Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadda hududlarni sektorlarga boʻlib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yoʻlga qoʻyilishiga imkon yaratdi.
Shu bilan birga, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (keyingi oʻrinlarda sektorlar deb yuritiladi) faoliyati monitoringi bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi. Xususan:
birinchidan, sektorlar faoliyatida aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda sektor aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtirishda sektor rahbarlarining zarur tashkiliy va moliyaviy vakolatlarga ega emasligi sektorlarning toʻliq faoliyat yuritishida hamda muammolarni oʻz vaqtida hal etishda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda;
ikkinchidan, respublika miqyosida sektorlar ishini muvofiqlashtiruvchi va nazorat qiluvchi yagona tizimning mavjud emasligi sektorlar faoliyati boshqaruvida tarqoqlikni yuzaga keltirmoqda hamda hududlarda sektorlar faoliyatiga oid qonun hujjatlari normalarining turlicha talqin qilinishiga olib kelmoqda;
uchinchidan, sektorlarda oʻrganishlar natijalari umumlashtirilmayotganligi, statistik hisobotlarni yuritish amaliyoti oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilmaganligi amalga oshirilgan ishlarni aniq sarhisob qilishga va muammolarni tizimlashtirishga imkoniyat bermayapti;
toʻrtinchidan, sektorlar rahbarlari faoliyatini baholash tartibining murakkabligi, tizimli ravishda ular malakasini oshirish mexanizmining joriy etilmaganligi, sektor aʼzolarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirishning yoʻlga qoʻyilmaganligi ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirish, aholi bilan ochiq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish hamda sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning namunaviy roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning namunaviy roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini oʻrganishning yangi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) ga (A.N.Aripov) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida sektorlarning “tuman (shahar) — viloyat — respublika” tamoyili asosida ularga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish hamda faoliyatini nazorat qilish boʻyicha hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida vertikal boshqaruv tizimini joriy etish;
har chorakda kamida bir marotaba Komissiya yigʻilishida sektorlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tahlil etish, sektorlarda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar samaradorligini baholash, ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash hamda sektorlarning samarali faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qilayotgan byurokratik toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish yuzasidan takliflarni muhokama qilish;
hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganish natijalari boʻyicha respublika darajasida yechiladigan muammolarni hal etishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
sektorlar rahbarlarining faoliyatini hududlarning rivojlanish ahvolidagi real oʻzgarishlardan va boshqa haqqoniy mezonlardan kelib chiqib xolisona baholash;
har bir hududda aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha hududiy va respublika “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish, ularda nazarda tutilgan tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilash;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha manzilli topshiriqlar belgilash hamda ularning ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot va alohida oʻrnak koʻrsatgan sektorlar rahbarlari, davlat organlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Komissiyaning ishchi organini belgilasin.
3. 2019-yil 1-fevraldan quyidagi tartib joriy etilsin:
yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash va sektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan idora va tashkilotlarning har bir sektor boʻyicha masʼul xodimlari (keyingi oʻrinlarda — sektor shtabi aʼzolari) sektor rahbari bilan kelishilgan holda biriktiriladi va almashtiriladi;
sektorlar shtabi faoliyatini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish maqsadida sektor rahbari boshchilik qiladigan idora (tashkilot)dan sektor shtabi kotibi (keyingi oʻrinlarda kotib deb yuritiladi) sifatida alohida xodim biriktiriladi. Bunda kotib asosiy ish joyidan ajralgan hamda lavozim maoshi saqlab qolingan holda faoliyat koʻrsatadi;
kotibga budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan har oyda qoʻshimcha ravishda lavozim maoshining ellik foizigacha miqdorda ustama haq toʻlanadi;
tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlari har haftada kamida bir marotaba, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sektorlari rahbarlari esa har oyda kamida ikki marotaba joylarga chiqqan holda jismoniy shaxslar bilan ularning ijtimoiy masalalari hamda yuridik shaxslarning vakillari bilan tegishli faoliyat sohalari kesimida qabullar oʻtkazadi;
sektor ishida faol qatnashgan sektor shtabi aʼzolari har chorak yakunlari boʻyicha mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan ragʻbatlantiriladi;
sektorlarda aniqlangan muammolarni hal etish uchun sektor rahbarlarining asoslantirilgan soʻrovlariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar)ning qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻlar maqsadli yoʻnaltiriladi.
Bunda sektor rahbarlarining soʻrovlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlarida atroflicha muhokama qilinadi hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat, hududiy, shu jumladan investitsiya dasturlariga kiritilmagan, tegishli hududdagi koʻpchilik aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan dolzarb muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga eʼtibor qaratiladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari doimiy ravishda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan sektorlar faoliyatining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash, sektorlar shtablari faoliyatini tashkil etish, shu jumladan ular uchun ajratilgan binolarni saqlash va boshqa xarajatlarni qoplashni taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi vazifalar yuklatilsin:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi PQ-4653-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2020-y., 07/20/4653/0376-son)
sektorlar faoliyatiga oid maʼlumotlarni jamlash, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotni shakllantirish va yuritish;
sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirishga koʻmaklashish;
sektorlarda amalga oshirilgan ishlarni tizimli tahlil qilish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, bajarilmagan tadbirlarning sabablarini aniqlash hamda “yoʻl xaritalari”ni shakllantirish;
sektorlarda aniqlangan muammolar va ularni hal etish natijalari yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda tumanlar (shaharlar) hokimlariga axborotlarni tayyorlash.
6. 2019-yilning 1-aprelidan quyidagilarni qamrab oluvchi respublika boʻyicha yagona elektron axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — respublika axborot tizimi) joriy etilsin:
uyma-uy yurish, oʻtkazilgan suhbatlar, kelib tushgan murojaatlar natijasida aniqlangan muammolar va ularning hal etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ijtimoiy soha va boshqa obyektlardagi mavjud holatlarni oʻrganish natijasida aniqlangan muammo hamda ularning hal etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sektorlar faoliyati yuzasidan elektron statistik hisobot shakllari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash boʻyicha “yoʻl xaritalari” va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika axborot tizimini ishlab chiqishni hamda “Hudud” axborot tizimiga alohida modul sifatida integratsiya qilishni taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda har chorak yakunlari boʻyicha respublika axborot tizimiga kiritilgan hal etilmagan muammo va takliflarni umumlashtirib, tahlil qilib hamda moliyalashtirish manbalarini aniq koʻrsatgan holda davlat, hududiy, shu jumladan investitsiya dasturlariga kiritish toʻgʻrisida asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti respublika axborot tizimi yuritilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirsin va respublika axborot tizimiga kiritilgan hal etilmagan muammo va takliflarni davlat, hududiy, shu jumladan investitsiya dasturlariga kiritish choralarini koʻrib borsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) sektorlar rahbarlari respublika axborot tizimiga maʼlumotlarning oʻz vaqtida va toʻliq kiritib borilishi uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash tizimini tanqidiy koʻrib chiqib, sektor rahbarlari faoliyatini baholashning soddalashtirilgan tizimini joriy etsin;
yil yakunlariga koʻra faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan sektorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Eng namunali sektor”, “Eng tashabbuskor sektor rahbari”, “Eng faol sektor shtabi aʼzosi” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovini oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Bunda shunday tartib oʻrnatilsinki, har yilning 15-yanvariga qadar Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan har bir tizim boʻyicha:
sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimiga muvofiq, ularning oʻtgan yilda amalga oshirgan ishlari tahlil etilib, umumiy yigʻilishda muhokama qilinadi;
baholash natijasiga koʻra, eng yuqori koʻrsatkichga erishgan 2 nafar sektor rahbari avtotransport vositasi bilan taqdirlanadi, sektorlar faoliyatini namunali tashkil etgan rahbarlar va uning ishida faol qatnashgan boshqa shtab aʼzolari qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanadi;
faoliyati samarasiz deb baholangan sektor rahbarlariga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
13. Belgilansinki, avtotransport vositalari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlash xarajatlari tegishlicha Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan moliyalashtiriladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi rahbar kadrlar zaxirasiga olingan xodimlar uchun malaka oshirish kurslarining taʼlim dasturlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid oʻquv soatlari ajratilishini taʼminlasin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari ikki hafta muddatda sektorlar shtabi tarkibini Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning namunaviy roʻyxatiga muvofiq qayta tasdiqlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3182-son qarori bilan tasdiqlangan Tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlarning ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi U.S. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-yanvar,
PQ-4102-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi PQ-4102-son qaroriga
1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning
NAMUNAVIY ROʻYXATI*
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Idora va tashkilotlarning nomi

