Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.09.2020
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
XORIJIY FUQAROLARNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA BOʻLIShLARINI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq va xorijiy fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash zarurligini eʼtiborga olib, shuningdek, tegishli qonun hujjatlari qabul qilinguniga qadar xorijiy fuqarolarning respublika hududida kirish-chiqishi, yashashi va bir joydan ikkinchi joyga borishini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekistonga kirishi Oʻzbekiston Respublikasi yoki Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlarining diplomatik va konsullik vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda beriladigan viza hujjatlari asosida, agar xalqaro bitimlarda boshqa xili nazarda tutilmagan boʻlsa, amalga oshiriladi.
2. Diplomatik yoki xizmat pasportlari boʻlgan xorijiy fuqarolar, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari hududida doimiy yashovchilar, shu jumladan, mazkur davlatlarning tegishli idoralarida akkreditatsiya qilinganlar singari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiradilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keluvchi xorijiy fuqarolar belgilangan tartibda ichki ishlar organlarida, shuningdek, qabul qiluvchi tashkilotlar va muassasalarda roʻyxatdan oʻtishlari kerak. Chet el diplomatik va konsullik muassasalarining xodimlari, ularning oila aʼzolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilingan xorijiy fuqarolarning boshqa kategoriyalari bundan mustasnodir.
Roʻyxatga olinish tartibini buzganlik, haqiqiy boʻlmagan hujjatlar boʻyicha yashash, belgilangan muddat tugagandan keyin chiqib ketishdan bosh tortganlarga nisbatan respublikadan chiqarib yuborishgacha boʻlgan taʼsir chorasi qoʻllanilishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Vizalar va Roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi huzurida xorijiy fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish xizmati tuzilsin hamda uning boshqa xorijiy davlatlar va Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan aloqasi boʻlgan aeroportlarda va temir yoʻllarda ishlashi ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi, Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi chetdan keluvchi xorijiy fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish joylarining bir maromda ishlashi uchun jihozlangan binolar ajratsinlar va zarur sharoit yaratsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati bir oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining “Kirish-chiqish haqida”, “Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasidagi huquqiy mavqeyi haqida”gi qonunlari loyihasini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi qoidalari haqida” va “Xorijiy vakillarni Oʻzbekiston Respublikasi idoralari va tashkilotlari huzurida akkreditatsiya qilish tartibi haqida”gi qarorlari loyihalarini tayyorlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzshartnomasavdo” Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Vizalar va Roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi huzurida xorijiy fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish xizmatini saqlashga qoʻshimcha mablagʻlar ajratsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 17-mart,
134-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil
17-martdagi 134-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Vizalar va Roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimining xorijiy fuqarolarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish xizmatining
TUZILIShI VA ShTAT SONI
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Vizalar va Roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimining xorijiy fuqarolarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimi — 10 kishi
“Toshkent” aeroportida xorijiy fuqarolarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻlinmasi — 12 kishi
Shimoliy temiryoʻl vokzalida xorijiy fuqarolarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻlinmasi — 10 kishi
Jami: katta va oʻrta boshliqlar tarkibidagi ofitsyerlar — 32 kishi