Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IQTIDORLI YoShLARNING ChET ELDA TAʼLIM OLIShLARINI QOʻLLAB-QUVVATLASh “UMID” JAMGʻARMASINI TUZIShNING TAShKILIY TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-iyuldagi PF-3272-sonli “Istiqbolli yosh pedagoglarni va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va tajriba orttirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash “Umid” jamgʻarmasini tuzish toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining bir qator vazirliklari, Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan qoʻshma kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlarning jamgʻarmaga moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatish haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash “Umid” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom va uning tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Jamgʻarma Boshqaruvi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi va Davlat test markazi 1 oy muddatda tanlovlarni oʻtkazish va grantlar berish shartlarini ishlab chiqsinlar hamda iqtidorli yoshlar yuboriladigan yetakchi chet el oliy oʻquv yurtlarini aniqlasinlar.
4. Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
chet elda taʼlim olayotgan yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotiga oid zarur axborotlar bilan doimiy ravishda taʼminlab tursinlar;
Jamgʻarmaga chet eldagi yetakchi oʻquv, ilmiy markazlar va taʼlim sohasida ishlovchi xalqaro tashkilotlar bilan ish yuzasidan aloqa oʻrnatishga yordam bersinlar.
5. Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish uchun 10 mln soʻm ajratsin.
6. Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasiga Jamgʻarma faoliyatini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar konvertatsiyasini ustuvor tarzda taʼminlash vazifasi yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Jamgʻarma uchun milliy va xorijiy valyuta hisob raqamlarini ochsin;
Jamgʻarmani Toshkent shahar, Turob Toʻla koʻchasi, 1-uyga joylashtirsin va zarur aloqa vositalari, kompyuter texnikasi, transport, ofis jihozlari bilan taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari Jamgʻarma faoliyatini doimiy ravishda yoritib borsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Alimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 13-yanvar,
22-son
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 13-yanvardagi 22-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash “Umid” jamgʻarmasi
NIZOMI
I. UMUMIY KOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarni chet elda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash “Umid” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deyiladi) iqtidorli va isteʼdodli yoshlarning jahon andozalari talablari darajasidagi ilgʻor bilimlar asosida tahsil olishlariga, barkamol inson va yuksak maʼnaviyatli, yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishishlariga moddiy va maʼnaviy homiylik qilish, isteʼdodli yoshlarni tanlov asosida chet el oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga yuborish, qobiliyatli yoshlarning nufuzli xalqaro olimpiadalar va tanlovlarda ishtirok etishlarini taʼminlash va ragʻbatlantirish maqsadida tuzilgan davlatga qarashli xayriya jamgʻarmasi hisoblanadi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz nomi yozilgan muhrga, shtamplarga, blanklarga va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boshqa rekvizitlarga ega boʻladi hamda banklarda oʻz hisob raqamini ochadi.
4. Jamgʻarma homiylarining ixtiyoriy badallari hisobidan taʼminlanadi va oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
