|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.08.2006
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ADABIYOT, SAN’AT VA ME’MORCHILIK SOHASIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUKOFOTLARI BERISH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 8-avgustdagi 168-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi davlat mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risida” 2006-yil 25-iyuldagi PF–3781–son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbek adabiyoti, san’ati va me’morchiligi rivojidagi ulkan yutuqlarni rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotlarini 1996-yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan, har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilinsin.
Alisher Navoiy nomidagi uchta Davlat mukofotlarining har biri 200 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilansin.
2. Adabiyot va san’at sohasida Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotlarini 1997-yildan boshlab. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan, har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilinsin.
Abdulla Qodiriy nomidagi uchta Davlat mukofotlarining har biri 80 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilansin.
Tasviriy va amaliy san’at, xalq hunarmandchiligi sohasida Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotlarini 1997-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilinsin.
Kamoliddin Behzod nomidagi uchta Davlat mukofotining har biri 80 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
3. Quyidagilar belgilansin
Oldingi tahrirga qarang.
a) Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod va Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotlarini berish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi;
(3-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
b) Davlat mukofotlari qo‘mitasining maqomi, tarkibi, vakolat muddati va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizom bilan belgilanadi.
4. Yangi tahrirda ilova qilinayotgan:
O‘zbekiston Respublikasining adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risidagi Nizom (1-ilova);
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining adabiyot va san’at sohasida Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risidagi Nizom (2-ilova);
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom (3-ilova);
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qo‘mita ishchi guruhining faoliyati uchun har yili respublika budjetidan tegishli mablag‘ ajratsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 6-fevraldagi 33-son va 1993-yil 10-maydagi 215-son qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat bo‘limiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 13-fevral,
58-son
O‘zbekiston Respublikasining Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti badiiy ijod sohasidagi eng oliy mukofotdir.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti O‘zbekiston Respublikasining madaniy hayotida katta voqea bo‘lgan, milliy qadriyatlar xazinasini boyitgan adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi eng yorqin va sermazmun asarlar uchun beriladi.
2. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga respublikada hamda chet ellarda e’lon qilingan, alohida kitob shaklida nashr qilingan, ommaviy ravishda ijro etilgan, ko‘rsatilgan va namoyish qilingan hamda keng jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan badiiy asarlar, san’at namunalari taqdim etiladi.
Hujjatlarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari Qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
3. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etilgan ishlar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, ijodiy uyushmalarning respublika miqyosidagi idoralari va xalqaro jamoat tashkilotlarining qarorlari asosida Qo‘mita tomonidan qabul qilinadi.
Mehnat jamoalari, ijodiy va ilmiy jamoalar yuqorida qayd etilgan tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotini olishga nomzod ko‘rsatish bo‘yicha takliflar kiritish, shuningdek, tavsiya etilgan ishlarga doir o‘z fikr mulohazalarini qo‘mitaga ma’lum qilish huquqiga egadirlar.
4. O‘zbekiston Respublikasining boshqa Davlat mukofotlariga ilgari sazovor bo‘lgan asarlar Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilmaydi.
5. Ishlarni Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etuvchi jamoa faqat ijodiy hissasi hal qiluvchi bo‘lgan asosiy mualliflarni ro‘yxatga kiritishi kerak. Ma’muriy, maslahatchilik va tashkiliy ishlarda qatnashgan shaxslar mukofot olishga talabgorlar ro‘yxatiga kiritilmaydi. Taqdim etilgan bir asar uchun mukofot olishga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi kerak.
6. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti O‘zbekiston adabiyoti, san’ati va me’morchiligi bilan bog‘liq bo‘lgan eng yaxshi ishlar uchun boshqa mamlakatlarning madaniyat arboblariga ham berilishi mumkin.
Chet ellik madaniyat arboblariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berilganda, ularning bu mukofotni olish uchun kelib ketishlari bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qo‘mita tomonidan belgilangan tartibda mablag‘ bilan qoplanadi.
7. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotlarini berish to‘g‘risidagi qaror Qo‘mita tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirokida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan qatnashchilarning uchdan ikki qismi ijobiy munosabat bildirganda qabul qilinadi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotlari alohida hollarda 1 yoki 2 asar uchun berilishi mumkin.
8. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotlariga tavsiya etilgan spektakllarni, musiqiy asarlarni, konsert dasturlarini, kino va telefilmlarni, tasviriy san’at asarlari va boshqa ishlarni ko‘rish hamda tinglashni tashkil etish manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.
