Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.03.2016
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va bu borada yagona davlat siyosatini yuritish, yo‘l harakati qoidalarini xalqaro “Yo‘l harakati haqidagi” Konvensiya talablariga muvofiqlashtirish maqsadida hamda “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yo‘l harakati qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2001-yil 1-martdan e’tiboran amalga kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu Qoidalar talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlasinlar.
3. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar va boshqa tashkilot va muassasalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Yo‘l harakati qoidalari amalga kiritilishi munosabati bilan yo‘l harakatining tashkil etilishini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda maktabgacha bolalar muassasalari tarbiyalanuvchilariga, maktab o‘quvchilariga Yo‘l harakati qoidalarini o‘qitish dasturini uch oy muddatda qayta ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston avtomobil transporti davlat-aksionerlik korporatsiyasi, Toshkent avtomobil va yo‘llar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Mudofaaga yordam beruvchi “Vatanparvar” tashkilotining Markaziy kengashi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda haydovchilarni tayyorlash, va ularning malakasini oshirish o‘quv dasturlarining ushbu Qoidalar asosida qayta ishlab chiqilishini ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “O‘zteleradio” kompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari ushbu Qoidalarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish ishlarini amalga oshirsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Yo‘l harakati qoidalarini nashr etilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O‘.T. Komilov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 11-dekabr,
472-son
Vazirlar Mahkamasining
2000-yil 11-dekabrdagi
472-son qaroriga
ILOVA
YO‘L HARAKATI QOIDALARI
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu Yo‘l harakati qoidalari (keyingi o‘rinlarda “Qoidalar” deb ataladi) respublika hududidagi yo‘llarda harakatlanishning yagona tartibini belgilaydi.
1.2. O‘zbekiston Respublikasi yo‘llarida transport vositalarining o‘ng taraflama harakatlanish tartibi belgilangan.
1.3. Yo‘l harakati qatnashchilari “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, ushbu Qoidalarni va unda keltirilgan svetofor ishoralari, yo‘l belgilari (1-ilova), qatnov qismidagi chiziqlar (2-ilova)ning o‘zlariga tegishli bo‘lgan talablarini bilishlari, ularga amal qilishlari, shuningdek, o‘zlariga berilgan huquq doirasida yo‘llarda harakatni boshqarayotgan tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishlari shart.
1.4. Yo‘l harakati qatnashchilari harakatlanish vaqtida boshqa qatnashchilarning harakatlanishiga xavf tug‘dirmasliklari kerak. Vakolati bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yo‘l qoplamasini buzish yoki ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish taqiqlanadi.
Harakatga to‘sqinlik tug‘dirgan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni ko‘rishi, agarda buning iloji bo‘lmasa, o‘zida bo‘lgan barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida harakat qatnashchilarini ogohlantirishi va militsiyaga xabar berishi shart.
1.5. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga binoan javobgarlikka tortiladilar.
2. QOIDALARDA QO‘LLANILGAN ASOSIY TUShUNChA VA ATAMALAR
Avtomagistral5.1 belgi bilan belgilangan yo‘l.
Ajratuvchi bo‘lak — yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, relssiz transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan alohida qismi.
Ajratuvchi bo‘lak yotiq chiziq, yo‘l sathidan baland qurilma, ko‘kalamzorlashtirilgan joylar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Arava — ot (yoki boshqa hayvonlar)ga qo‘shib tortiladigan, yoki odam mushak kuchi bilan tortib (itarib) harakatga keltiriladigani yurgizgichsiz (dvigatelsiz), yuk tashishga mo‘ljallangan qurilma.
Asosiy yo‘l — tuproqli yo‘lga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt va sement betonli, tosh yotqizilgan va shunga o‘xshashlar), kesishayotgan yoki tutashgan yo‘lga nisbatan 2.1, 2.3.1—2.3.3 yoki 5.1 belgilari bilan belgilangan yo‘l yoxud yondosh hududdan chiqadigan yo‘lga nisbatan har qanday yo‘l. Ikkinchi darajali yo‘lning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali bo‘lishi uni asosiy yo‘l bilan teng huquqli qilmaydi.
Aholi yashaydigan joy — kirish va chiqish yo‘llari 5.22—5.25 belgilari bilan belgilangan hudud.
Belgilangan yo‘nalishli transport vositasi — belgilangan yo‘nalishi va bekatlari bo‘lgan, yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan umumiy foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, avtobus, tramvay, yo‘nalishli taksi).
Velosiped — odam kuchi bilan harakatlantiriladigan ikki yoki undan ortiq g‘ildirakli transport vositasi (nogironlar aravachasidan tashqari).
Etarli ko‘rinmaslik — yomg‘ir, qor yog‘ishi, tuman tushishi va shunga o‘xshash sharoitlarda, shuningdek, kunning g‘ira-shira vaqtida yo‘lning ko‘rinishi 300 metrdan kam bo‘lishi.
Yondosh hudud — bevosita yo‘lga tutashgan va transport vositalari o‘tib ketishi uchun mo‘ljallanmagan hudud (hovlilar, turar joy dahalari, avtomobil to‘xtab turish joylari, yonilg‘i quyish tarmoqlari, korxona va shunga o‘xshashlar).
Imtiyoz — mo‘ljallangan yo‘nalishda boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi.
Yo‘l — transport vositalari qatnovi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan va xuddi shu maqsadda foydalaniladigan yer mintaqasi yoxud sun’iy inshoot yuzasi. Yo‘l o‘z ichiga avtomobil yo‘llarini (umumiy foydalanishdagi va idoraviy avtomobil yo‘llarini), shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi yashash joylarining ko‘chalari va yo‘lkalarini, shuningdek, shahar elektr transporti yo‘llarini oladi.
Yo‘l bering — yo‘l harakati qatnashchisiga nisbatan imtiyozi bo‘lgan boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining harakat yo‘nalishini yoki tezligini o‘zgartirishga majbur etishi mumkin bo‘lgan hollarda harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biron-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab.
Yo‘lovchi — transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs.
Yo‘l–transport hodisasi — transport vositasining yo‘ldagi qatnovi jarayonida sodir bo‘lib, odamlarning o‘limi yoki ularning sog‘ligiga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlanishiga yoki boshqa tarzda moddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan hodisa.
Yo‘l harakati — odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yo‘llar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui.
Yo‘l harakatini tashkil etish — yo‘llarda harakatni boshqarish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy–texnikaviy tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui.
Yo‘l harakati xavfsizligi — yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l–transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yo‘l harakati holati.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash — yo‘l–transport hodisalarining yuzaga kelish sabablari oldini olishga, bunday hodisalar oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan faoliyat.
Yo‘l harakati qatnashchisi — yo‘l harakati jarayonida transport vositasi haydovchisi, yo‘lovchisi yoki piyoda tariqasida bevosita ishtirok etayotgan shaxs.
Majburiy to‘xtash — texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi, yo‘lovchining holati, yo‘ldagi biror to‘siq tufayli xavf tug‘ilganda yoki ob–havo sharoitiga bog‘liq holda transport vositasi harakatlanishining to‘xtatilishi.
Mexanik transport vositasi — yurgizgich (dvigatel) bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi (mopeddan tashqari). Bu atama barcha traktor va o‘ziyurar moslamalarga ham taalluqlidir.
Moped — ish hajmi 50 santimetr kubgacha bo‘lgan va yurgizgich (dvigatel) bilan harakatga keltiriladigan, eng yuqori tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch g‘ildirakli transport vositasi.
Osma yurgizgichli velosipedlar va yuqoridagi ta’rifga ega bo‘lgan boshqa transport vositalari ham mopedlarga tenglashtiriladi.
Mototsikl — kajavali yoki kajavasiz ikki g‘ildirakli mexanik transport vositasi.
Yuklanmagan holatdagi vazni 400 kilogrammdan oshmaydigan uch g‘ildirakli mexanik transport vositalari ham mototsikllarga tenglashtiriladi.
Ogohlantiruvchi ishoralar — falokatli holatlarning oldini olish maqsadida, harakatlanish yo‘nalishini o‘zgartirishda qo‘llaniladigan ishoralar.
Piyoda — yo‘lda transport vositasidan tashqarida bo‘lgan va ish bilan band bo‘lmagan shaxs.
Velosiped, moped, mototsikl va chana yetaklagan, aravacha, bolalar hamda nogironlar aravachasini tortib ketayotgan, nogironlarning yurgizgichsiz aravasida harakatlanayotgan shaxslar ham piyoda hisoblanadilar.
Piyodalar o‘tish joyi — yo‘lning qatnov qismini piyodalar kesib o‘tishi uchun mo‘ljallangan, 5.16.1, 5.16.2 belgilari va 1.14.1 —1.14.3 chiziqlari bilan ajratilgan qismi.
Chiziqlar bo‘lmasa piyodalar o‘tish joyining kengligi 5.16.1 va 5.16.2 belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi.
Piyodalar yo‘lkasi — yo‘lning piyodalar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan va transport vositalari harakati taqiqlangan qismi.
Piyodalarning tashkiliy jamlanmasi — qoidalarning 5.2 bandi talablariga muvofiq yo‘lda bir yo‘nalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi.
Reversiv harakat — yo‘l qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35 — 5.37 yo‘l belgilari, 1.9 chiziqlar bilan belgilangan yoki ustida reversiv svetofor o‘rnatilgan bo‘lagida harakat yo‘nalishining qarama–qarshi tomonga o‘zgarishi.
Ruxsat etilgan to‘la vazn — aslahalangan transport vositasining yuki, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birga, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan belgilangan eng yuqori vazni (miqdori).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va h.k.) transport vositalarining ruxsat etilgan to‘la vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan to‘la vaznlari yig‘indisi kiradi.
Tartibga soluvchi — tegishli guvohnomasi va belgisi (maxsus kiyimi yoki taniqlik belgilari: qo‘l bog‘ichi, jezl, qizil ishorali yorug‘lik qaytargich yoki yorug‘lik qaytargichsiz gardish, qizil chiroq yoki bayroqcha) bo‘lgan militsiya, harbiy avtonazorat xodimi, yo‘ldan foydalanish idoralarining xizmatchisi, temir yo‘l kesishmasi, sol kechuvlari (parom) navbatchisi, jamoatchi avtonazoratchi va militsiyaning shtatdan tashqari xodimi.
Temir yo‘l kesishmasi — yo‘lning temir yo‘l bilan bir sathda kesishgan joyi.
Transport vositasi — odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo‘ljallangan qurilma.
Transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqlarda egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi — bevosita bir–birining ketidan bitta harakatlanish bo‘lagida faralarini doimiy yoqib kelayotgan, oldida yalt–yalt etuvchi ko‘k rangli yoki ko‘k va qizil rangli chiroq mayoqchasi yoqilgan transport vositasi kuzatib borayotgan uch va undan ortiq mexanik transport vositalari guruhi.
Trotuar — yo‘lning qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qismi.
Tirkama — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga mo‘ljallangan, yurgizgich bilan jihozlanmagan transport vositasi.
Bu atama yarim tirkama va uzaytiriladigan tirkamalarga ham taalluqlidir.
To‘xtash — transport vositasining harakatini 10 daqiqadan kam vaqtga to‘xtatish (harakatsiz holatga keltirish).
To‘xtab turish — transport vositasining, unga yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda harakatini 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga atayin to‘xtatish.
Qorong‘i vaqt — kechki g‘ira–shiraning oxiridan tonggi g‘ira–shiraning boshlanishi orasidagi vaqt.
Qatnov qismi — yo‘lning relssiz transport vositalari harakati uchun mo‘ljallangan qismi.
Quvib o‘tish — egallagan harakatlanish bo‘lagidan chiqib oldinda ketayotgan transport vositasidan o‘zib ketish.
Chorraha — yo‘llarning o‘zaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi.
Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari oxiridagi qarama–qarshi tomonlarning eng uzoqroqdagi burila boshlagan joylarini tutashtiruvchi xayoliy chiziqlar bilan aniqlanadi.
Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi.
Yo‘l harakati svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari orqali boshqarilayotgan chorraha tartibga solingan chorraha deb hisoblanadi.
Miltillovchi sariq ishorada, svetoforlar ishlamayotgan yoki tartibga soluvchi bo‘lmagan chorraha tartibga solinmagan chorraha deb hisoblanadi.
Haydovchi — yo‘llarda biron–bir transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs.
Boshqarishni o‘rgatuvchi, miniladigan hayvonlarda ketayotgan yoki ularni yetaklab borayotgan, chorva mollari (poda)ni haydab borayotgan shaxslar ham haydovchiga tenglashtiriladi.
Harakatlanish bo‘lagi — avtomobillarning bir qator bo‘lib harakatlanishi uchun kengligi yetarlicha bo‘lgan, yo‘l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo‘l qatnov qismining har qanday bo‘ylama bo‘lagi.
3. HAYDOVChILARNING UMUMIY MAJBURIYATLARI
3.1. Mexanik transport vositasining haydovchisi:
haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yoki transport vositasini vaqtinchalik boshqarish huquqini beruvchi talonni, haydovchilik guvohnomasi belgilangan tartibda olib qo‘yilgan bo‘lsa, uning talonini, haydovchilik guvohnomasi va uning taloni olib qo‘yilgan hollarda vaqtinchalik ruxsatnomani;
vaqtinchalik boshqarish huquqini beruvchi talon yoki vaqtinchalik ruxsatnoma bilan transport vositasini boshqarishda esa haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (fuqarolik pasporti va h.k.);
transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi hujjatni, transport vositasining egasi bo‘lmagan hollarda esa umumiy egalik huquqini beruvchi, tasarrufga yoki foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, belgilangan hollarda yo‘l varaqasi va tashilayotgan yukning hujjatlarini yonida olib yurishi, militsiya xodimlari talab qilganda tekshirish uchun berishi shartdir.
3.2. Tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxs o‘ziga qarashli bo‘lmagan transport vositasini, uning egasi, yoxud tasarrufga yoki foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan shaxs ishtirokidagina (ularning roziligi bilan) boshqarishi mumkin.
3.3. Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasi harakatlanib borayotganda haydovchi xavfsizlik kamari taqib olishi va xavfsizlik kamarlari taqilmagan yo‘lovchilarni tashimasligi shart. Quyidagilarga xavfsizlik kamari taqmaslikka ruxsat beriladi:
Qoidalarning 25.8-bandiga muvofiq orqa o‘rindiqdagi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
transport vositasini haydovchilikka o‘qiyotgan o‘quvchi boshqarayotganda boshqarishni o‘rgatayotgan shaxs;
homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemor yo‘lovchilar;
orqaga harakatni amalga oshirayotgan haydovchilar;
aholi punktlarida harakatlanishda — yo‘nalish taksilari haydovchilari, taksining orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar;
aholi punktlarida — tashqi qismiga tegishli rangli grafik sxemalar chizilgan maxsus transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilari.
Mototsiklni boshqarayotganda haydovchi tugmalangan maxsus bosh kiyimi kiyishi va tugmalangan maxsus bosh kiyimi kiymagan yo‘lovchilarni tashimasligi kerak.
(3.3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 6-martdagi 44-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 86-modda)
3.4. Xalqaro yo‘llardagi harakatlanishda ishtirok etayotgan mexanik transport vositasi haydovchisining yonida “Yo‘l harakati haqida”gi Konvensiya talablariga mos keladigan haydovchilik guvohnomasi va transport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi hujjat, transport vositasida esa ro‘yxatdan o‘tgan davlatning raqamli va taniqlik belgisi bo‘lishi shart.
3.5. Transport vositasi haydovchisi quyidagilarga amal qilishga majburdir:
harakatlanishdan oldin transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va to‘liq jihozlanganligini tekshirishi;
harakatlanish vaqtida transport vositasining texnik holatini soz holda bo‘lishini ta’minlashi;
harakatlanishni boshlashdan oldin yo‘lovchilarning transport vositasiga to‘liq chiqib joylarini egallaganligiga, transport vositasining eshiklari yopilganligiga, yo‘lovchilar tashish uchun maxsus jihozlangan yuk avtomobillarida yo‘lovchilar tashiyotganda ushbu Qoidalarning 6.2 bandi talablari bajarilganligiga ishonch hosil qilishi;
harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa bolalar, nogironlar, qariyalarga va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi;
militsiya xodimlarining talabiga ko‘ra mastlik holatini aniqlovchi maxsus tekshiruvdan o‘tishi;
yo‘l–transport hodisasi tufayli shikastlangan transport vositasini shatakka olish (faqat yuk avtomobilida), tabiiy ofatlar sodir bo‘lgan joylarga yetib borish, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarish zarurati tug‘ilgan hollarda militsiya xodimlariga, yo‘lakay yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga, zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni davolash muassasasiga olib borish uchun tibbiyot va militsiya xodimlariga, militsiyaning shtatdan tashqari xodimlariga va jamoatchi avtonazoratchilarga transport vositasidan foydalanishga imkon berishi.
Eslatma: tibbiy xizmatlar uchun transport vositasidan foydalanishga imkon berishdan boshqa hollar fuqarolarga tegishli transport vositalariga taalluqli emas.
Transport vositasidan foydalangan shaxs haydovchi talab qilganda yo‘l varaqasiga yurilgan vaqtni, bosib o‘tilgan masofani, o‘z ism-sharifi, mansabi, ish joyi nomini, yo‘l varaqasi bo‘lmagan taqdirda tegishli namunadagi ma’lumotnoma yozib berishi lozim.
Transport vositalarini tekshirish yoki undan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs haydovchining talabiga muvofiq o‘z xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart.
3.6. Haydovchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
transport vositasini har qanday mastlik (alkogol, giyohvand modda va boshqalar) holatida, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori–darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblikda boshqarish;
har qanday mastlik holatida, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori–darmonlar ta’sirida, yo‘l harakatli xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik va betoblikda bo‘lgan, shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan tegishli toifadagi guvohnomasi bo‘lmagan yoki yo‘l varaqasida ismi–sharifi ko‘rsatilmagan shaxslarga transport vositasini boshqarish uchun topshirish;
texnik nosoz transport vositasini, moped, motoroller va mototsikllarni tovush pasaytirgichsiz boshqarish;
