi va jabrlanuvchiga ma’lum qilinadi. Tibbiy guvohlantirish qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yoxud jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organning shaxsiy tashabbusiga yoxud uning himoyachisining iltimosiga ko‘ra chiqarilgan qarori asosida davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
(370-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
371. Ishlab chiqarishdagi shikastlanish natijasida mehnat qobiliyati bir kundan ko‘proq yo‘qolgan yoki asosiy ishdan boshqa ishga o‘tishga olib kelsa, bu haqda belgilangan usuldagi dalolatnoma tuziladi. Ishlab chiqarish jarohati, kasallik yoki zaharlanish haqidagi dalolatnoma bilan tekshiruv materiallari belgilangan tartibda shaxsiy hujjatga biriktirib qo‘yiladi. Kasbga oid zaharlanish va kasalliklar hodisalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartib bo‘yicha tekshiriladi.
Agar o‘tkazilgan tekshiruv paytida mahkumni o‘lishi yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotishi mushtlashish, o‘zi tomonidan tana a’zolariga zarar yetkazish, qotillik va hokazo yoki ataylab har xil texnik suyuqliklarni ichib zaharlanishi natijasida bo‘lsa, bunda baxtsiz hodisa uchun tuziladigan belgilangan shakldagi dalolatnoma tuzilmaydi.
372. Muassasalarning tibbiy bo‘limlari (salomatlik punktlari) shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish uchun hamma zarur jihozlar bilan ta’minlangan va tezkor ravishda davolash muassasasiga, ixtisoslik bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatishga olib borishga tayyor bo‘lishlari kerak.
X-bob. Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan bemorlarni dispanserizatsiya ko‘rigidan o‘tkazish
373. Dispanserizatsiya ko‘rigidan o‘tkazish ishlari jazoni ijro etish muassasalari tibbiyot bo‘limlari faoliyatining asosiy bo‘laklaridan bo‘lib, mahkumlarning sog‘lig‘i ahvolini faol kuzatishni va ular mehnat-maishiy sharoitlarini yaxshilashni hamda kasallanishning oldini olish uchun davolash-profilaktika va sanitariya-gigiyena tadbirlarini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
374. Dispanserizatsiya ishlarini o‘tkazishga tibbiy bo‘lim vrachlari, mahkumlar kasalxonasi mutaxassislari, sanitariya-epidemiyaga qarshi xizmat vrachlari, muassasa ma’muriyati jalb qilinadi. Mahkumlarni dispanserizatsiya ko‘rigidan o‘tkazish ishlarini tashkillashtirishni va o‘tkazilishini nazorat qilishni muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i bajaradi. Muassasa tibbiy bo‘limning shtatlar tarkibida kerakli mutaxassislar bo‘lmasa shu sohadagi dispanserizatsiya ishlarini bajarish uchun mahkumlar kasalxonasi mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
375. Dispanserizatsiyani unumli va sifatli o‘tkazish uchun quyidagilar kerak:
a) har yili rejalashtirilgan profilaktik ko‘riklarni o‘tkazish;
b) dinamik kuzatuv uchun kontingent yig‘ish;
v) ma’lum guruhni sog‘lig‘i ahvolini va har xil kasalliklari bor bemorlarni doimiy kuzatuvi;
g) o‘z vaqtida sog‘lomlashtirish tadbirlari va kasallikni qayta qo‘zg‘alishi va profilaktikasi uchun retsidivga qarshi davolashni o‘tkazish;
d) kuzatuv jarayonining hamma davrlarida va bemorni davolashda xizmat hamkorligiga hamisha rioya qilish (tibbiyot bo‘limi, kasalxona — tibbiyot bo‘limi);
e) vrachlarni asosiy mutaxassisligi va mehnat gigiyenasi masalalari, kasb kasalliklari, vaqtincha mehnatga layoqatsizlikni ekspertiza qilish savollari bo‘yicha malakasini oshirish;
j) sanitariya ma’rifatini va tibbiyot targ‘ibotni keng avj oldirish, zararli odatlar bilan kurashish, sog‘lom hayot tarzi ko‘nikmalarini singdirish;
z) mahkumlarni turmush va mehnat sharoitlarini o‘rganish va muassasa ma’muriyati va mahkumlar jamoa tuzilmalari faol ishtirokida ularni yaxshilash tadbirlarini o‘tkazish;
i) belgilangan tibbiyot hujjatlarni rasmiylashtirish va olib borish;
k) dispanserizatsiya natijalari va uni samaradorligini tahlil qilish.
376. Dispanserizatsiya ishi bosqichma-bosqich o‘tkaziladi, ya’ni dinamik kuzatuv uchun kontingent tanlab olinadi, dinamik kuzatuv o‘tkazish va davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi, sifat ko‘rsatkichlari va dispanserizatsiya natijalarini baholash tahlil qilinadi.
377. Dinamik kuzatuvga olinishi kerak bo‘lgan shaxslarni tanlash profilaktik ko‘riklar va mahkumlar kasalligi tufayli ambulator murojaat etganda o‘tkaziladi.
Dinamik kuzatuvga shaxslarni tanlash shunday tarzda tashkil bo‘lgan bo‘lishi kerakki, kasalliklarni ilk boshlanish davrda aniqlashni va bemor sog‘lig‘ini ahvolidagi o‘zgarishlar o‘z holiga qaytadigan xususiyatli bo‘lib, davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari kasalni sog‘lig‘ini va mehnat qobiliyatini tiklashni ta’minlashi mumkin bo‘lishi kerak.
Surunkali kechadigan kasalliklari bor bemorlarni tanlashda kasalliklari keng tarqalgan, kasallanish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan (shu hisobda vaqtinchalik mehnat layoqatini yo‘qotish bilan kechadigan) nogironlikka, o‘limga olib keluvchi kasalliklarga alohida o‘rin beriladi. Ularga yurak-qon tomir, onkologik, nerv-ruhiyat kasalliklari, nafas a’zolari va oshqozon ichak trakti kasalliklari kiradi. Dinamik kuzatuv uchun bemorlarni tanlash jarayonida “xavf” guruhiga, organizmida o‘zgarishlar bo‘lib ayrim a’zolarida va sistemalarda hali funksional va organik o‘zgarishlar bo‘lmagan, lekin bo‘lishi mumkin bo‘lgan vakillarga e’tibor beriladi.
378. Turli xil kasalliklari bo‘lgan bemorlarni dinamik kuzatuvi quyidagilarga bo‘linadi:
a) surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlarni dinamik kuzatuv;
b) o‘tkir kechadigan kasalliklarni o‘tkazgan shaxslarni dispanser kuzatuvi;
v) tug‘ma kasalliklari va o‘sishdagi yetishmovchiliklari (nuqsonlari) bo‘lgan bemorlarni dispanser kuzatuvi;
379. Surunkali kechadigan kasalliklari bo‘lgan bemorlarni dispanser kuzatuvi kasallikning kechishi bosqichlariga va kompensatsiya, subkompensatsiya yoki dekompensatsiya bosqichlariga bog‘liq bo‘lib, shu kasalliklarning asoratlarini hisobga olgan holda o‘tkaziladi. Kuzatuvdan maqsad bor bo‘lgan surunkali kasallikning yomonlashib ketmasligini, nogironlikka chiqishni va yangi surunkali kasallikni paydo bo‘lishini oldini olish, ishlab chiqarishdagi organizmga zararli ta’sirlarni yo‘qotish va mehnat sharoitini yaxshilash yo‘llari bilan mehnat qobiliyatini uzoq muddatga saqlashdir. Mehnatga layoqati cheklangan bemorlarni ular imkoniyatiga yarasha u yoki bu xizmatni bajara olishiga qarab ishga joylash kerak bo‘ladi.
380. O‘tkir kechadigan kasalliklar bilan og‘rigan shaxslarga dinamik kuzatuv o‘tkazilishdan maqsad shu kasallikni surunkali kechishga o‘tkazmaslik va uning asoratlarini oldini olishdir. Ularga dinamik kuzatuvni qancha vaqtda qaytadan o‘tkazish va davomiyligi kasallikning xili, ko‘rinishi, shu o‘tkir jarayonning kechishi xususiyatlari va qolishi mumkin bo‘lgan asoratlariga qarab har xil bo‘ladi. Dinamik kuzatuv bemor boshidan kechirgan kasalligini asoratlari xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘tkaziladi. Bemorni boshdan kechirgan o‘tkir kasalligi bo‘yicha dinamik kuzatuv nisbatan qisqa (2 haftadan — 3 oygacha, 3—6 oy, 6 oydan — 1 yilgacha) bo‘lishi mumkin va kasallikning asoratlari o‘tib ketishi bilan bunday shaxslar sog‘lomlar guruhiga o‘tkazilishi mumkin. Agar bemorni o‘tkir kasalligi surunkali ko‘rinishga o‘tsa, bemor surunkali kasallikka uchragan hisobda dinamik kuzatuvga olinadi.
381. Tug‘ma kasalliklari va o‘sishdagi yetishmovchiliklari bo‘lgan bemorlarni dinamik kuzatuvi ular asoratini og‘irligi, mehnatga layoqatlikning yo‘qolishiga ta’siriga qarab o‘tkaziladi.
382. Dinamik kuzatuv uchun hisobga olingan shaxslarga tibbiy tekshiruv, mutaxassislar konsultatsiyasini o‘tkazilishi muddatlari, laboratoriya va asboblar bilan tekshiruv hajmi belgilanadi, hamda davolash-sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya tadbirlari aniq ko‘rsatiladi. Har bir dinamik kuzatuviga olingan shaxsga nisbatan davolash profilaktika va sog‘lomlashtirish tadbirlarining alohida rejalari tuzib chiqiladi.
383. Davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari ko‘rsatmasini bajarish ambulator, tibbiyot bo‘limi statsionarida va rejalashtirilgan holda bemorni kasalxonaga jo‘natish bilan o‘tkaziladi. Bemorlarni kasallik tufayli kasalxonada bo‘lishi ularni har tomonlama tekshirilishi uchun yuqori darajada foydalanishi kerak. Bemor kasalxonadan chiqayotganda keyingi dinamik kuzatuv va davolash bo‘yicha tavsiyalar beradi.
384. Terapevtik ixtisoslik kasalliklari, sil, surunkali alkogolizm, giyohvandlik, teri-tanosil va ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlarni dispanser hisobi va dinamik kuzatuvi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ko‘rsatmalari, IIV Tibbiyot boshqarmasi ko‘rsatmalari, yo‘riqnomalari va tavsiyalari asosida IIVning Tibbiyot boshqarmasi bosh mutaxassislari nazorati ostida o‘tkaziladi.
385. Dispanser kuzatuvi ishlarini muvaffaqiyati belgilangan tibbiy hujjatlarni aniq rasmiylashtirish va olib borishga, kasallarni tibbiy tekshiruvlarga o‘z muddatida kelishiga bog‘liq. Ambulator tibbiy daftarcha (025/u-i hisobot daftarchasi) va dispanser kuzatuvi nazorat varaqachalari (030/u-i hisob varaqachasi) asosiy tibbiy hujjatlardan hisoblanadi. Ambulator tibbiy daftarchaga birlamchi va keyingi tibbiy ko‘ruvlar natijalari, dispanser kuzatuvidagi shaxsni sog‘lig‘ida bo‘lgan o‘zgarishlar kiritiladi. Epikriz yilning to‘liq davri uchun kuzatuv natijalari asosida tuziladi. Epikrizda to‘liq tashxis, davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari rejasi, ishga joylashish bo‘yicha maslahatlar, yil davomida qaytadan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tekshirishlar soni va muddatlari yoritilgan bo‘lishi kerak.
Har bir dinamik kuzatuvga olingan bemorlarni nazorat qilish uchun nazorat varaqachasi tuziladi, u shifokor ko‘rsatmalari bajarilishini nazorat qilish uchun tezkor hujjat hisoblanadi. Bemorlarni dispanser kuzatuvi varaqachasini, kasalliklar turiga qarab belgilash tavsiya etiladi va shifokor belgilagan qatnash muddatiga qarab alohida, har oyga bo‘lingan holda saqlanadi. Shifokor, haftada bir marta shu varaqachalarni ko‘rib chiqadi va tekshirish yoki belgilangan muolajalarni bajarish uchun kasalni tibbiyot bo‘limiga o‘z vaqtiga chaqirilishi chora-tadbirlarini ko‘radi.
386. Dispanser ishlari natijalarini va uni samaradorligini tahlil qilish dispanser ishlariga baho berish uchun o‘tkaziladi. U yo‘l qo‘ygan xatolarni va o‘zini oqlagan uslublarni aniqlash, umumlashtirish va takomillashtirish uchun chora-tadbirlar ko‘rish imkoniyatini beradi.
Tahlil ikki yo‘nalishda o‘tkaziladi:
a) tashkiliy chora-tadbirlar natijasi va sifatiga baho berish;
b) dinamik kuzatuv guruhidagi shaxslarga davolash-profilaktika va sog‘lomlashtirishni to‘liq tadbirlarini samaradorligiga baho berish.
Dispanserizatsiyaning tashkiliy chora-tadbirlari natijalarini va sifatini baholash uchun quyidagi ko‘rsatkichlar hisoblanadi va tahlil qilinadi:
a) kontingentni profilaktik ko‘rigining to‘la qamrovini;
b) kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va kasallikni oxirgi davrlarida aniqlanishi sabablarini bilish;
v) muhtoj bo‘lganlarni o‘z vaqtida dinamik kuzatuvga olinishini;
g) kuzatuvga olingan shaxslarni ko‘rigi muddatlariga amal qilishni;
d) davolash-profilaktika va sog‘lashlashtirish tadbirlarni to‘la, o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi.
387. Dispanser kuzatuvidagi bemorlarni alohida guruhlar bo‘yicha dinamik kuzatuvining unumliligini baholash uchun quyidagi ko‘rsatkichlar tahlil (ko‘rsatkichlarning kami 2 yilligi olinadi) qilinadi:
a) kasallikning qaytalanish soni;
b) vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bilan asosiy kasallik bo‘yicha kasallanish;
v) dispanser nazoratidagi shaxslarning sog‘lig‘i holatining o‘zgarishi (sog‘ayish, sog‘lig‘ining yaxshilanishi);
g) birlamchi nogironlik (dinamik nazoratiga olish uchun sabab bo‘lgan kasallik bo‘yicha);
d) o‘lim holatlari.
JIEMlardan ozodlikka chiqqan shaxslar bo‘yicha axborotlar o‘tkazilayotgan tahlildan olib tashlanadi.
388. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i muassasada dispanser ishlarini o‘tkazishga javobgar shifokorlardan dispanserizatsiya unumligi va natijalari bo‘yicha, kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha, mehnatga layoqatsizlik va uning dinamikasi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan axborotlar qabul qiladi. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i har yili o‘tkazilgan dispanser ishlari bo‘yicha o‘zidan yuqori turgan tibbiy boshlig‘iga hisobot beradi.
389. Maxsus kontingentga dispanser usuli bilan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun quyidagilar talab qilinadi: jiddiy tahlil; aniq tashkiliy ishlar; davolash, sog‘lomlashtirish va profilaktik chora-tadbirlarning yaxshilab o‘ylab chiqilgan rejasi va shu rejaning hamma elementlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha uslubiy talabchanlik. Quyida berilgan bemorlarni dinamik kuzatuvining taxminiy sxemasida faqat kasallikning ko‘p uchraydigan nozologik formalarigina berilgan. Mahkumlarni ishlab chiqarish faoliyatiga va klimatik sharoitga bog‘liq har bir konkret holat bo‘yicha sog‘lomlar va bemorlarning belgilangan guruhlarini hisobga olinishi va dinamik kuzatuvini shifokor hal qiladi. Biroq maxsus kontingentni dinamik kuzatuvga olish ko‘rsatmalarini kengaytirishga harakat qilish zarur.
Sil bemorlarini dispanserizatsiyasi
390. Hamma sil bemorlari kasallikning aktivligiga, jarayon fazasiga, davolash va kuzatuv davomiyligiga qarab dispanser nazoratining (DNG) 8 ta guruhlaridan biriga hisobga olinadi. Aktiv sil (IA, IB, II, VA, VB DNG) bilan kasallangan mahkumlarni davolanishi va nazorati maxsuslashgan JIEM va sil shifoxonasi (bo‘limlari)ning shifokor-ftiziatrlari tomonidan amalga oshiriladi. III, VB va VII DNG kuzatuvidagi mahkumlar rejimning turiga qarab umumiy asosdagi JIEMlarda saqlanadi va o‘sha yerda ularga dispanser nazorati va retsidivga qarshi davolash o‘tkaziladi. Hamma sil bilan kasallangan voyaga yetmagan mahkumlar kasallikning aktivligiga, jarayon fazasiga, davolash va kuzatuv davomiyligiga qarab dispanser nazoratining 7 ta guruhlaridan biriga hisobga olinadi. VI DNGda o‘pkasida lokal o‘zgarishlar bo‘lmagan sil bilan infitsirlangan o‘smirlar kuzatuvda bo‘ladi. Bu kontingentni davolash va dispanser kuzatuvi muassasa tibbiyot bo‘limi shifokor-terapevti tomonidan kasalxona shifokor-ftiziatri tavsiyasi asosida amalga oshiriladi.
391. Birlamchi sil kompleksi regional limfa tugunlari va o‘pka to‘qimasida maxsus o‘zgarishlar bilan xarakterlanadi. Bu kasallik asosan bolalarda, kam hollarda esa 18—25 yoshdagi shaxslarda kuzatiladi.
392. Ko‘krak qafasi ichi limfa bezlari sili kasalligida o‘pkada o‘zgarishlar bo‘lmagan holda koks oraligi va o‘pka ildizi limfa tugunlari shikastlanadi. Silning surunkali bu shakli asosan o‘smirlarda kuzatiladi. Kasallikning boshlanishi bola yoshidagilarga to‘g‘ri keladi. IIV maxsus kontingentlari orasida esa juda kam hollarda uchraydi.
393. Disseminatsiyali o‘pka silida infeksiya gematogen, limfogen va bronxogen yo‘llar bilan tarqaladi. Disseminatsiya jarayoni o‘tkir, o‘tkir osti va surunkali shakldagi ko‘p qirrali klinik o‘zgarishlar bilan kechadi. O‘tkir va o‘tkir osti shakllari uchun rivojlangan zaharlanish belgilari, jarayonning ikkala o‘pkada joylashganligi, o‘pka to‘qimasining simmetrik va bir xilda zararlanganligi xarakterlidir. Bunday bemorlar tuberkulinga yuqori sezgir bo‘ladi. Sil mikobakteriyalari asosan o‘pka to‘qimasida yemirilish kuzatilganda topiladi. Disseminatsiyali o‘pka sili kech aniqlanib, davolanmasa yoki davolanish noadekvat bo‘lsa kasallik rivojlanib fibroz-kavernali o‘pka siliga aylanadi. Emirilgan infiltrativ o‘pka sili, kavernali yoki fibroz-kavernali o‘pka silida, o‘pkadan qon ketishdagi aspiratsion pnevmoniyada va limfa tugunining bronxga yorib kirishidagi bronxogen yoyilgan o‘choqlarni disseminatsiyali o‘pka sili o‘choqlariga kiritilmaydi. Chunki bu bronxogen disseminatsiya jarayonining fazasi hisoblanadi.
394. O‘choqli o‘pka silida bir yoki bir nechta polimorf o‘choqlar asosan o‘pkaning 1-2 segmentlarida joylashgan bo‘lib, ularning o‘lchami 10 mmgacha bo‘ladi. Yangi paydo bo‘lgan o‘rta intensivlikdagi yumshoq o‘choqlardan tashqari eski fibroz-o‘choqli o‘zgarishlar ham kuzatiladi. Yangi yumshoq o‘choqlar davolanish natijasida butunlay so‘rilib ketishi yoki o‘rnida kichik fibroz qolishi mumkin. Fibroz-o‘choqli o‘zgarishlar yoki boshqacha qilib aytganda qattiq o‘choqlarda jarayon qaytalansa davolanish faqat perifokal yallig‘lanishni so‘rilishiga olib kelishi mumkin. Fibroz-o‘choqli o‘zgarishlarning faolligini aniqlash uchun chuqur tekshiruvlar o‘tkazilishi lozim. Faolligi aniqlanmagan shaxslar sildan sog‘ayganlar guruhiga kiritiladi.
395. Infiltrativ o‘pka silida bir nechta polimorf o‘choqlarning bir-biriga qo‘shilishi natijasida hosil bo‘lgan yoki gomogen va gomogen bo‘lmagan 1 smdan katta bo‘lgan infiltrativ-pnevmonik jarayon kuzatiladi. Klinik-rentgenologik belgilari bo‘yicha lobulyar, yumaloq, bulutsimon infiltratlar, lobitlar, perississuritlar, kazeoz yallig‘lanishlarga farqlanadi. Aksariyat bemorlarda silning bu shakli o‘tkir osti yoki o‘tkir boshlanib, belgilaridan biri bo‘lib o‘pkadan qon ketish hisoblanadi. O‘z vaqtida aniqlanmagan va davolanmagan infiltrativ jarayonlar yemirishlarga duchor bo‘ladi. Jarayonning yanada kuchayishi fibroz-kavernali o‘pka silini kelib chiqishini ta’minlaydi. Sil tayoqchalari infiltrativ o‘pka silining yemirilish davrida ko‘proq topiladi.
396. O‘pka tuberkulomalari har xil genezga mansub bo‘lib o‘lchami 1—1,5 smli kapsulaga o‘ralgan o‘choqlardir. Kapsulaga ega bo‘lgan gomogen, qavatli va konglomeratli tuberkulomalar farqlanadi. Ko‘plab va yirik (diametri 4 smdan yuqori) tuberkulomalarda jarayon rivojlanishi yemirilish, sochilish va o‘pkadan qon ketish ko‘rinishida bo‘ladi. Tuberkulomalarni doimo o‘sma kasalliklari bilan differensiatsiya qilish lozim. 1,5—2 smli mayda tuberkulomalar 3 yil mobaynida nazorat qilinadi, jarayon qaytalanishi kuzatilmasa klinik sog‘aygan deb hisoblanadi. Kavernali o‘pka sili bu sil jarayonining yemirilish shakli bilan fibrozli-kaverna o‘rtasidagi oraliq shakldir.
397. Kavernali o‘pka silida kaverna shakllangan bo‘lib, odatda rivojlanmagan perifokal yallig‘lanish mavjud bo‘ladi. Kaverna atrofida esa fibroz kuzatilmaydi. Kavernali o‘pka sili tashxisi asosan infiltrativ, disseminatsiyali o‘pka sili va tuberkulomalarning yemirilish shakllarini davolash jarayonida perifokal yallig‘lanishning so‘rilishi hamda shakllangan kavernaning aniqlanishi bilan qo‘yiladi. Yangi aniqlangan sil bemorlari o‘pkasida shakllangan kavernaning aniqlanishi va perifokal yallig‘lanishning bo‘lmasligi tashxisni birlamchi qo‘yishga asos bo‘ladi.
398. Fibroz-kavernali o‘pka sili fibrozli kaverna atrofidagi o‘pka to‘qimasida rivojlangan fibroz mavjudligi bilan xarakterlanadi. O‘pka to‘qimasidagi destruksiya maydoni 10—12 oy ichida fibrozli kavernaga aylanishi mumkin, shuning uchun fibroz-kavernali o‘pka sili tashxisi destruksiya aniqlanishidan 10—12 oydan so‘ng qo‘yiladi. Bu davr ichida kaverna atrofidagi o‘pka to‘qimasida fibroz rivojlanadi, o‘pka hajm jihatdan kichrayib, qovurg‘alararo masofa kamayadi. Bu belgilar rentgenogrammada yaqqol ko‘rinadi. Kavernasi mavjud bo‘lgan tsirrotik o‘zgarishlarni ham fibroz-kavernali o‘pka sili shakliga kiritiladi. Silning bu shaklida sil mikobakteriyalari doimo yoki vaqti-vaqti bilan ajralib turadi. Kasallik davolanmasa yoki noadekvat davolansa jarayon qaytalanib to‘lqinsimon kechishga ega bo‘ladi.