Ko‘rsatilgan talablar tegishli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar tomonidan bajarilmaganda Qo‘mita ishlarni ko‘rib chiqishni rad etishi mumkin.
9. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlarga tantanali vaziyatda sovrindorlik yorliqlari va nishonlari topshiriladi. Mukofotning puli (agar ular bir ijodkordan ko‘p bo‘lsa) mualliflar jamoasi o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindorining faxriy nishoni ko‘krakning o‘ng tomoniga taqiladi.
10. Vafot etgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindorining (yoki vafotidan so‘ng mukofotlanganning) yorlig‘i va faxriy nishoni yodgorlik tariqasida uning oilasiga topshiriladi. Mukofotning puli O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunida nazarda tutilgan tartibda meros qilib beriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti takroran berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Adabiyot va san’at sohasida Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risida
(2-ilovaning nomlanishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasining Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti adabiyot va san’at sohasida yaratilgan milliy istiqlol g‘oyalarini erkin badiiy shakllarda aks ettirgan, O‘zbekistonning buyuk tarixini va hozirgi yuksalish jarayonlarini haqqoniy obrazlar orqali gavdalantirgan va keng jamoatchilik tomonidan tan olingan yetuk san’at asarlari uchun beriladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
2. Mukofotga so‘nggi to‘rt yil mobaynida yaratilgan, e’lon qilingan, alohida kitob shaklida nashr etilgan, ko‘rgazmaga qo‘yilgan, mamlakatimizda ommaviy ravishda nashr va ijro etilgan badiiy adabiyot, musiqa, teatr-sahna asarlari ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.
Hujjatlarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
3. Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etish to‘g‘risidagi qarorlar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, ijodiy uyushmalar, respublika va xalqaro jamoat tashkilotlari rahbar organlari tomonidan qabul qilinadi.
Mehnat jamoalari, ijodiy va ilmiy jamoalar yuqorida qayd etilgan tashkilotlarda ko‘rib chiqish uchun Abdulla Qodiriy nomidagi mukofotni olishga nomzod ko‘rsatish bo‘yicha taklif kiritish, shuningdek, tavsiya etilgan asarlar va ishlarga doir o‘z fikr-mulohazalarini qo‘mitaga ma’lum qilish huquqiga egadirlar.
4. O‘zbekiston Respublikasining boshqa Davlat mukofotiga ilgari sazovor bo‘lgan asarlar Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilmaydi.
5. Ishlarni Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etadigan jamoa faqat ijodiy hissasi hal qiluvchi bo‘lgan asosiy mualliflarni ro‘yxatga kiritishi kerak. Bir mukofotga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi lozim.
6. Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilgan spektakllarni, musiqa asarlarini, konsert dasturlarini, kino va telefilmlarni ko‘rish hamda tinglashni tashkil qilish, shuningdek, ularga zarur materiallarni o‘z vaqtida taqdim etish tegishli vazirliklar, kompaniyalar, ijodiy uyushmalar va boshqa manfaatdor tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan talablar bajarilmagan taqdirda Qo‘mita ishlarni ko‘rib chiqishni rad etishi mumkin.
(6-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
7. Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotini berishga doir takliflar to‘g‘risidagi qarorni Qo‘mita o‘z tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirokida, yashirin ovoz berish orqali ko‘pchilik ovoz bilan qabul qiladi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
8. O‘zbekiston Respublikasining Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan ijodkorlarga tantanali vaziyatda sovrindorlik yorliqlari va faxriy nishonlar topshiriladi.
Mukofotning puli (agar ular bir ijodkordan ko‘p bo‘lsa) mualliflar jamoasi o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi. Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori faxriy nishoni ko‘krakning o‘ng tomoniga taqiladi.
9. Vafot etgan Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti sovrindorining (yoki vafotidan so‘ng mukofotlanganning) yorlig‘i va faxriy nishoni yodgorlik tariqasida uning oilasiga topshiriladi. Mazkur mukofotning puli O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunida nazarda tutilgan tartibda meros qilib beriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasining Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti takroran berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qo‘mitasi (bundan keyin “Qo‘mita” deb ataladi) eng nufuzli adabiyot, san’at va me’morchilik arboblaridan, ijodiy uyushmalar va jamoatchilik tashkilotlari, idoralari hamda madaniyat muassasalarining taniqli vakillaridan tashkil topadi va uning tarkibi har to‘rt yilda uchdan ikki qismi yangilanishi nazarda tutilgan holda tasdiqlanadi. Mazkur qo‘mita a’zolari jamoatchilik asosida ishlaydilar
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qo‘mita ishiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan rais jamoatchilik asosida boshchilik qiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
3. Qo‘mita o‘z ishchi guruhiga ega bo‘ladi Qo‘mita raisining o‘rinbosari Qo‘mita raisi — tavsiyasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Qo‘mita raisi va uning o‘rinbosari o‘z xizmat lavozimiga ko‘ra qo‘mita tarkibiga kiradi.