5. Jamgʻarmaning manzili — Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahar, Turob Toʻla koʻchasi, 1-uy.
II. JAMGʻARMANING MAQSADI VA VAZIFALARI
Jamgʻarma faoliyatining maqsadi va vazifalari quyidagilardan iboratdir:
Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun iqtidorli yigit-qizlarni tanlov asosida chet el oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga yuborish;
yetakchi chet el oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlari, taʼlim va faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar, jamgʻarmalar bilan oʻzaro hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish;
iqtidorli yoshlarning jahon andozalari talablari darajasidagi ilgʻor bilimlar asosida tahsil olishlariga, barkamol inson va yuksak maʼnaviyatli, yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishishlariga moddiy va maʼnaviy homiylik qilish;
isteʼdodli yoshlarni tanlab olish, saralash va oʻqitish boʻyicha reja va dasturlar ishlab chiqish hamda uni taʼlim tizimiga joriy etish;
qobiliyatli yoshlarning nufuzli xalqaro olimpiadalar va tanlovlarda ishtirok etishlarini taʼminlash va ularni ragʻbatlantirish;
oʻziga xos taraqqiyot yoʻliga kirgan mamlakatimizning yosh avlodlari orasida yetilib kelayotgan yuksak isteʼdod va tafakkur sohiblarining ijodiy va aql-zakovat salohiyatlarini yanada kengaytirish va kuchaytirish, ularning noyob qobiliyatlarini ona-yurtni ulugʻlashga, Vatan istiqboliga yoʻnaltirish;
isteʼdodli va iqtidorli yoshlarning oʻz qobiliyatlari va imkoniyatlarini toʻla namoyon qila olishlari uchun davlat, jamoat tashkilotlari, barcha turdagi mulk egalari bilan birgalikda zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash;
iqtidorli yoshlarni Vatan uchun fidokorona mehnat qiladigan, istiqlol gʻoyalariga sadoqatli, oʻzbek xalqi nufuzini yanada yuqori koʻtaradigan umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash, Vatan va xalq oldidagi oʻz burch va vazifalarini toʻla-toʻkis bajarishga qaratilgan dasturiy tadbirlarda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti, madaniyati va maʼnaviyatini xorijiy mamlakatlar yoshlari oʻrtasida tashviq va targʻib qilish, rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi tajribasini oʻrganish.
Jamgʻarma iqtidorli yoshlarning chet ellarda taʼlim olishlariga oid dasturlar, loyihalar tuzadi, ularni shu maqsadda ajratilgan mablagʻlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantlari yordamida amalga oshiradi.
III. JAMGʻARMANING HUQUQLARI
Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlarida belgilangan quyidagi huquqlarga egadir:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida va xorijiy mamlakatlarda oʻz nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻz vakolati doirasida shartnomalar va boshqa yuridik hujjatlar tuzish;
2. Respublika hududida va uning tashqarisida koʻrgazmalar, turli festivallar, koʻrik-tanlovlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar majmuini tayyorlash va oʻtkazish;
3. Respublikada tashkil etiladigan turli jamoat tashkilotlarining muassisi va hammuassisi boʻlish;
4. Mavjud qonunchilik doirasida Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarining adabiyot, sanʼat va ilmiy asarlarini mamlakatimizda va chet ellarda nashr etish imkoniyatlaridan foydalanish.
5. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan belgilangan boshqa har qanday qonuniy huquqlarga egadir.
IV. JAMGʻARMANING BOShQARUV ORGANI
1. Jamgʻarmaning rahbar organi Boshqaruv boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi.
2. Boshqaruv Jamgʻarmaning hayʼat organi boʻlib, uning tarkibi va raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Boshqaruvni yigʻilishlarning oʻtkazilishini va ishlarning tashkil etilishini taʼminlovchi Rais boshqaradi.
Boshqaruv yigʻilishlari zaruriyatga koʻra (kamida 6 oyda bir marta) oʻtkaziladi.
Boshqaruvning qarorlari Rais imzolagan buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Boshqaruvning huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan Jamgʻarma faoliyati yoʻnalishini amalga oshirish;
Jamgʻarma budjeti va grantlarining har yillik soni boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun taqdim qilish;
tanlov asosida Jamgʻarma grantlariga mos nomzodlarni tanlashni tashkil qilish va uning natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun taqdim qilish;
Jamgʻarma faoliyatining har yillik rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma direksiyasi faoliyatini nazorat qilish va umumiy rahbarlikni amalga oshirish;
Jamgʻarma homiylari bilan aloqalar oʻrnatish va hamkorlik qilish, moliyaviy mablagʻlarni qidirish va jalb qilish;
Jamgʻarmaning yillik hisobotlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma xarajatlari roʻyxatini tasdiqlash;
Jamgʻarma shtatidagi xodimlarni mukofotlash miqdorini aniqlash;
Jamgʻarma faoliyatining boshqa masalalarini koʻrib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan rais oʻrinbosari — ijrochi direktor Jamgʻarmaning joriy faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarni amalga oshirishga rahbarlik qiladi.