399. Sirrotik o‘pka sili faol sil jarayonining kliniko-rentgenologik ko‘rinishlarini saqlanishi bilan o‘pkada fibrozli o‘zgarishlarining ifodalanishi, emfizema va bronxoektazlarning borligi, koks oralig‘i a’zolari va traxeyaning siljishi bilan xarakterlanadi. Sirrotik o‘pka sili fibroz-kavernali, disseminatsiyali jarayonlarning uzoq kechishidan kelib chiqadi. Undan tashqari tsirrotik o‘pka sili lobit tipidagi infiltrativ o‘zgarishlarning so‘rilishi va biriktiruvchi to‘qimaning o‘sishidan, hamda sil o‘zgarishlari mavjud bo‘lgan o‘pka to‘qimasining atelektaz maydonlarida rivojlanadi. Va nihoyat tsirrotik o‘pka sili uzoq kechuvchi plevrit, pnevmoplevrit va pnevmotoraks oqibatida ham kelib chiqadi. Bu holatlardagi tsirrotik sil jarayoni plyevrogen rivojlanishiga ega bo‘lgani uchun “plyevropnevmotsirroz” deb ham yuritiladi. Sirrotik o‘pka sili klinikasida silning zaharlanish belgilari, jarayonning qaytalanib turishi, qon tupurish va sil tayoqchalarining ajralib turilishi saqlangan bo‘ladi.
400. Sil plevriti kamdan kam hollarda mustaqil kasallik bo‘lib rivojlanadi. Asosan o‘pka va o‘pkadan tashqari a’zolar sili bilan birga kechib, sil jarayonlari shakllarining asorati hisoblanadi. Shuning uchun bu tashxis puxta o‘tkazilgan kliniko-rentgenologik tekshiruvlardan so‘ng qo‘yilishi kerak. Kaverna yoki plevraosti joylashgan o‘choqlarning perforatsiyasidan kelib chiqqan plevra empiyemalari bronx yoki ko‘krak oqmalarini keltirib chiqarishi mumkin.
401. Yuqori nafas yo‘llari sili odatda asosiy sil jarayonining asorati bo‘lib rivojlanadi, shuning uchun mustaqil jarayon qilib ko‘rsatilishi o‘zini oqlamagan.
402. Boshqa a’zolar va tizimlar sili maxsus jarayonlarning keng ko‘lamdagi guruhlarini o‘z ichiga oladi, qaysiki miya qobig‘i va markaziy asab tizimi, ichak, suyak va bo‘g‘imlar, tanosil-jinsiy a’zolar silidan tortib, jigar, taloq, miokard siligacha bo‘lgan har xil a’zolar va to‘qimalarni zararlaydi.
Sil xarakteristikasining asosiy elementlari bo‘lib jarayon joylashuvi va kengligi, uning fazasi, sil tayoqchalarini ajralishi hisoblanadi.
Jarayon joylashuvi va kengligi o‘pka bo‘laklari va segmentlar bo‘yicha aniqlanib, tashxisda ko‘rsatiladi.
Sil jarayoni fazasi yangi aniqlangan bemorlarda sil faolligini va jarayon qaytalanishini yallig‘lanish, yemirilish, sochilish kabi ko‘rinishlar bilan xarakterlaydi. Kasallikning kliniko-rentgenologik belgilari bilan kechadigan sil jarayonini faol deb hisoblanadi (belgilari-zaharlanish, perifokal yallig‘lanishi mavjud bo‘lgan fibrozli va o‘choqli o‘zgarishlar, yemirilishi bor yoki yo‘q bo‘lgan infiltratlar, eritrotsitlar cho‘kish tezligi (EChT) kuchayishi, leykotsitar formulada siljish va boshqalar). Sil jarayoni faolligida albatta davolash choralari ko‘rilishi kerak. Silga qarshi preparatlar bilan sinovchi davo o‘tkazilganda rentgenologik ijobiy dinamika kuzatilishi jarayon faolligidan dalolat beradi. Jarayon fazalariga so‘rilish, qattiqlanish, chandiqlanish va ohaklanish kabi jarayonlar kiradi. Bu fazalar sil jarayonining so‘nishidan dalolat beradi.
Batsiyallarlik kriteriylari va o‘tkazilgan terapiya unumligi
403. Sil tayoqchalarini ajratilishi kasallik faolligini ko‘rsatadi. Kliniko-rentgenologik belgilari mavjud bo‘lgan har bir bemorda istalgan usul bilan hattoki bir marotaba sil tayoqchalari aniqlansa yoki kliniko-rentgenologik belgilari bo‘lmagan holda sil tayoqchalari ikki marotaba aniqlansa batsilla ajratuvchilar (VK+) deb hisoblanadi. Sil tayoqchalarini aniqlash uchun har bir bemor balg‘ami (bronx, traxeya va oshqozon yuvindi suvlari) 2 marotaba oddiy bakterioskopiya usuli bilan tekshiriladi, sil tayoqchalari aniqlanmagan holda flotatsiya usuli bilan tekshiriladi. Bu tekshirishlarni o‘tkazilishidan qat’iy nazar, birinchi bor aniqlangan bemorlarda yoki jarayon qaytalangan va kuchaygan hollarda davolanishni boshlashdan oldin 3 marotaba ekish usuli bilan tekshiriladi. Keyingi tekshirishlar davolanish jarayonida bo‘lib, 1 oyda 1 marotaba toki kamida 3 marotaba bakterioskopik va kultural usullar bilan tasdiqlangan sil tayoqchalarining aniqlanmasligi va tomografiya bilan tasdiqlangan yemirilgan maydonning chandiqlanishigacha amalga oshiriladi.
Keyingi tekshiruvlar asosiy ximioterapiya kursini tamomlaguncha 6 oyda 1 marotaba o‘tkazilishi kerak. Asosiy ximioterapiya kursi deb, sil jarayonining sog‘ayishiga qaratilgan statsionar yoki ambulator sharoitda antibakterial preparatlar bilan uzoq va uzluksiz kombinatsiyali davolanishga aytiladi. Davolanish davomiyligi so‘rilish va chandiqlanish fazalariga qarab belgilanadi. Yallig‘langan maydonlarning butunlay so‘rilib ketishi va qoldiq o‘zgarishlarning paydo bo‘lishi yoki usiz, yemirilgan maydonlarning yo‘qolishi va sil tayoqchalarining aniqlanmasligidan boshlab 10—12 oydan so‘ng, hamda kamida 2 ta rentgenogrammalar bilan tasdiqlangan jarayon stabilizatsiyasini kuzatilishi bilan asosiy ximioterapiya kursini to‘xtatish mumkin. Jarayon stabilizatsiyasini tasdiqlovchi rentgenogrammalar orasidagi vaqt 3 oy bo‘lishi kerak.
Tergov hibsxonasida o‘tkazilgan ximioterapiya asosiy davolanish kursiga qo‘shiladi.
Tashxisni shakllantirish
404. Klinik tashxis quyidagi tartibda shakllantiriladi — klinik shakl xarakteristikasi, jarayonning joylanishi (segment va bo‘laklar bo‘yicha), jarayon fazasi, dispanser guruhi, sil tayoqchalarini ajratish (VK+, VK-), asorati. Asorat asosiy tashxisga to‘ldiruvchi hisoblanadi. Unga quyidagilar kiradi: o‘pkadan qon ketish, spontan pnevmotoraks, o‘pka-yurak yetishmovchiligi, atelektaz, amiloidoz, buyrak va jigar yetishmovchiligi, bronxial va torakal oqmalar va hokazo. Asosiy tashxisdan so‘ng yo‘ldosh bo‘lgan boshqa a’zolar va tizimlar kasalliklari ko‘rsatiladi.
Infiltrativ o‘pka sili tashxisini shakllantirganda jarayon fazasi ko‘rsatilmaydi, chunki tashxisning o‘zi jarayon fazasini anglatadi. Kazeoz yallig‘lanish infiltrativ o‘pka silining og‘ir shakli hisoblanib, sil jarayonining asoratiga kiritilmaydi va tashxisni shakllantirganda quyidagicha yoziladi:
Tashxis: O‘ng o‘pka yuqori va o‘rta bo‘laklari infiltrativ sili yemirilish va sochilish davri, kazeoz yallig‘lanish tipida. IA VK+. Asorati — O‘pkadan qon ketish. O‘pka-yurak yetishmovchiligi II darajasi. Tashxis unumli davolanish oqibatida rentgenotomografik tekshiruv bilan tasdiqlangan yemirilish o‘chog‘ining chandiqlanishi va VK ajralishining to‘xtatilishidan 10—12 oydan so‘nggina o‘zgartirish mumkin. Undan tashqari sil bemorlari kontingenti sil jarayonining formasi, fazasi va aktivligiga binoan dispanser guruhlariga ajratiladi, qaysiki guruhlar klinik tashxisda ham ko‘rsatiladi.
Dispanser nazorati guruhlari (DNG)
405. I DNG — bu guruhga aktiv sil bemorlari kiritilib, ular klinik sog‘ayish va mehnat qobiliyatini tiklash uchun tibbiy hamda ijtimoiy profilaktik tadbirlarga muhtoj hisoblanadi. Sil infeksiyasi o‘chog‘ini sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi.
I DNG quyidagi”A” va “B” guruhlarga bo‘linadi:
“A” guruh — sil jarayoni birinchi bor aniqlangan, ilgari unumli davolangan sil jarayonining rivojlangan yoki qaytalangan bemorlar. Ular asosiy kompleks ximioterapiya kursiga muhtojdirlar, ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa, statsionar sharoitida xirurgik muolajalar qo‘llanishi bilan jarayon turg‘unligiga qadar davolanishlari mumkin.
“B” guruh — to‘liq bo‘lmagan yoki unumsiz antibakterial davolanish o‘tkazilganda, hamda ularni o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar oqibatida surunkali sil jarayoni shakllangan bemorlar. VK ajratilishi va kaverna 2 yildan ortiq saqlanishi yoki VK ajratmaydigan qobiq hosil qilib haltalangan empiyema, yemirilgan tuberkuloma mavjud bo‘lgan bemorlar bu guruhda kuzatiladi. Bular orasidan uzoq ximioterapiya yoki xirurgik davolanishga muhtoj bemorlar tanlanadi. Uni o‘tkazishga imkoniyat bo‘lmasa, ularga statsionar sharoitida jarayon zo‘rayishini so‘ndirish uchun yoki ambulator sharoitlarda uni oldini olish uchun qisqa muddatli davolanish kurslari o‘tkaziladi. II DNGda I DNGdan o‘tkazilgan so‘nuvchi aktiv sil bemorlari nazoratda bo‘ladi. Ularda jarayon barqarorligi yuzaga kelgan bo‘lib, batsilla ajratilishi to‘xtagan bo‘ladi va o‘pkasida yemirilish maydonlari bo‘lmaydi. Bu bemorlar yiliga 2 marotaba 2—3 oydan ximioterapiya kurslarini ambulatoriya sharoitida qabul qilishi lozim bo‘ladi.
III DNGda — I-II DNGdan o‘tkazilgan sil kasalligidan sog‘aygan shaxslar kuzatuvda bo‘ladi. Ular yiliga 2 marotaba mavsumiy 2 oylik kasallik qaytalanishiga qarshi bo‘lgan ximioterapiya kurslarini ambulatoriya sharoitida qabul qilishlari lozim (6-ilova).
IV DNGda batsilla ajratuvchi sil bemorlari bilan yaqin muloqotda bo‘lgan shaxslar kuzatuvda bo‘ladi. Ularga sil preparatlari bilan bir marta 2 oylik ximioprofilaktika davolash kursi o‘tkazilishi lozim.
V DNG — o‘pkadan tashqari a’zolar sili bemorlari kuzatuvda bo‘ladi. Uning 3ta guruhchasi mavjud bo‘lib, “A” guruhi — I DNGga, “B” guruhi — IIDNGga, “V” guruhi — III DNGga mos keladi va ularga kerakli davolash-profilaktika chora-tadbirlari o‘tkaziladi.
VII DNG — o‘pkasida katta qoldiq o‘zgarishlar mavjud shaxslar hayot davomida nazoratda turadi va ularga organizmning rezistentligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘tkazilib, organizmning kurashish kuchini susaytiruvchi omillar yuzaga kelgan vaqtda ximioprofilaktika kurslari o‘tkaziladi.
“O”(nolinchi) guruhda o‘pkasida ma’lum o‘zgarish mavjud bo‘lib, faolligini aniqlash zarur bo‘lgan shaxslar nazoratda turadi. Ularda 3 oy mobaynida o‘pkasida sil faolligi bor yo‘qligini aniqlash lozim. Faolligi aniqlangandan so‘ng DNGning qaysi biriga mansub bo‘lsa shu guruhga mos ravishda kerakli davolash-profilaktika chora-tadbirlari olib boriladi. Bemorni bir guruhdan boshqa guruhga o‘tkazish yoki dispanser hisobidan o‘chirish tibbiyot bo‘limi (sil shifoxonasi yoki bo‘limi) boshlig‘i va davolovchi shifokor-ftiziatr ishtirokida har bir holat uchun alohida, komissiyada, asoslangan, kerakli tekshirishlar bilan tasdiqlangan va tibbiy karta (kasallik tarixi)ga o‘rnatilgan tartibda qayd qilish bilan ko‘rib chiqiladi. I-guruhdagi bemorlar II guruhga asosiy ximioterapiya kursi yoki xirurgik muolajalar unumli o‘tkazilib, kliniko-rentgenologik va laborator ko‘rsatkichlar bilan tasdiqlangan VK ajratilishi va destruksiya maydonining yo‘qolgan holatlarda o‘tkaziladi. O‘pkasida kichik formadagi destruksiyasiz sil jarayoni mavjud, VK ajratmaydigan bemorlarda to‘liq so‘rilish yoki kichik qoldiq o‘zgarishlar qolgan bo‘lsa, I guruhdan to‘g‘ridan— to‘g‘ri III guruhga o‘tkazilishi mumkin. Kichik qoldiq o‘zgarishli bemorlar II DNG da kamida 1 yil mobaynida kuzatiladi. Sil jarayoni to‘liq davolanmasligi va surunkali destruksiyali sil jarayonidan keyingi katta qoldiq o‘zgarishlarda bu guruhda nazorat qilish muddati 2—3 yilga cho‘ziladi.
Tuberkulomasining diametri 4 smdan katta bo‘lgan bemorlar ko‘p yillar mobaynida kuzatuvda bo‘ladi. III DNG da kuzatuv muddati aniqlangan sil jarayonining shakliga qarab belgilanadi. Aniqlangan sil jarayonida destruksiyasiz va VK ajratmaslik hollarida kuzatuv muddati — 3 yil, surunkali destruksiyali katta sil jarayonida esa — 5 yil.
Ichkilikbozlik va giyohvandlik bilan kasallangan bemorlarni dispanser ko‘ruvidan o‘tkazish
406. Ichkilikbozlik va giyohvandlik bilan kasal mahkumlar maxsus JIEMlarida saqlanadi va davolanadi, bu mahkumlarni shu muassasa psixiatr va narkolog shifokorlari dispanser ko‘rigidan o‘tkazadilar. Agarda ichkilikbozlik va giyohvandlikka qarshi majburiy davolanishga muhtoj mahkumlar mutaxassis-shifokorlar bo‘lmagan JIEMga yuborish hollarida, davolash va dispanser nazoratini shu muassasa tibbiyot bo‘limi boshlig‘i yoki shifokor-terapevti psixiatr-narkolog tavsiyasi asosida olib boradi. Bu hollarda dispanser nazoratini olib borish asoslari o‘zgarmaydi.
Ichkilikbozlik bilan kasal mahkumlarni dispanser ko‘ruvidan o‘tkazish
407. Ichkilikbozlikka qarshi majburiy davolanishga lozim bo‘lgan, hamda shunday davolanishni qabul qilgan hamma mahkumlar ozodlikdan mahrum etilgan joylarda jazoni o‘tashni davom ettirgan holda dispanser hisobiga olinadi. Ularga o‘rnatilgan namunadagi nazorat kartasi yurgiziladi va 2 ta bo‘limdan iborat aktiv va passiv hisobga ega bo‘lgan kartotekaga joylashtiriladi.
Ichkilikbozlik bilan kasal mahkumlar JIEMga jazoni va majburiy davolanishni o‘tash uchun kelganlarida kamida 3 kun ichida psixiatr-narkolog shifokori tomonidan ko‘riladi va 1-guruh dispanser hisobiga qo‘yiladi. Bu mahkumlarga aktiv va madad beruvchi ambulator, zarur bo‘lgan holda statsionar ichkilikbozlikka qarshi davo, halq sudi tomonidan tibbiy xaraktyerga ega bo‘lgan majburiy choralar bekor qilinguncha yoki JIEMdan ozod bo‘lgunga qadar olib boriladi.
1-guruh dispanser hisobiga shunday mahkumlar olinishi mumkinki, ichkilikbozlikka qarshi majburiy davo olishga majbur bo‘lmagan, o‘zlari mustaqil ravishda narkologiya yordamiga murojaat etib, ichkilikbozlikka qarshi davoga ijobiy natija beradigan mahkumlar kiradi.
Bu mahkumlar murojaat etgan vaqtdan boshlab hisobga olinadi.
Agarda ozodlikdan mahrum etilgan joyda mahkum ichkilikbozlik bilan kasallanganligi aniqlansa va davolanishdan bosh tortsa, sud tomonidan majburiy davolanish tavsiya etilsa, shu vaqtdan boshlab dispanser nazoratiga qo‘yiladi.
Birinchi guruh dispanser nazoratida turuvchi mahkumlar uchun 6 oy muddatgacha bo‘lgan ichkilikbozlikka qarshi samarali davolanish tavsiya etiladi. Har bir holatda davolanish muddati davomiyligi tibbiyot bo‘limi boshlig‘i, psixiatr-narkolog shifokor va terapevt-shifokor tarkibdagi komissiya tomonidan har bir kasal mahkumni o‘ziga xosligi va kasallik kechishiga qarab belgilanadi. Bemorlar bir oyda bir marotaba shifokor ko‘rigiga chaqiriladi.
To‘liq aktiv ichkilikbozlikka qarshi davolash muolajalarini olgan mahkumlar, sud tomonidan majburiy xarakterdagi tibbiy chora-tadbirlarni bekor qilingan sharoitlarda mahkumlar passiv hisob guruhiga o‘tkaziladi. Madad beruvchi davolash, faqatgina kasallik qaytalanganda (ichkilikni qayta boshlab yuborganda) yoki shifokorga alkogolga o‘tkir moyillik sezgan hollarida mustaqil ravishda murojaat etganlarida olib boriladi. Agarda mahkum ichkilikni qayta boshlab yuborgan hollarida, kasallik qaytalanishiga qarshi madad beruvchi davodan bosh tortsa, u holda sudga murojaat etib mahkumga ozodlikdan mahrum etilgan joyda majburiy davolanishni tayinlanishiga ma’muriyat huquqi borligi haqida ogohlantiriladi.
Passiv guruh hisobida kuzatilayotgan kasallar profilaktika ko‘ruvi yoki kasallik qaytalanishiga qarshi madad beruvchi davo o‘tkazilish davrida psixiatr-narkolog shifokori tomonidan ko‘rib boriladi.
Giyohvandlik bilan kasal mahkumlarni dispanser ko‘rigidan o‘tkazish
408. Giyohvandlikdan majburiy davolanishi lozim bo‘lgan mahkumlarni hammasi dispanser nazoratiga qo‘yiladi. Ularga o‘rnatilgan namunadagi nazorat varaqasi yurgiziladi, 2 ta nazorat guruhi ko‘zda tutilgan: faol (1-DXG), qayta nazorat (2-DXG).
O‘zbekiston Respublikasi JKni 96-moddasiga muvofiq giyohvandlikdan davolanishi majbur bo‘lgan mahkumlarning hammasi aktiv guruh dispanser hisobiga quyiladi. Bu shaxslarga majburiy tartibda, davomiyligi 60 kundan kam bo‘lmagan giyohvandlikka qarshi birlamchi statsionar davolanish kursi va madad beruvchi ambulator davolanish kursi mehnat terapiyasi bilan birgalikda olib boriladi. Amaliyot shuni ko‘rsatayaptiki, JIEM tizimida giyohvandlikka qarshi majburiy davolanish optimal muddati 2 yilga boradi.
Kuzatuvdagi giyohvandlik bilan kasal mahkumlarni 1-yil davolanishida bir oyda bir marotaba psixiatr-narkolog tomonidan ko‘rikdan o‘tkazib boradi. 2-yili esa 2 oyda bir marotaba ko‘rikdan o‘tkazadi. har 3 oyda 3—4 haftalik madad beruvchi ambulator davo kursi olib boriladi. Giyohvandlikka qarshi davolash uslubini har bir holat uchun davolovchi shifokorni o‘zi belgilaydi.
Giyohvandlik bilan kasal mahkumlar 2 yil davomida tartib bilan davolansalar, tibbiyot bo‘limi boshlig‘i, psixiatr-narkolog shifokor va terapevt-shifokor tarkibdagi komissiya tomonidan majburiy davolanishni to‘xtatish haqida qaror qabul qilinishi mumkin. To‘liq davolanish kursini olmagan (bir yildan kam) shaxslarga majburiy davolanish kursini to‘xtatish haqida qaror qabul qilish tavsiya etilmaydi.
Giyohvandlik bilan kasal mahkumlar o‘rnatilgan tartibdagi majburiy davolanish kursini tugatganlaridan so‘ng, komissiya ko‘rigidan so‘ng 2-guruh dispanser nazorat hisobiga o‘tkaziladilar. Bu guruhda ular muddatlari tugagunlariga qadar (5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda turg‘un remissiya bo‘lsa) va narkolog shifokori tomonidan bir yilda 2 marotaba ko‘rib boriladi.
XI-bob. Ayollar va voyaga yetmaganlarni tibbiy ta’minoti
Voyaga yetmaganlarni saqlash muassasalarida davolash profilaktika ishlarini o‘ziga xos tomonlari
409. Barcha voyaga yetmaganlar tergov hibsxonalarida bo‘lgan vaqtlarida, ularni bo‘g‘ma (difteriya) kasalligini chaqiruvchisi va gijjalari bor-yo‘qligiga tekshiriladi. Bu tekshiruvlar musbat natijalar bersa, to‘liq davolash-profilaktika va epidemiyaga qarshi choralar o‘tkazilgandan so‘ng ularni tarbiya koloniyalariga yuborilishiga ruxsat etiladi. O‘smirlarda gijja aniqlanganda, gijjalarni tushirish choralari ko‘riladi, shu tadbirlar tugallanmay qolgan hollarda, ular muassasaga borgach tugatiladi. Ko‘rsatmaga asoslanib bo‘g‘ma va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlash o‘tkaziladi. Ko‘krak qafasi a’zolarini profilaktik tekshiruvlaridan faqat flyuorografiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
410. Voyaga yetmaganlarni qabul qilib olish guruhi tarkibiga kiruvchi tibbiy bo‘lim boshlig‘i, muassasaga yangi kelgan mahkumlarni ular salomatligi holatini e’tiborga olgan holda tegishlicha ishga joylashtirish, mutaxassislik va umumiy ta’lim o‘qishi bo‘yicha, halq xo‘jaligi va unga bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan kasb mutaxassisligiga o‘qitish haqida guruh rahbariga o‘z tavsiyalarini beradi. Bir vaqtning o‘zida vrach-psixiatrda ruhiy profilaktika va davolanishga muhtojlar yoki psixolog va tarbiyachi tomonidan tarbiyaviy-psixologik ta’sirga muhtojlar aniqlanadi.
411. Yilda ikki marta barcha tarbiyalanuvchilar chuqur tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkaziladi (antropometrik o‘lchovlar, vaznini tortib ko‘rish va laboratoriya tahlillari hamda flyuorografik tekshiruvlar). Ko‘rik natijalariga ko‘ra sog‘ligini holati va jismoniy quvvatiga qarab tarbiyalanuvchilar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun quyidagi guruhlarga bo‘linadi: asosiy, tayyorlov, maxsus va nogironlar. Sog‘ligi ahvoli yaxshilanib borishiga qarab bir guruhdan boshqasiga o‘tkaziladi. Asosiy guruhga sog‘lig‘ida o‘zgarish bo‘lmagan, hamda sog‘lig‘ida morfologik va funksional o‘zgarishlari ko‘p bo‘lmagan, jismonan baquvvat bo‘lgan o‘smirlar kiradi. Ular o‘quv dasturi bo‘yicha majburiy bo‘lgan jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida qatnashib, belgilangan normativlarni topshiradilar va jismoniy sog‘lomlashtirish tadbirlarida qatnashadilar, qo‘shimcha sport to‘garaklariga qatnashishlari mumkin. Tayyorlov guruhiga salomatlik holatida biroz o‘zgarishlar bo‘lgan va jismonan baquvvat bo‘lmagan o‘spirinlar kiradi. Jismonan baquvvat bo‘lmagan o‘spirinlar bilan jismoniy tarbiya darsi harakatlanish qobiliyatlarini va ko‘nikmalarini asta-sekinlik bilan oshirib borishga qaratilgan, hamda organizmga ortiqcha e’tibor talab qiladigan (puls, qon bosimi va boshqa ko‘rsatgichlarni nazorat qilish) mashqlar kiritilmagan o‘quv dasturi asosida olib boriladi. Ular belgilangan normativlarni tanlab topshiradilar, jismoniy sog‘lomlashtirish tadbirlarida qatnashadilar. Umumiy jismoniy tarbiya to‘garaklariga borishlari mumkin. Maxsus guruhga sog‘lig‘ida sezilarli, doimiy yoki vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlari bor bo‘lgan, o‘qish va mehnat faoliyatiga ruxsat etilgan o‘spirinlar kiradi. Ular bilan jismoniy tarbiya darslari maxsus dastur asosida kasalligini xususiyati va og‘irligi inobatga olingan holda olib boriladi va davolash tadbiri sifatida o‘tkaziladi. Bu turkum bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar, sport o‘yinlari tashkillashtiriladi, sog‘ligini ahvoli nazorat qilinadi. Ayrim o‘spirinlar bilan mashg‘ulotlar vrach maslahati asosida o‘tkaziladi.