(3-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
4. Qo‘mita raisi o‘rinbosari tibbiy va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qo‘mitalar raislari o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
5. Qo‘mitada Qo‘mita raisining o‘rinbosaridan tashqari, maosh to‘lanadigan mas’ul kotib va hisobchi o‘rinlari bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Qo‘mitaga adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida O‘zbekiston Respublikasining Alisher Navoiy nomidagi, Kamoliddin Behzod nomidagi va Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotlarini olish bo‘yicha takliflarni ushbu mukofotlar to‘g‘risidagi Nizomlarga qat’iy muvofiq holda ko‘rib chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni uchun zarur bo‘lgan takliflarni tayyorlashga doir barcha ishlar yuklanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)
7. Qo‘mita:
a) Davlat mukofotlariga tavsiya etilgan ishlarni, shuningdek, mukofotlar to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq keladigan zarur hujjatlarni qabul qiladi;
b) ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan ishlar ro‘yxatini, ularning mualliflarini hamda tavsiya etgan tashkilotlarni ko‘rsatgan holda, mukofotlar berilishidan besh oy oldin respublika ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi;
v) Davlat mukofotlariga tavsiya etilgan ishlarning jamoatchilik tomonidan keng va oshkora muhokama qilinishini tashkil etadi, ularning jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan xolisona baholanishiga ko‘maklashadi;
g) Davlat mukofotlari yuzasidan tushgan takliflarni ko‘rib chiqib, ular haqidagi asoslangan tavsiyalarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
d) tanlovga qo‘yilgan ishlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganadi, mutaxassislar va ekspert komissiyalari tavsiyalari bilan yaqindan tanishadi va xulosalar beradi, mukofotlarni berish to‘g‘risidagi takliflar asosida qarorlar qabul qiladi, qarorlarni Vazirlar Mahkamasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rib chiqishi uchun taqdim etadi;
e) Davlat mukofotlari laureati yorliqlarini, faxriy nishonlarni rasmiylashtiradi hamda ularni topshirishni tashkil etadi, shuningdek, mukofotlar pulini to‘lashni amalga oshiradi;
j) Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qo‘mitasi huzuridagi Alisher Navoiy jamg‘armasi ishiga rahbarlik qiladi.
8. Qo‘mitaga quyidagi huquqlar beriladi:
a) Davlat mukofotlariga taqdim etilgan ishlarni oldindan ko‘rib chiqish, ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun pul to‘lash yo‘li bilan mutaxassis-ekspertlarni taklif etish;
b) Davlat mukofotlarini olishga taqdim etilgan ishlarni ilmiy, ijodiy va davlat tashkilotlariga ekspertlarning ko‘rib chiqishi uchun yuborish;
v) mukofotlarga taqdim etilgan ishlar, shuningdek, ularning mualliflari ijodi bilan joyning o‘zida tanishish uchun Qo‘mita a’zolarini, ekspertlar yoki ekspert komissiyalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga yuborish;
g) Qo‘mita a’zolari va taklif qilingan ekspertlarning xizmat safarlari xarajatlarini to‘lash;
d) Davlat mukofotlariga taqdim etilgan ishlar ro‘yxatini va Qo‘mitaning boshqa hujjatlarini e’lon qilish masalalari yuzasidan matbuot, radio va televideniye, ijodiy, ilmiy va boshqa muassasalarga murojaat qilish.
9 Davlat mukofotiga Qo‘mita a’zosining ishi tavsiya etilgan bo‘lsa, bunday holda u Qo‘mitada mazkur ish ko‘rib chiqilayotgan majlislarda qatnashmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qo‘mita ishchi guruhi o‘z kundalik ish faoliyatini pul — moliya boshqaruvchisi bo‘lmish tashkiliy ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari boshchiligida amalga oshiradi. Qo‘mitaning O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan muhri va bank muassasalarida hisob raqami bo‘ladi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-sonli qarori tahririda)