1.

Viloyat hokimligi

2.

Viloyat prokuraturasi

3.

Ichki ishlar boshqarmasi

4.

Davlat soliq boshqarmasi

5.

Moliya boshqarmasi

6.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boshqarmasi

7.

Bandlik bosh boshqarmasi

8.

Markaziy bank bosh boshqarmasi

9.

Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi

10.

Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

11.

Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi

12.

Suv xoʻjaligi vazirligining hududiy tuzilmasi

13.

Xalq taʼlimi boshqarmasi

14.

Maktabgacha taʼlim boshqarmasi

15.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi

16.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

17.

Avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi

18.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi

20.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengash

21.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi

22.

Hududiy gaz taʼminoti korxonasi

23.

“Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy masʼuliyati cheklangan jamiyati

24.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi

* Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga sektor rahbarlarining qarori bilan boshqa davlat organlari va tashkilotlarning vakillari ham jalb etilishi mumkin.
Sektor shtabiga davlat organlari va tashkilotlarning masʼul lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xodimlari biriktiriladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi PQ-4102-son qaroriga
2-ILOVA
Tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning
NAMUNAVIY ROʻYXATI*
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Idora va tashkilotlarning nomi

1.

Tuman hokimligi

2.

Tuman prokuraturasi

3.

Ichki ishlar boʻlimi

4.

Davlat soliq inspeksiyasi

5.

Moliya boʻlimi

6.

Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi

7.

Tijorat banklari

8.

Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi

9.

Tibbiyot birlashmasi

10.

Xalq taʼlimi boʻlimi

11.