412. Muassasaning tibbiy xodimlari o‘spirinlar ichidan sog‘ligi bo‘yicha sog‘lomlashtirishga, tibbiy kuzatuvga va kuchaytirilgan ovqatlantirishga muhtojlarini ajratib olib tibbiy bo‘lim statsionarida sog‘lomlashtirish guruhlarini tuzadi. Sog‘lomlashtirish guruhlariga quyidagi o‘spirinlar kiritiladi:
a) jismonan kamquvvat va vazni belgilangan ko‘rsatkichlardan past bo‘lganlar;
b) har xil og‘ir kasalliklarni, jarohatlarni va jarrohlik operatsiyalarni boshdan kechirganlar;
v) sog‘lig‘ida sezilarli, doimiy tarzdagi o‘zgarishlari bo‘lib maxsus guruhga kiritilgan va doimiy dispanser kuzatuv guruhi hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar.
Tibbiy bo‘lim boshlig‘i sog‘lomlashtirish guruhidagilar ro‘yxatini tuzib, uni muassasa boshlig‘i imzosi bilan tasdiqlaydi. Sog‘lomlashtirish guruhiga kiritilganlarni sog‘lomlashtirish muddatini vrach aniqlaydi va u 30 kundan oshmasligi kerak. Tibbiy ko‘rsatkichlar asosida bu muddat o‘zgartirilishi ham mumkin. Bu davr ichida o‘spirinlar statsionarda bo‘ladilar. Ularga kun tartibini tibbiyot bo‘limi boshlig‘i aniqlaydi. Ular muassasa maktabiga, kasb-texnika o‘quv yurtiga qatnashi mumkin, ishga borsa u mehnat-davolanish ko‘rinishida bo‘ladi. Tibbiyot xodimi nazorati asosida davolash va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu guruh a’zolarini tibbiyot hujjatlarida ularni vazni og‘irligi, kun tartibi, dori-darmon va vitamin bilan davolash, jismoniy mashg‘ulotlar va ishlash natijalari yozib boriladi.
413. Voyaga yetmaganlar saqlanadigan muassasalarda tibbiy-sanitariya ta’minotini takomillashtirish maqsadida quyidagi tadbirlar ko‘riladi:
a) tarbiya koloniyalari yuqori malakali konsultativ va statsionar yordam olish uchun shu hududdagi tuman, viloyat kasalxonalariga biriktiriladi;
b) O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB Respublika kasalxonasi har yili 2-marta profilaktik ko‘rik o‘tkazishga yordam berishi uchun mutaxassislar: otolaringolog, nevropatolog, okulist, jarroh, stomatolog, psixiatr va boshqa mutaxassislarni ajratadi. Rentgen-flyurografiya o‘tkazish guruhi shu ko‘rik rejalangan vaqtdan oldinroq barcha tarbiyalanuvchi — o‘spirinlarni flyuorografiya ko‘rigidan o‘tkazadi;
v) O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB Respublika kasalxonasi mutaxassislari voyaga yetmaganlar saqlanadigan muassasalarga konsultativ va metodik yordam ko‘rsatadilar. Ular muassasaga kelib dispanser nazorat guruhida hisobda turganlarga dispanser kuzatuvini tashkillashtirishda, ularga davolash-profilaktika tadbirlarini to‘laligicha o‘tkazilishiga, alkogolizm va giyohvandlikka chalingan bemorlarga majburiy davolashni o‘tkazishda yordam ko‘rsatadilar. Bu ishlarni amalga oshirish uchun dermatovenerolog, ftiziatr hamda boshqa mutaxassis-shifokorlar muassasaga borib amaliy yordam ko‘rsatadilar.
414. Tibbiy bo‘lim vrach-terapevti statsionarda 2 hafta ichida davolanishi mumkin bo‘lgan bemorlarni davolaydi. Bu muddatdan uzoqroq vaqt ichida davolanishi kerak bo‘lgan hollarda vrach bemor o‘spirinni JIEBB Respublika kasalxonasiga yoki yaqin atrofdagi sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalariga o‘rnatilgan tartibda yuboradi.
415. Muassasaga kelgan barcha o‘spirin mahkumlar vrach-psixiatr ko‘rigidan o‘tishi kerak. Tibbiy ko‘rsatmalari bo‘yicha majburiy davolash choralarini qo‘llash belgilangan voyaga yetmagan mahkumlar ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanadilar. Ambulator davolash (ixtisoslashtirilgan muassasa bo‘lmagan holatlarda xam mutaxassis tavsiyasi va nazorati ostida) tibbiy bo‘limda vrach-psixiatr (psixiatr-narkolog) yoki tibbiy bo‘lim boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi. Giyohvand bemorlarni tarbiya koloniyasi sharoitida davolash, majburiy tartibda mehnat va o‘qish jarayoni bilan uzluksiz ravishda, muassasa texnika mutaxassislik bilim yurti yoki umumiy ta’lim maktabining giyohvand bemorlar bilan ishlash jarayonini tashkil qilish tayyorgarligidan o‘tgan xodimlarini jalb qilgan holda olib boriladi. Yuqorida ko‘rsatilgan barcha tadbirlar vrach-psixiatr tomonidan tarbiyachi va psixolog bilan hamkorlikda olib boriladi. Ular tomonidan o‘spirinlar orasida sog‘lom turmush tarzi, giyohvand moddalarni zarari haqida kompleks tadbirlar targ‘iboti olib boriladi.
Ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatishni o‘ziga xos tomonlari
416. Ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha TX va JIEMlar tibbiyot bo‘limlari vazifalari quyidagilardan iborat:
a) homiladorlikning kechishida, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan asoratlarni oldini olish tadbirlarini ko‘rish;
b) ginekologik kasalliklarni oldini olish va davolash.
417. Tibbiy bo‘lim quyidagilarni amalga oshiradi:
a) homilador ayollarni dispanser ko‘rigidan o‘tkazish;
b) tug‘ishga tayyorgarlik uchun psixoprofilaktika ishlarini olib borish;
v) “onalar maktabi” ishini olib borish.
Tibbiy bo‘lim quyidagilarni nazorat qiladi:
a) ayollarni mehnatga to‘g‘ri jalb qilib ishlatilishini (homiladorlar va ko‘krak yoshidagi bolali ayollarni tungi xizmatlarga, ish vaqtidan ortiqcha ishlarga, zararli ishlab chiqarishga va dam olish kunlarida ishga jalb etilmasligini);
b) gigiyena xonalari borligini va ularni sanitariya holatini, jihozlanishini;
v) homilador va ko‘krak yoshidagi bolalari bor ayollarni ovqatlanishini nazorat qiladi.
418. Tergov hibsxonalari va JIEMlarida saqlanayotgan homilador ayollar tug‘ish uchun muassasa joylashgan hududdagi sog‘liqni saqlash tizimidagi tug‘ruqxonalarga yotqiziladi.
419. Barcha homilador ayollar dispanser kuzatuvida bo‘ladi. Akusherlik patologiyasi va ekstragenital kasalliklari bor bo‘lgan ayollar alohida “xavfli” guruhga ajratiladi. Homilador ayol birlamchi ko‘rikdan o‘tayotgan paytda:
a) hayoti va kasallik tarixi ma’lumotlari to‘planadi, ichki bezlar faoliyatiga, xayz ko‘rishga, uning kechishi va avvalgi homiladorligi, tug‘ish va ularni kechishi haqida ma’lumotlar yig‘iladi;
b) umumiy, maxsus va ultratovush tekshirishlari o‘tkaziladi, vazni va qon bosimi o‘lchanadi;
v) laboratoriya tekshiruvlari (qon, siydikning umumiy tahlili, Vasserman tekshiruvi homiladorlikning birinchi va ikkinchi davrida o‘tkaziladi, qon guruhi, rezusni qaysi guruhga mansubligi, qin ajratmalarini, OITS tekshiruvlari) o‘tkaziladi;
g) vrach terapevt va stomatolog ko‘rigi o‘tkaziladi.
Akusherlik anamnezi og‘ir kechgan bo‘lsa, homilador ayollar toksoplazmozga tekshiriladi, kerakli mutaxassislarga ahvoliga qarab ko‘rsatiladi.
Akusher-ginekolog ko‘rigiga kelish muddatlari quyidagicha belgilanadi:
a) homiladorlikning 1 davrida — 1 oyda 1-marta;
b) homiladorlikning 2 davrida — 1 oyda 2-marta;
v) homiladorlikning 32 haftasida — har haftada;
g) akusherlik anamnezi og‘ir kechgan hollarda, homilador ayol kasal hollarda yoki shu homiladorlik patologik kechayotgan (statsionar davolanish zarur bo‘lmagan) hollarda necha kunda ko‘rik o‘tkazish alohida hal qilinadi, zarur bo‘lsa kerakli hajmda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Homiladorlik aniqlangan vaqtdan boshlab ayol yengil ishga ko‘chiriladi va quyidagilar o‘tkaziladi:
a) shaxsiy gigiyena qoidalariga, ish va dam olish tartibini saqlash haqida sanitariya-targ‘ibot ishlari o‘tkaziladi;
b) nosog‘lom bo‘lgan homilador ayollar (yurak kasalliklari, homiladorlik toksikozi va boshqalar) bilan jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari alohida tartibda maxsus mashqlar bilan o‘tkaziladi;
v) har haftada bir marta tug‘ish uchun ayolni ruhiy jihatdan tayyorlash mashqlari o‘tkaziladi (6 dars);
g) homiladorlikning 14—16 haftasidan boshlab “onalar maktabi” darsi o‘tkaziladi.
Statsionar tekshirishga va davolanishga quyidagi ayollar yuboriladi:
a) homiladorlik patologik kechgan (toksikozni og‘ir ko‘rinishlari, bola tashlash xavfi bo‘lganda, nefropatiya, preeklampsiya, jinsiy a’zolar yo‘lidan qon oqqanda, homila ota-onasining qon rezusi qarama-qarshi bo‘lgan homiladorlikda, muddatidan oldin tug‘ib qo‘yish xavfi bo‘lgan va boshqa) hollarda;
b) ekstragenital kasalliklar (yurak nuqsoni, qon bosim kasalligi, giperterioz, diabet, anemiya, leykoz, tsistit va boshqa) qayd etilgan hollarda;
v) o‘zi sog‘lom bo‘lgan ayollarda tug‘ish jarayoni qiyinchiliklar (bachadondagi chandiq, homila ko‘ndalang yoki yonlama joylashganda, bachadonda bir necha homila bo‘lganda, homila ona qornida nobud bo‘lganda, bachadon miomasi va boshqalar) bo‘lishi mumkin bo‘lgan hollarda;
g) ambulatoriya sharoitida tashxis qo‘yishni, kasallik asoratini aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda.
420. Akusherlik statsionaridan chiqqandan so‘ng ko‘rik quyidagi muddatlarda bo‘ladi:
a) 7—10 kundan keyin — 1 ko‘rik;
b) 1 oydan keyin — 2 ko‘rik;
v) 2 oydan keyin — 3 ko‘rik.
Birinchi ko‘rik paytida akusherlik statsionari ma’lumotlari o‘rganiladi, shikoyatlar aniqlanadi, kerak bo‘lsa qinni tekshiruvlari o‘tkaziladi. Shaxsiy gigiyena talablarini bajarish haqida suhbatlar o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lgan hollarda mutaxassis vrachlarning maslahat ko‘riklari o‘tkaziladi.
Ikkinchi ko‘rik paytida ayolning shikoyatlari o‘rganiladi, zarurligiga qarab laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Tug‘ishdan keyingi davrni kechishi fiziologik holatda bo‘lsa uchinchi ko‘rikdan so‘ng ayol dispanser hisobidan o‘chiriladi. Tuqqan ayolning sog‘ligi ahvolini vrach akusher-ginekolog, tug‘ilgan chaqaloqni ahvoli va o‘sishini vrach-pediatr kuzatadi.
421. Ginekologik yordam ko‘rsatishni tashkillashtirish vazifalari:
a) ginekologik kasalliklarni oldini olish;
b) ularni ilk boshlanish davrida aniqlash;
v) ginekologik bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish.
Ayollardagi ginekologik kasalliklar akusher-ginekolog qabuliga ayollar murojaat etganda va har yilgi profilaktik ko‘rik vaqtida aniqlanadi. JIEM va TX saqlanayotgan barcha ayollar ko‘ruvdan o‘tishi kerak, ular akusher-ginekolog vrachi tomonidan har yili kamida bir marta ko‘riladi. Kasallik aniqlanganda (yoki uni borligiga shubha bo‘lganda) vrach quyidagilarni o‘tkazadi:
a) kasallik tarixi yig‘iladi;
b) kasallarni umumiy va ginekologik ko‘rikdan o‘tkaziladi;
v) bakteriologik va tsitologik tekshiruvlar oynaga surkash yo‘li bilan olinadi.
Rejali asosda statsionarga yotqiziladigan bemorlar oldin to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi, ular uchun statsionarda bo‘sh joy qoldiriladi.
Ayollardagi bor bo‘lgan kasallikni tibbiy bo‘lim sharoitida davolashni imkoni bo‘lmasa ularni sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalariga yuboriladi. Kerak bo‘lgan hollarda homilani oldirib tashlash uchun quyidagilar o‘tkaziladi:
a) qonni Vasserman usuli bilan tekshirish;
b) qinni surkov olib tekshirish;
v) birinchi bor homilador bo‘lganlar qonini rezusga tekshirish.
Boshqa tekshiruvlar zaruriyatga qarab o‘tkaziladi.
Sun’iy yo‘l bilan homilani rivojini to‘xtatishga bo‘lgan qarshiliklar:
a) kechishi o‘tkir va oraliq so‘zak (gonoreya);
b) qayerda joylashganidan qat’iy nazar kechishi o‘tkir va oraliq barcha yallig‘lanish hollari;
v) o‘tkir yuqumli kasalliklar.
Ginekologik bemorlar ikki guruhga bo‘linadi:
a) davolanishi talab etilayotganlar;
b) muntazam kuzatuvga va ko‘ruvga muhtojlar.
Birinchi guruhga jarrohlik usuli bilan davolanish talab qilinadigan tashqi jinsiy a’zolarining o‘ta xavfli o‘smalari, xavfli bo‘lmagan o‘smalari, bachadon miomasi, kistomasi va tuxumdon kistasi, qin shilliq qavati osilib tushishi va osilib qolishi hollari; menstrual buzilishi bo‘lgan bemorlar, patologik klimaksi va boshqa holatlar bo‘lgan bemorlar kiradi.
Ikkinchi guruhga belgilari yaqqol bilinmaydigan, davolanishga muhtoj bo‘lmagan miomalari bor bo‘lgan ayollar, operativ-jarrohlik davolanishi kerak bo‘lmagan tuxumdon va qin kistasi bor bo‘lgan bemorlar, bachadon va qin shilliq qavatlari chiqib turadigan va jarrohlik yo‘li bilan davolanishga qarshiliklari bo‘lgan, hamda operativ yoki konservativ davolanishdan so‘ng birinchi guruhdan o‘tkazilgan bemorlar kiradi. Qancha muddatga, necha martalab ko‘rikdan o‘tkazish, kuzatuv muddatlari har bir ayol uchun vrach tomonidan kasallikning kechishi, kasallik davri va uning o‘ziga xos kechishi hisobga olingan holda aniqlanadi.
Bolalar uyi xizmatini tashkillashtirish
422. Bolalar uyi mahkuma ayollarning bolalarini saqlash va tarbiyalashga mo‘ljallangan bolalar muassasasidir. Bolalar uyi o‘rnatilgan tartibda ayollar jazoni ijro etish muassasalarida tashkillashtiriladi. Bolalar uyi muassasa hududidan tashqarida joylashadi yoki mahkumalar umum yashash joyidan ajratilgan bo‘ladi. Bolalar uyi joylashgan yer maydoni to‘siq bilan o‘ralgan bo‘lib, u yerda har bir guruh, bolalar yil davomida sayr qilishi va toza havoda uxlashlarini mo‘ljallab alohida jihozlanadi.
Bolalar uyida bolalar tug‘ilganidan to uch yoshga to‘lguniga qadar tarbiyalanadi. Bolalar uyidagi bola uch yoshga to‘lganidan keyin onasining roziligi bilan uning qarindoshlariga yoki homiylik va vasiylik organi qaroriga ko‘ra boshqa shaxslarga berilishi mumkin yoki boshqa sharoitlarda bolalar sog‘liqni saqlash idoralariga qarashli bolalar muassasalariga o‘tkaziladilar.
Barcha chaqaloqlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FXDYo) idoralaridan o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazilib, tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilishi shart. Bola o‘lik tug‘ilsa yoki chaqaloq tug‘ilganidan keyingi yetti kun ichida vafot etsa, bunday holatlar uch kun muddat ichida FXDYo idoralarida qayd etish ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Tug‘ilishdan oldin nobud bo‘lgan har bir bola (homila) haqida tegishli ma’lumotnoma to‘ldiriladi.
Bolalar uyida har bir bolaga turar joyi maydoni 5 kvadrat metrdan (shu hisobda yotoq xonasi, o‘ynaydigan joyi, ovqatlantirish xonalari) kam bo‘lmasligi kerak. Yotoqxonada har bir bolaga to‘g‘ri keladigan maydon 2 kv.m. kam bo‘lmasligi kerak.
Bolalar uyi faoliyatini uning boshlig‘i — vrach-pediatr boshqaradi, u bolalar uyining tibbiy, tarbiyaviy va boshqaruv-xo‘jalik faoliyatiga rahbarlik qiladi, amaldagi sog‘liqni saqlash qonunchiligi va O‘zbekiston Respublikasi IIV buyruq va yo‘riqnomalari asosida ish yuritadi. Bolalar uyi joylashgan muassasa boshlig‘i va shu muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘i bolalar uyi faoliyatini tashkillashtirishga shaxsan javobgardirlar.
423. Bolalar uyida sog‘lomlashtirish va tarbiyaviy ishlarni to‘g‘ri tashkillashtirish uchun bolalar yoshiga qarab bo‘lingan guruhlar tashkil etiladi. Yoshiga qarab taqsimlangan bolalar guruhlari va guruhlar soni haqiqatda bor bo‘lgan bolalar soniga, yoshiga va psixofiziologik o‘sishini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Bolalarni yoshga qarab guruhlarga bo‘linishi:
a) birinchi guruh — 10 oygacha bo‘lgan bolalar (bunda 4 oygacha bo‘lgan bolalar uchun guruhchalar tuziladi);
b) ikkinchi guruh — 10 oydan 1,5 yoshgacha;
v) uchinchi guruh — 1,5 yoshdan 2 yoshgacha;
g) to‘rtinchi guruh — 2 yoshdan 3 yoshgacha.
Birinchi va ikkinchi guruhdagi bolalar soni o‘rtacha 10 tadan, uchinchi va to‘rtinchi guruhdagilar — 13 tadan oshmasligi kerak. Agar biror guruhdagi bolalar soni belgilangan me’yordan oshib ketsa, yana bitta shunaqa guruh tuziladi.
424. Bolalarni tibbiy ta’minoti quyidagi yo‘nalishlarda bo‘ladi:
a) sog‘lom bolani jismonan va ma’nan to‘g‘ri o‘sishini tashkillashtirish;
b) yuqumli va somatik kasalliklarni oldini olish va davolash.
425. Bolalar uyida tibbiyot xodimlari quyidagilarni ta’minlaydilar:
a) 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni to‘g‘ri ovqatlantirish va 1 yoshdan oshgan bolalarni to‘laqonli ovqatlantirish;
b) bolalarga belgilangan yoshlarida profilaktik emlashlarni o‘tkazish;
v) chiniqtirish muolajalarini va badan tarbiya mashqlarini o‘tkazish;
g) bolalar uyidagi kasallangan bolalarni boshqalardan ajratish va karantin choralari bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish;
d) onalar va bolalar uyi xodimlari bilan sanitariya-targ‘ibot ishlarini o‘tkazish;
e) hisobot ishlarini olib borish.
426. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarni ovqatlantirish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan me’yorlar asosida tashkillashtiriladi. Bu ishda tibbiyot xodimlari quyidagilarni bajaradi:
a) bolalarni to‘liq ko‘krak suti bilan boqilishi uchun harakat qilish;
b) ko‘krak suti yetmagan taqdirda va donorlik sutini olish imkoniyati bo‘lmasa, bolani o‘z vaqtida aralash va sun’iy ovqatlantirishga o‘tkazish;
v) bolaning yoshi va o‘ziga xos ayrim xususiyatlariga qarab, taomnomaga sharbatlar, vitaminlar, boshqa har xil qo‘shimcha ovqatlar qo‘shilishiga erishish;
g) bolaning ovqatlarida asosiy ovqat moddalarini uning fiziologik talabi darajasida bo‘lishini qattiq nazorat qilish;
d) bolaning sog‘lig‘i va individual xususiyatlari, tarbiyalanish sharoitlari, atrof muhit e’tiborda bo‘lishi kerak.
Bola ovqatlanishini to‘g‘ri tashkil etilganligini bola bo‘yi va vazni bir tekisda o‘sishi bilan belgilanadi. Xavf guruhiga kiruvchi — chala tug‘ilganlar, ko‘p homilalilar, katta og‘irlikda tug‘ilganlar va gipotrofiyaga chalingan bolalar alohida guruhga ajratiladi. Bunday bolalarni ovqatlantirish masalasi faqat individual hal qilinadi.
427. Bolalarni profilaktik emlash O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartiblar asosida o‘tkaziladi.
Buning uchun quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:
a) emlash tadbirlari yil, kvartal, oyni mo‘ljallab rejalashtiriladi;
b) emlash o‘tkazilgan kuni vrach ko‘rigi o‘tkazilib, tana harorati o‘lchanadi;
v) sanitariya-gigiyena qoidalariga, aseptika qoidalariga (emlash o‘tkazadigan alohida xona, tibbiy jihozlarni sterilizatsiya qilish) amal qilish;
g) o‘tkazilgan profilaktik emlashni va uning natijasida bo‘lgan o‘zgarishlarni aniq qayd etish;
d) emlashni boshqa muddatga qoldirilish sababini asoslab, uni qachon o‘tkazish mumkinligini belgilash.
428. Bolalarni chiniqtirish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan uslublar va IIV Tibbiyot boshqarmasi tavsiyalari asosida quyidagi shart-sharoitlarga amal qilgan holda o‘tkaziladi:
a) chiniqtirish uslubini o‘tkazishda har bir bolaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish;
b) chiniqtirish muolajalari va tabiiy omillarni qo‘llashni birgalikda olib borish;
v) tabiiy omillar ta’sir kuchini asta-sekinlik bilan oshirib borish;
g) chiniqtirish yil bo‘yi o‘tkaziladi, uni uslublari yil fasli va ob-havoga qarab o‘zgartirib boriladi;
d) chiniqtirish muolajasi vaqtida bolaning quvnoq, xush holda bo‘lishi.
Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning jismoniy tarbiya mashqlari har bir bolaga alohida bo‘lib, uqalash va gimnastikani o‘z ichiga oladi. Bir yoshdan katta bolalarga jismoniy tarbiya harakatli o‘yinlar, hamda turli gimnastik mashqlardan iborat bo‘ladi.
Bolalarni sog‘lig‘i ahvoli kompleks uslubda mutaxassis-vrachlar jalb etilib baholanadi. Bu ishning pirovardi natijasi barcha bolalarni sog‘lig‘i bo‘yicha bir guruhga birlashtirish bo‘lib, bu sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishni yengillashtiradi.
429. Bolalar uyiga kelgan barcha bolalar vrach tomonidan zudlik bilan va chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bolalarni vrach tomonidan ko‘rigi quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:
a) 1 oylik bo‘lgunicha — har kunda;
b) 1 oydan 6 oylik bo‘lgunicha — besh kunda bir marta;
v) 6 oydan 9 oylik bo‘lgunicha — o‘n kunda bir marta;
g) 9 oydan 1 yoshga to‘lguncha — ikki haftada bir marta;
d) 1 yoshdan 3 yoshga to‘lgunicha — bir oyda bir marta.
