Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2019
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2019-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 16-yanvardagi PF-5303-son Farmonini ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator bilan birgalikda ikki oy muddatda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga import qilishni tashkil etish maqsadida davlat xaridlarining maxsus axborot portali ishga tushirilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlov tashkilotlari tomonidan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi belgilaydigan hajmlarda Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga raqobat asosida xarid qilinishini tashkil etish uchun ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga jahon bozoridagi narxlar konyunkturasining doimiy monitoringini olib borsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-iyul,
596-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 596-son qaroriga
ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari mahalliy tayyorlov tashkilotlari tomonidan Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari hisobiga xarid qilinishi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Respublika komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta’minlashga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi;
hududiy komissiyalar — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta’minlashga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalar;
ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari — aholi iste’molining asosiy ratsionini tashkil qiladigan, ular bo‘yicha ichki bozorda talab va takliflarning mavsumiy hamda boshqa keskin o‘zgarishlari kuzatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda, go‘sht (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti), o‘simlik va hayvon yog‘i, shakar, g‘alla, un, kartoshka, sabzi, boshpiyoz va ro‘yxati Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari;
Tayyorlov tashkilotlari reyestri — ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun omborxonalarga hamda ularni Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilish uchun savdo shoxobchalariga ega bo‘lgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi, tayyorlovchi, g‘amlovchi, saqlovchi va sotuvchi tashkilotlar reyestri;
tayyorlov tashkilotlari — Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritilgan va ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qiluvchi, tayyorlovchi, g‘amlovchi, saqlovchi va sotuvchi tashkilotlar;
buyurtmachi — ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qiluvchi tayyorlov tashkiloti;
yetkazib beruvchi — xaridlarni amalga oshirishga talabgor sifatida xarid tartibotida ishtirok etuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti va norezidenti bo‘lgan xarid tartibotlari ishtirokchisi. Xarid tartibotlari yakunlari bo‘yicha g‘olib deb topilgan va u bilan xaridlarni amalga oshirishga shartnoma tuzilgan ishtirokchi;
Jamg‘arma — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus jamg‘armasi shaklida tashkil etiladigan va o‘z faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiradigan hamda mablag‘laridan faqat Respublika komissiyasining qarorlari asosida foydalaniladigan Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta’minlashga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq).
3. Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, ichki bozorda, birinchi navbatda, muhim turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari uchun talab va takliflarning mavsumiy va boshqa keskin o‘zgarib turishini yumshatish maqsadida amalga oshiriladi.
2-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda ishtirok etish uchun Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish tartibi
4. Ichki bozordagi talab va takliflarning mavsumiy va boshqa keskin o‘zgarib turishiga nisbatan tezkor choralar ko‘rish uchun Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilish bo‘yicha tayyorlov tashkilotlarining muntazam yangilab boriladigan reyestri Respublika komissiyasi tomonidan oldindan shakllantiriladi.
5. Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish va tizimli ravishda yuritish hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etiladigan materiallar asosida Respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Tayyorlov tashkilotlari reyestri hududiy komissiyalar takliflari hisobga olingan holda har oyda joriy oyning 5-kunigacha yangilanadi.
6. Respublika komissiyasi Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish uchun har yili yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida va xarid.uz davlat xaridlari axborot portalida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari xaridida ishtirok etishga Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritish uchun tayyorlov tashkilotini tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtiradi.
Tayyorlov tashkilotlarini tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon tanlov o‘tkazilishi va tayyorlov tashkilotlaridan takliflarni qabul qilish muddati tamom bo‘lishi sanasidan kamida o‘n kun oldin joylashtiriladi.
E’londa quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
tovarning batafsil tavsifi va narxi;
tayyorlov tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar;
tayyorlov tashkiloti bilan aloqa qilish uchun aloqa qiluvchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir necha mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi va manzili;
zarur hujjatlarning qoidalarini tushuntirishga so‘rov berish shakli;
takliflar bildirilgan buyurtmanomalarni berish muddati tamom bo‘lishi sanasi va vaqti.