transport vositasining tormoz tizimi yoki boshqaruvi ishdan chiqsa, ulagich moslamasi (avtopoyezd tarkibida) nosoz bo‘lsa, qorong‘i vaqtda yoki yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida – faralar va orqa gabarit chiroqlari yonmasa, yomg‘ir, qor yog‘ayotgan vaqtda esa haydovchi tomonidagi oyna tozalagich ishlamay qolsa, bunday transport vositalarida harakatlanish;
Eslatma: ishchi tormoz tizimi yoki boshqaruvi sekin harakatlanayotgan transport vositasini to‘xtashi yoki manevr qilishiga imkon bermasa, ular ishlamayotgan hisoblanadi.
transport vositalariga tegishli ruxsatsiz maxsus texnik jihozlar (ratsiya, sirena va h.k.)ni o‘rnatish;
transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi (shuningdek, piyodalar jamlanmalari) harakatiga xalaqit berish va ular orasiga kirish;
transport vositasini boshqarish paytida telefondan, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transport vositasi salonining old qismida o‘rnatilgan tele-, videomonitordan foydalanish;
(3.6-band to‘qqizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 16-oktabrdagi 216-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 41-42-son, 419-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
transport vositasi salonining old qismiga, shu jumladan priborlar paneliga, quyosh soyavoniga va orqa tomonni ko‘rish ko‘zgusiga tele-, videomonitorlar o‘rnatish.
(3.6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 16-oktabrdagi 216-sonli qarori asosida o‘ninchi xatboshi bilan to‘ldirilgan -— O‘R QHT, 2007-y., 41-42-son, 419-modda)
4. YO‘L–TRANSPORT HODISASI SODIR ETGAN HAYDOVChILARNING VAZIFALARI
4.1. Yo‘l–transport hodisasi sodir bo‘lganda unga daxldor haydovchilar quyidagilarni bajarishlari shart:
transport vositasini darhol to‘xtatishi, falokat yorug‘lik ishoralarini yoki falokat sababli to‘xtash belgisi (miltillovchi qizil chiroq)ni o‘rnatishi, transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmasligi;
shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam berish uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘rishi, “Tez tibbiy yordam”ni chaqirishi, shoshilinch hollarda esa shikastlanganlarni yaqin oradagi davolash muassasasiga yo‘lakay transportda jo‘natishi, buning iloji bo‘lmagan hollarda o‘z transport vositasida olib borishi, u erda o‘z ism-sharifini, transport vositasining raqamli belgisini bildirishi (haydovchilik guvohnomasini yoki o‘z shaxsini tasdiqlovchi, transport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik hujjatini ko‘rsatishi) va hodisa ro‘y bergan joyga qaytib kelishi;
agar boshqa transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilsa, avvalo transport vositasi, hodisaga aloqador buyumlar va izlarning holatini qayd etib (imkoniyati bo‘lgan hollarda guvohlar ishtirokida), ularning yo‘qolmasligini ta’minlashi, so‘ngra qatnov qismini bo‘shatishi yoki hodisa ro‘y bergan joyni aylanib o‘tishni tashkil qilishning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarini ko‘rishi;
hodisa haqida militsiyaga xabar berishi, guvohlarning ism-sharifini va manzilgohini yozib olib, militsiya xodimlarining kelishini kutishi.
4.2. Agar yo‘l–transport hodisasida shikastlanganlar bo‘lmasa va haydovchilar hodisa vaziyatiga baho berishda o‘zaro kelisha olsalar, oldindan hodisa chizmasini tuzib va uni imzolab, yaqin oradagi DAN maskani yoki militsiya organiga hodisani rasmiylashtirish uchun borishlari mumkin.
5. PIYODALARNING VAZIFALARI
5.1. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yo‘lkasidan, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasidan yurishlari kerak. Qo‘pol yuklarni olib ketayotgan, nogironlarning yurgizgichsiz aravasida borayotgan shaxslarning trotuar yoki yo‘l yoqasidan yurishlari boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan bo‘lsa, ular qatnov qismining chetidan yurishlari kerak.
Trotuarlar, piyodalar yo‘lkasi, yo‘l yoqasi bo‘lmasa yoki ulardan yurishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda piyodalar velosiped yo‘lkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi bo‘lagi bor yo‘llarda qatnov qismining o‘ng chetidan) bir qator bo‘lib yurishlari mumkin.
Aholi yashaydigan joylardan tashqarida yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatiga qarshi yo‘nalishda yurishlari kerak.
Nogironlarning yurgizgichsiz aravasida ketayotgan, mototsikl, moped, velosiped yetaklab ketayotgan shaxslar esa bunday hollarda transport vositalarining harakat yo‘nalishi bo‘ylab yurishlari kerak.
Eslatma: piyodalar yo‘lkasida, trotuarlarda, yo‘lning yoqasida piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan qurilma va jihozlar o‘rnatish man etiladi.
5.2. Piyodalarning tashkiliy jamlanmasiga bir qatorda to‘rt kishidan ortiq bo‘lmasdan yo‘lning qatnov qismida faqat transport vositalarining harakat yo‘nalishi bo‘ylab o‘ng tomondan yurishga ruxsat etiladi.
Jamlanmaning oldi va orqasida chap tomondan qizil bayroqcha, qorong‘i vaqtda yoki yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida esa oldinda oq, orqada qizil rangli chiroq ko‘targan kuzatuvchilar bo‘lishi kerak.
Bolalar guruhini trotuarlar va piyodalar yo‘lkalaridangina, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasidan faqat kunduzi va katta yoshdagilar kuzatuvida olib yurishga ruxsat etiladi.
5.3. Piyodalar yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan, shuningdek, yer osti va yer usti o‘tish joylaridan, ular bo‘lmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yo‘l yoqasi bo‘ylab kesib o‘tishlari kerak.
Ko‘rinadigan oraliqda o‘tish joyi yoki chorraha bo‘lmasa, ajratuvchi bo‘laksiz va to‘siqsiz yo‘llarda piyodalarga yo‘lning ikki tomoni yaxshi ko‘rinadigan joyidan qatnov qismining chetiga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida kesib o‘tishlariga ruxsat etiladi.
5.4. Piyodalar yo‘l harakati tartibga solingan joylarda tartibga soluvchining yoki svetoforlarning, ular bo‘lmaganda esa transport svetoforlarining ishoralariga amal qilishlari kerak.
5.5. Piyodalar harakat tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish joylarida, yaqinlashib kelayotgan transport vositasigacha bo‘lgan masofani va uning tezligini chamalab ko‘rib, o‘tish o‘zlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘ng yo‘lning qatnov qismiga chiqishlari mumkin.
Shuningdek, ular yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida kesib o‘tishda transport vositalarining harakatlanishiga halaqit bermasliklari, yaqinlashib kelayotgan transport vositalarining yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib ko‘rinishni cheklovchi to‘xtab turgan transport vositasi yoki boshqa biror to‘siq panasidan chiqmasliklari kerak.
Piyodalar to‘xtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan, tramvayning esa oldi tomonidan yo‘lni kesib o‘tishlari shart.
5.6. Agar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lmasa, qatnov qismiga chiqqan piyodalar ushlanib qolmasliklari va to‘xtamasliklari kerak.
O‘tishga ulgurmagan piyodalar qarama–qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda to‘xtashlari lozim.
Keyingi harakatlanish xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng va svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralarini hisobga olgan holda o‘tishni davom ettirishlari mumkin.
5.7. Yalt–yalt etuvchi ko‘k rangli yoki ko‘k va qizil rangli chiroq–mayoqchasi va (yoki) maxsus tovush ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa, piyodalar qatnov qismidan o‘tmasliklari, unda harakatlanayotganlar esa bu transport vositalariga yo‘l berishlari va zudlik bilan qatnov qismini bo‘shatishlari kerak.
5.8. Belgilangan yo‘nalishdagi transport vositalari va taksilarni faqat bekatlarda, ular bo‘lmagan taqdirda esa trotuarlar yoki yo‘l yoqasida kutish kerak.
Maxsus jihozlangan bekatlari bo‘lmagan to‘xtash joylarida transport vositasi to‘la to‘xtagandan so‘ng unga chiqish uchun yo‘lning qatnov qismiga chiqishga ruxsat etiladi. Undan tushgandan keyin ushlanib qolmasdan yo‘lning qatnov qismini bo‘shatishlari shart.
Bekatlarga borayotgan yoki undan qaytayotgan piyodalar Qoidalarning 5.4—5.7 bandlari talablariga amal qilishlari kerak.
6. YO‘LOVChILARNING VAZIFALARI
6.1. Yo‘lovchilar transport vositasiga faqat u to‘liq to‘xtagandan so‘ng trotuar yoki yo‘l yoqasi tomonidan chiqishga va tushishga majburdirlar. Yo‘lovchilarning transport vositalaridan trotuar yoki yo‘l yoqasi tomonidan tushishi yoki ularga chiqishining iloji bo‘lmagan hollarda u yo‘lning qatnov qismi tomondan amalga oshirilishi mumkin, bunda boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga xalaqit berilmasligi va xavf tug‘dirilmasligi kerak.
Xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositasida yurishda yo‘lovchilar xavfsizlik kamari taqqan bo‘lishlari (Qoidalarning 3.3-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari), mototsiklda yurganda esa tugmalangan maxsus bosh kiyimi kiyishlari shart.
(6.1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 6-martdagi 44-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 86-modda)
6.2. Yo‘lovchilarga:
transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda haydovchini boshqarishdan chalg‘itish va unga xalaqit berish;
bortli yuk avtomobillarida tik turish, bortlar sathidagi yoki undan yuqoridagi yuk ustida o‘tirish;
transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda uning eshiklarini ochish taqiqlanadi.
7. MAXSUS TRANSPORT VOSITALARINING IMTIYOZLARI
7.1. Ko‘k rangli yalt–yalt etuvchi chiroq–mayoqchasi va (yoki) maxsus tovushli ishorasi yoqilgan tezkor va maxsus xizmat transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan ushbu Qoidalarning 8-bob (8.9 bandidan tashqari), 10—15, 18—19 boblari, Qoidalarning 1 va 2-ilovalari talablaridan chetga chiqishlari mumkin. Ko‘k rangli chiroq mayoqchaga qo‘shimcha qizil rangli chiroq–mayoqcha ham yoqilishi mumkin.
Boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo‘lishlari uchun bunday transport vositalarida yalt–yalt etuvchi chiroq mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishorasi yoqilgan bo‘lishi shart. Ular o‘zlariga yo‘l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Tezkor xizmat va maxsus xizmat transport vositalari kuzatib kelayotgan transport vositalari ham shu imtiyozlardan foydalanadilar.
7.2. Haydovchilar ko‘k rangli chiroq–mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralarni yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga, shuningdek, ularning kuzatuvidagi yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan transport vositalariga yo‘l berishlari, zarur bo‘lgan hollarda ularning to‘siqsiz o‘tib ketishlari uchun o‘zlari boshqarib borayotgan transport vositalarini yo‘lning o‘ng tomoniga olib to‘xtatishlari shart.
7.3. Ko‘k rangli chiroq–mayoqchasini yoqib turgan transport vositasiga yaqinlashayotgan haydovchilar zarur bo‘lib qolganda darhol to‘xtash imkoniyatini beradigan darajada harakatlanish tezligini kamaytirishlari shart.
7.4. Zarg‘aldoq yoki sariq rangli chiroq-mayoqchasi yoqilgan, yo‘ldan foydalanish xizmatiga tegishli moslama va transport vositalarining haydovchilari ish bajarish jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan ushbu Qoidalarning yo‘l belgilari, chiziqlari hamda 11.4, 11.5, 11.8 va 18.1 bandlari talablaridan chetga chiqishlari mumkin. Boshqa haydovchilar ularning ish bajarishlariga to‘sqinlik tug‘dirmasliklari shart. Zarg‘aldoq va sariq rangli chiroq–mayoqcha harakatlanishda imtiyoz bermaydi va u faqat boshqa harakatlanish qatnashchilarining e’tiborini jalb etish uchun xizmat qiladi.
8. SVETOFOR VA TARTIBGA SOLUVChINING IShORALARI
8.1. Svetoforlarda yashil, sariq, qizil va oq rangli yorug‘lik ishoralari qo‘llaniladi.
Svetofor ishoralari vazifasiga bog‘liq ravishda doirasimon, yo‘naltirgich, piyoda tasviri tushirilgan va X–simon ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.
Doira shaklidagi ishorali svetoforlarda yashil doirali ishoralar bilan bir sathda joylashgan yashil yo‘naltirgich ko‘rinishdagi ishorali bitta yoki ikkita qo‘shimcha tarmoq bo‘lishi mumkin.
8.2. Svetoforning doirali ishoralari quyidagi ma’noni bildiradi:
yashil ishora harakatlanishga ruxsat beradi; miltillovchi yashil ishora ham harakatlanishga ruxsat beradi va uning ta’sir vaqti tugashi hamda ko‘p o‘tmay taqiqlovchi ishora yonishi haqida axborot beradi;
yashil ishora o‘chishiga soniyalar (sekundlar)da qancha vaqt qolganligi haqida axborot berish uchun raqamli tablo qo‘llanilishi mumkin;
sariq ishora harakatni taqiqlaydi (faqat Qoidalarning 8.13 bandida ko‘zda tutilgandan tashqari) va ishoralar almashuvi haqida ogohlantiradi;
miltillovchi sariq ishora harakatlanishga ruxsat beradi va tartibga solinmagan chorraha yoki piyodalar o‘tish joyi borligidan xabardor qiladi, xavf–xatar haqida ogohlantiradi;
qizil ishora, shuningdek, miltillovchi qizil ishora harakatlanishni taqiqlaydi;
qizil va sariq ishoralarning bir vaqtda yonishi harakatlanishni ta’qiqlaydi va ko‘p o‘tmay yashil ishora yonishi haqida axborot beradi.
8.3. Yo‘naltirgich ko‘rinishidagi qizil, sariq va yashil rangli svetofor ishoralari ham doira shaklidagi svetofor ishoralari bilan bir xil ma’noga ega bo‘ladi. Ular faqat ko‘rsatilgan yo‘nalishga ta’sir etadi.
Agar tegishli yo‘l belgisi bilan taqiqlanmagan bo‘lsa, chapga burilishga ruxsat beruvchi yo‘naltirgich qayrilib olishga ham ruxsat beradi. Qo‘shimcha tarmoqdagi yashil yo‘naltirgich ham xuddi shu ma’noni bildiradi.
Qo‘shimcha tarmoqdagi ishora o‘chirilgan bo‘lsa, shu tarmoq tartibga solayotgan yo‘nalishda harakatlanish taqiqlanganligini bildiradi.
8.4. Agar svetoforning asosiy yashil ishorasiga qora yo‘naltirgich (yo‘naltirgichlar)ning shakli tushirilgan bo‘lsa, u haydovchilarga svetoforning qo‘shimcha tarmog‘i borligi haqida axborot beradi va shu asosiy tarmoqdagi yo‘naltirgichlar yo‘nalishlarida harakatlanishga ruxsat berilganligini ko‘rsatadi.
8.5. Agar svetofor ishorasi piyoda tasviri ko‘rinishida bo‘lsa, u faqat piyodalarning harakatiga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda yashil ishora piyodalarning harakatlanishiga ruxsat beradi, qizil ishora esa taqiqlaydi.
8.6. Qatnov qismidagi harakat yo‘nalishi qarama–qarshi tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan bo‘laklarida transport vositalarining harakatini tartibga solish uchun X–simon qizil ishorali va pastga yo‘nalgan yo‘naltirgich ko‘rinishdagi yashil ishorali reversiv svetoforlar qo‘llaniladi. Bu ishoralar qaysi bo‘lak ustiga o‘rnatilgan bo‘lsa, unda harakatlanishni taqiqlaydi yoki ruxsat beradi. Ikki tomoni 1.9 chizig‘i bilan belgilangan bo‘lak ustiga o‘rnatilgan ishoralari o‘chirilgan reversiv svetofor shu bo‘lakka kirishni taqiqlaydi.
8.7. Tramvaylarning, shuningdek, belgilangan yo‘nalishli boshqa transport vositalarining harakatlanishini, ular uchun ajratilgan maxsus bo‘lakda tartibga solish uchun T–harfi ko‘rinishida joylashgan to‘rtta doirasimon oq rangli ishorali svetoforlar qo‘llanilishi mumkin.
Yuqoridagi bir yoki bir nechta va pastki ishora bir vaqtning o‘zida yonganda, harakatlanishga ruxsat etiladi. Ulardan chapdagisi chapga, o‘ngdagisi o‘ng tomonga burilishga, o‘rtasidagi to‘g‘riga yurishga ruxsat beradi. Agar yuqoridagi uchta ishora bir vaqtda yonsa, harakatlanish taqiqlanadi.
8.8. Temir yo‘l kesishmalarida o‘rnatilgan doirasimon oq rangli miltillovchi ishora transport vositalarining kesishma orqali harakatlanishiga ruxsat beradi.
Ko‘rinish chegarasida yaqinlashib kelayotgan poyezd (lokomotiv, drezina) bo‘lmasa, o‘chirilgan miltillovchi oq va qizil ishoralarda ham harakatlanishga ruxsat beriladi.
8.9. Tartibga soluvchining ishoralari quyidagi ma’noni bildiradi:
QO‘LLARI YoN TOMONGA UZATILGANDA YOKI TUShIRILGANDA, chap va o‘ng yon tomonidan tramvayga to‘g‘riga, relssiz transport vositalariga to‘g‘riga va o‘ngga harakatlanishga, piyodalarga qatnov qismini kesib o‘tishga ruxsat beriladi. Oldi va orqa tomonidan barcha transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi taqiqlanadi;
O‘NG QO‘LI OLDINGA UZATILGANDA, chap yonidan tramvayga chapga, relssiz transport vositalariga barcha yo‘nalishlarda, oldi tomonidan barcha transport vositalariga faqat o‘ngga harakatlanishga ruxsat beriladi. Orqa tomonidan va o‘ng yonidan barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi. Piyodalarga tartibga soluvchining orqa tomonidan qatnov qismini kesib o‘tishga ruxsat etiladi;
QO‘LINI YUQORIGA KO‘TARGANDA, Qoidalarning 8.13 bandida ko‘rsatilganidan boshqa hollarda transport vositalari va piyodalarning barcha yo‘nalishlarda harakatlanishi taqiqlanadi.
Tartibga soluvchi haydovchi va piyodalarga tushunarli bo‘lgan boshqa ishoralarni ham berishi mumkin. Ishoralar yaxshi ko‘rinishi uchun tartibga soluvchi jezl yoki yorug‘lik qaytaradigan qizil rangli moslamalarni qo‘llashi mumkin.
8.10. Harakatni tartibga solayotgan yoki xizmat burchini o‘tayotgan militsiya xodimi transport vositasi haydovchisiga qarata qo‘l ishorasi yoki ovozkuchaytirgichli qurilma orqali transport vositasini to‘xtatishni talab qilishi mumkin. Haydovchi esa ko‘rsatilgan joyda to‘xtashi kerak.
8.11. Yo‘l harakati qatnashchilarining e’tiborini jalb etish uchun hushtak bilan qo‘shimcha ishora berilishi mumkin.
8.12. Svetofor (reversivdan tashqari)ning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini to‘xtash chizig‘i (5.33 belgisi) oldida, bunday chiziq bo‘lmaganda esa:
chorrahada Qoidalarning 15.7 bandini hisobga olgan holda, piyodalarga halaqit bermasdan qatnov qismlari kesishmasi oldida;
temir yo‘l kesishmasi oldida Qoidalarning 17.4 bandiga muvofiq;
boshqa joylarda svetofor yoki tartibga soluvchining oldida harakatlanishi ruxsat berilgan transport vositalari va piyodalarga halaqit bermagan holda to‘xtashi kerak.
8.13. Sariq ishora yonganda yoki tartibga soluvchining qo‘li yuqori ko‘tarilganda, Qoidalarning 8.12. bandida ko‘zda tutilgan joylarda keskin tormoz bermasdan to‘xtashga ulgiraolmaydigan transport vositalarining haydovchilariga harakatni davom ettirishga ruxsat etiladi.
Ushbu ishoralar berilganda, qatnov qismida bo‘lgan piyodalar uni bo‘shatishlari, agar buning iloji bo‘lmasa, qarama–qarshi yo‘nalishlardagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda to‘xtashlari kerak.
8.14. Haydovchilar va piyodalar tartibga soluvchining ishorasi va ko‘rsatmalariga ular svetofor ishoralari, yo‘l belgilari va chiziqlariga zid kelgan taqdirda ham amal qilishlari kerak.
8.15. Temir yo‘l kesishmalarida svetoforning miltillovchi qizil ishorasi bilan bir vaqtda piyodalarning kesishma orqali harakatlanishi taqiqlanganligi to‘g‘risida qo‘shimcha axborot sifatida tovushli ishora ham berilishi mumkin.
9. OGOHLANTIRUVChI VA FALOKAT IShORALARI, FALOKAT SABABLI TO‘XTASh BELGISINING QO‘LLANILIShI
9.1. Quyidagilar ogohlantiruvchi ishoralar hisoblanadi:
burilishni ko‘rsatadigan miltillovchi chiroq yoki qo‘l bilan beriladigan ishoralar;
tovushli ishoralar;
fara chiroqlarining yoqib–o‘chirilishi;