Bolalarni ko‘rik natijalari va ruhiy jismoniy o‘sishi haqidagi ma’lumotlar bolaning rivojlanish tarixi daftariga (112–U–I shakl) qayd etiladi. Nimjon va salomatlik holatida o‘zgarishlar bo‘lgan bolalar IIV va mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari mutaxassis vrachlarini jalb etilib ko‘riladi. Bolalar uyiga barcha yangi kelgan bolalarda antropometrik o‘lchovlar o‘tkaziladi va bu o‘lchovlar bola 1 yoshga to‘lguncha har olti oyda qaytadan o‘tkaziladi. Sog‘lom bolalarni 4 oylik bo‘lguniga qadar kunora, 4 oydan 1 yoshga to‘lguniga qadar 5 kunda 1-marta, 1 yoshdan 1 yoshu 6 oylik bo‘lguniga qadar 10 kunda 1-marta, 1 yoshu 6 oyligidan 3 yoshga to‘lguniga qadar har oyda 1-marta vazni o‘lchanadi. Nimjon bolalar ovqatlanishdan oldin va undan keyin 3—4 oylik bo‘lguniga qadar kunda bir marta vazni o‘lchanib turiladi.
430. Yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini olish maqsadida bolalar uyiga yangi kelgan yoshi ikki oydan oshgan bolalar 21 kun davomida karantinda bo‘ladilar. Yoshi ikki oygacha bo‘lgan bolalar 3—5 kunga karantin binosida alohida xonaga yotqiziladilar. Tez rivojlanuvchi og‘ir kasallikka va yuqumli kasalliklarga chalingan bolalar karantin binosiga yotqizilmay sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalariga jo‘natiladilar va ular kasalxonaga jo‘natilgunga qadar tibbiy izolyatorda bo‘ladilar. Bolalar karantin o‘tishi uchun bolalar uyi binosidan boshqa joyda alohida xona tashkillashtiriladi, undagi o‘rinlar soni bolalar uyining shtat bo‘yicha umumiy o‘rinlar sonining 10 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Karantin binosi 2—3 xonali qabul bo‘linmasi, bolalarni onalari bilan birgalikda saqlash uchun xonalar (maydoni har bir bola uchun 5,1 kv.m. va onalar uchun 3 kv.m. kam bo‘lmagan), yuvish xonasi, hojatxona, ayvoncha va sayr qilish uchun maydonchalardan tashkil topadi. Karantin xonalarida har xil yoshli bolalar bo‘lib, ularning kun tartibi har biriga alohida, tarbiya ishlari ularning yoshiga xos bo‘ladi. Karantin vaqtida bolalar va onalar bo‘g‘ma, ichak infeksiyalari guruhi (yoki shu mikrob tashuvchilari) bor-yo‘qligiga (shu jumladan, qorin tifi, paratif, ichburug‘), gijjalar borligi, sil va zaxm kasalliklariga, qonni Vasserman uslubida tekshirishga, qizchalar va onalarni gonoreya kasalligiga tekshiriladi. Boshqa qo‘shimcha tekshiruvlar klinik va epidemiologik asoslar bo‘lsagina o‘tkaziladi.
Zaxm kasalligi bilan og‘rigan yoki kasallanib davolangan onalardan tug‘ilgan bolalarga tegishli tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartiblar asosida o‘tkaziladi.
431. Izolyator bolalar uyi umumiy o‘rinlar sonini 10% miqdorida o‘rinlar bilan jihozlanadi, u sog‘lom guruhlardan ajratilgan bo‘lib, kirib-chiqishi alohida bo‘lishi kerak. U qabul xonasi, kasallar uchun 1—2 xona (maydoni har bir bemorga 3 kv.m. kam bo‘lmasligi kerak), hojatxona, yuvinish xonasi va bemor bola uchun alohida xonadan iborat bo‘ladi. Bu izolyatorda ayvoncha va sayr qilish uchun maydoncha bo‘lishi kerak. Karantin bo‘linmasi va izolyator kerakli asbob-anjomlar va bemorlarni parvarish qilish buyumlari bilan jihozlanadi.
432. Guruh va kichik guruhlarda kun tartibi bolalarning yoshi va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib tuziladi. Har bir guruhda bolalarning yoshiga muvofiq, ularning normal o‘sishini ta’minlovchi sog‘lomlashtirish va tarbiya tadbirlari o‘tkaziladi.
433. Tibbiyot xodimlari bolalarni maksimal ravishda ko‘krak suti bilan boqishni saqlab qolishga intilishlari kerak. Onaning ko‘krak suti bo‘lmagan hollarda, bolaga boshqa boquvchi ayollar ko‘krak sutini, donor sutini yoki ona sutiga yaqinlashtirilgan quritilgan sut aralashmasini olish mumkin. Bolalar uyi qoshida sut oshxonasi tashkil etiladi.
434. Nimjon bolalar uchun bolalar uyida ularni kerakli darajada sog‘lomlashtirish uchun o‘ziga xos shart-sharoiti va tartibi bo‘lgan sanatoriya guruhlari tashkil etilishi mumkin.
435. Bolalar uyi boshlig‘i har bir yuqumli kasallik hollarida zudlik bilan muassasa tibbiy bo‘lim boshlig‘iga xabar beradi. Yuqumli kasal bolalar bilan muloqotda bo‘lgan bolalarga epidemiyaga qarshi barcha zarur tadbirlar o‘tkaziladi. Ular alohida guruhga ajratilib, boshqa xonalarga joylashtiriladi. Yuqumli kasal chiqqan guruhda joriy dezinfeksiya, yakuniy tashxis qo‘yilgandan so‘ng yakuniy dezinfeksiya o‘tkaziladi. O‘tkir ichak infeksiyasi aniqlanganda, shu guruhdagi bolalar va shu guruhga xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar va oshxona ishchilari ichak guruhi mikroblariga tekshiriladi.
436. Surunkali kechadigan kasalligi bo‘lgan bolalar dinamik kuzatuv guruhiga olinadi. Kasalligi kechishi va xususiyatlariga qarab qaytalanishiga qarshi, maxsus va umumiy quvvatlovchi davolash o‘tkaziladi. Sog‘liqni saqlash vazirligini bolalarga dispanserizatsiya o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalariga asoslanib bolalar vaqti-vaqti bilan mutaxassis vrachlar jalb etilgan holda chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
437. Sanitariya-targ‘ibot ishlarini bolalar uyi boshlig‘i tashkillashtiradi. Bunda onalar va xizmatchi xodimlarga norasida bolalarni tarbiyalash va parvarish qilishda sanitariya-gigiyena bilim va amaliyotlari o‘rgatiladi. Sanitariya-targ‘ibot ishlari sanitariya va gigiyena, mavsumiy kasalliklarni oldini olish, “onalar maktabi” devoriy gazetalari, tibbiyotga oid o‘tkaziladigan ma’ruza va suhbatlar barcha onalar va xodimlarga tushunarli bo‘lishi kerak, mazmuni bo‘yicha sermazmun, shakli bo‘yicha aniq-ravshan bo‘lishi kerak.
438. Muassasa ma’muriyati emizikli bolasi bor bo‘lgan onalarga kuniga har uch soat oralig‘ida 30 minutli muddatga bolasini borib ko‘rishi uchun sharoitni yaratadi, ikki yoki undan ortiq chaqalog‘i bo‘lsa bir soatdan kam bo‘lmagan muddatga. Onalar bolalari oldiga qatnab turish vaqti vrach-pediatr tomonidan aniqlanadi va muassasa ma’muriyati bilan kelishiladi. Muassasa ma’muriyati bolasini ko‘krak suti bilan boqmaydiganlarga ular har kuni 1 soat mobaynida kelib bolasini ko‘rishi uchun sharoit yaratadi.
439. Bolalar uyi boshlig‘i mahkuma ayollardan so‘rov yo‘li bilan, kerakli hollarda ularning yaqin qarindoshlariga xat yozishib, ularning bolani o‘z tarbiyalariga olish xohishlarini aniqlaydi. Mahkuma ayolga, bolalarini joylashtirib kelish uchun, qarindoshlarinikiga borib kelish imkoniyati yaratiladi. Yo‘l xarajatlari mahkuma mablag‘i hisobidan bo‘ladi. Agar mahkuma ayol biror sabab bilan qarindoshlarinikiga bolasini joylashtirib kelishga bora olmasa, qarindoshlari bolani o‘z tarbiyalariga olishga xohishlari bo‘lsa-yu, lekin yo‘l xarajatlariga mablag‘lari bo‘lmasa, muassasa yo‘l haqini ularga to‘lab, shu xarajatlarni “Ozod etilish xarajatlari” moddasi hisobiga kiritadi. Agar qarindosh-urug‘lari boshqa sabablarga asosan kelolmasalar, bola ularning turar joyiga tibbiy xodim kuzatuvida yuboriladi. Bolani o‘z tarbiyasiga qabul qilgan qarindoshiga bolani tarbiyaga topshirilganligi haqidagi dalolatnoma nusxasi, tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasi, bolani o‘sishi tarixi daftaridan ko‘chirma, unda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar, olingan profilaktik emlash va o‘tkazgan kasalliklari yozilgan bo‘ladi.
Agar bolani qarindoshlari tarbiyasiga olish iloji bo‘lmagan hollarda, bolalar uyi boshlig‘i 2—3 oy oldindan sog‘liqni saqlash idoralariga, bolani ular muassasalariga o‘tkazish kerakligi haqida xabar beradi. Bolalar sog‘liqni saqlash idoralarining bolalar muassasalariga yuborilayotgan vaqtda yuqumli kasalliklari bo‘lgan bolalar bilan muloqotda bo‘lmagan bo‘lishi kerak. Onaning roziligi bilan vasiylik va g‘amxo‘rlik idoralari qarori asosida bolani boshqa shaxslarga ham berilishi mumkin. Markaziy nerv tizimi organik jarohatlari, tug‘ma mayiblik va boshqa og‘ir kasalliklari bor bolalar umumiy turdagi bolalar uyiga yuborilmasdan maxsus turdagi bolalar uyiga yoki sog‘liqni saqlash idoralari davolash muassasalariga yuboriladi.
Qarindoshlariga yoki bolalar uylariga o‘tkazilayotgan bolalar muassasa tomonidan tekinga berilayotgan kiyim, ichki kiyimlar va poyabzallar bilan ta’minlanadi. Yo‘lda bolalarga alohida joy (o‘rin) olinadi, yotish jihozlari va to‘la sifatli ovqatlanish muassasa tomonidan ta’minlanadi. Kuzatib boruvchi tibbiyot xodimi o‘zi bilan birga bolani parvarishi uchun kerakli jihozlar, ovqatlanishi uchun idishlar va dori-darmonlar olgan bo‘lishi shart.
440. Jazo o‘tashdan ozod bo‘layotgan ayolning bolasi muassasada bo‘lsa, unga bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma va bolaning sog‘lig‘i haqida, o‘tkazilgan emlashlarni va bola o‘tkazgan kasalliklar ma’lumoti yozilgan bolaning o‘sishi tarixi daftaridan ko‘chirmani onaga olganligi haqida qo‘l qo‘ydirib topshiriladi. Agar ayol jazo o‘tashdan ozod bo‘layotgan vaqtida bolasi betob bo‘lib, kasalxonada davolanishga muhtoj bo‘lsa, onaning roziligi bilan shu hududdagi sog‘liqni saqlash idoralari statsionariga yotqaziladi.
XII-bob. Vaqtinchalik va uzoq muddatga mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi ekspertizasi
441. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik deb vaqtinchalik mehnat qobiliyatini (uni tiklanguncha yoki nogironlik belgilanishiga qadar) kasallik tufayli yoki biror baxtsiz hodisa, yoki boshqa sabablarga (tug‘ishgacha va tug‘ishdan keyingi davrlar, protez qo‘ydirish, donorlik, bola oldirish, majburiy davolash o‘tkazish uchun ishdan ozod qilishga) ko‘ra yo‘qotish natijasida o‘z ishini bajara olmaslik tushuniladi.
442. Muassasalarda mehnatga layoqatsizlikni ekspertiza qilishning asosiy vazifasi mahkumlar mehnat qobiliyatini uzoq muddatga yoki doimiy yo‘qotganlik belgilarini aniqlash, tibbiy mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ko‘rigini tashkil qilish, nogiron bo‘lmasada sog‘lig‘i tufayli yengil sharoitlarda ishlashga muhtoj bo‘lganlarga ularga mos mehnat sharoitiga o‘tishni tavsiya qilish kabilardan iborat. O‘zbekiston Respublikasi IIV Tibbiyot boshqarmasi shu vazifa bo‘yicha umumiy nazoratni olib boradi.
443. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik aniqlangan hollarda va ambulatoriya sharoitida davolanish uchun ishdan ozod etilganda bemorning tibbiy ambulatoriya daftarida, ambulatoriya sharoitida davolanayotgan bemorlarni qayd etish daftarida, qabul qilish daftarida kasallik haqida barcha ma’lumotlar to‘liq yozib chiqiladi, mehnatga vaqtincha layoqatsizlik varaqasi (taloni) to‘ldiriladi.
Vrach tomonidan bemorni kasalligi tufayli ishdan ozod qilish bir yo‘la muddati 5 kungacha bo‘lishi mumkin. Hammasi bo‘lib shu kasallik bo‘yicha vrach 10 kungacha ishdan ozod qilishga haqli. Bemorni ko‘rmay turib sirtdan ishdan ozod qilish taqiqlanadi, hamda ishdan ozod qilish muddati uzaytirilayotganda va ishga chiqishga ruxsat etilishi oldidan vrach bemorni ko‘rikdan o‘tkazishi shart. Vaqti-vaqti bilan vrach bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib tursa kasallik kechishini kuzatishga imkon bo‘ladi va davolanish-sog‘lomlashtirish tadbirlarini to‘g‘ri olib borilishini o‘z vaqtida yo‘lga soladi.
Gripp epidemiyasi kechayotgan vaqtda vrach bemorda mehnatga layoqatsizlikni aniqlasa birdaniga 5 kunga ishdan ozod etishi mumkin. Ishdan ozod etish muddatini 5 kundan ko‘pga uzaytirish, faqat tibbiy bo‘limi boshlig‘i yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan bemorni ko‘rib, o‘z qarorini tibbiy ambulator daftarga yozish va imzo qo‘yish orqali amalga oshiriladi. Uzoq kechadigan kasalliklarda bunday ko‘riklar 10 kundan ko‘p bo‘lmagan vaqtga kasallikning klinik asoslanishi bilan uzaytiriladi. Bir vrach ishlaydigan muassasalarda kasallanishning boshidan oxirigacha mehnatdan vaqtincha ozod qilish muddatini uzaytirishni uning bir o‘zi hal qiladi.
Tibbiy bo‘lim statsionarida yoki kasalxonada davolanish yoki tekshiruvdan o‘tish ishdan ozod etishga asos bo‘la oladi.
444. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik kasallikning kechishi xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. O‘tkir kechadigan kasalliklarda bemorning mehnat qobiliyati tiklanguniga qadar ishdan ozod qilinadi. O‘tkir kechayotgan kasalliklar surunkali ko‘rinishga o‘tishiga moyil hollarda ishdan ozod qilish bemorning mehnat qobiliyati saqlanganligi alomatlari yaqqol bilinib turgan vaqtiga beriladi.
Kasallik kechishi yomon yoki shubhali bo‘lsa, bemorni vrachlar TMEKga nogironlikni aniqlash uchun yuboradi. Bemorda nogironlik belgilari aniqlanmasa, lekin sog‘lig‘i bo‘yicha mehnat qobiliyatida cheklanishlar bo‘lsa, unda, bemor vrach xulosasi asosida boshqa ishga o‘tkaziladi. Surunkali kasalliklarda odatda ishdan ozod qilinmaydi. Ba’zi hollarda, kasallik qaytalanganda, xurujlar bo‘lganda, tutqanoqlarda, kasallikning shu belgilari yo‘qolguniga qadar ishdan ozod etiladi.
445. Alohida e’tiborni uzoq va tez-tez kasallanadiganlarga qaratib, ular bilan davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi. O‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etilgan dispanser kuzatuvi bu guruh bemorlar orasida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga keltiruvchi kasalliklarni kamayishiga olib keladi, kasallikning oldini olish imkonini beradi.
446. Doimiy yoki uzoq vaqtga mehnat qobiliyati yo‘qotilsa, hamda mehnat qobiliyati sezilarli cheklanib qolgan bemorlarga nogironlik belgilanadi. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nogironlikni belgilash (TMEK) tomonidan amalga oshiriladi.
(446-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
XIII-bob. Ortopedik-protez mahsulotlar ta’minoti
Tish protezlash yordamini tashkil qilish
447. Maxsus kontingentga protezlash yordami TX, JIEM, mahkumlar kasalxonalarida tashkil etilgan xo‘jalik hisobidagi tish protezlash laboratoriyalarida amalga oshiriladi. Bundan tashqari tish protezlash yordami, shartnoma asosida, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan ham amalga oshiriladi.
448. Tish protezlashga quyidagilar mutloq ko‘rsatma hisoblanadi:
a) tepa va pastki jag‘lardagi tishlarni yo‘qligi;
b) tepa va pastki jag‘lardagi yon tishlarni yo‘qligi;
v) yon tishlarni borligidan qat’iy nazar, tepa va pastki jag‘lardagi bir nechta oldingi tishlarni yo‘qligi;
g) medial va distal tayanchni saqlangani holda, tepa va pastki jag‘dagi ikkitadan kam bo‘lmagan, yonma-yon tishlarning yo‘qligi;
d) parodontoz, chaynov apparatini holatiga qarab.
449. Tish protezlashga navbatni shifokor-protezist belgilaydi. Birinchi navbatda mutloq va nisbiy ko‘rsatmalar inobatga olinadi. Tish protezlashga navbatni TX, JIEM tibbiy bo‘lim boshlig‘i yoki kasalxona boshlig‘i nazorat qiladi.
Ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar bilan ta’minlashni tashkillashtirish
450. Mahkumlar protez-ortopedik mahsulotlar, ortopedik oyoq kiyim va ortopedik apparatlar uchun oyoq kiyim, protezlar uchun oyoq kiyim, bandaj mahsulotlari, eshituv va ovoz hosil qiluvchi apparatlar, ko‘zoynaklar bilan ta’minlanish huquqiga ega. Mahkumlarga kosmetik protezlash va shu maqsadda jarrohlik muolajasi o‘tkazilmaydi.
451. Protezlarni yasash va ta’mirlash ishlari bu haqda shifokor-mutaxassis va TMEK xulosasi bo‘lganda, mahkumni o‘z hisobidan yoki JIEM hisobidan amalga oshiriladi.
452. Mahkumlarga JIEM hisobidan protez yasash va ta’mirlash quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
a) jazoni o‘tash vaqtida, ma’muriyatning aybi bilan ishlab chiqarishda jarohat olsa;
b) protezlashga ko‘rsatma bo‘lsa, 1—2 guruh nogironlari, bolalikdan nogironlar, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar;
v) tepa va pastki jag‘larda o‘smalar va boshqa kasalliklar natijasida jarrohlik muolajasi o‘tkazilgan bo‘lsa, shuni natijasida chaynov funksiyasini buzilishi, ko‘p qism suyakni yo‘qolishiga olib kelgan bo‘lsa.
Bunda protezlashga ketadigan xarajatlar JIEMni “Tibbiy xizmat ko‘rsatish” smetasi asosida to‘lanadi. Bundan boshqa hollarda protezlash, mahkum protezni belgilangan to‘liq narxini to‘laganidan keyin amalga oshiriladi.
Protezlash, JIEM boshlig‘i ruxsati bilan agar bu hodisa mahkumni boshqa muassasa (bo‘linma)ga ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lsa, JIEBB, IIBB, IIB rahbariyati ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Muassasa hisobidan protezlash, quyidagi hujjatlar bo‘lganda amalga oshiriladi: mahkumning arizasi, ishlab chiqarishda olgan jarohati haqidagi dalolatnoma, TMEKning mahkum nogironligi va protezlashga muhtojligi haqidagi xulosasi.
Mahkum 2-jahon urushi ishtirokchisi bo‘lsa, tegishlicha tasdiqlovchi hujjati bo‘lishi kerak.
453. Mahkumni o‘z hisobidan protezlash, shifokor-mutaxassis xulosasidan keyin va TMEK qarori bo‘yicha mahkumni arizasi asosida amalga oshiriladi.
454. Protez-ortopedik mahsulotlar, ortopedik oyoq kiyimlar, ortopedik apparatlar uchun oyoq kiyimlar, protezlar uchun oyoq kiyimlar, bandajlarni yasash, Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining protez-ortopedik korxonalarida oldindan kelishilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
455. Agar mahkumga shifokor-okulist tomonidan ko‘rishni korreksiya qilish uchun ko‘zoynak buyurilgan bo‘lsa, tibbiy bo‘lim boshlig‘i, jazoni ijro etish muassasalari dorixonalari, dorixona omborlari orqali mahkumni ko‘zoynak bilan ta’minlaydi.
Ko‘zoynakni, 1—2 guruh nogironlaridan tashqari, mahkum o‘z hisobidan oladi. Ba’zi holatlarda ko‘zoynak JIEM va TXlar hisobidan olinadi. Xarajatlar “Tibbiy xizmat ko‘rsatish” moddasiga kiritiladi.
XIV-bob. Maxsus kontingentni boshqa joyga ko‘chirishda va ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod qilishda tibbiy yordamni tashkil qilish
456. Maxsus kontingent bir jazoni ijro etish muassasasidan yoki tergov hibsxonasidan boshqa jazoni ijro etish muassasasi yoki tergov xibsxonasiga jo‘natilishidan oldin shifokorlar tibbiy ko‘rigidan va sanitariya tozalanishdan o‘tkaziladi, tibbiy ko‘rik natijalari ular ambulator tibbiy daftariga qayd etiladi.
Yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar, shu jumladan, faol zaxm kasali bilan og‘riyotgan bemorlar, toki kasallikning yuqumli bosqichi bartaraf etilmaguncha, o‘tkir so‘zak kasali bilan og‘riyotganlar to‘liq tuzalmagunicha, boshqa TX va JIEMlarga o‘tkazilmaydi, davolash muassasalari bundan mustasno. Zaxm kasali bilan og‘riyotgan bemorlarni ko‘chirish, davolovchi shifokor ruxsati bilan, davo kurslari orasidagi tanaffus vaqtida amalga oshiriladi. Og‘ir kasalligi tufayli joyidan ko‘zg‘atib bo‘lmaydigan bemorlar bir muassasadan boshqa muassasaga ko‘chirilmaydi.
457. Mahkumlarni eshelonda tashilganda, ular orasida malakali tibbiy yordamga muhtojlar bo‘lsa, ularni kuzatib borishga tibbiyot xodimi ham ajratiladi.
458. Mahkumlarni eshelonda kuzatib borish uchun ajratilgan tibbiy xodimlarning majburiyatlari:
a) qorovul tomonidan mahkumlarni qabul qilishda ishtirok etish va ularni jo‘natishdan oldingi kompleks sanitariya tozalashni nazorat qilish;
b) mahkumlarni eshelonga chiqarishdan bir necha soat oldin, eshelon boshlig‘i va temir yo‘l tibbiyot xizmati vakili bilan birgalikda, vagonlarni jihozlanishi (suv saqlash uchun sig‘im, ovqat yeyish uchun idishlar, pechka, fonar, yotish joylari) oziq-ovqatlarning sifati va saqlanishini tekshirish;
v) yo‘lda ketayotganda kasallanib qolgan mahkumlarga, xizmatchi xodimlarga va qorovul qo‘shinlari shaxsiy tarkibiga tibbiy yordam ko‘rsatish;
g) yo‘lda eshelonni sanitariya holatini, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlanishini, suv bilan ta’minlanishini nazorat qilish;
d) tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlarni ro‘yxatga olish;
e) belgilangan joyga yetib borgandan keyin, mahkumlarni topshirishda ishtirok etish va hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini amalga oshirish.
459. Kuzatib borishga tibbiyot xodimlari qo‘shib berilmagan holatlarda, yo‘l davomida qorovul qo‘shinlari xizmatchilariga, hamda ular qo‘riqlab olib ketayotgan maxsus kontingentga zarur tibbiy yordam, yaqinroqda joylashgan tibbiyot muassasasi tomonidan harbiy qorovul rahbari telegrammasi asosida o‘tkaziladi.
460. Ovqat yeyishdan bosh tortayotgan maxsus kontingentni sudga, tergov organlariga va jazoni ijro etish muassasalariga boshqalardan alohida ajratilgan holda (maxsus vagon yoki maxsus mashinani alohida kamerasida), tibbiyot xodimi kuzatuvida yuboriladi.