Rais oʻrinbosari — ijrochi direktor huquqi doirasiga quyidagilar kiradi:
Jamgʻarma faoliyatining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan yoʻnalishlarini amalga oshirish;
Boshqaruvning qarorlarini bajarish;
iqtidorli yoshlarni izlash ishlarini tashkil etish shakllari va tartibini aniqlash;
respublika mintaqalari boʻyicha chet ellarda taʼlim olish uchun munosib nomzodlarni aniqlashni taʼminlovchi tanlovlarni umumlashtirish va tashkil qilish;
Jamgʻarma vazifalarini amalga oshirish uchun yetakchi mutaxassislar jalb qilingan ishchi guruhlarini tuzish;
taʼlim vaqtida va u tugagandan soʻng talabalar bilan doimiy aloqalarni taʼminlash;
zarurat boʻlganda taʼlim oluvchilarni muddatidan oldin chaqirib olish yuzasidan takliflarni koʻrib chiqish uchun Boshqaruvga taqdim qilish;
bitiruvchilarni ishga yoʻllash boʻyicha tavsiyalarni koʻrib chiqish uchun Boshqaruvga taqdim qilish;
bitiruvchilarning xizmat va ijtimoiy faoliyatlariga doir monitoringni amalga oshirish.
4. Rais oʻrinbosari — ijrochi direktor Jamgʻarma nomidan faoliyat koʻrsatadi, shu jumladan, uning xoʻjalik ishlarini amalga oshiradi, Jamgʻarma nomidan bitimlar tuzadi, shtatlarni tasdiqlaydi, Jamgʻarma xodimlari bajarishlari shart boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi.
V. TAʼLIM ShAKLLARI VA MUDDATI
1. Jamgʻarma yoʻllanmasi boʻyicha taʼlim quyidagi shaklda amalga oshiriladi:
bakalavrlik (4 yilgacha);
magistratura (2 yilgacha);
tajriba orttirish (1 yilgacha).
VІ. JAMGʻARMANING MOL-MULKI VA MOLIYAVIY MABLAGʻLARI
1. Jamgʻarmaning mol-mulki asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va shu kabilardan, aylanma mablagʻlardan, shuningdek, mablagʻ bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobiga sotib olingan moliyaviy resurslar va boshqa moddiy boyliklardan iborat boʻladi.
Jamgʻarma mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
2. Jamgʻarma mablagʻlari:
Jamgʻarmaning Nizomdagi faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan budjet ajratmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga shakllanadi.
3. Jamgʻarma xayriya, homiylik va xolisona tushumlar hisobiga sotib olgan mol-mulklar Jamgʻarmaning oʻz mulki hisoblanadi.
4. Jamgʻarma asosiy fondlarni va aylanma mablagʻlarni, boshqa moddiy boyliklarni yuridik shaxslarga ijaraga berish va sotish, shuningdek ularni qonunda belgilangan tartibda balansdan chiqarish huquqiga egadir.
5. Jamgʻarma oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga biriktirilgan, amaldagi qonunchilikka muvofiq toʻlov undirib olinishi mumkin boʻlgan mol-mulk bilan javob beradi.
VII. HISOBGA OLISh VA HISOBOT
Jamgʻarma oʻz faoliyati natijalarini amaldagi qonun va qoidalarga binoan tezkorlik bilan tahlil qiladi va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, hisobot maʼlumotlari va balans hisob-kitoblarining ishonchliligini taʼminlaydi.
VIII. JAMGʻARMA FAOLIYATINI TOʻXTATISh VA QAYTA TAShKIL ETISh
Jamgʻarma faoliyatini toʻxtatish yoki qayta tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 13-yanvardagi 22-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash “Umid” jamgʻarmasi
TUZILMASI
№‎

Lavozimlar ‎

Soni ‎
1.‎ Rais oʻrinbosari — ijrochi direktor ‎ 1‎
2.‎ Bosh mutaxassis ‎ 1‎
3.‎ Katta inspektor — ish yurituvchi ‎ 1‎
4.‎ Buxgalter ‎ 1‎
5.‎ Inspektor ‎ 1‎
Jami: ‎ 5‎