kunduz kuni yaqinni yorituvchi fara chirog‘ining yoqilishi.
9.2. Harakatlanishni boshlashdan, qayta tizilishdan, burilish (qayrilib olish)dan va to‘xtashdan oldin haydovchi tegishli yo‘nalishni bildiruvchi burilish yorug‘lik ko‘rsatgichi, ular bo‘lmaganda yoki buzuq bo‘lganda, qo‘l bilan ishoralar berishi shart.
Chapga burilish (qayrilib olish)ni bildiruvchi ishoraga chap qo‘lni yoki tirsakdan to‘g‘ri burchak ostida bukilgan o‘ng qo‘lni yonga uzatish mos keladi.
O‘ngga burilishni bildiruvchi ishoraga o‘ng qo‘lni yoki tirsakdan to‘g‘ri burchak ostida bukilgan chap qo‘lni yonga uzatish mos keladi.
To‘xtash ishorasi chap yoki o‘ng qo‘lni yuqori ko‘tarib beriladi.
9.3. Burilish ko‘rsatgichi yoki qo‘l bilan berilayotgan ishora manevrni bajarishdan oldinroq berilishi va uni tugallagach darhol to‘xtatilishi lozim (qo‘l bilan berilayotgan ishorani manevr qilishdan bevosita oldin tugallash mumkin).
Ishoralar berish boshqa yo‘l harakati qatnashchilarini chalg‘itmasligi kerak.
Ogohlantiruvchi ishora berish haydovchiga oldin o‘tish huquqini bermaydi va uni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish mas’uliyatidan ozod qilmaydi.
9.4. Haydovchi o‘zidan orqada kelayotgan, quvib o‘tishni boshlagan va boshqa transport vositalariga halal bermasligiga ishonch hosil qilgandan keyingina, harakatlanish yo‘nalishini o‘zgartirish haqida ogohlantiruvchi ishora berishi kerak.
9.5. Tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:
aholi yashaydigan joylardan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun;
zarur bo‘lgan hollarda yo‘l–transport hodisasining oldini olish uchun.
9.6. Quvib o‘tish haqida tovushli ishora o‘rniga yoki u bilan birga fara chiroqlarini yoqib–o‘chirib ogohlantirish ishorasini berish mumkin.
9.7. Burilishni ko‘rsatuvchi barcha yorug‘lik ishoralarining bir vaqtda miltillashi falokat ishoralari bo‘lib hisoblanadi.
Falokat yorug‘lik ishoralari quyidagi hollarda yoqilishi kerak:
yo‘l–transport hodisasi sodir bo‘lganda;
to‘xtash taqiqlangan joylarda majburiy to‘xtalganda;
fara chiroqlari haydovchining ko‘zini qamashtirganda;
shatakka olishda (shatakka olingan transport vositasida).
Haydovchi yo‘l harakati qatnashchilarini, o‘zi boshqarayotgan transport vositasi xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa hollarda ham ogohlantirish uchun falokat yorug‘lik ishoralarini yoqishi kerak.
9.8. Quyidagi hollarda falokat yorug‘lik ishoralari yoqilgandan keyin, shuningdek, u bo‘lmaganda yoki buzuq bo‘lganda, falokat sababli to‘xtash belgisi (miltillovchi qizil chiroq) darhol o‘rnatilishi kerak:
yo‘l–transport hodisasi sodir bo‘lganda;
taqiqlangan va ko‘rinish sharoitini hisobga olgan holda transport vositasi boshqa haydovchilar tomonidan o‘z vaqtida payqab bo‘lmaydigan joylarda majburiy to‘xtab qolganda.
Bunday belgi (chiroq) muayyan vaziyatda xavf haqida haydovchilarni o‘z vaqtida ogohlantirishni ta’minlaydigan masofada o‘rnatilishi kerak. Lekin bu masofa aholi yashaydigan joylarda transport vositasidan 15 metrdan, ulardan tashqarida esa 30 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
9.9. Shatakka olingan transport vositasida falokat yorug‘lik ishoralari buzuq bo‘lganda yoki bo‘lmagan hollarda uning orqa tomoniga falokat sababli to‘xtash belgisi o‘rnatilishi kerak.
10. HARAKATLANIShNI BOShLASh, YO‘NALIShLARNI O‘ZGARTIRISh
10.1. Haydovchi harakatlanishni boshlash, qayta tizilish, burilish (qayrilib olish), yo‘nalishini o‘zgartirish va to‘xtashdan oldin o‘z harakati bilan boshqa transport vositalariga xavf solmayotganligiga va to‘sqinlik qilmayotganligiga ishonch hosil qilishi kerak.
10.2. Yondosh hududlardan yo‘lga chiqayotgan haydovchi unda harakatlanayotgan transport vositalariga va piyodalarga, shuningdek, undan chiqishda o‘zining harakat yo‘nalishini kesib o‘tayotgan piyodalar va velosipedchilarga yo‘l berishi kerak.
10.3. Haydovchi qayta tizilishda yon bo‘lakda yo‘lakay harakat yo‘nalishini o‘zgartirmasdan ketayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
Yo‘lakay yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalari bir vaqtda qayta tizilayotganda, haydovchi o‘ng tomondagi transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
10.4. Aylanma harakatlanish tashkil qilingan chorrahalarga kirish uchun burilishdan boshqa barcha hollarda haydovchi o‘ngga, chapga burilish yoki qayrilib olishdan oldin shu yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan qatnov qismining eng chetki holatini egallashi shart.
10.5. Burilishni shunday amalga oshirish kerakki, bunda qatnov qismlarining kesishmasidan chiqayotgan transport vositasi qarama–qarshi yo‘nalishdagi harakat tomoniga o‘tib ketmasin.
O‘ngga burilayotgan transport vositasi iloji boricha qatnov qismining o‘ng tomoniga yaqinroqda harakatlanishi kerak.
10.6. Transport vositasi o‘zining gabarit o‘lchamlariga yoki boshqa texnik sabablariga ko‘ra Qoidalarning 10.4 bandi talablariga muvofiq burilishni bajara olmasa, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlab va boshqa transport vositalariga halaqit bermasdan undan chetga chiqishiga yo‘l qo‘yiladi.
10.7. Relssiz transport vositasining haydovchisi yo‘lning chorrahadan tashqari joyida chapga burilish yoki qayrilib olishda qarama–qarshi yo‘nalishdan kelayotgan transport vositalariga va yo‘lakay yo‘nalishdagi tramvayga yo‘l berishi shart.
Chorrahadan tashqaridagi qatnov qismining kengligi chetki chap vaziyatdan qayrilib olish uchun yetarli bo‘lmasa, uni qatnov qismining o‘ng chetidan (yo‘lning o‘ng yoqasidan) amalga oshirish mumkin. Bu holda haydovchi yo‘lakay va qarama–qarshi yo‘nalishdagi transport vositalariga yo‘l berishi shart.
10.8. Transport vositalarining harakat yo‘nalishlari kesishadigan va o‘tish navbati ushbu Qoidalarda ko‘zda tutilmagan hollarda haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
10.9. Sekinlashish bo‘lagi bo‘lgan yo‘llarda burilmoqchi bo‘layotgan haydovchi o‘z vaqtida shu bo‘lakka o‘tishi va tezlikni faqat unda kamaytirishi kerak.
Yo‘lga chiqish joyida tezlanish bo‘lagi bo‘lsa, haydovchi unda harakatlanishi va qo‘shni bo‘lakda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi, so‘ngra oqimga qo‘shilishi kerak.
10.10. Quyidagi joylarda qayrilib olish taqiqlanadi:
piyodalarning o‘tish joylarida;
tonnellarda;
ko‘priklar, osma yo‘l (estakada)lar, osma ko‘priklar va ularning ostida;
temir yo‘l kesishmalarida;
yo‘lning ko‘rinishi biron–bir yo‘nalishda 100 metrdan kam bo‘lgan joylarda.
10.11. Transport vositasini orqaga harakatlantirishda haydovchi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashi va boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga halaqit bermasligi shart. Zarurat tug‘ilganda, haydovchi boshqa shaxslarning yordamidan foydalanishi mumkin.
11. YO‘LNING QATNOV QISMIDA TRANSPORT VOSITALARINING JOYLAShIShI
11.1. Relssiz transport vositalari harakatlanadigan bo‘laklar soni chiziqlar yoki 5.8.1, 5.8.2, 5.8.7, 5.8.8 yo‘l belgilari bilan belgilanadi. Bunday chiziqlar yoki yo‘l belgilari bo‘lmasa, haydovchilar yo‘l bo‘laklarini o‘zlari, qatnov qismining kengligini, transport vositalari orasidagi zarur yonlama oraliq masofani va ularning gabarit o‘lchamlarini hisobga olgan holda aniqlaydilar. Bunda harakat ikki tomonlama bo‘lgan yo‘l qatnov qismining chap tomondagi yarmi qarama–qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan, deb hisoblanadi.
11.2. To‘rt va undan ortiq bo‘lakli, harakat ikki tomonlama bo‘lgan yo‘llarda qarama–qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan bo‘laklarga chiqish taqiqlanadi.
11.3. Harakat ikki tomonlama bo‘lgan uchta bo‘lakli (1.9 chizig‘i bilan belgilangandan tashqari) yo‘llarda o‘rta bo‘lakka faqat quvib o‘tish, chapga burilish, qayrilib olish va aylanib o‘tish uchungina chiqishga ruxsat etiladi. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan chetki chap bo‘lakka chiqish taqiqlanadi.
11.4. Aholi yashaydigan joylardan tashqarida haydovchilar transport vositalarini mumkin qadar qatnov qismining o‘ng chetiga yaqinroqqa olib harakatlanishlari kerak.
Aholi yashaydigan joylarda Qoidalarning 11.6, 19.1, 26.2 bandlaridagi talablarni hisobga olgan holda haydovchilar o‘zlariga qulay bo‘lgan harakatlanish bo‘lagidan foydalanishlari mumkin. Faqat o‘ngga yoki chapga burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish, to‘xtash oldidan harakatlanish bo‘lagini o‘zgartirishga ruxsat etiladi.
Biroq, bir yo‘nalishdagi uch va undan ortiq bo‘lakli har qanday yo‘lda harakat serqatnovligi sababli boshqa bo‘laklar band bo‘lgan hollarda, shuningdek, quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish, ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga esa faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun chetki chap bo‘lakni egallashga ruxsat etiladi.
Harakat bir tomonlama bo‘lgan yo‘lning chap bo‘lagida to‘xtash va to‘xtab turish Qoidalarning 14.1 bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
Biror bo‘lakda qo‘shni bo‘lakdagi transport vositalariga nisbatan katta tezlikda harakatlanish quvib o‘tish deb hisoblanmaydi.
11.5. Tezligini soatiga 40 kilometrdan oshirishi mumkin bo‘lmagan yoki texnik sabablarga ko‘ra tezligini bundan oshira olmaydigan transport vositalari quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish, aylanib o‘tish uchun qayta tizilishdan boshqa hollarda faqat chetki o‘ng bo‘lakda harakatlanishlari kerak.
11.6. Yo‘lakay yo‘nalishdagi qatnov qismining chap tomonida u bilan bir sathda joylashgan tramvay izidan shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklar band bo‘lganda harakatlanishga, aylanib va quvib o‘tishga, shuningdek, 5.8.1, 5.8.2 belgilari bilan belgilanmagan hollarda esa chapga burilish va qayrilib olishga ruxsat etiladi. Biroq bu tramvay harakatiga xalaqit bermasligi kerak.
Qarama–qarshi yo‘nalishdagi tramvay izidan harakatlanish taqiqlanadi.
11.7. Agar qatnov qismi yo‘l chiziqlari bilan bo‘laklarga ajratilgan bo‘lsa, transport vositalarining harakatlanishi qat’iy ravishda belgilangan bo‘laklarda amalga oshirilishi kerak. Faqat qayta tizilishda uzuq–uzuq chiziqlarni bosib o‘tishga ruxsat etiladi.
11.8. Reversiv harakatlanishli yo‘lga burilishda transport vositalari qatnov qismlari kesishmasidan chiqishda chetki o‘ng bo‘lakni egallashi kerak. Haydovchiga shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklarda ham harakatlanishga ruxsat berilganligiga ishonch hosil qilgandan keyingina qayta tizilishga ruxsat etiladi.
11.9. Qoidalarning 14.1, 27.2 bandlarida ko‘zda tutilgandan boshqa hollarda transport vositalarining yo‘l yoqasi, trotuar va piyodalar yo‘lkalaridan harakatlanishi taqiqlanadi. Bu joylarda yo‘ldan foydalanish va kommunal xizmat mashinalarining harakatlanishiga, shuningdek, boshqa imkoniyat bo‘lmagan hollarda bevosita yo‘l yoqasida, trotuar yoki piyodalar yo‘lkalari oldida joylashgan savdo shoxobchalari, korxonalar va boshqa inshootlarga yuk olib kirish uchun transport vositalariga yaqin yo‘ldan kirishga ruxsat etiladi. Bunda yo‘l harakati xavfsizligi to‘la ta’minlangan bo‘lishi shart.
11.10. Haydovchi o‘zidan oldinda ketayotgan transport vositasi keskin to‘xtaganda u bilan to‘qnashib ketmaslik kafolatini beradigan oraliq masofani, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan yonlama oraliq masofani saqlashi kerak.
11.11. Aholi yashaydigan joylardan tashqaridagi yo‘llarda tezligini soatiga 50 kilometrdan oshirishi mumkin bo‘lmagan, shuningdek, ruxsat etilgan to‘la vazni 12 tonnadan ortiq bo‘lgan transport vositalarining haydovchilari o‘zi va oldida ketayotgan transport vositasi oralig‘ida, ularni quvib o‘tishi mumkin bo‘lgan transport vositalari bemalol yo‘lning o‘ng tomoniga qayta tizilishi uchun imkon beradigan masofani saqlashlari kerak.
Quvib o‘tishga tayyorlanayotgan, shuningdek, transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi tarkibida, serqatnov bo‘lgan yo‘llarda harakatlanayotgan transport vositalarining haydovchilariga bu talab taalluqli emas.
11.12. Agar biron–bir to‘siq sababli qarama–qarshi yo‘nalishlarda harakatlanish qiyin bo‘lsa, to‘siq o‘z tomonida bo‘lgan haydovchi yo‘l berishi kerak.
12. HARAKATLANISh TEZLIGI
12.1. Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob–havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan boshqarishi kerak.
Transport vositasining tezligi haydovchiga Qoidalar talablarini bajarish uchun uning harakatini doimo nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerak.
Harakatlanishda, haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida bo‘lgan xavf yoki to‘siq paydo bo‘lsa, u transport vositasining tezligini to‘la to‘xtashini ta’minlaydigan darajada kamaytirish yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavfsiz aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak.
12.2. Aholi yashaydigan joylarda transport vositalari tezligini soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
12.3. Aholi yashaydigan joylardan tashqarida:
yengil avtomobillarga va ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan;
shaharlararo qatnaydigan avtobuslarga va mikroavtobuslarga tezlikni soatiga 90 kilometrdan oshirmasdan;
boshqa avtobuslar, tirkamali yengil avtomobillar, mototsikllar, ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 80 kilometrdan oshirmasdan;
tirkamali yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
12.4. Har qanday yo‘llarda:
odam tashiyotgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan;
mexanik transport vositalarini shatakka olgan transport vositalariga tezlikni soatiga 50 kilometrdan oshirmasdan;
xavfli, og‘ir vaznli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, tashkiliy jamlanmada harakatlanayotgan transport vositalariga DAN bilan kelishilgan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
12.5. Haydovchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezlikdan oshirish;
tezlikni transport vositasiga o‘rnatilgan taniqlik belgi (“Tezlik cheklangan”)da ko‘rsatilgan qiymatidan oshirish;
zarurat bo‘lmaganda juda past tezlikda harakatlanib, boshqa transport vositalariga xalaqit berish;
yo‘l–transport hodisasining oldini olish zarurati bo‘lmaganda, keskin tormoz berish.
13. QUVIB O‘TISh
13.1. Haydovchi quvib o‘tishni boshlashdan oldin:
o‘zi o‘tmoqchi bo‘lgan harakatlanish bo‘lagi quvib o‘tish uchun yetarlicha masofada bo‘sh ekanligiga, bu qarama–qarshi yo‘nalishdagi va shu bo‘lakdagi transport vositalarining harakatiga xalaqit bermasligiga;
shu bo‘lakda orqada kelayotgan transport vositasi quvib o‘tishni boshlamaganligiga;
oldinda harakatlanayotgan transport vositasi esa quvib o‘tish, chapga burilish (qayta tizilish) haqida ishora bermaganligiga;
quvib o‘tishni tugallayotganda quvib o‘tilayotgan transport vositasiga xalaqit bermasdan ilgari egallagan bo‘lakka qaytib o‘ta olishiga ishonch hosil qilishi shart.
13.2. Relssiz transport vositalarini faqat chap tomondan quvib o‘tishga ruxsat beriladi. Biroq chapga burilish ishorasini berib, burilishga kirishgan transport vositasini quvib o‘tish o‘ng tomondan amalga oshiriladi.
13.3. Quvib o‘tilayotgan transport vositasining haydovchisiga harakat tezligini oshirish yoki boshqa hatti–harakatlar bilan quvib o‘tishga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.
13.4. Quvib o‘tishni tugallagandan so‘ng haydovchi ilgari egallagan harakatlanish bo‘lagiga qaytishi shart (o‘ng tomondan ruxsat etilgan quvib o‘tishdan tashqari).
Biroq ushbu yo‘nalishda harakatlanish uchun ikki yoki undan ortiq bo‘lak bo‘lsa, quvib o‘tayotgan haydovchi o‘zi egallagan bo‘lakka qaytgani zahoti keyingi quvib o‘tishni boshlashga to‘g‘ri keladigan hollarda orqada o‘zidan katta tezlikda harakatlanayotgan transport vositalariga xalaqit bermasa, chap bo‘lakda harakatlanishni davom ettirishi mumkin.
13.5. Quvib o‘tish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
tartibga solingan chorrahalarda qarama–qarshi yo‘nalishda harakatlanish bo‘lagiga chiqib;
tartibga solinmaydigan chorrahalarda asosiy bo‘lib hisoblanmaydigan yo‘llarda harakatlanishda (aylanma harakatlanishli chorrahalarda quvib o‘tish, kajavasiz ikki g‘ildirakli transport vositalarini quvib o‘tish va ruxsat etilgan hollarda o‘ng tomondan quvib o‘tish bundan mustasno);
piyodalar o‘tish joylarida piyodalar bo‘lganda;
temir yo‘l kesishmalarida va ulargacha 100 metrdan kam masofa qolganda;
quvib yoki aylanib o‘tayotgan transport vositalarini;
tepalikka ko‘tarilishning oxirida va yo‘lning ko‘rinishi cheklangan boshqa joylarida qarama–qarshi harakatlanish yo‘nalishiga chiqib.
13.6. Aholi yashaydigan joylardan tashqaridagi yo‘llarda sekin harakatlanadigan yoki katta hajmli transport vositasini quvib o‘tish qiyin bo‘lgan hollarda uning haydovchisi ushbu transport vositasini iloji boricha yo‘lning o‘ng tomoniga olishi, zarur bo‘lganda esa orqasida to‘planib qolgan transport vositalarini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtashi kerak.
14. TO‘XTASh VA TO‘XTAB TURISh
14.1. Transport vositalariga yo‘lning o‘ng tomonidagi yoqasida, u bo‘lmaganda esa qatnov qismining chetida to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat beriladi.
Aholi yashaydigan joylarda yo‘llarning chap tomonida to‘xtash va to‘xtab turishga har yo‘nalishda kamida bittadan harakatlanish bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan hamda harakat faqat bir tomonlama bo‘lgan yo‘llarda ruxsat etiladi.
Ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ko‘p bo‘lgan yuk avtomobillari harakat bir tomonlama bo‘lgan yo‘llarning chap tomonida faqat yuk ortish va tushirish uchun to‘xtashlari mumkin.
14.2. Transport vositalarini qatnov qismining cheti bo‘ylab bir qator qilib, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini esa ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.
Yo‘lning qatnov qismi kengaygan ayrim joylarida boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga xalaqit bermaslik sharti bilan transport vositalarini boshqacha tartibda ham qo‘yishga ruxsat etiladi.
Piyodalar harakatiga halaqit bermaslik sharti bilan qatnov qismiga chegaradosh trotuar chetida faqat yengil avtomobillar, mototsikllar, mopedlar va velosipedlarga to‘xtab turishga ruxsat etiladi.
14.3. Aholi yashaydigan joylardan tashqarida tunab qolish, dam olish yoki boshqa maqsadlarda to‘xtab turish faqat buning uchun ko‘zda tutilgan maydonchalarda yoki yo‘ldan tashqarida ruxsat etiladi.
14.4. Quyidagi joylarda to‘xtash taqiqlanadi:
tramvay yo‘llarida, shuningdek, bevosita ularga yaqinroqda tramvaylar harakatlanishiga xalaqit beradigan bo‘lsa;
tonnellarda, temir yo‘l kesishmalarida;
bir yo‘nalishda harakatlanish uchun uchtadan kam bo‘lagi bo‘lgan ko‘priklar, osma yo‘l (estakada)lar, osma ko‘priklar va ularning ostida;
to‘xtagan transport vositasi bilan sidirg‘a chiziq (qatnov qismining chetini belgilagan chiziqdan tashqari) orasidagi masofa 3 metrdan kam bo‘lgan joylarda;
piyodalar o‘tish joylarida va ularga 5 metrdan kamroq masofa qolganda;
qatnov qismining xavfli burilishlarida;
