Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar fuqarolarning zamonaviy tibbiy xizmatlarga, dori-darmonlar bilan taʼminlanishga boʻlgan imkoniyatlarini kengaytirdi, shuningdek, koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligi yaxshilanishiga olib keldi.
Oʻtkir va murakkab kasalliklarni davolashda xalq tabobati muhim ahamiyat kasb etadi, tabiblarning xizmatlariga aholining turli qatlamlarida katta ehtiyoj sezilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu sohadagi vaziyatning tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, xalq tabobati yoʻnalishida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarda nazoratning yetarli darajada emasligi, shuningdek, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot tizimida tutgan maqomi va roli xususida qator savollar yuzaga kelmoqda, xususan:
birinchidan, xalq tabobati xizmatlari koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy baza yaratilmagan, tabiblarning huquq va majburiyatlari aniqlanmagan, xalq tabobati usullari bilan davolovchi shaxslar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati va xavfsizligi ustidan davlat nazorati amalga oshirilmayapti;
ikkinchidan, xalq tabobati usullari bilan tibbiy yordam koʻrsatuvchilarning mijozlar sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun masʼuliyati belgilanmagan, shuningdek, xalq tabobati vakillarining huquqlarini asossiz aralashuvlardan himoya qilish kafolatlanmagan;
uchinchidan, kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashda zamonaviy tibbiyot bilan xalq tabobati oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va integratsiyani boshqarishning tartib va mexanizmlari mavjud emas;
toʻrtinchidan, xalq tabobati vakillari, ularning tajriba va ish natijalari, ular koʻrsatadigan xizmat turlari haqida va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi xalq tabobati boʻyicha tizimlashtirilgan yagona maʼlumotlar bazasi mavjud emas.
Xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, toʻplangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar belgilansin:
xalq tabobati aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha usuli sifatida eʼtirof etiladi;
xalq tabobati usulida xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda (tibbiy taʼlim maʼlumoti mavjudligi talabi bundan mustasno) amalga oshiriladi;
xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi shaxslar oʻz faoliyatining natijalari boʻyicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadilar;
tibbiy xizmat koʻrsatishga nisbatan qoʻyilgan talablar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan shaxslarga ham tatbiq etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan talablarni, shuningdek, xizmat koʻrsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ hisoblanadi.
2. Xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar eʼtirof etilsin:
xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash;
xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, koʻrsatadigan xizmat turlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga tibbiy xizmatdan foydalanishda ongli ravishda tanlash imkoniyatini yaratish uchun xalq tabobatining koʻp yillik koʻnikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish;
xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sogʻlomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish.
3. Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishning ustuvor chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov — ushbu Dasturda nazarda tutilgan barcha tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini tartibga solish va yanada rivojlantirish boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov — ushbu qaror asosida vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarning samarali va lozim darajada bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha shaxsan javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining:
respublika tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiyot-pedagogika ishi” bakalavriat yoʻnalishlaridagi oʻquv dasturlariga xalq tabobati boʻyicha maxsus oʻquv siklini joriy etish;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kursini tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiya tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir hafta muddatda Maxsus komissiya tarkibini shakllantirsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi zimmasiga xalq tabobatini rivojlantirish va xalq tabobati usullaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatish faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini taʼminlash doirasida:
xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv jarayonini tashkillashtirish, shuningdek, oʻzbek xalq tabobatining boy tarixiy anʼanalari va noyob merosini oʻrganish, xalq tabobati yoʻnalishlarini tizimlashtirishda tashkiliy va uslubiy yordam boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;
boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini ifodalovchi taniqli tashkilotlari bilan har tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish vazifalari yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) 2018-yil 15-noyabrga qadar:
davlat taʼlim standartlarining talablari asosida xalq tabobati boʻyicha oʻquv dasturini;
xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishga moʻljallangan binolarning sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlarini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin;
b) 2018-yil 1-dekabrga qadar:
xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishda ishlatiladigan asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, shu jumladan tibbiy texnikaga nisbatan minimal talablarni;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat koʻrsatish tartibi va hajmlari toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018-yil oxiriga qadar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribalari, xizmat koʻrsatish turlari, aloqa va boshqa maʼlumotlarni qamrab olgan yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishni, ommabop foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining veb-saytiga joylashtirishni, shuningdek, ushbu turdagi tashkilotlar faoliyatini litsenziyalash amalga oshirilishi bilan bazani doimiy ravishda yangilanib borishni taʼminlasin;
g) “xalq tabobati” yoʻnalishini tibbiy faoliyat amalga oshiriladigan tibbiy ixtisosliklar turlari nomenklaturasiga kiritsin;
d) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini yoritish boʻyicha muntazam chiqishlar hamda mavzuli koʻrsatuv va eshittirishlarni tashkillashtirsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-oktabr,
PQ-3968-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-oktabrdagi PQ-3968-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishning ustuvor chora-tadbirlari
dasturi

T/r

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

I. Normativ bazani takomillashtirish

1.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2014 — 2023-yillarda xalq tabobati sohasi strategiyasida nazarda tutilgan, ushbu tashkilotning tavsiyalari asosida, shuningdek, ushbu yoʻnalishda rivojlangan davlatlar (Xitoy, Koreya, AQSH, Rossiya va boshqalar) tajribasi asosida tayyorlangan va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, jumladan:

mahalliy sogʻliqni saqlash tizimida xalq tabobatining rolini oshirish;

xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda xizmat koʻrsatuvchi xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;

sogʻliqni saqlash tizimining ambulator va statsionar muassasalarida xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan kasalliklarni davolash boʻyicha maxsus boʻlimlar tashkil etish;

xalq tabobati dori vositalarini sotish bilan shugʻullanuvchi dorixonalar tizimini tashkil etish (rivojlantirish), xalq tabobati sohasida kadrlar tayyorlash;

xalq tabobatini yanada ommalashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun sharoit yaratish;

xalq tabobatidan keng foydalaniladigan xorijiy mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilish.

Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan kompleks chora-tadbirlar

2019-yil
1-fevralgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palata (R. Izamov),

TIV (A. Kamilov), manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun nazarda tutilgan tartibda xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan koʻrsatiladigan xizmat faoliyatini litsenziyalash munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-iyundagi 405-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tibbiy faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.

Vazirlar Mahkamasi

qarori

2018-yil

1-dekabrgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (R. Izamov),

Adliya vazirligi (R. Davletov)

3.

Xalq tabobati vositalarini reklama qilish, shuningdek, xalq tabobati usullarini qoʻllash boʻyicha faoliyatni huquqiy tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Prezident Administratsiyasiga tahliliy maʼlumotnoma kiritish.

Aniq takliflar bilan tahliliy maʼlumotnoma

2018-yil

1-dekabrgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Davlat raqobat qoʻmitasi (N. Sharipov)

4.

Xalq tabobati usullarini qoʻllagan holda amalga oshiriladigan xizmatlar koʻrsatuvchi shaxslarning faoliyatiga baho berish mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Idoraviy hujjat

2018-yil

1-dekabrgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (R. Izamov)

5.

Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasi tartibga solinishi munosabati bilan xizmatchilarning asosiy lavozimlari va kasblar Klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.

Idoraviy
meʼyoriy-huquqiy hujjat

2018-yil

1-noyabrgacha

Mehnat vazirligi (Sh. Kudbiyev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov)

II. Xalq tabobatini rivojlantirish va ommalashtirishning tashkiliy choralari

6.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va boshqa idoralar, shu jumladan tibbiyot muassasalari xodimlarini Xitoy, Koreya, Yaponiya davlatlariga xalq tabobatini rivojlantirish va ragʻbatlantirish, kadrlar tayyorlash hamda dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha tajribasini chuqur oʻrganish uchun tanishtiruv safarini tashkil etish masalasini ishlab chiqish.

Safar xarajatlari Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi mablagʻlari, grantlar va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Tashkiliy-amaliy
chora-tadbirlar

2018-yil oxirigacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (R. Izamov),

Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov)

7.

Toshkent shahrida chet el ekspertlari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini huquqiy tartibga solish va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish.

Tashkiliy-amaliy
chora-tadbirlar

2019-yil 1-fevralgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov), Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (R. Izamov), Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov), manfaatdor vazirlik va idoralar

8.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlanlirish borasida Xalq tabobati faoliyatini tartibga solish boʻyicha malakali tabiblar, professional shifokorlar, xalq tabobati sohasida izlanishlar bilan shugʻullanuvchi shaxslar, huquqshunoslar va boshqa kasb egalaridan iborat boʻlgan Kengashni tashkil etish.

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2018-yil

20-oktabrgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Oliy va oʻrta maxsus taʼlimvazirligi (I. Madjidov),
DBA (R. Kasimov)

9.

Xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan xizmat koʻrsatuvchilarning xizmatlarini ilgari surish, ular manfaatini himoya qilish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti sifatida Oʻzbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi (jamiyati)ni tashkil etish masalasini muhokama qilish.

Tashkiliy amaliy
chora-tadbirlar

2018-yil

15-noyabrgacha

OʻzNNTMA (I. Nasriyev),

Adliya vazirligi (R. Davletov),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palata (R. Izamov)

10.

Xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan kasalliklarni davolash uchun tavsiya qilinadigan (ishlatiladigan), aniq nomdagi oʻsimliklar, ularni parvarish qilish va oʻstirish joyi, oʻsimliklardan foydalanish va boshqa zarur maʼlumotlarni oʻzida jamlagan milliy oʻsimlik turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini yaratish.

Tashkiliy-amaliy
chora-tadbirlar

I bosqich — 2019-yil

1-yanvargacha

II bosqich — 2019-yil 1-maygacha

III bosqich — 2019-yil 1-oktabrgacha

Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov)

11.

Xalq tabobati usullarini qoʻllash bilan kasalliklarni davolash uchun tavsiya qilinadigan tabiiy va oʻsimlik dorivor vositalari, xalq tabobati vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini yaratish, shuningdek, uni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining veb-saytida joylashtirish.

Tashkiliy-texnik
chora-tadbirlar

2019-yil 1-martgacha

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),

Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev)

12.

Xalq tabobati usullarini qoʻllash orqali kasalliklarni davolash va uning targʻiboti boʻyicha Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimi markaziy telekanallarida doimiy asosda tok-shou (koʻrsatuvlar) oʻtkazishni tashkil etish.

Tashkiliy-texnik
chora-tadbirlar

muntazam

MTRK (A. Xadjayev),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov)

13.

Oʻzbek xalq tabobatining noyob merosi va boy tarixiy anʼanalarini oʻrganishni aks ettiruvchi elektron ilmiy izlanishlar roʻyxatini shakllantirish, shuningdek, ushbu roʻyxatni izlanishlar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etish.

Tashkiliy-texnik
chora-tadbirlar

2018-yil
15-noyabrgacha

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

OAK (A. Yusupov),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov)

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2018-y., 07/18/3968/2042-son)