E’londa qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa ma’lumotlar ham bo‘lishi mumkin.
7. Tayyorlov tashkilotlari Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritish maqsadida tayyorlov tashkilotlarini tanlash bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun hududiy komissiyalarga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Respublika komissiyasi tasdiqlagan shakldagi ariza;
hisob-kitob raqami holati to‘g‘risida ma’lumotnoma;
ulgurji savdoni amalga oshirish huquqiga litsenziya mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot;
talabgorda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli ravishda saqlash va sotish uchun o‘zining yoki ijaraga olingan omborxonalari hamda savdo shoxobchalarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
shartnomalarni ijro etish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslar mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘liqligi uchun tayyorlov tashkilotlari javob beradi.
Takliflar bildirilgan buyurtmanomalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilingan e’londa ko‘rsatilgan muddat boshlangandan keyin to‘xtatiladi.
8. Oziq-ovqat mahsulotlari xaridlarida ishtirok etish uchun tayyorlov tashkilotlarining takliflarini hududiy komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqish va baholash muddati takliflar berish tamom bo‘lgan paytdan boshlab uch kundan ortiq bo‘lmasligi kerak.
9. Tayyorlov tashkilotlarining takliflarini ko‘rib chiqish va baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
shartnomalarni ijro etish uchun talabgorda zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslarning mavjudligi;
talabgorda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha qarzdorlikning yo‘qligi;
talabgorda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli ravishda saqlash va sotish uchun o‘zining omborxonalari yoki ijaraga olingan omborlar hamda savdo shoxobchalarining mavjudligi.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan mezonlar hisobga olingan holda shartnomalarni ijro etish uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni taklif etgan tayyorlov tashkiloti g‘olib deb e’tirof etiladi.
Bir necha tayyorlov tashkilotlaridan teng qiymatli takliflar tushgan taqdirda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari xaridlarida ishtirok etish uchun birinchi bo‘lib ariza bergan tayyorlov tashkilotiga ustunlik beriladi.
Takliflarni ko‘rib chiqish va baholash natijalari hududiy komissiyaning bayonnomasida qayd etiladi.
Takliflarni ko‘rib chiqish va baholash bayonnomasida:
tayyorlov tashkilotlarining takliflarini ko‘rib chiqish va baholash sanasi va vaqti;
takliflarni ko‘rib chiqish va baholashda qatnashgan hududiy komissiya a’zolari va tayyorlov tashkilotlarining vakolatli vakillari tarkibi;
takliflari ko‘rib chiqilgan tayyorlov tashkilotlari ro‘yxati;
rad etishning aniq sabablari ko‘rsatilgan holda takliflari rad etilgan tayyorlov tashkilotlari ro‘yxati;
tayyorlov tashkilotlarini tanlash bo‘yicha qabul qilingan qaror;
tanlab olingan tayyorlov tashkilotlarining to‘liq nomi, joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Takliflarni ko‘rib chiqish va baholash bayonnomasi hududiy komissiyaning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi va undan ko‘chirma u imzolangan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida maxsus axborot veb-portalida e’lon qilinadi.
Tayyorlov tashkilotlari takliflarni ko‘rib chiqish va baholash bayonnomasi e’lon qilingandan keyin tegishli hududiy komissiyaga tanlov natijalari bo‘yicha tushuntirish berish to‘g‘risidagi so‘rovni yuborish huquqiga egadirlar. Bunday so‘rov tushgan sanadan boshlab uch ish kuni mobaynida hududiy komissiya tayyorlov tashkilotiga o‘z tanlovi asoslangan tegishli tushuntirishni taqdim etishi shart.
10. Baholash yakunlari bo‘yicha hududiy komissiya uch kun mobaynida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va sotish bo‘yicha tayyorlov tashkilotlari ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi hamda uni Respublika komissiyasiga taqdim etadi.
11. Respublika komissiyasi hududiy komissiyalarning takliflari asosida ikki kun mobaynida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi va sotuvchi Tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantiradi.
Tayyorlov tashkiloti tanlov natijalari bo‘yicha hududiy yoki respublika komissiyalarining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda hududiy yoki respublika komissiyalarining qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
3-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish tartibi
12. Hududiy komissiyalar ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi va kutilayotgan narxlari monitoringini olib borish doirasida har kuni ichki bozordagi narxlarning joriy holatini hamda omborxonalarda saqlanayotgan va savdo tashkilotlaridagi (savdo shoxobchalaridagi) mahsulotlar qoldig‘ini o‘rganadilar. Monitoring natijalariga ko‘ra Respublika komissiyasiga kelgusi davr uchun ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga prognoz qilinayotgan narxlar va ehtiyoj bo‘yicha asoslangan takliflarni har o‘n kunda taqdim etadi, ichki va tashqi bozorlarda ularni xarid qilish ro‘yxati va hajmlarini belgilaydi.
13. Respublika komissiyasi kelgusi davrga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining prognozlashtirilayotgan narxlari va ularga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha hududiy komissiyalarning takliflari olingandan keyin ikki kun mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligiga import kontraktlar bo‘yicha xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini taqdim etadi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati olingan kundan boshlab uch kun mobaynida Respublika komissiyasiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga import kontraktlar bo‘yicha yetkazib berishga narxlar bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Jahon bozorida tovarlar narxlari konyunkturasini o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan:
boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan yoki mahalliy eksport qiluvchi korxonalardan yozma shaklda olingan shunga o‘xshash mahsulotlar narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
rasmiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eksport qilinadigan mahsulotga jahon narxlari darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
tovar-xomashyo birjalari, turli agentliklar, konsalting tashkilotlari, maxsus vakolatli organlardan va jahon narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va e’lon qilish bilan shug‘ullanuvchi boshqa yuridik shaxslardan yozma shaklda olingan xulosalar yoki ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
15. Respublika komissiyasi hududiy komissiyalar rahbarlari taqdim etgan narxlar va hajmlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tavsiyalarini hisobga olib Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini ushbu mahsulotlar hajmlari va xarid qilish bozorlarini (ichki va tashqi) ko‘rsatgan holda tasdiqlaydi, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining rejalashtirilayotgan xaridi to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida va xarid.uz davlat xaridlari axborot portalida joylashtiradi.
4-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish tartibi
16. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha xarid qilinadi.
17. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilinadi.
Ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qish-bahor davriga g‘amlash uchun yetkazib beruvchilar va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar) asosida xarid qilinadi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qish-bahor davriga g‘amlash uchun dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3418-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tashkilotlari tomonidan dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq xarid qilinadi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga faqat tovar-xomashyo birjalari, shu jumladan, xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolari tizimi orqali import qilinadi.
18. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun Jamg‘arma mablag‘lari tayyorlov tashkilotlari va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish asosida hamda ushbu shartnomalarda qarzni qoplash jadvallari va tayyorlov tashkilotlariga xizmat ko‘rsatuvchi banklarning qarzni qaytarish bo‘yicha kafolatlari nazarda tutilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan foizsiz qarz shaklida ajratiladi.
Bunda ichki yetkazib beruvchilar uchun to‘lovlar milliy valyutada, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda esa AQSh dollarida to‘lanadi.
19. Qarzlar Jamg‘armaga tayyorlov tashkilotlari tomonidan foizsiz qarz ajratish to‘g‘risidagi uch tomonlama shartnomalarning ajralmas qismi hisoblangan o‘zaro kelishilgan jadvallarga muvofiq qaytariladi. Qoplash jadvallarida, qoidaga ko‘ra, xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun ruxsatnoma olingan sanadan boshlab 30 kun mobaynida qarzni qoplash nazarda tutilishi kerak.
Valyutadagi qarz O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qarzni qaytarish sanasidagi kursi bo‘yicha milliy valyutada qaytariladi.
5-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolar tizimi orqali xarid qilish tartibi
20. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolar tizimi orqali xarid qilish davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun belgilangan qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarini yetkazib berishga mahalliy tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida takliflar bo‘lmagan taqdirda buyurtmachi ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolarida sotib olish huquqiga egadir.
6-bob. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini sotish tartibi
22. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlov tashkilotlari tomonidan ichki bozordagi narxlar konyunkturasi hisobga olingan holda Respublika komissiyasi belgilaydigan narxlar bo‘yicha sotiladi.
23. Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari faqat Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritilgan savdo shoxobchalarida sotiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Jamg‘armaga mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarish bo‘yicha javobgarlik foizsiz qarz bo‘yicha tuzilgan shartnomalar shartlariga muvofiq tegishli tayyorlov tashkilotlariga yuklanadi.
25. Tayyorlov tashkilotlari foizsiz qarz ajratish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga muvofiq Jamg‘armaning maqsadli mablag‘larini qaytarish bilan bog‘liq o‘z majburiyatlarini bajarmaganda yoki tegishli ravishda bajarmaganda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarzdorlarning barcha bank hisob raqamlaridagi mablag‘lari hisobiga qarzlarni va penyani hisobdan chiqarish uchun ustuvor huquq beriladi, qonunchilikka muvofiq da’vo taqdim etish mumkin bo‘lmagan qarzdorlar bundan mustasno. Bunda tayyorlov tashkilotlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq asosiy hisob-kitob raqamiga inkassa talablari qo‘yiladi.
26. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi Jamg‘armaning ajratilgan mablag‘laridan qat’iy maqsadli foydalanish belgilangan tartibda nazorat qilinishini ta’minlaydi.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilish
SXEMASI