461. Agar yo‘lga kuzatishdan oldin tibbiy ko‘rikdan to‘liq o‘tmagan bo‘lsa yoki bemor JIEBB tibbiy muassasalarida sababsiz qabul qilinmagan bo‘lsa, tekshiruv o‘tkaziladi va aybdorlar javobgarlikka tortiladi.
462. Yuqumli kasallar, shu jumladan, faol turdagi sil kasalligi bor bemorlar, homiladorligi 6 oydan oshiq bo‘lgan ayollar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalari bor ayollar, ruhiy kasallar va og‘ir kasallar maxsus vagonlarda boshqalardan ajratilgan holda, yuborayotgan muassasa ajratgan tibbiyot xodimi kuzatuvi ostida olib ketiladi.
Maxsus vagonda kuzatib ketayotgan tibbiyot xodimiga, dam olishi uchun xona va ko‘rpa-to‘shak ajratib beriladi. Moxov kasali bilan og‘rigan bemorlarni, alohida jihozlangan yuk vagonlarida tashiladi.
463. JIEM va TXlardan ozod qilingan va statsionar davolanishga zaruriyati borlar, sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalariga yotqiziladi.
464. I, II-guruh nogironlari, alkogolizm va narkomaniyadan majburiy davolanishi tugamagan shaxslar, hamda yuqumli kasallikka chalingan shaxslar, yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklari davolanib bo‘lmasdan yoki nogironlik guruhlari olib tashlanmasdan oldin manzil koloniyalariga yuborilmaydilar.
465. Agar ozodlikka chiqarilgan mahkum kasalligi natijasida, ruhiy holati sababli, tanlagan yashash joyiga o‘zi bora olmasa, tibbiy bo‘lim boshlig‘i shu haqda JIEM boshlig‘iga ma’lum qiladi va JIEM boshlig‘i o‘rnatilgan tartibda olib borib qo‘yish uchun odam ajratadi.
466. Yo‘lda (temir yo‘lda) ketayotganda vafot etgan mahkum murdasi va uning narsalari yaqin transport ichki ishlar idorasiga topshiriladi.
XV-bob. Tibbiy ta’minot
467. Tergov hibsxonalarini va jazoni ijro etish muassasalarini tibbiy ta’minoti davlat budjetidan, xarajatlar smetasini tegishli moddalari bilan shu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan, hamda xo‘jalik hisobidagi faoliyat orqali tushgan mablag‘lardan va muassasani rivojlantirish manbai hisobidan amalga oshiriladi. Dori-darmonlar, tibbiy uskunalar va tibbiy anjomlarni markazlashgan holda sotib olinishi va muassasalar o‘zi ham sotib olishi mumkin. Sotib olish sotuvning tender shartlariga amal qilgan holda, amaldagi ehtiyojni va sotib olinayotgan dori-darmonlar va tibbiy uskunalar sifatiga e’tibor qilgan holda amalga oshiriladi.
468. TX yoki JIEMlari shtatlarida provizor (farmatsevt) lavozimlari bo‘lmasa, tibbiyot bo‘limi boshlig‘i bu vazifani biron bir maxsus farmatsevtik tayyorgarlikni o‘tagan tibbiy xodimga yuklaydi.
469. Dorixonalar muassasalarning qo‘riqlanadigan obyektlaridan tashqarida joylashadi. Bu yerga maxsus kontingentning kirishi taqiqlanadi.
470. Dori-darmonlarni hisobi, saqlanishi, tarqatilishi Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirliklari me’yoriy hujjatlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
471. Dorixonalarga qabul qilinuvchi dori-darmonlar va tibbiy vositalar moddiy boyliklar hisobi kitobiga yozib qo‘yiladi.
Moddiy boyliklar hisobi kitoblari varaqlari raqamlangan, tikilgan, muassasa muhri bilan muhrlangan va rahbar imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Daftardagi yozuvlar aniq va tushunarli bo‘lishi kerak, o‘zgartishlar qizil siyoh bilan yoziladi va imzo bilan tasdiqlanadi. Daftar dorixonalarda talabnomalar bilan birga saqlanadi.
Zaharli, giyohvand, kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning hisobi alohida kitobga yoziladi.
472. Dori-darmonlarning yoki boshqa tibbiy vositalarning xarajati summasi haqida hisobot, dorixona xodimi tomonidan muassasa buxgalteriyasiga beriladi.
473. Dori-darmonlar tibbiyot bo‘limi yoki kasalxonaga (kasalxona bo‘limi) faqat talabnoma bo‘yicha va qabul qilish uchun tayyor holda beriladi.
Kasalxonalarda talabnomalar, kasalxona bo‘limi katta hamshirasi tomonidan yozilib, bo‘lim boshlig‘i tomonidan qo‘l qo‘yiladi. Tibbiy bo‘limlarida ular feldsher tomonidan yozilib, tibbiyot bo‘limi boshlig‘i tomonidan qo‘l qo‘yiladi.
Zaharli, giyohvand va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari bundan tashqari kasalxona boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
474. TX, JIEM dorixonalaridagi dorilar hisobi, saqlanishi va ishlatilishi ustidan nazorat quyidagi yo‘l bilan amalga oshiriladi:
a) muassasa boshlig‘i, tibbiy bo‘lim boshliqlari yoki ular topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan komissiyalar tomonidan rejali va to‘satdan tekshirishlar;
b) tibbiy bo‘lim va kasalxonalar bo‘limlarida dorilarning soni va saqlanish qoidalariga rioya qilinishini dorixona mudiri tekshiradi va tekshirish natijalari to‘g‘risida tibbiy bo‘lim boshlig‘iga va kasalxona boshlig‘iga xabar beriladi;
v) IIV, IIV Tibbiyot boshqarmasi, IIV JIEBB, QR IIV, viloyatlar IIB tibbiy xizmatlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar davomida.
TX, JIEM, kasalxonalarda tibbiy vositalarning rejali tekshirish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
a) barcha tibbiy anjom va dori-darmonlarni har yillik inventarizatsiyasi davrida;
b) har yarim yilda bir marta tanlab tekshirish o‘tkaziladi. Bunda kamida xarajatning 25 turi, jihozlarning 15 turi tekshiriladi;
v) yilning har choragida — giyohvand, psixotrop, prekursor dori vositalari tekshiriladi;
g) har oyda — kuchli ta’sir qiluvchi va giyohvand moddalar tekshiriladi.
Rejali va to‘satdan tekshirish vaqtida komissiyalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirliklari buyruqlari, yo‘riqnomalari va ko‘rsatmalaridan foydalanadilar.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha ma’lumotnoma tuziladi va muassasa boshlig‘iga axborot beriladi.
Dori-darmonlarning ishlatilish muddati tugaganligi yoki ular foydalanishga yaroqsizligi aniqlanganda, ularni hisobdan chiqarish haqida ma’lumotnoma tuziladi. Ma’lumotnoma muassasa boshlig‘i tayinlagan, tarkibida bosh hisobchi va dorixona mudiri bo‘lgan komissiya tomonidan tuziladi, bunda dori-darmonlarni yaroqsiz holga kelganligi sababi o‘rganiladi va aybdor shaxslar aniqlanadi. Dorilarning yaroqsiz holga kelishiga sababchi bo‘lgan aybdor shaxsdan ularning qiymati o‘rnatilgan tartibda undirib olinadi. Uzoq muddat ishlatiladigan tibbiy jihozlarni yaroqsiz holga kelganligi haqida taqdim etilgan hujjatlar asosida ularni hisobdan chiqarish haqida ma’lumotnoma 2 nusxada tuziladi, ularning biri buxgalteriyaga, yana biri saqlab qo‘yish uchun dorixonaga beriladi.
Muassasa boshlig‘i va tibbiy bo‘lim boshlig‘i dorixonalarni tekshirish davomida aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hamma choralarni ko‘radi.
475. Dori-darmonlar dorixonalardan ularni 5 kun davomida ishlatishga mo‘ljallab beriladi, ayrim hollarda zaruratga qarab beriladi. Dori-darmonlar, begona kishilar olishi mumkin bo‘lmagan, qulflanadigan, tovushli va chiroqli vositalar bilan ta’minlangan xonalarda, metalldan yasalgan seyflarda saqlanadi. Dorixonalardagi dori vositalari zaxirasi o‘rtacha olti oyga yetadigan bo‘lishi kerak, dezinfeksiyalovchi moddalar zaxirasi epidemiya mavsumiga yetarli bo‘lishi kerak.
XVI-bob. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ibot qilish
476. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish JIEM va tergov hibsxonalari tibbiy bo‘limlarning muassasada o‘tkaziladigan tarbiyaviy va ommaviy-madaniy ishlar bilan yaqin hamkorlikda olib boradigan faoliyatining asosiy va ajratib bo‘lmaydigan qismidir. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishning asosiy vazifasi maxsus kontingent ichida tibbiyot va gigiyena bilimlarini targ‘ib qilish, ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
IIV Tibbiyot boshqarmasi, IIV JIEBB, QR IIV va viloyatlar IIBlari tibbiyot bo‘lim (xizmat)lari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ustidan tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilib, bu ishni muassasalarda o‘tkazilishini doimo o‘rganadi va nazorat qiladi. Muassasalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni tashkillashtirish, rejalashtirish va o‘tkazishga javobgarlikni tibbiy bo‘lim boshlig‘i, kasalxonalarda esa uning boshlig‘i yoki boshliqning davolash ishlari bo‘yicha muovinlariga yuklatiladi.
477. Maxsus kontingent bilan o‘tkazilayotgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
a) O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan sog‘liqni saqlashga oid o‘tkazilayotgan tadbirlarni targ‘ibot qilish;
b) jarohat va zaharlanishlarda o‘ziga-o‘zi va o‘zgaga tibbiy yordam berish bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirish;
v) tibbiyot va gigiyena bilimlarini, tibbiyot ilmi yutuqlarini tarqatish, alkogol va giyohvand moddalar zarari hamda sog‘lom turmush tarzi haqida targ‘ibot ishlarini o‘tkazish;
g) sanitariya madaniyatini oshirish, yuqumli kasalliklardan shaxsiy va xamjihatlikda himoyalanish qoidalariga o‘rgatish;
d) muassasada sanitariya-epidemiologik holatni barqarorlashtirishga va salomatlikni saqlashga yo‘naltirilgan ichki tartib talablarini ongli ravishda bajarishiga barcha maxsus kontingentni jalb qilish.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni aniq maqsad bilan, reja asosida va doimiy o‘tkazish uning samaradorligini asosiy shartidir.
Sog‘lom turmush tarzini rejalashtirishda muassasa tartib turi, mehnat qilish xususiyati, maxsus kontingent orasida kasallanish, jarohatlanish va mehnat qobiliyatini yo‘qotishni tahlili, muassasaning sanitariya holati, yuqumli kasalliklarni tarqalishiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan epidemiologik xususiyatlar, JIEBB kasalxonasi turi va bemorlarning tarkibi hamda davolanish — saqlanish tartibi talablariga e’tibor qilinadi.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish mavzulari muassasadagi ishlab chiqarish vazifalariga, yilning ma’lum vaqtiga va maxsus kontingent o‘zgarishiga mos ravishda o‘zgarishi mumkin.
Tibbiy bo‘limlar boshliqlari muassasa joylashgan hududdagi salomatlik markazlari bilan aloqada bo‘lib, ularni moddiy-uslubiy qo‘llanmalaridan (kinofilmlar, adabiyotlar, ko‘rgazmali o‘quv qurollaridan) keng ko‘lamda foydalanadilar.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarini olib borishda turli xil uslub va shaklardan: ma’ruza, suhbat, adabiyotlar va radiodan chiqish, sanitariya byulletenlarini chiqarish, plakatlardan foydalanish, diapozitiv diafilm, fotoko‘rgazmalar, kinofilmlarni namoyish qilishlardan va boshqalardan foydalaniladi.
Tibbiyot va gigiyena ilmlarini targ‘ib qilishda qatnashish muassasaning barcha tibbiyot xodimlari xizmat vazifasidir. Barcha tibbiyot xodimlari uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun majburiy minimal soatlar belgilanadi.
XVII-bob. Tibbiy hisobni yurgizish va tibbiy hisobotni tuzish. Biriktirilgan kontingentni sog‘lig‘ini va tibbiyot xizmati faoliyatini statistik tahlili
478. Tibbiy hisobni yurgizish va uni tuzish maxsus kontengentni salomatlik holati, tibbiyot xizmati faoliyatini xususiyati, hajmi va natijalari haqidagi aniq ma’lumotlar manbadir. Muassasada tibbiy ta’minotni tashkillashtirish va tibbiyot bo‘limi jihozlaridan to‘la foydalana bilish uchun; o‘tkazilayotgan davolash-profilaktika, epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena tadbirlarini samaradorligi va o‘z vaqtida o‘tkazilayotganligini nazorat qilish uchun; muassasa boshlig‘ini va yuqori turuvchi tibbiy boshliqlarga o‘z vaqtida tibbiy ta’minot ahvoli haqida axborot berish uchun; muassasa tibbiyot xizmati ish tajribasini o‘rganish va umumlashtirish uchun statistik ma’lumotlarini olish maqsadida tibbiy hisobni yurgizish va hisobot tuzish ishlari olib boriladi.
479. Tibbiy hisob yurgizish va hisobot tuzish O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2002-yilgi 27-sonli buyrug‘i bilan e’lon qilingan tibbiy statistik hisobot va tibbiy hujjatlarni hisobot shakllari asosida olib boriladi. Tibbiy hisob yurgizish va hisobot tuzish quyidagilarni o‘z ichiga oladi: hibsdagilar va mahkumlarni sog‘lig‘i ahvoli hisobini yurgizish, kasallanishni, o‘lim holatlarini, kasallik tufayli mehnatdan ozod qilish holatlari hisobini yurgizish, ambulator va statsionar tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tibbiy bo‘limning ishi hisoboti, hamda boshqa davolash-profilaktika, epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena tadbirlari hisoboti.
Tibbiy hisobni yurgazish va hisobot tuzish asosida maxsus kontengentni sog‘lig‘i ahvolidagi va tibbiyot xizmati faoliyatidagi o‘zgarishlar tahlil qilinadi.
480. Tibbiyot hisobini yurgazish va hisobot tuzish to‘g‘ri, to‘la, bir-biriga taqqoslasa bo‘ladigan va o‘z vaqtida bo‘lishi kerak. Uning tahlili tibbiyot statistikasi talablari asosida o‘tkazilishi kerak va muassasada saqlanayotganlarning yashash va mehnat sharoitini chuqur va har tomonlama o‘rganishga asoslanishi kerak.
481. Muassasada tibbiy hisobni yurgizish va hisobot tuzishni tashkillashtirish uchun tibbiyot bo‘limi boshlig‘i (kasalxonada — kasalxona boshlig‘i) javobgardir. U o‘z qo‘l ostidagi xodimlarni tibbiy hisob yurgizish va hisobot tuzish bo‘yicha ishlarini tashkillashtiradi va nazorat qiladi, tibbiy hisobotni yuqori tibbiy boshliqlarga o‘z vaqtida yetkizadi, maxsus kontingent salomatlik holati haqidagi ma’lumotlarni va tibbiy xizmat faoliyatini doimiy ravishda tahlil qilib boradi, olingan ma’lumot va xulosalar bo‘yicha muassasa rahbari va yuqori turuvchi tibbiy boshliqqa axborot beradi, olingan xulosalardan muassasani tibbiy ta’minlashni rejalashtirishda foydalanadi.
482. Tergov hibsxonasi va jazoni ijro etish muassasasi tibbiy bo‘limda bir feldsher (hamshira)ga blanklarni saqlash va to‘g‘ri ishlatish, hisob-kitob va hisobga olish jurnal va kitoblarini, tibbiy ambulator daftarlarni hisobini yuritish, shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra tibbiy hisobga olish hujjatlarini yozib borish va shifokorga hisob-kitobda yordam berish yuklatiladi. Shifoxonada bu ishlarni tibbiy statist olib boradi.
483. Tibbiy hujjatlarni hisob-kitob ishlariga maxsus kontingentni jalb etish qat’iyan man etiladi.
484. Maxsus kontingent salomatligini va muassasa tibbiy xizmati faoliyatini bir yilda bir marotaba tibbiy bo‘lim (kasalxona) boshlig‘i chuqur statistik tahlil qilib chiqadi. Bundan tashqari u yil davomida vaqti-vaqti bilan (har chorakda, har oyda) kasallanish dinamikasini, bemorlarni statsionarga (kasalxonaga) asosli va o‘z vaqtida yotqizilishini, bemorlarni statsionarda (kasalxonada) davolanishini davomiyligini (shu jumladan eng kam yoki juda ko‘p kun davolanish holatlarini), o‘lim (kasalxonadagi o‘lim) sabablarini, tibbiyot bo‘limi (kasalxona) faoliyatidagi kamchiliklarni — noxush oqibatlarga olib kelgan tashxis qo‘yishdagi va davolashdagi xatolarni tahlil qiladi.
XVIII-bob. Tibbiy bo‘lim ishini rejalashtirish
485. Tibbiy xizmat ishini rejalashtirish o‘z oldiga qo‘yilgan topshiriqlarni bajarishda kuch va mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashga yordam beradi.
Reja — bu oldindan belgilangan chora-tadbirlar, tartiblarni nazarda tutish, ketma-ketlik va ish bajarilishini muddatini belgilaydigan tizimdir.
486. Tergov hibsxonasi va JIEM tibbiyot bo‘limlari, kasalxona tarkibiy bo‘limlari yil choragi uchun ish rejasini, kasalxonalar esa yillik asosiy tashkiliy chora-tadbirlar ish rejasini ishlab chiqadi. Bu ish rejasiga ish faoliyatini hamma bo‘limlari kirishi zarur. Maxsus rejalar — ichki ishlar idoralari ish faoliyatini rejalashtirish haqida IIV buyrug‘iga muvofiq butun muassasa bo‘yicha tuziladi.
487. Rejalashtirishning asosiy talablari:
a) har bir rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni aniqligi, uning tarkibi, chora-tadbirlarning maqsadi, uslubi, ketma-ketligi, bajarilish muddati, mas’ul shaxs tayinlanishi;
b) keng qamrovli bo‘lishi lozim.
Rejaga tibbiy ta’minotga oid asosiy tadbirlar: tashkiliy, davolash-profilaktik, sanitariya-gigenik, epidemiyaga qarshi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish kabi tadbirlar kiritiladi. Kun tartibidagi tadbirlar rejaga kiritilmaydi.
Biriktirilgan kontingentni salomatligi haqidagi ma’lumotlar, tibbiyot xizmati faoliyatini asosiy ko‘rsatkichlari, moddiy-texnik holati, davolash-profilaktika ishi sifatini oshirish masalalari, buyruqlar, yuqori turuvchi boshliqlarning ko‘rsatmalari rejaning asosi bo‘lib hisoblanadi.
488. Rejalashtirish quyidagi ketma-ketlikda ishlab chiqiladi:
a) tibbiyot xizmati erishgan natijalarni tahlil qilish va baholash;
b) biriktirilgan kontingentni kasallanishini, salomatlik holatini tahlil qilish;
v) boshliqlar ko‘rsatmalari va buyruqlarini o‘rganish;
g) ishlab chiqarilayotgan rejani maqsad va masalalarini belgilash;
d) qo‘yilgan masalalarni bajarilishiga sarflanadigan kuch, vositalar va vaqtni hisoblash;
e) tadbirlarni aniq belgilash, bajaruvchilarni va muddatni aniqlash;
j) rejani boshliq tomonidan tasdiqlatish;
Ish rejasida quyidagilar o‘z aksini topishi zarur:
a) tashkiliy-analitik ish;
b) davolash-profilaktika ishi;
v) sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi ish;
g) kadrlar bilan ishlash, tibbiy xodimlarni maxsus tayyorlash;
d) sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari;
e) moddiy-texnik negizni, tibbiy ta’minotni rivojlantirish masalalari.
Tashkiliy-analitik bo‘limda tibbiyot bo‘limi ish faoliyati, biriktirilgan kontingentni salomatlik holati, hisobot tuzishni tahlil etish o‘z aksini topishi kerak.
Davolash-profilaktika bo‘limida quyidagi tadbirlar rejaga kiritiladi: davolash-diagnostika jarayonini rivojlantirish, dispanser va tibbiy ko‘rik masalalari, davolash-diagnostika jarayoniga va biriktirilgan kontingent salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muhitni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar, maslahat yordamini tashkil etish.
Sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi kurash bo‘limi quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi: joriy va ogohlantiruvchi sanitariya nazorati, ovqatlanish ustidan nazorat, suv bilan ta’minlanish, joylashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish, ish sharoitlari va boshqa masalalar; epidemiyaga qarshi tadbirlar, profilaktik emlash, laboratoriya tekshiruvlari, dezinfeksiya tadbirlari, kerak bo‘lgan hollarda ayrim yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha bo‘lim ajratiladi.
Kadrlar bilan ishlash va maxsus tayyorgarlik bo‘limi o‘z ichiga xodimlar malakasini oshirish, o‘qitish, konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish, boshqa shifokorlik mutaxassisligini o‘rganish, shifokorlar va o‘rta tibbiy xodimlarga malaka toifasi berish kabi tadbirlarni amalga oshirish masalalarini oladi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘limida ma’ruzalarni asosiy mavzusi, suhbatlar, radioda chiqishlar, devoriy gazetalar, byulletenlar chiqarish, jamoatchi sanitariya faollari bilan ishlashni rejalashtiriladi.
Tibbiy ta’minot va moddiy-texnik negizni rivojlantirish bo‘limida zaruriyat bo‘lsa tibbiy va boshqa obyektlar moddiy-texnik negizini mustahkamlash, jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj, dori-darmonlar, ularni saqlanishi ustidan nazorat, dori vositalarini, bog‘lov vositalarini va tibbiy anjomlarni hisob-kitobi va ishlatilishi masalalarini o‘z ichiga olishi zarur.
489. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri F.G. NAZIROV
Toshkent shahri,
2002-yil
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov
hibsxonalari va jazoni ijro etish
muassasalarida saqlanayotgan shaxslar
tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga
1-ILOVA
Ishlab chiqarish korxonasini jihozlash bo‘yicha
JADVAL
Ishlab chiqarish guruhi‎ Ishlab chiqarish jarayonlarining sanitariya ta’rifi‎‏‎ Hisobdagi odamlar soni‎‎ Garderob turi, Bitta odamga shkafdagi bo‘limlarning soni ‎‏
‎‏ Bitta suv tarmog‘iga‎‎
Bitta dush tarmog‘iga‎ ‎‏ ‎‏ Bitta suv tarmog‘iga‎‎‎