loaqal bir yo‘nalishdagi ko‘rinish 100 metrdan kam bo‘lgan yo‘l do‘ngliklari yaqinida;
qatnov qismlari kesishmalarida va kesilayotgan qatnov qismi chetiga 5 metrdan kamroq masofa qolganda (qarama-qarshi harakat yo‘nalishlari sidirg‘a chizig‘i yoki ajratuvchi bo‘lak bilan ajratilgan yo‘lda, unga yondan tutashgan yo‘lning qarama-qarshi tomoni bundan mustasno);
bekat maydonchalariga, ular bo‘lmaganda esa harakatga xalaqit beradigan bo‘lsa, belgilangan yo‘nalishdagi transport vositalari yoki taksining to‘xtash joyi ko‘rsatkichlariga 15 metr qolganda;
transport vositasi svetofor ishoralari, yo‘l belgilarini boshqa haydovchilardan to‘sib qo‘yadigan yoki boshqa transport vositalarining harakatlanishiga (kirish va chiqishga) imkon qoldirmaydigan va piyodalarning harakatiga xalaqit beradigan joylarda;
“To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi (3.27) hamda chizig‘i (1.4) ning ta’sirlari doirasida.
14.5. To‘xtab turish quyidagi joylarda taqiqlanadi:
to‘xtash taqiqlangan joylarda;
aholi yashaydigan joylardan tashqarida 2.1 belgisi bilan belgilangan yo‘llarning qatnov qismida;
temir yo‘l kesishmalariga 50 metr qolganda;
to‘xtash va to‘xtab turishni taqiqlovchi yo‘l belgilari (3.27 — 3.30) va chiziqlari (1.4, 1.10) ta’sirlari doirasida.
14.6. To‘xtash taqiqlangan joyda majburiy to‘xtagan haydovchi transport vositasini bu joydan olib ketishning barcha choralarini ko‘rishi kerak.
14.7. Agar boshqa yo‘l harakati qatnashchilarning harakatiga xalaqit beradigan bo‘lsa yoki xavf tug‘dirsa, transport vositasining eshiklarini ochish taqiqlanadi.
14.8. Haydovchi transport vositasini o‘z–o‘zidan harakatlanishini yoki o‘zi yo‘qligida undan foydalanishni istisno qiladigan zarur ehtiyot choralarini ko‘rgandan keyingina o‘z joyini tashlab ketishi yoki transport vositasini qoldirishi mumkin.
15. ChORRAHADA HARAKATLANISh
15.1. Chapga yoki o‘ngga burilayotgan haydovchi kesishayotgan yo‘lning qatnov qismidan o‘tayotgan piyodalarga, shuningdek, velosiped yo‘lkasidan yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchilarga yo‘l berishi kerak.
15.2. Tirbandlik tufayli to‘xtashga majbur bo‘lgan haydovchi, agar u ko‘ndalang yo‘nalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik tug‘diradigan bo‘lsa, uning chorraha yoki qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi.
15.3. Miltillovchi sariq ishorada, svetoforlar ishlamayotgan yoki tartibga soluvchi bo‘lmagan chorrahalarda haydovchilar tartibga solinmaydigan chorrahalardan o‘tish qoidalariga, chorrahada o‘rnatilgan imtiyoz belgilariga amal qilishlari shart.
TARTIBGA SOLINGAN ChORRAHALAR
15.4. Svetoforning yashil ishorasida chapga burilayotgan yoki qayrilib olayotgan relssiz transport vositasining haydovchisi qarama–qarshi tomondan to‘g‘riga harakatlanayotgan va o‘ngga burilayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Tramvay haydovchilari ham o‘zaro ushbu qoidaga amal qilishlari kerak.
15.5. Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmoqning yashil ishorasidagi yo‘naltirgich yo‘nalishida harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi boshqa yo‘nalishlardagi transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
15.6. Agar svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari tramvay va relssiz transport vositalariga bir vaqtda harakatlanishga ruxsat bersa, harakatlanish yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
15.7. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasida chorrahaga kirgan haydovchi, undan chiqishdagi svetofor ishorasidan qat’i nazar, belgilangan yo‘nalishda harakatini davom ettirishi kerak. Biroq chorrahada haydovchining yuradigan yo‘lida joylashgan svetoforlar oldida to‘xtash chiziqlari (yoki 5.33 belgisi) bo‘lsa, u har bir svetofor ishorasiga amal qilishi shart.
15.8. Svetoforning ruxsat beruvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yo‘nalishda o‘tishni tugallayotgan piyodalarga yo‘l berishi shart.
TARTIBGA SOLINMAGAN ChORRAHALAR
15.9. Teng ahamiyatga ega bo‘lmagan yo‘llar kesishgan chorrahada, keyingi harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, asosiy yo‘ldan kelayotgan transport vositasiga ikkinchi darajali yo‘ldan kelayotgan transport vositasining haydovchisi yo‘l berishi kerak.
15.10. Teng ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar kesishgan chorrahada relssiz transport vositasining haydovchisi o‘ngdan kelayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart.
Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari kerak. Bunday chorrahalarda, keyingi harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
15.11. Asosiy yo‘lning yo‘nalishi chorrahada o‘zgarganda, asosiy yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar o‘zaro teng ahamiyatli yo‘llar chorrahasidan o‘tish qoidasiga amal qilishlari kerak.
Ikkinchi darajali yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilar ham o‘zaro shu qoidaga amal qilishlari lozim.
15.12. Chapga burilishda yoki qayrilib olishda relssiz transport vositasining haydovchisi teng ahamiyatli yo‘ldan qarama–qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan, shuningdek ruxsat etilgan hollarda quvib o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari kerak.
15.13. Agar haydovchi o‘zi harakatlanayotgan yo‘lning qoplamasi bor–yo‘qligini aniqlay olmasa (qorong‘i vaqt, loy, qor, va h.k.) va imtiyoz belgilari bo‘lmasa, unda u o‘zini ikkinchi darajali yo‘lda deb hisoblashi kerak.
16. PIYODALARNING O‘TISh JOYLARI VA BELGILANGAN YO‘NALIShDAGI TRANSPORT VOSITALARINING BEKATLARI
16.1. Transport vositasining haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida qatnov qismidan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l berishi shart.
16.2. Agar tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi oldida transport vositasi harakatini sekinlashtirsa yoki to‘xtatsa, qo‘shni bo‘laklarda harakatlanayotgan boshqa haydovchilar bu transport vositasi oldida piyodalar yo‘qligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina harakatlanishni davom ettirishlari mumkin.
16.3. Tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyodalarga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashga imkon berishlari kerak.
16.4. Agarda, piyodalar o‘tish joylaridan keyin paydo bo‘lgan tirbandlik tufayli haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtashga majbur bo‘ladigan bo‘lsa, bunday piyodalar o‘tish joylariga kirish taqiqlanadi.
16.5. Barcha hollarda, shu jumladan, piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida ham haydovchi oq hassa bilan ishora berayotgan ko‘zi ojiz piyodalarni o‘tkazib yuborishi kerak.
16.6. Agar yo‘lovchilarni tushirish yoki chiqarish qatnov qismida yoki unda joylashgan maydonchada amalga oshirilayotgan bo‘lsa, haydovchi bekatda to‘xtagan belgilangan yo‘nalishdagi transport vositasi eshiklari tomon borayotgan yoki undan kelayotgan piyodalarga yo‘l berishi kerak.
16.7. “Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi o‘rnatilgan transport vositasi to‘xtab turganda, unga yaqinlashayotgan haydovchi harakat tezligini kamaytirishi, zarur bo‘lsa to‘xtashi va bolalar guruhini o‘tkazib yuborishi kerak.
17. TEMIR YO‘L KESIShMALARI ORQALI HARAKATLANISh
17.1. Transport vositalarining haydovchilari temir yo‘llarni faqat temir yo‘l kesishmalari orqali poyezd (lokomotiv, drezina)larga yo‘l berib kesib o‘tishlari mumkin.
17.2. Temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashib kelayotgan haydovchi yo‘l belgilari va chiziqlariga, svetofor ishoralariga, shlagbaum holatiga, kesishma navbatchisining ko‘rsatmalariga amal qilishi, yaqinlashib kelayotgan poyezd (lokomotiv, drezina) yo‘qligiga ishonch hosil qilishi shart.
17.3. Temir yo‘l kesishmasiga kirish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
svetofor ishorasidan qat’i nazar, shlagbaum yopiq turgan yoki yopila boshlagan holatda;
shlagbaumning bor–yo‘qligidan, uning holatidan qat’i nazar, svetoforning taqiqlovchi ishorasida;
kesishma navbatchisining taqiqlovchi ishorasida (navbatchi haydovchilarga oldi yoki orqasi bilan turib tayoqchani, qizil chiroq yoki bayroqchani boshidan ko‘tarib tursa yoki qo‘llarini yonga uzatsa);
kesishmadan keyin hosil bo‘lgan tirbandlik tufayli haydovchi kesishmada to‘xtashga majbur bo‘ladigan hollarda;
agar ko‘rinish chegarasidagi masofada kesishmaga poyezd (lokomotiv, drezina) yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa.
Bundan tashqari:
kesishma oldida turgan transport vositalarining qarama–qarshi harakatlanish bo‘lagiga chiqib aylanib o‘tish;
shlagbaumni o‘zboshimchalik bilan ochish;
kesishma orqali zanjirli qishloq xo‘jaligi, yo‘l qurilishi va boshqa mashina va mexanizmlarning yurib o‘tishi (mexanik transport vositalariga yuklab olib o‘tish ruxsat etiladi);
temir yo‘l distansiyasi boshlig‘ining ruxsatisiz tezligi soatiga 8 kilometrdan kam bo‘lgan transport vositalarini olib o‘tish taqiqlanadi.
17.4. Kesishma orqali harakatlanish taqiqlangan hollarda haydovchi to‘xtash chizig‘i, 2.5 yo‘l belgisi yoki svetofor oldida, ular bo‘lmaganda shlagbaumgacha kamida 5 metr, shlagbaum bo‘lmaganda esa birinchi temir yo‘l iziga kamida 10 metr qolganda to‘xtashi kerak.
17.5. Temir yo‘l kesishmasida majburan to‘xtab qolgan transport vositasining haydovchisi darhol odamlarni tushirish va kesishmani bo‘shatish choralarini ko‘rishi kerak.
Agarda kesishmani bo‘shatishni iloji bo‘lmasa haydovchi:
imkoniyati bo‘lganda yaqinlashib kelayotgan poyezd mashinistiga to‘xtash ishorasini berish qoidasini tushuntirib, ikki kishini temir yo‘l yoqasi bo‘ylab ikkala tomonga 1000 metr masofaga (agar bir kishi bo‘lsa uni yo‘l yaxshi ko‘rinmaydigan tomonga) yuborishi;
transport vositasining yonida qolishi va umumiy xatar borligi ishorasini berishi;
poyezd ko‘ringanda to‘xtash ishorasini berib, u kelayotgan tomonga yugurishi kerak.
Eslatma: To‘xtash ishorasi qo‘lni (kunduzi yorqin mato parchasi yoki aniq ko‘rinadigan biror narsa bilan, tunda esa mash’ala yoki chiroq bilan) gir aylantirish orqali beriladi.
Umumiy xatar ishorasi bitta uzun va uchta qisqa tovush ishorasi orqali beriladi.
18. AVTOMAGISTRALLARDA HARAKATLANISh
18.1. Avtomagistrallarda quyidagilar taqiqlanadi:
piyodalar, uy hayvonlari, ot–aravalar, velosipedlar, mopedlar, traktorlar va o‘zi yurar mashinalar, texnik tavsifnomasiga yoki holatiga ko‘ra tezligi soatiga 40 kilometrdan kam bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi;
ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga birinchi va ikkinchi bo‘laklardan boshqa bo‘laklarda harakatlanishi;
5.15 yoki 6.11 belgilar bilan belgilangan maxsus to‘xtab turish maydonchalaridan boshqa joylarda to‘xtash;
ajratuvchi bo‘lakning texnologik uzilish joylariga kirish va qayrilib olish;
orqaga harakatlanish;
transport vositasini o‘rganish uchun boshqarish.
18.2. Qatnov qismida majburiy to‘xtaganda haydovchi transport vositasini Qoidalarning 9-bobi talablariga muvofiq belgilashi va bunday holatlar uchun mo‘ljallangan bo‘lakka (qatnov qismining chetini bildiruvchi chiziqdan o‘ng tomonga) olib chiqishning barcha choralarini ko‘rishi kerak.
19. TURAR–JOY DAHALARIDA HARAKATLANISh
19.1. Turar-joy dahalari (kirish va chiqish 5.38 va 5.39 belgilari bilan belgilangan hududlar)da piyodalarga trotuarlar hamda qatnov qismida harakatlanishiga ruxsat etiladi. Bunda piyodalar imtiyozga ega bo‘ladilar, biroq ular transport vositalarining harakatlanishiga asossiz xalaqit bermasliklari kerak.
19.2. Turar–joy dahalarida:
mexanik transport vositasini boshqarishni o‘rgatish;
yurgizgichi ishlab turgan holda to‘xtab turish;
ruxsat etilgan to‘la vazni 3.5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining maxsus ajratilgan, belgi yoki chiziqlar bilan belgilangan joylardan tashqarida to‘xtab turishi taqiqlanadi.
19.3. Turar–joy dahalarida haydovchilar piyodalar xavfsizligini, shuningdek, ushbu hududdagi inshoot, qurilma va o‘simliklarning shikastlanmasligini ta’minlashlari zarur.
19.4. Turar–joy dahalaridan chiqishda haydovchilar boshqa harakat qatnashchilariga yo‘l berishlari kerak.
19.5. Ushbu bo‘limdagi talablar hovlili hududlarga ham tegishlidir.
20. TIK NIShABLIK VA BALANDLIKLARDA HARAKATLANISh
20.1. 1.13 va 1.14 belgilari bilan belgilangan qiyaliklarda yo‘lda qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanishni qiyinlashtiradigan biron-bir to‘siq bo‘lsa, nishablikka harakatlanayotgan transport vositasi haydovchisi yo‘l berishi kerak.
20.2. Tik nishablikda, dovonda va 1.13 belgisi o‘rnatilgan yo‘lda to‘xtatish tizimi ishlamay qolgan transport vositalari o‘z harakatini to‘xtatish uchun 5.40 belgisi bilan belgilangan falokatli holatlar uchun yo‘lga kirishlari shart.
20.3. Yo‘lning 1.13 “Tik nishablik” yo‘l belgisi bilan belgilangan qismida uzatma yoki tishlashish mexanizmini ajratilgan holatda harakatlanish taqiqlanadi.
21. BELGILANGAN YO‘NALIShDAGI TRANSPORT VOSITALARINING IMTIYOZLARI
21.1. Tramvay yo‘li chorrahadan boshqa joylarda yo‘l qatnov qismini kesib o‘tadigan bo‘lsa, tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega bo‘ladi (depodan chiqish joylaridan tashqari).
21.2. Belgilangan yo‘nalishdagi transport vositalarining harakatlanishi uchun 5.9, 5.10.1—5.10.3 belgilari bilan ajratilgan bo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi va to‘xtashi taqiqlanadi.
Agar bu bo‘lak yo‘l qatnov qismining boshqa joyidan uzuq–uzuq chiziq bilan ajratilgan bo‘lsa, burilmoqchi bo‘layotgan transport vositalari bu bo‘lakka qayta tizilishlari kerak.
Shuningdek, bunday joylarda belgilangan yo‘nalishdagi transport vositalarining harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yo‘lga chiqish, qatnov qismining chetki o‘ng tomonida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish uchun bu bo‘lakka o‘tishga ruxsat etiladi.
21.3. Aholi yashaydigan joylarda bekatdan harakatlanishni boshlayotgan avtobus va trolleybuslarga haydovchilar yo‘l berishlari kerak. O‘z navbatida avtobus va trolleybus haydovchilari ularga yo‘l berilganligiga ishonch hosil qilganlik–laridan keyingina harakatlanishni boshlashlari mumkin.
22. TAShQI YORITISh ASBOBLARIDAN FOYDALANISh
22.1. Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda, shuningdek, tonnellarda harakatlanayotgan barcha transport vositalari:
yo‘lning yoritilmagan qismida uzoqni yoki yaqinni yorituvchi faralarini;
yo‘lning yoritilgan qismida yaqinni yorituvchi faralarini;
yo‘lning yoritilganligidan qat’i nazar, tirkamalarning gabarit chiroqlarini yoqishi kerak.
22.2. Quyidagi hollarda uzoqni yorituvchi fara yaqinni yorituvchi fara bilan almashtirilishi kerak:
aholi yashaydigan joylarda yo‘l yoritilgan bo‘lsa;
qarama–qarshi yo‘nalishdagi transport vositasiga 150 metrdan kamroq masofa qolganda, shuningdek, haydovchi transport vositasining chiroqlarini vaqti–vaqti bilan o‘chirib bunga zaruriyat borligini bildirgan hollarda undan ham ko‘proq masofada;
qarama–qarshi va bir yo‘nalishdagi haydovchilarning ko‘zini qamashtirishi mumkin bo‘lgan boshqa barcha hollarda.
Ko‘zi qamashgan haydovchi falokat yorug‘lik ishoralarini yoqishi, harakatlanish bo‘lagini o‘zgartirmasdan tezlikni kamaytirishi va to‘xtashi kerak.
22.3. Qorong‘i vaqtda yo‘lning yoritilmagan qismida, shuningdek, yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda to‘xtagan yoki to‘xtab turgan transport vositasida gabarit chiroqlari yoqilgan bo‘lishi kerak.
Etarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda gabarit chiroqlariga qo‘shimcha qilib yaqinni yorituvchi faralar, tumanga qarshi faralar va tumanga qarshi orqa chiroqlar yoqilishi mumkin.
22.4. Quyidagi hollarda tumanga qarshi faralarni qo‘llash mumkin:
yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda alohida, shuningdek uzoqni yorituvchi yoki yaqinni yorituvchi faralar bilan;
qoidalarning 22.5 bandida ko‘zda tutilgan hollarda yaqinni yorituvchi fara o‘rnida.
22.5. Kunning yorug‘ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi faralar yoqilishi kerak:
transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi safida harakatlanayotganda;
umumiy harakat oqimiga qarshi yo‘nalishda maxsus ajratilgan bo‘lakda harakatlanayotgan belgilangan yo‘nalishdagi transport vositalarida;
avtobus va yuk avtomobillarida bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;
mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida).
22.6. Fara–projektor va izlovchi faralardan faqat aholi yashaydigan joylardan tashqarida qarama–qarshi yo‘nalishdan kelayotgan transport vositalari bo‘lmaganda foydalanish mumkin.
Aholi yashaydigan joylarda esa bunday faralardan faqat xizmat vazifalarini bajarayotgan tezkor va maxsus xizmat transport vositalarining haydovchilariga foydalanishga ruxsat etiladi.
22.7. Tumanga qarshi orqa chiroqlarni faqat yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda qo‘llash mumkin. Orqadagi to‘xtash chiroqlari (stop–signal)ga tumanga qarshi orqa chiroqlarni ulash taqiqlanadi.
22.8. “Avtopoyezd” taniqlik belgisi avtopoyezd harakatlanayotganda, kunning qorong‘i vaqtida esa yo‘lda to‘xtash va to‘xtab turish paytida ham yoqib qo‘yilishi kerak.
22.9. Zarg‘aldoq yoki sariq rangli miltillovchi chiroq–mayoqcha yo‘lda qurilish, ta’mirlash yoki tozalash ishlari olib borayotgan, shuningdek, og‘ir vaznli, katta o‘lchamli yoki xavfli yuklarni tashish qoidalarida ko‘zda tutilgan hollarda ularni tashiyotgan transport vositalarida yoqilishi kerak.
23. MEXANIK TRANSPORT VOSITALARINI ShATAKKA OLISh
23.1. Qattiq yoki egiluvchan ulagich yordamida shatakda olib yurish shatakka olingan transport vositasining rul boshqaruvida haydovchi bo‘lgandagina amalga oshirilishi kerak. Qattiq ulagichning tuzilishi (konstruksiyasi) shatakka olingan transport vositasini shatakka olgan transport vositasining izidan borishini ta’minlagan hollar bundan mustasno.
23.2. Qattiq yoki egiluvchan ulagich yordamida shatakka olingan avtobusda, trolleybusda va yuk avtomobili yukxonasida odam tashish, qisman ortish yo‘li bilan shatakka olishda esa shatakka olingan transport vositasining kabinasida va yukxonasida, shuningdek, shatakka olgan transport vositasining yukxonasida odamlar bo‘lishi taqiqlanadi.
23.3. Egiluvchan ulagich bilan shatakka olishda shatakka olgan va shatakka olingan transport vositalari o‘rtasidagi masofa 4—6 metr oralig‘ida bo‘lishi, qattiq ulagich yordamida esa 4 metrdan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Egiluvchan ulagichga Qoidalarning 28.4 bandiga muvofiq taxtacha yoki bayroqcha qo‘yilishi kerak.
23.4. Shatakka olish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
rul boshqaruvi ishlamayotgan transport vositalarini (qisman ortish usuli bilan shatakka olish bundan mustasno);
ikki va undan ko‘proq transport vositalarini;
shatakka olingan va shatakka olgan transport vositalarining ulagich bilan birga umumiy uzunligi 24 metrdan ortiq bo‘lsa;
to‘xtatish tizimi ishlamayotgan transport vositasining haqiqiy vazni shatakka olgan transport vositasining haqiqiy vaznining yarmidan ortiq bo‘lsa (haqiqiy vazni kam bo‘lgan bunday transport vositasini faqat qattiq ulagich yordamida yoki qisman ortish usuli bilan shatakka olish bundan mustasno);