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


Respublika komissiyasi

Tayyorlov tashkilotlarining reyestrini hududiy komissiyalar taqdim etadigan materiallar asosida shakllantirish va tizimli ravishda yuritish.

Har yili, yanvar oyida


Hududiy komissiyalar

1. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga amaldagi va kutilayotgan narxlar monitoringini olib borish.

2. Respublika komissiyasiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini hamda ularni ichki va tashqi bozorlarda xarid qilish hajmlarini belgilagan holda ushbu mah�ulotlar uchun prognoz qilinadigan narxlar va ehtiyoj bo‘yicha asoslangan takliflarni taqdim etish.

Har kuni

Keyingi o‘n kunlikning birinchi kunida har o‘n kunda


Respublika komissiyasi

Tashqi savdo vazirligiga import kontraktlar bo‘yicha xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini taqdim etish.

Ikki kun mobaynida


Tashqi savdo vazirligi

Respublika komissiyasiga Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga import kontraktlar asosida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish narxlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etish.

Ro‘yxat olingan kundan boshlab uch kun mobaynida


Respublika komissiyasi

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini ushbu mahsulotlar hajmlari va xarid qilish bozorlarini (ichki va tashqi) hamda tayyorlov tashkilotlarini hududlar bo‘yicha ko‘rsatgan holda tasdiqlash.

3 kun mobaynida


Moliya vazirligi, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari, tayyorlov tashkilotlari

1. Etkazib beriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari to‘lovi uchun foizsiz qarz ajratish to‘g‘risidagi uch tomonlama shartnomalarni tuzish.

2. Xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankida tayyorlov tashkilotlariga maxsus hisob raqamlari ochish.

3. Etkazib beruvchi va tayyorlov tashkiloti o‘rtasida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan summada Jamg‘armadan tayyorlov tashkilotining maxsus hisob raqamiga Moliya vazirligi tomonidan mablag‘lar yo‘naltirish.

Shartnomalar tuzilgandan keyin uch kun mobaynida


Tayyorlov tashkilotlari,

Tovar-xomashyo

birjasi

1. Birjada kliring ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olish.

2. Elektron tizimda belgilangan muddatlarda xarid qilish jadvalining rejasi va har bir xarid uchun buyurtmanomani joylashtirish.

Xaridlardan oldingi oyning 25-kunidan kechikmay


Tayyorlov tashkilotlari

1. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, import kontraktlar bo‘yicha xarid qilish.

2. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini faqat ro‘yxati hududiy komissiyalar tomonidan tasdiqlangan savdo tashkilotlari (savdo shoxobchalar) orqali sotish.

3. Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlarini omborxonalar va savdo tashkilotlarida (savdo shoxobchalarida) saqlash.

Aholi ehtiyojlariga muvofiq



Jadvallarga muvofiq

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 09/18/596/1599-son)