1 3- va 4- turdagi xavfli ifloslovchi moddalarni chiqaruvchi jarayonlar:‎
1a Faqat qo‘l‎ 25 7 Umumiy, bitta bo‘lim
1b‎ Tana va maxsus kiyim‎ 15‎ 10‎ Umumiy, ikki bo‘l.‎
1v‎ Tana va maxsus kiyim, maxsus yuvuvchi vositalar qo‘llanganda ajraladigan‎ 5‎ 20‎ Alohida, bir bo‘lim uchun bir donadan‎ Maxsus kiyimlarni ximchistka qilish yoki yuvish‎
2‎ Noxush meteriologik sharoit va issiqlik ta’sirini oshib ketishi natijasi kechadigan jarayon:‎
2a‎ Yaqqol konveksion issiqlik‎ 7‎ 20‎ Umumiy, ikkita bo‘lim ‎ Sovitish uchun xona‎
2b‎ Yaqqol nurli issiqlik ta’sirini oshib ketishi‎ 3‎ 20‎ Umumiy, ikkita bo‘lim ‎ Sovitish uchun xona‎
2v‎ Maxsus kiyimlarni namlik ta’sirida namlanishiga olib keluvchi bog‘liqlik‎ 5‎ 20‎ Alohida, bir bo‘lim uchun bir donadan‎ Maxsus kiyimlarni quritish xonasi‎
2g‎ Havo xarorati 10oS bo‘lganda, ochiq havoda ishlashni ham hisobga olgan holda‎ 5‎ 20‎ Alohida, bir bo‘lim uchun bir donadan‎ Maxsus kiyimlarni isitish‎
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov
hibsxonalari va jazoni ijro etish
muassasalarida saqlanayotgan shaxslar
tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga
2-ILOVA
Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda zarur bo‘ladigan dori vositalari va tibbiyot jihozlarini
TAXMINIY RO‘YXATI
1. Gipertonik kriz:
Nitroprussid natriy 50 ml 250 ml 5% glyukoza eritmasida vena ichiga.
Nitroglitserin vena ichiga 5-10 mkg/min.
Labetalol 20 mg vena ichiga, 20-80 mg dan har 10 minutda.
Pentamin 5%‎ 1 ml.‎ 10 amp.‎
Dibazol 1%‎ 5 ml.‎ 10 amp.‎
Dibazol 0,5%‎ 5 ml.‎ 10 amp.‎
Klofelin 0,01%‎ 1 ml.‎ 20 amp.‎
Obzidan‎ 1 ml.‎ 10 amp.‎
Obzidan‎ 5 ml.‎ 10 amp.‎
Laziks‎ 2 ml.‎ 2 amp.‎
Aminazin 2,5%‎ 1 ml.‎ 4 amp.‎
Magniy sulfat 25%‎ 10 ml.‎ 3 amp.‎
2. O‘pka shishi.
Morfin 2-5 mg dan har 10-25 minutda.
Nitroglitserin 0,4 mg dan til ostiga.
Laziks‎ 2 ml.‎ 10 amp.‎
Strofantin 0,05%‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Korglikon 0,06%‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Prednizolon‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Pentamin 5%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Droperidol 0,25%‎ 10 ml.‎ 2 amp.‎
Fentanil 0,005%‎ 2 ml.‎ 3 amp.‎
Glyukoza 5%,20%.‎ 4 fl.‎
Galloperidol 0,5%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Gidrokortizon‎ 2 fl.‎
Rezina jgut.‎ 2 ta.‎
3. Og‘riq sindromi (shu jumladan kardiogen og‘riqlar):
Morfin miokard infarktida 1-4 mg dan vena ichiga har 5-10 minutda.
Nitroglitserin ‎ 0,5 mg.‎ 1 upak.‎
Fentanil 0,005%‎ 2 ml.‎ 5 amp.‎
Droperidol 0,25%‎ 10 ml.‎ 2 amp.‎
Promedol 2%‎ 1 ml.‎ 1 amp.‎
Analgin 50%‎ 2 ml.‎ 5 amp.‎
Novokain 0,5%‎ 5 ml.‎ 4 amp.‎
4. Arterial gipotenziya:
Noradrenalin 0,2%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Prednizalon 30 mg amp.da‎ 5 amp.‎
Reopoliglyukin 250 ml.‎ 1 fl.‎
Gemodez 250 ml.‎ 1 fl.‎
Kordiamin 25%‎ 2ml.‎ 5 amp.‎
Mezaton 1%‎ 1ml.‎ 3 amp.‎
Dopamin 50 mg amp.da.‎ 2 amp.‎
Glyukoza 5%‎ 250ml.‎ 2 fl.‎
5. Anafilaktik shok:
Adrenalin 0,1%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Mezaton 1%‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Prednizolon 30mg amp.da.‎ 4 amp‎
Gidrokortizon ‎ 2 fl.‎
Eufillin 2,4%‎ 10 ml.‎ 2 amp.‎
Glyukoza 5%‎ 250 ml.‎
Dimedrol 1%‎ 1 ml.‎ 3 amp‎
Suprastin 2,5‎ 1 ml.‎ 3 amp‎
Penitsillinaza 500000ED‎ 2 fl‎
1000000ED faqat pensillinga allergiya bo‘lganda. ‎ 1 fl‎
Gemodez‎ 250 ml.‎ 1 fl‎
Rezina jgut.‎ 1 sht‎
Kalsiy xlor 10%‎ 10 ml.‎ 3 amp‎
Laziks‎ 2 ml.‎ 5 amp‎
6. Astmatik status:
Barotek yoki V2 selektiv adrenomimetiklari albuteral, terbutanil yoki boshqalar.
Ingalatsion kortikosteroidlar beklametazol, flunizolid.
Eufillin 2,4% ‎ 10 ml.‎ 5 amp‎
Eufillin 24%‎ 10 ml.‎ 2 amp.‎
Gidrokortizon ‎ 125 mg.‎ 5 fl.‎
Atropin sulfat 0,1%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Adrenalin 0,1%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Geparin‎ 5 ml.‎ 2 fl.‎
7. Yurak ritmini o‘tkir buzilishi:
Adenozin 6-12 mg dan vena ichiga.
Verapamil 5-10 mg dan vena ichiga.
Novokainamid 10%‎ 10 ml.‎ 2 amp.‎
Obzidan‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Izoptin‎ 1 ml.‎ 10 amp.‎
Lidokain‎ 2 ml.‎ 10 amp.‎
Strofantin 0,05%‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Digoksin 0,025%‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Korglikon 0,06%‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Etmozin 2,5%‎ 4 ml.‎ 10 amp.‎
Mezaton 1%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Panangin‎ 5 ml.‎ 5 amp.‎
Unitiol 5%‎ 5 ml.‎ 5 amp.‎
Izuprel ‎ 5 mg.
‎1 ml. ‎
20 tabl.
‎5 amp. ‎
Atropin sulfat 0,1%‎ 1 ml.‎ 3 amp.‎
Inyeksiya uchun suv 10ml.dan ampulada.‎ 5 amp.‎
8. Zaharlanishda ishlatiladigan antidot va fiziologik antagonistlar.
Etil spirti 96%.‎ 200 g.‎
Unitiol 5%.‎ 5 ml.‎ 20 amp.‎
Antarsin 1%.‎ 1 ml.‎ 5 amp.‎
Tiosulfat natriy 30%.‎ 5 ml.‎ 3 amp.‎
Amilnitrit. ‎ 0,5 ml.‎ 5 amp.‎
Sistamin gidroxlorid.‎ 0,4 g.‎ 10 tab.‎
Karbolen 0,25.‎ 50 tab.‎
Nalofin 0,5%.‎ 2 ml.‎ 5 amp.‎
Ko‘k metilen 1%.‎ 50,0 ml.‎ 4 amp.‎
Atropin sulfat 0,1%.‎ 1 ml.‎ 20 amp.‎
Prozerin 0,05%.‎ 1 ml.‎ 20 amp.‎
Galantamin 1%.‎ 1 ml.‎ 10 amp.‎
Xolin xlorid 20%(500-1000ml 0,85% NaCI yoki 5%li glyukoza eritmasida).‎ 10 ml.‎ 5 amp.‎
Apomorfin 1%.‎ 5 ml.‎ 5 amp.‎
Botulinga qarshi zardob (A, V, S, D).‎ 1 doza.‎
Qoqsholga qarshi zardob 3000ME.‎ 10 amp.‎
Enterodez.‎ 50 g.‎‎
9. Shoshilinch yordam ko‘rsatishda ishlatiladigan boshqa dori vositalari, bog‘lov materiallari, tibbiy anjomlar.
Nashatir spirti.‎ 10 ml fl.da.‎ 1‎
Perekis vodorod 3%‎ 30,0‎
Insulin 40 ED fl.da.‎ 1‎
Yod 5% fl.da.‎ 1‎
Kuyishga qarshi malxam.‎ 1‎
Seduksen 0,5%‎ 20 ml amp.‎ 2‎
Bint 5m 10sm. 5m 7sm. ‎ 1 up.
‎1 up. ‎
Steril dokali salfetkalar.‎ 1 up.‎
Paxta.‎ 25‎
Bakteriotsid leykoplastir.‎ 1‎
Pipetka.‎ 2‎
Bir marotaba ishlatiladigan shpritslar.‎ 5‎
Xavo chiqaradigan trubka.‎ 1‎
Tanometr.‎ 1‎
Tibbiy termometr.‎ 1‎
Qo‘lda ishlatiladigan nafas oldirish apparati.‎ 1‎
Shinalar yig‘masi.‎ 1‎
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov
hibsxonalari va jazoni ijro etish
muassasalarida saqlanayotgan shaxslar
tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga
3-ILOVA
Tergov hibsxonasi va jazoni ijro etish muassasasi tibbiy bo‘lim boshliqlari xizmat vazifalari
namunasi
1. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i muassasa boshlig‘iga yoki uning muovinlaridan biriga bo‘ysunadi, davolash profilaktika, sanitariya va epidemiyaga qarshi masalalar bo‘yicha yuqori turgan tibbiy boshliqlarga bo‘ysunadi. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i bo‘lmagan vaqtida ordinator-vrach yoki feldsher uning vazifasini bajaradi.
2. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i muassasadagi tibbiy xizmatni boshqaradi, muassasadagi barcha davolash profilaktika va sanitariya-epidemiyaga qarshi ishlarga javob beradi, tibbiy bo‘lim oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarilishiga shaxsan javob beradi.
3. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i maxsus kontingentga malakali tibbiy yordam (ambulator yoki statsionar) ko‘rsatilishni ta’minlaydi, hamda muassasada o‘rnatilish kerak bo‘lgan sanitariya epidemiyaga qarshi tartibni nazorat qiladi. U tunu kun davomida, shuningdek, dam olish va bayram kunlarida ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni tibbiy bo‘lim qoshidagi tish-protezlash laboratoriyasi (bor bo‘lgan taqdirda) ishini tashkillashtiradi.
4. Tibbiyot bo‘limi boshlig‘i quyidagilarni bajarishi shart.
Tibbiyot xizmati faoliyatini tahlil qiladi va muassasaning boshqa xizmatlari bilan birgalikda tibbiy ta’minotni, maxsus kontingent jismoniy holatini mustahkamlash, hamda kasallanishni, jarohatlanishni, mehnatga layoqatsizlikni va birlamchi nogironlikni oldini olish va uni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish.
Vrachlar, o‘rta va kichik tibbiy xodimlar ishini boshqarish, ular orasida doimiy ravishda tarbiyaviy ishlar olib borish.
Tibbiy bo‘lim ishlarini rejalashtirish. Muassasa boshlig‘idan tibbiy bo‘lim ish rejasi, ish tartibini va statsionarda yoki tibbiy izolyatorda yotgan kasallarni ichki tartib qoidalarini, hamda tibbiyot xodimlarini xizmat vazifalarini tasdiqlatish.
Barcha tibbiy xodimlarga buyruqlar, yuqorida turgan xizmatlarni ko‘rsatmalarini doimo yetkazib turish.
Vaqt-vaqti bilan o‘z qo‘l ostidagi xodimlarning faoliyatini, ularning xizmat vazifalarini va rejalashtirilgan tadbirlar bajarilishni nazorat tariqasida tekshirib turish.
Tibbiy bo‘limdagi kasallarni, tibbiy tekshiruvni va davolanishni doimo nazorat qilish.
Maxsus kontingentni turli tibbiy ko‘rik va tekshiruvlardan o‘tkazilishini tashkillashtirish.
Har kuni tibbiy xodimlarni muassasa intizomiy bo‘limlariga, kamera tipidagi xonalarga, karserga, bir kishilik kameralarga (agar u yerda maxsus kontingent bo‘lganda) borishini ta’minlash. Yuqorida ko‘rsatilgan xonalarni sanitariya holatini, hamda u yerdagilarga tibbiy yordam ko‘rsatilish sifatini shaxsan nazorat qiladi.
Tibbiy bo‘limdagi hamma favqulodda hodisalarni, hamda bir guruh va yoppasiga bo‘lgan yuqumli kasallik bilan kasallanishni, statsionarga kech yotqizilish hollarini, maxsus kontingent orasidagi to‘satdan sodir bo‘lgan o‘lim hollarini, o‘z vaqtida o‘tkazilmagan va to‘liq bo‘lmagan tibbiy yordam hollarini o‘z vaqtida va sinchkovlik bilan puxta tekshirish, natijalari bo‘yicha va ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida yuqori turuvchi tibbiy boshliqqa axborot berish.
Tibbiy bo‘lim ichki tartib qoidasini buzganligi va boshqa sabablarga ko‘ra kasallarni statsionardan vaqtli chiqarib yuborish masalalarini hal etish.
Muassasaning tezkor-tartib xizmati bilan birgalikda ruhiy kasallarni, narkotik iste’mol qilayotganlarni va gomoseksualizmga moyil shaxslarni aniqlashni tashkillashtirish, hamda maxsus kontingent orasida sanitariya targ‘iboti ishlarini olib borish.
Parhez taomni, taomnomalar tuzilishini hamda taomlarni sifatli tayyorlashni ta’minlashni nazorat qilishda qatnashish. Tayyor taomlarni tatib ko‘rish, ularni bakteriologik, laborator tekshiruvi, gigiyenik ekspertizaga olinishini o‘tkazish.
Muassasa fuqaro mudofaasi tibbiy ta’minoti rejasini ishlab chiqish, muassasaning fuqaro mudofaasida hamma vaqtdagi va tibbiy ofat hollaridagi tibbiyot xizmati ishini ta’minlash.
Tibbiy bo‘lim moddiy-texnik negizini talab darajasida ta’minlanganligini tahlil qilish va uni mustahkamlash choralarini ko‘rish.
Statistik hisobotlarni sifatini va o‘z vaqtida tuzilishini tashkillashtirish va ularni yuqori idoralarga o‘z vaqtida berish. Tibbiy bo‘limda barcha hisobot hujjatlarini olib borilishini nazorat qilish.
Kasallarga yordam ko‘rsatishda Respublika kasalxonasi bilan xizmat hamkorligini ta’minlash.
Maxsus kontingent orasida ro‘y bergan ishlab chiqarish va maishiy jarohat va zaharlanish holatlari haqida o‘rnatilgan tartibda muassasa ma’muriyati, SEX va yuqori turgan tibbiy boshliqlarga tezda axborotlar berish.
Muassasa rahbariyati topshirig‘iga ko‘ra, maxsus kontingent va ularning qarindoshlaridan tushgan tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha ariza va shikoyatlarni e’tibor bilan xolis ko‘rib chiqish, doimo ularni keltirib chiqargan sabablarni o‘rganib, tahlil qilish va ular bo‘yicha kerakli choralar ko‘rish; xat, shikoyat va arizalarda muassasa tibbiyot bo‘limi ishini takomillashtirish bo‘yicha keltirilgan takliflarni amalda qo‘llash.
IIV Tibbiyot boshqarmasi, IIV JIEBB, QR IIV, viloyatlar IIB tibbiyot bo‘limi(xizmati) bilan, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va mutaxassislikni egallashni rejalashtirish, ularga malaka toifalari belgilash ishlarini tashkil qilish. Tibbiyotdagi diagnostik va davolash yangiliklarini, yangi tibbiyot asbob-uskunalarini ishlatishni va dori-darmonlarni o‘rganish va tibbiy bo‘lim amaliyotiga tadbiq etish.
Davolash, sanitariya targ‘iboti ishlarida va tibbiy xodimlari bilan ishlashda mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari bilan doimiy hamkorlik qilish.
5. O‘z vazifalarini bajarishda tibbiyot bo‘limi boshlig‘i quyidagi huquqlarga ega.
O‘zining xizmat vazifasi doirasida tergov hibsxonasi, JIEM boshlig‘iga muassasaning xizmat bo‘linmalari faoliyati bo‘yicha takliflar kiritish.
Muassasa rahbariyatiga tibbiy bo‘lim xodimlarini rag‘batlantirish yoki ularni intizomiy jazolash, o‘zining qo‘li ostidagi vrachlar va o‘rta tibbiy xodimlarning lavozimlarini o‘zgartirish takliflarini kiritish.
Tibbiy bo‘lim faoliyatiga tegishli masalalar ko‘rilayotgan majlislarda qatnashish.
O‘rnatilgan tartibda, muassasaning hamma obyektlariga sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi nazoratni o‘tkazish uchun borish, muassasaning sanitariya holatni nazorati bo‘yicha mutassadi xodimlaridan axborot va hujjatlarni so‘rash, sanitariya-gigiyena qoida va talablari buzilishini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish.
Tibbiy xodimlar tomonidan oziq-ovqatlarni yaroqsiz deb topilganda, ularni ovqatlanishda ishlatishni taqiqlash.
Atrofga infeksiya tarqalishni oldini olish maqsadida bakteriya tashuvchi deb topilgan shaxslarni xizmat faoliyati xususiyatiga qarab ishdan chetlatish.
Yuqumli kasallar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni alohidalash.
6. Tibbiyot bo‘limi boshlig‘i o‘zining ish faoliyatida quyidagi savollar bo‘yicha boshqa xizmatlar bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi.
Bemorlarni tibbiy bo‘lim statsionarida saqlanishi, maxsus kontingentni jarima va intizomiy izolyatorlarda, kamera tipidagi xonalarda, karsyerlarda, alohidalangan kameralarda saqlash, maxsus kontingent orasida tarbiyaviy ishlar olib borish, tibbiy bo‘limni mablag‘ bilan ta’minlash, muassasa bo‘limlari bilan tibbiy bo‘limni ta’mirlash ishlarini olib borish tartibi kabi savollar bo‘yicha.
IIV Tibbiyot boshqarmasi, IIV JIEBB, QR IIV, viloyatlar IIB tibbiyot bo‘limlari, xizmatlari bilan birgalikda maxsus kontingentni tibbiy ta’minotini tashkillashtirish.
IIV, IIBB, IIB sanitariya-epidemiologik xizmati bilan birgalikda muassasada sanitariya tartibini va epidemiologik holatni saqlash.
Tibbiy ta’minotni dorixona muassasalari, “O‘ztibtexnika” bo‘limlari, dorixona bazalari orqali amalga oshirish.
Yangi qilingan tajribalarni o‘rganish, mutaxassislar tomonidan konsultatsiya tariqasida yordam olish, tibbiy kadrlarni tayyorlash, sog‘liqni saqlash muassasalari bosh shifokorlari bilan kelishgan holda shifoxonalarga zarurat bo‘yicha kasal mahkumlarni yotqizish uchun joy ajratish.
Mahalliy sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan birgalikda aholi o‘rtasida epidemiologik holatni operativ kuzatib borish.
Tibbiy bo‘limni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmalar bilan ta’minlash.
7. Tibbiy bo‘lim boshlig‘i faoliyati quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar bilan baholanadi:
a) maxsus kontingentni sog‘lig‘i ahvoli va tibbiy bo‘lim ko‘rsatkichlari;
b) tibbiy bo‘limda favqulodda holatlarni bo‘lmaganligi, qonunchilikni buzilmaganligi, diagnostika va davolash bo‘yicha asosli shikoyatlar tushmaganligi, kasallarga e’tiborsiz va beparvolik holatlari qayd etilmaganligi;
v) tibbiyot xodimlari orasida xizmat vazifalarini to‘g‘ri taqsimlanganligi, ular tomonidan rejalangan tadbirlarni va boshqa topshiriqlar bajarilishini nazorati ta’minlanganligi;
g) tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari va tibbiyot xizmati me’yoriy hujjatlarini bilish, boshqaruv savollarini huquq doirasida aniq hal qila bilishi;
d) o‘z ishida statistik tahlil usullarini va rahbarlik madaniyatini ishlata bilishi;
e) tibbiy bo‘lim xodimlarini malakasini, tibbiyotdagi ilmini va kasb mahoratini oshirishi;
j) muassasaning sanitariya ahvolini va epidemiologik barqarorlikni ushlab turish, tibbiyot bo‘limini did bilan jihozlanganligi;
z) tibbiy bo‘lim jamoasi ichida muayyan psixologik ahvolni ushlab turishi, janjalli vaziyatlarni yo‘qligi, xodimlardan tibbiy bo‘lim boshlig‘i faoliyatiga o‘rinli shikoyatlar tushmaganligi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov
hibsxonalari va jazoni ijro etish
muassasalarida saqlanayotgan shaxslar
tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga
4-ILOVA
Kasalxona boshlig‘ining namunaviy
XIZMAT VAZIFALARI
1. Mahkumlar uchun mo‘ljallangan kasalxona boshlig‘i kasalxona faoliyati ustidan rahbarlik qiladi va uning oldida turgan vazifalarni bajarilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
Kasalxona boshlig‘i bo‘lmagan taqdirda uning vazifalarini kasalxona boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari yoki malakali bo‘lim boshliqlaridan biri bajaradi.
2. Kasalxona boshlig‘i quyidagilarni bajarishi shart.
Kasalxona tarkibiy bo‘limlari ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘zining muovinlari, bo‘lim boshliqlari vazifalarini belgilashi.
Mahkumlarga kasalxona sharoitida kompleks terapiya, parxez taomlar, fizioterapevtik davo usullari va qayta tiklovchi davolash usullarini qo‘llash bilan yuqori malakali statsionar yordamni tashkil qilishni ta’minlashi.
Kasalxonada davolash-tahlil ishlarini mukammallashtirish, o‘rinlar omilkorligini oshirish, o‘lim holatini kamaytirish chora-tadbirlarini qo‘llash, kasalxona bo‘linmalarini boshqarish uslub va shakllarini takomillashtirish, boshqa davolash muassasalarini ilg‘or tajribalarini kasalxona faoliyatiga tadbiq qilish.
Kasalxona ishini rejalashtirishni amalga oshirish va uni bajarilishini tashkil qilish. Kasalxona tarkibiy bo‘limlari ishini, shifokor-ordinatorlar ish jadvalini, kasalxona ichki tartibini, shu bilan birga xodimlar xizmat vazifalarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash. Qo‘l ostidagi xodimlarning xizmat vazifalarini va rejadagi chora-tadbirlarni qay darajada bajarilayotganini nazorat qilib turish.
TMEK va O‘zbekiston Respublikasi IIV Maxsus tibbiy komissiyasiga tayyorlanadigan hujjatlar va ma’lumotnomalarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishi ustidan nazoratni ta’minlash.
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
Yuqori turgan tashkilotlar buyruq, ko‘rsatma, yo‘riqnoma va uslubiy qo‘llanmalarini, kasallikni oldini olish, tashxis qo‘yish, davolashning yangi uslub va vositalari to‘g‘risidagi axborotlarni muntazam ravishda kasalxona xodimlari e’tiboriga havola qilish, ularni o‘z vaqtida ishlatish va tadbiq qilish.
O‘z vaqtida va sinchkovlik bilan kasalxonadagi barcha favquloddagi hodisalarni, shu bilan birga kasalxonaga bemorlarni kech yuborish holatlarini, to‘satdan sodir bo‘lgan o‘lim, tibbiy yordamning kechiktirib boshlanganligi holatlarini, kasalxona ichida tarqalgan infeksiya kabi hodisalarni tekshirish natijalari va ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida JIEBB va yuqori turuvchi tibbiy boshliqlarga axborot berish.
Kasalxonada maslahat ko‘riklari, konsiliumlar, ertalabki shifokorlar yig‘ilishlari, rejali va navbatdan tashqari bo‘limlardagi, xonalardagi va boshqa kasalxona bo‘linmalaridagi ko‘riklarni tashkil qilish va o‘z vaqtida o‘tkazish.
Tibbiy xizmatchilar va kasalxona boshqa xodimlarini tanlash, joylashtirish, tarbiyalash va malakasini oshirish kabi ishlarni amalga oshirish.
Kasalxonaning mavjud moddiy-texnik negizini amaliy talabga mosligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash, uni yangilash, mustahkamlash va saqlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llash.
Kasalxonada sanitariya-gigiyenik tartib va epidemiyaga qarshi rejimni qo‘llanilishini ta’minlash, shu bilan birga kasalxona hududini ko‘kalamzorlashtirishga e’tibor berish.
JIEM Ichki tartib qoidalariga rioya qilish, kasalxona xodimlari intizomi, bemorlarni saqlash tartibini ta’minlash. Bemorlar tomonidan kasalxona ichki tartib qoidalari va saqlash tartibi buzilganda ularni muddatidan oldin kasalxonadan chiqarib, tegishli JIEMga yuborish masalalarini hal qilish.
Kasalxona faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni sifatli tuzilishini va uni yuqori tashkilotlarga o‘z vaqtida topshirilishini ta’minlash.