kajavasiz mototsikllar bilan, shuningdek, bunday mototsikllarni;
yo‘l yaxmalak, sirpanchiq bo‘lgan hollarda egiluvchan ulagichda.
24. TRANSPORT VOSITALARINI BOShQARIShNI O‘RGATISh
24.1. Transport vositalarini boshqarishni dastlabki o‘rgatish yopiq maydonchalarda yoki avtodromlarda o‘tkazilishi kerak.
24.2. Yo‘llarda boshqarishni o‘rgatishga faqat yo‘riqchi ishtirokida, o‘rganuvchi dastlabki boshqaruv malakasini yetarlicha egallagandan so‘nggina ruxsat etiladi. O‘rganuvchi Qoidalar talablarini bilishi va ularga amal qilishi shart.
24.3. Boshqarishni o‘rgatayotgan yo‘riqchi o‘rgatish huquqini beruvchi hujjatga, shu toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga va u bevosita 3 yillik haydovchilik faoliyatiga ega bo‘lishi kerak.
24.4. Haydovchilarni tayyorlash mashg‘ulotlari o‘quv yakunida avtomobil boshqarishni o‘rganuvchi 18 yoshga, avtobus, tramvay va trolleybus boshqarishni o‘rganuvchi 21 yoshga, mototsikl boshqarishni o‘rganuvchi esa 16 yoshga to‘ladigan shaxslar bilan olib boriladi.
24.5. Boshqarishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mexanik transport vositalari “Boshqarishni o‘rgatish transport vositasi” taniqlik belgisi va yo‘riqchi uchun orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgu bilan jihozlanishi kerak. Bundan tashqari boshqarishni o‘rgatish transport vositalarida yo‘riqchi uchun qo‘shimcha ulovchi (ssepleniye) va to‘xtatish tepkilari ham bo‘lishi kerak.
24.6. Boshqarishni o‘rgatish yo‘nalishlari Davlat avtomobil nazorati organlari bilan kelishilishi shart. Boshqa yo‘llarda boshqarishni o‘rgatish taqiqlanadi.
25. ODAM TAShISh
25.1. Yuk avtomobilining yukxonasida odam tashish “S” toifasidagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan, odamlar soni kabinadagilarni ham qo‘shib hisoblaganda 8 nafardan ortiq bo‘lganda esa “S” va “D” toifasidagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan va shu toifadagi transport vositalaridan birini 3 yildan ortiq boshqargan haydovchilar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Eslatma: Harbiy haydovchilarning yuk avtomobillarda odam tashishiga yo‘l qo‘yish Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25.2. Odam tashish uchun mo‘ljallangan yuk avtomobili yukxonasi bortining balandligidan 30 santimetr pastda joylashgan o‘rindiqlar bilan jihozlanishi, ikki yon va orqa bortdagi o‘rindiqlar mustahkam suyanchiqqa ega bo‘lishi kerak.
25.3. Tashiladigan odamlar soni jihozlangan o‘rindiqlar sonidan oshmasligi kerak.
25.4. Harakatni boshlashdan oldin haydovchi yo‘lovchilarga avtomobilga chiqish, undan tushish va unga joylashish tartibi haqida tushuntirish berishi kerak.
Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo‘lovchilarni xavfsiz tashish sharoiti ta’minlanganligiga ishonch hosil qilishi kerak.
25.5. Odam tashishga moslashtirilmagan yuk avtomobillarining yukxonasida faqat yukni olish uchun borayotgan yoki uni kuzatib borayotgan shaxslarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi, bunda ular bortlardan pastda joylashgan o‘rindiqlar bilan ta’minlanishlari kerak.
25.6. Avtobuslarda yoki furgon–yukxonali yuk avtomobillarida bolalarni tashishda katta yoshli kuzatib boruvchi shaxs, bortli yuk avtomobilining kuzovida tashishda esa kamida ikki nafar katta yoshli kuzatib boruvchi shaxs bo‘lishi shart. Bunday transport vositalarining oldi va orqa tomoniga “Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi o‘rnatilishi kerak.
Bolalarni yuk avtomobillarida tashishda esa ushbu talablarga qo‘shimcha ravishda bort balandligi 1 (bir) metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
25.7. Haydovchi transport vositasi to‘la to‘xtagandan keyin odamlarni tushirishi va chiqarishi, eshiklar yopilgandan so‘nggina harakatlanishni boshlashi va to‘la to‘xtamaguncha ularni ochmasligi shart.
25.8. Odamlarni tashish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
avtomobilning kabinasidan tashqarida (bortli yuk yoki furgon–yukxonali avtomobillarda odam tashishdan tashqari);
traktorlar va boshqa o‘zi yurar mashinalar, yuk tashiladigan tirkamalar, tirkama–uycha, yuk mototsikllari yukxonasida;
mototsikllarning konstruksiyasida ko‘zda tutilgan joylaridan tashqarida;
12 yoshga to‘lmagan bolalarni mototsiklning orqa o‘rindig‘ida, shuningdek yengil avtomobilga bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma o‘rnatilmagan bo‘lsa, uning oldingi o‘rindig‘ida;
12 yoshga to‘lmagan bolalarni hisobga olmaganda transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘zda tutilgan miqdordan ortiq.
Bunda transport vositasining haqiqiy vazni uni ishlab chiqargan korxona belgilagan ruxsat etilgan to‘la vazndan ortmasligi kerak.
26. YuK TAShISh
26.1. Tashilayotgan yukning vazni va o‘qlarga tushadigan og‘irlik miqdorining taqsimlanishi transport vositasini ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.
26.2. Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yukning to‘g‘ri joylashganligi va mahkamlanganligiga ishonch hosil qilishi, harakatlanish vaqtida esa yukning tushib ketmasligini va harakatlanishga xalaqit bermasligini ta’minlash maqsadida uning holatini kuzatib borishi kerak.
26.3. Quyidagi shartlarga amal qilinganda yuk tashishga yo‘l qo‘yiladi:
haydovchiga tevarak–atrof ko‘rinishini cheklamasa;
transport vositasini boshqarishni qiyinlashtirmasa va muvozanatini buzmasa;
tashqi yoritish asboblari va yorug‘lik qaytargichlarini, davlat raqami belgilarini va taniqlik belgilarni, shuningdek, ishoralarni va qo‘l bilan beriladigan ishoralarni ko‘rishni to‘smasa;
shovqin solmasa, chang ko‘tarmasa, yo‘lni va atrof–muhitni iflos qilmasa.
Agar yukning joylashuvi va holati qayd etilgan talablarga javob bermasa, haydovchi yuqorida sanab o‘tilgan qoidalar buzilishini bartaraf etish choralarini ko‘rishi, uning iloji bo‘lmasa, bundan keyingi harakatlanishni to‘xtatishi shart.
26.4. Transport vositasining gabaritlaridan oldi yoki orqa tomonga 1 metrdan, gabarit chiroqlarining chetki qismidan 0,4 metrdan ortiq chiqib turgan yuk ushbu Qoidalarning 28.3 bandiga muvofiq “Katta o‘lchamli yuk” belgisi bilan belgilanishi, qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda esa bunga qo‘shimcha qilib oldi oq chiroq yoki yorug‘lik qaytargich, orqasi esa qizil chiroq yoki yorug‘lik qaytargich bilan belgilanishi kerak.
26.5. Og‘ir, katta o‘lchamli yoki o‘ta xavfli yuklarni tashish uchun tasarrufida avtomobil yo‘llari bo‘lgan yuridik shaxslarning hamda ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi talab qilinadi.
(26.5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-oktabrdagi 276-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 550-modda)
27. VELOSIPED VA ARAVALAR HARAKATLANIShI, ShUNINGDEK, HAYVONLARNI HAYDAB O‘TIShGA DOIR QO‘ShIMChA TALABLAR
27.1. Yo‘lda velosiped, aravani boshqarish, hayvonlarni haydab o‘tish yoki ularni minib o‘tish 14 yoshga to‘lgan, mopedni boshqarish esa 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.
27.2. Velosipedlar, mopedlar, aravalarni boshqarish, hayvonlarni minib borish yoki haydab ketish paytida yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagida imkoni boricha o‘ng tomonidan bir qator bo‘lib harakatlanishga yo‘l qo‘yiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasida ham harakatlanishga ruxsat etiladi.
Yo‘lning qatnov qismida harakatlanishda velosipedchilar, aravalar jamlanmasi, minib olingan hayvonlar guruhlari va haydab ketilayotgan hayvonlar to‘dasi, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan hamda ularni quvib o‘tishni osonlashtiradigan guruhlarga bo‘linishi kerak.
27.3. Velosiped tovush bergich moslamasi bilan jihozlangan va uning tormozi soz bo‘lishi zarur. Qorong‘i vaqtda va yetarli ko‘rinmaslik sharoitida velosipedning old tomoniga oq rangli, orqa tomoniga qizil rangli chiroqcha yoki qizil rangli nur qaytargich, yon tomonlariga esa zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.
27.4. Velosiped va moped haydovchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
rulni bir qo‘lda ushlab harakatlanish (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno);
yo‘lovchi tashish (ishonchli oyoq qo‘ygich bilan jihozlangan qo‘shimcha o‘rindiqda 7 yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchini tashish bundan mustasno);
gabaritdan bo‘yiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish;
velosiped yo‘lkasi bo‘lgani holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanish;
tramvaylar harakatlanadigan yo‘llarda va tegishli yo‘nalishda bo‘lagi bittadan ko‘p bo‘lgan yo‘llarda chapga burilish yoki qayrilib olish;
velosipedlarni va mopedlarni shatakka olish, shuningdek, ulardan shatakka olishda foydalanish, (velosiped yoki mopedlarga mo‘ljallangan tirkamalar bundan mustasno).
27.5. Chorrahadan tashqaridagi harakat tartibga solinmaydigan joyda velosiped yo‘lkasida borayotgan velosiped va moped haydovchilari bu yo‘lka bilan kesishgan yo‘llarda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishlari kerak.
27.6. Ot–aravalarda orqaga tisarilib ketishga yo‘l qo‘ymaydigan tirgaklar va uni to‘xtatib turadigan moslama bo‘lishi kerak.
Qorong‘i vaqtda va yetarli ko‘rinmaslik sharoitida yo‘lda harakatlanayotgan ot–aravaning old tomoniga oq rangli chiroqcha yoki ikkita nur qaytargich, orqa tomoniga esa qizil rangli chiroqcha yoki ikkita nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.
Yondosh hududdan yoki ikkinchi darajali yo‘ldan ko‘rinish cheklangan joylarda yo‘lga chiqayotgan arava haydovchisi hayvonlarning jilovini qo‘yib yubormasligi kerak.
27.7. Hayvonlar yo‘llarda asosan kunning yorug‘ vaqtida haydab boriladi. Podachilar hayvonlarni mumkin qadar yo‘lning o‘ng chetidan olib yurishlari kerak.
27.8. Temir yo‘l kesishmalari orqali o‘tishda podachilar sonini hisobga olgan holda hayvonlar podasi xavf–xatarsiz haydab o‘tilishi ta’minlanadigan to‘dalarga bo‘linishi lozim.
27.9. Aravani boshqarayotgan, hayvonlarni minib yoki haydab ketayotgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
yo‘llarda hayvonlarni nazoratsiz qoldirish;
podani temir yo‘ldan va yo‘lda maxsus ajratilmagan joylardan, shuningdek, ruxsat etilgan joylarda esa qorong‘i vaqtda va yetarli ko‘rinmaslik sharoitida haydab o‘tish;
hayvonlarni mukammal qoplamali yo‘llardan haydab borish;
ko‘kalamzorlashtirilgan joylarda (yo‘l, yo‘l yoqasi, ajratuvchi bo‘lak va h.k.) hayvonlarni boqish va bog‘lab qo‘yish.
28. MANSABDOR ShAXSLAR VA FUQAROLARNING YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh, TRANSPORT VOSITALARINI YO‘LGA ChIQARISh, ULARGA RAQAM VA TANIQLIK BELGILARINI O‘RNATISh BO‘YIChA VAZIFALARI
28.1. Mexanik transport vositalari va tirkamalari, ularning texnik holatidan qat’i nazar, xarid qilingan yoki bojxonada rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab 10 kun mobaynida DANda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
28.2. Mexanik transport vositalari (tramvay, trolleybuslardan tashqari) va tirkamalarning ko‘zda tutilgan joylarida tegishli namunadagi raqam belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Avtomobilda esa old peshoynaning o‘ng tomonidagi yuqori burchagiga davlat texnik ko‘rigidan o‘tganligi haqidagi talon ham o‘rnatilishi kerak.
Yuk avtomobillari, tirkamalar (yengil avtomobillar va mototsikllar tirkamalaridan tashqari) va avtobuslar (mikroavtobuslardan tashqari) kuzovining orqa devoriga uning raqam belgisi va harfi yozilishi kerak. Raqamning balandligi 300 mm, raqamlar kengligi 120 mm, chiziqning yo‘g‘onligi 30 mm, harflar balandligi esa raqam o‘lchamlarining 2/3 qismiga teng bo‘lishi lozim.
Tramvay va trolleybuslarga tegishli tashkilot tomonidan ro‘yxatga olingan raqamlar yoziladi.
28.3. Transport vositalariga quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan taniqlik belgilari o‘rnatilishi kerak:
“Avtopoyezd” – yuk avtomobillari va g‘ildirakli traktor (1,4 tonna va undan yuqori)larda tirkama bo‘lganda, shuningdek, tutashtirilgan avtobus va trolleybus kabinalari tomining old qismi o‘rtasiga bir qator qilib 150 dan 300 millimetrgacha oraliqda ko‘ndalang joylashgan uchta zarg‘aldoq rangli chiroq yoki ichidan yoritiladigan, tomonlarining har biri 250 millimetr bo‘lgan sariq rangli uchburchak shaklidagi belgi;
“Turumlangan” (tishli, shipli) – turumlangan shinali mexanik transport vositasining orqasiga tomonlari teng, ichiga qora rangda “T” harfi tushirilgan, qizil xoshiyali oq rangdagi uchburchak shaklidagi belgi;
Uchburchakning tomonlari transport vositasining turiga qarab 200–300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak.
“Bolalar guruhini tashish” – avtobus yoki maxsus jihozlangan yuk avtomobillarida bolalar tashilganda, transport vositasining old va orqa tomonlariga qizil hoshiyali, ichiga 1.21 yo‘l belgisidagi bolalar timsolining tasviri tushirilgan, sariq rangdagi to‘rtburchak ko‘rinishidagi belgi;
to‘rtburchakning tomonlari 250–300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi to‘rtburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak.
“Kar haydovchi” — kar-soqov yoki kar haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomonlariga ichiga diametri 40 millimetr bo‘lgan uchta qora doira tushirilgan, diametri 160 millimetrni tashkil etgan sariq rangli doira shaklidagi belgi;
“Boshqarishni o‘rgatish transport vositasi” — boshqarishni o‘rgatishda foydalanadigan transport vositalarining old va orqa tomoniga ichiga qora rangda “O'” harfi tushirilgan, transport vositasining turiga qarab tomonlari 200 millimetrdan 300 millimetrgacha bo‘lgan, qizil hoshiyali oq rangli uchburchak shaklidagi belgi;
“Tezlik cheklangan” – juda og‘ir, xavfli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, shuningdek, transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezligi Qoidalarning 12.2, 12.3 va 12.4 bandlarida belgilangan tezlikdan past bo‘lgan hollarda transport vositasi kuzovi orqa devorining chap tomoniga 3.24 – “Yuqori tezlik cheklangan” yo‘l belgisining kichraytirilgan rangli tasviri tushirilgan shaklidagi belgi;
Belgining diametri 160 millimetrdan kam bo‘lmasligi, hoshiyasining kengligi belgi diametrining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak.
“Xavfli yuk” — xavfli yukni tashiyotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatilgan o‘lchami 690x300 millimetr, zarg‘aldoq rangli o‘ng qismi 400x300 millimetr bo‘lgan, chap qismi esa yukning xavfli xususiyatini bildirib turgan belgilar tushirilgan qora xoshiyali (kengligi 15 millimetr) oq rangdagi to‘rtburchak shaklidagi belgi (4-ilova);
“Katta o‘lchamli yuk” — ichiga kengligi 50 millimetrli, diagonal bo‘yicha galma–gal joylashgan qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, nur qaytaradigan yuzali, o‘lchami 400x400 millimetrli to‘rtburchak shaklidagi belgi;
“Uzun o‘lchamli transport vositasi” – yukli yoki yuksiz uzunligi 20 metrdan oshadigan transport vositasining, ikki yoki undan ko‘proq tirkamali avtopoyezdlarning orqasiga kengligi 40 millimetr bo‘lgan qizil hoshiyali, o‘lchami 1200x200 millimetr bo‘lgan, tarkibning tasviri tushirilgan sariq rangli to‘rtburchak shaklidagi belgi;
ko‘rsatilgan o‘lchamli belgini joylashtirishning imkoniyati bo‘lmasa, bir xil ikkita 600x200 millimetrli o‘lchamdagi belgini transport vositasining o‘qiga simmetrik ravishda o‘rnatishga yo‘l qo‘yiladi.
“Falokat sababli to‘xtash” – miltillovchi qizil chiroq va davlat standarti talablari asosidagi uchburchak shaklidagi belgi.
Haydovchilarning xohishiga ko‘ra quyidagi taniqlik belgilari o‘rnatilishi mumkin:
“Shifokor” – shifokor–haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatiladigan, tomonlari 140 millimetrdan bo‘lgan ko‘k rangli to‘rtburchak ichida, diametri 90 millimetrli oq doiraga qalinligi 25 millimetrli qizil xoch tasviri tushirilgan belgi;
“Nogiron” – birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatiladigan barcha tomonlari 150 millimetrdan bo‘lgan va qora rangdagi 7.17 yo‘l belgisining tasviri tushirilgan sariq rangli to‘rtburchak shaklidagi belgi;
28.4. Mexanik transport vositalarini shatakka olishda egiluvchan ulagichni ko‘rsatadigan ogohlantiruvchi qurilma o‘lchami 200x200 millimetr bo‘lgan, diagonali bo‘yicha ketma–ket joylashgan 50 millimetr qalinlikdagi qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, yorug‘lik qaytaradigan yuzali bayroqchalar yoki taxtachalar ko‘rinishida tayyorlanishi kerak.
Egiluvchan ulagichning har bir metriga bittadan ogohlantiruvchi qurilma o‘rnatiladi.
28.5. Qattiq ulagichli qurilmaning tuzilishi davlat standarti talablariga mos bo‘lishi kerak.
28.6. Quyidagi hollarda transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:
agar avtomobillar, avtobuslar, avtopoyezdlar, tirkamalar, mototsikllar, mopedlar, traktorlar va boshqa o‘ziyurar mashinalarning texnik holati va jihozlanishi 3–ilovadagi transport vositalaridan foydalanishni taqiqlaydigan shartlar ro‘yxatining biron–bir talabiga javob bersa;
trolleybus va tramvaylarda tegishli texnik foydalanish qoidalarida ko‘zda tutilgan nosozliklardan birortasi bo‘lsa;
transport vositalari davlat texnika ko‘rigidan o‘tmagan, shuningdek, tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan bo‘lsa;
transport vositalari davlat avtomobil nazorati organlarining ruxsatisiz miltillovchi chiroq–mayoqcha va maxsus tovushli ishora bilan jihozlangan, kuzovining yon tomoniga DAN bilan kelishmasdan qiya oq chiziq tortilgan, ko‘zda tutilmagan joylarga tegishli raqam belgilari o‘rnatilgan, agregat va qismlarining raqamlari yoki raqam belgilari ko‘rinmaydigan, qalbakilashtirilgan, o‘zgartirilgan bo‘lsa.
28.7. Transport vositalarining texnik holatiga va ulardan foydalanishga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
texnik nosozligi tufayli foydalanish taqiqlangan, tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki davlat texnika ko‘rigidan o‘tkazilmagan transport vositalarini yo‘lga chiqarish;
yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday mastlik (alkogol, giyohvand va boshqalar) holatida yoki sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori–darmonlar ta’sirida, charchoqlik yoki betoblik holatida, shuningdek, tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan, belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, giyohvand yoki spirtli ichimliklarni surunkali istemol qiluvchi shaxs sifatida hisobda turgan shaxslarni transport vositasini boshqarishga qo‘yish;
asfalt yoki sement–beton qoplamali yo‘llarga zanjirli traktor va boshqa o‘zi yurar mexanizmlarni chiqarish.
28.8. Yo‘llar, temir yo‘l kesishmalari va boshqa yo‘l inshootlarining holatiga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslar:
yo‘llar, temir yo‘l kesishmalari va boshqa yo‘l inshootlarini yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan holatda saqlashga;
yo‘l harakatiga halaqit beradigan har qanday to‘sqinlik vujudga kelsa ularni o‘z vaqtida bartaraf etish, yo‘lning ayrim qismlarida ulardan foydalanish yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan hollarda harakatni cheklash yoki taqiqlash choralarini ko‘rishga majburdirlar.