Maktabgacha taʼlim boʻlimi

12.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi

13.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi

15.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashi

16.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi

17.

Tuman gaz korxonasi

18.

“Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy masʼuliyati cheklangan jamiyatining tuman (shahar) boʻlimi

19.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi

* Izoh: Tumanlar (shaharlar) hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga sektor rahbarlarining qarori bilan boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakillari ham jalb etilishi mumkin.
Sektor shtabiga davlat organlari va tashkilotlarning masʼul lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xodimlari biriktiriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2020-y., 06/20/6074/1322-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi PQ-4102-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ–3182-son qarori bilan tasdiqlangan Tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlarning ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 8-band quyidagi mazmundagi oltinchi — sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan idora va tashkilotlar vakillarini ragʻbatlantirish va ularni javobgarlikka tortish uchun hokimlikka hamda ish beruvchi tashkilotlarga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan takliflar kiritish;
idora va tashkilotlarning sektorlar shtabi aʼzolarini almashtirish toʻgʻrisidagi taklifi yuzasidan munosabat bildirish;
har haftada sektor shtabi aʼzolarining sektordagi hamda ularga bevosita biriktirilgan mahallalardagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitish”.
2. Quyidagi mazmundagi 101 — 105-band bilan toʻldirilsin:
“101. Sektorlarda sektor aʼzolari ishini muvofiqlashtirish hamda umumlashtirish maqsadida sektor shtabi (keyingi oʻrinlarda — shtab) tashkil etiladi.
102. Sektor shtabi tarkibiga oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan namunaviy roʻyxatga asosan idora va tashkilotlarning vakillari (keyingi oʻrinlarda — shtab aʼzolari) kiritiladi.
103. Shtab aʼzolari sektor rahbari qarori bilan mahallalar kesimida sektorning muayyan hududiga bevosita biriktiriladilar.
Shtab aʼzosi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi:
sektorlar vazifa, funksiya va vakolatlarini amalga oshirishni tashkil etadi;
sektorda oʻzlari mansub boʻlgan idora va tashkilot faoliyati yoʻnalishi boʻyicha muammolarni aniqlash va hal etish choralarini koʻradi;
biriktirilgan mahallalarda barcha yoʻnalishdagi muammolarni har chorakda kamida bir marotaba uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni toʻliq oʻrganish va qayd etish orqali aniqlash hamda hal etish choralarini koʻradi;
aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida ularni tumanlar (shaharlar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash boʻyicha “yoʻl xaritalari”ga kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
sektorda tegishli idora va tashkilot faoliyati yoʻnalishi boʻyicha hamda oʻziga bevosita biriktirilgan mahallalardagi ijtimoiy va iqtisodiy holat boʻyicha shaxsan masʼul hisoblanadi.
104. Idora va tashkilotlarning shtab aʼzolarini biriktirish va almashtirish toʻgʻrisidagi taklifi sektor rahbari bilan kelishiladi, ular lavozimidan ozod etilgan, ishdan boʻshatilgan, boshqa ishga oʻtkazilgan yoxud sogʻligʻi holatiga koʻra sektordagi faoliyatini bajara olmaydigan holatlar bundan mustasno.
105. Sektor shtabi faoliyatini doimiy asosda tashkil etish maqsadida jamoatchilik asosida sektor shtabi kotibi (keyingi oʻrinlarda — kotib) doimiy ravishda faoliyat yuritadi.
Kotib zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
sektor faoliyatiga oid maʼlumotlar, sektor tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisobotini shakllantirish va yuritish;
sektorda amalga oshirilgan ishlar hamda qabul qilingan fuqarolar va yuridik shaxslar vakillarining murojaatlarini oʻz vaqtida qayd etib borish;
shtab aʼzolari faoliyatini tashkiliy jihatdan muvofiqlashtirish;
amalga oshirilgan ishlarni tizimli tahlil qilish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, bajarilmagan tadbirlarning sabablarini aniqlash hamda sektor rahbariga axborot berish;
sektorning “yoʻl xaritasi”ga kiritish uchun takliflarni umumlashtirish;
respublika yagona tizimlashtirilgan elektron axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritib boradi;
tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari hamda tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlariga har oyda kamida bir marotaba sektor faoliyatiga oid maʼlumotlar va hisobotlarni taqdim etib boradi.
Kotib faoliyati asosiy ish joyidan ajralgan hamda lavozim maoshi saqlab qolingan holda tashkil etiladi.
Kotib shtabga hokimning qarori asosida biriktiriladi”.
3. 5-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5-bob. Sektor rahbarlari va sektor shtabi aʼzolarining hisobdorligi va faoliyatini baholash”.
4. Quyidagi mazmundagi 18-band bilan toʻldirilsin:
“18. Sektor shtabi aʼzolari har hafta sektordagi hamda oʻzlariga bevosita biriktirilgan mahallalardagi faoliyati yuzasidan sektor rahbariga axborot beradilar”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 07/19/4102/2434-son; 20.02.2019-y., 07/19/4197/2641-son; 27.03.2020-y., 07/20/4653/0376-son, 26.09.2020-y., 06/20/6074/1322-son, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)