Mahkumlarning va ular qarindoshlarining takliflari, shikoyatlari, arizalarini sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularning har biri to‘g‘risida aniq xulosa chiqarilishini tashkil qilish.
Bemorlarga xizmat ko‘rsatishda kasalxona va tibbiy bo‘limlar o‘rtasidagi aloqani va uzviylikni ta’minlash.
Kasalxonaga yuborilgan kasallarni tekshirish natijalarini tahlil qilish asosida (tashxisdagi tafovutlar, bemorni kasalxonaga yuborishdan oldin muassasalar tibbiy xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv va davolashdagi jiddiy xatolar haqida) uslubiy va axborot xatlari tayyorlash va muassasalarga yuborish.
Mahkumlarning umumiy kasallanishi va vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishlarini o‘rganishda, kasallanishni kamaytirishga qaratilgan sog‘lomlashtirish va sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqishda kasalxona mutaxassislarining ishtirokini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB bilan kelishilgan holda JIEMlardagi tibbiy bo‘limlar xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish, profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash ishlarini tashkil qilish va o‘zlashtirish, profilaktik ko‘rikni tashkil qilish uchun kasalxona shifokor — mutaxassislarini yuborish.
Favqulodda hodisalar, yong‘in va boshqa tabiiy ofatlarda bemorlarni qutqarish ishlariga kasalxonani tayyorligini ta’minlash, yong‘inga qarshi chora-tadbirlarni bajarilishini nazorat qilish.
Kasalxona tarkibiy bo‘linmalarida tibbiy hujjatlarni, giyohvand, kuchli ta’sir qiluvchi va boshqa tibbiy vositalarni mavjud qonun-qoidalar asosida saqlanishini tashkil qilish.
3. Kasalxona boshlig‘i o‘z vazifalarini bajarish vaqtida, quyidagi huquqlarga ega:
Mustaqil davolash muassasasi bo‘lgan kasalxonada:
a) shahodatlangan tibbiy xodimlar lavozimiga shifokorlarni qabul qilish masalasini o‘rnatilgan tartibda yuqori turuvchi boshqarmalar bilan kelishish;
b) ishchi va xizmatchilarni ishga qabul qilish va ozod qilish;
v) o‘rnatilgan tartibda shifoxona xodimlari va kasalxonada davolanayotgan mahkumlarni rag‘batlantirish va intizomiy jazolash;
g) kasalxona tashkiliy ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha buyruqlar chiqarish;
d) qarz olish, shartnomalar tuzishga buyruq berish.
Shuningdek, mustaqil davolash muassasasi bo‘lgan kasalxona boshlig‘i yuqorida qayd etilgan huquqlardan tashqari, JIEMlari boshliqlariga boshqa me’yoriy hujjatlar bilan belgilangan huquqlardan foydalanadi.
JIEBBga, shuningdek, kasalxona faoliyati va xodimlar masalasi bo‘yicha muassasa ma’muriyatiga takliflar kiritadi.
Kasalxona faoliyati bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqayotgan kengash ishida ishtirok etadi.
IIV JIEBB, Tibbiyot boshqarmasi, IIV, IIB tibbiyot bo‘limlari, xizmatlari rahbariyati e’tiboriga tibbiy ta’minotni yaxshilash va maxsus kontingentni sog‘lig‘ini muhofaza qilishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha takliflar kiritadi.
4. Kasalxona boshlig‘i o‘z faoliyati davomida quyidagilar bilan o‘zaro munosabatlarni ta’minlab turadi.
Kasalxonani boshqarishda — mahalliy sog‘liqni saqlash organlari bilan.
Tibbiy ta’minot borasida — dorixonalar boshqarmasi va “O‘ztibtexnika” bo‘limlari bilan.
Ilg‘or ish tajribalarni o‘rganish, maslahat ko‘riklarini o‘tkazishda yetuk mutaxassis-shifokorlar yordamidan foydalanish, konferensiyalar, ish joylarida tibbiy xodimlarni tayyorlash, ko‘rsatmalar bo‘lganda mahkumlarni sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalariga yotqizish uchun joylarni ajratishni — sog‘liqni saqlash idoralari kasalxonalarining bosh shifokorlari bilan.
Kasalxonani qon va qon o‘rnini bosuvchi preparatlar bilan ta’minlashda — qon quyish stansiyasi bosh shifokori bilan.
Tashxis qo‘yish va davolashni yangi usul va vositalarini amaliyotda qo‘llash uchun — ilmiy tekshirish institutlari va tibbiyot institutlari bilan.
Kasalxona joylashgan hududdagi epidemiologik vaziyatni tezkor nazorat qilishda — mahalliy sanitariya-epidemiologik stansiyalari bilan.
Sanitariya-gigiyenik va tibbiy tarbiya vositalari bilan kasalxonani ta’minlash — salomatlik markazlari bilan.
Kasalxonada sanitariya tartibi va epidemiologik vaziyatni barqarorlikni ta’minlashda — IIV, IIBB, IIB sanitariya-epidemiologik xizmatlari bilan.
Maxsus kontingentni saqlash va ular orasida tarbiya ishlarini olib borish, kasalxona faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash, yotoq fondini rivojlantirish, ta’mirlash ishlarini olib borish — JIEM ma’muriyati bilan (JIEM qoshidagi kasalxonalar uchun).
5. Kasalxona boshlig‘ining ish natijalari quyidagi ko‘rsatkichlar bilan baholanadi.
Kasalxona faoliyatining ko‘rsatkichlari (yotoq fondini samarali ishlatish, bo‘limlar ishlarini tashkil qilishdagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lgan davolash-tahlil ishlaridagi qo‘pol xatolar, o‘lim holatlari, kasalxonaga yotqizishda asoslanmagan rad qilinishlar yo‘qligi).
Kasalxonadagi favqulodda hodisalarning, davolash-tahlil ishlariga asoslangan shikoyatlarning, kasallarga nisbatan beparvolik holatlarini bo‘lmaganligi.
Qo‘l ostidagi xizmatchilar orasida lavozimlarni to‘g‘ri taqsimlanishi, xodimlarni rejali va boshqa ishlari ustidan nazoratni ta’minlanganligi.
Boshqarish masalasida bilimdonlik, kasalxona muassasalari faoliyatini belgilaydigan me’yoriy hujjatlarni bilishi.
Ish jarayonida statistik tekshirish usullari hamda boshqaruv madaniyatini qo‘llay bilishi.
Kasalxona xodimlarining bilimini mukammallashtirish va kasbiy mahoratini oshirish borasida amalga oshirgan ishlari.
Kasalxonada sanitariya tartibi va epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlanganligi.
Xodimlarning ish va ma’naviy sifatlarini bilish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, sog‘lig‘ini muhofaza qilish ishlarini yo‘lga qo‘yilganligi.
Jamoada qulay ruhiy muhit ta’minlanganligi va mojaroli holatlar bo‘lmaganligi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov
hibsxonalari va jazoni ijro etish
muassasalarida saqlanayotgan shaxslar
tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga
5-ILOVA
Kasalxonada davolanayotgan maxsus kontingent uchun
NAMUNALI IChKI TARTIB QOIDALARI
1. Kasalxonaga kelayotgan hamma bemorlar vrach ko‘ruvi va sanitariya ishlovidan so‘ng navbatchi vrach ko‘rsatmasiga ko‘ra tegishli bo‘limga yuboriladi.
2. Bemor kasalxonaga kelganida ustki, ichki kiyimlarini hamda oyoq kiyimlarini va boshqa shaxsiy narsalarini kasalxona xo‘jalik bo‘limi boshlig‘iga yoki uni o‘rniga qoldirilgan shaxsga xat hujjat qilib topshiriladi.
3. Bemorlar kasalxonada bo‘lgan vaqtda quyidagilarga amal qilishga majburdirlar:
a) JIEM tomonidan o‘rnatilgan ichki tartib qoidalariga hamda kasalxona ma’muriyati tomonidan o‘rnatilgan tartibga rioya etishlari kerak;
b) nazoratchilar tarkibi hamda vrach ko‘ruvi vaqtida, tana haroratini o‘lchash vaqtida, uxlashga ajratilgan vaqtda, kechquringi uxlash vaqtida bemorlar o‘z palatalarida bo‘lishlari kerak;
v) sayr qilish vaqtida faqatgina kasalxonada sayr qilish uchun belgilangan joylardagina sayr qilish, chekish uchun maxsus ajratilgan joylardagina chekish zarur;
g) kasalxona tibbiy xodimlarini ko‘rsatmalarini va buyurgan ishlarni aniq bajarish;
d) palatada, kasalxona ichida hamda kasalxona hududida tozalik va tartibga rioya etish;
e) agarda bemorning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lsa, bemor o‘z o‘rnini va tumbochkasini tozalash va tartibga keltirishi zarur;
j) palatadan chiqish vaqtida bemor albatta xalat (pijama) va oyoq kiyim kiyib chiqishi zarur;
z) kasalxonaning barcha xonalarida tinchlik saqlash zarur;
i) kasalxona jihozlarini avaylab ishlatish zarur. Bemorni aybi bilan kasalxona jihozlari buzilsa yetkazilgan zarar bemor hisobidan to‘lanadi;
4. Kasalxonadagi bemorlarga quyidagilar man etiladi:
a) palatalar va koridorlarda chekish, qimor o‘ynash, man etilgan buyumlarni saqlash, boshqa mahkumlar bilan deraza orqali suhbatlashish;
b) kasalxonaning boshqa bo‘limlariga beruxsat kirish;
v) o‘rinlarda ust kiyimlar bilan yotish yoki o‘tirish;
g) bo‘linma boshliqlari ruxsatisiz palatalarning bo‘sh o‘rinlaridagi choyshab va yostiqlardan foydalanish, bo‘sh o‘rinlarga yoki palatalarga o‘zicha ko‘chib o‘tish;
d) palatalarda nonni saqlash va quritish, shuningdek, palatalardagi qutilarda tez buziluvchi mahsulotlarni saqlash;
e) o‘rin-joylar tagida turli narsalarni saqlash.
5. Bemor mahkumlarga qarindoshlari bilan uchrashuvlar vrach ruxsati bilan, ular jazoni ijro etayotgan muassasa tartib turiga ko‘ra belgilangan tartibda, muassasa boshlig‘i tomonidan ruxsat etiladi. Agar maxsus kontingentni kasalligi uning hayotiga xavf soladigan ravishda og‘ir bo‘lsa, muassasa boshlig‘i uning yaqin qarindoshlariga navbatdan tashqari uchrashuvga ruxsat berishi mumkin. Karantin paytida bemor mahkumlarni qarindoshlar bilan har qanday uchrashuvi bekor qilinadi.
6. Kasalxonada o‘rnatilgan tartibni va intizomni saqlash maqsadida davolash bo‘limlari boshliqlari tomonidan tibbiy xodimlarga yordam berish uchun bemor mahkumlar orasidan bo‘lim va xonalar bo‘yicha javobgar shaxslar ajratiladi.
7. Yong‘in sodir bo‘lgan yoki boshqa favqulodda holatlarda kasallarni evakuatsiya qilish qat’iy reja asosida kasalxona tibbiy xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
8. Bemor yuzaga kelgan har qanday nizolar bo‘yicha xizmat qiluvchi xodimlar va mahkumlar bilan o‘zaro bahslashmay yoki janjallashmay, balki bo‘lim katta hamshirasiga, navbatchi yoki davolovchi shifokorga murojaat qiladi.
9. Kasalxona ichki tartibini qo‘pol ravishda yoki doimiy buzganligi uchun bemorlar kasalxonadan tegishli muassasaga jo‘natib yuboriladi yoki JIEMlari Ichki tartib qoidalariga ko‘ra jazolanadi (agar bu ish mahkumni sog‘lig‘i yoki hayotiga xavf solmasa).
10. Bemorlarni shaxsiy masalalari bo‘yicha qabul qilish kasalxona ma’muriyati tomonidan o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov
hibsxonalari va jazoni ijro etish
muassasalarida saqlanayotgan shaxslar
tibbiy ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga
6-ILOVA
Maxsus kontingent orasida silga qarshi maxsus profilaktika va ximioprofilaktika o‘tkazish
Maxsus profilaktika
1. Mantu sinamasini tergov hibsxonalarida 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga flyuorografiya tekshiruvidan keyin o‘tkaziladi. Buni maxsus tayyorlangan va sinamani o‘tkazishga ruxsat etilgan hamshiralar amalga oshiradi. Mantu sinamasini o‘tkazish uchun M.A. Linnikov tuberkulini — PPD-L (tozalangan oqsil derivati) qo‘llaniladi. Uning tarkibida sterillikni ta’minlovchi 0,01%li xinozol bo‘lib, qo‘llanishga tayyor suyuq holda ishlab chiqariladi. 5ml (50doza)lik flakon 25 kishiga, 3ml (30doza)lik flakon esa 15 kishiga mo‘ljallangan. Linnikov tuberkulini 0,1ml eritmasining biologik aktivligi 2 xalqaro birlik (2TB) ga mos keladi va 1 doza hisoblanadi. Preparat harorat 0°Sdan 4°Sgacha bo‘lgan qorong‘u xonada saqlanganda 12 oy o‘zini xususiyatlarini saqlaydi. Har bir tuberkulin qutisida preparatni qo‘llash yo‘riqnomasi bo‘ladi. Sinamani o‘tkazishdan oldin shifokor va hamshira bu yo‘riqnomani albatta o‘qib chiqishi shart. Mantu sinamasini o‘tkazish uchun quyidagi maxsus asboblar to‘plamidan foydalaniladi:
a) biks (18 ga 14 smli) paxta uchun — 1dona;
b) 1 ml hajmli tuberkulin shpritslari — 50 dona;
v) teri orasiga inyeksiya uchun 0415 raqamli kalta ignalar — 100 dona;
g) sterilizatorlar — 3-4 dona;
d) tuberkulinni flakondan olish uchun;
e) 0840 raqamli inyeksion ignalar — 10 dona;
j) 15 smli anatomik pinsetlar — 2 dona;
z) 100 mmli oynasimon chizgich — 6 dona;
i) dezinfeksiyalovchi eritmalar uchun 0,25 — 0,5 litrli idishlar — 2 dona.
2. Tuberkulin shpritslari va ignalarini avtoklavda sterilizatsiya qilinadi. Tuberkulin eritmasi bilakning o‘rta 3 dan 1 qismiga teri orasiga yuboriladi. Teri 70%li etil spirti bilan artilib, shpritsga 0,2 ml 2 doza tuberkulin eritmasi olinib 0,1 ml yuboriladi. Har bir inyeksiyadan oldin shpritsdan tuberkulin eritmasining 1 tomchisi chiqarib yuboriladi. Mantu sinamasi to‘g‘ri bajarilganda terida oqish infiltrat paydo bo‘ladi. Bu infiltratni qichinish, suvga tekkizish va dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan artish mumkin emas. Mantu sinamasi 72 soatdan so‘ng o‘qiladi. Buning uchun oynasimon chizgich bilan infiltratning gorizontal diametri mmda o‘lchanadi, giperemiyaning o‘lchami hisoblanmaydi. Bu holatda giperemiya bilan infiltratni ajrata bilish zarur.
3. Mantu sinamasi va uning natijalari 063/U raqamli tibbiy hujjatga qayd qilinadi.
Mantu sinamasi natijalari:
a) gumonli reaksiya-infiltrat (papula)ning o‘lchami 2—4 mm yoki infiltratsiz giperemiyaning har qanday o‘lchami;
b) musbat reaksiya — infiltratning o‘lchami 5 mm va undan ortiq;
v) giperergik reaksiyada infiltratning o‘lchami;
g) bolalarda 17 mmdan ortiq;
d) kattalarda 21 mmdan ortiq yoki ikkala holda ham har qanday o‘lchamli vezikulonekrotik o‘zgarishlar;
e) manfiy reaksiya — inyeksiyaning nuqtasimon o‘rni.
Mantu sinamasi natijalari — gumonli, musbat va giperergik reaksiyali shaxslarga BSJ vaksinasi qayta emlanmaydi. Giperergik reaksiyali shaxslar ftiziatr-shifokor orqali chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Aktiv sil aniqlanganda bemor statsionar davolanishga yuboriladi, patologiya aniqlanmaganda izoniazid preparati bilan 2 oy davomida ximioprofilaktika o‘tkaziladi.
4. Mantu sinamasini o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar:
a) teri kasalliklari;
b) o‘tkir va surunkali yuqumli kasalliklarning qaytalanish davri, hamda sog‘ayishdan keyin 2 oy muddat davomida;
v) allergik holat va anamnezida allergik reaksiya kuzatilganlik;
g) revmatizmning o‘tkir va o‘tkir osti davri;
d) bronxial astma;
e) epilepsiya.
5. Silga qarshi emlash uchun quruq BSJ vaksinasi qo‘llaniladi. Emlash dozasi — 0,1 ml eritmadagi 0,05 mg preparatga teng. Vaksina 1 mg BSJ saqlangan ampulalarda ishlab chiqariladi. 1 ampulada 0,05 mg preparatdan 20 doza mavjud. Vaksinani saqlash muddati — 2 yil, saqlash sharoiti — 8° Sdan yuqori bo‘lmagan muzlatgichda. 0,1 ml eritmada 0,05 mg BSJ dozasini olish uchun quruq BSJ vaksinasini 2 ml fiziologik eritmada eritiladi. Bir martali emlash uchun 0,2 ml (2 doza) eritilgan vaksinani sterillangan shpritsga olinadi, so‘ng ignadan 0,1 millilitri chiqarib yuboriladi, 0,1 millilitri esa chap yelkaning yuqori va o‘rta qismlar chegarasiga teri orasiga yuboriladi. Vaksinani 0,1 mldan ortiq yuborish taqiqlanadi.
Emlash texnikasi to‘g‘ri bajarilganda, inyeksiyaning o‘rnida diametri 6—8 mm bo‘lgan oqish papula paydo bo‘ladi. 15—20 minutdan so‘ng papula yo‘qoladi va teri o‘z holatiga qaytadi. Emlangan joyni yod va boshqa dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan ishlov berish, hamda bog‘lam qo‘yish taqiqlanadi.
Vaksinani qat’iy ravishda teri orasiga yuboriladi, chunki vaksinani teri ostiga yuborilishi mahalliy sovuq abssessni keltirib chiqaradi. 1—2 oydan so‘ng mahalliy emlash reaksiyasini tibbiy hujjatga qayd qilish bilan uning o‘lchami va xarakteriga qarab baholanadi. Tibbiy hujjatga quyidagilar qayd qilinadi: tuberkulin (BSJ vaksinasi)ni ishlab chiqargan muassasa; ularning seriyasi; nazorat raqami va preparatning yaroqlilik muddati; tuberkulin sinamasi (BSJ revaksinatsiyasi) o‘tkazilgan kun. Reaksiya natijasi mm larda o‘lchanadi. BSJ bilan faqat silga moyil bo‘lmagan klinik sog‘ shaxslar Mantu sinamasidan keyin 3—14 kun ichida emlanadi.
Qayta emlash quyidagi holatlarda amalga oshirilmaydi:
— gumonli va musbat Mantu sinamasi;
— sildan davolangan shaxslar;
— Mantu sinamasini o‘tkazishga bo‘lgan qarshi ko‘rsatmalar shu holatga ham taalluqli.
Silning maxsus profilaktikasini o‘tkazish unumlik mezoni — silga moyil bo‘lmagan kontingentda immunitetni paydo qilish bilan sil bilan kasallanishni kamaytirish, Mantu sinamasi orqali giperergik reaksiyali shaxslarni o‘z vaqtida tekshirish, aktiv sil jarayonini aniqlash va maxsus davolashni boshlashdir.
Ximioprofilaktika
6. Ximioprofilaktika sil tayoqchalarini ajratuvchi bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan va tuberkulinga giperergik reaksiyali hamma shaxslarga o‘tkaziladi.
Ximioprofilaktikani boshlashdan oldin kontingentni albatta rentgenoflyuorografik va umumiy qon tahlili tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Flyuorogrammalar tibbiy kartaga tikib qo‘yilishi shart. Ximioprofilaktikadan bosh tortgan mahkumlarga muassasa tibbiy bo‘limi shifokorlari tomonidan tushuntirish ishlari olib boriladi. Har bir ximioprofilaktika o‘tkaziladigan mahkumga muolaja varaqasi tutiladi. Bu tibbiy hujjatda mahkumning F.I.Sh., tug‘ilgan yili, tana vazni, otryadi, izoniazidning dozasi, preparatni qabul qilish muddatlari va ximioprofilaktikaning umumiy davomiyligi ko‘rsatilishi shart. Ximioprofilaktika tugagandan so‘ng muolaja varaqasi tibbiy kartaga yopishtiriladi.
7. Ximioprofilaktika izoniazid (tubazid) preparati bilan amalga oshiriladi. Preparat ovqatlangandan so‘ng tana vazniga 10 mg/kg hisobida 1 mahal beriladi (60 kg vaznli bemorga — 0,6 tubazid, 90 kg va undan ortiq vaznda — 0,9 tubazid). Preparat 1 haftada 3 kun beriladi — intermittik usulda, yilda bir marta 3 oy davomida tibbiy xodim ishtirokida. Bu usul ximioprofilaktika qabul qilayotgan shaxslar uchun qulayligidan tashqari ilmiy tomondan unumligi tasdiqlangan, hamda hamshiraning ishini 2 marotaba yengillashtiradi.
Preparatni qabul qilish feldsher yoki hamshiraning qat’iy nazorati ostida amalga oshiriladi, bu bilan ximioprofilaktikani to‘g‘ri bajarilayotganini va preparatni nojo‘ya ta’sirini o‘z vaqtida aniqlash imkoniyati yaratiladi. Agar mahkum o‘zini yomon his qilib preparatni qabul qilishni to‘xtatgan bo‘lsa, hamshira bu haqda shifokorga darhol aytishi lozim. Shifokor esa bemorni ko‘rikdan o‘tkazgandan so‘ng preparat dozasini kamaytirishi yoki ximioprofilaktikani to‘xtatishni hal qiladi.
8. Ximioprofilaktikani uyushgan holda o‘tkazish uchun hamma shaxslar 2 guruhga bo‘linadi. 1 guruh haftaning toq kunlari — dushanba, chorshanba, juma; 2 guruh — juft kunlar — seshanba, payshanba, shanba kunlari preparatni qabul qiladi.
Aktiv o‘pka sili bilan doimo muloqotda bo‘lgan shaxslarga ximioprofilaktika 3—5 yilda qaytariladi.
Izoniazidni qabul qilganda — bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, yurak urishi tezlashishi, badanga toshmalar toshishi kabi nojo‘ya ta’sirlar kuzatilishi mumkin. Agarda bu holatlar preparatni yarim dozasini qabul qilganda ham kuzatilsa, preparatni qabul qilish to‘xtatiladi. O‘tkazilayotgan ximioprofilaktikani samaradorlik mezoni — muloqotda bo‘lgan shaxslar orasida sil bilan kasallanishning yo‘qligi.
Izoniazid qabul qilinishini sifatli nazorati
9. Izoniazidni siydikda aniqlash.
Bir xil diametrli 2 ta probirkaga 2 ml dan siydik solinadi. 1-probirkaga darhol vanadiy ammoniy tuzining ishchi eritmasi qo‘shiladi. 10 daqiqadan so‘ng esa 2-probirkaga qo‘shiladi. Izoniazid reaktiv bilan reaksiyaga kirishib qo‘ng‘ir-qizil rangni beradi, vaqt o‘tgan sayin qo‘ng‘ir-qizil rangning intensivligi kamayib boradi, 10 daqiqadan so‘ng ikkala probirkadagi suyuqliklar rangining intensivligi solishtirib ko‘riladi. Agarda siydikda izoniazid mavjud bo‘lsa 2-probirkadagi suyuqlikning rangi birinchisiga qaranganda to‘qroq bo‘ladi. Izoniazid siydik tarkibida bo‘lmasa ikkala probirkadagi suyuqliklarning rangi bir xil intensivlikda bo‘ladi.
10. Vanadiy ammoniy tuzining ishchi eritmasini tayyorlash.
Asosiy eritma: 1 litr suvga 2,5 g vanadiy ammoniy tuzi qo‘shiladi va to‘liq erigunga qadar 48 soatga qoldiriladi. Eritma filtrlanadi va 5-6 kunga tindiriladi, so‘ng undan ishchi eritma tayyorlanadi: 200 ml filtratga bir normali N2 SO4 dan 50 ml. qo‘shiladi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar tibbiy ta’minoti bo‘yicha qoidalarga
7-ILOVA
Surunkali alkogolizm, giyohvandlik, sil, tanosil kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga maxsus davo muolajalarini o‘tkazish va saqlash uchun mo‘ljallangan jazoni ijro etish tizimidagi muassasalarning
RO‘YXATI