28.9. Yo‘llarda ta’mirlash ishlarini bajarishga javobgar mansabdor va boshqa shaxslar ishlar olib borilayotgan joyda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga majburdirlar. Bunday joylar, shuningdek, yo‘ldan tashqariga olib chiqish imkoniyati bo‘lmagan ish bajarmayotgan yo‘l mashinalari, qurilish materiallari, qurilma va shunga o‘xshashlar tegishli yo‘l belgilari, yo‘naltiruvchi va to‘suvchi moslamalar bilan, sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida esa qo‘shimcha qizil yoki sariq chiroqli ishoralar bilan belgilanishi kerak.
Ta’mirlash ishlari tugallangandan so‘ng yo‘llarda transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlangan bo‘lishi kerak.
28.10. Amaldagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda tegishli mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan DAN organlari bilan belgilangan tartibda quyidagilar kelishiladi:
shaharlarda va avtomobil yo‘llarida harakatni tashkil etishni loyihalash, yo‘llarni harakatni tashkil etuvchi texnik vositalar bilan jihozlash;
yo‘llarni, yo‘l inshootlarini qurish, qayta rekonstruksiya kilish va ta’mirlash ishlarini loyihalash;
yo‘lning bevosita yaqinida (tashqi reklamani joylashtirish joylaridan tashqari) ko‘rishni cheklovchi yoki piyodalar harakatini qiyinlashtiradigan joylarga kioskalar, transparantlar, plakatlar va shu kabilarni o‘rnatish;
(28.10-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
yo‘nalishli transport vositalari yo‘nalishlari va bekatlarining joylanishi;
yo‘llarda ommaviy, sport va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
transport vositalarini qayta jihozlash, ularga maxsus yorug‘lik va tovush ishoralarini o‘rnatish, transport vositalari kuzovining yon tomoniga qiya oq chiziqlar tortish;
mazkur Qoidalarning 26.5 bandida keltirilgan transport vositalarining harakatlanishi;
boshqarishni o‘rgatish ruxsat etilgan yo‘llar ro‘yxati va chizmasi;
yo‘llarda transport vositalari va piyodalarning harakatiga xavf tug‘diruvchi har qanday ishlarni olib borish.
Yo‘l harakati qoidalariga
1-ILOVA
YO‘L BELGILARI
1.Ogohlantiruvchi belgilar
Ogoxlantiruvchi belgilar yo‘l harakati qatnashchilariga yo‘lning harakatlanishda vaziyatga qarab chora ko‘rishni talab qiladigan xavfli qismlarining joylashuvi hamda ularning xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumot berish uchun qo‘llaniladi.
1.1. “Shlagbaumli temir yo‘l kesishmasi”.
1.2. “Shlagbaumsiz temir yo‘l kesishmasi”.
1.3.1. “Bir izli temir yo‘l”.
1.3.2. “Ko‘p izli temir yo‘l”.
Shlagbaum bilan jihozlanmagan temir yo‘l kesishmasi oldida o‘rnatiladi. 1.3.1 — bir izli yo‘l, 1.3.2 — ikki va undan ortiq izli yo‘l.
1.4.1—1.4.6. “Temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashuv”.
Aholi yashamaydigan joylarda temir yo‘l kesishmasining yaqinligi haqida qo‘shimcha ogoxlantirish.
1.5. “Tramvay yo‘li bilan kesishuv”.
1.6. “Teng ahamiyatli yo‘llar kesishuvi”.
1.7. “Aylanma harakatlanish bilan kesishuv”.
1.8. “Svetofor tartibga soladi”. Harakat svetofor orqali tartibga solingan chorraha, piyodalar o‘tish joyi yoki yo‘l qismi.
1.9. “Ko‘tarma ko‘prik”. Ko‘tarma ko‘prik yoki solda kesib o‘tish.
1.10. “Sohilga chiqish”. Daryo yoki suv havzasi qirg‘og‘iga chiqish.
1.11.1, 1.11.2. “Xavfli burilish”. Yo‘lning kichik radiusli yoki ko‘rinish cheklangan burilish joyi: 1.11.1 — o‘ngga, 1.11.2 — chapga.
1.12.1, 1.12.2 “Xavfli burilishlar”. Yo‘lning xavfli burilishlari bo‘lgan qismi. 1.12.1 — birinchi burilish o‘ngga, 1.12.2 — birinchi burilish chapga.
1.13. “Tik nishablik”.
1.14. “Tik balandlik”.
1.15. “Sirpanchiq yo‘l”. Yo‘lning o‘ta sirpanchiq bo‘lgan qismi.
1.16. “Notekis yo‘l”. Qatnov qismi notekis bo‘lgan yo‘l (o‘nqir-cho‘nqir, o‘ydim-chuqur joylar, ko‘prikning yo‘lga notekis tutashuvi va shu kabilar).
1.17. “Tosh otilishi xavfi”. Mukammal qoplamali yo‘l qismida transport vositasi g‘ildiragi ostidan shag‘al, tosh va shunga o‘xshashlarning otilib chiqish ehtimoli.
1.18.1 — 1.18.3. “Yo‘lning torayishi”. 1.18.1 — ikki tomonlama torayish; 1.18.2 — o‘ngga torayish va 1.18.3 — chapga torayish.
1.19. “Ikki tomonlama harakatlanish”. Yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish qismining boshlanishi.
1.20. “Piyodalar o‘tish joyi”. 5.16.1, 5.16.2 belgilari va (yoki) 1.14.1 — 1.14.3 chiziqlari bilan belgilangan piyodalar o‘tish joyi.
1.21. “Bolalar”. Bolalar muassasasi (maktablar, bolalarning dam olish manzillari va shunga o‘xshashlar)ga yaqin yo‘lning qatnov qismidan bolalarning chiqib qolish ehtimoli.
1.22. “Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv”.
1.23. “Ta’mirlash ishlari”.
1.24. “Mol haydab o‘tish”.
1.25. “Yovvoyi hayvonlar”.
1.26. “Toshlar tushishi”.
1.27. “Yonlama shamol”.
1.28. “Pastlab uchuvchi samolyotlar”.
1.29. “Tonnel”. Sun’iy ravishda yoritilmagan yoki kiraverish peshtog‘ining ko‘rinishi cheklangan tonnel.
1.30. “Boshqa xavf-xatarlar”. Ogohlantiruvchi belgilarda ko‘zda tutilmagan xavf-xatarlar bo‘lgan yo‘l qismi.
1.31.1, 1.31.2. “Burilishning yo‘nalishi”. Kichik radiusda qurilgan, ko‘rinishi cheklangan yo‘lda harakatlanish yo‘nalishi. Yo‘lning ta’mirlanayotgan qismini aylanib o‘tish yo‘nalishi.
1.31.3. “Burilishning yo‘nalishi”. “T” simon chorrahada yoki yo‘l ayrilishlarida harakatlanish yo‘nalishi. Yo‘lning ta’mirlanayotgan qismini aylanib o‘tish yo‘nalishi.
1.1, 1.2, 1.5 — 1.30 ogohlantiruvchi belgilar aholi yashaydigan joylarda xavfli joydan 50—100 metr, aholi yashaydigan joylardan tashqarida esa 150—300 metr oldin o‘rnatiladi. Zarurat bo‘lganda bu belgilar 7.1.1 qo‘shimcha belgida ko‘rsatilgan boshqa masofada ham o‘rnatilishi mumkin.
Agar nishablik va balandlik ketma-ket keladigan bo‘lsa, 1.13 va 1.14 belgilari bevosita nishablik va balandlik oldiga o‘rnatilishi mumkin.
Aholi yashaydigan joylardan tashqarida 1.1, 1.2, 1.9, 1.10, 1.21 va 1.23 belgilari takrorlanadi. Ikkinchi belgi yo‘lning xavfli qismi boshlanishiga kamida 50 metr qolganda o‘rnatiladi.
Agar qatnov qismida qisqa muddatli yo‘l ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, 1.23 belgisi ish bajarilayotgan joyga 10—15 metr masofa yetmasdan (7.11 qo‘shimcha belgisiz) o‘rnatilishi mumkin.
1.3.1 va 1.3.2 belgilari bevosita temir yo‘l kesishmasining oldiga o‘rnatiladi.
2. Imtiyoz belgilari
Imtiyoz belgilari — chorrahalarda, alohida joylashgan qatnov qismlari kesishgan joylarda, shuningdek, yo‘lning tor qismida yo‘l harakati qatnashchilarining harakatlanish navbatini belgilash uchun qo‘llaniladi.
2.1. “Asosiy yo‘l”. Harakat tartibga solinmagan chorrahalarda ikkinchi darajali yo‘lda harakatlanayotgan transport vositasidan oldin o‘tish huquqi beriladigan yo‘lning boshlanishi.
2.2. “Asosiy yo‘lning oxiri”.
2.3.1. “Ikkinchi darajali yo‘l bilan kesishuv”.
2.3.2. 2.3.3. “Ikkinchi darajali yo‘lning tutashuvi”. 2.3.2 — tutashuv o‘ngdan, 2.3.3 — tutashuv chapdan.
2.4. “Yo‘l bering!” Haydovchi kesib o‘tilayotgan yo‘ldan, 7.13 qo‘shimcha belgisi bo‘lganda esa asosiy yo‘ldan kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
2.5. “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan”. To‘xtash chizig‘i oldida, agar u bo‘lmasa, kesib o‘tiladigan qatnov qismining chetida to‘xtamasdan harakatlanish taqiqlanadi. Haydovchi kesib o‘tilayotgan yo‘lda 7.13 qo‘shimcha belgisi bo‘lganda esa asosiy yo‘ldan chiqayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
Bu belgi temir yo‘l kesishmasi yoki karantin maskanidan oldin o‘rnatilishi mumkin. Bunday hollarda haydovchi to‘xtash chizig‘i oldida, u bo‘lmasa, belgi oldida to‘xtashi kerak.
2.6. “Ro‘para harakatlanishning ustunligi”. Qarama-qarshi harakatlanishni qiyinlashtiradigan hollarda yo‘lning tor qismiga kirish taqiqlanadi. Haydovchi yo‘lning tor qismida bo‘lgan yoki ro‘paradan harakatlanayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
2.7. “Ro‘paradagi harakatlanishga nisbatan imtiyoz”. Yo‘lning tor qismida harakatlanmoqchi bo‘lgan haydovchi ro‘paradan kelayotgan transport vositasidan oldin o‘tish huquqiga ega.
3. Taqiqlovchi belgilar
Taqiqlovchi belgilar yo‘l harakatiga ma’lum cheklanishlar kiritish yoki ularni bekor qilish uchun qo‘llaniladi.
3.1. “Kirish taqiqlangan”. Barcha transport vositalarining kirishi taqiqlanadi.
3.2. “Harakatlanish taqiqlangan”. Barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
3.3. “Mexanik transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan”.
3.4. “Yuk avtomobillarining harakatlanishi taqiqlangan”. To‘la vazni 3,5 tonnadan (agar vazni belgida ko‘rsatilmagan bo‘lsa) yoki to‘la vazni belgida ko‘rsatilgandan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari va transport vositalari tizimlarining, shuningdek, traktorlar, o‘ziyurar moslamalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
Bu belgi bortlariga qiya oq chiziq tortilgan yoki odamlarni tashiyotgan yuk avtomobillarining harakatlanishini taqiqlamaydi.
3.5. “Mototsikllar harakatlanishi taqiqlangan”.
3.6. “Traktorlar harakatlanishi taqiqlangan”. Traktorlar, o‘ziyurar moslamalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
3.7. “Tirkama bilan harakatlanish taqiqlangan”. Yuk tashuvchi transport vositalari, traktorlarning barcha turdagi tirkamalar bilan harakatlanishi, shuningdek, mexanik transport vositalarini har qanday usulda shatakka olish taqiqlanadi.
3.8. “Ot-arava harakatlanishi taqiqlangan”. Ot-arava (chana), otliqlar, yuk ortilgan hayvonlarning harakatlanishi, shuningdek, mol (poda) haydab o‘tish taqiqlanadi.
3.9. “Velosipedda harakatlanish taqiqlangan”. Velosiped va mopedlarning harakatlanishi taqiqlanadi.
3.10. “Piyodalarning harakatlanishi taqiqlangan”.
3.11. “Vazn cheklangan”. Haqiqiy umumiy vazni belgida ko‘rsatilgandan ortiq bo‘lgan transport vositalarining, shuningdek, transport vositalari tizimlarining harakatlanishi taqiqlanadi.
3.12. “O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan”. Birorta o‘qiga tushadigan haqiqiy og‘irligi belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
3.13. “Cheklangan balandlik”. Gabarit balandligi (yuk bilan yoki yuksiz) belgida ko‘rsatilgandan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
3.14. “Cheklangan kenglik”. Gabarit kengligi (yuk bilan yoki yuksiz) belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
3.15. “Cheklangan uzunlik”. Gabarit uzunligi (yukli yoki yuksiz) belgida ko‘rsatilgandan ortiq bo‘lgan transport vositalari (transport vositalari tizimlari)ning harakatlanishi taqiqlanadi.
3.16. “Eng kam oraliq”. Belgida ko‘rsatilganidan kam oraliq masofada harakatlanish taqiqlanadi.
3.17.1. “Bojxona”. Bojxona (tekshiruv maskani) oldida to‘xtamasdan o‘tish taqiqlanadi.
3.17.2. “Xavf-xatar”. Yo‘l-transport hodisasi yoki boshqa xavfli holatlar tufayli barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
3.18.1. “O‘ngga burilish taqiqlanadi”.
3.18.2. “Chapga burilish taqiqlanadi”.
3.19. “Qayrilish taqiqlanadi”.
3.20. “Quvib o‘tish taqiqlanadi”. Soatiga 40 km dan kam tezlikda harakatlanayotgan yakka transport vositasidan boshqa transport vositalarini quvib o‘tish taqiqlanadi.
3.21. “Quvib o‘tish taqiqlangan hududning oxiri”.
3.22. “Yuk avtomobillarida quvib o‘tish taqiqlangan”. To‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarida barcha transport vositalarini quvib o‘tish taqiqlanadi (soatiga 40 km dan kam tezlikda harakatlanayotgan transport vositasi, traktor, ot-arava, velosiped bundan mustasno).
3.23. “Yuk avtomobillarida quvib o‘tish taqiqlangan hududning oxiri”.
3.24. “Yuqori tezlik cheklangan”. Belgida ko‘rsatilganidan ortiq tezlikda (km/soat) harakatlanish taqiqlanadi.
3.25. “Yuqori tezlik cheklangan hududning oxiri”.
3.26. “Tovush moslamalaridan foydalanish taqiqlangan”. Yo‘l transport hodisasining oldini olish hollaridan boshqa vaziyatlarda tovush moslamasidan foydalanish taqiqilanadi.
3.27. “To‘xtash taqiqlangan”. Transport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi taqiqlanadi.
3.28. “To‘xtab turish taqiqlangan”. Transport vositalarining to‘xtab turishi taqiqlanadi.
3.29. “Oyning toq kunlarida to‘xtab turish taqiqlanadi”.
3.30. “Oyning juft kunlarida to‘xtab turish taqiqlanadi”.
3.31. “Barcha cheklovlarning oxiri”. 3.16, 3.20, 3.22, 3.24, 3.26—3.30 belgilaridan bir nechtasiga bir vaqtda amal qiladigan oraliqlarning oxirini bildiradi.
3.1—3.3, 3.18.1, 3.18.2, 3.19, 3.27 belgilarining belgilangan yo‘nalishli transport vositalariga, 3.2—3.8 belgilari ta’sir oralig‘ida yashovchi yoki ishlovchi fuqarolarga tegishli yoxud ularga va korxonalarga xizmat qiluvchi transport vositalariga daxli yo‘q. Bunday hollarda transport vositalari belgilangan joyga yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak.
Ushbu Qoidalarning 28.3 bandiga binoan “Nogiron” taniqlik belgisi bilan belgilangan avtomobillar va kajavali mototsikllarni boshqarayotgan nogiron haydovchilar 3.2, 3.3 va 3.28 belgilari talablaridan chetga chiqishlari mumkin. 7.18 qo‘shimcha axborot belgisi bo‘lganda 3.27 belgisining ta’sir oralig‘ida to‘xtashga ruxsat etiladi.
3.28—3.30 — belgilari taksometri ishlab turgan taksilarga daxli yo‘q.
3.18.1 va 3.18.2 belgilari qatnov qismlarining qaysi kesishmasi oldiga o‘rnatilsa, shu kesishmaga tatbiq etiladi.
3.16, 3.20, 3.22, 3.24, 3.26—3.30 belgilarining ta’siri belgi o‘rnatilgan joydan keyingi eng yaqin chorrahagacha, chorrahasi bo‘lmagan aholi yashaydigan joylarda aholi yashaydigan hududning oxirigacha, yo‘lga yondosh hududlardan dala va o‘rmonlarning yo‘l bilan tutashgan hamda ikkinchi darajali yo‘llardan chiqish joylarida, ularning oldida tegishli belgilar o‘rnatilmagan bo‘lsa, bu belgilarning ta’siri yo‘qolmaydi.
Aholi yashaydigan joylarga yetmay o‘rnatilgan 3.24 belgisining ta’siri 5.22 belgisigacha kuchini saqlaydi.
Belgilarning ta’sir doirasi:
3.16 va 3.26 belgilari 7.2.1 qo‘shimcha belgisi orqali;
3.20, 3.22, 3.24 belgilari 3.21, 3.23, 3.25 va 7.2.1 qo‘shimcha belgisi orqali.
3.27—3.30 belgilarining amal qilish oralig‘i oxiriga 3.27—3.30 belgilari 7.2.3 qo‘shimcha belgisi bilan birga takror o‘rnatiladi yoki 7.2.2 bilan qo‘llanadi.
3.27 belgisi 1.4 yotiq chizig‘i bilan birgalikda, 3.28 belgisi esa 1.10 yotiq chizig‘i bilan birgalikda qo‘llanishi mumkin, bunda belgilarga amal qilish chiziqlar uzunligi bilan aniqlanadi.
3.10, 3.27—3.30 belgilari yo‘lning qaysi tomoniga o‘rnatilgan bo‘lsa, ularga faqat o‘sha tomonda amal qilinadi.
4. Buyuruvchi belgilar
Transport vositalariga ko‘rsatilgan yo‘nalishda yoki faqat ma’lum yo‘nalishlarda harakatlanishlari lozimligini buyuradi.
4.1.1. “Harakatlanish to‘g‘riga”.
4.1.2. “Harakatlanish o‘ngga”.
4.1.3. “Harakatlanish chapga”.
4.1.4. “Harakatlanish to‘g‘riga yoki o‘ngga”.
4.1.5. “Harakatlanish to‘g‘riga yoki chapga”.
4.1.6. “Harakatlanish o‘ngga yoki chapga”. Faqat yo‘naltirgichlar buyurgan tomonga harakatlanishga ruxsat etiladi. Chapga burilishga ruxsat etuvchi belgi qayrilishga ham ruxsat beradi. (Muayyan kesishmada talab etilgan harakat yo‘nalishiga tegishli yo‘naltirgichning shakli tushirilgan 4.1.1—4.1.6 belgisini qo‘llash mumkin).
4.1.1—4.1.6 belgilarining belgilangan yo‘nalishli transport vositalariga daxli yo‘q.
4.1.1—4.1.6 belgilarining ta’siri qatnov qismlarining qaysi kesishmasi oldiga o‘rnatilsa, shu kesishmaga tatbiq etiladi.
4.1.1 belgisi yo‘l boshlanishiga o‘rnatilsa, unga yaqin chorrahagacha amal qilinadi. Belgi o‘ng tomonda joylashgan hovli va yo‘lga tutash boshqa xududlarga burilishni taqiqlamaydi.
4.2.1. “To‘siqni o‘ngdan chetlab o‘tish”.
4.2.2. “To‘siqni chapdan chetlab o‘tish”. To‘siqni ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha chetlab o‘tishga ruxsat etiladi.
4.2.3. “To‘siqni o‘ngdan yoki chapdan chetlab o‘tish”. To‘siqni har tomondan chetlab o‘tishga ruxsat etiladi.
4.3. “Aylanma harakatlanish”. Yo‘naltirgichlarda ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda harakatlanishga ruxsat etiladi.
4.4. “Yengil avtomobillar harakatlanadi”. Yengil transport vositalari, avtobus, mototsikllar, to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk tashuvchi transport vositlarining harakatlanishiga ruxsat etiladi.
Belgining ta’sir oralig‘ida yashovchi va ishlovchi fuqarolarga tegishli, ularga va korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalariga bu belgi tatbiq etilmaydi.
Bunday hollarda transport vositalari belgilangan joyga eng yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak.
4.5. “Velosiped yo‘lkasi”. Faqat velosiped va mopedlarlar harakatlanishga ruxsat etiladi. Velosiped yo‘lkasidan piyodalar ham yurishlari mumkin.
4.6. “Piyodalar yo‘lkasi”. Faqat piyodalar yurishiga ruxsat etiladi.
4.7. “Eng kam tezlik”. Faqat belgida ko‘rsatilgan yoki undan yuqori tezlikda (km/soat) harakatlanishga ruxsat etiladi.
4.8. “Eng kam tezlik belgilangan yo‘lning oxiri”.
5. Axborot-ishora belgilari
Axborot-ishora belgilari harakat qatnashchilariga yo‘ldagi harakat tartibi xususiyatlari hamda aholi yashaydigan joylar va manzillarning joylashuvi haqida ma’lumot berish uchun qo‘llaniladi
5.1. “Avtomagistral”. Yo‘l harakati qoidalarining avtomagistrallarda harakatlanish tartibi o‘rnatilgan yo‘l.
5.2. “Avtomagistralning oxiri”.
5.3. “Avtomobillar uchun mo‘ljallangan yo‘l”. Faqat avtomobillar, avtobus va mototsikllarning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘l.
5.4. “Avtomobillar uchun mo‘ljallangan yo‘lning oxiri”.
5.5. “Bir tomonlama harakatlanish yo‘li”. Transport vositalarining butun kenglik bo‘yicha bir yo‘nalishda harakatlanadigan yo‘li yoki uning qatnov qismi.
5.6. “Bir tomonlama harakatlanish yo‘lining oxiri”.
5.7.1, 5.7.2. “Bir tomonlama harakatlanish yo‘liga chiqish”. Harakatlanish bir tomonlama bo‘lgan yo‘lga yoki qatnov qismiga chiqish.
5.8.1. “Bo‘laklar bo‘yicha harakatlanish yo‘nalishi”. Bo‘laklar soni va har biri bo‘yicha ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishi.
5.8.2. “Bo‘lak bo‘yicha harakatlanish yo‘nalishi”. Bo‘lak bo‘yicha ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishi.
Yo‘lning chetki chap bo‘lagidan chapga burilishga ruxsat beruvchi 5.8.1 va 5.8.2 belgilari shu bo‘lakdan qayrilishga ham ruxsat beradi.
Chorrahadan oldin o‘rnatilgan 5.8.1 va 5.8.2 belgilarining ta’siri, agar shu turkumdagi boshqa belgilar o‘rnatilmagan bo‘lsa, butun chorrahaga tadbiq etiladi.
5.8.3. “Bo‘lakning boshlanishi”. Yo‘lning balandlikka ko‘tarilish yoki to‘xtash qismidagi qo‘shimcha bo‘lagining boshlanish joyi. Agar qo‘shimcha bo‘lak oldiga 4.7 “Eng kam tezlik” belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan yoki undan kattaroq tezlikda harakatlana olmaydigan transport vositasining haydovchisi asosiy bo‘lakdan qo‘shimcha bo‘lakka qayta tizilishi kerak.
5.8.4. “Bo‘lakning boshlanishi”. Uch bo‘lakli yo‘llarda harakatlanish uchun o‘rta bo‘lakning boshlanishi.
5.8.5. “Bo‘lak oxiri”. Balandlikka ko‘tarilish yoki to‘xtash qismidagi qo‘shimcha bo‘lakning oxiri.
5.8.6. “Bo‘lak oxiri”. Uch bo‘lakli yo‘lda harakatlanish uchun mo‘lajallangan o‘rta bo‘lakning oxiri.