№‎

Kasalliklar turlari‎

Tartib turi‎

Muassasalar‎

Joylashish hududi‎







‎1‎‏
‎‏
‎‏
‎‏

‎‏





‎‎‏Surunkali alkogolizm, giyohvandlik‎‏
‎‏
‎‏
‎‏
‎‏

Hamma turi‎ UYa-64/1‎ Bog‘zor qo‘rg‘oni‎
Hamma turi‎ UYa-64/21‎ Bekobod sh.‎
Umumiy ‎ UYa-64/47‎ Qizil-tepa sh.‎
Umumiy ‎ UYa-64/49‎ Qarshi sh.‎
Umumiy‎ UYa-64/61‎ Qarshi sh.‎
Qattiq‎ UYa-64/6‎ Chirchiq sh.‎
Qattiq‎ UYa-64/45‎ Olmaliq sh.‎
Qattiq‎ UYa-64/46‎ Navoiy sh.‎
Qattiq‎ UYa-64/51‎ Koson sh.‎
Maxsus ‎ UYa-64/25‎ Qoravulbozor sh.‎
UYa-64/ZTM‎ Bog‘zor qo‘rg‘oni

‎‏


‎‎‎‏2.

‎‏
‎‏
‎‏
‎Faol sil

Hamma turi‎ UYa-64/1‎ Bog‘zor qo‘rg‘oni
Hamma turi‎ UYa-64/21‎ Bekobod sh.‎
Hamma turi‎ UYa-64/36‎ Navoiy sh.‎
Hamma turi UYa-64/62‎ Kogon sh.‎
Umumiy‎ UYa-64/71‎ Yoshlik qo‘rg‘oni
Maxsus ‎ UYa-64/25‎ Qorovulbozor sh.‎

‎‏
‎‏


‎‎‏
‎‏3.

‎‏
‎‏



‎‎‏Tanosil kasalliklari

Hamma turi‎ UYa-64/1�‎ Bog‘zor qo‘rg‘oni‎
Hamma turi‎ UYa-64/21‎‎ Bekobod sh.‎
Umumiy ‎ UYa-64/3‎ Tovoqsoy qo‘rg‘oni‎
Umumiy ‎ UYa-64/29‎ Navoiy sh.‎
Umumiy UYa-64/49‎ Qarshi sh.‎
Qattiq‎ UYa-64/33‎ Qarshi sh.‎
Qattiq‎ UYa-64/48‎ Zarafshon sh.‎
Maxsus‎ UYa-64/25‎ Qoravulbozor sh.
UYa-64/ZTM‎ Bog‘zor qo‘rg‘oni‎
Izoh: odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) bilan kasallangan mahkumlar tartib turiga qarab, umumiy asosda muassasalarda saqlanadi.
(7-ilova O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 29-dekabrdagi 193-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1182-1, 20.02.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 20-son; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 8-9-son, 88-modda)