5.8.7. 5.8.8. “Bo‘laklar bo‘yicha harakatlanish yo‘nalishi”.
Agar 5.8.7 belgisida biror transport vositasining harakatlanishini taqiqlovchi belgi tasvirlangan bo‘lsa, unda bu transport vositasining tegishli bo‘lakda harakatlanishi taqiqlanadi.
5.8.7 va 5.8.8 belgilari yo‘nalishlar soniga ko‘ra to‘rt va undan ortiq bo‘lakli yo‘llarga ham tadbiq etilishi mumkin. Tasviri almashadigan 5.8.7, 5.8.8 belgilari yordamida reversiv harakat tashkil etilishi mumkin.
5.9. “Belgilangan yo‘nalishli transport vositalari uchun mo‘ljallangan bo‘lak”. Transport vositalari yo‘nalishida harakatlanadigan belgilangan yo‘nalishli transport vositalari uchun mo‘ljallangan bo‘lak.
Belgi qaysi bo‘lak ustida joylashgan bo‘lsa, shu bo‘lakka tatbiq etiladi. Yo‘lning o‘ng tomoniga o‘rnatilgan belgining ta’siri o‘ng bo‘lakka tatbiq etiladi.
5.10.1. “Belgilangan yo‘nalishli transport vositalari uchun bo‘lagi bor yo‘l”. Belgilangan yo‘nalishli transport vositlarining umumiy oqimga qarshi harakatlanishi uchun ajratilgan bo‘lak.
5.10.2. 5.10.3. “Belgilangan yo‘nalishli transport vositalari uchun bo‘lagi bor yo‘lga chiqish”.
5.10.4. “Belgilangan yo‘nalishli transport vositalari uchun bo‘lagi bor yo‘lning oxiri”.
5.11.1. “Qayrilish joyi”. Chapga burilish taqiqlanadi.
5.11.2. “Qayrilish oralig‘i”. Qayrilish oralig‘ining uzunligi. Chapga burilish taqiqlanadi.
5.12. “Avtobus va trolleybus to‘xtash joyi”.
5.13. “Tramvay to‘xtash joyi”.
5.14. “Taksi to‘xtab turish joyi”.
5.15. “To‘xtab turish joyi”.
5.16.1, 5.16.2. “Piyodalar o‘tish joyi”. O‘tish joyi oldida 1.14.1—1.14.3 yotiq chizig‘i bo‘lmaganda 5.16.2 belgisi yo‘ldan o‘ng tomonga o‘tish joyining old chegarasiga, 5.16.1 belgisi esa chap tomon o‘tish joyining orqa chegarasiga o‘rnatiladi.
5.17.1, 5.17.2. “Piyodalarning yer ostidan o‘tish joyi”.
5.17.3, 5.17.4. “Piyodalarning yer ustidan o‘tish joyi”.
5.18. “Tavsiya etilgan tezlik”. Yo‘lning shu qismida tavsiya etilgan harakatlanish tezligi. Belgiga eng yaqin chorrahagacha amal qilinadi. 5.18 belgisi ogohlantiruvchi belgi bilan birga qo‘llansa, uning ta’sir oralig‘i havfli qismning uzunligi bilan aniqlanadi.
5.19.1—5.19.3. “Oxiri berk yo‘l, ko‘cha”. Yo‘l yoki ko‘chaning ko‘rsatilgan yo‘nalishda oxiri berk.
5.20.1, 5.20.2. “Yo‘nalishlarning dastlabki ko‘rsatkichi”. Belgida ko‘rsatilgan aholi yashaydigan joyga va boshqa manzillarga tomon harakatlanish yo‘nalishi. Belgida 5.29.1 belgisining hamda avtomagistral, aeroport va boshqa ramziy belgilar tasviri tushirilgan bo‘lishi mumkin. 5.20.1 belgisi yo‘lning 3.11—3.15 taqiqlovchi belgilaridan biri o‘rnatilgan qismlarini aylanib o‘tish kerakligini ko‘rsatish uchun ham qo‘llaniladi.
5.20.3. “Harakatlanish tasviri”. Chorrahada ayrim harakatlar taqiqlangan vaqtda harakatlanish yo‘nalishi yoki serqatnov chorrahada ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishi.
5.21.1. “Yo‘nalish ko‘rsatkichi”. 5.21.2. “Yo‘nalishlar ko‘rsatkichi”. Manzillar tomon harakatlanish yo‘nalishlari.
Belgilarda manzillargacha bo‘lgan masofa (km) ko‘rsatilishi, avtomagistrallar, aeroportlar va boshqa ramziy belgilar tasvirlangan bo‘lishi mumkin.
5.22. “Aholi yashaydigan joyning boshlanishi”. Ushbu Qoidalarning aholi yashaydigan joylarda harakatlanish tartibini belgilovchi talablariga amal qilinadigan joylarning nomi hamda uning boshlanishi.
5.23. “Aholi yashaydigan joyning oxiri”. Ushbu Qoidalarning aholi yashaydigan joylarda harakatlanish tartibi talablari bekor qilingan joy.
5.24. “Aholi yashaydigan joyning boshlanishi”. Ushbu Qoidalarning aholi yashaydigan joylarda harakatlanish tartibini belgilovchi talablariga amal qilinmaydigan joyning nomi hamda uning boshlanishi.
5.25. “Aholi yashaydigan joyning oxiri”. 5.24 belgisi bilan ko‘rsatilgan aholi yashaydigan joyning oxiri.
5.26. “Manzil nomi”. Aholi yashamaydigan joylar (daryo, ko‘l, dovon, xushmanzara joy va h.k.)ning nomi.
5.27. “Masofalar ko‘rsatkichi”. Yo‘nalish bo‘yicha joylashgan aholi yashaydigan joylargacha bo‘lgan masofa (km).
5.28. “Kilometr belgisi”. Yo‘lning boshi yoki oxirigacha bo‘lgan masofa (km).
5.29.1, 5.29.2. “Yo‘l raqami”. 5.29.1 — yo‘lga berilgan raqam, 5.29.2 — yo‘lning raqami va yo‘nalishi.
5.30.1—5.30.3. “Yuk avtomobillari uchun harakatlanish yo‘nalishi”. Chorrahada yuk avtomobillari, traktorlar va o‘ziyurar moslamalarga biror yo‘nalishda harakatlanish taqiqlangan bo‘lsa, bunday transport vositalariga tavsiya etilgan harakatlanish yo‘nalishlari.
5.31. “Aylanib o‘tish tasviri”. Harakatlanish uchun vaqtincha yopib qo‘yilgan yo‘l qismini chetlab o‘tish chizmasi.
5.32.1—5.32.3. “Chetlab o‘tish yo‘nalishi”. Harakatlanish uchun vaqtincha yopib qo‘yilgan yo‘l qismini chetlab o‘tish yo‘nalishi.
5.33. “To‘xtash”. Svetoforning (tartibga soluvchining) taqiqlovchi ishorasida transport vositalari to‘xtaydigan joy.
5.34.1, 5.34.2. “Boshqa qatnov qismiga qayta tizilishning boshlang‘ich ko‘rsatkichi”. Ajratuvchi bo‘lagi bo‘lgan yo‘lning harakatlanish uchun yopiq hududini aylanib o‘tish yoki o‘ng tomondagi qatnov qismiga qaytish uchun harakatlanish yo‘nalishi.
5.35. “Reversiv harakatlanish”. Bir yoki bir necha bo‘laklarda harakatlanish yo‘nalishi qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan yo‘l qismining boshlanishi.
5.36. “Reversiv harakatlanishning oxiri”.
5.37. “Reversiv harakatlanish yo‘liga chiqish”.
5.38. “Turar joy dahasi”. Yo‘l harakati qoidalarining turar joi dahalarida harakatlanish tartibi o‘rnatilgan yo‘l.
5.39. “Turar joy dahasining oxiri”.
5.40. “Falokatli holatlar uchun kirish yo‘li”. Yo‘l harakati qoidalaridagi 20.2 bandda ko‘rsatilgan hollarda foydalaniladigan yo‘l.
Aholi yashaydigan joylarda o‘rnatilgan yashil yoki ko‘k asosdagi 5.20.1, 5.20.2, 5.21.1 va 5.21.2 belgilarida ko‘rsatilgan aholi yashash joylariga shu hududdan chiqqach, tegishli avtomagistral yoki boshqa yo‘llar orqali borilishini bildiradi. Oq asosda ko‘rsatilgan manzil shu aholi yashaydigan joyda ekanligini bildiradi.
6. Servis belgilari
Servis belgilari transport vositalari, yo‘lovchilar va haydovchilarga xizmat ko‘rsatish joylari haqida ma’lumot berish uchun qo‘llaniladi.
6.1. “Tibbiy yordam ko‘rsatish joyi”.
6.2. “Shifoxona”.
6.3. “Yonilg‘i shoxobchasi”.
6.4. “Texnik xizmat ko‘rsatish joyi”.
6.5. “Transport vositalarini yuvish joyi”.
6.6. “Telefon”.
6.7. “Oshxona”.
6.8. “Ichimlik suv”.
6.9. “Mehmonxona”.
6.10. “Kemping”.
6.11. “Dam olish joyi”.
6.12. “DAN maskani”.
7. Qo‘shimcha axborot belgilari
Qo‘shimcha axborot belgilari ular bilan birgalikda qo‘llangan belgilarga aniqlik kiritish yoki ularning ta’sirini cheklash uchun qo‘llaniladi.
7.1.1. “Manzilgacha bo‘lgan masofa”. Belgidan yo‘lning xavfli joyigacha bo‘lgan masofani, yo‘l harakatiga tegishli cheklovlar kiritilgan joyni yoki harakat yo‘nalishi bo‘yicha oldindagi muayyan joyni ko‘rsatadi.
7.1.2. “Manzilgacha bo‘lgan masofa”. Chorraha oldida 2.5 belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, 2.4 belgisidan chorrahagacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadi.
7.1.3, 7.1.4. “Manzilgacha bo‘lgan masofa”. Yo‘ldan manzilgacha bo‘lgan masofa.
7.2.1. “Ta’sir oralig‘i”. Ogohlantiruvchi, buyuruvchi, axborot-ishora belgilarining ta’sir oralig‘ini ko‘rsatadi.
7.2.2—7.2.6. “Ta’sir oralig‘i”. Bu belgilar faqat taqiqlovchi 3.27—3.30 belgilari bilan qo‘llaniladi.
7.2.2 — belgining ta’siri saqlangan oraliqni ko‘rsatadi.
7.2.3 — belgi ta’sir oralig‘i oxirini ko‘rsatadi.
7.2.4 — haydovchilarga belgi ta’sirida ekanliklari xaqida ma’lumot beradi.
7.2.5, 7.2.6 — maydon, binolar oldi va shunga o‘xshash joylar chetida to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlanganda belgining ta’sir oralig‘i va yo‘nalishini ko‘rsatadi.
7.3.1—7.3.3. “Ta’sir yo‘nalishlari”. Chorraha oldida o‘rnatilgan belgilarning ta’sir yo‘nalishini ko‘rsatadi.
7.4.1—7.4.7. “Transport vositasining turi”. Belgining ta’siri joriy etilgan transport vositalari turini ko‘rsatadi.
7.4.1 qo‘shimcha belgisining ta’siri yuk tashuvchi, shu jumladan, tirkamali, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan transport vositalariga, 7.4.3 qo‘shimcha belgisi esa yengil avtomobillarga, shuningdek, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk tashuvchi transport vositalariga tatbiq etiladi.
7.5.1. “Shanba, yakshanba va bayram kunlari”. 7.5.2. “Ish kunlari”. 7.5.3. “Hafta kunlari”. Belgiga haftaning qaysi kunlari amal qilinishi ko‘rsatilgan.
7.5.4. “Amal qilish vaqti”. Belgiga kunning qaysi vaqtida amal qilishni ko‘rsatadi.
7.5.5—7.5.7. “Amal qilish vaqti”. Belgiga haftaning qaysi kuni va qaysi soatlarida amal qilishni ko‘rsatadi.
7.6.1—7.6.9. “Transport vositasini to‘xtab turish joyiga qo‘yish usuli”. 7.6.1 — barcha turdagi transport vositalarini to‘xtab turish uchun yo‘lning qatnov qismida, piyodalar yo‘lkasi yoniga qo‘yish usuli.
7.6.2 —7.6.9 piyodalar yo‘lkasi yonidagi to‘xtab turish joyiga yengil avtomobillar va mototsikllarni qanday qo‘yish usuli ko‘rsatilgan.
7.7. “Yurgizgichni ishlatmasdan to‘xtab turish joyi”. 5.15 belgisi bilan birgalikda qo‘llanganda, to‘xtab turish joyida faqat yurgizgichi ishlamayotgan transport vositalarigina to‘xtab turishiga ruxsat etilganini bildiradi.
7.8. “Pullik xizmat ko‘rsatish joyi”. Naqd pulga xizmat ko‘rsatilishini bildiradi.
7.9. “To‘xtab turish muddati cheklangan”. 5.15 belgisi o‘rnatilgan to‘xtab turish joyida transport vositalari to‘xtab turishining eng ko‘p muddatini ko‘rsatadi.
7.10. “Avtomobillarni ko‘rikdan o‘tkazish joyi”. 5.15 yoki 6.11 belgisi bilan ko‘rsatilgan maydonlarda estakada yoki ko‘zdan kechirish chuqurchalari borligini bildiradi.
7.11. “To‘la vazni cheklangan”. To‘la vazni qo‘shimcha belgida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lgan transport vositalariga taalluqli.
7.12. “Xavfli yo‘l yoqasi”. Yo‘l ishlari bajariliyotgani sababli yo‘l yoqasiga chiqish xavfli ekanligi haqida ogohlantiradi, 1.23 belgisi bilan qo‘llaniladi.
7.13. “Asosiy yo‘lning yo‘nalishi”. Chorrahada asosiy yo‘lning yo‘nalishini ko‘rsatadi.
7.14. “Harakatlanish bo‘lagi”. Belgi yoki svetofor ta’siridagi harakatlanish bo‘lagini ko‘rsatadi.
7.15. “Ko‘zi ojiz piyodalar”. 1.20, 5.16.1, 5.16.2 belgilari hamda svetofor bilan qo‘llaniladi, piyodalar o‘tish joyidan ko‘zi ojiz kishilar foydalanishi haqida ogohlantiradi.
7.16. “Nam qoplama”. Belgi qatnov qismining qoplamasi nam bo‘lgan vaqtda ta’sir etishini ko‘rsatadi.
7.17. “Nogironlar”. 5.15 belgisi bilan qo‘llaniladi. To‘xtab turish joyi (yoki uning bir qismi) ushbu Qoidalarning 28.3 bandiga muvofiq “Nogiron” taniqlik belgisi o‘rnatilgan transport vositalari uchun ajratilganligini ko‘rsatadi.
7.18. “Nogironlar mustasno”. Belgilarning ta’siri ushbu Qoidalarning 28.3 bandiga muvofiq “Nogiron” taniqlik belgisi o‘rnatilgan, transport vositalariga va motokajavalarga joriy etilmaydi.
Qo‘shimcha belgilar qaysi belgi bilan birga joriy etilsa, bevosita shu belgi tagiga joylashtiriladi. 7.2.2—7.2.4, 7.13 qo‘shimcha belgilari yo‘lning, yo‘l yoqasining, piyodalar yo‘lkasining tepasiga o‘rnatilgan belgining yoniga joylashtiriladi.
Vaqtinchalik (ko‘chma tirgakdagi) va doimiy belgilar ma’no jihatidan bir-biriga zid kelgan hollarda haydovchilar vaqtincha o‘rnatilgan belgilarga amal qilishlari kerak.
Eslatma: Ogohlantiruvchi, taqiqlovchi, buyuruvchi, axborot-ishora yo‘l belgilarining tagida mazkur yo‘l belgisining ta’sir oralig‘ini ko‘rsatuvchi 7.2.1 qo‘shimcha axborot belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, yo‘l belgilarining ta’sir oralig‘i oxirini ko‘rsatuvchi yo‘l belgisi o‘rnatilishi shart emas.
YO‘L BELGILARI
Yo‘l harakati qoidalariga
2-ILOVA
1. YOTIQ ChIZIQLAR
Yo‘lning qatnov qismi yuzasidagi chiziqlar, ishoralar, yozuvlar va boshqa belgilar harakatlanish tartibini belgilaydi.
Yo‘l yuzasidagi yotiq chiziqlar oq rangda bo‘ladi (1.4, 1.10 va 1.17 chiziqlar sariq rangda bo‘ladi).
1.1 — qarama—qarshi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport oqimlarini ajratadi, yo‘lning xavfli joylaridagi harakatlanish bo‘lagi chegarasini bildiradi; yo‘lning kirish taqiqlangan qismini anglatadi; transport vositalarining to‘xtab turish joyi chegarasini hamda avtomagistrallar qatoriga kiritilmagan yo‘lning harakatlanish qismi chegarasini bildiradi.
1.2 (enli sidirg‘a chiziq) — avtomagistrallarda harakatlanish qismi chegarasini bildiradi.
1.3 — to‘rt va undan ortiq harakatlanish bo‘lagi bo‘lgan yo‘llarda qarama—qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari oqimini ajratadi.
1.4 — to‘xtash taqiqlangan joyni bildiradi. Yakka holda yoki 3.27 “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi bilan qo‘llaniladi hamda yo‘lning harakatlanish qismi chetiga yoki yo‘l chetidagi to‘siq (bordyur) ustidan chiziladi.
1.5 — ikki yoki uch bo‘lakli yo‘llarda qarama—qarshi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalari oqimlarini ajratadi; bir yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan ikki yoki ko‘proq bo‘lakli yo‘llarda bo‘laklarning chegaralarini bildiradi.
1.6 (yaqinlashish chizig‘i — har bir chiziq uzunligi ular orasidagi masofadan uch barobar katta bo‘lgan uzuq—uzuq chiziq) — qarama—qarshi yoki bir yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalari oqimlarini ajratuvchi 1.1 yoki 1.11 chizig‘iga yaqinlashayotganlik haqida ogohlantiradi.
1.7 — (har bir chizig‘i qisqa va oralari shu chiziqlar bo‘yiga teng bo‘lgan uzuq—uzuq chiziq) — chorrahadagi harakatlanish bo‘laklarini bildiradi.
1.8 (enli uzuq—uzuq chiziq) — tezlanish yoki sekinlanish bo‘lagi bilan yo‘lning harakatlanish qismidagi asosiy bo‘lagi o‘rtasidagi chegarani bildiradi (chorrahalarda, yo‘lning turli sathda kesishgan qismlarida, avtobuslar to‘xtaydigan joylarda va h.k.).
1.9 — reversiv harakatlanishda qatnov qismining chegarasini belgilaydi; reversiv harakatlanish amalga oshirilgan yo‘llarda (reversiv svetofori o‘chirilgan holatda) qarama—qarshi yo‘nalishdagi transport oqimini ajratadi.
1.10 — to‘xtab turish taqiqlangan joyni bildiradi. Yakka holda yoki 3.28 yo‘l belgisi bilan qo‘llaniladi va yo‘lning harakatlanish qismi chetiga yoki yo‘l chetidagi to‘siq (bordyur) ustidan chiziladi.
1.11 — faqat biror bo‘lakka qayta tizilishga ruxsat etadi, bir yo‘nalishdagi yoki qarama—qarshi kelayotgan transport oqimlarini ajratadi; qayrilib olish, to‘xtash maydonchalari va shunga o‘xshashlarga kirish uchun mo‘ljallangan joylarda manyovr faqat bir yo‘nalishda ruxsat etilganligini ko‘rsatadi.
1.12 (to‘xtash) — 2.5 belgisi yoki svetoforning (tartibga soluvchining) taqiqlovchi ishorasida haydovchi to‘xtash kerak bo‘lgan joyni ko‘rsatadi.
1.13 — kesishgan yo‘lda harakatlanayotgan transport vositasiga yo‘l berish zarur bo‘lganda haydovchi transport vositasini to‘xtatishi lozim bo‘lgan joyni ko‘rsatadi.
1.14.1, 1.14.2 (zebra) yo‘lning harakat tartibga solinmagan qismida piyodalarning o‘tish joyini belgilaydi.
1.14.2 belgining ishorali yo‘naltirgichlari piyodalarning harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatadi.
1.14.3 — piyodalarning harakati svetofor yordamida tartibga solinganini bildiradi.
1.15 — yo‘lning velosiped yo‘lkasi kesib o‘tgan joyini bildiradi.
1.16.1—1.16.3 — transport vositalari oqimi ajraladigan yoki qo‘shiladigan joylardagi yo‘naltiruvchi orolchalarni bildiradi.
1.17 — belgilangan yo‘nalishli transport vositalari to‘xtash joylari hamda taksilarning to‘xtab turish joylarini bildiradi.
1.18 — chorrahada bo‘laklar bo‘yicha ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishlarini ko‘rsatadi. Yakka holda yoki 5.8.1, 5.8.2 belgilari bilan qo‘llaniladi. Oxiri berk yo‘l tasvirlangan chiziq, shu yo‘nalishdagi yon tomonda joylashgan qatnov qismiga burilish taqiqlanganligini ko‘rsatadi. Chetki chap bo‘lakdan chapga burilishga ruxsat beruvchi yo‘naltirgich shu bo‘lakdan qayrilishga ham ruxsat beradi.
1.19 — harakatlanish qismining toraygan (shu yo‘nalishdagi harakatlanish bo‘laklarining soni kamaygan) joyiga yoki qarama—qarshi yo‘nalishdan kelayotgan transport vositalari oqimlarini ajratuvchi 1.1 yoki 1.11 chizig‘iga yaqinlashganlik haqida ogohlantiruvchi chiziq. Birinchi holda 1.18.11.18.3 yo‘l belgilari bilan qo‘llanilishi mumkin.
1.20 — haydovchini 1.13 chizig‘iga yaqinlashayotgani haqida ogohlantiradi.
1.21 (“to‘xtang” yozuvi) — 2.5 belgisi bilan birga qo‘llanilganda haydovchini 1.12 chizig‘iga yaqinlashayotganligi haqida ogohlantiradi.
1.22 — yo‘l (harakatlanish yo‘nalishi) raqamini ko‘rsatadi.
1.23 — yo‘lning faqat belgilangan yo‘nalishli transport vositalari uchun mo‘ljallangan bo‘lagini bildiradi.
1.1 va 1.3 chiziqlarini bosib o‘tish taqiqlanadi, harakatlanish qismining chetini bildirish uchun qo‘llanilgan 1.1 chizig‘i bundan mustasno.
1.2, 1.5 — 1.8 chiziqlarini istalgan tomondan bosib o‘tish mumkin.
Reversiv svetoforlar bo‘lmaganda yoki ular o‘chirib qo‘yilganda, 1.9 chizig‘ini faqat u haydovchining o‘ng tomonida bo‘lsa, bosib o‘tishga ruxsat etiladi.
Reversiv svetofor yoqilgan paytda bir yo‘nalishli bo‘laklarni ajratayotgan 1.9 chizig‘ini istalgan tomonidan bosib o‘tishga ruxsat etiladi. Reversiv svetofor o‘chirilganda, haydovchilar darhol 1.9 chizig‘idan o‘ngga qayta tizilishlari kerak.
Reversiv svetofor o‘chirilgan bo‘lsa, qarama—qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratuvchi 1.9 chizig‘ini bosib o‘tish taqiqlanadi.
1.11 chizig‘ini uzuq-uzuq tomondan, shuningdek, sidirg‘a chiziq tomonidan esa faqat quvib yoki chetlab o‘tishni tugatayotganda bosib o‘tishga ruxsat etiladi.
Ko‘chma tirgakka o‘rnatilgan vaqtinchalik yo‘l belgilari va chiziqlar ma’no jihatidan bir—biriga zid kelsa, haydovchilar vaqtinchalik yo‘l belgilariga amal qilishlari kerak.
2. TIK ChIZIQLAR
Tik chiziqlar — yo‘l inshootlari va jihozlari yuzalariga ketma-ket chizilgan yo‘l—yo‘l oq-qora chiziqlar majmuisidan iborat bo‘lib, ularning o‘lchamlarini ko‘rsatishda, ko‘z bilan chamalash vositasi sifatida xizmat qiladi.
2.1 — harakatlanayotgan transport vositalariga xavf tug‘diradigan yo‘l inshootlarining tik elementlari (ko‘priklar va osma yo‘llar, ustunlar va h. k.) ni bildiradi.
2.2 — tonnellar, ko‘priklar, osma yo‘l va ko‘priklarning pastki qirrasini bildiradi.
2.3 — ajratish bo‘laklaridagi yoki “xavfsizlik orolchalari”dagi dumaloq ustunlarni bildiradi.
2.4 — yo‘naltiruvchi, beton yoki temir beton ustunlar, to‘siq tirgaklar va hokazolarni bildiradi.
2.5 — yo‘lning kichik radiusli burilishlari, tik nishabliklari va boshqa xavfli joylarida yo‘l chetiga o‘rnatilgan to‘siqlarning yon yuzalarini bildiradi.
2.6 — boshqa joylardagi to‘siqlarning yon yuzalarini bildiradi.
2.7 — yo‘lning xavfli joylarida uning chetidagi to‘siqni (bordyurni) va yo‘l sathidan baland bo‘lgan “xavfsizlik orolchalari” chetini bildiradi.
Yo‘l harakati qoidalariga
3-ILOVA
Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar
1. Tormoz tizimi
1.1. Tormoz tizimining tuzilishi o‘zgartirilsa, ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmasa yoki transport vositasining shu turida ko‘zda tutilmagan tormoz suyuqligi yoki boshqa qismlar qo‘llanilsa.
1.2. Ishchi tormoz tizimining samaradorligi quyidagi me’yorlar talabini ta’minlamasa:

T/r‎‏
‎‏

‎‏
‎‏Transport vositasi turi

Tormoz yo‘li (ko‘pi bilan) metr hisobida‎‎

1981-yil 1.01dan ishlab chiqarila boshlangan‎‎

‎‎1981-yil 1.01dan oldin ishlab chiqarila boshlangan

aslahalangan holda‎

to‘la vaznda‎

aslahalangan holda‎

to‘la vaznda‎

‎‏1

Yengil avtomobillar va ularning yuk tashishga moslashtirilgan turlari‎

12,2‎

12.9‎

14.5‎

10.2‎

ular shatakka olganda‎

13.6‎

10.5‎

14.5‎

10.5‎

‎‏2
‎‏

Avtobuslar:‎‎

to‘la vazni 5 tonna va undan kam bo‘lgan‎

13.6‎

17.0‎

18.7‎

21.2‎

to‘la vazni 5 tonnadan ortiq bo‘lgan‎

16.8‎

17.4‎

19.9‎

21.2‎

‎‏3
‎‏
‎‏

Yuk avtomobillari:‎‎

to‘la vazni 3,5 tonna va undan kam bo‘lgai‎

15.1‎

19.0‎

19.0‎

23.0‎

to‘la vazni 3,5 tonnadan 12 tonnagacha va 12 tonna bo‘lgan‎

17.3‎

20.1‎

18.4‎

23.0‎

to‘la vaznli 12 tonnadan ortiq bo‘lgan‎

16.0‎

19.7‎

17.7‎

23.0‎

4‎‏
‎‏
‎‏

Avtopoyezdlar shatakchi transport vositasi bilan‎‎

to‘la vazni 3,5 tonna va undan kam bo‘lgan‎

17.7‎

21.8‎

22.7‎

25.0‎

to‘la vazni 3,5 tonnadan 12 tonnagacha va 12 tonna bo‘lgan‎

18.8‎

21.3‎

22.1‎

25.0‎

to‘la vazni 12 tonnadan ortiq bo‘lgan‎

18.4‎

20.8‎

21.9‎

25.0‎

5‎

Ikki g‘ildirakli mototsikl va mopedlar‎

7.5‎

7.5‎

7.5‎

7.5‎

6‎

Kajavali mototsikllar ‎

8.2‎

8.2‎

8.2‎

8.2‎

Izoh: 1. Ishchi tormoz tizimining samaradorligi davlat namunasiga muvofiq boshqa o‘lchamlar bilan ham belgilanishi mumkin.
2. Ishchi tormoz tizimi — yo‘lning beton, asfaltbeton, quruq, toza tekis qoplamali, yotiq qismida tormozlash boshlangan vaqtdagi tezligi avtotransport vositalari uchun soatiga 40 km, mototsikl, mopedlar uchun soatiga 30 km bo‘lganda sinovdan o‘tkaziladi. Agar haydovchi tormozlash vaqtida to‘g‘ri yo‘nalishnn saqlash uchup harakatlanish izini o‘zgartirishga majbur bo‘lsa yoki to‘g‘ri chiziqli harakati buzilsa, sinov natijalari bekor qilinadi.
1.3. Gidravlik tormoz uzatmasining zichligi (germetikligi) buzilgan bo‘lsa.
1.4. Pnevmatik tormoz uzatmasining zichligi buzilishi natijasida havo siquvchi moslama (kompressor) ishlamay turganda va boshqaruv qismlari ulanmaganda – 30 daqiqada, ulanganida – 15 daqiqada tizimdagn havo bosimn 0,05 MP (0,5 kg/sm2)dan ko‘p pasayishiga sabab bo‘lsa.
1.5. Tormoz uzatmasidagi havo bosimini o‘lchaydigan asbob (monometr) ishlamasa.
1.6. To‘xtatib turish tormoz tizimi transport vositalarining quyidagi joylarda harakatsiz holatda ushlab tura olmasa:
to‘la vazndagi transport vositalarini 16 foizdan kam bo‘lmagan qiyalikda;
aslahalangan holatdagi yengil avtomobillar, ularning yuk tashishga moslashtirilgan turlari, shuningdek, avtobuslarni 23 foizdan kam bo‘lmagan qiyalikda;
aslahalangan holatdagi yuk avtomobillari va avtopoyezdlarni 31 foizdan kam bo‘lmagan qiyalikda.
Izoh: To‘xtatib turish tormoz tizimi sinovdan o‘tkazilayotganda yurgizgich transmissiyadan ajratilgan bo‘lishi kerak.
1.7. Qulflovchi moslama to‘xtatib turish tormoz tizimining dastagi (richagi)ni ushlab tura olmasa.
2. Boshqaruv qurilmasi
2.1. Boshqaruv qurilmasidagi lyuft (qismlar birikmasidagi yoyilish) yig‘indisi quyidagi ko‘rsatgichdan katta bo‘lsa:

t/r‎

Transport vositasining turi‎

Erkin qismlar o‘rtasidagi yoyilish yig‘idisi, ko‘pi bilan gradus hisobida‎

1‎

Yengil avtomobillar va ular asosida yaratilgan yuk avtomobillari hamda mikroavtobuslar‎

10‎

2‎

Avtobuslar‎

20‎

3‎

Yuk avtomobillari‎

25‎

2.2. Boshqaruv qurilmasidagi qismlar tuzilishida ko‘zda tutilmagan sezilarli o‘zgarishlar yoki transport vositasida yukxonasi (rama, kabina, shassi)ga nisbatan qo‘zg‘algan bo‘lsa, qurilmadagi rezbali birikmalar tegishli ravishda mahkamlanmagan bo‘lsa.
2.3. Boshqaruv qurilmasining tuzilishida ko‘zda tutilgan kuchaytirgich yoki mototsikllarda tebranishni pasaytiruvchi asbob (dempfer) nosoz bo‘lsa yoki umuman bo‘lmasa.
2.4. Boshqaruv qurilmasida qoldiq deformatsiya izlari, darz ketgan joylari va boshqa nuqsonlari bo‘lgan qismlar o‘rnatilgan, shu transport vositasi turida ko‘zda tutilmagan yoki ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmaydigan qismlar va suyuqliklar qo‘llangan bo‘lsa.
3. Tashqi yoritgichlar
3.1. Tashqi yoritgichlar soni, turi, joylashuvi va ishlash tartibi transport vositasining tuzilishi talabiga mos kelmasa.
Izoh: 1. Mototsikl, mopedlar bitta, boshqa transport vositalari esa ikkita tumanga qarshi faralar bilan jihozlangan bo‘lishi mumkin.
Tumanga qarshi faralar yo‘l yuzidan 250 mm dan kam bo‘lmagan balandlikda joylashishi, lekin yaqinni yorituvchi faralardan baland bo‘lmasligi, transport vositasining o‘qiga mutanosib va tashqi gabaritdan ko‘pi bilan 400 mm uzoqlikda joylashishi kerak.
2. Tumanga qarshi bitta yoki ikkita qizil chiroq transport vositalarining orqasiga 400—1200 mm balandlikda va to‘xtatish ishorasida kamida 100 mm yaqinlikda o‘rnatiladi.
3. Tumanga qarshi fara, orqa chiroqlar, gabarit chiroqlari va davlat raqami belgisini yorituvchi chiroqlar bir vaqtda yoqilishi kerak.
4. Yengil transport vositasi va avtobusga bitta yoki ikkita qo‘shimcha kizil rangli, tormoz berganda yonuvchi chiroqni 1250—1400 mm balandlikda o‘rnatishga ruxsat etiladi.
5. Ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan yengil avtomobillarga boshqa turdagi, rusumdagi transport vositalarining tashqi yoritkichlarini o‘rnatishga ruxsat etiladi.
3.2. Yorituvchi fara nurining yo‘nalishi buzilgan bo‘lsa.
3.3. Agar tashqi yoritgichlar va nur qaytargichlar belgilangan tartibda ishlamayotgan yoki ifloslangan bo‘lsa.
3.4. Yoritish asboblarida nur sochuvchisi bo‘lmasa yoxud nur sochuvchi va lampalar tegishli yorug‘lik asboblari turiga mos bo‘lmaganidan foydalanilgan bo‘lsa.
4. Oyna tozalagich va oyna yuvgichlar
4.1. Oyna tozalagich belgilangan tartibda ishlamayotgan bo‘lsa.
4.2. Transport vositasining tarkibida ko‘zda tushgan oyna yuvgich ishlamayotgan bo‘lsa.
5. Shinalar
5.1. Yengil avtomobillar shinasi naqshlari izlarining qoldiq chuqurligi 1,6 mm dan, yuk avtomobillarniki – 1,0 mm dan, avtobuslarniki – 2,0 mm dan, mototsikl va mopedlarniki – 0,8 mm dan kam bo‘lsa.
Izoh: Tirkamalar shinasi naqshlari izlarining qoldiq chuqurligi shatakchi transport vositasi shinalari uchun belgilangan me’yor kabidir.
5.2. Shinalarning ba’zi joylari shikastlangan yoki boshqa nuqsonlarga (kesilgan, yorilgan) ega bo‘lsa.
5.3. Qo‘shaloq shinalar orasiga xavf-xatar tug‘diruvchi begona jismlar qisilib, tiqilib qolgan bo‘lsa.
5.4. Shina o‘lchamlari yoki unga cheklangan og‘irlik transport vositasining turiga mos kelmasa.
5.5. Transport vositasining bitta o‘qiga diagonal va radial, shuningdek, har xil naqshli shinalar o‘rnatilgan bo‘lsa.
5.6. Shaharlararo qatnaydigan avtobusning oldingi o‘qiga naqshi qayta tiklangan shina, boshqa o‘qiga esa ikkinchi marta (2-darajali) ta’mirlash yo‘li bilan tiklangan shinalar o‘rnatilgan bo‘lsa.
5.7. Yengil aptomobillar va avtobuslarning (shaharlararo qatnaydigan avtobuslardan tashqari) oldingi o‘qiga ikkinchi marta (2-darajali) ta’mirlash yo‘li bilan tiklangan shinalar o‘rnatilgan bo‘lsa.
6. Yurgizgich (motor)
6.1. Ishlab chiqqan gazlar tarkibida zararli moddalar yoki tutash darajasi belgilangan me’yordan ortiq bo‘lsa.
6.2. Yonilg‘i uzatish tizimi zich (germetik) bo‘lmasa.
6.3. Radio to‘lqinlaridagi shovqinni so‘ndiruvchi moslamalar bo‘lmasa.
6.4. Ishlab chiqarilgai gazlarni chiqarib tashlash tizimi buzuq bo‘lsa.
6.5. DAN organlari ruxsatisiz yurgizgich tuzilishiga o‘zgartirish kiritilgan, boshqa turdagi yonilg‘ida ishlatish uchun qo‘shimcha moslama va jihozlar o‘rnatilgan bo‘lsa.
7. Transport vositasi tuzilishining bo‘lak qismlari
7.1. Transport vositasining tuzilishida ko‘zda tutilgan orqa tomonni ko‘rsatuvchi ko‘zgu bo‘lmasa.
7.2. Tovush moslamasi (signal) ishlamasa.
7.3. Transport vositasiga tevarak-atrof ko‘rinishini cheklangan qo‘shimcha narsalar, ko‘zgusimon, shuningdek, tegishli davlat standartlarida belgilangan me’yorlarni buzgan holda tayyorlangan tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar o‘rnatilgan bo‘lsa.
Izoh: 1. Yengil avtomobillarning oldingi ikki yoniga orqa tomon ko‘rinishini ta’minlaydigan tashqi ko‘zgu o‘rnatilgandagina orqa oynasiga parda o‘rnatishga ruxsat etiladi.
2. Transport vositalarining faqat orqa va yon oynalari yorug‘lik o‘tkazuvchanligini 70% dan kam bo‘lmaydigan qilib, davlat standarti talablarini buzmagan holda tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ga ruxsat etiladi. Avtomobillarning tom qismidagi lyuk oynasi bundan mustasno.
7.4. Tarkibida ko‘zda tugilgan yukxona, kabina eshiklari, qulflari, yuk platformasi bortlarining temir yopqichlari, yonilg‘i idishi va tsisternalar og‘zining qulflari, haydovchi o‘rindig‘i holatini sozlovchi moslama, falokat yuz bergan vaqtida chiqish joylari, eshiklarni ochish va yopish moslamasi, spidometrlar, haydab olib qochishga qarshi, oynani isituvchi va havo almashtirish moslamalari buzuq bo‘lsa yoki umuman bo‘lmasa.
7.5. Spidometr qurilmasi nosoz yoki tamg‘alanmagan (shaxsiy transport vositalari, mototsikl va mopedlardan tashqari) bo‘lsa.
7.6. Tarkibida ko‘zda tutilgan, o‘zi yurib ketganda xavfsizlikni ta’minlovchi orqa bufer, loy to‘sgich va sachratmagichlar bo‘lmasa.
7.7. Ressorlarning asosiy qatlami yoki markaziy bolti shikastlangan bo‘lsa.
7.8. Shatak tirkama bo‘g‘imining tortish-tirkash yoki tayanch-tirkash moslamasi hamda ko‘zda tutilgan ehtiyot (po‘lat arqon) zanjirlari nosoz bo‘lsa. Mototsikl bilan kajava ramasi mahkamlangan joyda lyuft (ramalar o‘rtasida oraliq, yoyilish) bo‘lsa.
7.9. Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan bo‘lsa:
avtobuslarda tibbiyot qutichasi (aptechka), favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalanadigan bolg‘acha, o‘t o‘chirgich, majburiy to‘xtaganini bildiruvchi belgi (miltillovchi qizil chiroq);
mikroavtobus, yuk va yengil avtomobillarda tibbiyot qutichasi (aptechka), o‘t o‘chirgich, majburiy to‘xtaganini bildiruvchi belgi (miltillovchi qizil chiroq);
ishlab chiqargan korxona tomonidan nazarda tutilmagan va belgilanmagan joyda antenna, sirena, ratsiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritgichlar va har xil bezaklar tegishli ruxsatsiz o‘rnatilsa;
to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgai yuk avtomobillarida va to‘la vazni 5 tonnadan ortiq bo‘lgan avtobuslarda tisarilishga qarshi tirgak (boshmoq);
avtopoyezdlar, tirkamalar, traktorlar, aravalar va boshqa o‘ziyurar mashinalarda tashqi yorug‘likni qaytaruvchi (qizil-oq rangli) xavfsizlik moslamalari;
kajavali mototsikllarda tibbiyot qutichasi, (falokat sababli to‘xtashga majbur bo‘lganini bildiruvchi belgi.
Izoh: Tibbiyot qutichasi o‘t o‘chirgich transport vositalarini ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan joyga mustahkam o‘rnatiladi. Agar transport vositasini konstruksiyasida bunday joyida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, tibbiyot qutichasi oson olinadigan joyga, o‘chirgich esa yengil avtomobillarning salonida yoki yukxonasida, avtobuslarda esa bitta o‘t o‘chirgich haydovchining kabinasida, ikkinchisi yo‘lovchilar salonida bo‘lishi kerak (mikroavtobuslarda bitta o‘t o‘chirgich haydovchiga qulay joyda o‘rnatiladi). Katta va o‘rta avtobuslar bundan tashqari favqulodda holatlarda avtobus oynasini sindirish uchun maxsus bolg‘achalar bilan (avtobus salonida) jihozlangan bo‘lishi lozim.
7.10. Maxsus transport vositalarida ko‘zda tutilgan chiroq-mayoqcha, navbatma-navbat chalinadigan maxsus tomonlar har va rangdor chizmalardan foydalanayotgan bo‘lsa.
7.11. Transport vositasida uni ishlab chiqargan korxona tomonidan ko‘zda tutilmagan boshqa nusxadagi yukxona (kuzov) qismlari o‘rnatilgan bo‘lsa.
7.12. Yukxona, kabina qismlari to‘la ta’mirlanmagan va bo‘yog‘i tashqi ko‘rinishini buzadigan hamda bir necha xil rangga bo‘yalgan bo‘lsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).
7.13. Ikki g‘ildirakli mototsikl tarkibida ko‘zda tutilgan xavfsizlik yoyi (duga) bo‘lmasa.
7.14. Mototsikl va mopedlarda ko‘zda tutilgan oyoq tiragich, egarida yo‘lovchi uchun ko‘ndalang tutqich o‘rnatilmagan bo‘lsa.
Izoh: Bir turdagi transport vositalarida buferlar, moldinglar, qoplamalar, g‘ildirak qopqoqlari va h.k.ni o‘zaro almashtirishga ruxsat etiladi.
7.15. Ilovada ko‘rsatilgan texnika talablariga Davlat namunalari bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Yo‘l harakati qoidalariga
4-ILOVA

“XAVFLILIK BELGILARI”

1‎

2‎

3‎

4‎

Portlovchi moddalar va 1.1, 1.2 va 1.3 kichik klasslar buyumlari

Portlovchi moddalar va 1.4 kichik klass buyumlari

Portlovchi moddalar va 1.5 kichik klass buyumlari

Portlovchi moddalar va 1.6 kichik klass buyumlari

5‎

6‎

7‎

8‎

Alangalanmaydigan, netoksik gazlar

Tez alangalanadigan gazlar va suyuqliklar

Tez alangalanadigan qattiq moddalar, o‘zi reaktiv moddalar va desensibilashgan portlovchi moddalar

O‘z-o‘zidan yonuvchi moddalar

9‎

10‎

11‎

12‎

Suv tekkanda tez alanganadigan gaz ajratuvchi moddalar

Oksidlovchi moddalar

Organik peroksidlar

Toksik moddalar

13‎

14‎

15‎

16‎

Infeksiyali moddalar

I toifali radioaktiv materiallar

II toifali radioaktiv materiallar

III toifali radioaktiv materiallar

17‎

18‎

Korroziyalanuvchi moddalar

Boshqa xavfli moddalar va buyumlar

AVTOTRANSPORT VOSITALARINING BELGILARI

‎** *‎
***‎
1‎ QURUQ MODDALAR QO‘LLANSIN, SUV QO‘LLANILMASIN!
2‎ KIChIK SUV OQIMLARI QO‘LLANSIN!
3‎ SOChMA SUV YOKI INGIChKA OQIM QO‘LLANSIN!
4‎ KO‘PIK QO‘LLANSIN!
5‎ OQOVA SUVGA MODDALAR TUShUShINING OLDI OLINSIN!
N‎ NAFAS OLISh APPARATI VA HIMOYALOVChI QO‘LQOPLAR QO‘LLANSIN!
YO‎ FAQAT YoNG‘IN ChIQQANDA NAFAS OLISh APPARATI VA HIMOYALOVChI QO‘LQOPLAR QO‘LLANSIN!
K‎ HIMOYALOVChI KIYIM-BOShLARNING TO‘LIQ TO‘PLAMI VA NAFAS OLISh APPARATI QO‘LLANSIN!
E‎ ODAMLAR EVAKUATSIYA QILINIShI ZARUR!
* — Yong‘in yoki modda sizib chiqqandagi shoshilinch choralar kodi.
** — Xavflilik belgisi.
*** — BMT tartib raqami.
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 7-8-son, 59-modda)
(O‘zbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari to‘plami, 2000-y., 12-son, 75-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 46-47-son, 459-modda; 2007-y., 9-10-son, 86-modda; 41-42-son, 419-modda; 2011-y., 7-8-son, 59-modda, 45-46-son, 470-modda; 2013-y., 41-son, 550-modda)